cleaned_text
stringlengths
1
200k
category
stringclasses
7 values
Har yili, AQSh hukumati "Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV" dasturi (Green Card) doirasida 50 ming ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi . Vizalar so'nggi besh yil ichidagi AQShga immigratsiya ko'rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi. Bunda AQShga immigratsiya ko'rsatkichlari past bo'lgan hududlarga ko'proq viza miqdori belgilanadi. O'zbekiston fuqarolari ushbu dasturda qatnasha oladi. Green Card dasturiga onlayn anketa qanday to'ldiriladi? Green Card anketasi uchun fotosuratlar bo'yicha talablar qanday? Green Card natijalarini qayerda va qanday tekshirsa bo'ladi? "Gazeta.uz" AQSh Davlat departamentining rasmiy yo'riqnomasiga asoslangan holda, Green Card dasturiga onlayn ariza topshirish bo'yicha qo'llanmani taqdim etadi. Ariza topshiruvchilar AQShning 12 yillik ta'lim tizimiga mos keluvchi boshlang'ich va o'rta ta'limni bitirgan bo'lishlari lozim. O'zbekiston uchun bu umumta'lim maktablarida 11-sinfni bitirganlar yoki litsey va kollej bitiruvchilari hisoblanadi. Yoki ariza topshirmoqchi bo'lgan shaxs so'nggi besh yil ichida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo'lishi lozim. Ushbu dasturda qatnashmoqchi bo'lganlar o'z arizalarini 2021 yil 6 oktabr Toshkent vaqti bilan soat 21:00 dan boshlab 2021 yil 9 noyabr kechki soat 21:00 gacha yuborishlari mumkin. Arizalarni topshirish uchun ro'yxatga olishning oxirgi haftasigacha kutmaslik tavsiya etiladi, chunki katta yuklama sababli dastur sayti sekin ishlashi mumkin. Arizalarni faqat onlayn tarzda topshirish mumkin. Qog'ozda yuborilgan, to'liq to'ldirilmagan yoki belgilangan muddatdan keyin yuklangan arizalar qabul qilinmaydi. Har bir kishi bir mavsumda faqatgina bir marotaba ariza topshirishi mumkin. Bir marotabadan ko'p ariza topshirganlar dasturdan chetlatiladi. Dasturda qatnashish uchun arizani to'ldirish bepul . Ko'plab kompaniyalar boshqa vositachilar to'lov evaziga Green Card lotereyasining anketasini to'ldirish uchun aholiga yordamlarini taklif etishadi. AQSh elchixonasi O'zbekiston fuqarolariga bunday firmalarga murojaat etayotganda ehtiyot bo'lish kerakligini eslatib o'tadi. Ularning birontasi ham elchixona bilan bog'liq emas. Bunday vositachilar xizmatidan foydalanish Green Card lotereyasida g'olib bo'lish ehtimolligini umuman oshirmaydi. AQSh davlat departamenti arizalarni har kim o'zi topshirishini maslahat beradi. Agar kimdir sizga yordam beradigan bo'lsa, arizani to'ldirish jarayonida o'zingiz ham bo'lishingiz tavsiya qilinadi. Shunda savollarga javoblar to'g'ri bo'lishini ta'minlash mumkin. Bundan tashqari, ariza yuborilgach, siz shaxsiy tasdiqlash raqamingizni yuklab olishingiz yoki qog'ozga chiqarib olishingiz kerak bo'ladi. U orqali keyinchalik ariza natijasini tekshirish mumkin bo'ladi. Arizani to'ldirganda internet brauzerlarning yangi versiyalaridan foydalanish ma'qulroq, eski brauzerlar (masalan Internet Explorer 8) ishlatilganda onlayn tizimda muammolarga duch kelishi mumkin. Tavsiya: Arizada ko'rsatishingiz kerak bo'lgan ma'lumotlarni oldindan Word faylida tayyorlab qo'ysangiz, dastur saytida ma'lumotlarni kiritish osonroq kechishi mumkin. Dastur sahifasiga ma'lumotlarni kiritish uzoq vaqt oladigan bo'lsa, ma'lumotlarni qaytadan kiritishga to'g'ri kelishi mumkin. Green Card dasturida ishtirok etish uchun arizani AQSh Davlat departamentining rasmiy sayti orqali to'ldirish mumkin: dvprogram.state.gov . Dastur saytining asosiy sahifasida "Begin Entry" ustiga bosib, ariza to'ldirish sahifasiga o'tiladi. Keyingi sahifada ekranda avtorizatsiya uchun maxsus kod taqdim etiladi va uni xatoliklarsiz kiritish kerak bo'ladi. Shundan so'ng, ariza to'ldirish uchun asosiy sahifaga o'tiladi. Birinchi bo'limda ariza to'ldiruvchining shaxsiy ma'lumotlari : ismi, familiyasi, jinsi, tug'ilgan vaqti, joyi va mamlakati kiritiladi. Muhim: O'zbekiston fuqarolari ariza to'ldirishning "Middle Name" satrlarini bo'sh qoldirishlari va "No Middle Name" tugmasini bosishlari kerak bo'ladi. O'zbekiston fuqarolik pasportida ko'rsatilgan "Otasining ismi" ma'lumotlari "Middle Name"ga kirmaydi. Shuningdek, viza dasturida qatnashish uchun qaysi mamlakatdan ariza topshirilayotganini ham ko'rsatish kerak bo'ladi. Ko'p holatlarda tug'ilish mamlakati bilan ariza topshirish mamlakati bir xil bo'ladi. O'zbekistonda tug'ilganlar tug'ilgan mamlakat bo'yicha topshirayotganlarini tanlash uchun "Yes" (ha)ni tanlashlari kerak. Boshqa mamlakatda tug'ilgan, lekin O'zbekistondan ariza berayotganlar "No" (yo'q)ni tanlab, mamlakatlar orasida O'zbekistonni tanlashlari lozim. Navbatdagi bo'limda xorijga chiqish pasporti ma'lumotlarini kiritish kerak bo'ladi: ism, familiya, pasport seriyasi va raqami, amal qilish muddati va qaysi mamlakat tomonidan berilganligi. Ushbu bo'limda pasport ma'lumotlarini faqatgina quyidagi shaxslar taqdim etolmasligi mumkin: fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, pasport ololmaydigan kommunistik davlat fuqarolari va pasport ololmaydigan fuqarolar. Agarda, ushbu bandlardan biri noto'g'ri belgilangan bo'lsa, ariza topshiruvchi dasturdan chetlatiladi. Xorijga chiqish pasporti ma'lumotlarini kiritadiganlar "B" bandini bo'sh qoldirishlari kerak. Muhim: Ushbu bo'limda faqat xorijga chiqish pasporti ma'lumotlarini kiritish kerak bo'ladi. Xorijga chiqish pasporti bo'lmaganlar ariza topshirolmaydi, fuqarolik pasportining ma'lumotlarini kiritganlar keyinchalik viza ololmasliklari mumkin. Keyingi bo'limda ariza topshiruvchining surati yuklanadi. Bunda "Choose New Photo" tugmasini bosib, oldindan tayyorlangan va kompyuterga yuklangan suratni tanlash kerak bo'ladi. Ushbu dastur uchun yuklanadigan surat so'nggi 6 oy ichida olingan bo'lishi kerak. Ariza topshiruvchi suratga tushib, uning raqamli nusxasini olishi yoki yaqinda tushgan suratining skanerini ham yuklashi mumkin. Fotosuratga qat'iy talablar qo'yilgan va ushbu talablarga javob bermaydigan arizalar dasturdan chetlatiladi. Muhim: eski suratini, oldingi arizada yuklagan suratini va ishlov berilgan suratlarni yuklagan shaxslarning arizasi tanlov shartlariga javob bermaydi. Fotosurat hajmi 245 kb dan yuqori bo'lmasligi va JPEG formatda bo'lishi lozim. Surat tiniq va ranglari tabiiy, suratdagi shaxsning teri ranglari haqiqiyligicha ko'ringan va soyalarsiz bo'lishi lozim. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Suratga tushgan shaxsda hech qanday ko'zoynaklar bo'lmasligi kerak. Kundalik hayotda ham ko'zoynak bilan yursangiz, surat uchun ko'zoynakni yechishga to'g'ri keladi. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Shaxsning boshi surat markazida va to'g'ri hajmda bo'lishi lozim. Suratning parametrlari: 2"x2″ (51×51 mm), arizachining boshi markazda va 1″ va 1.4″ (25 va 35 mm) oralig'ida joylashgan bo'lishi lozim. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Surat aniq va ravshan bo'lishi, hech qanday piksellar yoki printer nuqtalari ko'rinmasligi shart. Suratga olishdan oldin kameraning fokusi shaxsga qaratilganligini tekshirish lozim. Suratning parametrlari ham to'g'ri bo'lishi kerak. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Original suratga o'zgartirishlar kiritmaslik kerak: suratning orqa fonini o'zgartirish, suratni cho'zish yoki kichraytirish, "qizil ko'zlarni" o'zgartirish mumkin emas. "Qizil ko'z"li suratlarni qaytadan olish lozim. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Ariza topshiruvchi kameraga to'g'ri qarab turishi, neytral yuz ifodasida bo'lishi (tabiiy tabassum bo'lishi mumkin) va uning ko'zlari aniq ko'rinishi kerak. Ariza topshiruvchining ko'zlari yopiq yoki boshqa tomonga qaragan bo'lsa, boshi oldinga, orqaga yoki yon tomonga og'gan bo'lsa, suratni qaytadan olish kerak bo'ladi. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Ariza topshiruvchining yuzi to'liq ko'ringan bo'lishi lozim. Soyalar, soch, buyum yoki kiyimlar suratdagi shaxsning yuzining biror qismini yashirmasligi kerak. Suratga bosh kiyim bilan tushish mumkin emas, faqatgina diniy yoki tibbiy maqsadlarda (tibbiy bosh kiyim bo'lsa, yozma murojaat bo'lishi lozim) bo'lgan bosh kiyimlar bundan mutasno. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Suratning orqa foni bir tekis, oddiy va oq yoki qaymoq rangda, soyalardan xoli bo'lishi shart. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Bolalarni suratga olganda ularning orqasida hech kim bo'lmasligi lozim. Ular ko'zlari ochiq holda kameraga qarab turishlari kerak. Yangi tug'ilgan chaqaloqlarning ko'zlari to'liq yoki qisman yopiq bo'lishiga ruxsat etiladi. Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar. Fotosuratlar bo'yicha barcha talablarni AQSh Davlat departamentining rasmiy saytida ham ko'rishingiz mumkin ( ingliz tilida ). Fotosuratni yuklab bo'lgandan keyin, navbatdagi bo'limga o'tish mumkin. Bunda siz o'z yashash manzilingiz bo'yicha ma'lumotlarni kiritishingiz kerak bo'ladi: ko'cha nomi va uy raqami, shahar, tuman, pochta indeksi va mamlakat. Undan keyin hozirda yashayotgan mamlakatingiz va telefon raqamingizni ko'rsatish kerak bo'ladi. Keyin doimiy ishlatadigan elektron pochta manzilingizni va ta'lim darajingizni ko'rsating. Shundan so'ng oilaviy ahvolingiz haqidagi ma'lumotlarni ko'rsatishingiz kerak bo'ladi. Agarda siz turmush qurmagan bo'lsangiz va farzandlaringiz bo'lmasa, buni ko'rsatib, keyingi sahifaga o'tishingiz mumkin. Agarda siz turmush qurgan bo'lsangiz, unda turmush o'rtog'ingiz (ya'ni er yoki rafiqa) va 21 yoshga to'lmagan, hayot va turmush qurmagan farzandlaringiz soni haqidagi qo'shimcha ma'lumotlarni ham arizada ko'rsatishingiz kerak bo'ladi. Turmush o'rtog'i bilan birga yashamaydigan, lekin ajrashmaganlar turmush o'rtoqlarining ham ma'lumotlarini ko'rsatishlari shart, aks holda ariza dasturdan chetlatiladi. Murojaatchilarning allaqachon AQSh fuqarosi yoki qonuniy doimiy rezidenti bo'lgan turmush o'rtog'i yoki farzandlarini anketaga kiritish talab qilinmaydi. Keyingi sahifada turmush o'rtog'ingiz va farzandlaringizning shaxsiy ma'lumotlari ( ismi, familiyasi, jinsi, tug'ilgan vaqti va mamlakati ) hamda suratlarini kiritish kerak bo'ladi. Muhim: Ushbu arizada ariza topshirilgan kuni 21 yoshga to'lmagan va turmush qurmagan barcha farzandlaringizning ma'lumotlarini ko'rsatish shart. Bunda, ushbu farzandlaringiz siz (asosiy murojaatchi) bilan yashamasa yoki kelajakda AQShga ko'chib o'tish niyatida bo'lmasa ham, ularning ma'lumotlarini ko'rsatish kerak bo'ladi. Shuningdek, qonunan asrab olingan va turmush o'rtog'ingizning boshqa turmushidan bo'lgan farzandlaringiz bo'lsa, ularni ham ko'rsatishingiz kerak. Oila a'zolaringizning suratlarini joylashtirganda ham yuqorida fotosuratlar bo'yicha keltirilgan talablarga rioya qiling. Viza dasturining natijalari e'lon qilingan paytda farzandingiz 21 yoshga to'lib qolsa ham, u viza uchun ariza topshirishi mumkin bo'ladi. Faqatgina Green Card dasturiga ariza topshirgan vaqtda u 21 yoshdan kichik bo'lishi lozim. Agar barcha amaldagi oila a'zolaringiz haqidagi ma'lumotlarni ko'rsatmasangiz, unda viza dasturidan chetlatilasiz. Barcha ma'lumotlarni to'ldirib, keyingi sahifaga o'tish uchun sahifa pastidagi "Continue" tugmasini bosing. Keyingi sahifada siz arizada kiritilgan ma'lumotlarning to'g'riligini tekshirib chiqishingiz kerak. Agarda arizani yuborishdan oldin qaysidir sahifadagi ma'lumotni o'zgartirmoqchi bo'lsangiz, unda ortga o'tib, ma'lumotlarni tahrirlashingiz mumkin. Barcha ma'lumotlar to'g'riligiga ishonch hosil qilgach, sahifaning oxirida "Submit" tugmasini bosing va arizani yuboring. Shundan so'ng, keyingi sahifada sizning arizangiz qabul qilinganligi to'g'risida ma'lumot chiqadi. Ushbu ma'lumotlarni qog'ozda chiqarish yoki raqamli nusxasini olish orqali saqlab oling va ushbu ma'lumotlarni yo'qotmaslikka harakat qiling. Muhim: Arizangiz qabul qilinganligini tasdiqlovchi sahifada "Confirmation Number" (tasdiqlash raqami — tahr.) to'g'risida ko'rsatilgan ma'lumot juda muhim hisoblanadi. U orqali siz viza dasturi natijalari chiqqach arizangiz bo'yicha javobni tekshirishingiz mumkin. Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. 2022 yil 8 maydan boshlab ushbu mavsumda viza dasturiga ariza topshirganlar o'z natijalarini tekshirishlari mumkin bo'ladi. Buning uchun, dvprogram.state.gov saytiga kirib "Entrant Status Check" bo'limida "Check Status" tugmasini bosish kerak. Natijalarni tekshirish sahifasiga o'tib, "Continue" tugmasini bosing. Keyingi sahifada natijalarni tekshirish uchun ariza topshirganda sizga biriktirilgan 16 belgili tasdiqlash raqami, familiya va tug'ilgan yil haqidagi ma'lumotlarni kiritish kerak bo'ladi. Barcha ma'lumotlarni to'g'ri kiritganingizga ishonch hosil qilgach, avtorizatsiya kodini kiritib, "Submit" tugmasini bosing. Agar sizning arizangiz viza dasturiga qabul qilingan bo'lsa, ushbu sahifada keyingi bosqichlar bo'yicha ma'lumot beriladi. Arizasi muvaffaqiyatli o'tganlar va kerakli hujjatlarni topshirganlar immigrant vizasini olish uchun intervyu sanasini ham ushbu sahifada tekshirishlari mumkin. Ariza natijalarini faqatgina ushbu saytda ko'rish mumkin bo'ladi. Ushbu mavsum arizalari bo'yicha natijalarni 2023 yil 30 sentabrga qadar tekshirish mumkin. Ma'lumot uchun, AQShning Toshkentdagi elchixonasi Green Card dasturi bo'yicha tez-tez so'raladigan savollarga o'z javoblarini e'lon qilgan. Qo'shimcha ma'lumotlar uchun ushbu havolaga o'tib, ularga o'z savollaringizga javob olishingiz mumkin ( PDF ).
advice
2021 yilgi yovvoyi tabiatning komik fotosuratlari tanlovi natijalari e'lon qilindi. Finalda hayvonlarning o'zining tabiiy muhitidagi turli kulgili holatlari aks etgan o'nlab suratlar ishtirok etdi. «Xalq tanlovi» mukofoti boshiga barg urilgan kaptar suratiga berildi. «O'ylashimcha, yoz tugadi» Foto: John Speirs «Nindzya dasht iti» Foto: Arthur Trevino «Maktabga borish vaqti keldi» Foto: Chee Kee Teo «Raqsga tushamizmi?» Foto: Andy Parkinson «Qara, qanday balandlikka sakrayapti» Foto: Chu han lin «Ulug'vor va ko'rkam burgut» Foto: David Eppley «Yashil stilist» Foto: Gurumoorthy K «Daraxt kuchog'ida» Foto: Jakub Hodan «Buzuq telefon» Foto: Jan Piecha «Ku-ku» Foto: Pal Marchhart «Bu la'nati oynani qanday ochish mumkin?» Foto: Nicolas de Vaulx «Seni ushlayman» Foto: Roland Kranitz
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda turli xil quymoqlar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Bunday quymoqlar ichiga hech narsa solinmaydi, ularning o'zi sersuv bo'lib pishadi. Hamirga shivit, petrushka va kashnichdan ham solish mumkin. Qaynatma quymoqlar juda yupqaligiga qaramay, ularni ag'darish ham qiyinchilik tug'dirmaydi. Xamirni tayyorlab bo'lgandan so'ng, 15 daqiqaga tindirilsa, yanada yaxshiroq chiqadi. Xamirturush solib pishiriladigan quymoqlar juda yaxshi shishib pishadi. To'g'ri, ularni tayyorlash uchun anchagina vaqt sarflash lozim, ammo natijasi shunga arziydi. Shokolad ishqibozalariga mana bunday yupqa va juda mazali bo'lgan shokoladli quymoqlar retseptini taqdim etamiz. Quymoqlarning ko'nglingizdagidek chiqishi uchun sifatli tovada pishirish katta ahamiyatga ega. Quymoqlar — Vengriyaning eng sevimli taomlaridan biri. U yerda quymoqlarni juda yupqa qilib pishirib ichiga turli mahsulotlar solib iste'mol qilishadi. Sizlarga klassik uslubdagi vengercha go'shtli quymoqni taklif etamiz. Tvorogli quymoqlar — haqiqiy uy taomlaridan biri hisoblanadi. Ularni nonushtaga yoki desert sifatida dasturxonga tortishingiz mumkin. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15
advice
«Gazeta.uz» «Xorijdagi o'zbekistonliklar» loyihasi doirasida chet el oliygohlarida o'qiyotgan yoki xorijda ta'lim olib, hozirda o'sha yerda ishlayotgan o'zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Ushbu suhbatlarda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta'limni tanlaganligi, ularning boshidan o'tgan sinovlar haqida so'z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Zuxra Xayrullayeva. Zuxra Xayrullayeva Namangan viloyatidagi Chust shahrida maktabni bitirib, Toshkentdagi Vestminster Akademik litseyiga o'qishga kirgan. Zuxra litsey dasturi bo'yicha litseyning 3-kursi bilan universitetning 1-kursini birga o'qigan. Keyinchalik Toshkentdagi Vestminster universitetining Tijorat huquqi fakultetida tahsil olgan. Bakalavrni bitirgach esa Zuxra huquq sohasini chuqurroq o'rganish uchun Amerikaga o'qishga ketdi. Hozirda u Pensilvaniya shtati universitetida magistratura bosqichida tahsil olmoqda. — Men Namangan viloyatining Chust shahrida tug'ilib-o'sganman. Maktabni tamomlagach Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) qoshidagi akademik litseyga o'qishga kirdim. Men o'qishga kirgan yili tanlov katta bo'lgani bois litseyga kirish juda qiyin edi, shuning uchun o'qishga kirishimga unchalik ishonmagandim. Keyinchalik bildimki, litseyda o'qish unga kirishdan ancha qiyinroq ekan. Til bilan ham, o'qish bilan ham qiyinchiliklar yuzaga kela boshladi. Rus maktabini tugatgan bo'lsam ham, boshida tilni unchalik yaxshi bilmasdim. Litseyda o'qish maktabga qaraganda ancha qat'iyroq bo'lib, har bir oraliq yoki yakuniy nazorat ishlari alohida imtihon sifatida qabul qilinardi. Litsey dasturi TXVUga kirish va litseyning uchinchi yilini universitetning birinchi yili bilan birlashtirish imkonini berdi. Buning uchun litseyda ma'lum bir akademik ko'rsatkichga ega bo'lish kifoya qilardi. Ota-onam bilan maslahatlashib, TXVUning «Tijorat huquqi» yo'nalishi bo'yicha o'qishimni davom ettirishga qaror qildim. Universitetda o'qib yurgan kezlarimda ketma-ket ikki yil Filip Jessop nomidagi xalqaro ommaviy huquq bo'yicha musobaqasida (The Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition) qatnashdim va har ikkala safar Vashingtonda (AQSh) o'tkazilgan xalqaro bosqichlarda qatnashish baxtiga muyassar bo'ldim. O'shanda menda bu mamlakatga yoki o'qish, yoki sayyohlik maqsadida qaytish istagi paydo bo'ldi. Universitetda 3-kursni tamomlaganimdan so'ng, Dentons Tashkent yuridik konsalting firmasida amaliyot o'tashni taklif qilishdi va O'zbekistonni tark etgunimcha shu yerda ishladim. Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan — Oilam va qarindoshlarim o'qishim bilan bog'liq hamma narsani doimo qo'llab-quvvatlashgan. Qolaversa, men yolg'iz emasdim, egizak singlim ham bor. O'sha paytlarda katta akam ham Toshkentda o'qib yurgan, amakilarim esa bizni doim qo'llab-quvvatlab, yordam berishardi. — Aynan shu korxonada ishlaganim — omadim deb bemalol ayta olaman. Professional faoliyatimdagi qisqa vaqt mobaynida ishda do'stona jamoa va tushunuvchan rahbariyat bo'lishi juda muhim ekanligini anglab yetdim. Ishimning dastlabki yilida universitetning 4-kursida o'qirdim. O'sha yili men bitiruv ishim ustida ishlayotgan edim. Rahbariyat yaratib bergan sharoitlar tufayli ish va o'qishga birdek ulgurishga muvaffaq bo'ldim. Bundan tashqari, qanchalik g'alati tuyulmasin, biz Vestminster universitetida asosan ingliz huquq tizimini o'rganganmiz. O'zbekistonda ishlash uchun esa O'zbekiston huquq tizimini o'rganish zarur edi. Shuning uchun, ishimning dastlabki kunlaridanoq hamma narsani tom ma'noda noldan o'rganishni boshlaganman. Shunga qaramay, hamkasblarim meni doim qo'llab-quvvatlab, yordam berishga, o'rgatishga tayyor edilar. TXVUda olgan ta'limimga doimo xurmat saqlayman. Biz asosan ingliz huquqini o'rganganimizga qaramay, universitet keyinchalik professional faoliyatda foydali bo'lishi mumkin bo'lgan kerakli ko'nikma va bilimlarni beradi. Ushbu firmada men asosan korporativ amaliyot bilan shug'ullanganman: mijozlarga ta'sis hujjatlarini ishlab chiqish va O'zbekistonda korxonalarni ro'yxatdan o'tkazish, shuningdek, mahalliy kompaniya faoliyati bilan bog'liq boshqa turli korporativ va mehnat masalalari bo'yicha konsultatsiyalar berganman. — Tan olaman, yaxshi ishim bor edi, lekin bir kuni bir joyda qotib qolganim va oldinga siljimayotganimni ich-ichimdan his qildim. Bundan tashqari, korporativ amaliyot bilan shug'ullanish sohasida kelajagimni ko'rmayotgandim. Shu sabablarga ko'ra xorijda magistraturada o'qish qaroriga keldim . Shunday qilib, o'z malakamni oshirishni, shuningdek, huquqning qaysi sohasida ishlashni xohlayotganimni uzil-kesil hal qilib olmoqchi bo'ldim. Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan — Universitetlarni qidirishning dastlabki bosqichida barcha variantlarni ko'rib chiqdim: Yevropa, Kanada va AQSh. Har bir mamlakat va universitetni xolisona baholashga harakat qildim, lekin negadir Amerika meni doim o'ziga ko'proq jalb qilaverardi. Nihoyat, bank va moliyaviy tartibga solish, shuningdek, tijorat huquqini o'rganish maqsadida Pensilvaniya shtati universitetida o'qishni tanladim. Birinchi navbatda , universitetlarni tanlash jarayonida doimo universitet taklif qiladigan dasturlarga e'tibor qaratish kerak. Kanada va Yevropada huquq bo'yicha magistrlik darajasini taklif qiluvchi ko'plab universitetlar mavjud bo'lsa-da, taklif qilingan ta'lim dasturlarida tanlov ko'pligini ko'rmadim. Ular asosan xalqaro huquq bo'yicha umumiy mutaxasislik, yoki, aksincha, milliy huquqdagi qandaydir tor mutaxassisliklar bo'yicha bilim berardi. Amerika universitetlaridagi o'quv dasturlarida esa fanlar bo'yicha juda keng tanlovlarni ko'rdim, bu esa yakuniy qarorni qabul qilishimda muhim rol o'ynadi. Ammo bu faqat huquqiy sohaga oid shaxsiy kuzatishlarim. Ehtimol, boshqa odam umuman boshqacha fikrlashi mumkin. Ikkinchidan , Amerikaning yuridik xizmatlar bozori dunyodagi eng katta bozor. Shuning uchun Amerikada sobiq yoki hozirgi amaliyotchi yuristlarning universitetda dars berish imkoniyatlari boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha yuqori deb taxmin qilgandim. TXVUda o'qiyotganimda amaliyotchi yuristlar tomonidan dars o'tilishining afzalliklarini o'z ko'zlarim bilan ko'rdim. Amaliyotchi yuristlar talabalarga nafaqat nazariyani o'rgatadi, balki amaliy maslahatlar bilan ham o'rtoqlashadi. Qayerdadir faqat nazariyani o'rganish maqsadga muvofiqdir. Ayni damda menga dars beradigan professorlarning barchasi 10 yildan 30 yilgacha tajribaga ega sobiq amaliyotchi yuristlar. — Sifatli ta'lim olish va o'z sohamning yaxshi mutaxassisi bo'lish. — Ha, bu motivatsiya haliyam meni oldinga yetaklaydi. Faqat vazifaning murakkab ekanligini tushunib yetdim. Aytganimdek, Amerikaning yuridik xizmatlar bozori dunyodagi eng katta bozor va shuning uchun talabalar o'rtasida raqobat juda yuqori. Talabalarning mehnati va yutuqlariga qarab, siz ham ulardan orqada qolib ketmaslikni xohlaysiz. — Vestminster universitetini tamomlaganim uchun faqat shu oliygoh bilan solishtirishim mumkin. Pensilvaniya shtati universitetidagi o'qish O'zbekistondagi TXVUda olgan ta'limimdan unchalik farq qilmaydi. Ammo ba'zi tavofutlar barbir mavjud. Birinchidan , Amerikaning yuridik ta'lim tizimi boshqa mamlakatlarnikidan bir oz farq qiladi. Bu yerda huquqshunos bo'lish uchun avvalo istalgan mutaxassislik bo'yicha bakalavr darajasini olishingiz talab etiladi, ya'ni to'rt yil mobaynida o'qiysiz va shundan keyingina «Juris Doctor» dasturiga o'qishga kirasiz va huquqshunoslik fakultetida huquqshunoslik diplomiga ega bo'lasiz. Bu dastur yana uch yil davom etadi. Shu bois, talabalar huquqshunoslik kasbini tanlashdan oldin yaxshilab mulohaza qilib ko'radilar , deb o'ylayman. Ularning o'qishga bo'lgan ishtiyoqi va motivatsiyasi o'zboshimchalik bilan yuridik fakultetni tanlagan talabalarga nisbatan ancha kuchliroq bo'ladi, chunki ikki yildan so'ng ularning ko'pchiligi o'z yo'nalishini o'zgartiradi. Lekin men intensiv bir yillik o'qishni talab qiladigan LL.M. magistratura dasturida o'qimoqdaman. Ikkinchisi — o'rganilayotgan materialning hajmi. Amerikada bu hajm juda katta. Shu bilan birga, barcha materiallarni o'qish va darsga tayyor kelish uchun yetarlicha vaqtingiz bo'lishi kerak, chunki professor istalgan vaqtda sizga savol berib qolishi mumkin. Uchinchisi — o'qish uchun taklif qilinadigan fanlar soni. Bizning universitetda juda ko'p fanlar o'tiladi. Talabalar bir vaqtning o'zida bir nechta sohalarda ixtisoslashishi mumkin, masalan, tijorat huquqi, ma'muriy huquq, moliyaviy huquq, xalqaro huquq, sport va ko'ngilochar soha huquqi, atrof-muhit huquqi va boshqalar. Baholash tizimida ham farq mavjud. Hozir tahsiol olayotgan oliygohimda ko'plab fanlar semestr oxirida faqat bitta imtihon asosida baholanadi. Butun baholash faqat bir kunning samaradorligi va unumdorligiga bog'liq bo'lishi kerak degan fikr menga unchalik yoqmaydi. Shuning uchun Vestminster universitetidagi tizim menga qulayroq. U yerda fan bo'yicha o'zlashtirish semestr o'rtasida qabul qilinadigan yozma kurs ishi, shuningdek, semestr oxirida topshiriladigan imtihon asosida baholanadi. Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan — Kuchli o'zgarishlar bo'ldi demagan bo'lardim. Shubhasiz, e'tiqodi, irqi, millati, dunyoqarashi boshqacha bo'lgan odamlarga nisbatan bag'rikengligim kuchaydi. — Nafaqat tili, balki madaniyati ham men o'rganganimdan tubdan farq qiladigan mutlaqo boshqa davlatga ko'chib o'tish, albatta, oson bo'lmadi. Yengil madaniy shok sodir bo'ldi. Menga eng qiziq ko'ringan narsa — amerikaliklar uchun o'z xonasida ovqat yeyish odatiy hol ekanligi bo'ldi . Uchta amerikalik qizlar bilan bir kvartirada yashayman. Biz yaxshi munosabatda bo'lsak-da, birga yashagan vaqtimiz davomida, ehtimol, faqat bir martagina bir stol atrofida jamlandik. Keyinchalik bilishimcha ko'plab amerikaliklar (hammasi ham emas) o'z xonasida ovqatlanishni afzal ko'rishar ekan. Men kabi kuniga kamida bir marta katta oilaviy dasturxon atrofida o'tirib ulg'aygan qiz uchun Amerika madaniyatining bu qismi haqida bilish qiziq edi. Mos va arzon uy-joy topish ham juda qiyin bo'ldi. Bu muammo Amerikaga kelishimdan oldin boshlangan. Men yashayotgan shahar talabalar shahri hisoblanadi. Aholining asosiy qismini talabalar tashkil etadi. Arzon turar joyni topish uchun qidiruv kelishdan ancha oldin boshlanishi kerak ekan. Barcha sharoitlarni joyida tekshirib ko'rmasdan ko'r-ko'rona uy izlash esa juda qiyin. Hamma narsa onlayn tarzda amalga oshirilgani bois firibgarlar tuzog'iga tushib qolish hech gap emas. Boshqa barcha muammolarim doimo yordam berishga tayyor bo'lgan odamlar tufayli hal qilindi. — Ota-onam, albatta, boshida qo'rqishdi. Qiz bolani boshqa mamlakatga yolg'iz qo'yib yuborish oson emas, ammo shunga qaramay, ular mening tanlovimni doim qo'llab-quvvatlab kelishgan. — Ijtimoiy tarmoqlarda surat yoki fikrni e'lon qilish har kimning shaxsiy tanlovi deb hisoblayman. — Ha, o'qishim tugagach, albatta uyga qaytishni rejalashtirganman. Ish borasida esa hali aniq rejalarim mavjud emas. — Shoshmaslikni va universitetni ham, dasturni ham mulohaza bilan tanlashni maslahat bergan bo'lardim. Chet elda o'qishning moliyaviy tomoni universitet tanlashda eng katta omillardan biri ekanligini tushunaman. Ammo Amerika universitetlari juda ko'p davlat va xususiy grantlarni taklif qilishadi. Universitetlarning o'zlari kamdan-kam hollarda turli grantlar taklif qilishadi. Bir marotaba rad javobini olsangiz, tushkunlikka tushmang. Men uchta to'liq moliyalashtiriladigan dasturga ariza topshirganman va uchta holatda ham rad etilganman. So'ng to'g'ridan-to'g'ri universitetlarning o'ziga hujjat topshirishga qaror qildim. 9 ta universitetga hujjat topshirdim va ularning deyarli barchasi ma'lum miqdorda grant taklif qilishdi, shuning uchun hammaga grant olish imkoniyatlarini imkon qadar ko'proq o'rganishni va belgilangan muddatda hujjatlarni tezroq tayyorlashni boshlashni maslahat bergan bo'lardim. Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan — O'ylaymanki, qaysi hududda bo'lishidan qat'iy nazar, har kimning g'alaba va muvaffaqiyat haqida o'ziga xos tushunchasi bor. Men o'zimni boshqalarga maslahat berish uchun yetarlicha muvaffaqqiyatga erishgan inson deb hisoblamayman. — Afsuski, o'z hayotim va ishimga, hozir esa o'qishimga ulgurishga harakat qilib, har doim ham ish/o'qish uchun zarur bo'lgan materiallardan boshqa kitoblarni o'qiy olmayapman. Shuning uchun, bu borada maslahat bermaganim ma'qulroq. Qisqa savollar: — Ehtimol, hech narsadan. Men qilgan hamma narsa o'zimning tanlovim, xatolarim hayotiy saboq bo'ldi va meni hozirgi darajaga olib keldi. — Depressiya — bu jiddiy va og'ir holat, baxtimga, men uni boshdan kechirish imkoniyatiga ega bo'lmaganman. Lekin oilam va do'stlarimni sog'inish har doim bo'lgan va bo'lib turibdi. — Hech narsani o'zgartirmagan bo'lardim. Barcha xatolar men uchun qaysidir ma'noda saboq bo'ldi. Boshimdan kechirganlarimning barchasi meni hozirgi holatimga olib kelgan deya olaman. — O'zbekistonda, oilam bag'rida, umid qilamanki, hamma sog'lom va baxtli bo'ladi. Bu paytga kelib o'z sevimli ishimga ega bo'lib, o'z sohamning yaxshi mutaxassisi bo'laman degan umiddaman. — Hozirgi vaqtda sodir bo'layotgan barcha o'zgarishlarning samarali qo'llanilishi. Ko'ryapmanki, ayni paytda mamlakatimizda taraqqiyot sari yetaklashi mumkin bo'lgan ko'plab o'zgarishlar qilinmoqda. Ammo bu tashabbuslar har doim ham to'liq amalga oshirilmayapti va ko'pincha xo'jako'rsin uchun bajarilyapti. Og'abek Samisov suhbatlashdi.
advice
Ekologiya , daraxtlar , shahar bog'lari , toza havo haqida gapirar ekanman, ularning shaharlar, odamlar salomatligi va farovonligi uchun ahamiyatini alohida ta'kidlayman . Shuningdek, ushbu jamoat boyliklarining kamayishi shaharlarni xavfli va yashash uchun yaroqsiz holga keltirishini ham takrorlayman. Shaharlarda hayot sifatini pasaytiradigan, ularni yashash uchun xavfli qilayotgan, noteng imkoniyatlar yaratayotgan, alohida shaxslar guruhini butun boshli jamiyatdan ustuvor qilib qo'yayotgan yana bir omil ham bor. Bu omil — hayotimiz va shaharlarimizning avtomobillashtirilishidir. Shaharlarimizda qarorlar qabul qilishda ustuvorlik avtomobillarga berilmoqda. Jumladan, shaharlar ichida ko'priklar va keng avtostradalar qurish va ularni kengaytirish avj olmoqda, muhim jamoat transporti tizimlarini o'ldirilmoqda, bolalardan o'yin maydonchalarini, xalqdan jamoat bog'lari va yashil maydonlarni tortib olib, ular o'rniga avtoturargohlar qurilmoqda. Bularning barchasi odamlarni avtomobillarga qaram qilib qo'ymoqda. Mashina haydash va ularni «parkovka» qilish xarajatlari avtomobili yo'qlar hisobidan ham «subsidiya qilinmoqda». Shu bilan birga, mashinasi yo'qlar havo sifatining yomonligi, sayr qilish va dam olish uchun joylarning kamligi, ifloslangan havodan nafas olish natijasida sog'lig'i va umrining qisqarishi, xavfsizlik talablariga javob bermaydigin yo'l infratuzilmalaridan foydalanish kabi mashina haydash va unga egalik qilishning salbiy oqibatlari bilan to'qnash kelmoqdalar. Eng asosiysi, avtomobillashtirish siyosati noteng imkoniyatlar yaratgan holda odamlarni kambag'alroq qilmoqda. Biz shaharlarimizni odamlar uchun yaxshiroq va xavfsizroq qilishimiz uchun urbanizatsiya siyosatimizni qayta ko'rib chiqishimiz, bunda aksariyat davlatlar boshlaridan kechirgan muammolarga to'qnash kelishdan qochish, ishonchli tarixiy va ilmiy dalillardan saboq olishimiz kerak. Bugungi kunda mamlakatimiz shaharlarida qurilayotgan qariyb barcha yangi keng yo'llar go'yoki o'tkazuvchanlikni oshirish hisobiga yo'llardagi tirbandlikni kamaytirish maqsadida barpo etilmoqda. Ushbu fikrga tayangan holda ko'priklar, estakadalar, keng yo'llar quryapmiz yoki mavjud yo'llarni qo'shimcha harakat yo'laklari hisobiga kengaytiryapmiz. Biroq bu sa'y-harakatlar ezgu niyatlarda amalga oshirilayotgan bo'lsa ham, yarim asrlik tarixiy dalillar va ilmiy izlanishlar natijalari buning aksini ko'rsatmoqda — yo'l o'tkazuvchanligining oshirilishi, aksincha, yo'l tirbandligining ko'payishiga olib keladi, shaharlarimizni avtomobillarga yanada ko'proq qaram qiladi. Muammo mashinalar yoki haydovchilarda emas, balki avtomobillardan juda ko'p va xavfli ko'rinishda foydalanishimizdadir. Bu odamlarning mashina haydashni bilmasligi yoki o'ta mas'uliyatsizligi, ya'ni haydovchilik madaniyatining pastligidan ham emas. Muammo aslida bizni mas'uliyatsiz bo'lishga undaydigan yoki majburlaydigan sabablar va infratuzilmalarni yaratganimizdadir. Atrof-muhitning ifloslanishi, avariyalar, bepul avtoturargohlar bilan bog'liq sarf-xarajatlarni sotsializatsiya qilish uchun katta-katta yo'llar va ko'priklarga mablag' ajratayotganimizda, shaharlarimiz, tuman va mahallalarimiz mashinasiz yashab bo'lmaydigan ko'rinishda qurilishini talab qilayotganimizda, odamlarga avtomobillar sotib olish, ularga egalik qilish va ko'proq haydashlari uchun ishonchli signallar yuborayotgan bo'lamiz. O'zbekistonda 2021 yil boshida jismoniy shaxslarga tegishli bo'lgan barcha avtomobillar soni 3 million donani tashkil etdi . Bu 2015 yilga nisbatan 40 foizga ko'pdir. Yo'llarda mashinalar qancha ko'p bo'lsa, bu shunchalik tirbandlik нi keltirib chiqaradi. Afsuski, uzoq yillar davomida ko'chalarda avtomobillar sonining ortishi va tirbandliklar muammosini bartaraf etish chorasi sifatida hukumat va shahar hokimligi mutasaddilari ko'proq yo'llar qurish va ularning o'tkazish imkoniyatini oshirish haqida o'ylamoqda. Intuitiv jihatdan buni tushunsa bo'lar — nazariy jihatdan mavjud yo'llarga yangi yo'laklarni qo'shish yoki yangi avtomagistrallar va ko'priklar qurish yo'l tizimlarining imkoniyatlarini oshiradi. Yo'llar kengaytirilganda, yangi ko'priklar qurilganida bunchalik ko'p budjet mablag'lari nimaga sarflangani har safar jamoatchilikka mana bunday ko'rinishda tushuntiriladi — chunki bu o'tkazuvchanlik qobiliyatini oshiradi, yo'llarda tirbandliklarni kamaytiradi, tranzit vaqtini qisqartiradi. Biroq bu g'oyaning fundamental muammolari bor. Ko'p sonli yo'llar, ko'priklar qurish, yo'laklarni kengaytirish aslida tirbandliklarni bartaraf etmaydi, balki ularni yanada chuqurlashtiradi. Mutaxassislar 1930-yillardayoq anglab yetgan muammo mohiyati shundan iboratki, avtostrada qurishingiz yoki unga yo'laklar qo'shishingiz bilanoq, uning bo'sh qismini to'ldirish uchun yanada ko'proq avtomobillar paydo bo'ladi. Iqtisodchilar bu hodisani indutsiyalangan, yoki qo'zg'atilgan, talab deb atashadi: agar siz nimanidir ko'proq yoki arzonroq narxda taqdim qilsangiz, odamlar katta ehtimol bilan undan ko'proq foydalanishadi. Indutsiyalangan talab shuni ko'rsatadiki, avtomobillar oqimi ma'lum bir tezlikda harakatlanishi uchun muayyan bo'sh joyni talab qiladigan suyuqlikka emas, balki ruxsat berilgan bo'shliqni to'liq egallab oladigan gazga o'xshaydi. Xo'sh, nima uchun yangi yo'llarning o'tkazuvchanlik qobiliyati yangi harakat yo'laklarini qo'shish yoki yangi yo'llar qurish hisobiga oshirilgan taqdirda ham transport oqimi ortadi? Iqtisodchi olimlar bu hodisaning qariyb yarmi odamlarning avtomobil boshqarish qarori bilan bog'liq ekanini keltirib o'tadilar. Iqtisodchilar AQShning har bir megapolisidagi avtomagistrallarning umumiy o'tkazuvchanligini ko'rib chiqdilar va natijalarni avtomobillar bosib o'tgan umumiy millar soni bilan taqqosladilar. Yakunda o'zaro bog'liqlik borligini aniqladilar: shahardagi avtomobil yo'llarining o'tkazuvchanligi qancha katta bo'lsa, u orqali avtomobillar shuncha ko'p mil bosib o'tar ekan. Misol uchun, yo'l o'tkazuvchanligini 10 foizga oshirish, avtomobil bosib o'tgan masofaning 10 foizga oshishini ko'rsatdi. Bu faqatgina AQShga taalluqli emas: boshqa davlatlarda o'tkazilgan ko'p sonli tadqiqotlarda ham xuddi shunday natija qayd etilgan. Masalan, Barselona universiteti olimlari ushbu metodologiyani takrorlash uchun Yevropaning yuzlab shaharlari bo'yicha yigirma yillik ma'lumotlardan foydalandilar. Ular ham yo'ldagi tirbandliklarning fundamental qonunini tasdiqlaydigan juda o'xshash natijalarni qo'lga kiritdilar. Harakat egiluvchanligining o'tkazuvchanlik qobiliyatiga nisbati asosan unitardir: avtomobil yo'lining o'tkazuvchanligini 1 foizga oshirish transport vositalarining harakatlanishini 1 foizga oshiradi. Misol tariqasida quyidagi holatni ko'rib chiqaylik: sizga kerakli narsani sotib olib, 100 ming so'm tejashingiz mumkin bo'lgan do'kon borligini bilasiz, lekin u sizdan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan. Agar siz tirbandlik dahshatli bo'ladi va yo'l kamida 30 daqiqani oladi, deb hisoblasangiz, mahsulotni eng yaqin do'kondan olib qo'yaqolasiz. Biroq avtomagistralga safaringizni tezlashtiradigan yana bir yangi qator qo'shilsa, 100 ming so'mni tejash uchun ushbu do'konga borishga arziydi, degan qarorga kelasiz. Yo'lni qisqa muddatda bosib o'tish (yoki kamroq vaqt sarflagandek tuyulishi) haydovchi xatti-harakatlarining o'zgarishiga olib keladi. Endi velosipedda, jamoat transportida yoki piyoda qilish mumkin bo'lgan safarlar jozibadorligi kamayib, o'z navbatida, mashinada yurish yanada jozibadorroq bo'ladi. To'satdan uzoqroq joylarga safar qilish va biznes qilish imkoniyatlari arzirlidek tuyulishni boshlaydi. Bu kabi holatlar umumlashgan holda yaqindagina kengaytirilgan yo'lda avtomobillar sonining ko'payishi, transport vositalari bosib o'tgan sof masofalar va issiqxona gazlari chiqarilishining (Toshkentda atmosferaga chiqarilayotgan 90 foiz gazlar avtotransport hissasiga to'g'ri keladi ) ortishiga olib keladi. Keling, indutsiyalangan talab qanday ishlashini ko'rsatadigan model jadvalini o'rganib chiqaylik. Qoidaga ko'ra, oqim hajmi to'g'rilanadi va vaqt o'tishi bilan muvozanatga keladi, biroq yangi sig'im qo'shilishi bilan navbatdagi muvozanatga erishishdan avval uni to'ldirish uchun hajm yana ortadi. Birinchi yechim: Shaharlar ichida 6−8−10 polosali keng yo'llar va ko'priklar qurish amaliyotini to'xtatish Shunday ekan, yo'l o'tkazuvchanligini oshirish uchun kengroq yo'llar qurish o'rniga nima qilish kerak? Bu ko'pchilik odamlarga (ayniqsa haydovchilar) noto'g'ri tuyulishi mumkin, lekin tirbandlik muammolarini kamaytirish va shaharlarni yaxshilashning eng yaxshi yo'llaridan biri, bu — juda keng bo'lgan harakat polosalarini toraytirish yoki ayrim polosalarni olib tashlash orqali ko'chalarning o'tkazuvchanlik qobiliyatini kamaytirish, shahar ichidagi butun boshli yo'llar va ko'priklarni olib tashlash hamda shahar markazlarini avtomobillar uchun yopish — ya'ni, haydashga bo'lgan rag'batlarni kamaytirish va shaharlarni piyodalar uchun qulayroq qilishdir. Shahar avtostradalari odamlarni bo'lib tashlaydi hamda markaziy hududlardagi havo ifloslanishi va shovqinni kuchaytiradi. Ular avtomobillardan foydalanishni rag'batlantirishmoqda va bu yo'l harakati muammolari hamda odamlarning halok bo'lishi yoki jarohatlanishiga olib kelmoqda. Dunyoning aksariyat shaharlarida shahar avtostradalarini buzish va ularning o'rniga xiyobonlar, ko'chalar va yangi piyodalar uchun hududlar qurish tendensiyasi kuzatilmoqda. Garchi bu qiyin va qimmatdek tuyulsa-da, markaziy shaharlardagi avtomobil yo'llarini buzish shaharlarda odamlarni birlashtiradigan bog'lar va jamoat joylarini yaratish orqali havo ifloslanishini kamaytiradi. Chxongechxon, Seul Shahar markazida avtostradani olib tashlash bo'yicha qayta o'zgartirish loyihalaridan birida nafaqat shosse buzib tashlandi, balki eski suv yo'li ham qaytarildi. 2003 yilda Seul meri 1976 yilda qurilgan yo'l o'tkazgichni olib tashlashni va bu yerni yashil maydonga aylantirishni taklif qildi, buning natijasida qachonlardir bu yerdan oqib o'tgan suv yo'li qayta tiklandi. Manba Markaziy arteriya, Boston Markaziy arteriya/tunnel loyihasi Amerikaning eng qadimiy va aholi gavjum yirik shaharlaridan birida harakatni qisqartirdi va harakatchanlikni yaxshiladi. Loyiha buzilgan olti qatorli yer usti Boston markaziy arteriyasi (I-93) o'rnini egalladi. Bu zamonaviy yer osti magistrali va Charlz daryosi bo'ylab ikkita yangi ko'prik sharofati bilan amalga oshdi. Loyiha 300 akrdan (121,4 ga) ortiq yer maydonini ochib berdi va Boston shahar markazini qirg'oq bilan bog'ladi. Fotosurat manbasi . Fotosurat manbasi . San-Fransiskoda 1989 yilda kuniga deyarli 100 ming avtomobil o'tgan Markaziy avtostrada deb atalgan shosse olib tashlandi. Uning o'rnida hozirda kuniga atigi 45 000 ta mashina o'tadigan, ammo tirbandliksiz yo'l mavjud! Toshkentda aholi punktlarini bo'lib tashlaydigan, havoni ifloslantiradigan, tirbandlikni kuchaytiradigan shahar yo'llarini qurish davom etmoqda — bularning barchasi mashina haydamaydiganlar hisobiga ham subsidiyalanadi. Maktab derazalari ortidagi avtoban Yaqinda Yangi Sergeli ko'chasidagi yuklamalarni kamaytirish, avtomobillar oqimining bir qismini o'ziga olishi lozim bo'lgan va ko'proq poyga trassasi yoki avtobanni eslatuvchi yangi yo'llar ochildi. Bu yo'l Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog'laydi. Manba. E'tiboringizni loyihaning ushbu qismi 317-maktabni (pastdagi qizil tomli bino) va hovuzni (o'rtadagi bino) ajratib qo'yganiga qaratmoqchiman. Suratda ko'rib turganingizdek, maktab o'quvchilarining basseynga o'tish imkoni yo'q. Eng yomon tomoni, endi maktab derazalarining shundoqqina ro'parasida ko'p darajali estakada va ifloslangan havo mavjud. Manba. Shunga o'xshash holat Portlend shahrida (Oregon shtati, AQSh) ham sodir bo'lgan. Tabman o'rta maktabining shundoqqina tashqarisida keng avtomagistral bor. Ma'lum bo'lishicha, maktab okrugi maktabda atrof-muhitni muhofaza qilishga, asosan, sinflardagi havo nafas olish uchun xavfsiz bo'lishini ta'minlash maqsadida maxsus havoni filtrlash uskunalariga 12 million dollar sarflagan. O'quvchilar (va ularning ota-onalari) ikki baravar zarar ko'rishi mutlaqo adolatsizlikdir: (1) shundoqqina oynalar ortidagi avtostrada tufayli ifloslangan havodan nafas olish va (2) ta'limga ajratilgan shundoq ham cheklangan miqdordagi mablag'larini o'qishuchun zarur bo'lgan boshqa ehtiyojlar o'rniga havo filtrlariga sarflashlari. Shu bilan bir paytda ushbu yo'ldan o'tayotgan yuqori daromadli yo'lovchilarushbu xarajatlarni to'lashmaydi. Quyidagi suratda Toshkentdagi yo'lning hali ochilmagan qismida ryukzak taqqan yosh o'quvchi qiz maktabga ketayotgani yoki undan qaytib kelayotgani aks etgan. Mazkur holat piyodalar sog'lig'i va hayoti uchun qanchalar qiyinchilik va xavf tug'dirishi mumkinligidan darak beradi va bu fikrlar yo'l qurilishida ko'pincha e'tiborga olinmaydi. Manba. Mahalla va uylarni ajratib yuborgan 10 polosali avtoban Buzilgan uylar o'rnida qurilgan Nurafshon ko'chasi Toshkentning eski qismidagi mahallalarni bir-biridan ajratdi, endilikda ko'plab uylarning eshigi oldidan mashinalar uchib o'tadi. 2014 yil 28 mart, 2014 yil 7 iyul va 2020 yil 10 oktabrdagi suratlar. «Gazeta.uz» Har safar Toshkentning tep-tekis, keng va yaxshi yoritilgan yo'llari rekonstruksiyadan so'ng ochilishiga qadar yaqin mavzelarda yashovchi aholi uchun sayrgohlarga aylanishi haqida yozgan edi . Bu ham poytaxtning ko'plab tumanlarida yashash joylaridan piyoda borish mumkin bo'lgan masofada qulay va xavfsiz jamoat joylari yetishmasligi muammosidan darak beradi. Biroq yangi yo'llarni qurish jarayonida piyodalar o'tish joyini to'g'ri tashkil qilishni ham esdan chiqarishadi. Nurafshon ko'chasi ochilishiga qadar, 2016 yil. Ikkinchi Yechim: o'zgaruvchan yo'l to'lovini (congestion pricing) joriy qilish Bizning yo'llardan foydalanishimiz va ularni moliyalashtirishimiz sovet davridagi non tarqatish usuliga o'xshaydi. Kommunistik tuzumda tovarlar hammaga birdek berilar, har bir tovarning narxi esa markaziy hukumat tomonidan belgilanardi. Bu narx ko'pincha odamlar ushbu mahsulot uchun to'lashga tayyor bo'lgan narxdan ancha past bo'lar, lekin mahsulot taqchilligi sababli odamlar ko'chalarda navbatlarga tizilishib, uni sotib olishga shoshilishardi. Bozorlarga sovetcha yondashuv ayrim nazorat qilinadigan narxlarni belgilab qo'yar va so'ngra taqchilikka yo'l ochardi. Ushbu tizimda millionlab behuda soatlar navbatga turishga sarflangan va tovarlar ular uchun hammadan ko'proq to'lashga tayyor bo'lgan iste'molchilarga emas, balki navbatlarda turishga vaqti bo'lgan iste'molchilar qo'liga tushardi. Yo'llardagi tirbandliklardan kelib chiqib yo'l haqini (kunning ma'lum vaqtlarida va atrof-muhitning ifloslanishi, daraxatlar kesilishi va boshqalar bilan bog'liq tashqi omillardan kelib chiqib, ushbu yo'llarning haqiqiy qiymatini ko'rsatadigan) belgilasak va yo'l harakati ishtirokchilaridan «tig'iz vaqtlarda» ushbu qimmatbaho o'tkazuvchanlik qobiliyatini ta'minlash qiymatining hech bo'lmaganda bir qismini to'lashni so'rasak, ularning ko'pchiligi yo'l qiymatining arzimagan ulushini ham to'lash uchun qatnov qismini unchalik qadrlamasliklarini aytadilar. Ayrimlar esa bu narxga rozi bo'lmaydi va: «Hoziroq borishim shart emas, keyinroq borarman yoki avtobusga chiqarman», — deydi. Yo'l uchun o'zgarib turuvchi to'lovlar — bu yo'llardagi tirbandliklar bilan bog'liq yo'qotishlarni qisqartirish uchun narx belgilash tizimlari va bozor mexanizmlaridan foydalanish usulidir. Tirbandliklar sharoitida narx belgilashda tig'iz vaqtlarda avtostradalar bo'ylab ayrim safarlar boshqa transport turiga yoki tig'iz bo'lmagan vaqtlarga o'tkaziladi. To'lib-toshgan ko'chalardagi avtotransport vositalarining bir qismini (hatto atigi 5%) olib tashlash xuddi shu jismoniy makonda ko'proq sondagi avtomobillarning harakatlanishiga imkon yaratgan holda tizimning samaraliroq ishlashini ta'minlaydi. Xuddi shunday o'zgaruvchan yig'imlar aviachiptalar, uyali aloqa va elektr energiyasi tariflari kabi boshqa sohalarda ham muvaffaqiyatli qo'llanilgan. Iqtisodchilarning fikricha , yo'l tirbandliklari sharoitida to'lovlarni joriy qilish tirbandlikni kamaytirishning yagona eng maqbul va barqaror usuli hisoblanadi. Eng asosiysi, transport vositalaridan foydalanish yoki egalik qilishdagi arzimagan qisqarish ham katta foyda keltiradi. Yo'l tirbandligi chiziqli bo'lmagan effektga duchor bo'ladi: transport oqimidagi kichik qisqarish yo'ldagi tirbandlikni sezilarli darajada kamaytiradi. Sayohatlarni monitoring qiluvchi Inrix kompaniyasi 2008 yilda transport vositalari bosib o'tgan masofaning 3 foizga qisqarishi yo'llardagi tirbandlikning 30 foizga qisqarishiga olib kelganini ma'lum qildi. Avtomobil haydashning kamayishi natijasida atmosferaga uglerod va boshqa ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish ozaygan, shuningdek, yo'l-transport hodisalari natijasida sodir bo'lgan avariya va o'limlar soni qisqargan. Congestion pricing dunyoning ko'plab shaharlarida muvaffaqiyatli sinovdan o'tkazildi va ommaviylashib bormoqda. Misol uchun, 2003 yilda London haydovchilardan shahar markazining tor ko'chalari bo'ylab harakatlanish uchun to'lov olishni boshladi. O'shandan beri yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar tirbandliklar kamaygani, avtobus xizmati yaxshilanganini, baxtsiz hodisalar soni ozayganini va umumiy hayot sifati yaxshilanganini tasdiqladi. O'zgarib turadigan to'lovning ayrim tanqidchilari bu kam daromadli odamlarga nisbatan adolatsizlik ekanligini ta'kidlaydilar, ammo Londonda bundan kam daromadli sayohatchilar ko'proq manfaatdor bo'ldilar, ertalabki soatlarda avtobus yo'lovchilari soni 38 foizga oshdi. London Iqtisodiyot maktabi iqtisodchisi Jonatan Lip Londonga kirish uchun to'lovlar joriy etilishini iqtisodiyot uchun juda muhim g'alaba deb bilishini ta'kidladi. Bu yo'llardagi tirbandliklarni jamoatchilik va siyosiy doiralar tomonidan tashqi effektni buzuvchi omil sifatida tan olinishini va yo'l uchun to'lov belgilash tirbandliklarga qarshi kurashning munosib usuli ekanligini bildiradi. Ammo bu qarorning bitta ulkan «lekin"i bor: saylovchilar fikri. Hech kim ilgari bepul bo'lgan narsa uchun pul to'lashni xohlamaydi, garchi bu ularning manfaatlariga xizmat qilsa ham. O'zbekistonda haydovchilar va avtomashina egalari mutlaq ozchilikni tashkil etishiga qaramasdan, ularning ovozi va xohishi aholining ko'pchiligini hosil qilgan avtomobili yo'qlar yoki haydovchi bo'lmaganlardan balandroq eshitiladi! Va eng muhimi, O'zbekistondagi barcha qaror qabul qiluvchilarning yoki avtomashinalari bor yoki bir nechta haydovchiga ega bo'lish afzalliklaridan foydalanadilar. Tabiiyki, ular qaror qabul qilish chog'ida butun aholi avtomashinaga ega, deb xato taxmin qilishadi. Ikkinchidan, ular ovozi «kuchliroq» bo'lganlar — avtomobil egalari va haydovchilarni tinglashlari kerak. Avtomobil egalari yoki avtomobillashtirish bo'yicha qaror qabul qiluvchilar orasida avtotugargohlar hamma uchun kerak degan fikr mavjud. Biroq aholining katta qismi avtoturargohlarga muhtoj emas — ular mashina haydamaydigan bolalar, qariyalar yoki mashina olishga qodir bo'lmagan odamlardir. Asfalt sotsializmining g'alabasi taqchil va qimmatbaho tovar — jamoat ko'chalarida cheklanmagan miqdorda bepul yoki qimmat bo'lmagan avtoturargohlar taqdim etilishida namoyon bo'ladi. Bunday taqchil resurs bilan ta'minlash xarajatlari esa aksariyati avtomobilga ega bo'lmagan yoki mashinada yurmaydigandan iborat bo'lgan aholi hisobiga qoplanadi. Avtomobil umumiy vaqtning o'rtacha 5 foizi davomida harakatda, 95 foiz vaqtda esa «parkovka» holatida bo'ladi ! Shahar ko'chalarida avtoulovlarni bepul saqlashdan avtomobilga ega bo'lish uchun yetarlicha boy bo'lganlar manfaatdordir. Jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomashinalar soni, masalan, Toshkent shahrida 470 ming atrofida . Ba'zilarning bir necha avtomobilni o'z nomiga rasmiylashtirganini inobatga oladigan bo'lsak, avtomobil egalarining haqiqiy soni bundan ham kamroq — taxminan shahar aholisining 10 foizini tashkil etsa kerak. Boshqacha aytganda, avtomobil egalari va haydovchilar aholimizning mutlaq ozchilik qismini tashkil qiladi. Mashina sotib olishga qurbi yetmaganlar bundan hech qanday foyda ko'rmaydilar, aksincha zarar ko'radilar — piyodalar yo'laklarida, maktab darvozalari yaqinida, hovlilarda to'xtab turgan mashinalar ko'chalarni o'tib bo'lmas holga keltiradi va piyodalar, ayniqsa bolalar uchun xavf tug'diradi. Odamlar yagona ehtimoliy muqobil — jamoat transportidan foydalanish uchun ham pul to'lashlariga to'g'ri keladi. Avtomobil egalariga mashinalarini jamoat ko'chalarida «parkovka» qilish qanchaga tushishi (bizning shaharlarimizda bu asosan bepul) va jamoat transportidan foydalanish narxi o'rtasidagi nomutanosiblik transportdan foydalanish bo'yicha imtiyozlar va tengsizliklardan dalolat beradi . Mashinangiz bormi, demak siz ko'chadagi bepul yoki arzon to'xtash joylaridan foydalanishda ustunlikni qo'lga kiritasiz. Bu, o'z-o'zidan, aholining boy bo'lmagan qatlamlari hech qanday foyda olmasligini anglatadi. Avtomobilga egalik daromad bilan chambarchas bog'liq ekanligini inobatga olsak, bundan yuqori daromadli uy xo'jaliklari ko'proq foyda ko'radi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, shaxsiy va jamoat tovarlari mavjud. Avtoulovlarni ko'chada saqlash shaxsiy tovar bilan bog'liq barcha jihatlarga ega: iqtisodiy nuqtai nazardan, u raqobatbardosh va istisno hisoblanadi. Mashinangizni ko'chaga qo'yganingizda, boshqalarning bu joydan foydalanish imkoniyatlarini yo'qqa chiqargan bo'lasiz. Bu holatda «boshqalar» deganda faqatgina u yerga mashinasini qo'yishni xohlaydigan boshqa avtomobil egalari emas, piyoda yoki velosipedda yurishni xohlaydigan boshqa yo'l foydalanuvchilari ham nazarda tutilishi mumkin. Uchinchi yechim: Shahar markazida to'xtash joylari bepul bo'lmasligi kerak. Ko'chada to'xtash joyining narxi joyning mavqeyi, kunning vaqti va bo'sh joylar sonidan kelib chiqqan holda bozor qiymatiga mos ravishda belgilanishi kerak. Misol uchun, ish kunlari soat 8:00 da mashinalar to'xtash joyi 20:00 dagidan qimmatroq, yakshanba kunlari esa bepul bo'lishi lozim. Iqtisodiy nuqtai nazardan, ko'chada (ayniqsa, shahar markazida) to'xtash joyini uning nolga teng bo'lmagan real narxini aks ettiradigan qilish ancha oqilona ish bo'lardi. Tadqiqotlar natijalari yanada hayratlanarli. Shimoliy Illinoys universiteti professori Kris Gudman yaqinda AQShning 30 ta eng yirik shahri bo'yicha shaharlarning ko'chada to'xtash uchun ruxsat berilgani uchun olinadigan to'lovlar narxining yo'l haqi narxlariga nisbatiga oid ma'lumotlarini to'pladi. Har bir shaharda oylik jamoat transporti chiptasining narxi to'xtash joyi narxidan o'ndan yigirma baravar va undan ko'p marta balandroq ekan. Shaharlarda to'xtash uchun ruxsatnomaning oylik o'rtacha narxi 2,25 dollar, jamoat transportida yurganlik uchun oylik yo'l haqi esa 77 dollarni tashkil etgan. Boshqacha qilib aytganda, jamoat transportidan foydalanish avtomobil to'xtash joyidan 31 barobar qimmatroq! Avtoturargoh uchun subsidiyaga misol: mashinasi yo'q odamlar do'konlardan mahsulot sotib olganda avtomobili borlar mashinasida bepul yurishi va xuddi shu do'kon yaqiniga «parkovka» qilishlari uchun o'sha mahsulotlarga ko'proq pul to'laydilar. Chunki supermarketda mashina qo'yish narxi mahsulotlar qiymatiga kiritilgan, do'konga mashinasiz kelgan odamlar boyroq xaridorlar sotib olgan mahsulotlarga subsidiya kiritadilar. Odamlarning u yerga borish niyati bor yoki yo'qligidan qat'i nazar, quruvchilardan ushbu xarajatlarni savdo markazlari, ofislar yoki ko'p qavatli uylar uchun smetalarga qo'shishni talab qiluvchi qoidalar — tengsizlik masalasidir. Qoidalar mashina haydamaydigan odamlarni haydaganlar uchun subsidiya berishga majbur qiladi. Qoidalar aslida ko'pchilik mashina haydamasa ham, hamma mashina minadi, degan taxminni ilgari suradi. To'rtinchi yechim: Savdo markazlari va turar joy majmualari kabilar oldida avtoturargoh bo'lishi shart degan qoida bo'lmasligi kerak. Shaharlarimiz kam daromadli odamlar uchun qila oladigan eng yomon narsa, bu — sizga mashina kerak bo'ladigan shaharni yaratishdir. Avtoturargohlar shahardan bog'lar, odamlar dam oladigan jamoat joylari va velosiped yo'llari uchun ishlatilishi mumkin bo'lgan qimmatli joylarni olib qo'yadi. Buning o'rniga, siz mashinaga ega bo'lish uchun yetarli darajada boy bo'lmasangiz ham, siz hech qachon foydalanmaydigan barcha bepul avtoturargohlar uchun badal to'lashingizga to'g'ri keladi. Haydovchilarning haydash va to'xtash joyi uchun to'g'ridan-to'g'ri pul to'lashlari bu to'lovni barchaning bo'yniga ilishdan ko'ra adolatliroqdir. Haydovchilar to'lash deyarli talab qilinmagandagina ko'proq yo'llar bo'lishini xohlashadi. Transport bilan bog'liq eng katta muammo shundaki, biz yo'ldan foydalanishni noto'g'ri baholaymiz va barcha yo'l foydalanuvchilarini haydovchilar jamiyatga va ushbu yo'ldan yuradigan har kimga yuklaydigan xarajatlar haqida xabardor qilmaymiz. Aslida shaharlarimizdagi har kunlik tirbandliklar oddiy sababga ko'ra sodir bo'ladi: qimmatbaho narsa uchun maqbul narx belgilamasak, odamlar navbatda turib, ko'prog'ini talab qila boshlaydilar. Ko'pchilikning tig'iz paytda ko'cha bo'ylab mashina haydashlarining sababi, buning uchun biz ularga pul to'laymiz. Qanday qilib? Avtostradalar va boshqa har qanday yo'llar ulardan qachon o'tishingizdan qat'i nazar, bir xil qat'iy narx, ya'ni hech narsa to'laganingizdagina «bepul» bo'ladi. Albatta, barchamiz benzin sotib olayotganda va benzin solig'ini to'laganda, transport vositasini ro'yxatdan o'tkazayotganda yo'llar uchun to'lovni amalga oshirgan bo'lamiz. Biroq, gap shundaki, haydovchilar ham o'zlari yuradigan hamda tig'iz paytlarda juda qimmat va taqchil bo'ladigan yo'llar uchun real narxdagi to'lovni amalga oshirishlari kerak. Masalan, siz deyarli mashina bo'lmaydigan tungi soat 2 da yoki tirband bo'ladigan ertalabki 8 da yo'lda yursangiz ham, bu siz uchun to'g'ridan-to'g'ri xarajatlarga olib kelmaydi. Tig'iz paytlarda o'tkazuvchanlik qobiliyati yetarli bo'lmayotgani sababli «bepul» yo'llar qurilishi tig'iz vaqtda yo'llardan foydalanadigan nisbatan kam sonli odamlar uchun aholi to'laydigan ulkan subsidiyadir. Beshinchi yechim: Mashina haydash va qo'yish xarajatlarini subsidiyalashni to'xtatish Toshkentning Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog'laydigan olti polosali yo'l va uchta yo'l o'tkazgich qurilishiga 518,3 mlrd so'm yoki qariyb 49 mln AQSh dollari sarflandi . Agar ko'prikning umumiy uzunligi 6,6 km ekanligini hisobga oladigan bo'lsak, uning har bir kilometri budjetga, ya'ni soliq to'lovchilarga taxminan 7,4 million dollarga tushadi. Boshqacha aytganda, sizning avtomobilingiz bormi yoki uni shu yerda haydaysizmi va yoki umuman haydamaysizmi, bundan qat'i nazar, siz ushbu loyihaning narxini subsidiya qilasiz. Shahar magistrallari va ko'priklar qurilishini to'xtatish (hatto ba'zilarini buzish!), yo'l bo'laklarini toraytirish, tig'iz soatlarda tirbandlik uchun tariflarni joriy etish, pulli to'xtash joylari singari yuqorida sanab o'tilgan barcha yechimlar jamoat transportini radikal yaxshilash bilan parallel ravishda olib borilishi kerak. Biz jamoat transportini o'ldirishda davom etar ekanmiz, ko'chalarimizni avtomobillashtirishni tugatishga bo'lgan rag'batlar ish bermaydi. Ha, afsuski, so'nggi o'n yillik davomida jamoat transportimizni qasddan o'ldirmoqdamiz va bundan aholining katta qismi jabr ko'rmoqda. 2016 yilning 2 may kuni Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va eng yirik yengil relsli yo'l tizimi — Toshkent tramvayi tarixga kirdi. Rasmiylar buni avtotransportlar sonining doimiy ko'payishi va tramvay yo'nalishlarining samarasiz ishlashi bilan izohlashdi. Shahar hukumatining ko'p sonli avtomobillar uchun yo'llarni yanada kengaytirishni xohlaganlari uchungina 115 yillik tarixga ega butun boshli jamoat transporti tizimini buzib tashlashga qaror qilganini aqlga sig'dirib bo'lmaydi! Dunyoning boshqa davlatlarida shaharlar yengil temir yo'l transporti (LRT) qurishga va shaharlarga tramvay olib kelishga harakat qilayotgan bir paytda, eng toza va eng tejamkor transport turini nobud qilish va uni Toshkent ko'chalaridan olib tashlash tarix kitoblarimizga eng katta xatolarimizdan biri sifatida kiradi. Keling, tramvay olib tashlangan joylarda nimalar sodir bo'lganini esga olaylik : 13-tramvay eski ToshMIdagi ko'prik ostidan tushib kelmoqda, 2011 yil avgust. 2021 yilda ushbu uchastkada har kuni 8 ballik tirbandlik yuzaga kelmoqda. Manba : «Gazeta.uz» 13-yo'nalishdagi 3110-tramvay eski ToshMIdagi yo'l o'tkazgichga yaqinlashmoqda, 2014 yil 6 noyabr. Hozir piyodalar yo'laklari yo'q, har bir yo'nalishda to'rt polosada har kuni tirbandliklar vujudga kelmoqda va avtomobillar orasida avtobuslar, tez yordam va YPX mashinalari turib qolmoqda. Shahrisabz ko'chasidagi Ucell ofisi qarshisida 8- tramvay. Yo'lning ushbu qismi 2021 yilda. Manba : «Gazeta.uz». Toshkentda tramvaydan tashqari 63 yillik tarixga ega yana bir ekologik transport turi — trolleybuslar ham o'ldirildi. Sababi — uni saqlash foydali emas . Jamoat transporti, bu — shunchaki harakat vositasi emas. Bu imkoniyatlar, adolatga erishish va hayot sifatini yaxshilash vositasi hamdir. Odamlar ijtimoiy-iqtisodiy holatlarini yaxshilash maqsadida shaharlarimizdagi iqtisodiy imkoniyatlar va salohiyatdan foydalana olishlari uchun harakatlanish imkoniyatiga ega bo'lishlari juda muhim. Mashina sotib olish imkoni bo'lmagan o'zbekistonliklar o'z avtomobilida harakatlana olmaganlari uchun jazolanmasliklari kerak. Buning o'rniga geografik jihatdan keng va qulay jamoat transporti bilan ta'minlagan holda ularga harakatlanish imkoniyatini taqdim etish lozim. Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki , geografik harakatchanlik to'g'ridan-to'g'ri iqtisodiy harakatchanlikka bog'liq va bu, o'z navbatida, insonning iqtisodiy muvaffaqiyatlariga ta'sir ko'rsatadi. Iqtisodiy taraqqiyot bilan bog'liq deyarli hamma narsa — ish, sifatli oziq-ovqat va tovarlar (o'rtacha narxlarda), sog'liqni saqlash va ta'lim — arzon narxlarda samarali harakatlanish qobiliyatiga bog'liq. Garvard tibbiyot maktabi va Minnesota universiteti olimlari yaqinda jamoat transportini yaxshilash (yangi tramvay liniyasini ochish), ayniqsa kam daromadlilar uchun, sog'liqni saqlash xizmatidan foydalana olishga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligini aniqladilar . Bu tibbiy xizmatdan barchaning teng foydalanishini ta'minlashda sifatli jamoat transportining naqadar ahamiyatli ekaniga yangi dalildir. Professor Raj Chetti va uning Garvarddagi hamkasblari tomonidan olib borilgan yuqoriga intiluvchi harakatchanlik bo'yicha (upward mobility) tadqiqotiga ko'ra, maktab, ish va uy o'rtasidagi safarlar vaqti kambag'allikdan qutulishning eng kuchli omili bo'lgan . Shaharning ma'lum bir hududida ishlash uchun yo'lga o'rtacha qancha ko'proq vaqt sarflansa, kam daromadli oilalarning daromad pillapoyalari bo'ylab ko'tarilish ehtimoli shunchalik kamayadi. Jamoat transportiga investitsiyalar iqtisodiy foyda keltiradi: jamoat transportiga kiritilgan har bir dollar 4−5 dollar iqtisodiy naf keltiradi . O'zbekistonda ko'pchilikning boshqa iloji yo'q: aholining kamida 90 foizida avtomobil yo'q va jamoat transportidan foydalanishga majbur. Shunday qilib, jamoat transporti mamlakat aholisining ko'pchiligi uchun asosiy harakatlanish xizmatini taqdim etadi, lekin nega biz bunga e'tibor bermaymiz? Javobni yuqorida keltirib o'tdik: qaror qabul qiluvchilar yo avtomashinalarga ega yoki haydovchilar xizmatidan foydalanishadi. Ular jamoat transportidan foydalanmaydilar. Binobarin, ularning barcha qarorlari «shaharlar mashinaga egalik qilish, haydash va qo'yish uchun qulay bo'lishi kerak» degan qarashga asoslanadi. Oltinchi yechim: Jamoat transportini keskin yaxshilash, ekologik toza transport turlarini ko'chalarga qaytarish. Jamoat transporti budjetga yuk emas, jamoat transporti O'zbekiston aholisining mutlaq ko'pchiligi uchun yagona harakatlanish vositasidir. Jamoat transportini yaxshilash faqat metro liniyalarini ko'paytirish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Darhaqiqat, metro eng samarali va tejamkor transport turi emas va 19-asr texnologiyalariga asoslangan ushbu transport qiymati 21-asr narxlari bilan o'lchanadi. Ayniqsa, bizning holatlarimizda, bu shusiz ham qimmatga tushayotgan yer usti halqa metropoliteni liniyasi qurilishi loyihasida qo'shimcha isrofgarchiliklar va shahar daraxtlarining yanada ko'proq kesilishiga olib kelmoqda. Turli mamlakatlardan olingan ma'lumotlar shuni ko'rsatdiki, tramvay qurish va unga xizmat ko'rsatish narxi metroga qaraganda ancha arzon — 9 yoki hatto 12 baravar! 2019 yilda Toshkent hokimligi qoshidagi transport boshqarmasi (hozirda Transport vazirligi tasarrufida) «tramvayni qaytarish maqsadga muvofiq emasligi» haqida xabar bergan edi . Demak, Toshkentda metro liniyalarini qurish tramvayni qaytarishdan ko'ra arzonroqmi? Eng qizig'i, bu metro liniyalarining ba'zilari aynan o'sha, avvallari tramvay liniyalari o'tgan joyda (masalan, TTZgacha) barpo etilishi rejalashtirilmoqda . 1-argument: «Jamiyatni avtomobillarga kamroq qaram qiladigan infratuzilma va rag'batlantirish tizimlariga jamiyatni avtomobillardan nisbatan mustaqilroq qiladigan qandaydir bir o'zgartirishlar kiritishdan oldin, birinchi navbatda haydash madaniyatini oshirishimiz kerak». «Keling, avval haydovchilarimizning haydash madaniyatini oshiraylik», bu — xuddi ba'zilar iqtisodiy qoloqligimiz va ko'plab sohalarda noto'g'ri qaror qabul qilinishida mentalitetni ayblayotganlari kabi xom-xatala va asossiz javobga o'xshaydi,. Iqtisodiyotning asosida rag'batlantirish muhim ahamiyatga ega degan g'oya yotadi. Bu kuchli qurilma, chunki u odamlar qilayotgan deyarli hamma narsaga taalluqli. Binobarin, rag'batlantirishdagi o'zgarishlar — pul va pul bo'lmagan — bashorat qilinadigan tarzda inson xatti-harakatlariga ta'sir qilishi mumkin. To'g'ri rag'batlantirish bilan haydovchining haydash qobiliyati, «madaniyati» va tajribasi kabi xususiyatlari ikkinchi darajali masalaga aylanadi. Yanada muhimrog'i, «rag'batlantirish muhim ahamiyatga ega» degan iqtisodiy konsepsiya yomon xulq-atvor nima uchun bunday xatti-harakatning foydasi yuqori bo'lganida hamda qo'lga tushish va jazolanish ehtimoli past bo'lganda sodir bo'lishini tushuntiradi. Masalan, haydovchining tezlikni oshirib, piyodani urib yuborishi u mashinani hayday olmagani yoki ehtiyotsizligidan emas, balki unga tezligi 70 km/soat tezlikda harakatlanish mumkin bo'lgan 10 polosali keng avtostrada hamda ushbu avtostrada o'rtasida joylashgan tartibga solinmaydigan piyodalar o'tish joyi taqdim etilganidan sodir bo'ladi. 2-argument: «Agar yuqoridagi o'zgarishlardan birortasi ro'y bersa (avtomobillar uchun yopiq shahar markazlari, pullik to'xtash joylari, tor yo'llar), u holda haydovchilarning hayoti qiyinlashadi va qimmatlashadi». Aynan shunday bo'lishi kerak: haydovchilar o'z harakatlari va avtomobil egasi sifatidagi ustunliklari badalini hamda qo'shimcha ravishda salbiy tashqi ta'sirlar (masalan, ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi) uchun qo'shimcha kompensatsiyani bevosita o'zlari to'lashni boshlashlari kerak. Biz moliyaviy va ijtimoiy jihatdan qimmat va xavfli xatti-harakatlar uchun subsidiya talab qiladigan narsalardan voz kechishimiz kerak. Haydovchilik, bu — tanlov va haydovchilar ushbu tanlov bilan bog'liq barcha xarajatlarni (moy, texnik xizmat ko'rsatish, sug'urta, auksionlardan qimmat raqamlarni sotib olish) to'laydilar, biroq haydovchilar ularning tanlovi bilan bevosita bog'liq bo'lgan yo'llardan va shahar ko'chalaridagi to'xtash joylaridan foydalanganlari uchun ham to'lashlari kerak, degan fikrga qarshi chiqishga sabab yo'q. 3-argument: «Haydovchi sifatidagi xarajatlarim benzin narxining oshishi tufayli shusiz ham tobora ortib bormoqda. Avtoturargoh va tig'iz soatlarda yo'l uchun ham pul to'lashni boshlasam, qanday qilib yashab qolishim mumkin?» Siz mashinasi yo'q odamlar, masalan, 18 yoshgacha bo'lgan bolalar, nafaqaxo'rlar, harakatchanligi cheklangan odamlar va mashina haydash imkoniga ega bo'lmaganlardan qanday yashab qolayotganlarini so'rang — ularning barchasi jamoat transportidan foydalanishga majbur. Ular o'layotgan jamoat transportida qanday omon qolib, A nuqtadan B nuqtaga mashinasiz o'tishmoqda? Eslasangiz, avtomobilga egalik qilish O'zbekiston aholisining mutlaq ozchiligigina ega bo'lgan imtiyozdir. 4-argument: «Biz Yevropa yoki AQSh emasmiz, O'zbekistonda ilg'or yechimlar ish bermaydi, chunki bizda mentalitet va o'zbek modeli boshqacha». To'g'ri, biz infratuzilma va yo'l harakati xavfsizligi bo'yicha ayrim davlatlardan, agar asrlar bo'lmasa, o'nlab yillar ortda qolib ketyapmiz. Ammo bu bizga bitta imkoniyat beradi — boshqalar qanday xatolarga yo'l qo'yganini ko'rish, bu xatolarning tasdiqlangan oqibatlari haqida bilish va ularni takrorlamaslik. Lekin buning o'rniga, biz o'z tajribamizda ularni takrorlashni ma'qul ko'rganga o'xshaymiz. 5-argument: «Pulli avtoturargohdan olinadigan pul odamlardan pul yig'ishning yana bir vositasidir. Va ular amaldorlarning shaxsiy manfaatiga sarflanadi». Afsuski, bu xavotirda jon bor. Iste'molchilardan yaqinda sotib olingan telefonlarini faollashtirish uchun haq oladigan mamlakatda odamlardan yana nimalardir uchun haq olishni boshlash qiyin bo'lmasa kerak. Aynan shuning uchun muayyan ko'chalardagi avtoturargohlardan tushgan mablag'lar aynan mana shu hududni obodonlashtirishga, shu ko'chalarda yashovchi aholi manfaatiga yo'naltirilishi nihoyatda ochiq va oshkora bo'lishi kerak. Masalan, bepul Wi-Fi, yoritish, toza hudud va hokazo uchun. Yo'l uchun to'lovlardan tushgan pullarni esa, barcha soliq to'lovchilardan undirish o'rniga, ushbu aniq yo'llarni saqlashga sarflanishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, haydovchilar pullari qayerga sarflanayotganini ko'rishlari kerak. Dunyoning hech bir davlati yoki shahri ortib borayotgan avtomobillar soni muammosini yo'llar va to'xtash joylarini ko'paytirish hisobiga hal qila olmadi. O'tgan asrdagi xatolardan so'ng, dunyo shaharlari avtomobillarga kamroq qaram bo'lib, aholining barcha qatlamlari uchun adolatliroq bo'lib bormoqda. Odamlar mashina oladigan darajada boy bo'lishi yoki hech qachon uni sotib olishga qodir bo'lmasliklaridan qat'i nazar, barchaning ta'lim, sog'liqni saqlash, ish va shunchaki shaharda yashab qolishlari uchun harakatlanish imkoniyatlari cheklanmasligi kerak. O'zbekistondagi shaharlarimiz aholi uchun teng imkoniyatlar taqdim etishi kerak. Shaharlar aglomeratsiya tufayli iqtisodiy o'sish drayveri bo'ladi va bu asosan transport xarajatlarining pastligi va aholining oson harakatlanishi bilan bog'liq. Ushbu harakatchanlik nafaqat avtomobillar, balki jamoat transporti, ko'chalarning piyodalar uchun qulayligi, o'tish uchun xavfsiz yo'llar va boshqalar hisobiga ta'minlanadi. Binobarin, jamoat transporti bo'yicha qarorlar, xoh u kengaytirish (metro) yoki olib tashlash (tramvay) haqida bo'lsin, yagona harakatlanish vositasi avtomobillar bo'lgan amaldorlar tomonidan kabinetlarda emas, balki jamoat transportidan foydalanuvchilar, shuningdek, professional va mustaqil muhandislar, urbanistlar, arxitektorlar va shahar iqtisodchilarining fikr va mulohazalari asosida ham qabul qilinishi kerak. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Botir Qobilov Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk Universiteti (AQSh) iqtisodiyot magistri. Oldinroq O'zbekiston Markaziy bankida bosh iqtisodchi bo'lib ishlagan.
advice
«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o'zbekistonliklar» loyihasi doirasida chet el oliygohlarida o'qiyotgan yoki xorijda ta'lim olib, hozir ishlayotgan o'zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Bunda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta'limni tanlaganligi, ularning boshidan o'tgan sinovlar haqida so'z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Muzaffar Hamroyev. Muzaffar Hamroyev Qashqadaryo viloyatida tug'ilgan. Toshkent temir yo'llari muhandislari institutini bitirib, Germaniyadagi Myunxen texnika universitetida magistratura bosqichida ta'lim olgan. 2018 yildan 2021 yilgacha Mercedes-Benz kompaniyasining Loyihalashtirish va Tadqiqot bo'limida transport tadqiqot muhandisi bo'lib ishlagan. Hozirda Yevropada yagona bo'lgan Tesla gigazavodida transport muhandisi lavozimida ishlab kelmoqda. — Men 1992 yilda Qarshi shahrida tug'ilganman. 7-sinfgacha Qarshi shahridagi 26-sonli umumta'lim maktabida, undan keyin Qarshidagi 1-ixtisoslashtirilgan gimnaziyada tahsil olganman. So'ng shahrimizdagi iqtisodiyot kollejining moliya yo'nalishida o'qishni davom ettirganman. 2010 yilda Toshkent temir yo'l muhandislari institutida o'qishga kirganman. 3-kursdan 4-kursga o'tgan paytim bakalavriatdagi bilim va ko'nikma men o'ylagan darajada yetarli bo'lmaydi, deb o'ylaganman. Shu sababli magistraturada o'qishni davom ettirishga qaror qilgandim. Avval o'qish joyini O'zbekistondan izlab ko'rdim, so'ng, chet elda o'qisam ko'proq bilim va tajriba orttiraman, deb, xorijiy universitetlarni ko'rib chiqa boshladim. Standart iqtisodchi sifatida tahlil qilib, Myunxen texnika universitetini eng ma'qul deb topganman va shu o'qishga topshirganman. Bunga 2013 yilning dekabr oyidan harakatni boshlaganman. — Myunxen texnika universitetining talablari quyidagicha bo'lgan: Shu 3 ta talab asosida talabalar tanlab olinadi. Agar, bu bo'yicha ko'rsatkichlar yetarli bo'lmasa, yana qo'shimcha suhbatlar bo'lishi mumkin. Lekin, mening omadim kelib, suhbatgacha yetib bormaganmiz (kuladi). Germaniya oliy o'quv yurtlaridagi magistratura ingliz tilida ham bo'ladi. Iqtisodiyot, muhandislik ham aynan shular qatoriga kiradi. Shu sababli, til bilish darajasi sertifikati ingliz tilida bo'lgan. Men ham IELTS dan imtihon topshirganman. (O'qishdan ham C1 daraja talab qilingandi). Shundan so'ng, ular dunyo bo'yicha 620 ta talabadan 35 tani tanlab olishgan. Ular orasida men ham bo'lganman va tabiiyki, men ham buni kutmagan edim (kuladi). Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy arxividan. — Menimcha, ular takomillashdi desam bo'ladi. 1-navbatdagi qo'ygan rejam o'qishni muvafaqqiyatli tugatish, keraklicha bilim olish, keyin esa shunga mos ravishda malakani oshirish uchun shu yo'nalishda ishlash edi. Hozirgi darajam ham o'sha 2014 yilda bo'ladi, deb o'ylamaganman. Hammasi vaqt bilan kelgan. U paytda mana shu holatda ishlayotganim umuman hayolimga kelmagan. — Birinchi ishlab topgan pulim aniq esimda, 80 yevro edi. U paytda biz talaba edik. Ba'zi xususiy yoki tijoriy tashkilotlar universitet bilan shartnoma tuzgan, universitet esa bu yo'lda muayyan tadqiqot o'tkazgandi. Unda ishtirok etgan 1,5 kunimiz uchun 80 yevroni hisob raqamimizga o'tkazib berishgan. — Menimcha, dunyoqarashim boyidi, desam bo'ladi. O'zbekchilik, o'zbek mintalitetiga mos qarashlar o'zgarmadi, shu dunyoqarash yanada kengaydi. Lekin, baribir Germaniyadagidan ko'ra o'zbek taomlarining sifati ancha zo'r. Bir hafta bir marta osh albatta bo'ladi. Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan. — Men 2 ta qiyinchilikni sanab o'ta olaman: Men ham magistraturani bitirganimdan so'ng ancha vaqt ish izlaganman (talabalik vaqtimda ham ayrim tashkilotlarda ishlar edim). O'zimni katta kompaniyada ishlashga tayyor deb hisoblashim uchun, deylik, 3,5 yillar vaqt ketgan. Yana bir jihati O'zbekistonda talabalar diplom ishi uchun mavzu qidiradi, ularga mavzularni o'qituvchilar berishadi. Bu yerda esa professorlar mavzu berishga majbur emas. Ular ham talabalar orasidan chertib-chertib tanlab olishadi va mavzu berishadi. Talabalar ularning ketidan mavzu berishlari uchun rosa yugurishadi. Mana shu davrga ham ancha vaqt ketadi. Masalan, talabalik davri ham menda 2 yil 7 oy davom etgan. — Menimcha, qanchalik hazil bo'lmasin, talabalarga talabchan bo'lish. O'qishni mutaxassis bo'lmaguncha bitirmaslik. Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan — Birinchi navbatda, Germaniyada o'rtacha kishi boshiga to'g'ri keladigan avtomobillar soni yuqori deyish mumkin. Avtomobil qatnovi juda ko'p. Lekin mutaxassis sifatida aytishim mumkin, avtomobillar oqimini boshqarish juda tartibli. Bir so'z bilan aytganda, Toshkent shahrida o'rtacha 600 ga yaqin svetofor bo'ladigan bo'lsa, Germaniyaning kichkina Shtutgart shahrining o'zida kamida 1200 ta svetofor bor. Bu degani, chorrahalardagi avtomobil harakatini boshqarish juda kuchli. Transport muhandislarida shunday prinsip borki, yo'llarda harakat tezligini yaxshilash uchun svetoforlarni kamaytirish yoki yo'laklar sonini oshirish hech qachon tirbandlikni kamaytirmaydi. Tirbandlikni ikkita narsa kamaytiradi: Masalan Qo'shma shtatlarda faqat avtomobillarga mo'ljallangan shaharlarda 99% faqat shaxsiy avtomobillar yuradi. Bo'lsa, 1% jamoat transportlari qo'shilishi mumkin. Germaniyada bu jihat o'zgacha. Bu yerda 30−35% jamoat transporti, undan tashqari 50% avtomobil, qolgani piyoda va eng muhimi velosiped harakati bor. Yo'llardagi muammoga yechim topish uchun esa ularga kompleks qarash kerak. — Tesla kompaniyasiga ishga kirishingiz qanday kechganini aytib bersangiz. — Ilon Mask Tesla`ning Yevropadagi ilk gigazavodini qurish uchun bir qancha davlatlarni tanlamoqchi bo'lgan. Bu uchun ko'p davlatlar o'zlarining ustun jihat va imkoniyatlari bilan chiqishgan. Lekin oxir-oqibat Ilon Mask Berlinni tanlagan. Yevropadagi birinchi Tesla zavodini qurish loyihasi uchun ular transport muhandisini izlashayotgandi. Men buni web-saytlarda ko'rganman va bu imkoniyatdan unumli foydalanishga qaror qilganman. Ya'ni shu zavodni loyihalashtirishda men o'z hissamni qo'shishni istaganman. Shu sababli veb-saytda e'lon qilingan vakansiyalar uchun ariza to'ldirganman. U paytda pandemiya edi, shu sababli suhbat onlayn tarzda bo'lgan. Aksiga olib, men o'sha vaqtda koronavirusga chalingan edim. Ishga kirish 3 bosqichda bo'lgan: Natijada men Tesla`da fuqarolik inshootlarini qurish dizayni yo'nalishidagi lavozimda ish boshlaganman. — Mercedes-Benz kompaniyasida mening soham va yo'nalishim bo'yicha bir qancha loyihalar bor edi. Men «Research and development» — izlanish va tadqiqot bo'limida ishlardim. Bu ma'lumotlar sir saqlanadigan bo'lim. Bizning «CEO» miz, ya'ni, asosiy boshlig'imiz almashganidan so'ng, u tashkilotning umumiy yo'nalishini o'zgartirgan. Natijada mening sohamda dolzarb bo'lgan mavzular ham qisqarishni boshladi. Masalan, men ish boshlaganimda sohamga doir loyihalar bir yilda 20 tacha bo'lgan bo'lsa, «CEO» almashgandan so'ng, bu ko'rsatkich 5−6 taga tushib ketgan. Shundan so'ng, Tesla`da paydo bo'lgan e'lon men uchun katta imkoniyat bo'lgan. Shuni sabab qilib keltira olaman. — Men kundalik hayotim borasida ijtimoiy tarmoqlarda uncha faol emasman. Bu uchun ancha vaqt kerak. Shu sababli, bunga har doim ham ulgurolmayman. Bundan tashqari, menimcha, men hali katta intervyularni berish darajasida bir ishni qoyil qilganman deyolmayman. Katta yutuqlarga erishsam, shu kabi intervyularni bemalol bersam bo'ladi. Jumladan, bu ham mening ilk intervyuim. Hayajon bor. Hatto Ilon Mask bilan gaplashganimda ham bunchalik hayajonlanmagan edim. — Tesla`dagi mening ishim zavodning ichki infratuzilmasini tashqi infratuzilmaga bog'lash. Ya'ni, transport infratuzilmasini loyihalashtirish va Tesla`ning ichki trasport infratuzilmasini Brandenburg viloyatining tashqi infratuzilmasiga bog'lash. Bunga avtomobil yo'llari, temiryo'llar, yo'lovchi tashish, yuk tashish, «parkovkalar», shuningdek, jamoat transporti va yo'lovchilarning yoki piyodalarning zavod bo'ylab harakatlari hamda velotransportni kiritish mumkin. Mana shu butun infratuzilmani loyihalashtirish va takomillashtirish vazifam hisoblanadi. Masalan, yo'l bilan qatnov bir-biridan farq qiladi. Uni istalgancha qurish mumkin. Lekin, uning ustidagi qatnovni hisobga olmasa, undan foyda yo'q. Misol uchun, zavod oldiga juda ko'p avtomobillar keladi. Ertalab soat 07:45 dan boshlab juda ko'p transportlar harakatlana boshlaydi. Agar avtomobillar oqimini to'g'ri yo'lga qo'ymasa, juda katta tirbandlik hosil bo'ladi. Bu oqimni nazorat qilish hisoblanadi. Yo'lni qanday qurish kerak, qancha asfalt quyish kerak, qancha o'lcham olish kerak, bu esa infratuzilma deyiladi. Mening vazifam mana shu transport infratuzilmasi va transport harakatini loyihalashtirish. Bu yerda ertalab kunim esa 1 chashka kofe bilan boshlanadi. Tesla`da hozir ish jarayoni, qurilish ketmoqda. Bu hollarda suv kelmay qolishi yoki tok bo'lmay qolishi mumkin. Lekin, kofe mashinasi har doim ishlaydi. Bu narsa bizda hamma uchun kun tartibiga aylangan. Bundan tashqari, bizda kundalik uchrashuvlar bo'lib turadi. Masalan, qiziqarli ma'lumotni keltirishim mumkin, nemis mentalitetidagi tashkilotlar bilan amerika mentalitetidagi tashkilotlar bir-biridan farq qiladi. Men avval nemis mentalitetidagi tashkilot — Mercedes-Benz`da, undan so'ng esa Amerika mentalitetidagi tashkilot — Tesla`da ishlayapman. Bitta katta farqli jihati shundaki, Tesla`da haftaning boshida, ertalab eng katta boshqaruvchi (Ilon Maskdan bir pog'ona past lavozimdagi shaxs) motivatsion yig'ilish o'tkazadi. «Biz bu loyihani bajaramiz, biz mana buni amalga oshiramiz, qanday muammo yoki takliflar bo'lsa aytinglar va h.k.» kabi fikrlar aytiladi. Men shu paytgacha ishlagan 8 ta tashkilotimda bunday voqealarni ko'rmaganman. Undan keyin muhandislik yig'ilishi bo'ladi. (Zerikarli yig'ilish bo'ladi (kuladi)). U yerda muhandislik bo'yicha keyingi vazifalar belgilab olinadi. Undan so'ng yana bir yig'ilish bo'lib o'tadi. Unda ba'zi loyihalarimizni muhokama qilamiz. Muammolar kuzatilsa, qanday yechim berish, qaysi yechim necha puldan tushishi, xullas shu kabi masalalar ko'riladi. Umuman olib aytganda, Yig'ilish — Ish jarayoni — Yig'ilish — Ish jarayoni — Oxirida hisobot. Mercedes-Benz Museum. Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan. — Bu men uchun ham qiziq jarayon bo'lgan. Aslida, Ilon Mask muhandislar bilan kamdan-kam to'g'ridan-to'g'ri uchrashuv o'tkazadi. Men 1 aprelda ishga kirganimdan keyin, may oyida Ilon Mask zavodga kelgan edi. Men bu vaqtgacha ancha ish qilib qo'ygan edim. Chunki, shu paytgacha transport infratuzilmasiga javobgar mas'ul shaxs bo'lmagan. Shu sababli, deylik, aynan shu yo'nalish rivojlanishida bir qator turg'unliklar bo'lgan. Juda ko'p chigalliklar, ochiq masalalar bor edi. Men shu masalalarni yig'ib, o'z potensial yechimlarimni ko'rsatib, 15 slayddan iborat taqdimotimni tayyorlaganman. Nima desam ekan, shu 20 kvadrat metrlik yig'ilish xonasi. Stol atrofida 5 kishi edik. Men, Ilon Mask va boshliqlar. Men unda o'z slaydimni tushuntirib berganman. Mana hozir transport infratuzilmasi qanday rivojlanyapti, qanday muammolar bor, qaysi joyda qanday yechimlar bor, xullas shular haqida gapirganman. Biz bir jamoa bo'lib ishlayapmiz. Kompaniya budjetidan pul ajratiladi, Mask esa bu pullar nimaga ketayotganini bilishi kerak. Taqdimot o'tkazish mening shaxsiy tashabbusim edi. «Bizda shunday muammolar bo'lyapti, shularni ko'rsataylik. Chunki, bu muammolar ertaga anchagina budjetga ta'sir qiladi. Mask bunga qanday qarashini bilish kerak» deb aytganman. Boshlig'im ham bunga to'g'ri qaragan va Ilon Mask 3 kunga kelgan vaqtidagi uchrashuvlar qatoriga mana shu taqdimotni ham kiritishga rozi bo'lgan. Shu bilan suhbat ham bo'lib o'tgan. — 3 ta mavzuni ayta olaman. Bular: — Men uning reaksiyasidan oldin uning o'zini biroz ta'riflamoqchi edim. Bu o'quvchilarga ham qiziq bo'lishi mumkin, OAVlarda ko'rsatiladigan Ilon Mask bilan haqiqiy hayotdagi Mask umuman bir-biridan farq qiladi. Haqiqiy Ilon Mask haqiqiy «CEO» — boshliq. Uning gaplari, muloqoti, boshqaruvi haqiqiy professional «CEO»niki. U juda talabchan, aqlli va kuchli, shuningdek, qattiqqo'l ham. Uni OAV da ko'proq shou-biznesmenlarga o'xshatib ko'rsatishadi. Shaxsan men uchun bu farq katta yangilik bo'lgan. Masalan, men o'tkazgan taqdimotda 15 ta slayd bo'lsa, uning birinchi qismini, hozirgi holatni ko'rsatayotgan paytimda u menga muammolarni ko'rsatib, potensial muammolarni aytib bergan. Natijada menda keyingi 3 ta slayd bekorga ketgan (kuladi). Chunki, u buni bilarkan. Keyin boshqa muammolarni aytganmiz va suhbatni davom ettirganmiz. — Xuddi shunday. Chunki, loyihada kim javobgar shaxs bo'la, uning yechimi bilan ketiladi. Asosan, 95% holatda transport muhandisining taklif qilgan yechimlari inobatga olinadi. Javobgar shaxsga to'liq ishoniladi. — Aslini olganda, Tesla`da yana bir Muzaffar ismli aka ham bor. Ular Tesla Fremont (Kaliforniya)da ishlaydi. Men buni qayerdan bilib qolganman, mening e-mail`imga adashib yozib yuborishardi. Xabar «Muzaffar Halkuziyev» nomiga kelar edi. Menga adashib kelgan xabar orqali buni bilib qolganman. Menimcha, yana izlab ko'rilsa, yana o'zbeklar chiqib qolsa ham kerak (kulib). O'zbekistonlik Mushtariy bilan esa tanishmiz. Bizda kompaniyaning ichki ijtimoiy tarmog'i ham mavjud, shu orqali hozirda ham muloqot qilib turamiz. — Menimcha bu bilan O'zbekistonda transport infratuzilmasini anchagina takomillashtirsa bo'ladi. Ko'p joylarda bu tuzilma optimallashtirilishi mumkin bo'ladi. O'z navbatida, transport infratuzilmasi yaxshilanishi sababli, transport qatnovi ham yanada xavfsizroq va unumliroq bo'ladi. Agarda menda imkoniyat bo'lganida, jamoat trasportlarini yanada rivojlantirgan bo'lar edim. — Ha, sotib olardim. Tesla juda zo'r brend. Elektroavtomobil. Atrof-muhitni toza saqlashga hissa qo'shadi. Hozir o'zim ham jamoat transportidan foydalanaman. Shaxsiy avtomobilim yo'q. Agar ehtiyoj bo'lsa, albatta, Tesla sotib olaman. — Ko'pincha, chet eldagilarning buni oshkor qilmasliklari sababi aslida ular shartnomaga imzo chekkan bo'ladi. Unga ko'ra, daromadni aytish mumkin emas. Mening daromadim esa xarajatlarimga bemalol yetadi, shuni ayta olaman. Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy arxividan — Har kuni bo'ladi (kuladi). Birinchi navbatda, oilam, shirin jiyanlarimni ko'rgim keladi. — Ular buni to'la qo'llab-quvvatlashgan. Lekin, «parda ortida» nimalar bo'lganini bilmayman. — Bir joyda to'xtab qolmasdan yana davom etish kerak, deb o'ylayman. O'zbekistonga qaytishim esa 2 yilda noaniq, 5 yilda esa aniq, deyishim mumkin (kulib). — Yana ta'lim sohasiga qaytaman. Professorlarning ma'ruza matnlarini bermasligi. Germaniyada ular mavzu beradi, manba beradi. Qolgani talabaning o'ziga qoladi. Ijtimoiy tarmoqlarda mem bo'lib ketgan hazillar ham bor: Ya'ni, dars davomida «2+2=4» ni o'tgan o'qituvchilar imtihon vaqtida «Differensial tenglik bilan integralning limitini hisoblab ber» deydi. O'zbekistonda esa mana shu tizim yaxshi yo'lga qo'yilgan. Ya'ni, ma'ruza matnlari, ta'lim dasturi va imtihon bir-biriga mos tushadi. Bu yerda esa mana shu jihatdan menimcha tizim tartibga solinishi kerak. Bir tarafdan bu to'g'ri ham bo'lishi mumkin. Lekin, bu juda ko'p vaqt oladi. — Avvalo aniq maqsad bo'lishi kerak. Agarda, magistr uchun o'qishga kelayotgan bo'lsangiz, bakalavrdagi natijalarni yaxshilash kerak. Bakalavrda olingan bilim va natijalar yaxshi bo'lsa, bu yerda davom ettirib ketish oson bo'ladi. Bitta bajarish shart bo'lgan jihat: Ketish jarayonida juda ko'p hujjatbozlik, rasmiyatchilik bo'ladi. Shunga kuchli izchillik bilan amal qilish kerak. Bitta voz kechish kerak bo'lgan jihat: Yaqinlarning tabassumi. Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan — Erta turishga qiynalasizmi? — Yo'q, odatda «budilnik"siz ham erta uyg'onaveraman. — Nimadan afsuslanasiz? — O'qish vaqtida yo'qotilgan vaqtlardan. O'sha vaqtlarda undan boshqacha foydalansa ham bo'lardi. — Xorijda sizni nima tushkunlikka tushirib qo'ygan? — Hozirgacha tushirib qo'yadi. Bu — ob-havo. Quyoshli kunlar kam. — 10 yil ortga qaytish imkoniyati bo'lsa, qaysi xatoyingizni takrorlamagan bo'lardingiz? — Buni aytish qiyin bo'lsa kerak. — 5 yildan so'ng Muzaffar Hamroyev o'zini qayerda ko'radi? — O'z oilasi bilan birga bo'lgan holatda. — Agarda tilla baliq tutib olsangiz, undan O'zbekiston uchun nima so'ragan bo'lar edingiz? — 34 million aholi uchun BAXT. — O'z maqsadlaringizning qancha qismiga erishdim, deb o'ylaysiz? 1 dan 10 gacha. — Odam har kuni o'z oldiga maqsad qo'yadi va bu o'zgarib boraveradi. Lekin, aksar qismiga erishganman deb o'ylayman. Yarmidan ko'pi bajarilgan deyish, mumkin. Mushtariy Oqboyeva suhbatlashdi.
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda banandan tayyorlanadigan shirinliklar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Nonushta uchun to'g'ri keladigan amerikancha juda mashhur desert . Bananli kramblni iliq yoki sovuq holida, masalan vanil tamli muzqaymoq bilan dasturxonga tortishingiz mumkin. Tayyor qatlamali xamir va bananlardan 15 daqiqada tayyorlash mumkin bo'lgan mazali yegulik retseptiga ahamiyat bering. Bu retsept ayniqsa kutilmagan mehmonlar tashrif buyurganda yoki kun bo'yi ishlaydigan ayollarimizga juda as qotadi. Shokoladli pishiriqlar barcha faslda sevib iste'mol qilinadi, ayniqsa nonushtaga issiq qahva bilan tanovvul qilinsa maqsadga muvofiq. Bugun sizlarga oddiy, chiroyli va eng asosiysi juda mazali maffinlar tayyorlanishini ko'rsatamiz. Xushbo'y, nihoyatda mazali bo'lmish mana bunday bananli non hech kimni befarq qoldirmasligi aniq. Bananli nonni nonushtada iste'mol qilish tavsiya qilinadi: bir kecha sovutgichda qoldirilgan bunday pishiriq yanada lazzatli ta'mni o'zida hosil qiladi. Banan va apelsin solib tayyorlanadigan bunday pechenelar mazali bo'libgina qolmay, balki juda ham xushbo'y bo'lib pishadi. Bananlar solib pishiriladigan quymoqchalar retseptini taqdim etamiz. Bunday yegulik juda mazali bo'lib, ayniqsa bolajonlarga juda yoqadi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda gazaklar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Suxariklarni sevib iste'mol qilasizmi? Agar ha bo'lsa, unda sizlarga sotuvda mavjudlaridanda mazali chiqadigan retseptni taqdim etamiz. Bunday suxariklarning o'zini gazak sifatida, shuningdek salat va suyuq taomlarga qo'shimcha sifatida foydalanish mumkin. Tez tayyorlaniladigan, shu bilan birga mazali gazak tayyorlashni istaysizmi? Unday bo'lsa lavash va pishloqdan ajoyib chipslar tayyorlab ko'ring. Bunday baliqli gazak ajoyib ta'mda chiqib, nafaqat har kunlik dasturxonga, balki bayram va tadbirlarda ham stolga o'zgacha ko'rk beradi. Pashtetni oldindan tayyorlab, qopqog'i yopiq idishga solib, sovutgichda saqlash mumkin. Pishloq solib pishirilgan lavash — nonushta yoki shunchaki iste'mol qilishga tayyorlash mumkin bo'lgan eng tezpishar yeguliklardan biridir. Kolbasa va pishloq solib pishirilgan « atirgullar » — ajoyib yegulik vazifasini o'taydi. Tez tayyorlanilib, dasturxondan bir necha daqiqada tugab qoladi. Vaqtingizni besamar ketqazmasdan, mana bunday ajoyib yeguliklardan tayyorlang. Chunki buning uchun kerakli masalliqlarning barchasi har kimning sovutgichidan topiladi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda lavash xamiridan tayyorlanadigan taomlar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Lavashdan tayyorlaniladigan bugungi pishirig'imizning tayyorlanilishi shu darajada oson va oddiy bo'lib, ta'mi esa juda ham ajoyibdir. Tovuq go'shti solib pishiriladigan mana bunday ruletdan parhez tutuvchi insonlarga ham iste'mol qilish tavsiya qilinadi. Bu safar bizlar lavashdan pitssa tayyorladik va uning retseptini sizlarga ham taqdim etamiz. Mazali lavashli naychalar retseptini taqdim etamiz . Tayyor lavash xamiri bo'sh vaqti kam bekajonlar uchun tengsiz yordamchi sanaladi. Mana bunday lavashli toblatma esa ajoyib nonushta yoki kechki taom bo'la oladi. Qovurilgan lavash naychalarini tovuq bilan pishirishni taklif qilamiz. Ular shu qadar mazaliki, bir marotaba tayyorlab ko'rsangiz, yana pishirishingiz aniq. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi Zira.uz bilan birgalikda oylarning sultoni bo'lmish Ramazon oyida saharlik va iftorlik uchun ham mazali, ham to'yimli, ham foydali taomlar ro'yxatini taqdim etadi. Galetalar juda xushxo'r va mazali yeguliklar hisoblanadi. Tavsiya: agar xamir va asosni bir kecha kun oldin tayyorlab qo'ysangiz, ishingiz anchagina yengillashadi. Xachapuri bu Gruziyaning butun dunyoga tanilgan yeguliklaridan biri hisoblanadi. Bu mazali yegulikni tayyorlash juda ham oson. Pishloq solib pishiriladigan bu xachapurini tovada tezda tayyorlab olamiz. Guruchli bo'tqa nafaqat to'yimli va foydali, balki mazali ham bo'lishi aniq. Ushbu taom saharlik uchun ajoyib variant: tez, mazali va butun kun uchun energiya bilan ta'minlaydi. Agar siz oila a'zolaringizni saharlikka foydali, yengil va noodatiy taom bilan mexmon qilmoqchi bo'lsangiz, bunda sizga feta pishlog'i va pomidordan tayyorlangan quymoq yordam beradi. Pishloq va tuxumli sloykalar nonushta uchun juda mos keladigan ajoyib pishiriqdir. Ushbu qarsildoq sloykalarni tayyorlash uchun muzlatgichda tayyor xamir va juda oz vaqt kerak bo'ladi. Mana bunday frikadelkali sho'rva ham taomnomangizni boyitib, ajoyib iftorlik vazifasini bemalol uddalay oladi. Asosiy taomni ham, unga qo'shimcha gazakni ham o'z ichiga oluvchi taomdan tayyorlab ko'ring. Bunday antiqa taom iftor dasturxonini bezaydi. Bedana tuxumi ushbu taomga o'zgacha ta'm taqdim etib, uni yanada mazaliroq qiladi. Mahsulotlar oddiyligiga qaramay, taom noodatiy va qiziqarli bo'lib chiqadi. Ushbu xushbo'y sho'rva limon bo'lagi bilan dasturxonga tortiladi, so'ngra limon sho'rvaga siqib iste'mol qilinadi. Bunday sho'rvani tayyorlash juda oson, qolaversa tanovvul qilinganidan so'ng, oshqozonda og'irlik xissini tug'dirmaydi. Bunday taomni tayyorlash juda maroqli va qiziqarli. Tovuq go'shti, baqlajon va motsarella pishlog'i uyg'unlashuvi juda mazali ta'mni hosil qiladi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz tot Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda mazali tvorogli pishiriqlar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Tvorogli bulochkalar — ajoyib ko'rinishga ega, uyda tayyorlash mumkin bo'lgan eng mazali pishiriqlardan biri bo'lib, tayyorlash jarayoni har qachongidan ham osonroq kechadi. Tvorog qo'shib pishiriladigan bunday pishiriqlar ko'pchilikka bolaligidan tanish bo'lib, u ba'zilarning sevimli pishiriqlaridan biri bo'lsa ajab emas. Tvorogli pishiriqlar ko'pchilikning eng sevimli yeguliklaridan biridir. Uni tayyorlash oson bo'lib, umuman qiyinchilik tug'dirmaydi. Sizga oddiy va tez tayyorlanadigan tvorogli pirog retseptini taqdim etamiz. Ushbu pirogni hattoki boshlang'ich pazandalar ham tayyorlay oladilar. Tvorogli pirogni tayyorlash uchun sizdan kam vaqt va kuch talab etiladi. Ushbu pirog sizning e'tiboringizga arziydi. Uning mayin tvorogli asosi va mazali shokoladli xamiri siz va oila a'zolaringiz ko'nglidan joy olishi aniq. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
2022 yil 9 aprel kuni o'rta asrlarda Markaziy Osiyo hududida markazlashgan davlat tuzishga erishgan, buyuk sarkarda Amir Temur tavalludiga 686 yil to'ladi. U 1336 yilning 8 apreldan 9 aprelga o'tar kechasi Xo'ja Ilg'or qishlog'ida (Qashqadaryo viloyati hududi) tug'ilgan. U nafaqat harbiy sarkarda, balki bunyodkor sifatida ham tarixda iz qoldirgan. Amir Temur zabt etgan shaharlarida bunyodkorlikka qo'l urganligi haqida ayrim manbalarda yozilgan. Bu fikrni uning o'zi «Qay bir joydan bir g'isht olsam, o'rniga 10 g'isht qo'ydirdim. Bir daraxt kestirsam, o'rniga 10 ta ko'chat ektirdim», — deya ifodalagan. «Gazeta.uz» tarixshunos olimlar fikr va mulohazalari, shuningdek boshqa tarixiy manbalarga tayanib, Amir Temur shaxsi va uning hayoti davomida ro'y bergan ayrim qiziqarli va tarixiy ahamiyatga ega ma'lumotlarni to'pladi. Uning nafaqat harbiy yurishlari, balki tug'ilishining o'zi haqida ham ko'plab fikrlar yuradi. Xususan, O'zMU dotsenti, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori Akbar Zamonov bu haqda o'z fikrini bildirar ekan, Sohibqiron tug'ilgan maskan Xo'ja Ilg'or qishlog'ining bugungi kunda Yakkabog' tumanida joylashganini aytadi. Shunday ekan, nega u manbalarda «Shahrisabz yaqinida», «Keshga qarashli», «Shahrisabzga qarashli» hudud sifatida keltiriladi? U buni quyidagicha izohlaydi: «Bugungi kundagi Yakkabog' va Shahrisabz tumanlari o'rta asrlarda Kesh vohasi doirasida bitta hududiy birlik sifatida tilga olingan. Amir Temur tavallud topgan davrlarda (XIV asr) Yakkabog' deb nom olgan alohida ma'muriy birlik mavjud emas edi. XVIII asrda shakllangan Yakkabog' bekligi esa Kesh (Shahrisabz) viloyatiga qarashli hudud bo'lgan. Shu jihatdan qaraganda, ko'plab tarixiy manbalar va adabiyotlarda Amir Temur tavallud topgan joy — bugungi Yakkabog' tumanidagi Xo'ja Ilg'or qishlog'i Shahrisabz va Kesh nomlari bilan yonma-yon keladi», — deya ta'kidlaydi tarixshunos. Yakkabog' viloyati (bekligi)ning paydo bo'lishi ashtarxoniylar davriga (1601−1756), XVII-XVIII asr boshlariga to'g'ri keladi. Yakkabog' qisqa muddatlarda Shahrisabz bilan goh siyosiy ittifoqda, goh uning ta'sirida, goh tarkibida bo'lgan ma'lum davrlar ham mavjud. Hatto 1920-yillarda ham Yakkabog'dagi Xo'ja Ilg'or qishlog'i Shahrisabz viloyatining Mo'minobod hududiga qarashli bo'lgan. Foto: Google Images. Xalqaro Amir Temur jamg'armasi raisi Bo'riboy Ahmedovning Amir Temur haqida hikoyalar kitobida yozishicha, Amir Kulol Amir Temur ikki muborak yulduz: Mushtariy va Mirrix sayyoralari o'z burjida bir-biriga yaqin kelgan paytda tug'ilganini va bu oliy martaba, kuch-qudratdan dalolat berishini aytadi. «Munajjimlar yaxshi biladirlarki, Mushtariy — baxt-saodat, Mirrix ersa kuch-qudrat manbai erur. Mundin ma'lumki, Tangri taolo o'g'loningga baxt-saodat, kuch-qudrat ato etmish. Qodiri egam aytibdurlar: «Biz ushbu ulug' ne'matni faqat o'zimiz tanlagan kishilargagina ato eturmiz», — deya Kulolning Amir Tarag'ayga (Temurning otasi) so'zlaridan iqtibos keltiriladi hikoyada. Amir Kulol shundan keyin chaqaloqning qulog'iga azon aytib, unga «Temur» deb ism qo'yadi. Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, 1370 yilda vafot etgan Sayid Amir Kulolning valiylik darajasi juda yuksak bo'lgani aytiladi. O'zA bergan ma'lumotlarga ko'ra, yuzdan ortiq shogird yetishtirgan Sayid Amir Kulolning shogirdlari orasida eng mashhuri Bahouddin Naqshband hisoblanadi. Uning kenja o'g'li Saidiy Umar Amir Temurning vaziri bo'lgani hamda qabri Samarqandda ekani haqida ayrim manbalarda keltirilgan. Amir Temur o'ng oyog'i va qo'lidan jarohatni qayerda olganligi to'g'risida bahsli ma'lumotlar ko'p. Ayrim manbalarga ko'ra, 1362 yilda Amir Temur tanasiga Seyistonda (Eron va Afg'oniston chegarasida joylashgan tarixiy viloyat) bo'lgan jangda o'ng qo'lining tirsagidan va o'ng oyog'iga kamon o'qi tegishidan qattiq jarohatlanadi. Boshqa manbalarda esa bu jarohat uning o'smirligida olingani aytiladi . 1404 yili Samarqandga safar qilgan Ispan elchisi de Klavixo Amir Temur Seyiston otliq askarlariga duch kelgan paytda ko'p lashkarlaridan ayrilgani haqida yozadi. «Ular Temurni ham otidan yiqitib, o'ng oyog'ini jarohatladilar. Shundan so'ng, u bir umr oqsoq bo'lib qoldi va Temurlang nomini oldi», deb yozadi Klavixo. U, shuningdek, Amir Temurning o'ng qo'lidan ham yaralangani, jimjimjilog'i va undan keyingi barmog'idan ham ayrilgani haqida aytadi. Ushbu jarohatlari tufayli forslar uni «Temurlang» deb atashgan. Shu sababli rus va g'arb manbalarida uning ismi «Tamerlan», «Tamerleyn» deb keltiriladi. Temuriylar imperiyasi. Foto: Yandex Zen. Tarixshunos Akbar Zamonovga ko'ra, Amir Temur sipohlari tarkibi turli-tuman bo'lib, harbiy xizmatga bir necha ming ayollar ham jalb qilingandi. Ayol jangchilarning aksariyati ko'chmanchi urug'larga mansub bo'lgan. Bu haqda XV asrda yashagan suriyalik tarixchi Ibn Arabshoh shunday yozadi: «Temur lashkarlari orasida ayollar ham bo'lib, ular dushman bilan bo'lgan to'qnashuvlarda matonat ko'rsatardilar. Nayza sanchish, qilich o'ynatish va kamondan mo'ljalga olishda mohir erkaklardan ko'ra ham ortiqroq ish qilardilar. Agar ulardan biri homilador bo'lib yo'lda dard tutsa, darrov chetga chiqardi. U tezda yig'ishtirinib olgach, tag'in uloviga minib jangga kirardi». Ayollarning 1395 yil To'xtamishxonga qarshi Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosi bo'yidagi jangda ham ma'lum darajada ishtirok etganligi manbalarda yozib qoldirilgan. Amir Temur saroyida bo'lgan ispan echisi Klavixoning yozishicha, jangdan oldin Temur To'xtamishxonning hiravuli (oldingi qism)ni yanchib Sunji daryosini jang bilan kechib o'tadi. Ertasi kuni qulay pozitsiya qidirgan sohibqiron Terekning o'ng sohili bo'ylab yura boshlaydi. Daryoning so'l qismida bo'lgan To'xtamishxon o'z raqibining daryodan o'tishiga yo'l qo'ymaslik uchun qorovul ajratadi va bu soqchi qism daryoning chap qirg'og'i yoqalab Temur qo'shinini tinimsiz kuzatib boradi. Ikkala qo'shin uch kun davomida shu alpozda asta-sekin harakat qilib boradi. Uchinchi kuni Amir Temur lashkargohda bo'lgan ayollarga dubulg'alar kiyishni va jangchilar o'rnini egallashni, erkaklarga esa ikkitadan ot olib lashkargohni tezda tark etishni buyuradi. Qarorgohda erkaklar ko'rinishida bo'lgan ayollardan o'zga kuch qolmaydi. Erkaklar qiyofasidagi «jangchilar»ni kuzatishda davom etgan To'xtamishxon lashkarlari Amir Temur va uning asosiy qo'shini kechuv joyiga qaytganligidan bexabar qoladi. Shu tariqa, tun bo'yi Amir Temur qo'shini To'xtamishxon soqchi guruhining ko'zini shamg'alat qilib Terek daryosidan kechib o'tishga muyassar bo'ladi. Mazkur jangda Amir Temur g'alabaga erishadi. Foto: Sarvar Urmonov (O'zA). Amir Temur janglardagi g'alabaga hissa qo'shgan sarkardalarni qo'llab kelganligi aytiladi. Sohibqiron alohida mehr qo'ygan sarkadalardan biri — Amir Shayx Nuriddin bo'lgan. Jaloyir qavmining nufuzli vakili Saribug'abekning oilasida tavallud topgan Nuriddinni Amir Temurning o'zi tarbiyalab voyaga yetkazgan. Uning ilm-fan, shariat, ayniqsa, harbiy sanatdan yuqori saviyada xabardorligini hisobga olib Temur uni suyukli nabirasi Ibrohim Sulton ibn Shohrux mirzoning ustozi va murabbiyi etib belgilagan. Shayx Nuriddin Temurning Oltin O'rda xoni To'xtamishxon bilan urushlari, Eron, Hindiston, Yaqin Sharq hududlariga qilingan yurishlarda alohida jasorat namoyish qilgan. Temuriylar davrining mashhur tarixchisi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1402 yil Anqara jangida Boyazid Yildirim mag'lub etilgach, Shayx Nuriddin turk sultonlari poytaxti Bursani ishg'ol qilishga yuborilgan. U Bursa shahriga kirib, Boyazid Yildirimning oltinu javohir to'la xazinasini qo'lga kiritgan va sohibqironga yuborgan. Amir Temur va To'xtamishxon o'rtasidagi Terek daryosi bo'yidagi jang. Zamonaviy illyustratsiya. Foto: Google. Lekin, temuriylar o'rtasida taxt uchun boshlangan kurash sohibqiron ishonchini qozongan atoqli sarkardalar o'rtasiga ham nizo solgan. Xususan, Amir Shohmalik va Shayx Nuriddin orasidagi murosasiz qarama-qarshiliklarning birida 1411 yil Shayx Nuriddin halok bo'lgan. Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, «Shayx Nuriddin Amir Temurning zo'r amirlaridan edi va ul hazrat uni "farzandim" deb atardi hamda unga Turkiston mulki boshqaruvini topshirgan edi». XV asrda yashagan yana bir muarrix Fasih Xavofiy ham Shayx Nuriddin Amir Temurning tutingan o'g'li bo'lganligiga, eng nozik va qaltis faziyatdagi vazifalar mazkur amirga topshirilganligiga ishora qiladi. O'zMU dotsentiga ko'ra, Shohrux Mirzo davrida yozilgan «Nasabnoma» deb atalgan risolada keltirilishicha, sohibqiron butun hayoti davrida 18 nafar ayolni o'z nikohiga olgan. Ular orasida eng mashhuri Saroymulk xonim bo'lgan. Saroymulk xonim Chig'atoy ulusiga mansub bo'lgan mo'g'ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo'lib, 1341 yilda tug'ilgan edi. Saroymulk xonimni 1355 yilda amir Husayn o'z nikohiga kiritadi. 1370 yilda amir Husayn qatl qilingach, u Amir Temur nikohiga kiradi. Temur ushbu nikoh tufayli «Ko'ragon» maqomiga musharraf bo'ladi. Ko'ragon iborasi mo'g'ulcha so'z bo'lib, «xonning kuyovi» degan ma'noni ifodalar edi. Saroymulk xonim xon avlodiga mansub bo'lgani tufayli haramdagi barcha malikalardan ulug' hisoblanib, «katta xonim» (Bibixonim) degan unvonga ega bo'ladi. Amir Temur Saroymulk xonimdan farzand ko'rmagan. 1397 yilda sohibqiron Konigilda katta to'y o'tkazib, Tukal xonimni o'z nikohiga kiritadi. Tukal xonim haramda (xon qizi bo'lgani tufayli) Saroymulk xonimdan keyingi o'rinda turgan va «kichik xonim» deb atalgan. 1397 yilda sohibqiron Tukal xonim sharafiga Samarqandda «Bog'i Dilkusho»ni barpo ettiradi. Amir Temurning uch nafar farzandi, Sulton Baxt Begim, Jahongir Mirzo va Og'o Begim, uning rafiqalaridan dunyoga kelgan. Shuningdek, Amir Temur o'z mahramiga olgan xos kanizaklari esa 22 nafarni tashkil qilgan. Tarixshunos Akbar Zamonovning fikriga ko'ra, bu o'rta asr saroy an'analari bo'yicha uncha katta bo'lmagan haram hisoblanadi. Amir Temurning kanizaklaridan o'g'illari Shohrux Mirzo (Tog'ay Turkon og'odan), Mironshoh (Menglik og'o Joni Qurboniydan), Umarshayx Mirzo (Tuman og'odan) tug'ilgan. Foto: Denov tumani hokimligi. 1365 yil Mo'g'uliston xoni Ilyosxo'jaxon hujumidan Samarqandni himoya qilgan, keyinchalik shaharda qisqa vaqtga o'z boshqaruvini o'rnatgan «sarbadorlar» (boshini dorga tikkanlar) Amir Husayn tomonidan tor-mor etilib, ularning rahbarlari dorga osilishga hukm qilinadi. Shunda Amir Temur madrasa mudarrisi (ayrim manbalarda talaba deyiladi) Mavlonozoda Samarqandiyni dordan xalos etishni so'raydi. «Sarbadorlarning rahbarlari qatlga hukm qilinganda faqat Mavlonozodagina Amir Temur aralashuvi bilan omon qolgan. Temuriylar davri muarrixlari bo'lgan Nizomiddin Shomiy, Hofizu Abru, Muiniddin Natanziylar ham Mavlonozodaning Amir Temur tomonidan ozod qilinganini yozgan bo'lsa-da, sababiga to'xtalishmagan», — deya ta'kidlaydi Akbar Zamonov. Yuqorida nomlari keltirilgan mualliflarning asarlarida keltirilgan voqealar sinchiklab o'rganilganida Mavlonozodaning «oliy tabaqa» (bu ibora ko'p hollarda Muhammad (s.a.v.) avlodlariga nisbatan ishlatilgan) vakili bo'lganligi aniqlangan. Jumladan, Muiniddin Natanziy Mavlonozodani «aslzoda yigit» bo'lganligini aytsa, Hozifi Abru uni «ulug'zodalardan bo'lgan donishmand» deya ta'riflaydi. O'rta asrlarda musulmon jamiyatida yaratilgan tarixiy asarlarda «ulug'zodalar» va «begunohlar» degan atamalar payg'ambar avlodlariga nisbatan ishlatilganligi hamda ular qamalda qolgan shahar ichida bo'lsa, ziyon-zahmatsiz chiqarilib yuborilganligi tarixiy manbalarda keltirilgan. Muarrix G'iyosiddin Xondamir, Zayniddin Vosifiylar 1512 yil Eron qo'shinlari qo'mondoni Najmi Soniy tomonidan Qarshida uyushtirilgan ommaviy qirg'inda «begunohlar»ning ham o'ldirilganligini taajjub bilan, jamiyat qoidalariga zid voqea sifatida yozgan edi. Bundan tashqari, islom dini arkonlarini chuqur o'rgangan, Qur'oni karimni yod bilgan ulamolar ham «begunoh» sifatida bosqinchilar shafqatiga erishgan. Sarbadorlar yetakchisi bo'lgan Mavlonozoda ham bir tomondan, «ulug'zoda» — payg'ambar avlodi bo'lgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, u mudarris (yoki talaba) bo'lgan va diniy ilmlardan voqif, Qur'oni karimni yoddan bilgan. Bolaligidan islom an'analarini muqaddas burch bilib, bir qancha pirlardan, xususan, Amir Kuloldek shayxlardan tahsil ko'rgan Amir Temur Mavlonozodaning qatl etilishi o'zlari yashagan jamiyat uchun eng og'ir gunoh ekanligini Amir Husaynga uqtirgan bo'lishi, tabiiy edi, deydi tarixchi Akbar Zamonov. Foto: «Temur tuzuklari» kitobi. Tarixshunos Akbar Zamonovning fikrlariga ko'ra, Amir Temur avlodlari sertarmoq bo'lib, butun Osiyo bo'ylab tarqalgan bo'lsa ajab emas. Temur vafoti arafasida ularning soni, o'g'il-qiz va nabiralar — 53 nafarni tashkil qilgan. Xususan, Amir Temur vafot etganida, uning o'g'il avlodlaridan o'ttiz olti nafari hayot bo'lib, shundan katta o'g'il amirzoda Jahongir (1356−1376) naslidan o'n bir o'g'il bor edi. Temurning ikkinchi o'g'li Umarshayx Bahodir (1356−1394) naslidan to'qqiz o'g'il va nevaralar hayot edi. Temurning nevarasi Pir Muhammad ibn Umarshayx bir o'g'il bilan yigirma olti yoshda edi. Temurning uchinchi o'g'li, o'ttiz sakkiz yoshli shahzoda Mironshoh mirzoning (1366−1408) yetti o'g'il va nabiralari bor edi. Kenja o'g'il Shohrux Mirzo (1377−1447) yigirma yetti yoshdan oshgan bo'lib, unga Xuroson mulk qilib berilgan edi. Uning yetti o'g'li bo'lib, Mirzo Ulug'bek va Ibrohim Sulton (1394 yil tug'ilgan) har ikkalasi o'n bir yoshda edilar. Sohibqiron Temurning vafoti arafasida qizlari va nevara-qizlaridan o'n yetti nafari mavjud edi. Uning katta qizi Sulton Baxt Begim taniqli va sadoqatli amirlardan biri Amir Sulaymonshoh nikohida yashar edi. Temurning ikkinchi o'g'li Umarshayx Bahodirdan uch nafar qiz qolgan edi. 2019 yilda O'zbekistonda «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari faoliyati joriy qilindi . Uning nomlanishi bo'yicha ham turli takliflar bo'lgan. Xususan, «Amir Temur avlodlari», «Temuriylar», «Sohibqiron izdoshlari» kabi variantlar bor edi. Aynan «Temurbeklar» nomi tanlanganiga sabab Amir Temur «Amir» maqomiga 1366 yilda erishadi. Bunga qadar 26−30 yoshgacha u «Temurbek» bo'lgan. Ya'ni hozirgi kunda muassasa o'quvchlarining yoshidan kelib chiqib, ularning hozirgi holati Amir Temurning xos davridagi holatiga qiyoslangan. Ular hozir aynan Temurbekning yoshida, deydi tarixchi. Eslatib o'tamiz, mazkur ma'lumotlar O'zbekiston Milliy universiteti dotsenti, tarixshunos Akbar Zamonov maqolalari va turli tarixiy kitoblar asosida tayyorlangan.
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda turli xil salqin ichimliklar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Moxito — bu muz bo'lakchalarili muzdak gazli ichimlik, nordon laym yoki limon va xushbo'y yalpiz aralashmasi hisoblanadi. Ichimlik proporsiyasini o'z ta'bingizga qarab o'zgartirishingiz mumkin. Agar sizga limon yoki yalpiz ko'proq yoqsa bemalol solishingiz mumkin. Yaxna va tetiklantiruvchi, shirasi ham me'yorida bo'lgan malinali moxito ichimligi issiq kunlarda chanqoqni qondirishda juda qo'l keladi. Nihoyatda mazali va tetiklashtiruvchi bunday ichimlik barcha birdek manzur keladi. Bayramona ko'rinishdagi bu ichimlik atigi 5 daqiqada ttayyorlanadi. Limonad yoz faslida eng sevib ichiladigan ichimliklardan biridir. Yorqin rangli, nordon ta'mli bu ichmlik bilan jazirama yoz sizga qo'rquv solmaydi. Shaftolilar mavsumida ajoyib ichimlik tayyorlang va uning mazasidan bahramand bo'ling. Bir qultumgina ichib, avval shaftolining yoqimli ta'mi, so'ng esa limon va yalpizning o'zgacha mazasini his qilasiz! Oila a'zolaringiz va keladigan mehmonlarni noodatiy ichimlik bilan siylashni istasangiz, unda mana bunday bodringli limonaddan tayyorlab ko'ring. Bodringli bu ichimlik issiq kunlarda ayni muddao bo'lib, har qanday dasturxonga ham ko'rk bag'ishlashi aniq. Olcha va tvorog birlashmasi har doim pishiriqlarga o'zgacha ta'm bag'ishlab kelgan. Bunday pirog oila a'zolaringizni bir yerga jamlab, kayfiyatlarini ham ko'tarishga qodirdir. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda mazali muzqaymoqlar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Juda nafis ta'm va bejirim ko'rinishdagi shaftolili muzqaymoq . Rezavor mevalar, yogurt va asal solib tayyorlaniladigan bu muzqaymoq mazali va qomatingizga ziyon yetkazmaydi. « Moxito » muzqaymog'i chanqoqni bosadi, laym bilan yalpiz esa birgalikda yaxshi uyg'unlikni tashkil qiladi. Issiq kunlarda tetiklashtirib, kayfiyatni ham ko'taradi. Banan va rezavor mevalardan tayyorlanadigan muzqaymoq juda mazali bo'lib, tez tayyorlanishi bilan ko'nglingizni oladi. Quyultirilgan sut va qaymoq bilan tayyorlanadigan hamda rezavor mevalar bilan bezatiladigan qaymoqli muzqaymoq . Ushbu retsept bo'yicha tayyorlangan muzqaymoq juda nozik va mazali bo'lib chiqadi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Xalq ta'limi vazirligi umumta'lim maktablariga 2022−2023 o'quv yili uchun o'quvchilarni 1-sinfga onlayn qabul qilish tizimi — my.maktab.uz elektron platformasi ishga tushganini ma'lum qildi . Bu orqali ota-onalar uchun uydan chiqmagan holda mobil telefon yoki kompyuter yordamida onlayn ro'yxatdan o'tish imkoniyati yaratildi. Onlayn hujjat topshirish xizmati Toshkent shahri, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar markazidagi umumta'lim maktablari uchun mavjud. Ariza topshirish jarayoni 20 iyundan 31 iyulga qadar davom etadi. Bunda jami 25 ta shahar va tumanlardagi 816 ta umumta'lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi. Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)laridagi umumta'lim maktablarida 1-sinfga qabul belgilangan tartibda an'anaviy shaklda , ya'ni bevosita maktabda amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar to'g'ridan-to'g'ri maktab qabul komissiyasiga murojaat etishlari mumkin bo'ladi. «Gazeta.uz» vazirlikning my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro'yxatdan o'tish hamda onlayn arizalarni topshirish bo'yicha qo'llanmani taqdim etadi. Ota-onalar my.maktab.uz saytiga kirib, asosiy oynadagi ro'yxatdan o'tish tugmasini bosishi kerak. Fuqarolar arizani to'ldirishi uchun kerakli tilni sahifaning yuqoridagi qismidan tanlab olishi mumkin. Telefon raqami kiritiladi va unga 6 ta belgidan iborat ixtiyoriy parol qo'yiladi. Pastki qatordagi Parolni tasdiqlang qismiga ham o'sha parol qayta yozilishi kerak. 3700 qisqa raqamidan telefonga kelgan kod orqali ro'yxatdan o'tish tasdiqlanadi. Tizimga kirib ro'yxatdan o'tayotgan shaxs ma'lumotlarni to'ldirish jarayonida faqat o'zining shaxsiy hujjatlari, telefon raqami va bolaning o'z hujjatlarini kiritishi kerak. Boshqa fuqaro uchun ma'lumotlar to'ldirish yoki yolg'on ma'lumotlar kiritish tegishli javobgarlikka tortilishga olib kelishi mumkin. Ekranda ochilgan ommaviy oferta (Foydalanuvchi bitimi qoidalari) bilan tanishib chiqiladi. Tanishish tugallangandan so'ng rozilik tugmasi bilan tasdiqlanadi. Ekranda foydalanuvchining umumiy ma'lumotlari sahifasi ochiladi. Unda fuqarolik turi tanlanishi kerak. Ota-ona yoki uning o'rnini bosuvchi shaxsning bolaga qarindoshlik darajasi belgilanadi. Agar foydalanuvchi ota-ona harbiy xizmatchi bo'lsa, qo'shimcha tarzda Harbiy xizmatchi tugmasi bosilishi kerak. Keyingisi tugmasini bosing! Endigi sahifada ariza to'ldirayotgan shaxs o'zining pasport ma'motlari, seriya raqami va tug'ilgan sanasini kiritadi va Qidirish tugmasini bosadi. Pasportdagi yozilgan ma'lumotlar tufayli Ichki ishlar vazirligining manzil ma'lumotlari bazasidan fuqaroning yashash manzili haqidagi kerakli ma'lumotlar avtomatik tarzda chiqib keladi. Faqat pastgi qismda keltirilgan yashaydigan mahalla, ko'cha nomlari, uy raqami tanlab olinadi. Keyingisi tugmasini bosing! Keyingi sahifa bolaning ma'lumotlari haqida. Bu yerda avval Xujjat turi qismiga kirib, kerakli xujjat nomini tanlash kerak. Pastgi qismdan tug'ilganlik haqidagi guvohnomada keltirilgan seriya tanlanadi. Undan keyingi katakka guvohnoma raqami, 3-katakka esa tug'ilgan kun, oy, yil sanasi kiritilishi va Qidirish tugmasi bosilishi kerak. Qolgan ma'lumotlar pastda avtomatik tarzda paydo bo'ladi. Shundan so'ng, quyidagi Yakunlash tugmasini bosish kerak! Shundan so'ng Mening arizalarim sahifasi ochiladi. U yerdagi Qo'shish tugmasini bosish kerak! Shundan so'ng, ariza berish boshlanadi. Avval Farzand tugmasini bosish kerak. U yerda bolaning ism-sharifi chiqadi. Uning ustiga bosilsa, 1-sinfga chiqayotgan bola haqidagi ma'lumotlar chiqib keladi. Bu qismdan uning faqatgina qanday tilda o'qishinigina belgilash kerak. Qolgan qism o'zi avtomatik tarzda chiqib turadi. To'ldirib bo'lgach, Saqlash tugmasi bosiladi. Saqlash tugmasi bosilgach, ekranda Ariza paydo bo'ladi. Yuborish tugmasini bosish orqali ariza moderatorlarga ko'rib chiqish uchun yuboriladi. Tugmani bosgan paytda takroriy ravishda 3700 qisqa raqamidan yana tasdiqlash kodi keladi. Kodni kiritib, Tasdiqlash tugmasini bosish kerak bo'ladi. Mazkur jarayonda fuqaro yuborgan ariza holati Qo'rib chiqilmoqda holatida turadi. Tizim moderatorlari yuborilgan arizalar to'g'ri to'ldirilganmi yoki yo'qligini tekshiradi. Agar ariza to'g'ri to'ldirilgan bo'lsa, mikrohudud bo'yicha tanlangan maktabga yo'naltiriladi. Shundan so'ng yuborilgan arizaning holati Maktabga yuborildiga o'zgaradi. Moderator tomonidan to'g'ri to'ldirilgan arizalarni maktab mas'ul xodimlari elektron platforma orqali qabul qiladi. Qabul qilingan arizalarning holati Maktabga qabul qilindi darajasiga yetadi. Arizalar 3 ish kunida ko'rib chiqilishi kerak. Onlayn qabul bo'yicha boshqa ma'lumotlarni fuqarolar (71) 203 07 04 telefon raqami yoki Telegram`dagi @mymaktab_uz rasmiy kanali orqali olishi mumkin. Eslatib o'tamiz, nodavlat ta'lim muassasalariga qabul jarayonlari ushbu ta'lim muassasalarining o'zlari tomonidan belgilangan tartibda bajariladi.
advice
Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay amirligining markazi — Dubay shahri hozirda ko'pchilik tomonidan «kelajak shahri» deya tilga olinadi. Sahro ustiga qurilgan va Fors ko'rfazi bo'yida joylashgan ushbu shaharning nega bunday atalishi va nega Dubayga bir marotaba bo'lsa ham tashrif buyurish kerak ekanligi haqda «Gazeta.uz» ning ushbu maqolasida bilib olishingiz mumkin. «Dubay» so'zini «lichinkadan chiqqan chigirtka» deya tarjima qilish mumkin. O'z ma'nosiga yarasha, ushbu shahar boshqa yirik shaharlar bilan solishtirilganda, go'yoki birdaniga paydo bo'lib qolgan megapolisga o'xshaydi. XIX asr boshlarida Dubay aholisi atigi 1200 kishini tashkil qilgan bo'lsa, hozirda ushbu shahar aholisi 3,5 mln dan oshgan. Shahar maydoni esa, 2019 yilgi ma'lumotlarga ko'ra, 3885 km² ni tashkil qiladi. Ammo shahar borgan sayin kengayib bormoqda. Shahar yerlarini esa «sahrodan tortib olingan yerlar» deb ta'riflash mumkin. Go'yoki sahro bilan jang qilinayapti va yerlar shaharlashtirilmoqda. Foto: Flickr / Dubai Marina va Jumeirah Lake Towers deb nomlanuvchi hududlar. 1940 yillargacha Dubay kichik bir aholi punkti edi. Dubay aholisi marvarid sotish va uni oziq-ovqatga almashtirish orqali kun ko'rishardi. Keyinchalik, yaponiyaliklar marvaridlarni sun'iy yo'l bilan yetishtirishni o'rganishdi va haqiqiy marvaridlarga bo'lgan ehtiyoj sezilarli darajada kamaydi. Natijada BAAda inqiroz boshlandi. Biroq, keyinchalik (1966 yilda) ushbu hududda neft topilgach, hammasi o'zgardi. Dubayda ko'p qavatli binolarning qurilishi 1979 yilda boshlangan bo'lib, o'sha yili bu yerda 39 qavatli Dubay Jahon savdo markazi bunyod etilgan. Qurilishi tugallangach, bu bino Yaqin Sharqdagi eng baland binoga aylandi. Foto: 1979 yilda qurilgan Dubay Jahon savdo markazi (kadrning markazidagi oq rangdagi bino). Keyinchalik bu kabi va bundan ham baland osmono'par binolar birin-ketin qad rostlay boshladi. Misol uchun Dubay shahrining timsollaridan biri bo'lgan «Burj al-Arab» binosi 1994−1999 yillarda qurib bitkazilgan. 321 m balandlikka ega ushbu bino 2008 yilgacha eng baland mehmonxona maqomini saqlab turgan. Foto: Burj al-Arab. Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 7−10 oktabr kunlari o'zbekistonlik jurnalistlar va blogerlar uchun Dubayga media-tur tashkil etdi. Media-turda «Gazeta.uz» muxbiri ham ishtirok etdi. 3 kun davom etgan media-turda jamoa shaharning Dubay Marina deb nomlanadigan nufuzli qismidagi mehmonxonada bo'ldi va juda ko'p diqqatga sazovor joylarni ko'rishga ulgurdi. Foto: Dubay Marina. Dubay Marina transportda harakatlanish bo'yicha shaharning eng yaxshi joylaridan biri bo'lib, bu yerda ikkita metro bekati, avtobus tarmog'i, Dubay tramvayi va suv qatnovini ta'minlaydigan paromlar mavjud. Shuningdek, bu tumandan Dubayning eng yaxshi restoranlari, ko'ngilochar maskanlari va mehmonxonalar joy olgan. Dubay metropolitenining hayratlanarli jihati — bu yerda metro harakati avtomatlashtirilgan. Ya'ni uni hech kim haydamaydi va metro vagonlari metr, santimetrigacha aniqlikda bir xil nuqtalarda to'xtaydi. Metropoliten 2009 yil 9 sentabr kuni ishga tushirilgan bo'lib, o'zining 2 ta tarmog'iga va ularning ichiga kiruvchi 49 ta bekatiga ega. Dubay metropoliten tarmog'ining umumiy uzunligi 90 km ga teng. Metro odatda har 10 daqiqada keladi, ammo tig'iz paytlarda har 4−5 daqiqada kela boshlaydi. Shu yo'l bilan metro vagonlarining to'lib ketishi oldi olinadi. Dubay metropolitenining yana bir qulay tomoni, metro bekatlari shaharning diqqatga sazovor joylari, savdo markazlari bilan kesishgan. Ya'ni siz bu joylarga, misol uchun Dubai Mall savdo markaziga to'g'ridan-to'g'ri metro orqali o'tishingiz mumkin. Foto: Dubai Mall dan metroga o'tiladigan yo'lak. Qizil tarmoq barcha mashhur joylarni, jumladan Burj Khalifa, Dubai Mall savdo markazi, Emirates Towers, Jumeirah Lakes Towers va Mall of the Emirates ni qamrab oladi va Dubay aeroportiga yaqin joyda ham o'z bekatiga ega. Yashil tarmoq esa Dubai Creek bo'yidagi eski shahardan tortib, Al Fahidi, Deira deb nomlanuvchi tarixiy tumanlari, Dubayning mashhur oltin va ziravorlar bozorigacha eltadi. Dubay metropoliteni vagonlari uch toifaga bo'lingan: Gold, Silver hamda ayollar va bollar uchun vagon. Panoramali oynali Gold toifadagi vagonlar kengroq va keng charm o'rindiqlarga ega. Hashamatli vagonda sayohat qilish uchun siz metro kassalaridan birida maxsus tarif bo'yicha chipta sotib olishingiz kerak bo'ladi. Shuningdek, barcha sayyohat qilishi mumkin bo'lgan Silver «umumiy vagonlari», va bundan tashqari, ayollar va bolalar uchun alohida vagonlar mavjud. Dubay faqat hashamatli binolardan iborat emas. Shaharning eski qismi Dubay tarixini ko'rsatish uchun, o'tmishni, urf-odatlarni unutib qo'ymaslik uchun o'z holicha saqlab qolingan. Dubai Creek bo'yida joylashgan ushbu hudud bir paytlar savdo-sotiq va marvarid yetishtirish markazi bo'lgan. Aynan ushbu Al Fahidi deb nomlanuvchi hududda 1998 yildan buyon Shayx Muhammad bin Rashid Madaniy tushunish markazi faoliyat yuritib keladi. Ushbu madaniyat markazida shahar mehmonlariga amirliklar tarixi, urf-odatlari haqida so'zlab beriladi, milliy choy va shirinliklar bilan mehmon qilinadi. Mahalliy ko'chmanchi xalq — badaviylarning hayotini haqida ko'p ma'lumotlar bilib olishingiz, o'zingizni ularning sharoitida his qilib ko'rishingiz mumkin bo'ladi. Markazning shiori «Ochiq eshiklar — ochiq muloqot» va bu ular sizning barcha savollaringizga javob berishga tayyor ekanliklarini anglatadi. The View at The Palm kuzatuv maydonchasi Palm Tower osmono'par binosining 52-qavatida, 240 metr balandlikda joylashgan. Bu yerda turib Palm Jumeirah orollari va shahar osmono'par binolari, shuningdek agar to'g'ri vaqt tanlay olsangiz, quyosh botishi manzaralaridan bahramand bo'lish mumkin. Foto: quzatuv maydonchasi orqali Dubayning tungi ko'rinishi. Dubay Kelajak muzeyi (Museum of the Future) 2022 yil 22 fevral kuni ochilgan. Ushbu majmua insoniyat taraqqiyoti va kelajagiga bag'ishlangan bo'lib, u yerda yaqin o'n yilliklar ichida insoniyat kelajagi qanday bo'lishi kutilayotgani haqida tanishib olishingiz mumkin. 7 qavatdan iborat bo'lgan ushbu bino ichida turli mavzular va yo'nalishlarga bag'ishlangan zallar mavjud. Foto: Kelajak muzeyining ichki ko'rinishi. National Geographic jurnali ushbu muzeyni 14 ta eng chiroyli muzeylar ro'yxatiga kiritdi. Zamonaviy Dubay shahrining timsoli — Burj Khalifa hozirda mavjud osmono'par binolar orasida eng balandi hisoblanadi. Binoning ochilish marosimi 2010 yil bo'lib o'tgan va uning balandligi 828 metrni tashkil qiladi. Binoning 148 qavatida, 555 metr balandlikda joylashga kuzatuv maydonchasi ham dunyodagi eng baland kuzatuv maydoni hisoblanadi. Burj Khalifa'ning 148-qavatida joylashgan ushbu kuzatuv maydonchasi 2014 yilda ochilgan. Ushbu maydonchaga lift bir daqiqadan ortiqroq vaqt ichida ko'tariladi. Foto: kuzatuv maydonchasidan ko'rinadigan manzara. Birlashgan Arab Amirliklaridagi eng hayajonli va unutilmas tadbirlardan biri bu sahro safari. Poyonsiz qumlar hashamati odamni hayratga soladi va ilhomlantiradi. 50−60 yillar uslubidagi Land Rover avtomashinalarida sahro bo'ylab sayyohat, tuya minish, sahro ko'chmanchi xalqlarining taomlaridan tanovul qilish — sizga yangicha taassurotlar hadya etadi. Sahro bo'ylab safarilarni uyushtiradigan Dubaydagi yagona kompaniya — Platinum Heritage. Sahro bo'ylab uyushtiriladigan ekologik sayyohat davomida sahro manzarasiga zarar yetkazmaslik maqsadida faqat mahsus yo'l bo'ylab haraklaniladi. Tur davomida amirliklar aholisi timsoli bo'lgan — cho'l lochini ishtirokidagi shouni tomosha qilishingiz va ushbu jonzot haqida ko'p ma'lumotga ega bo'lishingiz mumkin. Siz ekologik sayyohatingizni shaharga qaytib, «Yashil sayyora» (The Green Planet) da davom ettirishingiz mumkin. The Green Planet — o'zining biologik xilma-xilligi bilan tropik o'rmon ekotizimini sun'iy tarzda tiklagan mintaqadagi birinchi biogumbazdir. Bu yerda tabiiy hayot tarzi va yopiq tropik muhitning tabiiy muvozanatini saqlaydigan 3000 dan ortiq o'simlik va hayvon turlari to'plangan. The Green Planet binosida, shuningdek, ekotizimning hayotiyligini saqlaydigan, dunyodagi eng katta yopiq, sun'iy daraxt deya hisoblanuvchi 25 metrli ulkan daraxt joylashgan. Dubaydagi Bluewaters Island hududida joylashgan Caesars Palace mehmonxonasiga qarashli Venus restoranida siz uchun Dubay shahriga qaragan chiroyli manzara ochiladi. Aynan shu yerda ushbu manzaradan bahramand bo'lib, italyan oshxonasi taomlaridan tatib ko'rishingiz mumkin. Dubai Mall dunyodagi eng yirik savdo va ko'ngilochar markaz bo'lib, u Dubay markazida joylashgan (Burj Khalifa yonginasida). Markazning umumiy maydoni 1,2 mln m² dan ortiq bo'lib, rasman 2008 yilda ochilgan. Dubai Mall da 1300 dan nomdagi do'konlar mavjud bo'lib, uning ichida istalgan turdagi mahsulot, kiyim va buyumlarni topish mumkin. Shuningdek, bu yerda katta akvarium, zoopark, turli xil mavzulardagi bog'lar, muz saroyi,attraksionlar, kinoteatrlar va mashhur restoranlar mavjud. So'zsiz, ushbu savdo va ko'ngilochar markazni aylanib chiqishga bir kun kamlik qiladi. Dubai Mall dan chiqishingiz bilan esa mashhur «raqsga tushadigan» favvoralarni ko'rishingiz mumkin. Albatta, Dubayda tashrif buyurish mumkin bo'lgan, diqqatga sazovor joylar juda ko'p va bunday nuqtalarning soni borgan sayin ortmoqda. Chunki shaharning o'zi ham dunyoning ko'z o'ngida kengayib bormoqda. Arab dunyosidagi eng katta shaharlar o'rtasida «eng, eng…» turkumida birinchi bo'lish uchun poyga ketayotgan ekan, Dubay hali bizni hayratlantirishda davom etadi. Eslatib o'tamiz, avvalroq UzAirways aviakompaniyasi O'zbekiston-BAA yo'nalishiga ko'proq e'tibor qaratayotgani va 30 oktabrdan boshlab Farg'ona — Dubay — Farg'ona yo'nalishi bo'yicha yangi aviaqatnovlarni yo'lga qo'yayotgani haqida xabar bergan edik . Bugungi kunda UzAirways Toshkentdan Dubay shahriga muntazam aviaqatnovlarni haftasiga olti marta amalga oshirmoqda.
advice
Ma'rifatsiz jamiyat — zulmatga mahkum. Erksiz millatning tanazzuli muqarrar. Ilmu-ma'rifatsiz jamiyat o'z taraqqiyot yo'lini ochiq ko'z bilan ko'rishga qodir emas. Erksiz millat o'z taqdiriga dahldor katta-kichik qarorlarni mustaqil qabul qilish huquqidan mosuvodir. Bir millat bir vaqtning o'zida ham ma'rifatdan, ham erkidan mahrum etilishi uni qoloqlikka, mutelikka, alaloqibat, millat sifatida tanazzulga yetaklaydi. Sababi, u o'zini millat sifatida tanitib turuvchi belgilarini asta-sekin yo'qotib, ongsiz olomonga evriladi. Bosqinchi davlat o'z mustamlakasida yerli aholini haq-huquqlaridan ham ko'ra ilmdan yiroq tutishga ko'proq urinadi. Sabab — ilmsiz kishi mavjud haq-huquqini ham tanimasligi mumkin, biroq ilmli kishi shubhasiz erkinlikka talpinadi. Har tomondan solingan sirtmoqlarni uzish, kishanlarni parchalash yo'lida bor aqlu-zakovatini ishga soladi. Qolaversa, u ilmsizga ham o'z haq-huquqini tanitib qo'yishi ehtimoldan yiroq emas. Mirzakalon Ismoiliyning (1908−1986) "Farg'ona tong otguncha" tarixiy romani XX asr birinchi yarmida bosqinchi chor Rossiyasi hukmronligi ostidagi Turkiston o'lkasining qonga botirilgan tarixi — qamchisidan qon tomgan katta-kichik amaldorlar, nafsi buzuq boylarning zulmi, fitna va aldovlari ortidan qashshoqlikka mahkum, ilmu-ma'rifatdan yiroq, haq-huquqlari va erkidan mahrum, qora mehnatdan boshi chiqmagan, shunga qaramay, mudom yorug' kunlar ilinjida yashab o'tgan taqdirlarga bag'ishlanadi. Muallif mustamlaka yillarida yashab, mustabid hukumat ta'qibiga uchragan, zulmni o'z tanasidan o'tkazgan kishi sifatida o'sha davrlardagi xalq dardini qalban his etgan va buni kitobxon ko'ngliga mahorat bilan ko'chirishga muvaffaq bo'lgan. Asar dastlabki sahifalardanoq o'quvchini o'z qatlariga singdirib yuboradi-yu, o'quvchi qahramonlar taqdiriga ular bilan yelkama-yelka turib guvoh bo'ladi. Bugun o'sha qora kunlarni yashab o'tgan ajdodlar hamda muallif xotirasiga chuqur hurmat bilan, ana shu roman xususida gaplashishni lozim topdik. Asar mohiyati va g'oyalarini teranroq anglash uchun asar voqealari bo'lib o'tgan davr tarixini bir qur esga olish maqsadga muvofiq. XIX asr birinchi yarmida O'rta Osiyo xonliklari o'rtasidagi to'xtovsiz urush va ziddiyatlar ularning yangi mustamlakalar uchun tinimsiz kurash olib borayotgan yirik mustamlakachi davlatlar ko'z o'ngida tayyor o'ljaga aylanishlariga zamin yaratdi. Xonliklar bilan faol savdo aloqalariga ega bo'lgan Angliyaning O'rta Osiyoni egallashi yoki o'ziga qarshi qo'yishidan xavfsiragan Rossiya imperiyasi qulay fursat tug'ilishi bilan otni qamchilab qolishni ma'qul deb topdi. O'rta Osiyo xalqlari bosqinchilarga faol qarshilik ko'rsatganligiga qaramay, hukmron doiralar o'rtasidagi boshboshdoqlik, yakdillikning yo'qligi oxir-oqibat xonliklarni mustamlakaga aylantirdi. 1967-yilda Rossiya imperiyasi O'rta Osiyo ustidan to'liq nazorat o'rnatib, to'la harbiylashgan Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi, general-gubernator hamda hokimlarga mislsiz vakolatlar berdi. Turkiston o'lkasi Rossiya yengil sanoati uchun xomashyo bazasi, Yevropa bozorlari bilan raqobatlasha olmaydigan mahalliy ishlab chiqaruvchilari uchun potensial yangi bozor vazifasini o'tadi, qolaversa, qashshoq rus dehqonlarini hosildor yerlar bilan ta'minlashda muhim rol o'ynadi. O'lkaning barcha tabiiy boyliklari Rossiya imperiyasi iqtisodiyotiga yo'naltirildi. Xususan, yer davlat ixtiyoriga o'tkazilib, xususiy yer maydonlari ijara huquqi asosida foydalanish evaziga yirik miqdordagi soliqqa tortildi. Soliqni to'lashga qurbi yetmay, qarzga botgan kambag'al dehqonlar uchun yerlarini davlatga yoki mahalliy boylarga arzongarov pullab, yirik mulkdorlar qo'lida arzimagan haq evaziga ishlashdan boshqa chora qoldirilmadi. Eng hosildor yerlar yangi ko'chirib keltirilgan qashshoq rus dehqonlari va kazaklarga olib berildi. Rossiyadan kirib kelgan sanoat tovarlari mahalliy hunarmandlar mahsulotlarini bozordan siqib chiqara boshladi. Natijada tirikchilik manbayidan ayrilgan xalq tobora qashshoqlashdi. Ma'lumotlarga ko'ra, XX asr boshlarida mahalliy aholining 70 foizini kambag'allar, 17 foizini o'rta hol kishilar, 13 foizini o'ziga to'q boylar tashkil etgan. XIX asr oxirlariga kelib yo'qchilik, hokim-to'ralarning zolimligi, mahalliy boylar va amaldorlarning o'g'ri va noinsofligi xalqning sabr kosasini to'ldirdi — o'lkaning turli hududlarida qurolli qo'zg'olonlar avj oldi. Mustabid hukumat esa qo'zg'olonlarni shafqatsizlarcha bostirib, o'lkani qonga botirdi. Ayni paytda mahalliy ziyolilar o'lkani mustabid zulmidan xalos etish, xalqni yorug'likka olib chiqishning birdan-bir yo'li ma'rifat ekanligiga iymon keltirishdi va shu maqsadda o'z saflarini kengaytirish, kuchlarini birlashtirish tadorigini ko'ra boshlashdi. Romanning birinchi kitobi — "Qa'r guldurosi" da mustabid hukumat, shu bilan birga, ko'zini davlat va mansabning shirasi bosgan aksariyat mahalliy boy va amaldorlar tomonidan o'lkada ma'rifatga qarshi ochilgan urush alangasiga guvoh bo'lamiz. "Qora xalq"ni jaholatda, jismonan qullikda, ma'nan qashshoqlikda, madaniy jihatdan qoloqlikda tutib turishdan manfaatdor bo'lgan uch toifani ajratib ko'rsatish mumkin. Bunda ularning har qaysisi xalq orasida muayyan ta'sir kuchi va vakolatlarga ega ekanligi bilan harakterlanadi. Birinchi toifa — mustabid hukumati amaldorlari. Ular xalqning savodi chiqib, haq-huquqlari toptalayotgani, tabiiy boyliklari tortib olinayotgani va tashib ketilayotgani, ularning bir burda non ilinjida qora terga botib qilgan mehnati evaziga imperiyadagi katta-kichik amaldorlar va yer egalari, savdo-sanoat vakillari boyigandan-boyib borayotganligini tushunib yetishi mumkinligi sabab, ularni muttasil yo'qsillikda, jaholatda saqlashdan manfaatdor edilar. Zotan qashshoqlikda kun kechiruvchi kishining tiriklik g'amidan ortib, ilm talabida bo'lishi real voqelikda nisbatan mantiqsiz hodisa. Qolaversa, o'lka aholisi qanchalik ma'naviy va madaniy jihatdan orqada bo'lsa, bu imperiyaning ular ko'z o'ngidagi nufuzini shunchalik oshirar, uni yuksak taraqqiyot namunasi qilib ko'rsatar edi. Hukumat tomonidan rus va mahalliy aholi bolalari qo'shib o'qitiladigan rus-tuzem maktablari tashkil etilganligi — bu hukumatning marhamati emas, balki mahalliy aholini ruslashtirish siyosatining bir qismi, aholi orasida rus madaniyatini singdirish yo'lidagi tadbir edi. Bundan tashqari, qishloq va qashshoq oilalar farzandlari bunday maktablardan ham benasib edilar. Ikkinchi toifa — ayrim o'ziga to'q boylar. Boylar, yirik yer va ishlab chiqarish egalarining manfaatlari hukumat manfaatlari bilan nisbatan uyg'un edi. Ular o'z faoliyatlarida savodli, hisob ilmidan xabardor bo'lgan kishilar yoki boshqa turdagi texnik xodimlarga ehtiyoj sezsalar-da, ularning yerli aholi emas, boshqa millat vakillari, xususan, ruslar bo'lishini afzal ko'rganlar. Sababi — mahalliy boylar milliy boylikni qanday talon-toroj qilayotganlari yoki bu borada bosqinchilarga qanday ko'maklashayotganlari, kambag'allar nonini qanday tuya qilayotganlaridan vatandoshlarining (baxtga qarshi) xabardor bo'lib qolishiyu, ularga qarshi bosh ko'tarishi, boyliklarini talab, qo'rg'onlariga o't qo'yishini, tabiiyki, istamas edilar. Bundan tashqari, ilm o'rgangan, haq-huquqini taniganlar ularning qo'lida arzimas haq evaziga mehnat qilayotgan mehnatkashlarni "yo'ldan urib qo'yishi" ehtimoli ham yo'q emasdi. Uchinchi toifa — ko'pchilik din peshvolari, jumladan, qozilar, imomlar, musulmon bolalariga diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalar. Ular o'lkada ma'rifatning taraqqiy topishiga ikki asosga ko'ra jiddiy qarshilik ko'rsatishgan. Birlamchi asos — ular dunyoviy ilmni g'ayridinlar ilmi, shu nuqtai nazardan musulmonlar uchun bu ilmlarni o'rganish nojoiz, deb hisoblaganlar. Taassufki, bu o'rinda g'oyatda mantiqli bo'lgan bir mulohaza bor: yer yuzida insonlar xilma-xil etnik guruhlar, turli dinlarga mansub bo'lishlariga qaramay, bir xil biologik va boshqa turdagi ehtiyojlarga ega bo'lib, ularning hayot tarzi qisman bir-biriga o'xshashi shubhasiz. Shunday ekan, ular bir xil ilmlarga ehtiyoj sezishlari ham tabiiy. Ular aynan shu mulohazani e'tibordan chetda qoldiradilar. Qolaversa, ular kundalik turmushlari, o'z ta'birlari bilan aytganda, g'ayridinlar ilmining mahsuli bo'lgan katta-kichik xilma-xil ashyolar bilan to'lib-toshganligini ko'rishdan ojiz edilar. Ikkinchi asos — ko'proq diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalarga taalluqli bo'lib, ular dunyoviy ilmlarning o'qitilishi, xususan, yangi usul maktablarining ommalashishi natijasida o'z maktab va madrasalarining yopilishidan xavotirda edilar. Zero, Yaratganning qudrati va marhamatiga muhabbat uyg'otishga emas, bandasi oldidagi qo'rquv va g'ayrishuuriy itoatga asoslangan, allaqachon eskirgan o'qitish uslubi bolalarni tobora bezdirib borayotgan bir paytda bu havotir o'rinsiz emasdi. Shu o'rinda yana bir jihatni eslab o'tish joiz. Yuqorida ham ta'kidlanganidek, qashshoqlikda kun kechirayotgan xalq uchun savod chiqarish, ilm o'rganish ikkinchi darajali masala. Shunday ekan, asosan o'rta hol hamda o'ziga to'q aholi vakillaridagina bunday imkon bor edi. O'ziga to'q boylarning kambag'alga qayishmasligi va o'rta hol aholining qolgan aholi qatlami oldida nisbatan ozchilikni tashkil etishi hisobga olinsa, xalqparvar, millatparvar savodlilar va ziyolilar ko'p bo'lmaganligini tahmin etish mumkin. Biroq ma'rifatning zarragina uchquni ham imperiya hokimiyatining mo'rtlashishi uchun yetarli bo'lishi mumkinligini anglagan bosqinchilar xalqning savodini chiqarish maqsadida mahalliy ziyolilar tomonidan boshlangan yangi usul maktablarini tashkil etish harakatiga tish-tirnog'i bilan qarshi chiqishgan. Xususan, qahramonimiz G'ulomjon madrasani tashlab, rus alifbosini o'rganib, qishloq bolalarining savodini chiqarish maqsadida o'z uyida tashkil etgan kichik maktabga qishloq qozisi va imomi boshchiligida o't qo'yilishi o'lkada ma'rifatga qarata ochilgan urushning yaqqol namunasi sifatida namoyon bo'ladi. Keyinroq kichik Dilshodning, domlasining tazyiqlari, jismoniy ozorlariga qaramasdan dunyoviy ilmlarni o'rganish uchun rus-tuzem maktabiga qochib ketishi, ramziy ma'noda, ma'rifatning tutqunlikdan nihoyat xalos bo'lishidir ehtimol. Xalqning birlashib, tosh kesib, tog'ni teshib, zilziladan keyin qaqrab qolgan yerlarga suv chiqarish yo'lidagi jasoratida ham allaqanday ramziy ma'no bordek. Zero, ilmsiz jamiyat qaqragan yer kabi hosilsiz, hech nima unmaydi. Romanning ikkinchi kitobi — "So'nggi kecha" oddiy fuqaro haq-huquqlarining toptalishi, xalq mehnati evaziga bunyod bo'lgan boyliklarning sanoqli shaxslar qo'lida to'planishi, ayni paytda, Birinchi jahon urushidagi mag'lubiyati ortidan podsho hokimiyatining yemirilishi va ezilgan xalq qalbida yorug' kunlarga bo'lgan umid uchqunlarining alanga olishi haqida hikoya qiladi. Birinchi jahon urushi davrida oddiy xalq turmushining yanada og'irlashishi, buning ustiga, urushda kuchsizlanayotgan, mag'lubiyati muqarrar bo'lib qolgan Rossiya armiyasi ta'minoti uchun soliqlarning oshirilishi, o'lkadan yuz minglab yosh yigitlarning noma'lum muddatga mardikorlikka olib ketilishi xalqning paymonasini to'ldirdi. Yangi soliq — yeyishga bir burda noni yo'q qashshoq dehqonning uyi kuydi degan gap edi. Hokim, mingboshi yoki qozining bir og'iz so'zi bilan Sibir qilingan, avaxtaga tashlangan yoki devorga bosilgan yigitlarning dog'i kamlik qilgandek, endi "qora xalq" erlarini mardikorlik degan noma'lum taqdir kutardi. Qancha oilalar boquvchisidan ayrilib, qishloqlar bo'shab qola boshlagan edi. Biroq urushdagi mag'lubiyat ortidan podsho hokimiyatining zaiflashayotganligi mahalliy ziyolilar, inqilob kayfiyatidagi kuchlarga qo'l keldi. Ayni paytda inqilob kayfiyatidagi kuchlar ikki xil oqim bo'ylab harakat qilmoqda edilar. Birinchi oqim — tashqi kuchlar, xususan, Angliya ko'magi bilan burjua inqilobini yasab, hokimiyatni millatchilar qo'lida ushlab qolish va ozchilik manfaatlariga bo'ysundirish tarafdorlari. Ikkinchisi — proletar diktaturasini o'rnatib, hokimiyatni ishchilar sinfi qo'liga o'tishi tarafdorlari. Hokimiyatning mustabid hukumat qo'lidan burjua sinfi qo'liga o'tishi ishchilar sinfi, oddiy xalq vakillari uchun hech qanday ma'no anglatmasligini yaxshi anglagan xalqparvar ziyolilar imkoniyatni boy bermaslik uchun hayotlarini xafvga qo'yib bo'lsa-da harakat qilardilar. Ko'pchilik mahalliy boy va amaldorlar tobora o'z davlatlari va hokimiyatlarini kengaytirib, jannatmonand saroylariga mahliyo bo'lib, shoxona hayot zavqini surish bilan band ekanlar, bu saroylarning, hokimiyatning, davlatning xalqparvar ziyolilarning xufya tadbirlari ortidan kundan-kunga nurab borayotganidan xabarsiz qoldilar. Ilgari xalq taqdiri azal deb ko'nib kelgan bo'lsa, endi qaramlikdan, haq-huquqlarning poymol etilishidan, tanlov imkonining qoldirilmasligidan bo'g'ila boshladi va jon talvasasida birlashib, favqulodda bir jasorat bilan zolimlarning qarshisiga chiqishga o'zida iroda topa oldi. Shu o'rinda romanning har ikki kitobida alohida urg'u berilgan yana bir jihatga to'xtalmoqchiman: biz qadriyat deb ataydigan narsa — yozilmagan ijtimoiy me'yorlar va o'sha qadriyatlarning kasriga qolib, qadri toptalgan ayollar qismati. Ayolning kimningdir farzandi, ayoli, onasi, opasi, singlisi bo'lishdan tashqari alohida shaxs — odam ekanligini, hech kimi yo'q bo'lgan taqdirda ham mavjud ekanligining unutilishi. Nima uchundir musulmon yoki aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat dunyoviy davlatlarda aksariyat ayollar taqdiri, ularga bo'lgan munosabat bir-biriga o'xshash: hali bolalik aqli va kayfiyati tark etmagan go'daklar ustidan bir buyumdek hukm o'qiladi, mutaassib otalar o'z manfaati yo'lida qizlarini pullashdan, To'tidek qafasga tiqib, "palahmon toshi" deb boy xaramiga uloqtirishdan or qilmaydi, nomussiz boylar yoki ayrim din peshvolari ko'zi tushganki ayolni bir nechta xotini ustiga nikohlab olish payida bo'ladi. U jaholat zamoni o'tib ketdi, dersiz. Yo'q, o'tmadi. Nazarimda, bugun faqatgina o'zgargan tuzum, qonun nisbatan tiyib turibdi xolos. O'sha o'zbekchilik, qadriyat deb haspo'shlaganlari — bir qiz — shaxs taqdiriga, tug'ilish-tug'ilmasligidan tortib, kim bilan turmush qurishi, nechta farzand ko'rishi, bolasi nima kasb tanlashigacha, butun boshli urug'i hokimlik qilishi — o'taketgan ahmoqgarchilik. Aslida ayolning ixtiyori otasi, akasi, ukasi, eri, o'g'li yoki unga aloqador har qanday erkak izmida emas. To'g'ri, ular bilan hisoblashadi, maslahatlashadi, fikrlarini, o'zlarini hurmat qiladi, lekin eng oxirgi qarorni o'zi qabul qilishi lozim. Gap uning taqdiri ustida ketganda, eng avvalo uning istagi bilan hisoblashish shart. Xulosa qilishdan oldin, romanda e'tiborimni tortgan yana bir jihatni qayd etib o'tmoqchiman. Xalqni uzoq yillar davomida qon-qoniga singib ketgan "oqsoqol/hokim/rahbar — yurt/xalq otasi" degan qarashlar ham xarob qildi, nazarimda. Nega? Keling, o'sha davrdagi va hozirgi kundagi aksariyat klassik o'zbek oilalari, undagi otaning o'rni va otaga nisbatan munosabatni ko'z oldimizga keltiramiz. Ota — ulug' zot. Bu uning hamisha ulug'lanishi (masalan, uni madh etish yoki suratini uy to'riga osib qo'yish va hokazo) va aslo behurmat qilinmasligi (masalan, so'zini ikki qilmaslik, tanqid qilmaslik yoki kamchiliklarini ochiq aytmaslik va hokazo) lozimligini anglatadi. Ota — oila boshlig'i. Bu uning har qanday oilaviy masala yuzasidan hech kim bilan hisoblashmasdan mustaqil qaror qabul qilish (masalan, oilaviy budjetni qanday taqsimlash) va istalgan oila a'zosi taqdiri ustidan uning roziligisiz hukm chiqarishga (masalan, o'g'lining qaysi kasb egasi bo'lishi, qizini kimga uzatish va hokazo) haqli ekanligini anglatadi. Ota — oila tayanchi va posboni. Bu farzandlarning, masalan, kichikligida och qolishning g'amini qilmasligini yoki qo'shnining o'zidan baquvvatroq bolasi, otasi qulog'ini cho'zib qo'yishidan cho'chib, unga nisbatan mushtumzo'rlik qilmasligini anglatadi. Bundan tashqari, ota, aytaylik, qattiqqo'lroq bo'lgan taqdirda, ayrim oilaviy muammolar yoki oila a'zolarining "ishkallari" undan sir saqlanishi, unga go'yo hamma ishlar risoladagidek, silliq ketayotgandek ko'rsatilishi mumkin. Yoki ota uyga qaytadigan paytda hovliga suv sepib, supurilgan, hammayoq chinnidek sarishta, dasturxon tayyor, barcha oila a'zolari qo'llari ko'ksida, otaning xizmatiga shay turishlari zarurligi kabi yozilmagan axloq qoidalari ham uchrab turadi. Shuningdek, oila boshlig'ining uyga kelishini jon hovuchlab kutadigan o'zbek oilalari yo'q emas. Xuddi qishloq mehnatkashlari hokim-to'raning qishloqqa kelishi to'g'risidagi xabarni yoqimsiz qarshi olgani, joni bo'g'ziga tiqilib, bu safar kimni o'qqa tutadi yo dorga ostiradi-yu, kimdir qamchi yoki darra bilan qutulib qoladi, deb bir-biriga mo'ltiraganidek. Xo'sh, ko'z oldingizga kelgan manzarada qaysidir jihatlar boshqa bir kontekstda ham amal qiladigandek, juda-juda tanish tuyuldimi? Ha, xalqni mana shu o'z boshiga o'zi olib kelgan an'anasi xarob qildi — har qanday amal, mansab egasini, istalgan rahbarni "ota" deb boshiga ko'targanligi uni oxir-oqibat o'sha "ota"ga farzand emas, yo yugurdak, yo qul bo'lish zarurati oldida tang qoldirdi. Ular — sodda, mehnatkash, sho'rpeshona xalq har qanday amaldor yoki rahbarning aslida xalqning yollangan xizmatchisi ekanligi, uning xalq manfaati yo'lida ko'rsatgan karomatlari aslida xalq to'lagan haq evaziga bajarilishi lozim bo'lgan o'z xizmat vazifasi ekanligi to'g'risidagi oddiy haqiqatni anglab yetmadilar. Ikkinchi kitob 1917-yil fevralda yuz bergan milliy ozodlik yo'lidagi eng yirik xalq qo'zg'oloni bilan yakunlanadi. Muallif mazkur inqilob tub burilishlarga olib kelishiga — nihoyat tong yorishishiga umid bildirib, uni "tong shafag'i"ga mengzagan. 1917-yil fevral voqealari — podsho hukumatining ag'darilishi xalqqa katta umid bag'ishlaganligiga qaramasdan, ko'p o'tmay, o'sha yilning kuzida Turkistonda yana Rossiya mustamlakachi kuchlari boshchiligida sovet hokimiyati o'rnatiladi va undan keyingi 70 yildan ortiq vaqt mobaynida o'lka yana qaramlik qismatiga mahkum etiladi. Muallif romanni trilogiya sifatida hayolda pishitgani haqida yozib qoldirgan. Biroq, uning hozirgacha Sobiq ittifoq davrida nashr ettirilgan ikkita kitobi bizga ma'lum bo'lib, uchinchi (ehtimol, inqilobdan keyingi bir necha o'n yilliklar tarixi yoritilgan) kitobi nashrdan chiqqanligi to'g'risidagi ma'lumotlar mavjud emas. Asar o'lkamiz, ajdodlarimiz tarixi va taqdirini shunchaki o'qib chiqishni emas, qalban his etishni istagan har qanday kitobxonni qo'ldan qo'ymay o'qishga majbur qila oladi. Mahoratli adib va tarjimon Mirzakalon Ismoiliy mazkur romani orqali ajdodlarning ma'rifat va hurlik yo'lidagi jasoratini abadiylashtirish barobarida kitobxonni va, ehtimol, butun boshli millatni o'tmishdagi xatolarga ochiq ko'z bilan nazar tashlash va ulardan saboq olishga chaqiradi. Muqaddamxon Saidrasulova — O'zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, "Gazeta.uz" kolumnisti.
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda turli xil mazali issiq sho'rvalar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Mampar — mazali va juda to'yimli suyuq taomlardan biri bo'lib, tayyorlash jarayoni ham umuman qiyinchilik tug'dirmaydi. Ushbu lapshali tovuq sho'rva juda mazali bo'lib, ko'p masalliqlarni talab etmaydi. Tayyorlanishi osonligiga qaramay, sho'rva juda kuchli o'shqovoq va ziravorlar ta'miga boy. Ushbu sho'rva qo'y go'shti, sersuv sabzavotlar va xushbo'y ziravorlardan tashkil topgan. Moxora tayyorlash uchun ancha vaqt sarf qilinadi, ammo oxirida juda mazali va to'yimli taom bo'ladi. Qizil borsh — qishda ham, yozda ham sevib iste'mol qilinadigan taom. Bunday tobida qaynab pishgan sho'rvaga dudlangan tovuq go'shti o'zgacha maza baxsh etadi.Ularga qo'shimcha qilib, nonni sarimsoqpiyoz bilan birga quritib olib tortishingiz ham mumkin. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 oktabr kungi videoselektor yig'ilishida mutasaddilarga bir oy muddatda Qashqadaryodagi 48 ta maktabni tanlab olib, kelgusi o'quv yilidan ularda Finlyandiya ta'lim tizimini joriy etish vazifasini topshirdi . Biroq hozirga qadar finlar tajribasining aynan qaysi jihati olinishi, ko'proq nimalarga e'tibor qaratilishi yoki ta'lim tizimidagi farqli jihatlar haqida ma'lumot berilmadi. Shu munosabat bilan, «Gazeta.uz» dunyo reytinglarida yuqori pog'onalardan tushmaydigan, xususan O'zbekistonda ham bot-bot namuna qilib ko'rsatiladigan, o'ziga xos muvaffaqiyat sirlariga ega bo'lgan Finlyandiya ta'lim tizimi to'g'risidagi ma'lumotlarni bir materialga jamladi. Finlyandiya ta'lim tizimi dunyo miqyosida eng sifatli va samarali deya e'tirof etilgan ta'lim tizimlaridan biri hisoblanadi. Bu tizim dunyoning aksariyat davlatlarida amal qiluvchi ta'limning an'anaviy shakllari va usullaridan keskin farq qiladigan bir qator xususiyatlarga ega. Finlyandiya ta'lim tizimining o'ziga xosligi ta'lim jarayonida asosiy ustuvorlik o'qituvchi va o'quvchi uchun imkon qadar erkin, qulay, jismoniy zo'riqish va ruhiy bosimlardan holi muhit yaratishga qaratilganligida namoyon bo'ladi. Finlyandiyada ta'limning asosiy maqsadi — ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar barcha bolalar uchun sifatli ta'lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash, ularni jamiyatning faol fuqarolari sifatida voyaga yetkazish va mustaqil hayotga tayyorlashdan iborat. Mamlakatda bepul maktabgacha ta'lim va umumiy o'rta ta'lim barcha uchun kafolatlangan. Finlyandiya ta'lim tizimi quyidagi bosqichlarni o'z ichiga oladi: Finlyandiyada maktabgacha ta'lim bepul taqdim etiladi va barcha bolalar uchun majburiydir. Maktabgacha ta'lim bolalarda bilim olish va o'z-o'zini rivojlantirish ko'nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo'lib, ularni keyingi bosqich — umumta'lim maktablariga tayyorlashda muhim rol o'ynaydi. Umumta'lim maktablari 7 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan barcha bolalarni boshlang'ich (1−6 sinflar) va tayanch o'rta ta'lim (7−9 sinflar) darajasida qamrab oladi. 1−6 sinflarda o'quvchilar pedagogikaga ixtisoslashgan o'qituvchi (sinf rahbari)dan, 7−9 sinflarda ixtisoslashtirilgan fan o'qituvchilaridan saboq oladi . Umumta'lim maktablarida ta'lim olish majburiy bo'lib, odatda, bolalar 7 yoshga to'ladigan yildan o'qishga qabul qilinadi. Boshlang'ich va tayanch o'rta ta'lim bepul. Umumta'lim maktabini tamomlagan o'quvchilar ikki turdagi o'rta-maxsus ta'limdan birini tanlashi mumkin. Umumiy o'rta-maxsus ta'lim, odatda, o'quvchilarni muayyan kasbga emas, universitetlarga tayyorlashga ixtisoslashgan. Kasbiy ta'lim va tayyorgarlikni tanlagan o'quvchilar esa muayyan kasb-hunarga o'rgatiladi. Finlyandiya ta'lim tizimining muvaffaqiyat siri bir qator omillarga va uning o'ziga xos xususiyatlariga bog'liq. Quyida ularni biz uchun muhim bo'lgan umumta'lim maktablari kontekstida ko'rib chiqamiz. Finlyandiya ta'lim tizimi barcha uchun teng ta'lim imkoniyatlarini taklif etishga qaratilgan. Mamlakatda ta'lim sohasi mutaxassislari tomonidan ta'limdagi eng asosiy ustuvorliklar belgilab olingan bo'lib, bu ta'limga jamiyatdagi tengsizlikni muvozanatlashtirib turuvchi vosita sifatida qarash, o'quvchilarni ta'lim jarayonida bepul ovqat, tibbiy xizmat, psixologik maslahat xizmatlari bilan ta'minlash hamda individual tarzda yo'naltirishni nazarda tutadi. Shuningdek, tegishli qonunchilikka muvofiq , zaruratga qarab o'quvchilar maktabga qatnash uchun transport vositasi yoki turar joy bilan ta'minlanishlari mumkin. Bundan tashqari, o'quvchi maktab hududida, dars yoki boshqa o'quv mashg'ulotlari vaqtida, maktabga ketayotgan yoki qaytayotgan paytda, yotoqxonada jarohatlangan taqdirda davolash xizmatlari bepul amalga oshiriladi. Shunisi e'tiborliki, Finlyandiyada deyarli barcha maktablar davlat maktablari hisoblanadi va ularga hukumat tomonidan teng miqdordagi moliyalashtirish mablag'lari ajratiladi. Muayyan fanlarni chuqurlashtirib o'qitish yoki muayyan fanlarga ixtisoslashgan alohida maktablar tashkil etilishi maqsadga muvofiq deb hisoblanmaydi . Har bir o'quvchi o'ziga xos iqtidorga ega, deb qaraladi va individual o'quv rejasi asosida o'qitiladi va baholanadi. O'quvchilar bir-biriga solishtirilmaydi. Bu o'quvchilarning stresslardan holi tarzda bilim olishiga zamin yaratadi. Ta'lim jarayonida ham o'qituvchilar, ham o'quvchilarning jismoniy va ruhiy zo'riqishlardan holi bo'lishini ta'minlashga xizmat qiluvchi boshqa omillar ham mavjud: E'tiborli jihatlaridan yana biri shundaki, mamlakatda milliy darajadagi tayanch o'quv dasturi fin maktablarida asosiy e'tiborni o'quvchining ta'lim olishi hamda salomatligiga qaratishni nazarda tutadi. O'quv mashg'ulotlari o'quvchining mustaqil faoliyati hamda o'qituvchi, boshqa bolalar va o'qitish muhiti bilan o'zaro aloqasiga qaratilgan ta'lim konsepsiyasiga asoslanadi. Maxsus ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun mo'ljallangan yuqori sifat va erta yoshdan tashxislash tamoyili hech kim o'zlashtirishda orqada qolmasligini kafolatlaydi . Qayd etish joizki, Finlyandiyada o'qituvchilarni tayyorlash tizimi yaxshi yo'lga qo'yilgan bo'lib, faol amaliyotga asoslanadi. Ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatda universitet bitiruvchilarining bor-yo'g'i 10 foizigina magistr darajasini olishga muvaffaq bo'lgani holda, o'qituvchilarga magistr darajasiga ega bo'lish qat'iy talab hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, finlyandiyalik o'qituvchilar yuqori malakali va o'z ishiga kuchli mas'uliyat bilan yondashadi, o'z navbatida, jamiyatda o'qituvchilarga nisbatan yuksak ishonch va hurmat shakllangan. O'qituvchilar faoliyati baholanmaydi, tekshiruvlardan o'tkazilmaydi. Ya'ni o'qituvchilarga hisobdorlik emas, mas'uliyat yuklanadi. O'qituvchilar tayyorlash tizimining uzluksizligi va sifati sababli faoliyatlari davomida ularga erkinlik: o'qitish usullari va o'quv materiallarini milliy va mahalliy darajadagi o'quv dasturlari asosida mustaqil tanlash huquqi beriladi. Umuman, Finlyandiyada ta'lim jarayonini tashkil etish va o'quv dasturlarini ishlab chiqishning markazlashtirilgan tizimi mavjud emas . Milliy miqyosda qo'llash uchun faqatgina tayanch o'quv dasturi ishlab chiqiladi. Ta'lim jarayonini mahalliy shart-sharoitlarga muvofiqlashtirgan holda yo'lga qo'yish uchun mahalliy ta'lim tashkilotlariga erkinlik beriladi. Mazkur nomarkazlashtirilgan tizim mahalliy darajada ishlab chiqilgan va joriy etilgan o'quv dasturlariga asoslanadi, bunda o'quvchilarning individual ehtiyojlari hisobga olinadi. Maktablar ta'lim jarayonida davlat tomonidan majburiy ta'lim uchun tasdiqlangan muayyan fanlarning barchasi yoki ayrimlarini o'qitish yoki o'z ixtiyorlariga ko'ra fundamental ta'limga mos boshqa fanlarni o'qitish to'g'risida mustaqil qaror qabul qilishi mumkin . Mahalliy darajada o'quv dasturini maktablar miqyosida ishlab chiqish mahalliy o'qituvchi-pedagoglarni ta'limni rivojlantirish haqida bosh qotirishga undaydi va ularga faoliyati davomida pedagogik mas'uliyat yuklaydi. Manba: Finlyandiya Ta'lim va madaniyat vazirligi ma'lumotlari, Ta'lim to'g'risidagi asosiy qonuni, Fundamental ta'lim uchun tayanch o'quv dasturi hamda O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotlari, O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim to'g'risida»gi qonuni, Umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi nizom, Davlat ta'lim standartlari. Umumiy o'rta ta'limning o'quvchilarni ta'limning keyingi bosqichlariga, jumladan, oliy ta'limga tayyorlashdagi hal qiluvchi ahamiyatini hisobga olinsa, o'zbek maktablarida fin tajribasining tizimli va muvaffaqiyatli joriy etilishi sohada sezilarli siljishlarga olib keladi. Faqat bu borada vaqt va resurs masalasi muhim rol o'ynashi mumkin. Qashqadaryodagi ayrim maktablarda Finlyandiya ta'lim tizimini joriy etishda uning aynan qaysi jihatlari asos qilib olinishi hozircha ochiqlanmagan bo'lsa-da, yuqorida ko'rib chiqilgan har ikkala davlat ta'lim tizimlari, xususan, umumta'lim maktablarida o'quv jarayonini tashkil etish bilan bog'liq keskin farqlar bu borada ba'zi muvofiqlashtirishlar va infratuzilmaviy islohotlar o'tkazilishi talab etilishidan dalolat beradi. «Gazeta.uz» ijodkorlari mazkur mavzu atrofida tahliliy materiallarni chop etishda davom etadi. Muqaddamxon Saidrasulova — O'zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, «Gazeta.uz» kolumnisti.
advice
Bir yilda nechta kitob o'qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko'ra kam, to'g'rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo'qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ'ib etish, o'quvchini ko'p va xo'b o'qishga undash niyatida «Nima o'qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o'qigan yo o'qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo'laylik! «Nima o'qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — «Ozodlik»ning O'zbek xizmati bosh muharriri, jurnalist va shoir Pahlavon Sodiq . Raqamli axborot davrida badiiy kitob o'qish karrasiga kamayib ketdi. Bir paytlar, bundan chorak asr avval, bir ustozimiz «o'zimga qolsa, televizorni 10 yillarga taqiqlab, hammani kitob o'qishga majburlardim», degan edi. Vaholanki, u paytlar hali internet ommalashmagan, har kuni gazeta sotib olib o'qirdik. Hozir eslasam, kulgim qistaydi. Qayerdan qayerga? Ammo o'qish bilan o'qishning farqi bor, albatta. «Kamayib ketdi» derkanman, sekin va chuqur o'qishni, mutolaani, kognitiv jarayonni-tanqidiy fikrlashni o'z ichiga olgan o'qishni nazarda tutyapman. Ijtimoiy tarmoqlar gazeta, kitob, arxiv — hamma narsaning o'rnini egallab olgan hozirgi zamonda bu qariyb imkonsizdek bir narsaga aylangan. Aksar kitoblarni elektron shaklda o'qiydigan bo'lganmiz, ammo haligacha elektron variantni kitob deb qabul qilishga ko'nika olganim yo'q. Imkon qadar, o'qib bo'lgandan keyin bo'lsa ham, bosma shaklini sotib olib, javonga qo'ymaguncha o'qilmagandek tuyulaveradi bu kitob. O'zi aslida ham raqamli va analog kitob mutolaasida farq bor. Miyani «qonatadigan» raqamli o'qish jarayonidagi tafakkur qilish bilan qog'ozdagi matnni o'qigandagi tafakkur o'rtasida sifat jihatidan farq katta. Ammo yechim ularning bittasidan voz kechishda emas, ikkalasining o'rtasida muvozanat qilishda, deb o'ylayman. Xuddi shu yerda audiokitoblar qo'l kelishi mumkin. Audiokitob, nazarimda, matnning elektron shaklida yo'qolib qoladigan musiqani beradi. Albatta, gap badiiy matn haqida boryapti. Albrecht Koschorke, Konstantin Kaminskij. Tyrants writing poetry. Central European Press nashriyoti. 2017 yil. 286 sahifa Yevropadagi birinchi zamonaviy monarxiyalardan tortib XX asr diktaturalari — Gitler va Stalingacha hukmdorlar orasida she'r yozganlari ko'p bo'lganini bilamiz. O'zimizda bu ko'rinish davlatchilik bilan birga paydo bo'lgan bo'lsa, ajab emas. Bu kitobga bizning mintaqadan marhum Turkmanboshi — Saparmurod Niyozov ham kirgan. Ammo «She'r yozgan mustabidlar» kitobidagi tadqiqotning yangiligi bunda emas. Kitob qadimgi saroy shoirlari bilan hozirgi piar texnologiyalarini tadqiq qiladi. Unda masalan, qadimda shoirlar hozirga hukumat voizlari yoki matbuot xizmatlari bajargan rolni bajargani, o'xshash texnologiyalar qo'llanilgani, ba'zida saroy shoirining badiiy shaxsiyati siyosiy shaxsiyatga evrilib, saroyning o'zidan ham kattalashib monarx yoki podshohning hokimiyatiga tahdid solgani ko'rsatiladi (o'zimizdan Alisher Navoiyni bunga misol qilib olish mumkin). Hozirgi voizlardan farqli saroy xo'jayini — podshoh o'lganidan so'ng ham haligi shoirning ta'siri, bir ma'noda hokimiyati saqlanib qolavergan. Qiziq parallellar bor. Vladimir Nabokov. Lectures on Russian Literature. Pen Books nashriyoti. 1987 yil Vladimir Nabokov 1940 yilda Amerikada akademik kar'erasini boshlagunicha rus adabiyoti haqida 2 ming betlik tadqiqot yozganini aytadi. Kitobdan Nabokov Stenford universitetida o'qigan ma'ruzalarining bir qismi o'rin olgan. Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov singari rus adabiyoti klassiklari haqidagi qiziq va original qarashlari, shuningdek, badiiy senzura qanday ishlagani haqidagi kuzatishlar o'rin olgan. «Rus adabiyoti ma'ruzalar»ning tili Nabokovning hayotiy biografiyasi, ruscha va inglizcha matnlarida kuzatiladigani kabi murakkab. Umuman, Nabokovga o'xshab yozuvchi yoki rassomni juda balandda, «yolg'iz qirol» sifatida tasvirlaydigan mualliflarni o'qish qiyin, bir tomondan, o'quvchiga juda balanddan qaragandek tuyuladi, ammo boshqa, ijobiy jihati — o'qiydigan odam ham u bilan bo'ylashishga, o'sha «qirol» bilan tenglashishga harakat qiladi. The Oxford Shakespeare. The complete sonnets and poems. Oxford University Press nashriyoti. 2008 yil. 768 sahifa Bir martada o'qiladigan kitobmas, albatta. Shekspirni o'qishga yordam beradigan, qayta va qayta murojaat qilinadigan kitob, degan bo'lardim. Mevlana (Jaloliddin Rumiy). «Divan-i Kebir». Ötüken nashriyoti. 2020 yil. 4 kitob, jami 1762 sahifa Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma'naviy», «Ichindagi ichindadir» deb tarjima qilingan «Fihi mo fihi» («O'zidagi o'zida») asarlari o'zbekchaga o'girilgan va o'quvchilari ko'p. Ammo bilishimcha, «Devoni kabir» hali tarjima bo'lgani yo'q. Ingliz tiliga yaqinlarda tarjima bo'lganini bilaman. «Shams devoni» deb ham deb ataladigan devon Rumiy Shams Tabriziyni taniganidan to uning vafotigacha bo'lgan davrda yozilgan she'rlari antologiyasidan iborat. Rumiy she'rlarni qog'ozga tushirmagani, ularni oniydan o'qib ketgani va muridlari yoki kotiblari yozib olganini bilamiz. «Masnaviy»dan farqi sof didaktika emasligida. Lirika, mistika va so'fizm. Orhan Pamuk. Veba geceleri. Yapi Kredi Yayinlari nashriyoti. 2021 yil. 544 sahifa Nobel mukofotini olgan boshqa ko'pgina adiblardan farqli O'rxon Pomuq Nobelga loyiq ko'rilganidan ham yaxshiroq asarlarini yozgan va yozishda davom etayotgan kam sonli yozuvchilardan deb bilaman. «Vabo kechalari»da ham oldingi qator romanlaridagi kabi epik qotillik motivi bor. Voqealar Sulton Abdulhamid davrida Usmonli imperiyasi viloyatlaridan birida vabo epidemiyasi tarqalishi atrofida kechadi. Al-Ghazali (G'azzoliy). The Incoherence of the philosophers. Young University Press nashriyoti. 2000 yil Oldinroq Bi-bi-si radiodasturida ingliz tadqiqotchilarining Ibn Sino va Farobiyning falsafiy qarashlari tanqid qilingan «Tahofatul falasifa» haqidagi qiziq bahsini eshitgan edim. Shundan keyin kitobning turk tilidagi ikkita tarjimasini o'qidim, ammo ko'nglim to'lgani yo'q, bu yil qo'limga tushgan inglizcha nashri men ko'rgan tarjimalar ichida mukammalrog'i bo'lsa kerak. O'zbekcha tarjimasini ko'rmadim. Toshikazu Kawaguchi. Before the coffee gets cold. Macmillan nashriyoti. 2019 yil. 224 sahifa «Qahva sovigunicha» — Tokiodagi kichik bir qahvaxonada o'tkazilgan vaqt mashinasiga o'xshash eksperiment haqidagi roman. Gabriel Garsia Markesning «Polkovnikka xat yo'q» qissasiga o'xshash qayg'uli, ammo asar qahramonlari Markes qahramonidan farqli faqat o'z o'tmishiga bog'lanib qolmagan, kechinmalar undan boyroq va turfa xil. O'zbek adabiyotidan Erkin A'zamning «Gonoluluga elchi» qissasi (menimcha hali chop bo'lmadi), Nazar Eshonqulning turkum hikoyalari, Isajon Sultonning «Navoiy» va Olim Toshboyevning «Ultontoz» romanlari. Tavsiya (o'zbek mumtoz adabiyoti, XX asr boshi, jadidlar, adabiyot darsligi va jahon adabiyoti xrestomatiyasiga kirgan asarlarga qo'shimcha): Bunga qo'shimcha «Ming bir kecha» va «Shohnoma», G'arb va Sharq faylasuf va teologlari, jumladan, G'azzoliyning barcha asarlari, Immanuel Kantning «Sof aqlning tanqidi», Shopengauer va boshqa nemis faylasuflari. Shuningdek, yunon va turkiy xalqlar mifologiyasi.
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda mazali va noodatiy issiq taomlar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Pomidor-smetana qaylasida pishirilgan do'lmalarning oddiy, ammo shu bilan birga juda mazali retsepti. Bedana tuxumi ushbu taomga o'zgacha ta'm berib, uni yanada mazali qiladi. Qiymakabob — bu sharqona oshxonada taniqli taom hisoblanadi, u odatda manqalda pishiriladi. Biz esa uni qanday qilib qozonda tayyorlashni sizga ko'rsatib beramiz. O'zbekcha to'yimli taom — juda mazali va xushbo'y non-palov yoki non-jarkop. Ushbu retsept bo'yicha pishirilgan tovuq go'shti yumshoq va sersuv bo'lib pishadi. Pishish jarayonida go'sht suvi kartoshkagayam singadi, tovuq esa mazzali bo'lib pishadi. Gaz pechida pishiriladigan tovuq sonlari va sabzavotli taom — kam kuch va vaqt, eng yuqori kayfiyatni tuhfa etadi. Non-kabob yoki o'zbekcha burger — bu siz albatta yoqtirib qoladigan uyda tayyorlangan «fast food». Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Bir yilda nechta kitob o'qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko'ra kam, to'g'rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo'qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ'ib etish, o'quvchini ko'p va xo'b o'qishga undash niyatida «Nima o'qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o'qigan yo o'qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo'laylik! «Nima o'qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — «Ma'rifat» gazetasi bosh muharriri, jurnalist va shoir Husan Nishonov. Birinchi o'qigan kitobimni yaxshi eslayman. 2-sinf edim. «Qichan» degan qissa. Muallifi esimda qolmagan. Qirg'iz yozuvchisi edi. Xullas, maktabni bitirguncha ilingan narsani o'qiganman. Vaqt keldi — tanlab o'qiydigan bo'ldim. O'rischa ham o'qiydigan bo'ldim. Hozir esa vaqt yetmaydi. Boshlab, oxiriga yetmagan kitoblar ham barmoqlarimdan ko'payib qoldi. Tortmasa, to'xtataman, tamom. Olamshumul g'oyalar ko'tarilgan bo'lsa ham, tilida qusurlar uchrasa, bo'ldi — o'qiyolmay qolaman. Bu balki kasbim (muharrir) bilan bog'liq injiqlikdir. Balki noto'g'ri qilayotgandirman, bilmadim. Shuning uchun, oldinroq bo'lsa ham, o'qilgan kitoblar haqida gapirmoqchiman. Qo'lingizni ikki yonga ko'tarib, ya'ni «qanotingizni yozib», qancha vaqt tura olasiz? 2 yo 5 minut? Boringki, 10 minut? Qiyin deysizmi? Ha, o'lmang! Bir kun kuni bilan boshingizni bir tomonga burib yura olasizmi? Yoki uyingizda tizzalab yurib ko'ring-chi faqat. Bir kun. Kallang ishlaydimi, deyapsizmi? Ha, o'lmang! Keltirganim misollarda inson tana a'zolarining tabiiy harakati jarayonlari buzilyapti. Marom buzilgandan keyin tabiiy ravishda tanamiz bunga qarshilik ko'rsatadi: og'riydi, ko'karadi, uvushadi va hokazo. Natijada o'z holiga qo'yishga majbur bo'lasiz. Endi bunday notabiiy jarayonni jamiyatga ko'chirib ko'ring-chi. Ahmad A'zamning «Qatag'on yili» hikoyasi shu haqda. «Tiqin» hikoyasida esa o'zbek xarakteri juda chiroyli ko'rsatilgan. Shukur Xolmirzayev, Murod Muhammad Do'st, Xurshid Do'stmuhammad, Erkin A'zam, Nazar Eshonqul qatori Ahmad A'zamning ham o'zbekning qusurga aylangan fazilatlari va fazilatga aylangan qusurlari ko'rsatib berilgan hikoyalari bor. Bizda «Bobur ensiklopediyasi» bor, «Navoiy ensiklopediyasi» yo'q. «Amir Temur ensiklopediyasi» ham. Bobur haqida asarlar yozilgan, Shayboniyxon haqida yo'q. Xo'p, bularni qo'yaturaylik. Hozir nega Navoiyni mutaxassislardan boshqa deyarli hech kim o'qimaydi? Chunki Navoiyni tushunish qiyin. Tili-ku mayli, lug'at yordamida o'qisa bo'ladi. Biroq Navoiy asarlaridagi g'oyalarni ilg'ash, mohiyatiga yetish uchun o'qirman Islom dinidan yaxshi xabardor bo'lishi kerak. Tasavvuf haqida tasavvuri bo'lishi kerak. Eng oldin shorih bu talablarga javob berishi kerak. Akrom Malikning «Hayrat ul-abror»ga sharhlari, meningcha, shu jihati bilan oldingi sharhlardan ustun. Bizda memuar janridagi kitoblar kam. Yozuvchining o'zi «Navoiy-30»ni garchi «janri yo'q kitob» deb ta'riflagan bo'lsa-da, undan o'rin olgan hikoyalar o'tgan asr 60−80-yillari O'zbekiston madaniy hayoti haqida muayyan tasavvur beradigan memuar deyish mumkin. Jahongir Muhammad, Ismat Xushevning yaqin davr tarixi haqidagi asarlarini o'qidik. Murod Muhammad Do'st, Xayriddin Sulton, Karim Bahriyev kabi ijodkor va jamoat arboblarining, deylik, Zokirjon Almatov, Salim Abduvaliyev kabi O'zbekiston tarixida iz qoldirgan shaxslarning, siyosatchilarning memuarlari chiqsa, o'quvchi yaqin tariximiz, Mustaqillik davri tarixi haqida turli nuqtai nazarlarga guvoh bo'lar edi. XX asr boshidagi milliy ozodlik harakati haqida tadqiqotlar bor, badiiy asarlar yozilgan. Avvaliga «bosmachi» degan tamg'a bosilgan ota-bobolarimiz aslida Erk uchun, Mustaqillik uchun kurashgan qahramonlarimiz ekanligi badiiy asarlarda ham ko'proq aks eta boshladi. Lekin ko'pchilik ijodkorlar bir haqiqatga ko'z yumishmoqda: ular orasida taloto'p vaziyatdan foydalanib, haqiqiy bosmachilik, talonchilik qilganlari ham bo'lgan. O'qituvchi ijodkor Boborahmat Muhammadiyevning «Ro'zi mergan»i o'z qishlog'i, tevarak-atrofdagi qishloqlarni ham o'ris bosqinchilaridan, ham o'zimizning bosmachilardan himoya qilgan haqiqiy Vatan himoyachisi bo'lgan. Ba'zi kitoblar majburan o'qiladi. Ba'zilarini qidirib topib o'qiysan. Ba'zilari esa qayta-qayta o'qiladi. Tavsiya qilayotganlarim izlab topib, doimiy o'qiladigan asarlar.
advice
«Gazeta.uz» pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda istalgan bayram tadbirlari qolaversa muhim sanalar uchun tayyorlash tavsiya qilinadigan ajoyib tortlar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. «Baunty» shokoladli batonchalarini sevib iste'mol qiluvchilarga albatta bu tortdan tayyorlab ko'rishni maslahat beramiz. Mayin krem va shokoladli glazur ushbu tez tayyorlanadigan tortga o'zgacha ta'm va chiroy bag'ishlaydi. Tort yumshoqligining siri — tarkibida un yo'qligi, hamda xamirning asosini ko'pirtirilgan tuxum oqlari tashkil etishidadir. Bunday tort har qanday dasturxonga ko'rk bag'ishlashi aniq. Tvorog va vanill pudingdan tashkil topgan bunday tort hech kimni befarq qoldirmasligi aniq. Muzqaymoq ta'mini eslatuvchi mayin krem biskvit bilan birgalikda tortga takrorlanmas huzur bag'ishlaydi. «Spartak» bu shokolad-asalli juda mayin ta'mli yumshoq desert. «Pancho» torti ajoyib ko'rinishidan tashqari, juda mazali hamdir. Bu tortda olchaning nordon ta'mi va smetanali krem ajoyib uyg'unlikni kashf etadi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Zilzila qachon va qayerda sodir bo'lishini hozircha oldindan aytib bo'lmaydi. Biroq siz unga tayyorgarlik ko'rishingiz mumkin. «Gazeta.uz» zilziladan oldin, zilzila vaqti va undan keyin o'lim va jarohatlanish xavfini kamaytirish uchun mutaxassislar nimalarni tavsiya qilishi haqida ma'lumot beradi. Og'ir mebel va maishiy texnika xavfsizligini ta'minlang . Zilzila payti katta va hatto og'ir jismlar ham qulashi mumkin. Kitob javoni kabi og'ir narsalarni to'shak, divan va odamlar o'tiradigan, uxlaydigan va ko'p vaqt o'tkazadigan boshqa joylardan uzoqroqqa joylashtiring. Katta va beqaror jismlarni poldan pastroq javonlarga, lekin qochish yo'llarini to'sib qo'ymasligi uchun eshiklardan uzoqroqqa ko'chirgan ma'qul. Mutaxassislar barcha mebellarni, shuningdek, maishiy texnikani devor yoki polga bog'lab turadigan kamar yoki tirgaklar yordamida to'g'ri mahkamlashni tavsiya qiladi. Uyingizda xavfsiz joylarni toping. Har bir xonada yiqilgan narsalardan yoki qurilish materiallaridan himoyalanishingiz mumkin bo'lgan joyni belgilang. Bu stol yoki karavot ham bo'lishi mumkin. «Favqulodda vaziyatlar uchun chamadon» yig'ing . Gigiyena vositalari, kerakli dori-darmonlar, muhim hujjatlar nusxalari va oz miqdorda naqd pul bo'lgan kichik sumka tayyorlang. Hujjatlar va pullarni suv o'tkazmaydigan sumkalarda saqlang. Asosan bunday to'plamlar shaxsiy ehtiyojlarga mos ravishda tayyorlanishi mumkin, ammo umumiy tavsiyalar quyidagilar: To'plamga kiritish mumkin bo'lgan qo'shimcha narsalar — uy hayvonlari uchun oziq-ovqat (agar uy hayvonlaringiz bo'lsa), siz yashayotgan iqlimga mos kiyimlar to'plami, bardoshli poyabzal, uxlash uchun sumka va ko'rpa. Favqulodda vaziyatda qayerda bo'lishingizni bilmasangiz, uyda, ishda va mashinangizda alohida to'plamlar tayyorlab, saqlab qo'ying. Evakuatsiya rejasini ishlab chiqing. To'plamni alohida belgilangan joyda saqlang. Oilangizdagi har bir kishi favqulodda vaziyatlar to'plami qayerda ekanligini va falokat yuz berganda kimga qo'ng'iroq qilish kerakligini bilishiga ishonch hosil qiling. Ko'pgina hollarda — siz uyda yoki savdo markazida bo'lasizmi, farqi yo'q — eng samarali taktika: «Egil. Pana joyga o't. Joyingda qol». Bunda nima qilish kerak : 1. Qo'llaringiz va tizzangiz bilan turgan joyingizga egiling. Bu holat hayotiy muhim organlarni uchuvchi jismlardan himoya qiladi va silkinish paytida muvozanatni saqlashga yordam beradi; 2. Bir qo'lingiz bilan boshingizni va bo'yningizni yoping — kaftingizni bo'yningizga, tirsagingizni esa boshingiz orqasiga qo'yishingiz kerak. Boshqa qo'l bilan sizni yashirib turgan joyni (masalan, stolni) ushlab turish kerak. Yashirinish joyi bo'lmasa, boshingizni va bo'yningizni ikkala qo'lingiz bilan yoping. Ushbu holatni silkinish oxirigacha saqlang. Agar siz nogironlar aravachasidan foydalanayotgan bo'lsangiz, g'ildiraklar qulflanganligiga ishonch hosil qiling va silkinish to'xtaguncha o'tirgan holatda qoling. 3. Agar siz stol ostiga yashirinishga muvaffaq bo'lsangiz, bir qo'lingiz bilan uning oyog'idan ushlab turing, ikkinchisi bilan bosh va bo'yiningizni yopishda davom eting. Pana joy bo'lmasa, boshingizni va bo'yningizni ikkala qo'lingiz bilan yoping. Nima uchun qutqaruvchilar va mutaxassislar «Egil. Pana joyga o't. Joyingda qol» taktikasini tavsiya qilishadi? Tebranish paytida harakatlanishga urinish sizni xavf ostiga qo'yadi: zilzila to'satdan boshlanadi va shu qadar kuchli bo'lishi mumkinki, silkinish kuchi baribir oyoqdan yiqitadi. Darhol tizzangizga egilib, pana joy topgan ma'qul. Zilzila paytida sodir bo'lgan jarohatlar va o'limlarni o'rganish shuni ko'rsatadiki, qulagan predmetlar eng katta xavf tug'diradi. Odamlarning televizor, lampalar, kitob javonlari va boshqa mebellarning qulashi oqibatida halok bo'lish ehtimoli yuqoriroq. Pana joy ushbu jarohatlarning aksariyatidan himoya qiladi. «Egil. Pana joyga o't. Joyingda qol»dan asosiy maqsad — sizni qulashi va harakatlanishi mumkin bo'lgan predmetlardan himoya qilish va agar bino qulab tushsa, jon saqlash mumkin bo'lgan holatda qolish ehtimolini oshirishdir. Parta yoki mustahkam stol ostidagi bo'sh pana joy bino qulab tushsa ham saqlanib qolishi mumkin — butun dunyo bo'ylab olingan fotosuratlarda vayronalar bilan o'ralgan parta va stollarni ko'rish mumkin, deya qayd etadi Zilzilaga qarshi kurash bo'yicha millatlar alyansi. «Egil. Pana joyga o't. Joyingda qol». Yuqori qavatda Odamlar gavjum joyda, stadionda yoki teatrda Ko'chada Harakatlanayotgan transport vositasida Dengiz qirg'og'ida Vahima ichida ko'chaga yoki boshqa xonalarga yugurmang. Agar turgan joyingizda qolib, panaroq joy topsangiz, sizga kamroq zarar yetadi. Bundan tashqari, silkinish shunchalik kuchli bo'lishi mumkinki, hatto uzoqqa yugurishga ham vaqtingiz bo'lmaydi. Agar ulgursangiz, silkinish kuchayganidan bir necha soniya ichida derazadan, oynadan, kitob javonlaridan va qulashi mumkin bo'lgan boshqa mebeldan / narsalardan uzoqlashing. Eshik oldida turmang. Undan ko'ra stol osti xavfsizroq. Zamonaviy uylarda eshiklar binoning boshqa qismlaridan ko'ra mustahkamroq emas — ular sizni qulab tushadigan predmetlardan himoya qila olmaydi. O'zingizda va boshqalarda jarohatlar bor yoki yo'qligini tekshiring . Infeksion xavfni kamaytirish uchun kichik yaralarni zararsizlantiring. Iloji bo'lsa, atrofdagilarga dastlabki tibbiy yordam ko'rsating. Shisha parchalari yoki qoldiqlarning o'tkir burchaklaridan shikastlanmaslik uchun mustahkam poyabzal va qo'lqop kiying. Gaz sizib chiqmasligiga ishonchingiz komil bo'lmaguncha gugurt, zajigalka, elektr jihozlari yoki chiroq o'chirgichlaridan foydalanmang. Oilangiz va do'stlaringizga ahvolingiz yaxshi ekanligini yetkazing. Telefon qo'ng'iroqlari tarmog'i band bo'lishi mumkin, shuning uchun iloji boricha matnli xabar (SMS)lardan foydalaning. Agar uyingiz shikastlangan bo'lsa va unda qolish xavfsiz bo'lmasa, uni tark eting. Ehtiyot bo'ling va yo'lda ustingizga hech narsa qulamasligiga ishonch hosil qiling. Aftershoklarga tayyor turing. Kuchli zilziladan keyin tez-tez aftershoklar kuzatildi. Ular asosiy zilziladan bir necha daqiqa, kunlar, haftalar va hatto oylar o'tgach sodir bo'lishi mumkin. Agar vayronalar ostida qolgan bo'lsangiz , chang yutmaslik uchun og'zingizni, burningizni va ko'zingizni kiyim bilan yoping. Qon ketish holati kuzatilsa, jarohatni bosishga va shikastlangan tana qismini ko'tarishga harakat qiling. Bir necha daqiqa farqi bilan xushtak chalgan holda yoki devorga yoki metall konstruksiyaga uchta qisqa taqillatish yordamida signal bering. Qutqaruvchilar tovushlarga qarab yo'nalish olishadi.
advice
"Bolaga kitob bering!" deymizu, nega aqli, dunyoqarashini boyitadigan, yoshiga mos badiiy, ilmiy-ommabop, suratli va boshqa mazmundagi adabiyotlar chop etilishida sustmiz? 2021-yili noshir Sanjar Nazar bilan bo'lgan suhbatda O'zbekistonda bolalar nashri uchun birorta imtiyoz yo'qligi, qo'shimcha soliq yuki, moliyaviy muammolar rang-barang adabiyotlarni chiqarishga to'sqinlik qilayotganini ta'kidlangandi. Bir necha kun oldin noshir bilan qayta bog'lanib, "O'tgan vaqt orasi sohada qandaydir o'zgarish, yangilik bo'ldimi? Siz sanagan muammolar sal bo'lsa-da yechimini topdimi?" deb so'radim. "Yo'q, hammasi o'sha-o'sha!" , degan javob yangradi. To'g'ri, muammolarimiz ko'p, biroq shuncha vaqt orasi bolalar adabiyotidagi muammolarning barini bo'lmasa-da, ko'zga ko'rinarli, yiriklarini yechishga nahot imkon bo'lmadi, degan savol ham bor. Angliyada yashab ijod qiladigan bolalar yozuvchisi S.F. Said: "Bolalar adabiyoti yosh kitobxonga chinakamiga ta'sir ko'rsata olishiga astoydil ishonaman. Ular bizni manguga shakllantiradigan kitoblardir. Qadimgi afsonalardek katta-katta savollarni o'rtaga qo'yadi: 'Kimmiz? Qayerdan paydo bo'lganmiz? Kimga tegishlimiz? Qanday yashashimiz kerak?ʼ", deydi . Sakkiz yildan beri Germaniyada yashayotgan va bolalar uchun "Quyoshli tong" kitobini yozgan Citora Usmonova: "Bu yerda hammasi boshqacha: bolalar kitobni sevishni ota-onadan o'rganishsa, uni o'qib-tushunishni bog'cha va maktabda boshlashadi. Germaniya shaharlarining deyarli har bir dahasida katta-kichik kutubxonalar va bolalar kitob do'konlarini yangisidan tortib "second hand"igacha uchratish mumkin. Buni yana Belgiya, Fransiya va Avstriyada ham qat'iy talab ekanini kuzatdim", deya Yevropada bolalar adabiyotiga e'tibor qandayligini tasvirlaydi. Mayli, bizda kitob do'koni va kutubxonalarimiz dunyo bilan bo'ylashgulik darajada bo'lmasin. Serhasham qiroatxonadan avval bolalar yoshi, talabi, qiziqishiga mos nechta va qanday kitoblar chiqarilayotgani muhimroq. Bir yilda nechta nom va adadda shunday asarlar nashr etilmoqda? Bolalarni o'ylantiradigan, tinimsiz savol yog'dirishiga sababchi bo'layotgan asarlar yaratilyaptimi? Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va o'smirlar adabiyoti kengashining 2022-yildagi faoliyati tahlilida na bir tahlil, na statistik ma'lumot va na bir yil davomida chop etilgan asarlar nomi keltirilgan. Oxirgi yillari chop etilgan "Galaktikada bir kun", "Koinot javohiri", "Buvamning oshqozonidagi mamlakat", "Tug'ilgan kunimga sovg'a", "Ajoyib kaktus", "Quyoshning sirli botishi" kabi o'quvchilarini topgan kitoblar haqida bir jumla ham topilmaydi. 2022-yili O'zbekistonda nechta nomdagi bolalar adabiyoti chop etilgani va ularning umumiy adadini bilish maqsadida Statistika agentligidan so'ralganda, tashkilotda buning raqami yuritilmasligi va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)ga bog'lanish kerakligi aytildi. AOKA mas'ul xodimi esa ularda ancha yildan beri bunday hisobot shakllantirilmasligi , shunday hisobot zarur bo'lsa, xodim nashriyotlarga so'rov yuborishi va undan keyin aniq javob bera olishini ma'lum qildi. "Umumiy hisobda, chop etilayotgan kitoblarning 30 foizi bolalar adabiyoti hissasiga to'g'ri keladi", deya qo'shimcha qildi mas'ul xodim suhbat so'ngida. Bundan tashqari, o'zbek bolalar adabiyoti hisoboti va tarjima asarlar bo'yicha Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va o'smirlar adabiyoti kengashida ham ma'lumotlar to'planishi bildirildi. Ushbu kengash raisi Orif To'xtashga bog'langanda, bu masalada aniq raqamlar jamlanmasligi , qaysi bolalar yozuvchisi yoki shoirining chop ettirgan asari kengashga ma'lum bo'lsa, ana o'shalar hisobotlarga kiritilishini ta'kidladi. To'liq va batafsil ma'lumot yo'qligi xususiy nashriyotlarning ko'payib ketayotgani va nazoratning yo'qligi bilan izohlandi. Wordsrated ma'lumotiga ko'ra, 2022-yili dunyo bo'ylab 250,7 mln adadda bolalarga mo'ljallangan kitob sotilgan, shu yili Amerikaning kitob savdosidagi 32,8 foiz ulushi bolalar adabiyotiga tegishli . Kelasi yili AQSh bolalar kitob bozori hajmi 2,62 mlrd dollarga yetishi taxmini bor. 2026-yilga borib butun dunyo bolalar kitobi bozori hajmi 13,02 mlrd dollarni tashkil etishiga umid qilinmoqda. Biroq bu raqamlar ko'payishiga O'zbekiston ham hissa qo'shadimi-yo'qmi — noma'lum. Janubiy Koreyada yashab, o'zbek bolalariga bir nechta kitoblarni tuhfa etgan yozuvchi Dinara Mo'minovaning aytishicha, "O'zbekistondagi bolalar adabiyoti soni shu qadar kamki, ularni na tasniflay olamiz, na bola yoshiga qarab ajratamiz, na mavzularga bo'la olamiz. Hatto mualliflarni saralay olmaymiz. Yaqinda Toshkentdagi bir xususiy universitetdagi ochiq darsda qatnashdim. Birinchi kurs talabalaridan bolalar adabiyoti deganda xayolingizga eng avval qaysi asarlar keladi deb so'rasamular "Kichkina shahzoda", "Zumrad va Qimmat" deb javob berdi. Sababi aniq: bugun kitob do'konlarida bolalar uchun asosan folklor yoki sifatsiz tarjima kitoblargina mavjud". Janubiy Koreyada yashab ijod qilayotgan Dinara Mo'minovaning 2022-yili O'zbekistonda chop etilgan uch kitobi. Foto: "Akademnashr" Nega ayni shu masalaga kelganda og'irkarvon bo'lib qolishimiz va ko'pincha loqayd qarashimizni bolalar yozuvchisi Sa'dullo Quronov quyidagicha izohlaydi: "Bizda bolalar adabiyoti, umuman, bolalar kitobxonligi, matnni o'qib uni tushunish darajasi juda-juda past. Eng qizig'i, buni mutaxassislar ham, ziyolilar ham yaxshi bilgani holda, bolalar adabiyotidagi muammoni aniq — obyektiv baholay olmaydi. Nega desangiz, bizda na baholash mezonlari va na vositalari mavjud. Shunchaki, ahvolimiz yomonligini, kasalimiz og'irligini bilamiz, xolos". Sa'dullo Quronovning alohida ta'kidlashicha, bolalar adabiyotini ham ilmiy tadqiqotlarsiz rivojlantirish imkonsiz. "Doim aytaman — bolalar adabiyotining rivoji faqat yozuvchi va noshirga bog'liq emas. Bu muammo kompleksli, unga yechim topish uchun malakali tilshunos, ruhshunos, adabiyotshunoslar ko'magi zarur. Hozir har bir mikrohududda kichik kutubxona ochib, ichini kitob bilan to'ldirib yuborsak ham muammo deyarli yechilmay qolaveradi. Sababi biz, avvalo, kitobxonlik madaniyatini, bolalarda matnni o'qib tushunish ko'nikmasini shakllantirib olishimiz zarur". Dinara Mo'minova esa holatni boshqa rakursdan kuzatganini, talab va taklif o'rtasidagi muvozanat buzilganini bayon etadi: "Eng alamlisi, kitoblarim O'zbekistondan ko'ra Amazon platformasi orqali ko'proq nashr etilgan va sotilgan. Hatto o'zlarida turli-tuman kitoblar bo'lishiga qaramay, Amerika, Yevropa, Kanadada yashaydiganlar ham kitoblarimni sotib olishadi. O'zbekistonda 4 ta kitobim 3000 donadan chop etildi va hali ham sotib tugallangani yo'q. Qarasam, 10 mingga yaqin umumta'lim muassasasi va 8000 ga yaqin maktabgacha ta'lim tashkiloti bor ekan. Shularning nechtasi yangi chiqayotgan kitoblardan sotib olmoqda?". Citora Usmonova esa Germaniyadagi bog'chalarda nafaqat bolalarga kitob o'qib berilishini, balki har bir bola o'z kitobini yasashi mumkinligini ham misol qilib keltiradi: "Bog'chalarda tarbiyachilar bolalarga har hafta kitob o'qib beradi. Biz ota-onalar buni qo'llab-quvvatlaymiz va yangi kitoblarni sovg'a qilib turamiz. Yaqinda bog'chamiz ma'muriyatidan 23-aprel — Butunjahon kitob kuniga bag'ishlab bolalar o'z kitoblarini yasashi mashg'uloti rejalashtirilayotgani, buning uchun 1 dona qattiq qog'oz berib yuborishimiz kerakligi haqida ma'lumot oldik. Bu, menimcha, har qaysi ota-onani quvontiradigan mashg'ulot". O'zbek noshirchiligida bolalar kitobini chop etishda asosiy muammolardan biri qo'shilgan qiymat solig'i (QQS) ekanini yozuvchilar ham alohida urg'u qo'yadi. "Kitoblarimda bolalar muammosini ularning qarashi bilan ochib berishga harakat qilaman. Shulardan biri "Sumalak" haqidagi kitobim. Amazon'da bahor kelishi bilan sotuvi ortgan. Lekin o'zbek bolajonlariga yetgani yo'q hali. Chunki O'zbekistonda kitob nashr qilish oson ish emas. Rivojlangan mamlakatlarda bolalar adabiyoti nashri uchun QQS 0 foiz yoki kamaytirilgan paytda bizda u umumiy QQS bilan bir xil holatda", deydi Dinara Mo'minova. O'zbekistonda bolalar adabiyotini tadqiq qiladigan, uning rivojlanishi va istiqboliga oid xulosalarni beradigan mutaxassislar, tadqiqotchilar kam. Bu ishni ham yozuvchilar o'z zimmasiga olishga majbur. Sa'dullo Quronov bu masalada qilinadigan harakatni eng avval kitoblarni yosh kategoriyasiga ajratishdan boshlash zarur deb biladi. "Bolalar uchun yozilgan matn ularning yoshi, ruhiyati va tilni tushunish darajasiga muvofiq bo'lmas ekan, barcha harakatlar behuda ketaveradi. Chunki bolalar adabiyotida yosh kategoriyasini to'g'ri belgilash va matnning o'qishlilik darajasini aniqlash juda muhim. Negaki, biz 8 yoshli bolaga 12 yoshli bolaning kitobini tutqazayotgan bo'lishimiz mumkin. Bola bu kitobni o'qishga ham, tushunishga ham qiynaladi. Buning chorasi — asarni 0+, 3+, 6+ kabi yosh kategoriyalari belgilanishi shart. Endi o'ylab ko'ring, bizda yosh kategoriyalari qaysi mezonlar asosida belgilanadi? Muallif yoki muharrirning shaxsiy, subyektiv tajribasidan boshqa mezon yo'q. Aslida, buni belgilash uchun tilshunoslar ilmiy tadqiqot o'tkazishi, gap va matn qurilishining murakkabliklarini aniqlashi, turli yoshdagi bolalarda tajribalar o'tkazib, qaysi so'z qay yoshdagi bolaning tushunish darajasiga mosligini belgilab berishi zarur", — deydi u. Yosh kategoriyasining belgilanishi bolani kelgusida kitobga qiziqtirishda juda muhim. Uning yoshi va qiziqishiga mosi ilmiy-tadqiqot xulosalari asosida belgilangan mezonlarda aniqlanadi. Yoshni belgilashda xorijda talab va mezonlar ishlab chiqilgan. Ijtimoiy loyiha sifatida yaratilgan va bolalaru kattalarni kitob yozishga ilhomlantiradigan Journey to Kidlit platformasi bolalar adabiyotining yosh chegarasini tasniflab chiqqan . Masalan, 0−3 yosh orasi uchun kitobdagi so'z 100 tadan oshmasligi shart. Ba'zan kitob matn emas, suratlardan iborat bo'lishi ham mumkin. 3−8 yosh uchun 250−1000 ta so'zdan oshmagan asar talab etiladi. Bunda ham matndan ko'ra surat "so'zlashi"ga ko'proq urg'u qaratiladi. 5−9 yoshdagilar "ilk kitobxon" sanalib, ularga atalgani 1500−2000 ta so'z, 6−10 yosh uchun 8,5−12 mingta so'z bo'lishi kerak. 8−12 yosh orasiga 25−50 mingta so'zdan iborat asar yoziladi, odatda. Sa'dullo Quronovning "Galaktikada bir kun" ilmiy-fantastik qissasining davomi — "Koinot javohiri" kitobi. Foto: "Akademnashr" Bolaning psixologik-emotsional holatini tasvirlash va unga zarur bilimni berishda yosh chegarasini aniqlash muhimligi uchun Dinara Mo'minova haqli savolni o'rtaga tashlaydi: "Yaqinda yaponiyalik yozuvchi Kenjiro Haitanining "A Rabbit's Eyes" degan 10−12 yoshdagi bolalarga mo'ljallangan kitobini o'qidim. Asarning bir qismida ijtimoiy-ekologik muammo va ular orasida o'sayotgan bolalar dardi ko'rsatilgan, qiziqarli zoologik ma'lumotlar berilgan bo'lsa, ikkinchi tarafda har bir inson go'yo olmos ekani, unga kerakli ishlovni berish kifoya ekani tasvirlangan. Shu yoshdagi bola o'ziga keraklisini olmay qo'ymaydi", — deydi u. "Bir savol qiynaydi meni: bizda bolalarning psixologik ehtiyojlarini qondira oladigan adabiyotlar bormi? Ota-onasi janjallashayotgan bolaning qalbidan nimalar o'tishini aks ettirgan kitob, otasi muhojirlikda yurgan yoki nogironligi bor bolaga ruhiy madad beradigan, maktabda kamsitilib, masxara qilinadigan o'quvchining ko'nglini yoritadigan, bog'chada o'yinchog'ini oldirib qo'ygan bolaning dardi haqidagi kitoblar bormi?", — deya ta'kidlaydi Dinara Mo'minova. U bolalar psixologiyasi, neyropsixologiya, psixoterapiya keskin rivojlangan hozirgi davrda ularning psixologik muammolarini ko'rsatib beruvchi o'zbek tilida biror kitob yo'q, deb hisoblaydi. "Shularni hisobga olib "Ajoyib kaktus" rasmli kitobimda bullingni, "Tug'ilgan kunimga sovg'a"da bolalarning ixtirochiligi va niyati sari intilishi, "Tomchi qayerga ketdi?"ni STEM ta'limiga asoslab, qahramonlar hikoyasini yaratganman"", — deydi u. O'zbek bolalar adabiyotidagi muammolarga yechimni aslida tadqiqotchi, tanqidchi va adabiyotshunoslar ko'rsatishi kerak. Lekin tanqidchilik misoli ko'richakdek goh borligini ko'rsatib, goh jim turgani bois yana yozuvchilarning o'zi tashabbus ko'rsatmoqda. Aslida, mutasaddi tashkilot va ilmiy-tadqiqot institutlari zimmasidagi vazifani boshqa najot kemasi bo'lmagach, yozuvchi bo'yniga olmoqda. Sa'dullo Quronov tobora umid kamayayotgan yo'nalishni o'zbek tilining izohli va imlo lug'atiga kiritilgan so'zlar (so'zlar banki)ni bolalarning yoshi, tushunish darajasiga muvofiq tarzda tasniflash, bolalar uchun yozilgan matnlarning o'qishlilik darajasini (readability) aniqlovchi, yosh kategoriyalarini belgilovchi va bunday matnlarni o'qib tushunishni baholovchi mezonlarni ishlab chiqish orqali qutqarish mumkinligini ta'kidlaydi. "Bu masalalar dunyoning juda ko'plab davlatlarida, hatto qo'shni Qozog'iston, Qirg'izistonda ham ishlab chiqilgan. Shu loyihalar amalga oshirilsa, buning asosida maxsus dastur yaratiladi. Dastur matnni tahlil qilib, uning o'qishlilik darajasini, yosh kategoriyasini avtomatik tarzda aniqlab beradi", — deydi yozuvchi. Buni, jumladan, rus tilidagi matnlarni analiz qilib, uning murakkablik darajasini ko'rsatib beruvchi www.textometr.ru platformasi yordamida ham tasavvur qilib olish mumkin. Sa'dullo Quronovning o'zi mazkur platformada tajriba tariqasida Nikolay Nosovning "Bilmasvoy bilan do'stlarining boshidan kechirganlari" asaridan kichik bir parchani tahlilga tortganini aytadi. Tahlil quyidagicha natijalar bergan: "Endi tasavvur qiling, bizda ham shunday tizim bo'lsa, bu kitobxonlikni rivojlantirishga qay darajada ta'sir qila oladi? Albatta, men ko'targan masala bolalar adabiyotidagi muammoning bir uchi xolos. Lekin shunday bo'lsa-da, nazarimda, yechim topilishi zarur bo'lgan muammolar ichida eng muhimi", — deydi Sa'dullo Quronov. Dinara Mo'minova esa "bolalar adabiyoti rivojlanishi uchun yagona va kuchli tashkilot kerak", deb hisoblaydi. "Bolalar adabiyotini janrlarga tasniflash va ularga nom berish, bolalar yozuvchilarini qo'llab-quvvatlash, kutubxonalarni rivojlantirish (har bir mahallada kamida bitta kutubxona bo'lishi shart), mualliflik huquqlarini himoya qilish, bolalar adabiyoti bazasini yaratish, sohani o'rganish va rivojlantirishda psixolog-ekspertlar bilan hamkorlik qilish muhim. Bu amaliyotlar bugun bizga hech bo'lmasa bolalar adabiyoti sohasi tirik qolishi uchun kerak. Ular bizga kamida qanotimizni rostlab olishimizga yordam beradi", deya qo'shimcha qiladi u. Bolasiga qanday manbalar bilan ishlash, uni saralash, tahlil qilish, yolg'onini rostdan ajratish ko'nikmasini o'rgatolmaydigan ota-ona ko'p. Internetdagi son-sanoqsiz, chig'iriqdan o'tmagan axborotni bolaga shundayligicha beradiganlar ham topiladi. O'g'il-qizni hayotga tayyorlash, ongli shaxs qilib o'stirishda tajriba va tarbiyadan tashqari yaxshi, zalvarli kitoblarni o'qish-uqish zarur. "Bolalar adabiyoti nega kerak?", degan savol ortiqcha aslida. Chunki bola odamlardan topolmagani, ota-onasi, ustozi o'rgatmaganini kitobdan oladi, dunyoga munosabatini sevimli ertak qahramonlari, roman-qissalardagi kechinmalar, sarguzashtlar orqali shakllantiradi. O'zbek bolalariga "Sariq devni minib", "Shirin qovunlar mamlakati", "Dahshatli Meshpolvon", "Olovjon va uning do'stlari" va xalq og'zaki ijodi namunalari bilan birga bugungi kun voqeligiga mos zamonaviy asarlar kerak. Bola turli onlayn manbalarga emas, kitobga mehr qo'yib ulg'aygani xayrliroq.
advice
"Gazeta.uz" pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda Ramazon oyida ro'za tutuvchilar shuningdek, mazali nonushta tayorlashni istagan barcha uchun saharlik uchun taomlar ro'yxatini taqdim etadi. Guruchli bo'tqa saharlik uchun ajoyib variant: tez, mazali va butun kun uchun energiya bilan ta'minlaydi. Xamir ichida pishloq qo'shilgan sosiskalar — oson va uy sharoitida tayyorlash mumkin bo'lgan juda mazali pishiriq . Ushbu taom yetarlicha to'yimli, ishtahaochar ko'rinishga ega. Qolaversa katta va kichikka birdek yoqadi. Bunday qizilyanoq bo'g'irsoqlar asosan issiq holida yaxshi, agar uning ustiga shakar upasini sepib, sut yoki choy bilan dasturxonga tortsangiz, undanda a'lo bo'ladi. Tayyor kruassanlardan oson va tez nonushta. Menemen — pomidor va bulg'or qalampiri solib pishiriladigan turklarning milliy nonushtasi hisoblanadi. Granolani oldindan tayyorlab qo'ysangiz, saharlikda bunday lazzatli taomdan bahramand bo'lasiz va anchagina vaqtingizni tejaysiz. Tarkibidagi yong'oqlar sababli u juda to'yimli va foydali. Galetalar uchun xamirni oldindan tayyorlab qo'ysangiz, ishingiz anchagina yengillashadi. Mazali va oson tayyorlanuvchi fransuzcha tostlar barchaga yoqishi aniq. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
"Gazeta.uz" pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda Ramazon oyida ro'za tutuvchilarga iftorlik uchun tayyorlash tavsiya qilinadigan mazali taomlar ro'yxatini taqdim etadi Mazali qaynatma sho'rva нинг ichida qo'y go'shti, sersuv sabzavotlar va xushbo'y ziravorlar bor. Golupsi — bu karam barglariga o'ralgan sabzavotli yoki go'shtli qiyma hisoblanadi. Biz sizga pomidor-smetana qaylasida pishirilgan golupsilarning oddiy, ammo shu bilan birga juda mazali retseptini taqdim etamiz. Muzlatgichda tayyor chuchvarangiz bo'lsa, ana o'sha mahsulotdan bu taom juda tez tayyorlanadi. Qovurma lag'mon — uning tayyorlanishi uzoq vaqt talab qilmaydi va uni butun oila uchun iftorlikka bemalol tayyorlasa bo'ladi. Frikadelkali sho'rva taomnomangizga yangilik kiritadi, va lazzatli ta'mi bilan dasturxoningizdan joy oladi. Klassik lazanya — butun dunyoda mashhur va barcha sevadigan italyancha taom. Mazali klyotskalar issiq taom oldiga garnir sifatida mos keladi, ammo alohida taom sifatida ham juda o'rinli tanlov bo'ladi, ayniqsa quyuq go'shtli qayla bilan. Mampar — mazali va juda to'yimli suyuq taomlardan biri bo'lib, tayyorlash jarayoni ham umuman qiyinchilik tug'dirmaydi. Unga solingan mahsulotlar oddiyligiga qaramay, taom noodatiy va mazali bo'lib chiqadi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
"Gazeta.uz" pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda turli xil noodatiy quyuq taomlar retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Qaymoq va pishloqli qayla ostida sabzavotlar va ziravorlar bilan dimlangan mayin tovuq filesi — tushlik uchun ajoyib taom . Klassik lazanya — butun dunyoda mashhur va barcha sevadigan italyancha taom. Bunday mazali klyotskalar issiq taom oldiga garnir sifatida qo'yish uchun mos, ammo alohida taom sifatida ham judtortish mumkin, ayniqsa quyuq go'shtli qayla bilan. 2 xil pishloq va ismaloq bilan pishirilgan tovuq filesi — juda mazali va oson taom . Tez va oson tayyorlanadigan, juda mazali kartoshkadan pishloq va qovurilgan piyozli toblatma . Bu dumaloqchalarning ta'mi takrorlanmas — me'yorida achchiq va kuchli baliq ta'miga ega. Pechda pishirilgani uchun qanotchalar yog'siz bo'ladi, bu esa o'z navbatda afzallikdir. Bu usul bo'yicha tayyorlangan lavashli burrito , mazali, nachinkasi ko'p bo'lib pishadi. Bu taom juda ajoyib va hushbo'y bo'lib, undagi biroz nordon ta'mli yorqin pomidorning mazasi qaymoq bilan bosiladi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Bir yilda nechta kitob o'qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko'ra kam, to'g'rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo'qligi bahona bunga. "Gazeta.uz" kitobxonlikni targ'ib etish, o'quvchini ko'p va xo'b o'qishga undash niyatida "Nima o'qiymiz?" savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o'qigan yo o'qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo'laylik! "Nima o'qiymiz?" loyihasining navbatdagi mehmoni — taniqli jurnalist, shoir, sport sharhlovchisi Xayrulla Hamidov . Loyiha birinchi marta video shaklida ham tayyorlandi. Mutolaa — bu, mashhur adiblarimizdan birining ta'rifi bilan aytganda, "o'zi asli ishqiy jarayon". Men mutolaadan boshqa lazzatlanish mumkin bo'lmagan joyda uzoq vaqt bo'lib, mutolaa nima ekanini, mutolaa bilan inson qanday qilib salomat qolishi mumkinligini tushunib yetganman. O'tgan asr avvalida Domla Hindistoniy degan zabardast bir ulamo o'tgan. Shu kishini qamoqqa olishganida, uni ruhan sindirish maqsadida odam bo'yi baravar, qimirlab ham bo'lmaydigan chuqurlikka "qani, qachongacha chiday olarkin", deb tushirib qo'yishgan ekan. Oddiy odam bunday sharoitga yarim soat ham chidolmaydi. Domla chuqurga tushgan payti o'ziga o'zi "shu joyda Qur'onni xatm qilaman" degan ekan; yetti soatdan keyin: "Bo'ldiye, chiq", deb tortib olishgan ekan. Ya'ni, mutolaa ba'zan insonni mana shunday chuqurliklardan ham eson-omon chiqib ketishiga yordam beradi. Kitobni hamma har xil o'qiydi — ba'zilar telbalarcha, dunyolarni unutib, bir o'qishda tugatmaguncha o'qiydi, shundaylarga qoyil qolaman. Men ham keyinchalik buning mashqini, hadisini oldim va kitob o'qiganimda o'sha holatga tushaman, atrofni unutaman. Har bir odam mutolaa asnosida zavqini topishi kerak. Zavqini topsa, uni boshqa hech narsaga alishmaydi. Ibn Arabiyning zo'r gapi bor: "Agar jannatda odamlar ilm lazzatidek lazzatni his qilsa, demak jannat haqiqatan ham yaxshi joy ekan". Ya'ni olim odamlar kitob o'qishning lazzatini biladi. Bir olimning ham gapi bor edi: "O'lim farishtasi mening jonimni kitob o'qiyotgan vaqtimda olishini istardim, shunda osonroq jon bersam kerak". Bir olimning ayoli ham aytgan ekan: "Xudoga qasamki, menga shu kutubxonadagi kitoblardan ko'ra uchta kundosh yaxshi edi". Sababi — uchta kundoshi bo'lsa, to'rtinchi kuni navbati keladi-da. Zavq, shavq topilsa, menimcha, kitob mutolaasi o'zining cho'qqisiga chiqadi. Audiokitoblarni eshitib ko'rmaganman, eshita olmasam ham kerak. Telefondan o'qishga ham qiynalaman. Biror kitobni topolmay, printerdan chiqarib olsam ham, o'qiyotganimni kitobdek tasavvur qilolmayman. Lekin zamonaviy vositalarni inkor qilmayman — xuddi Sherali Jo'rayevni eshitib qo'ygan avlod "Ummon"ni inkor qilmasligi kerak-da. Yosh avlodda qay yo'sinda o'qish imkoniyati bo'lsa, o'qishi kerak. Lekin bir narsaga hayron qolaman — agar kitob qandaydir ilohiy ne'mat bo'lmasa, yeriy xususiyatdan tashqaridagi narsa bo'lmasa, hozirgi taloto'p davrida, texnika har soniyada rivojlanayotgan zamonda omon qolmasligi kerak edi, ammo u hali ham yashayapti. Adabiyotning ikki qanoti bo'lsa, biri o'zbek adabiyoti, ikkinchisi jahon va ularning har ikkisi birga, parallel harakat qilishi kerak. Men dastlab jahon adabiyoti, xususan, Teodor Drayzer asarlari haqida fikr bildirmoqchi edim. Nazarimda, har qanday sermahsul adibning ham ikkita shoh asari bo'ladi, shunda ham ulardan biri asosiyroq bo'ladi. Men ham odatda u yoki bu yozuvchining bosh asari mutolaasiga kirishishdan avval uning boshqa yozganlarini o'qib, tayyorlanardim — o'zimga shunday tamoyil qilgandim ( sotib olish ). Drayzerning "Amerika fojiasi"ga ham "Baxtiqaro Kerri" orqali tayyorgarlik ko'rgandim. Ozodlikka chiqishim arafasida, 10 kun qolganida, "Amerika fojiasi"ni o'qishga kirishdim, ammo o'rtacharoq kitobni bir kunda ham o'qib tugatib tashlaydigan odam bu romanni his qilib mutolaa qilolmadim. Ozodlikka chiqqach, birinchi qilgan ishlarimdan biri — "Amerika fojiasi"ni o'qish bo'ldi. Kinosini ko'rgandim, kitob kinosidan farq qildi ( sotib olish ). Keyinchalik ikki marta "O'tkan kunlar"ni o'qidim (Qodiriyning bu romanini shu vaqtgacha jami sakkiz martalar o'qigan bo'lsam kerak). Men qayerda intervyu bersam ham "O'tkan kunlar"ni bir gapirib qo'yishim, targ'ib qilib qo'yishim kerak, deb hisoblayman, hali kinosini ko'rishga ulgurmagan yoshlarga kitobini o'qi, deyman. Nega? Nega o'zim ham o'qiyveraman? Qur'onning ma'nolarini tarjima qilgan rahmatli shayx Alouddin Mansurning oxirgi o'qigan kitobi, u kishi diniy qatlamning katta vakili bo'lishiga qaramay, "O'tkan kunlar" bo'lgan ekan. Bu kitob — millatning dardini his qilish, tushunishdir. Unda hamma narsa bor, u hamma narsani o'zi ichiga olgan. Keyin, millatning nafasini beradigan asarlar tarjima qilib bo'lmaydigan darajada bo'lishi kerak. Chunki ba'zi so'zlar bor, masalan, "Yig'lanilmasin" degan gap — Qodiriy buni o'zbekning xarakteridan olgan-da, "Yig'lama" deya olmaydi, xizmatkoriga qaratilgan bo'lsa-da, "Yig'lamang" ham deya olmaydi, majhul fe'lda "Yig'lanilmasin" deyish — o'sha kungi madaniyatning bir ko'rinishi-da. Ha, mayda narsalar, lekin Qodiriy shunday narsalarni har joyda qo'shib ketaverganidan, mushtariy uni 8 marta o'qiydimi, 10 marta o'qiydimi, 20 marta o'qiydimi, o'zi uchun yangilik topaveradi. Ko'pda shunday detallar. She'riy asar deb o'ylayman — she'rlarda ham ta'birlar, majozlar chiqaveradi-ku. "O'tkan kunlar" ham shunaqa ( sotib olish ). "Nima o'qiymiz?" loyihasining mana shu uchinchi qismga jiddiy tayyorlandim. O'qilgan kitoblar haqida hikoya qilarkansan, gapga ustalik bilan vaziyatdan chiqib ketish mumkin. Mutolaa haqida ham umumiy gaplarni gapirish mumkin. Ammo bir kishiga bir kitobni tavsiya qilarkansan, bu ishga chuqurroq yondashish kerak, deb o'ylayman. Shu bois yoshlarga mo'ljallangan tavsiyalarni bir mavzuga bog'lab, bir maqsad yo'lida — fikrlashga chorlash niyatida tuzdim. Ayni vaqtda, o'qiydigan darajaga yetib borish uchun ba'zi bosqichlar bor. Misol uchun, shtanga ko'tarishda ham qoida bor-ku — yangi kelgan bolaga tosh 10 kilo-10 kilodan qo'shib, ko'tartiriladi va oxiri u 200 kiloni ham ko'taradi. Ammo unga birdan 200 kilo ko'tartirilsa, bola sinadi. Shu kabi, mutolaada ham shunday bosqichlar bor (yengilidan qiyiniga, degandek). Ba'zilar she'rni yoqtirmaydi, ammo she'riyat juda muhim. Ustozimiz Rahmon aka (Qo'chqor)ning "Hayrat" nomli ajoyib ko'rsatuvlari bo'lardi. Bir safar she'riyat haqida to'xtalib, Kambodjada isyon bo'lib, insoniyat tarixida misoli yo'q juda ko'p qotilliklar bo'lgani, hatto yosh go'daklarning yuraklari sug'irib olinib, eng tansiq taom deya tanovul qilinishigacha yetib borilgani, bu voqealardan sal avval esa she'riyatni, san'atni yo'q qilish boshlangani haqida gapirib bergandilar. Ya'ni she'r, so'z taqiqlangan, she'rga qarshi ayovsiz kurash olib borilgan. Xalqdan she'r sug'irib olingach, misli ko'rilmagan darajadagi dahshatli voqealar sodir bo'lgan. Bunda faqat she'r emas, barcha san'at turlarini qayd etsa bo'ladi — men ularni insonlarni vahshiylikdan to'sib turgan asosiy qo'riqchilar, deb hisoblayman. Shuning bois birinchi tavsiya she'riyatdan bo'lgani ma'qul deb hisoblab, nimani tavsiya qilsam ekan deb rosa o'yladim va ayni damda jamiyatimiz uchun eng zarurini tanladim. Muhammad Yusuf ijodini ko'pchilik hurmat qiladi, qo'shiqlarini eshitgan, lekin "Qora quyosh" dostonini ko'plar o'qimagan. Men tuzumlar almashgan 1990-yillarda o'qishga kirganman — boshqacharoq davrlar edi. Hozir texnika qanday tezlik bilan o'zgarayotgan bo'lsa, u vaqtda fikrlar shunday tez o'zgarardi. Fikrlar to'qnashuvi, matbuot va demokratiyaning cho'qqisi… Hozir o'sha davrga ta'rif bera turib, "bardak davr" deb qolishadi. Aksincha, "hamma narsa o'z o'rniga shunday tashlab qo'yilgan davr" degan bo'lardim — shu bois adabiyotda ham, she'riyatda ham, san'atda ham shoh asarlar shunday davrlarda yaratiladi, deb o'ylayman. Bir narsani nazorat qilish boshlansa — 2000-yildan keyin shunday bo'ldi-ku — katta ijodlar to'xtaydi. Nazorat yaxshilikka deb o'ylashadi, ammo unday emas — hamma narsa o'z yo'lida ketsa, to'g'ri raqobat katta narsalarni yuzaga chiqaradi. 1990-yillar mana shunday — so'm-kupon davri bo'lgandir, ba'zi odamlar qiynalgandir, lekin fikriy tomondan yetuk asarlar yaratilgan, yetuk fikrlar va katta darg'alar chiqqan. Muhammad Yusuf "Qora quyosh" dostonida 1937−1938-yillardagi qatag'onni har xil rakurslardan ko'rib chiqqan. Misol uchun, ichida "Onaning nolasi", "Ikki yashar xalq dushmanlari" degan she'rlar bor — "xalq dushmanlari"ni qamashganda, ularning 2 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan bolalarini saqlab turadigan maxsus joy bo'lgan — shoir o'sha she'rini "Uchga kiradimi, Xudo biladi, Ikki yashar xalq dushmanlari", deb tugatgan. Dostonda alohida "Qora quyosh" degan she'r ham bor. U Stalinning obrazini tasvirlab, aytadiki, "u buyuk me'mor, yarim odamlarning boshidan imorat qurgan"; Stalinga berilgan bahoda nimani ta'riflasa salbiysini ham ko'rsatib ketaveradi. Bu qanaqa odam o'zi, "yarim xalq qarg'aru, yarim xalq alqar", deydi va oxirida "Stalin — quyoshdir, Qora quyoshdir", deydi. Doston nomi ham shundan. Men mana shu she'riy asarni o'qib, shu mavzudagi nasriy asarlarda his qilmaganimni — qatag'on davrini to'la his qilganman. Yana shunday davrlarga qaytmaslik uchun ham bunday asarlarni o'qish, o'sha davrlarni qayta-qayta eslab turish kerak. O'zbek yozuvchilarining tarixiy mavzudagi asarlari ko'p — "Navoiy" romani bor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovning asarlari bor — ularni hamma biladi va, menimcha, ko'p sotilyapti ham. Ammo ko'pchilik bilmaydigan yana bir adib — Asad Dilmurod ham bor. Uni o'zim ham 2010-yildan keyin kashf etganman. Adashmasam, 2019-yili qazo qildilar — Xudo rahmat qilsin. Shu kishining ko'plab romanlari bor. Ular orasida "Sherdor" qissasi alohida ajralib turadi. Samarqandagi shunday nomli madrasa bor-ku, o'sha yerdagi hokimiyat ramzi bo'lgan sher va xalq ramzi hisoblangan kiyik misolida, go'zallik ichida xalqning dardini aytib beradi. Ko'pchilik bu tarixni bilmaydi. Asad Dilmurodning istalgan kitobini olib o'qiyverishlarini tavsiya qilgan bo'lardim, lekin shu adibning ham men uchun ikkita shoh asari bor. Biri, yuqorida ta'kidlaganimdek, "Sherdor" qissasi, ikkinchisi esa "Mahmud Torobiy" romanidir. Mahmud Torobiy xalqimiz uchun yo'qotilgan siymo. U Jaloliddin Manguberdi bilan Amir Temur orasida qolib ketgan, go'yoki unutilgan. Mo'g'ullarning birinchi avlodi bilan urushgan, qo'zg'olon qilgan va Buxoroda qisqa muddat hokimiyatni o'z qo'lida saqlab turgan (shu jihatdan uni Qo'qon muxtoriyatiga ham o'xshataman), chingiziylarning jamiki qonunlariga ters yurgan. "Mahmud Torobiy" romanining yutuqli tomoni — roman-ku, romanda sevgi-muhabbat ham bo'lishi kerak — Asad Dilmurod sevgi mavzusini fransuz adabiyoti namoyandalari darajasida yetkazib bera olgan. O'qib, mazza qilib yuborganman (syujetga ko'ra, Torobiy Chingizxonning go'zal jiyanini sevib qoladi va oxiri u qiz musulmonchilikni qabul qiladi). Bunday asarlar o'quvchini o'zida ushlab tura oladi. Takror bo'lsa-da ta'kidlay — odamlar Asad Dilmurod degan muallifni ko'rishsa, kitoblarini olaverishsin va o'qiyverishsin. Man ham hammasini ham emas, to'rttami asarini o'qiganman. Tili juda jozibali. Nazarimda, ozgina "minus"chasi bor — shoirona tasvir biroz oshib ketgan joylari bor. Balki shuning uchun ommaviy o'qilmagandir. Dokumental ishlardan ham bir tavsiya — Habibulla Qodiriyning "Otam haqida" asari. Men "Otam haqida"ni o'qiganimda Abdulla Qodiriyni yana bir karra kashf qilganman. Chunki o'g'il boshqacha yozadi. Shu bilan birga, Habibulla Qodiriyning o'zini ham kashf qilganman. Habibulla Qodiriy butun asar davomida otasining bosib o'tgan yo'lini va otasidan keyin Qodiriy familiyasi bilan yashash qanchalik og'ir bo'lganini ko'rsatib bergan. Habibulla Qodiriy ham qamalib chiqqan. Unga "familiyangni o'zgartirsang bo'ldi edi, qamalmasding", deyishganida, yana bir marta qamasanglar ham o'zgartirmasdim, degan ekan. Qiziq tomoni, asar oxirida Habibulla Qodiriyning o'g'li aytganki, "ko'pchilik Abdulla Qodiriyga qiyinroq bo'lgan deb o'ylaydi, aslida Habibulla Qodiriyga qiyin bo'lgan, chunki Abdulla Qodiriy yulduz edi, chiqdi, porladi, ketdi, lekin otam otasining ham yukini ko'tarib yashadi — bu azob edi". Zo'r asar — nafaqat Abdulla Qodiriyni kashf etishlari mumkin, o'sha qatag'on davrini ham his qilishlari, qatag'onlarning 1940−1950-yillardagi ko'pchilik unutgan, Stalinning o'limi tufayligina to'xtagan ikkinchi bosqichi naqadar g'alati kechganini ham ko'rishlari mumkin. Chex yozuvchisi Karel Chapekni yaxshi ko'raman. Ajoyib satirik, jurnalist. Dastlab bir-ikki qissalarini o'qiganman, "Salamandralar bilan jang" romani — super asar. Chapek 1936-yili ushbu asarini yozgan bo'lsa, 1938-yili vafot etgan. Fashizm avjiga chiqayotgan paytda yashagan. Tabiiyki, normal yozuvchilar qatori bu baloga qarshi chiqqan. "Salamandralar bilan jang" — shu qarshilik mahsulidir. Unda asar qahramoni salamandralar (ham suvda, ham quruqlikda yashay oladigan sudralib yuruvchilar)ni topadi. Bu jonzotlarda odam qilishi mumkin bo'lgan barcha xususiyatlar bo'ladi va undan foydalanish boshlanadi. U kattaradi, ko'payadi va oxiri shu darajaga yetadiki, insoniyatni yengadi. Zo'r asar. Umuminsoniy qadriyatlarni o'zida jamlagan, so'zga bo'lgan qarshilik va so'zni asrab qolish uchun bo'lgan harakatlar o'z ifodasini topgan, odamlarni fikrlashga undaydigan asar. Nomi ham zo'r topilgan — kitobni o'qirkansiz, Odam Atodan to Qiyomatgacha boradigna avlod, nima qilsa ham, yolg'izlikda yashashi, inson naqadar yolg'izligini his qilasiz. Men bu kitobni tavsiya qilgan ko'pchilik yarmigacha ham emas, 20−30 bet o'qib, so'ng "o'qimayman, kerakmas" deb yuborgan — qiyin asar. Ammo shu bosqichdan o'ta olgan, asar zavqini his qila olgan odam, kirishib ketadi, mutolaa davomida atrofdagi hamma narsani unutadi, bus-butkul yolg'iz bo'lib o'qiydi — o'quvchini shunga majbur qiladigan asar. Boshqa asarlar bilan bunchalik yolg'iz qolish qiyin. Oruellning ham ikkita shoh asari bo'lsa, biri shu — butun dunyoda qadrlanayotgan, Yevropa maktablarida o'qitiladigan "1984". Yevropani uyg'otgan, Yevropaning hozirgi rivojlanishiga eng ta'sir qilgan asarlardan. Nega maktablarda o'qitiladi? Kitobda bayon qilingan holatga holatga tushmaslik uchun. Unda muallif o'ylab topgan narsalar har joyda odamni o'ylatadi, tili tushunarli, hech qanday mubolag'a yo'q. Kuzatib turuvchi Og'a, nafaqat fikrga qarshi kurashish, balki umuman fikrlatmay qo'ya qolaylik degan g'oya qanday fojialarga sabab bo'lishi, bunday tuzum qanday o'rnatilishi ko'rsatib berilgan. Men, albatta, kishilarimiz Forobiyning "Fozil odamlar shahri" kitobini o'qishlarini istardim — u bugun tavsiya etilayotgan barcha asarlardan yuqoriroq turadi, deb hisoblayman, ayni vaqtda uni "1984"ning pozitiv namunasi deyish ham mumkin. Lekin uni tavsiya qilganimiz bilan, mushtariylar o'qib tushunmasa, foydadan ko'ra zarari ko'proq bo'lib qolmasmikin, degan mulohaza bor. Bir kishiga "Boburnoma"ni tavsiya qilgandim, u o'qishga urinib ko'rib, tilini tushunmay, "o'zbekchasi yo'qmi?", deb qoldi. Shunda o'quvchini qiynamaslik kerak, asarlarni bugungi kun odamlariga tushunarli tilda yetkazish kerak ekan, deb o'ylab qoldim ( sotib olish ). Hozir jinoyatlar haqida o'qishning zarurati yo'q deb o'ylayman. Hozir xalqimizni fikrlashga chorlashimiz kerak. Fikrlaganidan keyin, stendapchi Mirshakar Fayzulloyev aytganidek, xalq butun boshli bosqinchini himoya qilib turmaydi-da. O'quvchi yuqorida tavsiya qilingan asarlani bosqichma-bosqich o'qib chiqib, yakunda badiiy saviyaga ehtiyoj sezsa, mazza qilay, inson xarakterini olay desa, oxirgi tavsiyam — Murod Muhammad Do'stning "Lolazor" romani. "Lolazor" — bu estetika. "Lolazor" — bu har bir odamning xarakteri dostoyevskiyona ochib berilgan roman. Bu yerda ham o'sha tuzumning, o'sha kunning nafasi bor, qanday g'ayirliklar qilingani, inson qanchalik tubanliklarga borishi mumkinligi, odamlar bir-biri bilan gaplashib o'tirganida bir-biri haqida qanday o'y-xayol surishi kabi jarayonlarni mohirona ifoda etilgan. Yuqoridagi "bosqich"lar bosib o'tilsa, "Lolazor"dan keyin, o'zimcha bir xulosam-da endi bu, istalgan asarni o'qiyversa bo'ladi, deb o'ylayman ( sotib olish ).
advice
"Gazeta.uz" pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda baqlajon solib tayorlangan taom va salatlar retseptlarini havola etadi. Bozor rastalaridan doim topiladigan mazali sabzavotlardan bugun ham yangicha bir salat tayyorlab ko'rdik. Qovurilgan baqlajon , pomidor, gashnich, tvorogli pishloq va balzamik krem — ajoyib uyg'unlikva ta'm. Baqlajondan tayyorlangan oddiy va juda mazali gazak bir zumda pishib, ta'mi bilan e'tiboringizga tushishi aniq. Qo'ziqorin ta'mli baqlajonlar yoz faslidagi eng sevimli yegulik blishi mumkin. Tez va oson tayyorlanadigan, sarimsoqpiyoz, yong'oq va ko'kat qo'shilgan to'yimli va foydali baqlajondan pashtet . Gruzincha oshxona o'zining xilma-xilligi va masalliqlar uyg'unligi bilan farq qiladi. Bu gazak tayyorlanishi oson, mazzasi esa ajoyib. Ta'mi kartoshkanikidan qolishmaydigan, va foydali baqlajon chips . Baqlajonlardan tayyorlangan kotletlar juda mayin va yoqimli ta'mga ega. Baqlajonli ikra ko'pchilikning eng sevimli yeguliklaridan biri bo'lib, deyarli hamma uni qishga yopib qo'yishga harakat qiladi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
"Gazeta.uz" pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda shaftoli solib tayorlangan shirinlik va yaxn ichimliklar retseptlarini havola etadi. Shaftoli qo'shilgan oson va mazali pirog . Shaftolilarning mazasi va ifori bilan to'yingan yupqa qumoq xamir va mayin smetanali krem — takrorlanmas ta'm. Retseptning ustunlik jihati shunda-ki, asosiga shaftolini o'rniga boshqa istalgan mevani solish mukin. Yangi uzilgan shaftolilar va tvorog solib pishiriladigan pirog ajoyib ta'mga ega. Bunday usuldagi muzqaymoq yoqimli ta'm va bejirim ko'rinishda chiqadi. Shaftoli va tayyor qatlama xamirdan tayyorlanadigan yana bir mazali pirog retsepti bilan tanishing. Limonaddan bir qultumgina ichib, avval shaftolining yoqimli ta'mi, so'ng esa limon va yalpizning o'zgacha mazasini his qilasiz! Bu nafaqat mazali, balki juda foydali ichimlikdir . Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
"Gazeta.uz" pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda tez va oson tayyorlanadigan turli xil mazali taom va shirinliklarning retseptlari ro'yxatini taqdim etadi. Bu yeguliklarni tayyorlash qiyinchilik tug'dirmagani uchun ham ularni "dangasa" taomlar deyish mumkin. Bu karam, qiyma va pomidordan iborat taomni tayyorlash usuli. Uni vaqtingiz ziq bo'lganda, mazali tushlik uchun a'lo tanlov sifatida olishingiz mumkin. Ushbu pirojkalar xamirturushsiz va juda yumshoq, xushbo'y, mazali va, eng muhimi, zararli emas. Bunday xonim oddiy masalliqlardan tayyorlanib, tugilish usuli siz uchun noodatiy bo'lishi aniq. "Dangasa" chuchvaralar oddiy chuchvaralardan qolishmaydi, e'tiborlisi, bu oddiysidan ikki baravar tez tayyor bo'ladi. Qatlamali xamirdan tayyorlangan go'shtli somsa — juda mazali bo'lib pishadi. Bunday usulda pishirilgan taomning qanchalik mazali ekaniga balki sizni ishontirish qiyindir, ammo bir marotaba tayyorlab ko'rish kifoya. Bu taomni bekorga "dangasa" deb atamashmaydi, chunki uni tayyorlash uchun kerakli masalliqlarni pishiriq idishiga solish kifoya. Bu dangasa tort nafaqat mayin, balki qarsillab chiqishini istasangiz — xamirturushsiz qatlamali xamirni tanlang. Ushbu asalli tortni tayyorlash oson, shuning uchun uni dangasa deb atashadi. Ushbu tortning afzalligi uning tez tayyorlanishidadir. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
"Gazeta.uz" pazandachilik sahifasi bo'lmish Zira.uz bilan birgalikda tez tayyor bo'ladigan ishtahani ochuvchi kotletlar retseptlarini havola etadi. Mazali, mayin va juda chiroyli "Olma" sloykalari — bu kuzning ajoyib trendi. Shokolad pastali sloykalar tez tayyorlanib, natijasi barchani hayratda qoldiradi — qatlama mayin xamir, nafis shokoladli nachinka va banan. Agar nachinkani mayin pishloq va ko'kat bilan to'ldirsangiz, bu sloykalar yanada mazali bo'ladi. Pishloq va tuxumli sloykalar nonushta uchun juda mos keladigan ajoyib pishiriqdir. Ishtahani ochib yuboradigan mana bunday qatlamachalarni yarim soat ichida bemalol tayyorlash mumkin. Tayyor qatlamali xamir va bananlardan 15 daqiqada tayyorlash mumkin bo'lgan mazali pishiriq . Tez tayyorlaniladigan va ishtahaochar ko'rinishga ega bo'lmish pishloq va tvorogli qatlamachalar . Olma solib pishiriladigan qatlamachalar ajoyib mazaga ega. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Bu fransuzcha pirogning "ko'rinmaydigan" deb nomlanishiga sababi, uning ichida ko'pgina olma va juda oz xamir borligida. Ichi mevalar bilan to'la, shirin va nordon ta'mli pirog . Karamel ichida dimlangan olma, shakarsiz qumoq xamir va qaynatilgan quyultirilgan sutb bularning barchasi juda mazali пишириқ да mujassam. Mazali, mayin va juda chiroyli "Olma" sloykalari . Bu shirinlikdagi karamellangan olma, havodor biskvit, mayin krem va yong'oqlarning ajoyib uyg'unligi sizni hayratda qoldiradi. Tvorogli xamirdan tayyorlangan mazali olmali pirog . Bunday pirog oilaviy nonushta dasturxoni uchun ayni muddao bo'la oladi. Uni tayyorlash oson, mazali pirog . Ushbu sharlotka barchaning muzlatkichidan topsa bo'ladigan oddiy masalliqlardan tayyorlanadi. Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Mayin va yumshoq bulochkalar barchaga yoqishi aniq, limon ifori butun xonaga taraladi . Mazali, mayin va juda chiroyli "Olma" sloykalari . Mayin va ishtahaochar biskvitdan qilingan "Tipratikan" shirinligi oila bilan choy ichishga, hamda bayram dasturxoniga qo'yishga mos keladi. Pechene mayin va uqalanib ketadigan bo'lib, bir piyola choy yoki sut bilan ajoyib uyg'unlik yaratadi. Biskvit mayin va g'ovakli bo'lib pishadi, ziravorlar esa asosiy masalliq — nokning ta'mini yanada ko'paytiradi. Bu fransuzcha pirogning "ko'rinmaydigan" deb nomlanishining sababi, uning ichida ko'pgina olma va juda oz xamir borligida. Ajoyib shokoladli biskvit va mayin sutli sufle — bu tort haqiqatdan ham kinderning "Molochnыy lomtik" shirinligiga o'xshaydi. Olchali shokoladli tort — barcha sevadigan klassika. Uqalanib ketadigan xamirdan juda mazali qaynatilgan kremli pirog . Yanada ko'proq retseptlar — Zira.uz saytida. Facebook: fb.com/zirauz Instagram: @zirauz Telegram (o'zbek tilida): t.me/zirauzuz Telegram (rus tilida): t.me/zirauz Telegram chat-guruh: t.me/zirauz_chat Tahririyat telefon raqami: (+99878) 148−15−55 Telegram: (+99899) 837−15−15.
advice
Qurilishi turli bosqichlarda ketayotgan yangi binolardan uy-joy sotib olgan fuqarolar doimiy ravishda turar joylar loyihaga mos kelmasligi, qolaversa, ko'chmas mulkni foydalanishga topshirish muddatlari kechikayotgani haqida xabar bermoqda. 2023-yil yozida O'zbekiston hukumati Aziya Invest Favorit kompaniyasi tomonidan qurilgan binolarda uy-joy va kvartiralar kadastrini olmagan 1000 dan ortiq fuqaroning muammosini hal qilib bergandi . Hukumat komissiyasi o'rganish davomida aholi kvartiralar uchun shartnomalarni oldi-sotdi asosida tuzmagani, ular bu loyihaga ulushdor bo'lib kirganini aniqladi. Bu korxonaga qurilayotgan va foydalanishga topshirilayotgan xonadonlarning bir qismini bankdan kredit olish uchun garov sifatida qo'shish imkonini berdi. Shundan keyin investor g'oyib bo'ldi. 25−28-aprel kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan "CaEX Bizning uylar 2024" ko'rgazmasi doirasida ko'chmas mulk bo'yicha ekspertlar oldi-sotdidagi tuzoqlar, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish yo'llari va muammolarni davlat darajasida hal qilish haqida gapirdi. SherLegal advokatlik firmasi asoschisi Sherzod Egamberdiyevning aytishicha, O'zbekiston qonunchiligida ko'chmas mulk oluvchilarning moliyaviy ahvolini xavf ostiga qo'yuvchi kamchiliklar mavjud. Aziya Invest Favorit ishida bo'lgani kabi, ushbu turdagi firibgarlikdan tashqari, xorijiy amaliyotda soxta ishlab chiquvchilarning bankrot bo'lishi holatlari ham mavjud. "O'zbekiston qonunchiligida pulni olib, go'yoki qurilishga sarflagan, keyin esa bankrot bo'lgan va qurilish to'xtatilgan loyihachining taqdiri nima bo'lishi belgilanmagan. Xorijiy tajribaga nazar tashlasangiz, masalan, Qozog'iston, har bir quruvchi tashkilot dastlabki bosqichda ma'lum miqdorda sarmoya kiritadigan davlat jamg'armasi mavjud, aks holda, u qurilishni boshlay olmaydi. Bankrotlik va boshqa holatlar yuzaga kelganda, ishlab chiqaruvchi loyihani yakunlay olmasa, fond qurilishni tugatadi va obyektni topshiradi. Bu O'zbekistonda hozircha yo'q va men buni katta kamchilik deb bilaman", — dedi Sherzod Egamberdiyev. Advokatning so'zlariga ko'ra, bugungi kunda O'zbekiston hukumati tomonidan investorlarni soxta quruvchi tashkilotlardan himoya qilish choralarini ko'zda tutuvchi me'yoriy-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. "Barcha quruvchilarni tashvishga soladigan ma'lum bir tutqich yaratiladi, shunda ular xavflarni balansda ushlab turish uchun ma'lum mablag'ni ajratishiga to'g'ri keladi. Ammo biz ushbu me'yoriy-huquqiy hujjat qachon va qanday shaklda e'lon qilinishini hozircha bilmaymiz. Lekin shu Aziya Invest Favorit bilan bog'liq vaziyat sabab ko'p odamlar jabr ko'rgani va Vazirlar Mahkamasi ularning yo'qotishlarini qoplashga majbur bo'lgani muammoni hal qilishga turtki bo'ldi. Ushbu me'yoriy-huquqiy hujjat qabul qilinganda investorlar davlat kafil ekanini bilib, ko'chmas mulkni ishonch bilan sotib olishlari mumkin bo'ladi ". Sherzod Egamberdiyev ko'pchilik ko'chmas mulk oluvchilarning asosiy muammosi shartnomaga e'tibor bermayotgani ekanini ta'kidladi. "Ba'zi quruvchi tashkilotlar o'z shartnomalarida [obyekt foydalanishga topshirilganda] kvadrat metrlar o'zgarishi mumkinligini ko'rsatadi", — dedi Sherzod Egamberdiyev. — Ya'ni hech qanday kafolat yo'q: 65 kvadrat metr uchun pul to'layotganga o'xshaysiz, lekin oxirida siz 60 yoki 72 kvadrat metr olishingiz ham mumkin. Va siz qo'shimcha pul to'laysiz yoki pulingizni qaytarib olasiz. Tartib shartnoma ilovasida ko'rsatilishi kerak. Shunday holatlar ham borki, shartnomada umuman ilova qilinmaydi". Advokatning qo'shimcha qilishicha, ko'plab quruvchi kompaniyalar obyektni foydalanishga topshirish muddati to'g'risidagi bandda "ayyorlik qiladi". Ular kamdan-kam hollarda loyihalarni o'z vaqtida bitirib, topshirishadi. Aksar hollarda ular davlat obyektni qabul qilishi jarayoni uzoq davom etishi va me'yoriy-huquqiy bazaning o'ziga xos xususiyatlari tufayli buni majburlikdan bajarishadi. "Bugungi kunda mijozlar bunga ko'nikib ham bo'ldi. Ular darhol savdo bo'limidan kechikish qanday bo'lishini so'rashadi: "Sizga bir yil yetarlimi?" Albatta, ularga o'z vaqtida topshirilishi aytiladi, lekin siz odamlarni alday olmaysiz, — dedi Sherzod Yegamberdiyev. Bular shartnomada bo'lishi kerak. Developerlarning yozishicha, olti oylik kechikish bo'lsa, ular investorlarga bildirishnoma yuboradi. Ammo developerlarning 80 foizi ularni yubormaydi. Xaridorlar ham buni so'rab o'tirmaydi: ularga tezroq tugatib berishsa bo'lgani". Shu bilan birga, advokatning fikriga ko'ra, quruvchi tashkilot o'z manfaatlarini himoya qilishga katta e'tibor beradi: badalning u yoki bu qismi kechiktirilgan taqdirda jarimalar bo'ladi. "Bu yerda quruvchi aniq raqamlar va foizlarni o'rnatib qo'yadi. Investorlarga maslahatim shuki, obyekt o'z vaqtida foydalanishga topshirilmasa, adolat bo'lishi uchun penya (jarima) ikki tomonlama bo'lishiga erishishsin . Shunda quruvchi va investor o'z oldidagi mas'uliyatni his qiladi. Sherzod Egamberdiyev ham barcha xaridorlarga shartnomani diqqat bilan o'qib chiqish va uning har bir bandiga jiddiy yondashishni tavsiya qildi. Hujjatni yetarli darajada tushunmagan taqdirda, u advokat va rieltorlar bilan bog'lanishni maslahat berdi. Profilaktik yuridik maslahat xarajatlarini xavf-xatarlar bilan taqqoslab bo'lmaydi, dedi u. Shu bilan birga, O'zbekistonda ko'chmas mulk bozorining o'rnatilgan qoidalariga ko'ra, rieltorlar sotuvchi yoki quruvchi bitim hajmining bir foizini oladi, deya ta'kidladi "Etaji" rieltorlik agentligining O'zbekistondagi boshqaruvchi hamkori. Foto: Etaji. "Biz buni agent komissiyasi har ikki tomondan undirilishi uchun rivojlangan bozorlardagi kabi o'zgartirishga harakat qildik. Lekin u hali ishlamayapti. Bu yerda sotuvchi 3% to'laydi, qolaversa, quruvchilarga ham bizda talablar juda qattiq: biz orqali bitimlar savdo bo'limi ko'rsatgan narxlarda va xuddi shunday chegirmalarda amalga oshirilishini talab qilamiz". Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro xususiy ko'chmas mulk konsalting kompaniyasi bosh direktori Denis Sokolovning so'zlariga ko'ra, xorijiy ko'chmas mulk bozorlarida "iste'molchi-terrorchilar" bor. Ular developerning obyektni o'z vaqtida bitkazib, topshirmasligini oldindan bilib, advokatlarga murojaat qilib qo'yadi va quruvchini katta kompensatsiyaga tushiradigan shartnoma tuzadi. Sherzod Egamberdiyev SherLegal advokatlik firmasi amaliyotida bunday tajribaga duch kelmaganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, kompaniya bunday mijozlarni rad etadi, chunki u investorlarga ham, quruvchilarga ham xizmat qilishi mumkin. Uning qo'shimcha qilishicha, xaridorlar va developerlarsiz yaxshi va malakali loyihalar bo'lmaydi, talab va taklif, bozor va rivojlanish ham bo'lmaydi. Shuning uchun advokatlar tomonlar o'rtasida sadoqatli bo'lishlari kerak.
advice
Sog'liqni saqlash vazirligi yoz faslida aholi, ayniqsa, bolalar o'rtasida avj oladigan mavsumiy kasalliklardan biri — o'tkir diareyadan ogohlantirdi. Vazirlik kasallikning kelib chiqishi sabablari va uni davolashda mutaxassislar bergan qator tavsiyalar bilan bo'lishdi . O'tkir diareya — xalq orasida ichburug', ich og'rig'i, ich ketishi nomlari bilan ataladigan xastalik bo'lib, ichak yo'llarining funksional buzilishi hisoblanadi. U ichaklarni bo'shatish va ichning suyuq holatda kelishi bilan kechadi. Ichning kuniga 3−4 martadan ko'p kelishi o'tkir diareya deyiladi. Toshkent shahri 4-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Shaxlo Isamuxammedovaning so'zlariga ko'ra, kasallikning 2 ta turi bor. Bular infeksion va noinfeksion turlar hisoblanadi. Xastalik kelib chiqishiga ko'pincha gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo'ladi. Qolaversa, ichburug' yozning issiq kunlarida ochiq havoda qolgan taom va yeguliklar, jumladan, sut va sut mahsulotlarini iste'mol qilish tufayli yuzaga kelishi mumkin. "Bolalar ko'chadan uyga kirgach va taomlanishdan avval qo'llarini sovunlab yuvishni unutadi. Ho'l meva-sabzavotlarni iste'mol qilishdan avval ularni yaxshilab chayish ham ularning xayoliga kelavermaydi. Oqibatda og'iz orqali organizmga tushgan bakteriya va viruslar ichburug', dizenteriya, salmonellyoz kabi o'tkir yuqumli ichak kasalliklarini qo'zg'atadi", — deydi shifokor. Organizmdagi bakteriya va viruslar ichak shilliq qavatini yallig'laydi va ulardan ajralgan toksinlar qonga so'rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo'lgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo'ladi. Qolaversa, ichburug' ovqatdan zaharlanish, shuningdek, xatarli patologiyalar, xususan, surunkali gepatit, pankreatit va boshqa infeksion-yallig'lanish kasalliklarining alomati bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, ayrim dori vositalari hamda sut va sut mahsulotlarida bo'ladigan laktoza, tabiiy meva, asaldagi va ayrim ichimliklarga qo'shiladigan fruktoza uglevodlarini iste'mol qilish ham ich ketishiga sabab bo'ladi. Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, bo'sh, suvli ich kelishi, unda qon bo'lishi, qorin talvasalari, ya'ni g'urillashi, og'rig'i, dam bo'lishi, yuqori tana harorati, holsizlik, ko'ngil aynishi, qusish kabilar kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi. Kasallik bemor holati va organizmga tushgan mikrob yoki virus xususiyatiga qarab yengil, o'rtacha yoki og'ir, ba'zan tipik bo'lmagan shaklda o'tishi mumkin. "O'tkir diareya, ya'ni ich ketishi kichik yoshdagi bolalarda ko'p uchraydi va ularning salomatligi uchun xavfli bo'lishi mumkin. Ayniqsa, kamqonlik, raxit, yod tanqisligi bo'lgan o'g'il-qizlarda xastalikka moyillik ko'proq kuzatiladi", — dedi mutaxassis. Bolalarda holatning og'ir kechishi suvsizlanish bilan bog'liq bo'lib, agar bola qusayotgan, ichi 5−8 marotabadan ko'p kelayotgan va tana harorati 38 dan 39 gacha ko'tarilayotgan bo'lsa, bu holat unda juda tez suvsizlanishga olib keladi. O'z vaqtida uning o'rni qoplanmasa, falajlik, infeksion-toksik shok, neyrotoksikoz, ichaklar buralib qolishi, o'tkir buyrak yetishmovchiligi, o'pka va miya shishi, hatto o'lim holatiga sabab bo'lishi mumkin. Toshkent shahri 4-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining so'zlariga ko'ra, bu kasallik, ayniqsa, go'daklar va 3 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun juda xavfli. Ammo uni davolash va oldini olish mumkin. Shu bois bolalarda o'tkir diareya kuzatilsa, tezroq shifokor qat'iy nazorati ostida tanada yo'qotilgan suv o'rni o'z vaqtida qoplansa, organizm yana normal holatiga qaytadi. JSST bolalarda diareyaning xavflilik darajasini bilish uchun to'rt narsaga e'tibor qaratish zarur, deya tavsiya beradi. Ya'ni bolaning holsizlanib qolishi, ko'z atrofi va qovoqlarning osilishi hamda ko'karishi, qorin sohasida teri chimchilansa, tezda asl holiga qaytmasligi, suv ichishni keskin rad etishi. Ana shunday holatlar — diareyaning og'ir darajasidan dalolat. Bunday vaziyatda zudlik bilan "tez yordam" chaqirib, bolani shifoxonaga yetkazish lozim. "Ichburug'ni davolashda o'zboshimchalik bilan antibiotiklarni qo'llash aslo mumkin emas. Chunki bu holat vaziyatni yanada og'irlashtirishi va o'tkir diareyaga disbakterioz xastaligi ham qo'shilishi mumkin. Shunday ekan, ota-onalar yoz mavsumida bolalarining ovqatlanish ratsioni, ular iste'mol qilayotgan mahsulotlar sifati, yaroqliligi, xavfli bakteriya va viruslardan xoliligiga hamda farzandlari ozodaliligiga nihoyatda e'tiborli bo'lishlari kerak", — deydi shifokor. Buning uchun qo'llarni tez-tez sovunlab yuvish, qaynatilgan suv ichish, sabzavot va mevalar, rezavorlarni ishlatishdan oldin qaynatilgan suvda yaxshilab chayish, issiq ovqat tayyorlashda gigiyena qoidalariga rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, tez buziladigan yeguliklarning yaroqlilik muddati va saqlash shartlari, xomashyo hamda pishirilgan taomlarni alohida saqlash lozim. Mutaxassisning aytishicha, go'sht, tuxum va dengiz mahsulotlarini yaxshilab qovurish yoki qaynatish, tez buziladigan yeguliklar va tayyor taomlarni muzlatkichda saqlash, yangi pishirilgan ovqatni oldingi kun qoldiqlari bilan aralashtirmaslik zarur. Agar pishirilgan taom yana bir kun qolsa, uni iste'mol qilishdan avval issiqlik bilan ishlov berish (qaynatish yoki qovurish) kerak. "Bundan tashqari, chivin va suvaraklarning paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaslik, uyda doimo tozalikni saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, pishirish uchun faqat yangi mahsulotlardan foydalanish maqsadga muvofiq", — deydi Shaxlo Isamuxammedova.
advice
Iqtisodchi Behzod Hoshimov o'z blogida o'zbekistonliklarga AQShga kirish uchun ko'pi bilan bir yillik viza berilishi Qo'shma Shtatlar qonunchiligidagi "o'zaro mutanosiblik" talablari bilan bog'liqligi, o'zbekistonliklar uzoq muddatli viza olishi imkoniga ega bo'lishi uchun nimalar qilinishi lozimligi borasidagi mulohazalari bilan bo'lishdi . "Gazeta.uz" iqtisodchining postlarini juz'iy tahrir bilan havola etadi. Eshitgan bo'lsangiz kerak, AQSh hukumati Qirg'iziston fuqarolari uchun sayyohlik va ishbilarmonlik vizalari muddatini 10 yilgacha uzaytirdi . Bungacha boshqa qo'shnimiz — qozog'istonliklarga ham AQSh vizalari shunday uzoq muddatga berilar edi. O'zbekistonliklarga esa bunday vizalar uzog'i bilan bir yil muddatga beriladi. AQShga talaba bo'lib borgan o'zbekistonliklarda ham shu ahvol — ularga 1 yillik viza beriladi, ammo qozog'istonlik talabalarga 10 yillik viza beriladi. Vaholanki, ikkisi ham bir universitetda, bitta dastur asosida o'qiydi. Bakalavriatga o'qishga kirgan o'zbekistonlik to'rt yil ichida to'rt marta navbatga yozilib, buning uchun to'rt marta pul to'lab, to'rt marta viza suhbatidan o'tishi kerak, uning qozog'istonlik kursdoshi esa bir marta olgan vizasi bilan nafaqat bakalavriatni, kerak bo'lsa magistratura va aspiranturani ham tamomlashi mumkin. Savol tug'ilishi tabiiy — nima uchun AQSh qo'shni Qozog'iston va Qirg'iziston fuqarolariga o'zbekistonliklarga qaraganda o'n barobar uzoqroq muddatga viza beradi? Farqimiz nimada? Kimdir bunda AQSh hukumatini o'zbekistonliklarga nisbatan adolatsiz munosabatda ayblashi ham mumkin. Lekin gap shundaki, AQSh qonunchiligida "o'zaro mutanosiblik" (reciprocity) degan talab mavjud va u barcha mamlakatlarga birdek amal qiladi. Ya'ni, biror bir mamlakat AQSh fuqarolari uchun 10 yillik viza bermasa, AQSh ham o'sha mamlakatdan kelayotganlarga 10 yil muddatga viza bera olmaydi. Lekin shunda ham hozir O'zbekistonga kelmoqchi bo'lgan amerikaliklardan ko'ra AQShga bormoqchi bo'lgan o'zbekistonlik sayyohlarga yengilroq: AQSh ularga bir yillik turistik viza beradi, u bilan AQShga xohlagancha kirib chiqish mumkin va bir kirganda 180 kungacha mamlakat ichida qolish mumkin. O'zbekiston esa AQSh fuqarolariga ko'pi bilan 30 kunlik turistik viza beradi. Ya'ni, O'zbekistonning amerikaliklarga qo'yadigan talabi AQShning o'zbekistonliklarga qo'yadigan talabidan ancha kuchli. Amerikalik talabalar O'zbekistonda o'qimoqchi bo'lsa (bundaylar juda kam bo'lsa kerak), O'zbekiston ularga faqat bir yillik muddatga viza beradi. Shu boisdan AQSh ham, o'z qonunchiliga muvofiq, O'zbekistondan kelgan talabalarga bir yillik viza berishga majbur. Ya'ni, hozir Amerikada "El-yurt umidi" jamg'armasi orqali o'qiyotgan talabalarning to'rt yillik dastur yoki besh yillik doktorantura bo'yicha kelganini bila turib, AQSh ularga faqat bir yillik viza berishining sababi — O'zbekiston amerikaliklar talabalarga nisbatan shunday yo'l tutganidandir. Biznesda ham xuddi shunday — O'zbekiston amerikaliklar tadbirkorlarga bir yillik viza bergani uchun, o'zbekistonlik tadbirkorlar AQShga faqat bir yilgacha bo'lgan muddatga viza olishi mumkin. Qo'shni mamlakatlardagi tashqi ishlarga mas'ullar birinchi navbatda akademik, o'qish, biznes va sayohat maqsadida kelayotgan amerikaliklarga talablarni yengillashtirgani uchun ham o'z fuqarolarining AQShga borib-kelishlari ancha osonlashgan. Biz ham oddiy narsadan boshlasak bo'ladi: Qozog'iston amerikaliklar uchun turistik vizani umuman bekor qilgan, faqat o'qish yoki biznes maqsadida kelmoqchi bo'lgan AQSh fuqarolariga 10 yillik viza beriladi . Biz ham amerikalik sayyohlarga, talabalarga va tadbirkorlarga viza muddatini 10 yilgacha uzaytirib bersak, bundan faqat va faqat bizning iqtisodiyotimiz va bizning fuqarolarimiz yutadi. Fuqarolarimiz AQSh elchixonasiga minglab ortiqcha dollar to'lamaydi, eng muhimi, bu chora vaqtni tejashga imkon beradi. Hozir AQShda minglab o'zbekistonlik talabalar bor, aksariyatining o'qishi O'zbekiston davlat budjetidan moliyalashtiriladi — ularning og'irini yengil qilish uchun O'zbekiston hukumati amerikalik talabalarga viza muddatini uzaytirib berishi mantiqiy yechim bo'lur edi. Shuningdek, AQShdan investitsiya, texnologiyalar va ilm oladigan, AQSh bilan ishbilarmonlik munosabatlarini olib boradigan o'nlab o'zbekistonlik tadbirkorlarni bilaman, ular AQShning 10 yillik vizasini xotirjam olishlari uchun oddiy bir ish qilinishining — AQSh tadbirkorlariga beriladigan viza muddati 10 yil qilib qo'yilishining hech qanday yomon tarafi yo'q, deb o'ylayman. O'zbekistonning viza talabi kuchli bo'lgani bois, amerikalik biznesmenlar o'zbek hamkorlari bilan Qozog'istonda uchrashishni ma'qul ko'rgan holatlarini ham bilaman. Turistik viza masalasida ham shunday qilish mumkin. AQShda yuz minglab o'zbekistonliklar yashaydi, ularning qarindoshu do'stlari har yili vizamni yangilayman deb sarson bo'ladi, holbuki bu sargardonliklarning oldini osongina olish mumkin — O'zbekistonda amerikaliklar sayyohlarga 10 yillik viza berish yo'lga qo'yilsa yoki jahonning 178 mamlakatida bo'lgani kabi amerikalik sayyohlarga viza tartibi bekor qilinsa kifoya. Bundan biz o'zimiz ikki hissa yutamiz: ham amerikalik sayyohlarning kelishi ehtimoli oshadi (deyarli hammayoqqa vizasiz borishga o'rganib qolgan sayyohlar uchun viza rasmiylashtirish boshog'riq), ham yuz minglab o'zbekistonliklarning mushkuli oson bo'ladi. Bu ishlarni qilish juda oson, foydasi esa juda katta. Bu borada Qirg'iziston va Qozog'istondan o'rnak olishimiz kerak, deb o'ylayman. AQShning geosiyosiy raqibi hisoblangan Xitoy ham 2016-yildan boshlab amerikaliklarga 10 yillik viza berishni boshlagan — shu tariqa o'z fuqarolarining AQShga 10 yillik viza bilan kirishiga imkon yaratgan. Vaholanki, bizning AQSh bilan munosabatlarimiz yaxshi. O'zbekiston fuqarolari uchun boshqa mamlakatlardagi viza tartiblarini yengillashtirish birinchi galdagi vazifalaridan biri bo'lishiga qaramay, Tashqi ishlar vazirligimiz jahonning eng katta iqtisodiyoti — AQShga kelganda oson yechimlarni qo'llamayapti va oqibatda minglab o'zbekistonliklar oddiy byurokratik omil sabab ko'p vaqt, pul va energiya yo'qotmoqda. "Chindan ham, O'zbekiston Amerikani olabo'ji ko'rishni to'xtatib (agar muammo shunda bo'lsa), AQSh fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilishi va 10 yillik vizalar berishni boshlashi uchun allaqachon fursat yetib kelgan. Chunki bundan faqat va faqat O'zbekiston fuqarolari yutadi. Tashqi ishlar vazirligimiz, Amerikadagi elchixonamizning asosiy missiyalaridan biri ham aslida o'zbekistonliklar uchun qulay viza rejimiga erishish bo'lishi kerak. O'zbeklarning qozoq yoki qirg'izlardan kam joyi yo'q. Amerikaning oldida ham ".
columnist
Denis Sokolov — ko'chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a'zosi. U " Ko'chmas mulk tili " nomli turkum maqolalarida ( rus tilida ) ko'chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo'yicha prognozlar haqida so'z yuritadi. Inson qadim zamonlardan o'z atrofidagi makonni tartibga keltirishga odatlangan: binolar quradi, yerga ishlov beradi, yo'l soladi. Shaharlarning sayohat vaqti biz bahramand bo'ladigan bugungi diqqatga sazovor joylari va me'moriy obidalari — bu aslida yuzlab yillar oldin savdo maydonchalari, ma'muriy binolar, bozorlar, turar joy va boshqalar vazifasini o'tagan odatdagi obyektlarning o'zginasi. O'tgan davr ichida insoniyat murakkabroq binolar, osmono'par imoratlar, ko'priklar, aeroportlar qurishni o'rgandi, biroq mohiyat o'sha-o'sha: insoniyat tamadduni ko'chmas mulk bilan uzviy bog'liq. Bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlarida ko'chmas mulk bozori uy xo'jaliklari, mamlakatlar va korporatsiyalar moddiy farovonligining asosi hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlarda ko'chmas mulk bilan bog'liq operatsiyalar YAIMning 15−20 foizini tashkil qilsa, O'zbekistonda ko'chmas mulkning YAIMdagi ulushi bor-yo'g'i 5,4 foizni tashkil etmoqda . Bu ushbu tarmoqning inqilobiy o'zgarishlar yoqasida ekanligidan dalolat. Biz ko'chmas mulk tushunchasiga u xuddi begona narsadek qarashga odatlanib qolganmiz, vaholanki, unga har kuni duch kelamiz. O'ylaymizki, ko'chmas mulk, ipoteka, baholovchilar, flipping degan narsalar faqat xorijda, bizda bo'lsa shunchaki kvartira va uy, birlamchi va ikkilamchi bozor, mahalla, xolos. Ammo, biz maxsus atama va tushunchalarni qo'llamasligimiz boshqa mamlakatlardan keskin farq qilishimizni anglatmaydi. AQShda uy xo'jaliklarining jami aktivlarining 50 foizdan ortig'i ko'chmas mulk hissasiga to'g'ri keladi . Amerikaliklar egalik qiladigan barcha uy va xonadonlarning qiymati barcha Amerika kompaniyalarining qiymatiga teng. O'zbekistonda ham uy xo'jaliklari ko'chmas mulkka investitsiya kiritishga intiladi. Uy xo'jaliklarining 95 foizga yaqini o'z uylarida yashaydi va hatto ipoteka kreditlashning sust rivojlanayotganligi ham turar joy ko'chmas mulk bozorining o'sishiga to'sqinlik qilmaydi. O'zbekistonliklar uy-joydan tashqari do'konlar va ofis binolariga ham investitsiya kiritadi. Ammo shunchaki investitsiya kiritishning o'zi yetarli emas. Binolar shaharga foyda, egasiga esa daromad keltirishi lozim. Bugungi kunga qadar [ko'chmas mulkka] investitsiya kiritishdan asosiy maqsad keyinchalik qimmatroq narxda sotish uchun arzonroq sotib olish bo'lgan bo'lsa, iqtisodiyot va shahar muhiti rivojlanishi fonida endilikda binolardan samarali foydalanish qobiliyati asosiy o'ringa chiqmoqda . Faqatgina samarali foydalanish mumkin bo'lgan ko'chmas mulklar — jozibali hududlarda qad ko'targan sifatli uy-joylar, aholi gavjum hududlarda joylashgan do'konlar, yaxshi ofislar narxi oshib bormoqda. Yaxshi ko'chmas mulkni yomonidan farqlash uchun ushbu sohaning tilini tushunish, iqtisodiy tendensiyalar, moliyaviy sxemalar va kreditlash tizimidan boxabar bo'lish zarur. O'z shahringizni tushunishingiz, uning sirlari, madaniyati va tarixini bilishingiz lozim. Shahar bamisoli "Lego" to'plamidek turli xil ko'chmas mulk formatlarini ifodalovchi alohida kubiklardan tashkil topadi. Chakana savdo binolari turlarining o'zi 25 dan ortiq. Baxtga qarshi yoki baxtimizga, shaharni "yig'ish"ning yo'riqnomasi yo'q, shuning uchun har bir shahar va har bir tuman o'ziga xos. Urban Studies — shaharlarni rivojlantirish haqidagi fan — bugungi kunda dunyodagi eng talabgir yo'nalishlardan biridir. Ko'pchilik nima uchun poytaxtdagi xonadonlar viloyatlarda joylashgan aholi punktlaridagi turar joylarga nisbatan ancha qimmatroq ekaniga hayron bo'ladi. Buyuk Britaniyada eng arzon ijara Bredford shahrida — u yerda xonadon ijarasi 500 funt-sterling turadi, Londonda esa shunga o'xshash xonadon to'rt baravar qimmat. AQShda eng arzon shahar (Vichita, Kanzas shtati) va Nyu-Yorkda ijara narxlari o'rtasidagi farq sakkiz baravar. Bunday farq katta shahar — inson va moliyaviy kapital ishlab chiqarish fabrikasi ekanligi bilan izohlanadi. Shahar kasbiy o'sish, ta'lim olish va qiziqarli odamlar bilan muloqot qilish uchun imkoniyatlar taqdim etadi. Va shuning uchun shahar hayotining gavjumligi — bu kamchilik emas, balki afzallik. Shaharning o'sib borayotgan iqtisodiyoti har bir qo'shimcha sa'y-harakat uchun munosib mukofotlaydi. Dinamik rivojlanayotgan shaharlarda qo'shimcha ko'nikmalar, yangi bilimlar va mehnatsevarlik "turg'un" shaharlarga qaraganda tezroq daromad o'sishiga olib keladi. Farovonlik nafaqat qancha daromad olishimizga, balki mablag'imizni qanchalik oqilona boshqarishimizga ham bog'liq. Stadion qurishning o'zi yetarli emas. U doimo ishlab turishi, tomoshabinlarga quvonch ulashishi va g'aznaga mablag' keltirishi lozim. Afsuski, ko'pincha buning aksi bo'ladi. Braziliyada qurilishi 900 mln dollarga tushgan eng yirik stadion ochilganidan bir yil o'tib yopilgan , chunki 70 ming tomoshabinga mo'ljallangan stadionga tashrif 5000 kishidan oshmagan. Shunday qilib, noto'g'ri qaror, iqtisodiy hisob-kitoblardagi xatolik mamlakat uchun katta yo'qotishlarga olib keldi. Avtomobilni haydashni o'rganish uchun bir necha oy vaqt sarflab qoidalarni, kutilmagan vaziyatlarga yechim topishni va boshqa ishtirokchilarning xatti-harakatlarini oldindan ko'ra bilishni o'rganishingiz kerak. Biroq, zamonaviy shaharda yashash oson emas. Shaharda yashaydigan odam qanday daromad olish, qanday jamg'arish va foydali narsalarga sarf qilishni bilishi, tadbirkor esa o'z xodimlarini qanday qilib ish bilan ta'minlash, tavakkalchiliklarni qanday boshqarish va mamlakatni rivojlantirishni bilishi lozim. O'zbekiston iqtisodiyoti yiliga 6 foizga o'sib bormoqda, bu jahon bo'yicha o'rtacha iqtisodiy o'sishdan ikki baravar yuqori. Mamlakat qanchalik boyib borsa, daromad shunchalik ortadi, asosiy ulushi ko'chmas mulkdan iborat bo'lgan boylikni to'g'ri boshqarishning ahamiyati ham shunchalik ortadi. Biz siz bilan iqtisodiy yangiliklarni kuzatib boramiz, to'g'ri qaror qabul qilish uchun, kompaniyalarimiz rivojlanishi, oilalar esa yaxshiroq hayot kechirishi uchun xorij tajribasini o'rganamiz. Ko'chmas mulk tilida gaplashishni o'rganib, bankirlar, investorlar, savdo kompaniyalari va xorijiy ekspertlar bilan bemalol muloqot qilishimiz mumkin. Shahar shu tariqa, oxir-oqibat, o'z aholisi, sayyohlar va investorlar uchun yanada qulay va jozibador shaharga aylanadi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
2035-yilga borib Toshkentda aholi soni 25 foizga oshib, 4 million kishini tashkil etishi, avtomobillar soni esa 120 foizga oshib, 1,29 milliontaga yetishi kutilmoqda. Bu haqda poytaxtni rivojlantirishga bag'ishlangan IQ City Planning Tashkent hisobotida ma'lumot berilgan. Hisobot tijoriy ko'chmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan. Mualliflarning qayd etishicha, jadal urbanizatsiya bilan bir qatorda, aholi sonining o'sishi va avtomobillar sonining keskin ortishi ekologik muammolarni yanada kuchaytiradi va kommunal sohaga nisbatan bosimning saqlanib qolishiga sabab bo'ladi. "Gazeta.uz" CMWP Uzbekistan bosh direktori Denis Sokolov bilan bu kabi hisobotlarning maqsadi, Yangi Toshkent qurilishi va uning poytaxtning kelgusidagi taraqqiyotiga ta'siri, shuningdek, maktabdan boshlab o'rgatilishi kerak bo'lgan shahardan foydalanish madaniyati haqida suhbatlashdi. — Jamoamiz Toshkentda 2018-yildan buyon faoliyat yuritadi. Biz tijoriy ko'chmas mulk sohasida konsalting xizmatlarini ko'rsatamiz. Bu juda umumiy eshitilishi mumkin, lekin aslida har qanday shahar va biznes uchun muhim funksiya. Har qanday kompaniyaning vazifalari, u qanday faoliyat bilan shug'ullanishidan qat'i nazar, har doim ko'chmas mulk — ishlab chiqarish va savdo obyektlari, ma'muriy binolar, logistika majmualari bilan bevosita bog'liq. Har qanday kompaniyaning xarajatlari tarkibida ko'chmas mulk 80 foizgacha ulushga ega bo'lishi mumkin. Ko'chmas mulkni samarali boshqarilgan taqdirda, xarajatlarni kamaytirish imkoni bor. Misol uchun, umumiy maydonlardan oqilona foydalanish va ish joylarini samarali joylashtirish orqali, xodimlar uchun qulaylikni saqlab qolgan holda, joyga bo'lgan ehtiyojni 20 foizgacha qisqartirish mumkin. Boshqa tomondan, sifatli shamollatish va mikroiqlim, ayrim ma'lumotlarga ko'ra, xodimlarning ish unumdorligini 15−30 foizga oshirish imkonini beradi. Zamonaviy ko'chmas mulk tobora murakkablashib bormoqda, uni boshqarish uchun butun boshli jamoalar, turfa xil ko'nikmalar va mutaxassisliklar zarur. Jamoamizda g'oyatda xilma-xil tajribaga ega bo'lgan mutaxassislar yig'ilgan. Biz kompaniyalarga o'z aktivlari va ko'chmas mulkidan samarali foydalanish bo'yicha yo'l-yo'riq ko'rsatamiz. Bugungi kunda Toshkent nihoyatda faol rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda — shaharlashuv (urbanizatsiya) jadal, aholi va avtomobillar soni keskin ko'paymoqda. Aynan shu vaziyatda arzimas xarajatlar evaziga samaradorlik, qulaylik va hayot sifatini oshirish imkonini beruvchi kichik o'zgarishlar ayniqsa muhim. Bu, masalan, turg'un bo'lmagan savdoni tashkil etish, avtoturargohlarni tartibga solish, jamoat joylarini loyihalash va fuqarolar uchun faollik markazlarini yaratishga taalluqli. — [Umuman olganda,] biz o'tirib, "keling, shunday tahlil o'tkazamiz", deb qaror qilmaganmiz. Biz bilim, ko'nikma va ma'lumotlar bilan ishlaymiz va doimo kelajakni ko'rishga intilamiz. Chunki agar mijoz ko'p funksiyali majmua qurmoqchi bo'lsa, bunday majmua qurilishi 3−4 yil davom etishi, ijarachilar unga 5 yildan keyin ko'chib kirishi, odamlar bu obyektdan 20 yildan keyin foydalanishini hisobga olish kerak. Ushbu obyektga tashrif buyuradiganlarning ko'pchiligi hatto hali tug'ilmagan. Shuning uchun, ko'chmas mulk sohasida ayni paytda atrofingizda mavjud kishilar uchun emas, balki keyinroq dunyoga keladiganlar uchun ishlayotganingizni doimo yodda tutishingiz kerak. Fikrlashning ushbu xususiyati — juda muhim komponent. Biz konsalting kompaniyasi sifatida vaqti-vaqti bilan o'z bilim va qarashlarimizni hisobotlarga kiritamiz, ularni nashr qilamiz hamda bozor va boshqa kompaniyalar bilan baham ko'ramiz. Buni bozorda muloqot va faoliyatni osonlashtirish maqsadida amalga oshiramiz. Masalan, ko'pchilik bizga "O'zbekiston bozori shaffof emas", deydi. Ular, shaffof bozor — bu barcha ma'lumotlar ochiq-oydin ko'rinib turgan bozor, deb hisoblashadi. Aslida esa, shaffof bozor — bu odamlar u haqda, eng kamida, bosh qotiradigan va biladigan bozordir. Mana, shu bugun butun dunyo bo'ylab global shaharlar o'zaro taqqoslab chiqilgan hisobot bilan tanishib chiqdim. Unda Ostona, Olmaota bor, Toshkent — yo'q. Toshkent kiritilmagan. Demak, ushbu hisobotni o'rganib chiqadigan kishilar Toshkent haqidagi ma'lumotga duch kelmaydi. Bozor shaffofligi, shuningdek, e'lon qilingan hisobotlar va shaharda u yoki bu muammo to'g'risida bosh qotiradigan odamlar soniga bog'liq. Shuning uchun, bizning nazarimizda, bunday hisobotlar nafaqat biznes, balki rezidentlar uchun ham muhim. Ular o'ziga xos tafakkur maktabini yaratadi va odamlarni o'z shahrining kelajagi haqida qayg'urishga o'rgatadi. — Prognozlar ikki turda bo'ladi: ehtimoliy va orzudagi kelajak prognozlari. Ehtimoliy prognoz voqealar rivojining eng mumkin bo'lgan ssenariylarini ko'rib chiqadi: agar bosh reja mavjud bo'lmasa, demak, shahar tabiiy ravishda rivojlanmoqda. Bu prognozlashni murakkablashtiradi, biroq, shunga qaramay, tabiiy rivojlanish prognozning bir qismidir. Yana orzudagi kelajak prognozlari ham mavjudki, bunda siz prognozning o'zida yaxshi rivojlanish uchun nima va qanday qilinishi kerakligi haqida fikr yuritasiz. To'g'ri, buning uchun bosh reja kerak. Orzudagi kelajakning har qanday prognozi birinchi bandda aynan shuni nazarda tutadi: bosh reja bo'lgani yaxshi. Bizning hisobotimiz, albatta, ehtimoliy. Chunki biz birinchi navbatda biznes va mahalliy hokimliklar uchun ishlaymiz. Va orzudagi kelajakni prognoz qilishning muammoli jihati shundaki, agar, aytaylik, siz istagan voqea sodir bo'lmasa, prognoz o'z ahamiyatini yo'qotadi. — Bozor monitoringi, Toshkent shahridagi mavjud vaziyat to'g'risidagi bilimlarga, prognozlar, jumladan, xalqaro moliya tashkilotlari, masalan, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining iqtisodiy rivojlanish va makroiqtisodiy vaziyatga oid prognozlariga. Shuningdek, biz jamoaning, jumladan, boshqa bozorlardagi tajribasidan ham foydalanamiz. Chunki aksariyat hollarda shaharlar, bozorlar va mamlakatlar rivojlanish asnosida boshqalar bosib o'tgan yo'lni takrorlaydi. Masalan, ayni paytda biz tayanadigan ishchi farazlarimizdan biri shundan iboratki, Toshkent qaysidir ma'noda Varshava taqdirini takrorlashi mumkindek tuyuladi. 90-yillarda Varshavaning rivojlanishi juda murakkab kechgan, biroq vaqt o'tib u Sharqiy Yevropaning yulduzi, sanoat va postindustrial nuqtasiga, Sharqiy Yevropadagi eng asosiy iqtisodiy markazga aylandi. Nima uchun Toshkent bilan Varshavani solishtiryapmiz? Bular kattaligi va mintaqadagi roli jihatidan o'xshash shaharlardir. Varshava — bu Sharqiy Yevropa, Toshkent — bu Markaziy Osiyo. Uzoq vaqt davomida Varshavaning rivojlanishi juda murakkab kechgan. Biroq islohotlar va iqtisodiy rivojlanish unga barcha qo'shnilarini amalda ortda qoldirish imkonini berdi. Bundan tashqari, Minsk, Budapesht, Lagos (Nigeriya), Mexiko va Tehronda loyihalar amalga oshirganman. Agar shaharlarning rivojlanishi bo'yicha muayyan tajriba va kuzatuvlarga ega bo'lsangiz, ayrim tendensiyalarni aniqlashingiz mumkin. Bu, shahar qanday rivojlanishini aniq bilamiz, degani emas. Bu, hozir mavjud ma'lumotlarga asoslanib, shunday istiqbollarni ko'rayotganligimizni anglatadi. Har yili o'z hisobotlarimizni yangilaymiz, ish modellarimizni o'zgartiramiz va moslashtiramiz. O'ylaymanki, siz bilan keyingi yil yana uchrashamiz, o'shanda men sizga nima o'zgarganini aytib beraman. — Biz Toshkent haqida savdo va ofis ko'chmas mulki, ko'cha savdosi singari turli yo'nalishlarda 15 ga yaqin hisobotlarni allaqachon e'lon qilganmiz . Biroq hozir muhokama qilayotganimiz esa shaharning umumiy rivojlanishiga bag'ishlangan ilk hisobot. Potensial investor shaharning qaysi hududida, aytaylik, do'kon ochgani yaxshiroqligi, aholi faolligining eng katta konsentratsiyasi hatto hozir emas, balki ikki yildan keyin qayerda bo'lishini bilishi kerak. Chunki shundagina u hozircha nisbatan arzon bo'lgan, biroq bir-ikki yildan so'ng faollashadigan, investitsiya osonlik bilan o'zini oqlaydigan hududdan do'kon sotib olishi mumkin bo'ladi. Chunki markazda hamma narsa oson, biroq qimmat bo'lishi mumkin. — Bu borada aholi zichligi yuqori bo'lgan shaharlar muayyan xarajatlar bilan bog'liq bo'lgan juda katta afzalliklarga ega ekanligini hisobga olish kerak. Megapolislar aholisi avvaldan murosaga kelishga majbur bo'lgan. Masalan, ko'pchilik Toshkentdagi transport muammolari haqida gapiradi. Masalan, odamlar mashinalarini hatto chiziqlarga qaramay qoldirib ketadi. Avtomobilni yo'l o'rtasida qoldirib ketishlari yoki to'xtab turishlari ham mumkin. Bu odamlar yomon bo'lgani uchun emas, balki yo'l-transport harakati uzoq vaqt davomida bu darajada gavjum bo'lmagani va odamlar boshqalar bilan hisoblashishga odatlanmaganligi sababli sodir bo'ladi. Va endi ular xatti-harakatlarini o'zgartirishga majbur. Transport muammolarini hal qilish mumkin. Biroq bu ikki narsaga bog'liq. Birinchisi, shaxsiy transportdan foydalanish narxini oshirish: pullik avtoturargohlar, yoqilg'i narxining oshishi, qandaydir yig'imlar va avtomobillarga qo'shimcha soliqlar. Kelajakda shunday bo'lishi muqarrar, chunki u cheklash vositasidir. Odamlar o'zini cheklashga majbur bo'ladi. Kishi novvoyxonaga borish uchun shaharning yarmini kezib chiqmasligi uchun ushbu chora-tadbirlar qulay jamoat transportini rivojlantirish, xatti-harakatlarning o'zgarishi bilan bir vaqtda kechishi kerak. U eng yaqin novvoyxonaga borishi kerak, demak, novvoyxonalar butun shahar bo'ylab taqsimlanishi va yetib olish uchun qulay bo'lishi kerak. Toshkentning ekologik muammolari asosan texnologik jihatdan ortda qolish bilan bog'liq. Chunki London kabi tirband shaharlarga nazar tashlasak, iflos havo muammosi hal qilinganiga guvoh bo'lamiz. Biroq bu muammo aholi soni kamroq bo'lgan paytda hal qilinmagan. Aksincha, aholi soni oshgan. London bu muammoni atmosferaga chiqindilarni cheklash orqali hal qildi: avtomobillar uchun ekologik standartlarni oshirish, ko'mir yoqib isitishdan voz kechish, kabi. O'tgan yilgi energiya inqirozi Yevropaning ayrim shaharlari aholisini yog'och yoqib isinishga qaytardi, bu esa havo sifatiga darhol ta'sir ko'rsatib, hukumatni shoshilinch choralar ko'rishga majbur qildi. Shahar aholisi uchun shahardagi hayot o'z-o'zini cheklashni talab qilishini tushunish juda muhim. Buning evaziga u piyoda 10 daqiqada yetib olish mumkin bo'lgan ajoyib novvoyxona, kafelar, do'konlar tarmog'i, universitetlar, yaxshi maktablar, ishlash imkoniyatiga ega bo'ladi. Shahar aholisi juda ko'p narsadan bahramand bo'ladi, biroq, albatta, bu ne'matlardan foydalanishning o'z to'lovi bor. — Keling, bunga oddiy odam nuqtai nazaridan qaraylik. Odamlar Toshkentga kelyapti, chunki bu yerda yashashni hohlaydi, chunki bu yerda maktablar, universitetlar bor. Qayerdadir turar-joy qurish mumkin, lekin odamlar qayerda ishlaydi? Ish o'rinlarini yaratish kerak. Aslida, eng katta shahar iste'dodlar va biznesni eng ko'p jalb qiladi. Ochig'ini aytsam, Toshkent Markaziy Osiyodagi eng muhim shaharga aylanishi kerakligiga ishonaman. Shaharsozlar ko'pincha orzudagi kelajak haqidagi prognozlar bilan ish ko'rishadi: hamma odamlar boshqa shaharga ko'chib o'tishsa va u yerda ish o'rinlari yaratilsa, qanday soz. Biz, yetarlicha amaliyot va tijorat sohasi kishilari sifatida, buning uchun Toshkentda hayotni qulaylashtirish natijasida yuzaga kelgan bir qator murakkab vazifalarni bajarishimiz kerakligini tushunamiz. Men dunyoning ko'plab shaharlarida, ehtimol 100 dan ortiq shaharlarda bo'lganman. Shuning uchun, bugungi kunda Toshkent juda qulay shahar, deb ayta olaman. To'g'ri, hamma uchun ham qulay emas, aholi o'z shahrini tez-tez va haqli ravishda tanqid qiladi. Biroq, Toshkentda boshqa shaharlarda mavjud bo'lmagan narsalar juda ko'p: ko'plab yashil maydonlar, keng yo'laklar, juda keng ko'chalar. Chunki Varshava uchun bunday ko'p sonli piyodalar yo'laklari — bu hashamat degani. Boshqa bir jihati shundaki, Yevropaning barcha shaharlarida har bir qarich yer allaqachon obodonlashtirilgan, u yerda hamma narsa chiroyli. Toshkentda jamoat joylariga g'amxo'rlik qiladiganlar kam. Toshkent xususiy hovlilar soni bu qadar ko'p bo'lgan kam sonli megapolislardan biridir. Bunday hodisa umuman hech qayerda yo'q. Amerika va Yevropaning har qanday shaharlarida xususiy hovlilar shahar tashqarisida joylashgan (suburbs deb ataladi). Toshkentda turmush tarzi butunlay boshqacha. Toshkentda yaxshi narsalar juda ko'pligi va shahar hayotini qulaylashtirish uchun ko'p imkoniyatlar mavjudligini unutmaslik kerak. — Samarqand sayyohlik markazi sifatida rivojlanmoqda, ya'ni bu O'zbekistonning, hatto, balki butun mintaqaning o'ziga xos vitrinasi. Bu tarixiy markaz, sivilizatsiya beshigi. Biroq jadal rivojlanayotgan mamlakatlar ichki migratsiya bitta, eng yirik shaharga yo'nalgan markazga intiluvchi shaharlashuv bilan tavsiflanadi Bu rivojlantirishda faqat poytaxtga urg'u berish kerak, degani emas. Mintaqaviy shaharlar ham turmush tarzi, ham imkoniyatlar nuqtai nazaridan muqobil taklif qilishlari kerak. Agar Toshkent biznes-poytaxtga aylansa, Samarqand madaniy poytaxt maqomiga da'vo qilishi mumkin. Qolaversa, transportning rivojlanishi Toshkent va Samarqandni go'zal mamlakatning ikki tomoni — in va yan kabi yagona tizim sifatida qabul qiluvchi tasavvurni shakllantirish imkonini beradi. Menimcha, faraz nuqtai nazaridan Toshkent biznes markazi, Samarqand esa tarixiy-madaniy markaz. Lekin shaxsan men buni ko'p ham zamonaviy yondashuv deb o'ylayman. Shuni yodda tutish kerakki, turizm — bu sayohat, harakat demak. Sayyoh Samarqandga kelib, Registonni ko'rib, uchib ketsa — bu turizm emas. U Toshkentga — zamonaviy kosmopolit shaharga kelsa, muzeylar, teatrlarga borsa, keyin poyezdga o'tirib Samarqandga borsa, u yerda tarixdan bahramand bo'lsa, boshqa gap. Lekin, biznesni rivojlantirish va boylik nuqtai nazaridan men baribir Toshkent uchun bahs boylagan bo'lardim. — Shaharni emas, aynan Yangi Toshkentni. Ko'chmas mulk bo'yicha maslahatchilar sifatida biz doimo birinchi nima paydo bo'lishi haqida o'ylaymiz — tovuqmi yoki tuxum. Chunki, masalan, siz savdo markazi ochyapsiz, ijarachilarni jalb qilyapsiz, "Zara, bizga keling, do'kon oching", deysiz. Zara esa xaridorlar bor-yo'qligini so'raydi. Siz hozircha xaridorlar yo'q, deysiz, lekin reklamani boshlaysiz. Siz reklama qilasiz va mijozlar "Qani do'kon?" deb so'rashadi. Ko'chmas mulkdagi eng katta qiyinchilik — bu atrofida biror narsani rivojlantirish mumkin bo'lgan langarni topish. Davlat apparatini boshqa joyga ko'chirish bitta imzo bilan hal bo'ladigan ish. Avvaliga, albatta, odamlar, jumladan, amaldorlarga noqulaylik tug'iladi. Biroq, boshqa tomondan, amaldorlar o'z mamlakatini rivojlantirish uchun ishlaydi va shuning uchun haq oladi. Yangi joyga ko'chib o'tar ekan, ular faqat kundalik faoliyatlarida ishtirok etish bilan cheklanib qolmaydilar. Agar ular Yangi Toshkentdan ko'chmas mulk sotib olishsa yoki u yerda ishlash uchun "eski" Toshkentdan qatnashsa, do'konlar va xizmatlarga talab vujudga keladi. Shunday qilib, hudud rivojlanadi. Misol uchun, Parijda vazirliklarni jinoyatchilik yuqori bo'lgan tushkun hududlarga o'tkazish uchun butun boshli dastur mavjud. U yerda hatto maxsus transport ham tashkil qilinishi mumkin, chunki jinoyatchilik darajasi eng yuqori bo'lgan hududlar borki, agar ishda ushlanib qolsangiz, metrogacha piyoda borish xavfsiz emas. Biroq vazirlik ko'chib o'tishi natijasida bir yarim yil ichida vaziyat yaxshilanadi va hudud yanada jozibali bo'ladi. Bu juda muhim. Darvoqe, xavfsizlik haqida gap ketganda, O'zbekiston xavfsizlik bo'yicha dunyoda salkam 8-o'rinda turadi. O'zbekistonga kelayotgan barcha yevropalik do'stlarim va hamkasblarim Toshkentdagi xavfsizlik va qulaylik hissidan hayratda. Bu shunchaki ajoyib! Mahalliy aholi bu afzallikni yetarlicha baholamaydi. — To'g'ri. Men buni bejiz aytib o'tmadim: hissiyot. Buning boshqa belgilari ham bor: do'konlarda panjara yo'q, shisha eshiklar, har bir burchakda qo'riqchilar yo'q. Umuman olganda, xavfsizlik shahardagi qulaylik reytingidagi birinchi bandlardan biri. Chunki chiroyli bog'lar va istirohat bog'lari bo'lishi mumkin, biroq bu bog'da siz biror tahdidni his qilsangiz, uning go'zalligidan ma'ni yo'q. — Toshkent kabi global shaharlar yo juda tez rivojlanadi yoki umuman rivojlanmaydi. Bu yerda biri ikkinchisining hisobiga rivojlanadi, degan narsa yo'q. Davlat apparati Yangi Toshkentga ko'chib o'tishi uchun binolarni loyihalashtirish, infratuzilma, elektr tarmoqlarini o'rnatish, yo'llar qurish kerak; bu binolarni qurish, ularni boshqarish, tegishli xizmatlarni qurish va hokazo. Bularning barchasi ish o'rinlarini yaratadi. Ularni Toshkent shahri aholisi egallaydi. Agar davlat apparati ko'chib ketsa, "eski" Toshkent yanada ko'ngilocharroq harakterga ega bo'ladi. Bu aholi uchun o'ziga xos shahar, odamlar uchun shahar bo'ladi. Chunki hozir ko'chalarning yopilishiga tez-tez guvoh bo'lamiz. Shahar markazi ulkan ma'muriy kvartal bo'lib, unda na turar-joy va na savdo bor. Faqat ma'muriy binolar. Bu ham rivojlanish uchun imkoniyat. Umuman olganda, Toshkentning dunyodagi kam sonli tabiiy ko'p markazli shaharlardan biri ekanligi juda qiziq: eski shahar bor, Rossiya imperiyasi qura boshlagan mustamlaka shahar bor. Endi esa Yangi Toshkent. Bu shahar rivojlanishining mantiqiy davomi. — Bozor shaffofligi haqida takror aytaman. Afsuski, shaffoflik ko'pincha faqat ma'lumotni e'lon qilish sifatida qabul qilinadi. Biroq, boshqa tomondan, bunda ma'lumotni idrok etish madaniyati juda muhim. Aytaylik, Jahon banki O'zbekiston va Toshkent haqida juda qiziqarli hisobotlarni e'lon qiladi. Saytda yuklab olish hisoblagichi mavjud. Men yuklab olgan oxirgi hisobotni yana 40 kishi yuklab olgan. Taxminimcha, ulardan 20 nafari ushbu hujjatni o'qib chiqqan. Bu dahshatli darajada kichik raqam. Shahar rivojlanishi haqidagi ma'lumotlar juda murakkab. Buni qanday izohlashni va muhokama qilishni biladigan ekspertlar hamjamiyati yoki fuqarolik faollari jamoasi bo'lishi kerak. Chunki nashr qilish va joylashtirish boshqa masala. Esingizda bo'lsa, "Avtostopda galaktika bo'ylab" filmida Yer sayyorasini qayta qurish rejalari yerto'laning uchinchi qavatida joylashgan edi. "Va ularni o'qimaganingiz uchun o'zingiz aybdorsiz", deyiladi. Aslida, shahar rasmiylari faol fuqarolik pozitsiyasining shakllanishiga imkon yaratishi kerak. Hattoki, zamonaviy shaharlik uchun shaharni tushunish va undan foydalanish madaniyatiga ega bo'lish juda muhim, degan bo'lardim. Darhaqiqat, odam shahardan foydalanishni maktabdan boshlab o'rganishi kerak. Masalan, Yevropa davlatlarida maktablarda shaharsozlik bo'yicha ma'ruzalar o'qiladi. Biz smartfonlardan foydalanishni o'rganamiz, lekin, ayni paytda, shahar o'zining barcha murakkabligi va tuzilishi bilan tabiiy narsadek tuyuladi. Aslida unday emas. — Rossiyada ishlagan vaqtim, jumladan, maktablarda shahar umuman qanday tuzilgani haqida ma'ruzalar o'qiganman. Masalan, Toshkentda ko'chmas mulkni qurilishga ruxsatnomasiz sotish holatlari allaqachon kuzatilgan. Va odamlar sotib olishadi. Aslida, buning hech qanday yomon joyi yo'q, lekin xaridor qanday xatarga borayotganligini bilishi kerak. Yoki agar quruvchi kompaniya maktab va'da qilsa, lekin uy-joy arzon bo'lsa, odam bunday kvartiraning narxiga maktab qurib bo'lmasligini tushunishi kerak. Har bir inson nima qancha turishi va narx qanday shakllanishini bilib qo'yishi lozim. Transport bilan ham xuddi shunday. Quruvchi kompaniya hozir do'zahdek tirbandliklar kuzatilayotgan hududda yo'l qurilishini va'da qilganda, siz borib, bu yo'l qayerdan o'tishini ko'rasiz. Agar uning o'rnida hali ham binolar mavjud bo'lsa, tushunishingiz kerakki, bu binolar sotib olinib, hammasi kompensatsiya qilinib, buzib tashlangunicha yana 15 yil o'tadi. Agar ular allaqachon metro stansiyasini qazishayotgan bo'lsa, demak transport bilan bog'liq muammolar bo'lmaydi. — Davlat quruvchi kompaniyalarni soliq to'lash va ish o'rinlari yaratishga rag'batlantirishi kerak. Biroq maktablar, ayniqsa, yo'llar qurish va transport o'tkazish quruvchi kompaniyaning vazifasi emas. Davlat o'z funksiyalarini quruvchi kompaniyalar zimmasiga yuklamasligi kerak. — Xonadonning maydoniga unchalik qiziqmaslik hamma ham taalluqli emas. Bunda shahar kabi hodisaning o'ziga xosligi bor. Ko'p odamlar shahardagi xonadonni faqat kvadrat metr deb bilishadi. Aslida, shahar — inson kapitali fabrikasiga chipta demak: ijtimoiy aloqalar, ta'lim, daromad, ish, istiqbollar. Havosi toza bo'lgan qishloqda ham yashash mumkin, lekin sizda ijtimoiy aloqalar, yaxshi tanishuvlar, atrofdagi yoqimli aqlli odamlar yoki madaniy obyektlarga kirish imkoni bo'lmaydi. Kishi shaharda xonadon sotib olayotganda, u kvadrat metr bilan birgalikda ana shu bu chipta uchun haq to'laydi. Rivojlangan shaharlardagi tendensiyalar kichik kvadratli xonadonlarga talabni keltirib chiqarmoqda. Masalan, Yevropada 20−25 kvadrat metrlik uy-joylar mavjud. U yerda oilalar yashamasligi aniq. U yerda talaba yoki yosh mutaxassis yashaydi. Uning uyidan ishiga yoki universitetiga piyoda 15 daqiqalik yo'l. Uning uyi yonida kafe, kir yuvish shoxobchasi bor — u barcha xizmatlarni uydan tashqariga olib chiqadi va uning uchun uy — boshpana xolos. U ishlaydi, maoshi oshadi, oila qurgach, vazifalari ortadi — u kengroq, lekin maktabga yaqinroq xonadonga ko'chib o'tadi. Buning uchun ishga piyoda 15 daqiqada emas, mashinada 40 daqiqada yetib borish orqali haq to'laydi. Biroq uning bolalari yaxshi maktabda o'qiydi. Shaharda yashash — bu murosalar to'plami. Toshkentda quruvchi kompaniyalar allaqachon kichikroq kvadratli xonadonlarni taklif qilmoqda. Yaqin vaqtgacha ular 100−120 kvadrat metr edi. Endi maydoni 30−40 kvadrat metrlik xonadonlarni ko'ryapmiz. Kvadrat metr narxi qimmatlashyapti, lekin xonadonlarning o'zi — ular arzonlashyapti, deb aytolmayman — lekin boshpananing narxi o'zgarmagan. — Yo'q, albatta. Ko'pchilik o'ylaydiki, hamyonbop uy-joy — bu bir yil davomida pul yig'ish va xonadon sotib olish, degani. Aslida esa uy-joy sotib olish imkoniyati — bu kelajakka ishonch: hayotdagi rejalaringizdan kelib chiqib, buni o'zingizga ravo ko'rasiz. Masalan, Yevropada uy-joy sotib olish imkonsizdek tuyuladi, biroq past ipoteka foizlari va ijtimoiy kafolatlar tufayli 50 yildan ortiq bo'lib-bo'lib to'lash sharti bilan uy sotib olish mumkin. Ko'pgina yevropaliklar o'z ipotekalarini butun umrlari davomida ham to'lamaydi yoki hatto to'lamoqchi ham bo'lmaydi. Biror joyga ko'chib o'tish kerak bo'lganida, uyni ipoteka qarzi bilan birga sotadi va xaridor bankdan qarzdor bo'lib qoladi. Menimcha, O'zbekiston bunday rivojlangan moliya va kreditlash tizimiga o'tishiga kamida 5−7 yil vaqt bor. Kelgusi yilda maoshingiz 20 foizga, keyin yana 20 foizga, keyin yana 30 foizga oshishini bilsangiz, bugunning o'zidayoq sizga ko'p narsalar hamyonbop bo'ladi. Yangi Toshkentga kelsak, bu juda katta hudud. Umid qilamanki, bu shaharning ma'nosi — barqaror ijtimoiy muhitdir. Siz Navoiydan kelib, Toshkentdagi institutga o'qishga kirib, kichkinagina xonadonni ijaraga olasiz. Institutni tugatib, ishga joylashsangiz, xuddi shu hududdan kattaroq xonadonni ijaraga olasiz. Lavozimingiz oshgach, katta xonadonni ijaraga olasiz va o'zingiz uchun pul yig'ishni boshlaysiz. Vaqt o'tadi, oilani quriladi, oila uchun kredit mablag'lari yordamida ko'chmas mulk sotib olinadi — va bularning barchasi bitta hudud yoki turar-joy majmuasining o'zida bo'lishi mumkin. Hozir, afsuski, sobiq Ittifoqning ko'plab mamlakatlarida turar-joy majmualari aniq maqsadli auditoriya uchun — 35−40 yoshdagilar uchun qurilgan. 20−30 yildan keyin bular — nafaqaxo'rlar bo'ladi. Yana 15−20 yildan keyin ular dunyodan o'tadi. Bir hududda faqat yoshlar, boshqasida esa faqat pensionerlar yashashi — bu beqaror muhit. Barqaror muhit — bu bitta hududda yoki turar-joy majmuasida talabalar yashashi. Kunduzi o'qishadi, kechqurun esa kimgadir uy ishlarida yordam berishlari yoki enagalik qilishlari mumkin. Inson kapitali fabrikasi va farovonlik fabrikasi shunday xilma-xillikda ishlaydi. — Transport stereotiplari va xulq-atvor stereotiplari, degan narsa bor. Toshkentdagi ko'plab haydovchilarning boshqalarga qaramay to'xtab turishi yoki avtomobilni qoldirib ketishi haqida biroz avval aytib o'tdim. Yoki hamma to'xtab turgan paytida kimdir orqadan kelib urishidan qo'rqadi, shuning uchun "avariya" chiroqlarini yoqib oladi. Bularning barchasi stereotipga asoslangan xatti-harakatlar. Aslida, bu soxta, noto'g'ri, lekin juda barqaror stereotiplar. Yevropalik shaharsozlar shunday deydi: transport bilan bog'liq xulq-atvorning shakllanishi uchun siz avval ochiq maydonda metro yotqizishingiz, poyezdlarni ishga tushirishingiz va keyin qurilishni boshlashingiz kerak. Bu, albatta, foydasiz, lekin odam birinchi marta yangi turar-joy majmuasidagi kvartirani ko'rish uchun kelganidayoq, o'ylaydiki, ha, demak, metroda qatnayman, mashina sotib olmayman. Bu narsa Toshkentda ish bermaydi. Birinchidan, avtomobillar [bu yerda] ijtimoiy maqom ramzi. Vaholanki, urbanistlar boy shahar hamma mashina haydaydigan shahar emas, balki boylar jamoat transportidan foydalanadigan shahardir, deydi. Biroq, postsovet mamlakatlarida jamoat transportidan foydalansangiz, mashina uchun puli yo'q ekan-da, degan qarash bor. Bu stereotiplardan qutulish juda qiyin. Ikkita yondashuv mavjud. Birinchisi, Moskva ma'muriyati tomonidan amalga oshirilgan "murosasizlik" yondashuvi. Ya'ni, shahar "bundan buyon avtomobildan foydalanishni chidab bo'lmas holga keltiraman", degan qaror qabul qiladi. "Avtomobilni mumkin bo'lmagan joyda qoldirib ketish va haydash vaqtidagi xatolar uchun sizga shunday jarimalar solinadiki, dodlab yuborasiz. Mashinangizdan voz kechish haqida jiddiy o'ylay boshlaysiz. Sizni jamoat transportiga o'tkazamiz". Yumshoqroq yondashuv ham mavjud — siz qulayroq muhit yaratasiz va odamlarga o'z transport odatlarini o'zlari to'g'rilab olishlariga qo'yib berasiz. Bu qiyin, ko'p vaqt oladi. Ochig'i, O'zbekistonda tizim boshqacha bo'lgani sabab qattiq yondashuv noto'g'ri bo'lardi, deb o'ylayman. O'zbekistonliklar uchun bunday shafqatsiz transport zo'ravonligini maqbul emas, deb hisoblayman. Shuning uchun buni asta-sekin qilishga to'g'ri keladi. Biz hozirning o'zidayoq elektrobuslar va ajratilgan yo'laklarni ko'rib turibmiz. Bularning barchasi bir tekisda ketmasligi mumkin, biroq yumshoq yondashuv 5−10 yil vaqt talab qilishini hisobga olish lozim. Suhbatning ikkinchi qismida IQ City Planning Tashkent hisoboti muallifi Aleksey Letunovskiy O'zbekistondagi shaharlar haqidagi ma'lumotlar qanchalik ochiqligi, ularni e'lon qilish nega rasmiylar uchun manfaatli ekanligi va nima uchun "eski" va Yangi Toshkent o'rtasida mablag'larning notekis taqsimlanishi falokatga olib kelishi haqida so'z yuritadi.
columnist
In English: Op-Ed by David Cameron: "There are huge opportunities before us. We must seize them, together" На русском языке : К олонка Дэвида Кэмерона: "Перед нами огромные возможности. Мы должны воспользоваться ими — вместе" Men 2013-yilda Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan birinchi Buyuk Britaniya bosh vaziri bo'lgan edim. Qozog'istonning Ostona va O'tror shaharlarida qadim madaniyatga ega bo'lgan ushbu yosh mamlakat o'z iqtisodiyoti va jahondagi o'rnini qanchalik tez o'zgartirayotgani meni hayratga solgandi va men mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaror qildim. Bu hafta Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati va Mo'g'ulistonga tashrif buyurgan ilk Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri bo'laman — "Katta yettilik"ka kiruvchi hamkasblarim orasida ham bunday miqyosdagi tashrifni amalga oshirganlar ko'p emas. O'ziga xos noyob merosga ega ushbu oltita mamlakat hozir ham jadal o'zgarishlarni boshdan kechirishda davom etmoqda. Ular o'z suvereniteti himoya qilinishini va chegaralari daxlsizligi hurmat qilinishini istaydigan mustaqil davlatlardir. Men ularning har biri bilan barchamizga foyda keltiradigan yanada mustahkam hamkorlik o'rnatishni istayman. Hamkorligimiz doirasida ko'plab yutuqlarga erishganmiz. Ingliz tili, huquq va ta'lim tizimi Ostona Xalqaro moliya markazi va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti kabi muvaffaqiyatli muassasalarning asosida turibdi. "Rio Tinto", "Shell" va "BAE" kabi kompaniyalarning sarmoyalari yirik loyihalarga hissa qo'shib, ish o'rinlari yaratdi va iqtisodiy o'sishni rag'batlantirdi. Biz Markaziy Osiyo tog'laridan Pokistonga gidroenergetika olib kelishga yordam bermoqdamiz. Ulan-Batordagi to'rtta buyuk ijodkorlarni ulug'laydigan "The Beatles" haykali oldida o'n yillar oldin mo'g'ul yoshlari to'planishardi, dastlab bu yerda taqiqlangan g'arb pop musiqasi muhokama qilingan bo'lsa, keyinroq demokratiya tomonga burilish shu yerda boshlangan. 1990-yillarda ushbu mintaqadan Buyuk Britaniyaga yetib borgan eng esda qolarli "eksport", o'sha paytdagi bosh vazirimizga mehr bilan sovg'a qilingan, keyinchalik poyga va ko'rgazma otiga aylangan Maksat turkman ayg'iri edi. Bugungi kunga kelib, o'tgan yilning o'zida Markaziy Osiyodan o'n minglab odamlar bizning kengaytirilgan Mavsumiy ishchilar dasturimiz bo'yicha Buyuk Britaniyaga ishlash uchun ketishdi. "Air Astana", "Uzbekistan Airways" va "Turkmenistan Airlines" har hafta Londonga bir nechta reyslarni amalga oshiradi. "Mo'g'ul Xoni" spektakli esa Londonning "West End" teatrida tomoshabinlarni hayratda qoldirdi. Hozir esa yana oldingga qadam tashlash vaqti keldi. Biz xavf va noaniqlik kuchaygan bir davrda yashayapmiz. Katta geosiyosiy raqobatlar dunyoning ushbu qismidagi mamlakatlar uchun ma'lum bir muammolarni keltirib chiqaradi. Qozog'iston va Mo'g'ulistondagi kuchli suv toshqinlari — so'nggi yillarda cho'lda tez-tez uchraydigan qurg'oqchilikdan katta farq qiladigan manzaralar — iqlim o'zgarishining ortib borayotgan xatarlari haqida eslatib turadi. Global texnologik va iqtisodiy o'zgarishlar esa barchamizdan yoshlarimiznining farovonligi uchun ularni kerakli ko'nikmalar bilan ta'minlashimizni talab qilmoqda. Hech birimiz yolg'iz holda bu qiyinchiliklarni yengib o'ta olmaymiz. Buyuk Britaniya ham xuddi O'zbekiston kabi bugungi noaniqliklarga to'la dunyoda xalqaro hamkorlikni diversifikatsiya qilishning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Shuning uchun men ushbu tashrifni amalga oshiryapman va mintaqadagi rivojlanish dasturlarimizning uch barobarga oshirilishini e'lon qilyapman. Bundan maqsad birgalikda fuqarolarimiz uchun xavfsizroq va yaxshiroq sharoitlar yaratishdir. Munosabatlarimizni yangi darajaga olib chiqish uchun uchta ustuvor yo'nalish mavjud. Birinchidan, global tartib. Barchamizni BMT va YeXHT nizomlarining asosiy tamoyillari birlashtirib turadi. Suverenitet. Hududiy yaxlitlik. Biz butun dunyoda ushbu tamoyillarni himoya qilish uchun birgalikda ishlashimiz lozim. Aks holda, o'z suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimiz tahdid ostida qolish xavfi bilan to'qnashishimiz mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurash va mintaqa sanksiyalarni chetlab o'tish uchun platforma bo'lmasligini ta'minlash — amaliy hamkorlikka misollardan biri. Shu bilan birgalikda, biz rivojlanib borayotgan xavfsizlik bo'yicha hamkorligimizni yanada mustahkamlashimiz kerak, muloqotimizni chuqurlashtirib, xavfsizlik kuchlari bilan mashg'ulotlarni kengaytirishimiz lozim. Bu bizga Buyuk Britaniya tomonidan butunlay qoralangan, yaqinda Moskvada sodir etgan dahshatli hujumni amalga oshirgan "ID-Xuroson" (IDXV) tomonidan kuchayib borayotgan tahdidga qarshi kurashishga yordam beradi. Ikkinchidan, iqtisodiy hamkorlik. Buyuk Britaniya kompaniyalari ushbu mintaqadagi mamlakatlarda neft, gaz va boshqa tabiiy resurslar salohiyatini ochishda katta rol o'ynagan. Endilikda Buyuk Britaniya kam uglerodli, energiya tejamkorligi balandroq iqtisodiyotlar uchun zarur bo'lgan texnologiya va sarmoyalarni jalb qilishda yordam berishi mumkin. Tashrifim chog'ida mintaqadagi yuqori salohiyatli kompaniyalarga sarmoya kiritish uchun Markaziy Osiyoda birinchi kichik va o'rta xususiy kapital/venchur kapital fondi tashkil etiladi. Biz Markaziy Osiyo kompaniyalarini qo'llab-quvvatlamoqchimiz. Bunda Britaniya kompaniyalari va tajribasi muhim rol o'ynaydi. Butun mintaqaga xizmat ko'rsatish uchun Bishkekda zavod ochayotgan Uels kompaniyasi "Concrete Canvas"ni olaylik. Ularning rulonli beton texnologiyasi betonni arzonroq ishlab chiqaradi, uni osonroq quyish va jarayonni tezroq yakunlash imkonini beradi va buning hammasi bilan bir qatorda kamroq SO2 hosil qilinadi. Bunday texnologiyaning Markaziy Osiyoga kirib kelishi sug'orish kanallarini ta'mirlashni sifat jihatdan o'zgartirib, sizlarning eng asosiy va muhim resurslaringizdan biri — suvni ancha tejash imkonini yaratadi. Yoki Ostona Xalqaro moliya markazi misolini olaylik. Mustaqil ingliz sudyalari bilan xalqaro umumiy huquq sudlarini joriy etish orqali u mingdan ortiq biznesni jalb qildi va bir necha yil ichida ikki mingdan ortiq nizolarni muvaffaqiyatli hal etdi. Ochiqlik va qonun ustuvorligi investitsiyalarni jalb qiladi. Men mintaqadagi boshqalar ham shunga o'xshash modelga qiziqish bildirayotganidan xursandman. Nihoyat, ta'lim. Biz bu yerda yanada ko'proq insonlar Buyuk Britaniyaning jahon miqyosida tan olingan universitetlaridagi ta'lim bilan shaxsan tanishishlari uchun Chevening stipendiyalarini moliyalashtirishni ikki baravar oshirmoqdamiz. Shu bilan birga, mintaqaning o'zida ham imkoniyatlarni qo'llab-quvvatlayapmiz. Bugungi kunda O'zbekistonning turli OTMlarida Britaniyaning o'nta ta'lim muassasi Buyuk Britaniya diplomlarini taqdim qilmoqda. Koventri universiteti Ostonada yangi kampus ochishga va Belfastdagi Qirolicha universiteti esa yangi ikki darajali ta'lim dasturini yo'lga qo'yishga qaror qildi. "British Council", "Pearson" va "Cambridge Education" kabi guruhlar ingliz tilini o'qitish standartlarini ko'tarishga yordam bermoqda — bunday loyihalar, masalan, ingliz tilini ikkinchi rasmiy til darajasiga ko'tarish qaroriga kelgan Mo'g'ulistonda muhim ahamiyatga egadir. Bizning maqsadimiz barcha fuqarolar, jumladan, ayollar va qizlar uchun ta'lim sifatini oshirishdir. Bu ularning salohiyatini to'liq ochish, shu orqali jamiyatingizning to'liq salohiyatini amalda qo'llash uchun juda muhimdir. Men ushbu uchta sohani O'zbekiston hukumati bilan muhokama qilishni intiqlik bilan kutyapman. Toshkentga tashrif buyurishimdan va bugungi O'zbekistonni ko'rib turish nasib qilganidan mamnunman. Oldimizda katta imkoniyatlar turibdi. Biz ulardan birgalikda foydalanishimiz kerak. Lord Devid Kemeron, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va sobiq bosh vaziri.
columnist
Yangi Toshkent O'zbekiston poytaxti taraqqiyotida navbatdagi bobni boshlab bermoqda. Davlat apparatining ko'chirilishi "eski" Toshkentga yuklamani kamaytiradi va aholini jalb qilishning yangi markazlarini yaratadi. Biroq shaharning ikki qismini boshqarishda o'zaro bog'liq siyosatning yo'qligi ekologiya, transport va jamoat infratuzilmasi uchun falokatli muammolarga olib kelishi mumkin, deyiladi IQ City Planning Tashkent hisobotida. "Gazeta.uz" ushbu hisobot muallifi, tijoriy ko'chmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi Commonwealth Partnership Uzbekistan xalqaro konsalting kompaniyasi tahlillar bo'limi rahbari Aleksey Letunovskiy bilan suhbatlashdi. U Toshkent qanday rivojlanishi mumkinligi, yanada aniqroq prognoz qilish uchun shahar haqidagi qanday ma'lumotlar yetishmayotgani va bu ma'lumotlar shaharlarning porloq istiqboli uchun nega bu qadar zarurligi xususida so'z yuritdi. Eslatib o'tamiz, ushbu suhbatning birinchi qismida "Gazeta.uz" CMWP Uzbekistan bosh direktori Denis Sokolov bilan bunday hisobotlarning maqsadi va ularning shahar rivojlanishiga ta'siri haqida suhbatlashgan edi . — Juda qiyin. Hamma narsa ma'lumotlarning yopiqligiga borib taqaladi. Biz ishlagan Sharqiy Yevropa, Rossiya, Markaziy Osiyo shaharlari (masalan, Olmaota)da shahar haqidagi hisobotlarni tayyorlash uchun zarur bo'lgan ochiq ma'lumotlarni topish mumkin. Ushbu baza mavjud bo'lmagan taqdirda, eski manbalarga murojaat qilishni boshlaysiz. Toshkent misolida 1967-yilgi bosh rejagacha o'rganib chiqdik. Bu, hech bo'lmaganda, shaharning zilziladan keyin qayta qurilishi paytida barpo etilgan asliyatni aks ettiruvchi oxirgi hujjat. Eng kamida, menda shunday taassurot qoldirdi. Ehtimol, bunday emasdir. Ishonchim komilki, hokimiyatda shaharni boshqarish uchun zarur bo'lgan yangi ishlab chiqilgan hujjatlar bor, lekin ular yopiq. Shu sababli O'zbekistonda shahar va ko'chmas mulk bilan bog'liq barcha ishlar nihoyatda qiyinlashadi. Biz ma'lumotlarni tanlab olishni, bozorga insaytlar olib kirishni, yangi nimadir aytishni xohladik, lekin boshlab olish uchun hech narsa bo'lmaganida, buni qilish deyarli imkonsiz. Umuman olganda, mening nazarimda, biz bir necha yillar oldin qilinishi kerak bo'lgan tadqiqot ustida ishladik. Misol uchun, aholi zichligi xaritasi deyarli har bir shaharda mavjud, uni har doim ochiq ma'lumotlar bazasidan topish mumkin. Ishonchim komilki, uch millionlik aholiga ega bo'lgan Toshkentda ham [bunday xarita] bor, lekin yopiq. Bu shaharni tadqiq qilishni qiyinlashtiradi. Ehtimol, bu professional deformatsiyadir, lekin men biror bir shaharga safar qilishdan oldin, aholi zichligi xaritasini va hududiy rejalashtirish hujjatlarini o'rganaman. Aholini jalb qilish markazlari qayerda, nostandart joylar qayerda ekanligini mana shunday bilib olaman. Ko'pgina sayyohlar uchun turistik bo'lmagan joylar qiziq. Zichlik xaritasi ularni aniqlash imkonini beradi. Toshkentda bunday hududlar qayerda ekanligini tushunish juda qiyin. Toshkent shahridagi qurilishlarning katta qismi yakka tartibdagi uy-joylar hissasiga to'g'ri kelishi bizni hayratda qoldirdi. Ajablanarlisi shundaki, shahar markazidan 10−15 daqiqa masofada bunday ko'chmas mulk turlariga ega bo'lish mumkin. Chunki rivojlangan shaharlarda binolarning balandligi va aholi zichligi markazdan shahar chetiga qarab pastlab boradi. Ta'kidlash joizki, Moskva bu borada istisno. Ko'pgina sovet shaharlari kabi u nostandart zichlik taqsimotiga ega. Yakka tartibdagi uy-joylar asosan shaharning g'arbiy qismida joylashgan. Bu yerda ko'p qavatli uylar juda kam. Shaharning sharqi yuqori zichlikka ega markaz bo'lib, shahar markazidan qanchalik uzoqda bo'lsa, qurilishlar shunchalik baland bo'ladi. Bu zilzila xavfi bilan ham bog'liqligi tushunarli: shaharning ayrim qismlari ko'p qavatli qurilish uchun qulayroq, boshqalari esa mos kelmaydi. Biroq, Toshkentning o'sish tarixi qiziq. Odamlar bu yerga ko'chib kela boshlaganida, shahar kengayib, umuman hech narsa bo'lmagan bo'm-bo'sh joylarda ko'p qavatli binolar qad ko'targan. Uy-joylar asosiy ijtimoiy, transport va savdo infratuzilmasi yetarli bo'lmagan sharoitda o'sib borgan. Odamlar bir hududda tunab, boshqa joyda o'qib, davolanib, ishlab, hordiq chiqarishgan. Umid qilamizki, Yangi Toshkent bu vaziyatni muvozanatga keltiradi, qarama-qarshilik yaratadi, shahar markaziga kamroq odam qatnaydi va ko'proq odamlar o'z hududida mehnat qiladi. — Menimcha, 90-yillarning boshidan beri. Raqamli rivojlanish departamentining binolarning balandligi va yoshini ko'rsatadigan xaritasiga ko'ra, "15 daqiqalik shahar" tamoyillaridan aynan 90-yillarda uzoqlasha boshlangan. Chunki bo'sh yerlarda qurish eng oson va ular chekkada joylashgan. Agar 12−14 qavat qilib qurish mumkin bo'lsa, albatta qurishga harakat qilishdi, chunki bu quruvchi uchun manfaatliroq. Biroq, ayni paytda bunday qurilishlar ustidan nazorat juda kam bo'lgan. "15 daqiqalik shahar" tamoyillari Chilonzor tumanida ozmi-ko'pmi amal qiladi. U yerda yangi qurilishlar kam, asosan sovet, lekin shunga qaramay, sovet shaharsozlik qurilishi turar-joy qurilishi va asosiy ijtimoiy infratuzilmaning mohirona kombinatsiyasini nazarda tutgan. Shu nuqtai nazardan, nazarimda, bugun Chilonzor tumani Toshkent shahrida yashash uchun eng qulay tumanlardan biri. Chilonzorliklar bunday deb hisoblamasliklari mumkin. Shunga qaramay, maktablar, poliklinikalar, transport, shahar markaziga kirish imkoniyati nuqtai nazaridan shunday deb o'ylayman — sovetcha qurilish uslubi bu muvozanatni saqlab qolgan. Biroq, shahar uchun bu [muvozanat] qachonlardir yo'qotib bo'lingan. — Menimcha, ma'lumotlarning ochiqligi va menda bu ma'lumotlarning yo'qligi mansabdorlar uchun shaharni rivojlantirishda hech qanday to'sqinlik qilmaydi. Menda yo'q xarita mansabdorda bor, u o'z ishini qiladi: qayerda qurish mumkin va qayerda mumkin emasligini aytishi mumkin, transport tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha qaror qabul qilishi mumkin. Biroq, ma'lumotlarning yopiqligi — shahar uchun jiddiy kamchilik. Ma'lumotning ochiqligi fikrlar xilma-xilligini ta'minlaydi. Ular o'z shahri uchun nimadir qilishga tayyor bo'lgan uchinchi tomon mualliflar, tadqiqotchilar, arxitektura talabalari tomonidan tuzilishi mumkin. Ular qaror qabul qiluvchilarga qandaydir tarzda ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan qandaydir konsepsiyani ishlab chiqishlari, hududni rivojlantirish ustida bosh qotirishlari, ilmiy ish yozishlari mumkin. Hozirda biz, birinchi navbatda, talabalar va tadqiqotchilarning — o'sha faol fuqarolarning g'oyalarini yo'qotmoqdamiz. Agar ular bu ma'lumotga ega bo'lganlarida, o'z ishlarini yaxshiroq qilishlari mumkin bo'lardi. Biroq, ma'lumotlar mavjud emas, shuning uchun siyosat ham mumkin darajada xilma-xil emas. — Shaharlar bir markazli va ko'p markazli bo'ladi. Birinchi holda, shahar markazining shahar chekkasi bilan o'zaro aloqasi bitta yo'nalishda kechadi: odamlar shahar chetida yashaydi, ish, xarid qilish, xordiq chiqarish uchun markazga boradi va uyga qaytadi. Bu ham siyosiy, ham tijoriy hayot jamlangan bitta markaz. Shaharni rivojlantirishning ushbu modelida shahar markazi fuqarolar hordiq chiqarishi va ishlashi uchun yagona joy, degan tasavvur hosil bo'ladi. Hisobotda Yangi Toshkent ko'p markazlilikka asoslangan rivojlanish modelini taklif qilishi mumkinligini aytib o'tganmiz. Hozir Toshkentda yagona markazni ko'ryapman. Nazarimda, Toshkentda tijoriy hayotning asosiy qismi, ma'muriy idoralar, biznes markazlari shartli ravishda Oybek metro bekatidan Minor metro bekatigacha bo'lgan masofada jamlangan. Hatto aksariyat bolalar bog'chalari ham, masalan, markazga yaqinroq joylashgan. Bir tomondan, mahalla ichida davlat bog'chalari va maktablarini tashkil etish qiyin ekanligi tushunarli, vaholanki biz tadqiqotda xususiy bog'chalarni ham qamrab olishga harakat qildik. Biroq, ular shahar chekkasida ham ko'p emas. Hammasi markazga yaqinroq joylashgan. Bundan kelib chiqadiki, o'z hududingizda ishlagan taqdiringizda ham, bolangizni bog'chaga olib borish uchun markazga borishingiz kerak bo'ladi. Boshqalarining rivojlanishiga imkon bermaydigan yagona kuchli markaz mavjud bo'lishi — mana shu bir markazga asoslangan model. Shu bilan birga, Yangi Toshkentda, ma'muriy idoralar ko'chirilgan taqdirda, unga tenglasha oladigan markazlarni tashkil etish imkoniyati ham mavjud. Bu biznesni shakllantirish uchun muhim massani yaratadi. Ayrim korxonalar o'z binolarini, masalan, davlat idoralariga yaqinroq joylashtirishga harakat qilishadi. Aytaylik, davlat idoralari bilan muntazam aloqada bo'ladigan, rahbari doimiy ravishda ma'muriy idoralarga tashrif buyurib turadigan davlat korporatsiyalari yoki korxonalar. Ularning barchasi [davlat idoralari] yaqinida ofislarga ega bo'lishga harakat qilishadi. Va mana shu asnoda biznes uchun tijorat markazi shakllanadi. Ushbu tuzilmani ko'rib chiqib, hisobotga nimalar kiritilishi mumkinligi ustida bosh qotirar ekanmiz, ko'p markazlilik, "15 daqiqalik shahar" g'oyasi Yangi Toshkent siyosatida nihoyatda aniq aks etishi kerak, degan fikrga keldik. Biroq, u "eski" shahar bilan uzviy bog'liq bo'lishi kerak. Agar Yangi Toshkentga "eski"siga qaraganda kamroq mablag' ajratilsa, hammasi bir markazlilik modeliga qaytadi. Chekka hududdagilar markazga qatnaydi va shundog'am hozirdanoq yuzaga kelayotgan transport muammolari yanada chuqurlashadi. Biz har 1000 aholiga to'g'ri keladigan avtomobillar sonining o'sishini modellashtirdik va shuni aytishimiz mumkinki, Toshkent hali tirbandliklarda qotib qolganicha yo'q, yuryapti. Rejaga ko'ra, Yangi Toshkentda 1 million, boshqa manbalarga ko'ra esa 2 million kishi istiqomat qiladi. Biroq, qaror qabul qiluvchilar bilan muloqotlarimizga asoslanib, biz ikkinchi raqamga tayanamiz. Shuning uchun, hukumat qanday qaror qabul qilishidan qat'i nazar, o'zgarishlar — zarur, aks holda shahar [rivojlanishdan] to'xtab qoladi. — Biz kompaniya sifatida qaror qabul qiluvchilar bilan Yangi Toshkent va shaharni rivojlantirish yuzasidan tez-tez muloqot qilamiz. Biroq, bu me'yoriy rasmiyatchilik emas. Ehtimol, bu biz muloqot qiladigan odamlarning fikridir. Hisobotni biz eng ishonchli deb bilgan gap-so'zlarga tayanib tayyorladik. Bosh reja — bu rassomning tasavvuri. Mening tushunishimcha, u qabul qilingan me'yoriy hujjatlardan (MH) farq qiladi, chunki MH hammasini qonunchilikda belgilaydi va o'zgartirishlar kiritish ancha qiyinlashadi. Hozirda bosh reja uchta kompaniya tomonidan tayyorlanmoqda va hukumat ushbu loyihalardan birini tanlab oladi. Bu, aytaylik, bu yerda uchta metro liniyasi, mana bu yerda tramvay va turar joy massivlari qurilishi, bu yerdan esa daryo oqib o'tishini ko'rsatadigan konsepsiya va ularga ilova qilingan chiroyli suratlardan iborat bo'ladi. Biroq bu hukumatning amaldagi xatti-harakatlari va shaharni qanday rivojlantirishi bilan hech qanday aloqaga ega emas. Ko'pincha buni chalkashtirib yuborishadi. Ushbu bosh rejaga muvofiq, g'oyalarni alohida uchastkalar darajasida tartibga solish uchun me'yoriy hujjatlar ishlab chiqilishi zarur. Bizga ma'lum bo'lishicha, bosh rejaning har uchalasi ham tayyor, ulardan biri tanlab olingan. Biroq, bizdagi ma'lumotlarga ko'ra, Yangi Toshkentni qurish bo'yicha rejalar hali rasman tasdiqdan o'tmagan. Biz transport infratuzilmasi, qurilishlar va aholi soni qanday bo'lishini aniq aytish uchun ushbu hujjatni kutyapmiz. Chunki me'yoriy hujjat bo'lmasa, shahar qancha aholiga mo'ljallanganligi haqida aniq ma'lumot bo'lishi mumkin emas. Rasmiylar [hisobotimizni] o'qishi, 2 million deb hisoblaganimiz ularga yoqmasligi mumkin. Hozir hammasi mish-mishlar darajasida. Hech bo'lmaganda tavsiflovchi harakterdagi — nima va qaysi kadastr uchastkasida ishlab chiqish rejalashtirilganligi haqidagi tafsilotlarsiz — ma'lumotlar mavjud bo'lganida edi, mish-mishlardan qochish mumkin bo'lardi. Mish-mishlar rasmiylarning o'ziga zarar keltiradi, ortiqcha ish orttiradi. Odamlar qayergadir yangi yo'l tushishini eshitsayu, uning o'rtasida uy joylashgan bo'lsa, hokimiyat norozilik olovini o'chirishi, hammasi hujjat bo'yicha amalga oshirilayotganini aytib, o'sha hujjatni ko'rsatishiga to'g'ri keladi. Lekin hujjat nima uchun boshidanoq ishlab chiqilmaydi? — Aslini olganda, tasavvurdagi ko'rinish 6−9 oy ichida ishlab chiqiladi. Menimcha, rasmiylar, investorlar kirib kelishi uchun, me'yoriy hujjatlar barcha uchastkalar darajasida tayyorlanishi kerakligini yaxshi bilishadi. — Bularning barchasi biz eng ishonchli deb hisoblagan shaxsiy suhbatlardan olingan ma'lumotlar. Shunga asoslanib, hisobotda ikkita metro liniyasi, aniqrog'i, mavjud [liniya]larning davomini ko'rsatib o'tganmiz. Tramvay esa bog'lovchi transport sifatida Yangi Toshkentning o'zida ishga tushirilmoqda. Haqiqatga eng yaqini shu. Shunga qaramay, to'rtta metro liniyasi bo'ladi degan versiya ham mavjud. Faqat tramvay bo'ladi, degan versiya ham mavjud. Metropolitenga Yangi Toshkentgacha uchta metro bekati qurish bo'yicha ko'rsatma beradigan me'yoriy hujjat chiqmaguncha, nima bo'lishini aniq bilmaymiz. Asosiy muammo mana shunda. Yangi Toshkentning bosh rejasi tayyor bo'lgan taqdirda ham u tasavvurdagi ko'rinishligicha qolaveradi. Bu aniq sodir bo'ladigan kelajakni me'yoriy jihatdan tartibga solish degani emas. — Zichlik markazi — bu eng ko'p aholi uchun yetib olish eng oson bo'lgan nuqta. Biz xaritada ikkita nuqtani olamiz, ularning har biriga qancha odam mashinada 10 daqiqada bora olishi mumkinligini taqqoslaymiz. Ayni paytda zichlik markazi Amir Temur haykali yonida, shartli ravishda Markaz-2 mavzesida joylashgan. Yangi Toshkent qurilgandan keyin [zichlik markazi] qanchaga siljishi noma'lum, chunki buning uchun aholi sonini, Yangi Toshkentda kim yashashini bilish kerak. Zichlik markazining siljishi yangi submarkazlarni hosil qiladi. Aholining yuqori zichligi tufayli ularda kuchli savdo infratuzilmasi rivojlanishi mumkin. Bizning ishimiz ko'pincha savdo va biznes markazlari konsepsiyalari bilan bog'liq. Barcha mijozlar yetib olish eng oson bo'lgan birinchi darajali zonada — 10 daqiqalik hududda va ikkinchi darajali zonada — 20 daqiqalik hududda qancha odam yashashi; tashrif buyuruvchilar oqimi bo'yicha ushbu savdo markazining salohiyati qanday ekanligini so'rashadi. Shaharning sharqida aholi soni o'sishi juda yuqori ekanligi sabab, eng ko'p sonli odamlar bir nuqtadan boshqasiga 10−15−20 daqiqada boradi. Uni aniqlash uchun bizga binolarning zichligi va balandligi bo'yicha ma'lumotlar kerak. Umid qilamizki, Yangi Toshkentni rivojlantirish bo'yicha ma'lumotlar yanada ko'proq ochiqlanadi va keyingi hisobotda ushbu markazni aniqlash imkoniga ega bo'lamiz. — Chunki algoritm shunday ishlaydi. Men bu savolga javob bera olmayman. Aslida, buni turli yo'llar bilan hisoblash mumkin. Piyoda yetib olish osonligiga asoslanib zichlik markazini hisoblash mumkin. Biroq jahon amaliyotida bu, asosan, avtomobillar misolida ko'rib chiqiladi. Umuman olganda, XX asr o'rtalaridan shaharsozlik avtomobil ixlosmandlariga moslangan holda shakllana boshladi. XIX asrda But ( Charlz But — ingliz sotsiologi, urbanistika bo'yicha mutafakkir) va boshqa tadqiqotchilar davrida shakllangan shaharsozlik boshqacha edi. Biroq Amerikaning shaharlar bo'yicha nuqtai nazari avtomobil sotsiologiyasi va unda harakatlanish asosiga qurilgan. Agar so'rov bo'lsa, biz savdo markaziga piyoda 15 daqiqada qancha aholi bora olishini hisoblab chiqishimiz mumkin. Biroq, ko'chmas mulk va shaharsozlikda algoritmning asosiy sozlamalari aynan avtomobilga moslashtirilgan. — Nazariyalar juda ko'p. Zichlik markazi — bu biz ta'sir o'tkazolmaydigan voqelik. Shaharsozlik bizga vaziyatning farazlarga asoslangan tasavvurdagi ko'rinishini tasvirlash imkonini beradi. Unga asoslanib amaldor siyosatni shakllantirishi mumkin. Agar u biror nuqtaga eng ko'p sonli aholi 10 daqiqada yetib bora olishi mumkinligini ko'rsa, u yerda mintaqaviy yirik shifoxona qurish o'zini oqlaydi, chunki u eng kichik radiusda ko'proq odamlarni qamrab oladi. — Men QGISʼda ishlashni afzal ko'raman. Bu shahardagi turli vaziyatlarni modellashtirish imkonini beruvchi geografik axborot tizim. — Biz, masalan, aholi zichligi xaritasini modellashtiramiz. Yoki savdo markazi yaqinida qancha aholi yashayotgani yoki yashashini hisoblaymiz. — Biz Open Street Map ma'lumotlaridan foydalanamiz. Bu tizim turli poligonlardan ochiq ma'lumotlarni olish va ularni istalgan mamlakatning istalgan shahri uchun yuklab olish imkonini beradi. Poligon — bu binoning, uning pastki qavat bo'ylab perimetrining yuqoridan ko'rinishi. NextGIS bor, unda Open Street Map ma'lumotlari allaqachon qayta ishlangan holatda bo'ladi. Chunki Open Street Map xaritalari butun dunyo bo'ylab ko'ngilli shahar aholisi tomonidan yaratilganligi uchun unda xatoliklar uchrashi mumkin. NextGISʼda qurilishlar, avtomobil va temir yo'llari, yashil maydonlarni aks ettiradigan asosiy ma'lumotlar to'plami mavjud. Shuningdek, avtobus va tramvay bekatlari, metro, do'konlar — asosan 2GIS yoki Yandex Mapsʼda bo'lgan hamma narsani topish mumkin. Ko'cha savdosi bo'yicha hisobot tayyorlaganimizda, [NextGISʼning] tijorat infratuzilmasi, ya'ni do'konlar bo'yicha asosiy to'plamdan foydalanganmiz. Avvaliga ular xaritaga qo'yiladi, shundan so'ng odamlarimiz ko'chalarni aylanib, mana shu do'kon bor yoki yo'qligi, [o'rniga] boshqa narsa ochilganmi, ochilgan bo'lsa, nima ekanligini tekshirib ko'rishdi. Shunday qilib, biz real voqelik xaritasini yaratamiz. Open Street Map va hatto NextGIS ma'lumotlari har doim ham aniq bo'lmagani uchun ularga aniqlik kiritish talab etiladi. Vaholanki, bu ko'p jihatdan ma'lumotlarning qay darajada ochiqligiga bog'liq. Aytaylik, Rotterdam, London va Dubayda ishlayotgan hamkasblarim asosiy ma'lumotlarning aniq to'plamini yuklab olishlari va ularga bemalol ishonishlari mumkin. Yevropada bunday to'plamlar ko'proq ma'lumotlarni o'z ichiga oladi — 100−150 toifagacha. Jeneva bo'yicha ishlaganmizda, shunchalik ko'p ma'lumot ko'rganmanki, bu darajada ko'p ma'lumotni avval sira ko'rmagandim. U yerda barcha turdagi ma'lumotlar yig'ilgan va hammasi ochiq. Tadqiqotchi qanday nazariyani yaratmoqchi bo'lsa, istalganini topa oladi. Toshkent uchun juda primitiv hisobot tayyorlagan bo'lsak, Jenevada odamlar, ularning xatti-harakatlari, transport faoliyati va umuman davlat siyosati qanday shakllanayotgani haqida farazlarni shakllantirishimiz mumkin edi. Ya'ni, ko'proq fikrlar shakllanishi mumkin. Bularning barchasi muhokama qilinishi kerakligi aniq va shaharsozlar uchun ushbu fikrlarni muhokama qilish imkonini beradigan idoralar yoki platformalar zarur. Adashmasam, bunday tashkilot shakllana boshladi. Bu mahalliy arxitektorlar tomonidan yaratilgan "Shaharsozlik to'lqini". Bu o'z fikr-mulohazalaringizni baham ko'rishingiz mumkin bo'lgan munozara maydoni. Bu juda muhim. Bu fikrlarning shakllanishida esa ma'lumotlarning ochiqligi muhim. Fikrlar shaharga zarar yetkazmaydi, ular faqat foyda keltiradi. Chunki xilma-xillik va fikrlar xilma-xilligi mavjud bo'lganda, shaharni boshqarish bo'yicha davlat siyosati yoki munitsipal siyosatni har doimgidan ko'ra aniqroq shakllantirish mumkin. Ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda hatto, shahar taqdiriga befarq bo'lmagan talaba, keyinchalik shahar siyosati darajasida muhokama qilinishi mumkin bo'lgan qiziqarli natijalarga erishishi mumkin. Va bunday ochiq ma'lumotlar to'plamlari qanchalik ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi. "Toza" ma'lumotlar hech qayerda yo'q. Kachondir mutlaqo tasdiqlangan ma'lumotlar beriladi, deb o'ylamaslik kerak. Muayyan ma'lumotlar to'plamini nashr qilishni taqiqlovchi qonunlar har doim va hamma joyda bo'lgan. Bu milliy xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan to'g'ri bo'lishi mumkin. Biz bu masalada bahslashmaymiz. Biroq, rivojlanish va xavfsizlikka hech qanday [salbiy] ta'sir ko'rsatmaydigan ma'lumotlar to'plamlari mavjud. Ularning jamoat mulki bo'lishini, biz ularni yig'ish uchun bunchalik ko'p vaqt va kuch sarflamasligini istardim. Ilgari Rossiyada ishlagan vaqtimda, bu haqda bir hazil bor edi. "Amerikada GIS tahlilchisi algoritmlar bilan ishlashni va ular qanday ishlashini o'rganadi. Rossiyada esa GIS tahlilchisi — bu ma'lumotlarni yig'ish, qayta ishlash va tozalashni o'rganadigan odam, shundan so'nggina u boshqa bir aqlli odam yozgan algoritmdan foydalanadi". — Shaharni fundamental darajada tushunish uchun. Investitsion tahlilchi qaysi shahar va mamlakatga investitsiya kiritishni tanlar ekan, dastlab chuqur ma'lumotlarga qaramaydi. Birinchi qatlam — bu reytinglar. Reytinglarni ochdi, qaysidir mamlakatni ko'rdi, uni batafsilroq ko'rib chiqishni xohladi va chuqurroq izlanib, ma'lumotni saralashni boshladi. Biroq, agar bizda shaharda nima sodir bo'layotgani, bu nima uchun va nimasi bilan investorni qiziqtirishi mumkinligi, qanday xavf va muammolar mavjud ekanligi haqidagi asosiy ma'lumotlarning ommaga ochiq yuqori qatlami bo'lmasa, rivojlanish mumkin bo'lganidan sekinroq kechadi. Biz hisobotlarimizni investorlar uchun ingliz tiliga, fuqarolar uchun esa o'zbek tiliga tarjima qilamiz. Ularni rus tilida yozamiz. Shunday qilib, dunyoning bir qismini, Toshkent haqida bilishlari uchun, mana shunday qamrab olamiz. Menimcha, bu ajoyib. Bu esa investor uchun birlamchi ma'lumotlar bilan tanishish, shaharni yanada chuqurroq o'rganish uchun unda qiziqish uyg'otish, potensial rezident uchun esa qulay harakatlanish imkonini beradi.
columnist
"Abdulla Oripov" filmiga yozilgan ushbu taqriz dastlab "Jahon adabiyoti" jurnalining 2024-yil mart oyi sonida qisqartirilgan shaklda e'lon qilingan. Taqriz muallifi Iqbol Qo'shshayeva maqolaning to'liq ko'rinishini "Gazeta.uz"ga taqdim etdi. XX va XXI asr boshidagi o'zbek adabiyotida Abdulla Oripov ko'rgan shuhrat, e'tirof va ehtirom hali hech bir ijodkorga nasib bo'lmagan. Shuningdek, u kechingan ruhiyatning chigal so'qmoqlarini, ma'naviy yutqiziqlarni ham hali hech qaysi o'zbek adibi ko'rmagan bo'lsa kerak. Abdulla Oripov iste'dodining salmog'i qadar ziddiyatli shaxsiyat. Shoir hayotini yaqindan bilgan, uning dunyosini xolis idrok etgan odam biladiki, u umrining so'nggi yillarida o'zini tinimsiz taftish etgan, goh o'zidan, goh o'zgadan yozg'irgan, ichki "men"i qarshisida ko'zgu qo'yib, o'z holidan hatto achchiq, ammo samimiy kula olgan zot edi. Unda goh donishmandona vazminlik, goh ehtiros odamiga xos alam, goh zakiy quvlik, hayotsevarlik, mutoyibaga moyillik kayfiyati bahor havosiday almashib turgan. Shoir xatolarga moyil ojiz odam ekanidan tonmagan. Garchi bashar farzandlaridan biri bo'lsa-da, ko'plar qatori o'z zamonining zindonbandi, muhitning mahkumi edi. "Shu davrning bozoriga chiqish, shu joyning mozoriga ko'milish" qismat bitigi ekanini bir zum ham unuta olmadi. Qaysidir ma'noda bu gap uning o'ziga bergan taskin, tasallisi edi. Shu bois ham bir qaraganda bus-butun, yana bir qaraganda kemtik qismat egasi sifatida xayollarda gavdalanadi. Bunday ziddiyatli, murakkab tarixiy siymoning, turfa rang adabiy hodisaning zamondoshlari, egalari, ya'ni oila a'zolari hali hayot bo'la turib u haqda badiiy film olishga jazm etish kinoijodkordan katta tavakkalni, ma'naviy jasoratni talab qilardi. Chunki maxsus rasmiy tashabbusni ado etish majburiyatining yuki hazilakam ish emas. Shuning uchun filmda ijodiy-intellektual halollikdan ko'ra, siyosiy javobgarlikning posangisi og'ir kelishi tabiiy hol. Bunday bosim ostida ijod erkinligi, ilhom sururi, chin dard haqida faqat orzu etmoq mumkin. Muzaffar Erkinov rejissyorligidagi "Abdulla Oripov" badiiy filmini (ssenariy mualliflari — Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova, Furqat Usmonov va Abduqayum Yo'ldoshev) shoir umriga bir qur razm solish deyish mumkin. Hayot shomida "kiprikdagi yoshdek" qalqib turgan shoir xotiralari orqali uning bolaligi, yoshligi — muhabbat fasli, adabiyotda o'rnini topishi va jamoat arbobi sifatida gavdalanish davriga shunchaki ko'z yugurtiriladi. Har qanday filmda, u tarixiy-biografik janrda ishlangan bo'lsa-da katta badiiy niyat — g'oya yashiringan bo'ladi. Qahramon qismatining qaysidir qirrasi orqali aytilish zarur bo'lgan muhim GAP gapiriladi. Masalan, o'zbek dahosi haqidagi film bilan bir vaqtda katta ekranga chiqqan "Oppenhaymer" (rejissyor Kristofor Nolan) filmida atom bombasining yaralishi g'oyasi boshidanoq xato bo'lgani, bu ko'pgina kulfatlar debochasi ekani uch soat davomida tushuntirilgan. Va Kristofor Nolan iqtidordagi siyosatga dahoning faqat mehnati kerak, o'zi emas, degan achchiqni haqiqatni kino tili vositasida aytadi. Abdulla Oripov hayoti namuna qilib ko'rsatilishi ko'zlangan filmdagi muhim GAP nimada? Shoirning olislarda qolib ketgan o'tmishi — bolaligi aks etgan tasvirlar bolakay Abdullajon (Jasurbek Abdumannopov)ning nigohi kabi yorqin, burro tili kabi tiniq, issiq istarasi kabi samimiy chiqqan. Bo'lar bola boshidan ma'lum deysiz. Biz qumloq ko'chalarda chopqillab ketayotgan "qing'ir", qitmir bolakayda bo'lajak shoirga xos quvlikni, topqirlikni, uddaburonlikni, chechanlikni, yoniq nigohni ko'ramiz. Bir qaynovi ichida bo'lgan jonsarak. Bolaning birgina "kishtey" deyishida o'zimizga qardon siymoning qadrdon shumligini ko'rgandek bo'lamiz. Biroq Shodmonqul Salom ijrosidagi ulg'aygan Abdullada bu o'ziga xoslik, ohanrabolik qayoqqadir g'oyib bo'ladi. U mudom jiddiy, o'ychan, sipo, o'ta tavozeli, odobi jigarni ezadigan darajadagi silliq shaxs sifatida gavdalanadi. Bolakay Abdullalar uyiga kelgan ziyolinamo mehmon Abdulhamid Cho'lponning "Ko'ngil" she'rini daftar yoki kitobga qarab ohang tortib ifodali o'qishi aks etgan kadr samimiy oqimda oqayotgan taassurotga soya sola boshlaydi. Ko'rinib turibdiki, Abdullajon hali 10 yoshga to'lmagan. Chamalashimizcha, voqealar 1950-yilga to'g'ri kelyapti. Stalin o'limiga yana uch yil bor. Mustabid vafot etganida qahramonimiz endi o'spirinlik ostonasida edi. Cho'lpon ijodiy merosi esa 1956-yilga kelib oqlanadi. Biroq shunda ham haliveri yuzaga chiqmaydi. Tayinli nedir deyilmasa-da jadidlar haqida go'yo gapiriladi. Bu sahna shoir oddiy muhitdan chiqmagan deyish uchun yasalgan. "Gap ham, she'r ham tashqariga chiqmasin" deyiladi. Badiiy tamoyil har qanday tarixiy to'qimani ko'taradi deyishingiz mumkin, lekin u davr mantig'idan chekinish, tarixiy haqiqat tushunchasini inkor etish evaziga bichib tashlanmasligi kerak. Vaholanki, shoirning otasi Orifboy Ubaydulla o'g'li jamoa xo'jaligi raisi, ya'ni partiya ishongan odamlardan bo'lgan. Rais siyosiy hushyorlikni boy berib qo'yishi mumkin emas. Yana voqealar adabiy muhitdan ancha olisda, chekka qishloqda ro'y beryapti. Bu yillarga kelib sovet propagandasi "xalq dushmani" mafkurasi tashviqotida izchil qat'iy ishlagan, bu yot, mash'um g'oyani xalqqa ancha-muncha singdirishga ulgurgan ham. Stalin fenomeni chinakam dohiyga aylanib bo'lgan edi. O'sha chordona gurungda Stalin, Moskva, Kreml devorlari haqida she'rlar qoralagan Ablullajonning holati ancha ishonchli va tabiiy chiqqan. Manas Leviyevning yurakni entiktiruvchi, shirin xotiralarga chorlovchi kuyi ostida oltmishinchi yillar boshiga, sovet Toshkentiga kirib boramiz. Mashhur musiqa sadosi nekbin tuyg'ularga boy Abdulla yuragining sasidan darak beradi. Filmdagi Hanifa aya rolini O'zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova o'ynagan. Aktrisa ko'nikmaga aylanib bo'lgan, qoliplashgan an'anaviy ijro yo'sini bilan munisgina, mushfiqqina, ma'sumgina mo''tabar o'zbek ayolining suratini ko'rsatib beradi. Ekrandagi shoir rafiqasining sadoqati, jonfidoligi ijtimoiy ko'lamga ko'tarila olmagan, u maishiy bosqich darajasida qolib ketadi. Gulchehra Jamilovaning Hanifa ayasi go'yo halimlik jamolining namunasi, chiroyli hoshiyaga joylangan portret. Dramatik yuki, ruhiy zalvori yo'q obraz. Holbuki, kinoijodkorlar astoydil izlansa, bu qahramonni boyitish uchun materiallar bisyor edi. Shoirning qizi Ruxsora Oripova ijtimoiy tarmoqdagi "Abdulla Oripov she'riyati" sahifasida ommaga noma'lum qimmatli ma'lumotlarni e'lon qilib boradi. Ayniqsa, 2022-yilning 21-martida e'lon qilingan o'ttiz bir yillik tarixga ega "Sharqiy Turkiston" she'ri bilan bog'liq manbada Hanifa Oripova shaxsiyatining film dramaturgiyasida asqotishi mumkin bo'lgan bir qirrasi ko'rinadi. Unda Hanifa ayaning quyidagi xotirasi berilgan: "1991-yilning may oyida Abdulla aka bilan Urumchi shahriga borish nasib etdi. Bizlarni uyg'ur shoiri Bug'do Abdullo va ularning umr yo'ldoshlari Chamanoy opa shaxsiy viza orqali mehmonga taklif etishgan edi… Sayohatimizning ikkinchi kuni hujjatlarni rasmiylashtirish uchun bizni mahkamaga olib borishdi. Rasmiy ishlardan so'ng shaharni tomosha qilgani otlandik… O'sha kunlarning birida Abdulla akaga ilhom kelib "Sharqiy Turkiston" she'rini qoraladilar. Ertalab hali shoir uyqudan uyg'onmasidan, Bug'do Abdullo tashvishli holatda kirib keldilar. Ularni tong sahardayoq politsiyaga chaqirishgan ekan. "Abdulla akaga bildirmay she'rni tezlik bilan yo'q qilish kerak", dedilar ranglari oqarib. She'rni olib chiqdim. Hali oqqa ko'chirilmagan she'rni maydalab yirtdik va hojatxonaga oqizib yubordik… Tasodifni qarangki, she'rning bir nusxasi boshqa she'rlar orasida qolib ketgan ekan. O'zbekistonga kelib topib oldim. Abdulla akaga bo'lgan voqealarni aytib bersam, "xabarim bor, she'rni yashirib qo'y", dedilar". She'rda shunday satrlar bor edi: Sho'rginang qursin sening, Jonim Sharqiy Turkiston, Begona emas mening Qonim, Sharqiy Turkiston. Xullas, Abdulla Oripovning ijodiy bisotida bekitib qo'yilgan xazinalar mo'l. Yana qanchasi maydalanib oqib ketgan ham bo'lishi mumkin. Ayol erini, oilasini balo-qazolardan go'yo shu yo'l bilan himoya qiladi. Tushunaman, filmda Sharqiy Turkiston bilan bog'liq voqeani aynan, boricha kiritishga hali tayyor emasmiz. Lekin shoirning hazillashib bo'lmaydigan qalbini, insoniy dramasini haqqoniy ifodalovchi voqealar badiiy sayqallanib, ishlov berilganda edi, Abdulla Oripov va Hanifa aya siymosi jonliroq, ta'sirliroq chiqardi. Va bu "maxsus tashabbus"ning asl maqsadiga soya solmasdi, aksincha, filmga samimiy tus berardi, san'at asariga aylanishiga yordam berardi. Shoir hukumat tomonidan har taqdirlanganda, xizmat pillapoyalaridan martabasi yuksala borgan sari bekitib qo'yilgan she'rlar saqlanadigan papkaning ham semirib, ko'payib boraverishi, Hanifaning qo'li fonida qulf o'rnatilgan g'aladonning ahyon-ahyonda ochilib yopilishi kadrlari kiritilganda edi, aktrisa Gulchehra Jamilovaning obraz yaratishiga ham imkon yaratilgan bo'lardi. Ayonki, sobiq ittifoq davrida shoirning xizmatlari Davlat tomonidan ko'p bor e'tirof etilgan. Masalan, 1972-yili O'zbekiston Lenin komsomoli mukofoti, 1983-yili O'zbekiston SSRning Hamza mukofati bilan taqdirlangan. 1989-yili O'zbekiston Xalq shoiri unvoniga ega bo'lgan. SSSR xalq deputati edi ham. Bahonada shu ma'lumotlar ham sizdirilardi. O'nlab she'rlar yo'qqa chiqishi evaziga mansabu maqomda bir o'sish yuz beradi. Yana bir istihola shundaki, mabodo Erkin Vohidov yoki O'tkir Hoshimov hayotiga bag'ishlangan film olingudek bo'lsa, ularning ham ayollari xuddi shu mezonda, xuddi shu qolipda "o'zbegimning munisgina, mushfiqqina, ma'sumgina dilbar ayollari" seriyasida talqin etilib qolmasmikan? Vaholanki, ularning har biri bir-birini takrorlamagan, o'zgacha fe'l-atvorga, o'zgacha jozibaga ega ayollardir. Keksa shoir xayolan olislarda qolib ketgan o'tmishiga sayr qilar ekan, uning xotiroti mahzun kuzni eslatuvchi sarg'imtir tusda tasvirlanadi. Go'yo yashab bo'lingan voqealarning bari kuzda kechgandek. O'ylab qaralsa, chindan ham xotiralarning, o'tib ketgan umrning rangi sarg'ish-da. Sarg'aygan umr, xazon bo'lgan zamon, bir xilliklar ichra, qoliplar ichra kechgan davr, sarg'aygan qog'ozlaru sarg'aygan kitoblar rang-raftorini eslatuvchi tahririyatdagi hayot — puch g'oyalar illyuziyasi taassurotini uyg'otadi. Liboslar bo'yicha rassom ishlari, tasvirchining mahorati davr kayfiyatini boricha ko'rsata olgan. Biroq aytish joizki, shoir obrazining zamonga zid qo'yilishi o'zbek sovet kinosining uzoq yillik sinashta usullaridan biridir. Mazkur filmda ham ko'plar obdon yurgan shu yo'ldan borilgan. Holbuki, asl haqiqat, asl drama va asl joziba shoirning o'ziga zid kelishidadir! Daholikni, go'zallikni va muhabbatni kechirish mushkul. Chunki ular dunyoga siz qabul qilgan, siz me'yoru mezon deb bilgan tuynukdan boqmaydilar. Mana shu eng ravon yo'l deya taqdim etilgan yo'lakdan yurmaydi, ular qadamida izdihom qabul qilgan tartibotlar buziladi. Shu bois, o'zbek zamonaviy she'riyatida yangi havo olib kirgan, adabiy inqilob yasagan Abdulla Oripovga qarshiliklar ko'p bo'lgan. U iste'dodi bilan o'zidan katta avlod vakillarining yostiqday-yostiqday kitoblarini, shularni yozishga sarflangan umrni behuda ekanini o'zlariga ko'rsatib bergan edi. Ular to'g'ri deb bilgan yo'lning noto'g'riligini isbotlagandi. Bu albatta zamonasoz iste'dodsizlar uchun yoqimsiz ko'zgu. Tengqurlari uchun ham adabiy mezonning o'lchovini ko'tarib beradi, Shukur Xolmirzayev va Nizom Komilov kabi ziyolilar o'z vaqtidayoq bu hodisani ochiq tan oladidar, poeziya ularga buyurilmaganini ochiq e'tirof etadilar. Mayli edi, bir dahoga bir Dantes to'g'ri kelsa. Lekin bir dahoning birgina qah-qahasi o'nlab danteslarni tug'dirsa nima qilmoq kerak? O'zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov Shotursin Mirvaliyev rolini ijro etar ekan, aktyor iste'dodidan imtiyozi baland zamonasoz, mansabparast kimsa obrazini ishonarli talqin etadi. Qahramonining ichki mantig'ini topadi. Bundaylar aslida o'z soyasidan ham hurkiydi. Mana shu soya bilan boshqalarga ham do'q uradi. Uning boshini xam qilgancha birinchi kotib Sharof Rashidov xonasidan chiqib kelayotgandagi avzoyini bir eslang hamda minbarda Abdulla Oripov ijodini ur-kaltak qilayotgandagi dag'dag'asiga qarang… Ular taqib olgan pushti ko'zoynak voqelikni faqat partiya, davlat, vatan, sovet xalqi manfaatlari va keyingi hukumatning mafkurasiga aylangan mustaqillik siyosati qobig'idan ko'radi va tan oladi. O'zlarining tor tushunchalari bilan iste'dodlilarga kun bermaydi. Yana bir savol tug'iladiki, filmda shoir fenomeni O'zbekiston hududidan, milliy miqyosdan bir qadam ham tashqariga siljimaydi. O'zbek tilida ijod qiladigan jahon adabiy tafakkuri sohibi ekanini, abadiyat farzandi ekanini tuymaymiz. Faqat yurtini tarannum etgan oshig'i olchi nomdor adib sifatida namoyon bo'ladi. Uning she'rlarini rus tiliga Yevgeniy Yevtushekno o'girgan, u "Ilohiy komediya"ning usta tarjimoni sifatida Italiya adabiy jamoatchiligiga kirib borgan edi. Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, O'ljas Sulaymonov va Botir Zokirovlar bilan davradosh, dildosh bo'lgan. Shoirning birgina "Bobo va nabira" she'rini eslaylik: …Ota, nabirangni ozod qo'y bir dam, U hali uzoqqa ketmog'i darkor. U hali nomingni ko'ksiga joylab, Samolar qo'ynida urgusidir barq. Uni qadamingga tashlama boylab, Qo'yvor nabirangni, otajonim, Sharq… Ulkan zaminiy og'riqni, milliy dardni ko'ksiga qamagan dunyoviy shoir edi u. Aytishingiz mumkin, hamma narsani birgina filmga sig'dirib bo'lmaydi-ku, deb. Lekin aynan kinoning mo''jizaviy tili, ekran imkoniyatlari tomchida quyoshni aks ettirishga qodir. Katta iste'dod qamrovini mahalliy chegaralar, milliy miqyoslar bilan cheklab qo'yish umuminsoniy g'oyaga xizmat etuvchi san'atning maslagiga ziddir. "Mana-man degan shoirlarni ortda qoldirish" qismatini ko'tarish bir kichkina vujudga og'irlik qiladi. Endi boyaqish iste'dodga panoh kerak, najot devori kerak. U qanday qilib insoniy hislardan mosuvo Klara Xadjayevna qiyofasidagi hukumat bilan bitimga keldi? Qay yo'llar uni zulm ostonasiga olib keldi? Nechun iste'dod — iblis ermagiga aylanadi? Nega shoir qora kuchni "ezgulik qiluvchi xaloskor kuch" deya olqaydi? Abdulla Oripov fenomeni mana shu azaliy savollarni, mangu iztirobni olib chiqa oladigan ulkan jumboq edi. Uning adabiy qismatida Mefistofelu Volandning salaflari qay darajda tantana qila oldi? Va bu jangda kim mag'lub bo'ldi… Ha, aslida Abulla Oripov badiiy qiyofasi Gyote va Bulgakov talqinidagi timsollar bilan teng. Lekin hadiklar ichra shunaqa obrazni yaratish mumkinmi? Go'yo tugunning bir uchi ko'rsatilgandek bo'ladi. Anonim xatlaru Dzerjinskiy rasmi osig'liq KGB binosidagi suhbat shoir qanday sindirilishiga ishora beradi. Dzerjinskiy maktabining mevalari qanchadan-qancha iste'dodlarimizni mahv etgani, abdullalarimizni o'sal qilgani haqida og'ir kayfiyat uyg'otadi. KGB xodimi rolini ijro etgan aktyor Abror Yo'ldoshev o'ziga yuklatilgan vazifani uddalaydi. U yot unsurlarni, xalq dushmanlarini qanchalik ko'p fosh etsa uning xizmat maqomi ham shunchalik yuksaladi. Qaysidir ma'noda siyosiy xatolar bunaqalarning manfaatiga xizmat qiladi ham. Aktyor odamlik siyoqidan mosuvo odam mohiyatini fosh etib, bo'rttirib tashlamaydi. U jindek vazminlik, jindek shiddat bilan asl xoinlar kimlar ekani haqida tomoshabin shuuriga xabar yo'llaydi. Biroq bu beta'sir nusxa qarshisidagi shoirning ichki kechinmalari qay darajada chiqqan? KGB xodimi vajohati uyg'otgan shoirning o'z-o'zi bilan kurashi, o'zining oldidagi taslimiyati-chi? Qo'rquvi va chekinishi-chi? Yo'q, biz haykal sumbatidagi bir odamni ko'ramiz. Vaholanki, tinimsiz ruhiy to'lg'oqlar, shuhratu sha'n kurashlari shoirni Klara Xadjayevnalar kemasiga olib kelgan edi. Aslida samoviy mujdalar darakchisi qay tariqa yerlashishi, hammalashishi, shoir qo'rquvi, iste'dod mag'lubiyati nimaligini Shodmonqul Salom juda yaxshi biladi. Faqat unda aktyorona ifoda, kechinma san'ati yetishmaydi. U o'ziga begona bo'lmagan kechinmalarni, ichki kayfiyatini yuz-ko'z ifodalarida ko'rsata olmaydi. Holbuki, filmda shu ruhiy evrilishlarni chiqarib bersa bo'ladigan sahnalar yo'q emas edi. Yuqorida ham aytdik, Abdulla Oripov o'z ko'ngli avra-astarini ag'dara olishga qodir jo'mard shaxsiyat edi. Uning umr shomida yozilgan "Monologi"da shunday satrlar bor: Men yopiq qo'rg'onda yashadim qo'rqib, Najot devoriga tirmashdim uzoq. Sen nega dunyoga qaraysan hurkib, Nega sen bo'lishing kerakdir qo'rqoq? Muhit yaratgan qo'rquv bora-bora shoir ko'nglini mahv etdi, endi o'zi qo'rquvlar ijodkoriga aylanadi… Filmda aks etgan hayotiy lavhalardan biri: Xalq shoiri eng kerakli paytda xalqi yonida turib bera olmaydi. Navro'zning Navbahorga aylanish voqeasida zahmatkash xalqning xo'rlanishi, momolarning — qadriyatlarning o'tar-ketar zo'ravonga izzillab zorlanishi, chirqirashi; qaynab turgan sumalakli doshqozonning tuproq bilan to'ldirilishi … lekin bu jaholatda na shoirning so'zi, na o'zi qarshi chiqa oladi. Illat qarshisida tilini tishlash fazilat uchun odat tusiga kira boshlagandi. Chunki yaqinda hukumat uning ko'ksiga Xalq shoiri unvonini taqib qo'ygan. Bastakor Muinzodaning musiqasi fonida xalq musibati yanada fojeiy, qayg'uli tus oladi… Bu kadrni filmdagi eng samimiy, haqqoniy tavsir deb ayta olamiz. Aktrisa Lola Eltoyeva talqinidagi Klara Xadjayevna ikkinchi muqobil haqiqatga yo'l qoldirmaydigan sovet propagandasining manqurtlashgan yalovbardori. Ularga o'z so'ziga ega shoir kerak emas, labbaygo'y ijrochi maddoh kerak! San'atshunos Shohrux Abdurasulov "Tafakkur" jurnalida chop etilgan maqolasida bir fikrni aytadi: "Postkolonial tafakkurdan xalos bo'lish, ya'ni mustabid zamon qoliplarini sindirib, erkin fikr-qarashlarni ilgari surish adabiyotu san'atni har jihatdan yuksaltiradi". Biroq "Abdulla Oripov" badiiy filmi hali ham o'zbek kinosi postkolonial tafakkurdan ozod bo'lgisi kelmayotganini, bunday istakning o'zi umuman yo'qligini yana bir bor ko'rsatdi. Ilgari o'zbek sovet tarixiy biografik filmlari faqat jonajon partiya manfaatlarini ko'zlab, sovet mafkurachilari yuragini zabt etishni maqsad qilgan bo'lsa, bugun bu mezon sal o'zgardi. Endilikda kinoijodokorning mo'ltirab turgan ko'zi mavhum jozibador g'oyaga emas, faqat aniq shaxsga, oliy martabaga qaratildi… Yuqorida "Oppenhaymer" filmining g'oyasi haqida yozdim. "Abdulla Oripov" badiiy filmida esa sen iste'dodingni o'zing yashagan davrga, hukumatga qanchalik qurbon etsang, seni bu qurbonligingni hech qaysi hukumat unutmaydi, qadrlaydi, degan da'vat sizib chiqadi. Buni bizga film finalidagi fikr aytib turibdi. Film borasidagi o'ylarimni kinoshunos olima Shohida Eshonboboyevaning fikrlari bilan yakunlamoqchiman: "O'zbek kinosida tarixni to'laqonli haqqoniy yoritgan birorta asar yo'q. Va, bunga birorta rejissyor yoki ssenariynavis aybdor ham emas. Buni yodda tutishimiz kerak. "Shoh va shoir", "din va ma'rifat" bir-biriga qarshi qo'yilgan qolip — "sotsialistik realizm" quygan qoliplardan edi. O'z davrida bunday qoliplarga ne-ne tarixchi, adabiyotshunoslar qarshi chiqmagan. Lekin bu qolip mustahkam ekan, yetmish yil yashadigina emas, hozirgacha uning ta'siridan chiqish qiyin bo'lmoqda. Buni "Abdulla Oripov" badiiy filmi misolida ko'rishimiz mumkin".
columnist
O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2022-yil aprelida "Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to'g'risida"gi qarorni qabul qildi. Hujjatda dori vositalari (substansiyalar bundan mustasno) va tibbiy buyumlarni guruhlarga bo'linishini nazarga tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimini 2022−2025-yillar davomida bosqichma-bosqich joriy etish ko'zda tutilgan. Savdoga chiqarilishining oldi olingan qalbaki dorilar. Foto: DXX matbuot xizmati Dori vositalarini markirovkalash tizimi preparatlarning ishlab chiqaruvchidan to xaridorgacha bo'lgan butun harakati kuzatuvda bo'lishini nazarda tutadi. U muomalada bo'lgan dori vositalarining sifatini samarali nazorat qilish va qalbaki dorilar bilan kurashish uchun ham zarur. Markirovkalash mahsulot qadog'iga unikal kodni tushirish yordamida amalga oshiriladi. Bu kod preparatni identifikatsiya qilish va uning ishlab chiqarish bosqichidan to muomaladan chiqib ketgunga qadar bo'lgan yo'lini kuzatish imkonini beradi. Qoida bo'yicha, qadog'ida markirovkasi yo'q dorini sotish imkonsiz bo'lishi kerak. Maxsus kod skanerlanganidan keyingina tizim avtomatik ravishda mahsulot haqida axborot kiritilgan chekni shakllantiradi. Agar qadoqda markirovka bo'lmasa, bu xaridni onlayn-kassadan o'tkazib bo'lmaydi. O'zbekistonda preparatlar kontrabandasi hamda dorilarni rasmiy ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlarni aylanib o'tgan holda mamlakat hududiga olib kirishga qarshi kurashish maqsadida 2022-yildan dori vositalarini markirovkalash tizimi joriy etila boshladi. Tizimni tatbiq etishdan ko'zlangan yana bir maqsad — qalbaki dorilar savdosining oldini olish. Hozirda tizimga barcha guruhdagi dori vositalari kiritilgan. Loyihaning ikki yillik realizatsiyasi yakunlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, davlat dorilarni markirovkalash tizimini rivojlantirishda davom etyapti. Shu bilan birga, har qanday yangi loyihani, boz ustiga, markirovka kabi kompleks loyihalarni tatbiq etishda texnik, tashkiliy va moliyaviy masalalarni o'z ichiga olgan qiyinchiliklar yuzaga kelishi, bu narsa esa loyihaning o'z vaqtida ishga tushishiga ta'sir qilishi mumkinligini ham e'tirof etmoq joiz. Raqamli markirovkalash tizimi joriy etilgan boshqa mamlakatlarda ham o'z vaqtida shu kabi muammolar yuzaga kelganini qayd etish o'rinlidir. Va ularning bari hal etilgan. O'zbekiston uchun mo'ljallangan dori vositalarini markirovkalash bo'yicha AstraZeneca kompaniyasi tajribasiga to'xtaladigan bo'lsak, biz nazorat qiluvchi organ va milliy tizim operatori hisoblangan CRPT Turon bilan yaqin hamkorlikda ishlayapmiz, davlat dori vositalarini markirovkalash bo'yicha ilgari surayotgan barcha talablarni bajaryapmiz. Kompaniya markirovkalashni joriy etish uchun, xalqaro standartlarga muvofiq sifat talablarini qo'ygan holda, hamkorning quvvatlarida shtrix-kod tushirish imkoniyatlarini izlay boshladi. Markirovkalash masalasida tashkiliy jihatlardan tashqariy texnologik o'ziga xosliklar ham bor: masalan, kompyuter tizimlarimizga raqamli markirovka bilan ishlash uchun shaxsiy kabinetlarni o'rnatish. Bu biz uchun O'zbekiston bozoridagi yangi amaliyot bo'lgani bois, har qadamda yuzaga keladigan xilma-xil savollar yuzasidan regulyator bilan maslahatlashib ishlayapmiz. Bu ham vaqt oladi. Dori vositalari harakatini kuzatish bo'yicha bunday murakkab tizimni joriy etish vaqtida qiyinchiliklardan qochib qutilib bo'lmaydi, deb o'ylayman. Bu soha va nazorat qiluvchi organlar uchun ma'lum bir darajada stress, dorilarning bozorga chiqishiga ham ta'sir qiladi. Ammo bu vaqtinchalik holat. Taxminimcha, preparatlarni markirovkalashning barcha jarayonlarini yo'lga qo'yib olish uchun — ishlab chiqaruvchilar bir necha bor mahsulot olib kirib, yangi jarayonlarni bir necha bor sinab ko'rgunicha — O'zbekistonga yana bir necha oy kerak bo'lishi mumkin. Ayni vaqtda, dorilarni markirovkalash fuqarolarni xavfli mahsulotdan himoya qilish chorasi sifatida juda muhim ahamiyatga ega. Hozirning o'zidayoq markirovkalangan dori vositalariga berilgan cheklar soni 800 barobar oshganini ko'rib turibmiz. Markirovka preparatning original (haqiqiy)ligini tasdiqlaydi, to'g'ri ishlab chiqarilib, qonuniy olib kirilganini — demak, iste'molchi uchun ham xavfsiz ekanini bildiradi. Ammo birgina markirovkalashning o'zi bozorni to'la shaffof qilib qo'ymaydi. Buning uchun davlat tomonidan kompleks ish olib borilishi, xususan, qonunchilik har qanday sertifikatlanmagan va sifatsiz dorilarning olib kirilishi nuqtai nazaridan qat'iylashtirilishi lozim. Masalan, hozir O'zbekiston qonunchiligida "parallel import" masalasi tartibga solinmagan. Bu huquq egasining ruxsatisiz boshqa mamlakatlardan dori olib kirish ehtimoli saqlanib qolayotganini anglatadi. Preparatlar bojxonani aylanib o'tib, sertifikatlanmay, sovuqlik zanjiriga rioya etilmay olib kirilyapti va sifat nazorati talablari buzilgani holda dorixona peshtaxtalariga qo'yilyapti, bu esa xaridorlar salomatligiga jiddiy xavf keltirib chiqaradi. Dorixonalarning bunday preparatlarni sotganlik uchun javobgarligi ham tartibga solinmagan. Bularning bari to'liq xavfsiz va shaffof dori bozorini shakllantirishga xalal beryapti. Toki qonunchilikdagi barcha huquqiy tuynuklar yopilmas ekan, raqamli markirovkalash joriy etilganidan keyin ham mamlakatda dori vositalari kontrafakti va kontrabandasi davom etaveradi. Shu munosabat bilan O'zbekistonda dori vositalari va ularning mamlakatga olib kirilishiga doir butun huquqiy maydon takomillashtirilishi lozim. Shundan so'nggina raqamli markirovkalash to'la samarali ishlay boshlaydi hamda xaridorlarni sifatsiz va favqulodda xavfli dorilardan muhofaza qilib, har bir tabletkaning harakatini kuzatish imkonini beradi. Aleksey Teteryuk — siyosiy fanlar nomzodi, MBA, Rossiya siyosiy fanlar assotsiatsiyasi a'zosi, AstraZeneca xalqaro biofarmatsevtika kompaniyasining Rossiya va Yevrosiyodagi bozorlarga kirish va davlat organlari bilan ishlash bo'yicha menejeri. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Hijriy taqvimning butun dunyo musulmonlari eng orziqib kutadigan muqaddas oyi — Ramazon mo'minlar qalbiga benihoya quvonch va halovat olib keladi. Islomning besh ustunidan biri hisoblangan amal aynan shu oyda ado etiladi. Ramazonda musulmonlar sahardan kun botgunicha yemoq-ichmoqni tark qilish bilan kifoyalanib qolmay, muqaddas oy hurmati uchun, ibodatga va e'tiqodga putur yetkazishi mumkin bo'lgan har qanday amallardan tiyilish, bir so'z bilan aytganda, nafslarni qanoat, qalblarni iffat yo'lida tarbiyalash payida bo'ladi. Muqaddas Ramazon oyi dunyoning turli burchagida istiqomat qiladigan musulmonlar tomonidan birdek intiqlik bilan kutiladi. Shunga qaramay, turli mamlakatlar va hamjamiyatlarda Ramazon oyini kutib olish va o'tkazish bilan bog'liq bir-biriga o'xshash va farqli o'ziga xos an'analar mavjud. "Gazeta.uz" fazilatli oy bilan bog'liq va dunyo musulmonlari orasida keng tarqalgan o'ziga xos an'analarni jamlab, Ramazon tuhfasi o'laroq mushtariylar e'tiboriga havola etadi. Ramazon fonuslari bugun islom dunyosida muqaddas Ramazon oyining ramzlaridan biriga aylanib ulgurgan. Dunyoning turli burchagida istiqomat qiluvchi musulmonlar Ramazon sharafiga ko'chalar, masjidlar va boshqa ijtimoiy obyektlar hamda uylarini bezatishda Ramazon fonuslaridan keng foydalanmoqda. Turli rang va shakldagi bejirim fonuslarni bugun Toshkent ko'chalari va xonadonlarda ham uchratgan bo'lsangiz ajab emas. Foto: www.gulftoday.ae Fanoos (yoki fanous ) — Ramazon munosabati bilan rang-barang fonuslar yoqish an'anasi bo'lib, uning kelib chiqishi Misrga borib taqaladi. Rivoyat qilishlaricha, X asrda Fotimiylar sulolasi vakili xalifa al-Muiz Qohiraga ilk bor Ramazon oyida kirib keladi. Tashrif oqshom paytiga to'g'ri kelgani uchun shahar ahli ommaviy ravishda sham yoqib, o'chib qolmasligi uchun shamlarni ramkaga solib qo'yishadi. Aynan shu yog'och shakllar Ramazon fonuslarining paydo bo'lishi va musulmon dunyosida go'zal an'anaga aylanishiga zamin yaratgan, deb ishoniladi. Ramazonda misrliklar va O'rta Sharqning boshqa mamlakatlari musulmonlari ko'chalarni xilma-xil yorqin fonuslar bilan bezatadi. Ular misrliklar nazdida birdamlik va Ramazon quvonchidan nishonadir. Darhaqiqat, Ramazon fonuslari kattalar va bolalarga birdek quvonch va Ramazon shukuhini ulashadi. Shuningdek, bu fonuslar, ehtimol, Ramazonning qalblarga yorug'lik olib kelishiga bo'lgan umid va taskin ramzi hamdir. Foto: AFP / Getty Images Ramazon vaqti tunda an'anaviy kiyimda, qo'lida kichik nog'ora yoki fleyta bilan odamlarni saharlikka uyg'otuvchi "saharlik jarchilari"ni bugun musulmonlar istiqomat qiladigan deyarli barcha davlatlarda uchratish mumkin. Saharlik jarchilarining paydo bo'lishi payg'ambar Muhammad sallallohu alayhi vasallam davrlariga borib taqaladi. Hadisga ko'ra , Muhammad sallallohu alayhi vasallam mo'minlarni tunda Bilol ibn Raboh azonidan uyg'onib, muazzin Ibn Umm Maktum tomonidan bomdod namoziga azon aytilguniga qadar saharlik qilib olishga chaqirganlar. Bilol ibn Rabohdan keyin birinchi bo'lib musulmonlarni Anabsa yoki Antoba ibn Is'hoq saharlikka uyg'otgan . U yo'l-yo'lakay "Ey Allohning bandalari, saharlik qiling, chunki saharlikda xayr bor!" deya, ro'zadorlarni saharlik qilishga undagan. Foto: travel.earth Saharlikka uyg'otish vaqtida nog'oradan foydalanish ilk marta Misrda urfga kirganligi aytiladi. Qohira ko'chalari bo'ylab saharlik jarchilari odamlarni nog'ora sadosi ostida, fonus tutgan bolakay hamrohligida saharlikka uyg'otgan. Saharlik jarchilari turli mamlakatlarda turlicha nomlanadi. Xususan, Misr va Iordaniyada — Mesaharaty , Turkiyada — Ramazan davulcusu , Marokashda — Nafar , ayrim arab davlatlarida — Mosaher , Hindistonda — Seheriwalas va hokazo. Ularning barchasining vazifasi bir xil bo'lishiga qaramay, uni ado etish bilan bog'liq o'zaro yaqin va ayni paytda bir-biriga o'xshamagan an'analar ham uchraydi. Masalan, Mesaharaty odatda mahalliy aholi vakillari orasidan tayinlanadi. O'z "hududi"da istiqomat qiluvchi aholi bilan tanish bo'lgan Mesaharaty xonadonlar egalarini nomma-nom aytib saharlik qilishga chaqiradi . Xonadon egalari ko'p hollarda jarchilarni saharlik dasturxoniga taklif etadi. Bu Ramazon oyida, ayniqsa, birdamlik va sahovatpeshalikni kasb qilishning o'ziga xos ko'rinishidir. Foto: antalyaningundemi.com Turkiyada odamlarni saharlikka uyg'otish Usmonlilar davridan an'anaga aylangan . Ramazan davulcusu (Ramazon nog'orachisi) Usmonlilar davriga oid an'anaviy kiyim — fes (turklarga xos soyabonsiz qalpoq — tahr .) va nimcha kiyib, nog'ora chalib , mahallalarni aylanadi va bomdod namozidan oldin ro'zadorlarni saharlikka uyg'otadi. Marokashda saharlik jarchisi — Nafar milliy an'anaviy kiyimda surnay chalib mahallalarni aylanadi . Nafar' ni tanlashda uning halolligi va kishilarga hamdardligiga e'tibor qaratiladi. Hindistonda musulmonlarni saharlikka uyg'otish boburiylar an'anasidan kelib chiqqani aytiladi . Seheriwalas Ramazonga xos go'zal qo'shiq kuylab, Alloh va payg'ambar Muhammad (s.a.v.)ning ismlarini aytib, bomdod namozi oldidan ro'zadorlarni saharlikka uyg'otadi. Iftorlik vaqtini to'p otish orqali e'lon qilish an'anasi ko'plab musulmon davlatlari, jumladan, BAA, Livan, Suriyada hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan. Livanda ushbu an'ana Midfa Al Iftar deb nomlanib, ma'lumotlarga ko'ra , uning kelib chiqishi Misrga borib taqaladi. Hikoya qilinishicha, Misr hukmdori Xushqadam Ramazon oyida kunbotar vaqti to'plarni sinovdan o'tkazayotgan payti bexosdan otilib ketadi. Otilgan to'pning ovozi butun Qohirani larzaga soladi. Odamlar buni iftor vaqti bo'lganiga ishora sifatida qabul qiladi va bora-bora bu an'anaga aylanadi. Livanda hozir faqat Midfa Al Iftar an'anasi uchun foydalaniladigan, XIX asrga oid Ramazon to'plari hali ham saqlanib qolgani aytiladi. Foto: BAA Mudofaa vazirligi O'zbekistonning ko'plab hududlarida iftorlikdan keyin bolalar Ramazon qo'shiqlarini kuylab, mahallalarni aylanadi. Xonadonlar egalari "ramazon aytib" kelgan bolalarni shirinlik, meva yoki boshqa topgan-tutganlari bilan mehmon qiladi. Ramazonning o'ziga xos bu an'anasi bolalarga bir olam quvonch ulashadi. Shunga o'xshash an'ana bir qator arab mamlakatlarida ham mavjud, farqi — bu davlatlarda bolalar Ramazon qo'shiqlarini muayyan kunlardagina kuylaydi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida bu an'ana Haq Al Laila deb nomlanadi. Unga ko'ra, Ramazon oyining (ayrim manbalarda Sha'bon oyining) 13-, 14- va 15-kunlarida bolalar yorqin bayramona liboslarda mahallalarni aylanib, an'anaviy qo'shiqlar ( Aatona Allah Yutikom, Bayt Makkah Yudikum — "Bizga bersang, Alloh seni mukofotlaydi va Baytullohni ziyorat qilishingga yordam beradi")ni kuylaydi va shirinliklar yig'adi. Haq Al Laila' dan asosiy maqsad — bolalar va kattalar ongiga Ramazonning ahamiyatini singdirish . Foto: www.khaleejtimes.com Xuddi shunday an'ana Saudiya Arabistonida Gargeeʼan nomi bilan ataladi. Bunda Ramazonning 13-, 14- yoki 15-kechalarida bolalar bayramona libosda qo'shni xonadonlarga chiqib, maxsus qo'shiqlar kuylaydi. Xonadon egalari qo'shiq evaziga bolalarga sovg'alar ulashadi. Foto: www.arabnews.com Haq Al Laila ga o'xshash, Ramazonning ahamiyatini yoshlar ongiga singdirishga qaratilgan go'zal an'ana Quvaytda Qarqiaʼan deb nomalanadi. Qarqiaʼan ham Ramazon oyida, uch kun nishonlanadi. Bu kunlarda bolalar milliy liboslarda Ramazon qo'shiqlarini aytadi; ko'pincha improvizatsiya qilib, qo'shiqni o'zlari kuylab berayotgan kishiga moslashtirishadi. Ramazon qo'shiqlarini kuylash, qaysi davlatda bo'lmasin, Ramazonning ahamiyatini bolalar ongiga singdirish, Ramazon quvonchini ulashish va jamoat rishtalarini mustahkamlashning ajoyib usulidir. Janubiy Afrikada Hayit bayramini nishonlash bilan bog'liq noyob an'ana mavjud. Janubiy afrikalik musulmonlar mamlakat Qozilar kengashi tomonidan maxsus tayinlangan "oy kuzatuvchilari" (afrikaliklar tilida maan kykers ) Keyptaun osmonida yarim oyni ochiq ko'z bilan ko'rganlaridan keyingina Ramazonning tugaganligiga ishonch hosil qilib, Iyd al-Fitrni nishonlaydi. Janubiy Afrikada, boshqa davlatlardan farqli o'laroq, faqat rasman tayinlangan "oy kuzatuvchilari" Ramazon oyining yakunlanganini e'lon qilish vakolatiga ega. Foto: www.groundup.org.za Indoneziyalik musulmonlar orasida Ramazon oyi kirib kelishi oldidan poklanish marosimini o'tkazish odat tusiga kirgan. Ushbu marosim Padusan (yava lahjasida — "cho'milish") deb nomlanib, undan maqsad — Ramazon oldidan ma'nan va jismonan poklanish, muqaddas oyga ruhan va jismonan tayyorgarlik ko'rish hisoblanadi. Ushbu ramziy marosimni ko'pchilik musulmonlar tabiiy buloqlar yoki ko'llarda, bugungi kunga kelib o'z uylarida ham amalga oshiradi. Foto: ANTARA FOTO / Fauzan Indoneziyaliklarning Ramazon oyi bilan bog'liq o'ziga xos an'analaridan yana biri — Nyekar . Unga muvofiq, indoneziyalik musulmonlar vafot etgan oila a'zolari xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Qadimgi Yava e'tiqodlari bilan qorishib ketgan qarashlarga ko'ra, Ramazon bir hayot siklining tugab, yangisining boshlanishini anglatadi. Kamerun musulmonlari orasida iftorlik oldidan xonadon eshiklarini ochib qo'yish an'anasi keng tarqalgan . Bundan ko'zlangan maqsad — ro'zadorlarga "quchoq ochish", ro'zasini ochish uchun biror joy yoki boshpanaga ehtiyoj sezgan kishilarni o'z iftorlik dasturxoniga taklif qilishdir. Saudiya Arabistonida kun davomidagi ochlik va tashnalikdan keyin oshqozonni zo'riqtirmaslik maqsadida xurmo va suv bilan iftorlik qilish odat tusiga kirgan . Foto: www.theworldinapocket.com Shuningdek, turli davlatlarda Ramazon oyi bilan bog'liq maxsus taom, shirinlik va ichimliklarni ham uchratish mumkin . Qatayef, Zalabiya, Konafa, shuningdek, quritilgan anjir, xurmo, mayiz va o'rikning suvga bo'ktirilgan aralashmasidan tayyorlangan mevali salat — Xoshaf , o'rikdan tayyorlangan mashhur Ramazon ichimliklaridan biri — Amar El Din (Misr) , Ramazan pidesi (Turkiya) shular jumlasidan.
columnist
Denis Sokolov — ko'chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a'zosi. U " Ko'chmas mulk tili " nomli turkum maqolalarida ( rus tilida ) ko'chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo'yicha prognozlar haqida so'z yuritadi. Zamonaviy shaharning go'zalligi undagi me'morchilik, tabiat, liboslar, avtomobillar va, albatta, savdo shakllarining xilma-xilligida o'z aksini topadi. Ziyolilar orasida ommalashgan "muzey va teatrlardan farqli o'laroq, shopping va do'konlar e'tiborga ham arzimaydi", degan fikr — bekor gap. Savdo har doim inson madaniyatining asosi bo'lib kelgan. Odamlar savdo aloqalarini yo'lga qo'yish uchun sayohatlarga chiqqan va o'z sarguzashtlar to'g'risida afsonalar o'ylab topgan. Qadimgi shaharlar ham savdo maydonlari atrofida vujudga kelgan. Yevropaning ayrim shaharlari markaziy maydonlarida tashkil etilgan yarmarkalar bugungi kunda ham sayyohlar bilan gavjum. Yarmarkalardan tashqari, zamonaviy sayyohlar savdo markazlari va eski buyumlar bozorlariga boradi, yoymalarga ko'z tashlab o'tadi, chakana savdo parklarini aylanadi. Har bir brend o'zining maqsadli auditoriyasiga e'tibor qaratadi, biroq markaziy savdo ko'chasida yoki yirik savdo markazida istalgan odam o'ziga ma'qul joyni topishi mumkin. Bundan 200 yil avval shoir va yozuvchilar mayxona va bozorlarda o'tirib, o'z zamondoshlari xulq-atvorini kuzatib vaqt o'tkazgan bo'lsa, bugungi kunda bu vazifani aynan savdo markazlari bajarmoqda. Savdo markazini aylanish nafaqat xarid qilish, balki haqiqiy muhitga sho'ng'ish, moda, mahalliy aholining urf-odatlari va ularning xulq-atvorlarining o'ziga xos xususiyatlari bilan tanishish imkonini beradi. Commonwealth Partnership tahlilchilari ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilda Toshkent savdo markazlarida o'rtacha ijara narxi stavkasi AQSh dollari hisobida 14 foizga oshgan. 2023-yil dekabr oyining oxiriga kelib, maydoni 100 kvadrat metr bo'lgan binolarning ijara narxlari birinchi qavatda kvadrat metr uchun oyiga 40 dollarni tashkil etgan. Foto: Yevgeniy Sorochin / Afisha.uz. Biroq istalgan mamlakatdagi zamonaviy savdo markazida bir xil ijara haqi to'laydigan ikkita ijarachini topish qiyin. Savdo markazining formati ijarachilarning har biri bilan individual shartlarda shartnoma tuzishni nazarda tutadi. Ushbu yondashuv — savdo markazlari biznes modelining asosi bo'lib, bu ularni bozorlardan ajratib turadi. Savdo markazining vazifasi — to'lovga layoqatli mijozlarning maksimal oqimini jalb qilishdan iborat. Tashrif buyuruvchi savdo markazidan chiqmagan holda istalgan mahsulotni sotib olish, istalgan xizmat turidan foydalanish, tamaddi qilish yoki xordiq chiqarish imkoniga ega bo'lishi lozim. Buning uchun mahsulotlar, narxlar va brendlar xilma-xilligi talab qilinadi. Foto: Kira Karapetova / Afisha.uz. Barcha do'konlar bir xil ijara haqini to'lay olmasligining sababi — har bir biznesning daromadliligi va marjasi turlicha. Ko'chmas mulkda shunday paradoks mavjud: agar siz savdo markazini faqat yuqori stavkadagi ijara haqini to'lashga tayyor bo'lgan do'konlar bilan to'ldirsangiz, u holda bir xil toifaga mansub do'konlar to'planib qoladi. Xaridorga muvozanatlashgan mahsulot taklifi, qulaylik va xizmatlarni taklif qila olmaydigan buyum bozorlari aynan shu tamoyil asosida quriladi. Va aynan shuning uchun savdo markazlari butun dunyoda bozorlar o'rnini egallamoqda. Savdo markazlari tashrif buyuruvchilarga xilma-xillikni taklif qilish maqsadida har bir do'kon uchun, biznes turi, xaridorlar uchun jozibadorlik darajasi va boshqa jihatlarni inobatga olib, alohida shart-sharoitlarni taklif etadi. Jahon amaliyotida eng yuqori stavkalarni Abercrombie & Fitch, Gap, American Eagle, Michael Kors va boshqalar to'laydi , chunki ular uchun savdo markazida eng yaxshi joylarni egallash muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, supermarketlar va gipermarketlar bir necha barobar kamroq to'laydi. Buning mantig'i oddiy: do'kon qancha ko'p xaridorlarni o'ziga jalb eta olsa, ijara haqini shunchalik kam to'laydi. Ijarachilarning xilma-xilligi tenant mix (aralash ijarachilar) deb ataladi va bu "aralashma" bir savdo markazini boshqasidan ajratib turadi. Har bir muvaffaqiyatli savdo markazining ortida har doim ijarachilarni tanlashga ixtisoslashgan professional mutaxassislar jamoasi turadi. Odamlar xarid qilishi uchun minimal narxlarni taklif qilish lozim, buning uchun esa xarajatlarni, shu jumladan, ijara to'lovini kamaytirish talab etiladi. Biz do'konda sotib olgan har qanday mahsulot narxiga binolar ijarasi to'lovi ham kiradi. Savdo markazi ijaraga joy bermaydi, balki do'konga o'z mahsulotlarini iste'molchilarga yetkazish imkonini sotadi. Savdo markazlari har doim ham qimmat tovarlarni taklif qilavermaydi. Dunyoda arzon tovarlarga ixtisoslashgan ko'plab riteylerlar (chakana sotuvchilar) mavjud, masalan, FixPrice yoki inglizlarning C&A tarmog'i kabi. Xalqaro savdo kompaniyalari o'z do'konlarini birinchi galda savdo markazlariga joylashtirishga harakat qiladi, chunki u yerda muayyan davr uchun tashriflar sonini hisoblash va potensial daromadni taxmin qilish mumkin. Bugungi kunda Toshkent va, umuman, O'zbekiston sifat, servis, kafolatli xizmat ko'rsatish standartlarini o'rnatuvchi jahonga mashhur brendlarga juda muhtoj. Savdo markazlari esa aynan shunday xalqaro hamkorlik uchun ko'prik vazifasini o'taydi. Foto: Yevgeniy Sorochin / Afisha.uz. Ichki bozorda xalqaro o'yinchilarning paydo bo'lishi aksariyat hollarda hatto hukumat va biznes vakillarini ham tashvishga soladi. Ularning og'zidan chet ellik riteylerlar o'z daromadlarini mamlakatdan olib chiqib ketgani uchun mamlakat va shaharga foyda keltirmasligi haqidagi ta'kidlarni bot-bot eshitish mumkin. Aslida esa do'kon rastasidagi mahsulot narxida ishlab chiqarish tannarxi taxminan 25−35 foizni, chakana sotuvchining foydasi 10−15 foizni tashkil qiladi, qolgan yarmi esa mamlakatda soliqlar, reklama, logistika, ko'chmas mulk va ish haqi uchun qilingan xarajatlardir. Savdo biznesi ko'plab ish o'rinlarini yaratadi. Fransiyada savdo sohasida 3 milliondan ortiq kishi yoki iqtisodiyotda band jami aholining 11 foizi faoliyat yuritadi . O'zbekistonda ham bu sohada band bo'lganlar salmog'i iqtisodiy faol aholining qariyb 10 foizini tashkil etadi , biroq samaradorlik ancha past. O'zbekistonda savdo sohasida ishlayotgan bir kishi yiliga o'rtacha 10 ming dollarlik mahsulot sotsa, uning Fransiyadagi hamkasbi deyarli 200 ming dollar, ya'ni 20 barobar ko'p qiymatdagi mahsulot sotadi. Bu farq nafaqat aholi daromadlaridagi tafovut, balki O'zbekistonda chakana savdo texnologiyalari va savdo formatlarining sust rivojlanayotgani — ya'ni, xilma-xillik yetarli darajada emasligi bilan izohlanadi. Mamlakatda yirik formatdagi do'konlar, autletlar, Gallerie Lafaett'ga o'xshash univermaglar, gipermarketlar va boshqalarni o'z ichiga olgan chakana savdo parklari mavjud emas. Shu bois, shaharning biznes vakillari va iqtisodiy qaror qabul qiluvchilar siymosidagi asosiy vazifasi — savdo samaradorligini oshirish, mahsulot uchun sifat va xavfsizlik standartlarini joriy etishdan iborat. Yevropalik sayyohlar O'zbekistondagi gender nomutanosibligini tezda payqaydi, chunki unga xos xususiyatlar savdoda ham namoyon bo'ladi. Yevropada xaridorlarning 60 foizini ayollar tashkil etadi. Shu sababli, do'konlar birinchi navbatda ularga e'tibor qaratadi: ayollar bo'limlari eng qulay va kirish joylariga, erkaklar bo'limlari esa podvallar yoki ikkinchi qavatda joylashtiriladi. O'zbekistonda esa, aksincha, erkak xaridorlar sezilarli darajada ustunlik qiladi. Bu sinchkov sayyohning e'tiborini tortishi mumkin bo'lgan eng qiziq kuzatuvlardan biridir. 29-fevral kuni poyytaxtimizda ijarachilarni yollashning zamonaviy yondashuvlaridan foydalanuvchi Tashkent City Mall savdo markazining ochilishi bo'lib o'tdi. Ushbu tadbir nafaqat poytaxtlik moda ixlosmandlari, balki biznes uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu shaharning zamonaviy chakana savdo formatlari va xaridlarni shahar madaniyatining elementi sifatida qabul qilishga qanchalik tayyorligini ko'rsatib beradi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Muallif haqida. Giorgi Sxakaya — boshqaruv konsaltingi sohasida 17 yillik ish tajribasiga ega xalqaro konsultant. 8 yildan oshiqroq Gruziyaning iqtisodiyot vaziri o'rinbosari, adliya vaziri o'rinbosari, daromadlar xizmati bosh direktori/moliya vaziri o'rinbosari, Tbilisi hokimi o'rinbosari va boshqa yuqori rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borib, mamlakatdagi dastlabki institutsional va huquqiy islohotlarni o'tkazishda rahbarlik qilgan. 2012-yildan, davlat xizmatidan ketganidan so'ng, 10 yildan oshiqroq vaqt davomida xalqaro maslahatchi va guruh rahbari sifatida Giorgi Jahon banki, XVF, USAID va boshqa tan olingan donorlik loyihalari doirasida 18 mamlakatda yirik tartibga solish va institutsional islohotlar ustida ishlagan. U menejment sohasida fan nomzodi bo'lib, iqtisodiyot va moliya magistri darajasiga ega (2005−2007). 2011−2012-yillarda Stenford oliy biznes maktabini Ijroiya boshqaruvi dasturi bo'yicha tamomlagan. Litsenziyalash sohasida islohot kamdan-kam hollarda ihotalangan holda sodir bo'ladi. Ko'pincha biznesni litsenziyalash tizimini takomillashtirish mamlakatning biznes va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar dasturining faqat bittasi hisoblanadi. Murakkab, takrorlanadigan, ko'p vaqt talab qiladigan, qimmat va ko'p bosqichli taomillar va jarayonlar biznesga og'ir yuk bo'lib tushadi, bu esa ko'plab mamlakatlarda biznes yuritish uchun jiddiy to'siq bo'ladi. Shu sababli o'z mamlakatlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga harakat qilayotgan hukumatlar litsenziyalash tizimini modernizatsiya qilishni o'z islohotlarining markaziga qo'yishadi. Litsenziyalash sohasida islohot litsenziyalar sonini mumkin bo'lgan minimal darajaga tushirishga , faqat zarur litsenziyalarni saqlab qolgan holda litsenziyalash qamrovini (litsenziyani talab qiladigan korxonalar ulushini) kamaytirishga , litsenziyalash tartib-qoidalari bilan bir qatorda ko'plab talablarni soddalashtirishga qaratilgan bo'lishi kerak, bu esa tizimlashtirilgan va soddalashtirilgan litsenziyalash rejimiga olib keladi. O'zbekistonda umumiy hisobda litsenziya va ruxsatnomalar berish bilan bog'liq jami 260 dan ortiq davlat xizmati mavjud bo'lib, ularning aksariyati oflayn rejimda taqdim etilgan va 6 oygacha davom etgan. Byurokratik yuklama va korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida BMTTD va YeI Adliya vazirligi bilan hamkorlikda "O'zbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlarini ko'rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish" qo'shma loyihasi doirasida hukumatga "Litsenziya" axborot tizimi — onlayn litsenziyalash platformasini yaratish orqali litsenziyalash tizimini raqamlashtirishda ko'maklashdi. 2021-yilda portal ishga tushirilgandan beri 310 mingdan ortiq arizalar onlayn tarzda ko'rib chiqilib, murojaatchilarning milliardlab mablag'lari va 750 mingdan ortiq qog'oz varaqlari tejaldi. Yaxshi litsenziyalash taomili odatda litsenziyalash tizimini me'yoriy-huquqiy bazadagi doimiy va asossiz o'zgarishlardan himoya qiluvchi asosiy qonunlarga asoslanadi, bu esa, o'z navbatida, biznes uchun shaffoflik, barqarorlik va bashorat qilishni ta'minlaydi. Qonun litsenziyalanishi kerak bo'lgan faoliyat turlarini belgilaydi, litsenziya olish mezonlarini aniqlaydi va korrupsiyaning oldini olish va litsenziyalash tizimini soddalashtirishning quyidagi asosiy tamoyillarini joriy etadi: Har bir biznes-litsenziyasi reinjiniringidan so'ng oxirgi qadam sifatida biznesni litsenziyalash uchun elektron ilovalar va to'lov tizimlarining to'liq joriy etilishiga ko'maklashish kerak. Ishbilarmonlik muhitini isloh qilish, shu jumladan, litsenziyalash islohoti, odatda, biznes va investitsiya muhitini kengaytirishga, biznesni boshlash va yuritish jarayonida shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga, ruxsatnomalar va litsenziyalar sonini minimal darajaga tushirishga va litsenziyani qamrovini kamaytirishga qaratilgan bo'lishi kerak. Islohot, shuningdek, litsenziyalash berish tartib-qoidalari bilan bir qatorda ko'plab talablarni ratsionalizatsiya qilish va soddalashtirishga qaratilgan bo'lishi kerak hamda barcha tashabbuslar natijasida islohot yuqori darajadagi byurokratiya va ba'zan korrupsiyaga olib keladigan murakkab, ko'p vaqt talab qiladigan va qimmat tizimni oqilona va samarali me'yoriy-huquqiy bazaga keltirilgan tizimli va soddalashtirilgan litsenziyalash rejimiga aylantirilishi zaruriyatini ko'rsatishi kerak. Shuni ta'kidlash kerakki, tadbirkorlik faoliyatini litsenziyalash tizimini isloh qilish doirasida litsenziyalar va barcha turdagi ruxsat beruvchi hujjatlarni berish, oldindan avtorizatsiya qilish, oldindan kelishish, akkreditatsiya, sertifikatlash, oldindan deklaratsiya qilish, xabar berish, ro'yxatdan o'tkazish yoki davlat reyestrida ro'yxatga olish va boshqa shu kabi turli xil litsenziyalar qamrab olinadi. Rioya qilinish zarur bo'lgan litsenziyalash tizimining asosiy maqsadi shundan iborat bo'lishi kerakki, qoidalar amal qiladigan xususiy korxona tomonidan amalga oshiriladigan iqtisodiy faoliyatga xos bo'lgan potensial xavflarning ro'yobga chiqishining oldini olish bo'lishi kerak. Shunday qilib, biznesni litsenziyalashning zamonaviy va hayotiy tizimi hukumat tomonidan amalga oshiriladigan qonuniy tartibga solish maqsadlariga erishish va jamoatchilikni potensial xavflarning ro'yobga chiqishidan himoya qilishga xizmat qilishi kerak. Shunday qilib, biznesni litsenziyalashning zamonaviy va hayotiy tizimi hukumat tomonidan amalga oshiriladigan qonuniy tartibga solish maqsadlariga erishish va jamoatchilikni potensial xavflarning ro'yobga chiqishidan himoya qilishga xizmat qilishi kerak. Ammo litsenziyalash taomilining qonuniyligini qanday o'lchash mumkin? Juda oddiy usul bor — quyidagi savollar ro'yxatidan foydalanib, siz oldingizga qo'yilgan savollarga osongina javob topishingiz mumkin: Litsenziyalash tizimi to'g'ri ishlab chiqilmagan bo'lsa, bu mamlakatda biznesni yuritish uchun jiddiy to'siq bo'ladi. Murakkab, takrorlanuvchi, uzoq, qimmat va ko'p bosqichli protseduralar va jarayonlar biznes hamjamiyati uchun muvofiqlik nuqtai nazaridan og'ir yuk bo'lib qoladi va agar ularga rioya qilinsa, bunga biznes uchun katta xarajatlar evaziga erishiladi, ayniqsa KO'B (kichik va o'rta biznes), chunki bu iqtisodiyotning korporativ tuzilmasida aksariyat ko'pchilikni ifodalaydi. Haddan tashqari tartibga solish va byurokratiya tufayli korxonalarning foydasi va daromadlari qisqarmoqda, bandlik va ish o'rinlarini yaratish esa pasaymoqda, bu esa, o'z navbatida, hosildorlik va farovonlik darajasini kamaytiradi va norasmiy va yashirin iqtisodiyotning o'sishiga va qulay korrupsiya muhiti yaratilishiga olib keladi. Ammo bu, eng avvalo, sog'liqni saqlash va inson hayoti, jamoat va milliy xavfsizlik va atrof-muhit hisobidan amalga oshiriladi, ya'ni noto'g'ri ishlab chiqilgan litsenziyalash tizimi nafaqat qonuniy tartibga solish maqsadlariga xizmat qilmaydi, balki yuqorida sanab o'tilgan qadriyatlar va milliy manfaatlarga tahdid soladi. Lekin, birinchi navbatda, bu aholi salomatligi va inson hayoti, jamoat va milliy xavfsizlik hamda atrof-muhitga zarar keltiradi, ya'ni noto'g'ri ishlab chiqilgan litsenziyalash tizimi nafaqat qonuniy tartibga solish maqsadlariga xizmat qila olmaydi, balki yuqorida qayd etilgan qadriyatlarni ham xavf ostiga qo'yadi. va milliy manfaatlar. To'g'ri ishlab chiqilgan va uzluksiz ishlaydigan litsenziyalash tizimlari odatda yuqori darajadagi huquqiy hujjatlarga, masalan, biznesni litsenziyalash rejimi uchun tamoyillarni belgilaydigan hadli qonunlarga tayanadi. Bunday muhim huquqiy hujjatlar hokimiyatning barcha tarmoqlari o'rtasidagi umummilliy konsensusning yaxshi namunasidir, ayniqsa, ular ijro etuvchi hokimiyat tomonidan ishlab chiqilgan va tashabbus ko'rsatilan va mamlakat qonun chiqaruvchi hokimiyati tomonidan tasdiqlangan. Normativ-huquqiy baza tasvirining to'g'ri ishlab chiqilgan to'liq versiyasini ishlab chiqish uchun jumboqning mos keluvchi qismlarini topish juda muhimdir — siyosat, qonunchilik, litsenziyalash, ruxsatnomalar, avtorizatsiya, sertifikatlash, ro'yxatdan o'tkazish, tekshirish va h.k. Alohida ravishda, ushbu tartibga solish choralarining hech biri xavfsizlik va himoyaning asosiy maqsadiga erishish uchun yetarli emas, ammo turli xil tartibga solish vositalarining barcha qismlarining o'zaro ta'siri va integratsiyasi mamlakatda xavfsizlikni ta'minlaydi. Shuningdek, litsenziyalar va ruxsatnomalarni berishga yondashuvlarni optimallashtirish orqali sezilarli yutuqlarga erishigan boshqa mamlakatlarning litsenziyalash sohasidagi ilg'or tajribalarini ko'rib chiqish joiz. Xalqaro tajribani o'rganish bizga ilg'or tajribalarni qo'llash va boshqa mamlakatlar tomonidan yo'l qo'yilgan xatolarni takrorlamaslik imkonini beradi. Xalqaro ilg'or tajribaga muvofiq, xavfsizlikni ta'minlash maqsadiga erishish uchun hukumatlar qo'l ostidagi turli xil tartibga solish vositalaridan foydalanishlari kerak, masalan: Salbiy ishbilarmonlik muhiti — hokimiyat va jamiyat uchun "yo'qotish" ssenariysi, chunki aholi ko'proq ish joylarini yo'qotadi, daromad, foyda, mahsuldorlik va boylik kamayadi, natijada hokimiyat ko'proq soliq, daromad va boylikni yo'qotadi, lekin birinchi navbatda ular jamoatchilik ishonchini yo'qotadi. To'g'ri ishlaydigan va tavakkalchilikka asoslangan litsenziyalash tizimi uchun asosiy tamoyillarni belgilab, yuqori darajadagi hadli qonunda aks ettirilgan yaxshi ishlab chiqilgan litsenziyalash tizimi uchun mustahkam poydevor yaratish orqali bunday o'zaro manfaatsiz modeldan qochish kerak. Umuman olganda, islohotchi rahbariyatning yuqori siyosiy darajadagi va mamlakatning birinchi raqamli shaxslari timsolida jamlanishi — bu muhim ahamiyatga ega va davlat sektorining har qanday sohasida muvaffaqiyatli islohotlar sari sezilarli taraqqiyotni ta'minlaydi. Shuning uchun O'zbekistonda yuqori lavozimli amaldorlar tegishli vazirlik yoki davlat idoralarida litsenziyalash islohotlarini qo'llab-quvvatlashi muhimdir. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.
columnist
Toshkent shahridagi davlat xizmatlari markazlarining nogironligi bo'lgan shaxslar foydalanishi uchun qay darajada imkonli ekanligi yuzasidan o'tkazilgan mustaqil monitoring ularning turli shakldagi nogironligi bo'lgan fuqarolarga xizmat ko'rsatishga shaylik darajasi turlicha ekanligini ko'rsatdi. Nima uchun bir shaharda davlat xizmatlari turlicha taqdim etilmoqda? "Gazeta.uz" kolumnisti Dilmurod Yusupov nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatishning yagona standartini joriy etish orqali muammoni hal qilish mumkin, deb hisoblaydi. Bugungi kunda nogironligi bo'lgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlariga zarur xizmatlar ko'rsatishda davlat xizmatlari markazlari (DXM) muhim o'rin tutadi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP, my.gov.uz ) orqali uydan chiqmagan holda ijtimoiy nafaqalar tayinlash, reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash uchun tibbiy ma'lumotnoma olish va boshqa xizmatlardan foydalanish uchun onlayn ariza topshirish mumkin. 2021-yil 1-noyabrdan I va II guruhga mansub nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatishda davlat boji, yig'imlar va boshqa har qanday to'lovlar uchun 50 foizlik chegirma qo'llanib kelmoqda . Bundan tashqari, I va II guruhga mansub nogironligi bo'lgan shaxslar, nogironligi bo'lgan bolalar, shuningdek, ularni parvarish qilayotgan fuqarolar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish huquqiga ega. Ammo nogironligi bo'lgan shaxslar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayoni qay darajada qulay va imkonli? Shu savolga javob topish maqsadida 2024-yilning aprel oyida Toshkent shahridagi "Sharoit plyus" nogironligi bo'lgan shaxslar jamoat birlashmasi (NJB) vakillari tomonidan hududiy davlat xizmatlari markazlarining nogironligi bo'lgan shaxslar foydalanishi uchun imkonlilik darajasi monitoringdan o'tkazildi. Maqsad — Toshkentda istiqomat qiluvchi turli shakldagi nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatishning bugungi kundagi holatini o'rganish. Monitoring Yunusobod, Shayxontohur va Chilonzor tumanlaridagi uchta Davlat xizmatlari markazlari ("Yagona darcha" xizmatlari)ni qamrab oldi. "Sharoit plyus" NJB mutaxassislari tomonidan mazkur markazlarda nogironligi bo'lgan va harakatchanligi cheklangan shaxslar uchun jismoniy jihatdan qulaylik, axborot va aloqa imkoniyatlari, shuningdek, my.gov.uz portali va uning mobil ilovasidan foydalanish imkoniyatlari o'rganildi. Qolaversa, "Yagona darcha" xodimlarining turli shakldagi nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko'rsatish vaqtida ularga nisbatan munosabati baholandi. Yunusobod tumani DXMda monitoring guruhi jismoniy va muloqot qilish bilan bog'liq to'siqlarga duch keldi. Kirish joyida qurilgan pandus SHNQ 2.07.02−22 "Qurilish obyektlarini nogironligi bo'lgan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish" me'yorlariga mos kelmaydi — qiyalik burchagi belgilangan 5 darajalik me'yordan yuqori, pandus sirti sirpanchiq va nogironlar aravachasi foydalanuvchisi binoga mustaqil kira olmaydi. Yunusobod tuman Davlat xizmatlari markazidagi foydalanishga yaroqsiz pandus. Eng qizig'i, nogironligi bo'lgan odam kimningdir yordami bilan yuqoriga ko'tarilgan taqdirda ham, u, ta'bir joiz bo'lsa, "tuzoq"qa tushib qoladi. Markazga kirish eshigining yopiq ayvon shaklida kengaytirilgan qismi pandusdan o'tish joyini to'sib qo'ygan. Bundan kelib chiqadiki, bu yerda "xo'jako'rsinga" pandus mavjud, lekin unga mustaqil ko'tarilish imkonsiz va ko'tarilgan taqdiringda ham, hech qayerga kirolmaysan. Shayxontohur tuman DXMga kirish qismidagi pandusning marmar qoplamasi sirpanuvchan sirti tufayli harakatchanligi cheklangan kishilar uchun xavf tug'dirishi mumkin "Yunusobod tumanidagi davlat xizmatlari mutaxassisidan nogironligi bo'lgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so'raganimda, bunga javoban ularda hech qanday shart-sharoit yo'qligi, faqat navbatsiz xizmat ko'rsatish mavjud ekanini ma'lum qildi. Biroq shundan keyin, II guruh nogironi hisoblanishimga qaramay, meni umumiy navbatga qo'yishdi", — deydi monitoring guruhi a'zosi. Poytaxtdagi ko'plab davlat xizmatlari markazlarida nogironligi bo'lgan shaxslar uchun navbatsiz xizmat ko'rsatish bo'yicha plakatlar ilingan. Ularda jismoniy nogironlikning aniq shakllari tasvirlangan. Jamiyatimizda shunday stereotip keng tarqalganki, nogironlikni nogironlar aravachasidagi shaxs sifatida tushuniladi va tasavvur qilinadi. Shu nuqtai nazardan, ko'pchilik nogironlikning ko'rinmas shakllari mavjudligini hisobga olmaydi. Nogironlikning bunday shakllari har doim ham tashqaridan sezilmaydi, biroq inson hayotiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Shuning uchun nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ustuvor xizmat ko'rsatish haqidagi plakatlarning o'zi yetarli emas. DXM xodimlari ko'rinmas shakldagi nogironligi bo'lgan shaxslarga xizmat ko'rsatish bo'yicha ham o'qitilishi lozim. Shayxontohur DXM kiraverishida nogironligi bo'lgan shaxslarga ustuvor xizmat ko'rsatish aks ettirilgan plakat. "Davlat xizmatlari markazida bo'lganimda umumiy navbatda 28-o'rinda ekanligimni aytishdi. Men navbatsiz xizmat ko'rsatish huquqiga ega ekanligimni aytganimda, xodimlar navbatsiz o'ta olmasligimni ma'lum qilishdi", — deydi II guruhga mansub, ko'rish qobiliyati buzilgan, albinizmga chalingan qiz. Bunday vaziyatda, albinizmga chalingan qiz erkin harakatlanish va davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega. Biroq, unda nogironlik mavjud — uning holati issiq kunda navbatda turishga imkon bermaydi, bu uning salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Ko'rinmas nogironlik eshitish qobiliyati zaif kishilar va karlar, aqliy va ruhiy shakldagi nogironligi bo'lgan shaxslar, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan odamlarda uchrashi mumkin. "Yanglishmayotgan bo'lsam, I va II guruhga mansub nogironligi bo'lgan shaxslar uchun davlat xizmatlarini ko'rsatishda 50 foizlik chegirma mavjud. Biroq, Shayxontohur tumani DXMda bu haqda bila turib, menga aytishmadi", — deydi II guruhga mansub, eshitish bilan bog'liq nogironligi bo'lgan erkak. Boshqacha aytganda, nogironligi bo'lgan foydalanuvchilar uchun ustuvor va imtiyozli xizmat ko'rsatishga taalluqli tartib-taomillardan DXM xodimlarining hammasi ham xabardor emasligi ehtimoli yuqori. Bunday muammolar nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatish bo'yicha kadrlarni tizimli o'qitishning mavjud emasligi tufayli yuzaga kelmoqda. Yunusobod DXMda, shuningdek, eshitish imkoniyati cheklangan shaxslar bilan muloqotni ta'minlash uchun maxsus surdo-online planshetlar ham mavjud emas edi. Surdo-online dasturi 2020-yil noyabrida sinov tariqasida ishga tushirilgan . U kar va zaif eshituvchi fuqarolarga davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan surdo-tarjimon orqali onlayn muloqot qilish imkonini beradi. Bunday muloqotni ta'minlash uchun poytaxtdagi 11 ta DXMga planshetlar o'rnatilgan. Ma'lum bo'lishicha, surdo-online faoliyati barcha davlat xizmatlari markazlarida tizimli yo'lga qo'yilmagan va hozirgi kunda hatto to'xtatib qo'yilgan. DXM xodimlarini surdo-online dasturidan foydalanishga o'rgatish masalasi ham ochiqligicha qolmoqda. "Surdo-online tizimimiz 2020-yilda AKT vazirligi ko'magida COVID-19 pandemiyasi davrida ishga tushirilgan edi. Biz bir yillik shartnoma asosida xizmat ko'rsatdik, shuningdek, boshqa viloyatlardagi davlat xizmatlari markazlariga ham xizmat ko'rsatishni boshladik. O'tgan yili qaytadan xizmat ko'rsatishni boshlagan edik, biroq hozir ishimiz to'xtagan. Direktor o'zgardi va endilikda DXM Davlat xizmatlari agentligi tasarrufida. Surdo-online dasturi ishlashda davom etmoqda, biroq biz xizmatlar ko'rsatish bo'yicha yangi shartnoma tuzmadik va shu sababli bizga abonent to'lovi to'lanmaydi", — deya tushuntirdi surdo-online dasturiy ta'minotiga nisbatan mualliflik huquqi egasi "TECHNO LAB PRO" MCHJ direktori Go'zal Rahmatullayeva. "Chilonzor tumani Davlat xizmatlari markazida nogironlar aravachasidan foydalanuvchi, eshitish imkoniyati cheklangan va past bo'ylilar uchun juda yaxshi imkoniyatlar yaratilgan", — deya o'z mulohazasini bo'lishdi monitoring komissiyasi a'zosi anonim tarzda. Chilonzor DXMga kiraverishda nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar va aholining harakatchanligi cheklangan boshqa toifalari uchun qulay pandus o'rnatilgan. Pandus 2-§ SHNK 2.07.02−22 ga muvofiq shaharsozlik me'yorlari va qoidalarining asosiy talablariga mos keladi. Bundan tashqari, markazda harakatchanligi cheklangan fuqarolar uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda zarur bo'lgan hollarda nogironlar aravachasi ham mavjud. Chilonzor tuman Davlat xizmatlari markaziga kiraverishdagi qulay pandus Markaz xodimlari xushmuomala munosabatda bo'lib, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlarni batafsil tushuntirib berishdi. DXMda eshitish imkoniyati cheklangan shaxslar bilan muloqot qilish uchun surdo-online dasturi o'rnatilgan. Kutish zali past bo'yli foydalanuvchilarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda mebellar bilan jihozlangan. Eshitish imkoniyati cheklangan shaxslar bilan surdo-online tizimi orqali muloqot qilish uchun planshet. Chilonzor DXMda faqatgina aqli zaif va rivojlanishida nuqsoni bo'lgan shaxslar uchun oson o'qiladigan matn formatidagi ma'lumotlar yetishmaydi. Bunday qulay formatning mavjud bo'lishi muloqotda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ko'rsatilayotgan davlat xizmatlari to'g'risidagi muhim ma'lumotlarni olish bilan bog'liq to'siqlarni bartaraf etishga imkon beradi. Oson o'qiladigan matn nafaqat nogironligi bo'lgan shaxslar, balki keksalar, o'qish va yozishda nuqsoni bo'lganlar (masalan, disleksiya), davlat tilini to'liq bilmaydigan chet elliklar va boshqa toifalar uchun ham foydalanishda qulaylik yaratgan bo'lur edi. Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining davlat xizmatlarini ko'rsatishni takomillashtirishga qaratilgan qo'shma loyihasi ko'magida jihozlangan Qoraqalpog'istonning Nukus tumanidagi markaz DXMdan foydalanish imkoniyatini ta'minlashning muvaffaqiyatli namunasi bo'la oladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali turli shakldagi nogironligi bo'lgan shaxslar uchun raqamli foydalanish imkoniyatini sinchkovlik bilan monitoring qilishga ehtiyoj sezmoqda. OneID tizimi orqali ro'yxatdan o'tish qay darajada qulay va bu tizim orqali ro'yxatdan o'tishni qanday soddalashtirish mumkinligi — bu katta savol. Misol uchun, nogironligi bo'lgan shaxslar aksariyat hollarda suratlardan iborat kod orqali tekshirish (captcha) yordamida avtorizatsiyadan o'tish bilan bog'liq muammolarga duch kelishadi. Bugungi dunyoda raqamli foydalanish imkoniyati "zaif ko'ruvchilar uchun versiya" yoki "ekran suxandoni"ga ega bo'lishdan ko'ra ko'proq narsani anglatadi. Vizual bo'lmagan foydalanish imkoniyati, ayniqsa, ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchi foydalanuvchilar uchun muhim. Masalan, my.gov.uz portalida muqobil matn (alt+text — tasvirlarni so'z bilan tavsiflash) bilan tavsiflanmagan vizual elementlar bo'lishi mumkin, bu esa ekranni o'qish vositalari (iOS'da NVDA, VoiceOver va Android'da TalkBack kabi maxsus dasturlar, bu kompyuter yoki mobil qurilma ekranida sodir bo'layotgan hamma narsani ovozlashtiradi) yordamida xizmatdan foydalanishni qiyinlashtiradi. "Boshqaruvdagi yozilmagan elementlar, dinamik o'zgaruvchan kontent, skrinriderlar e'tiboridan chetda qolmaydigan ko'plab dekorativ elementlardan foydalanish va standart belgilash — bularning barchasi my.gov.uz veb-portalidan, shuningdek, uning mobil ilovasidan foydalanishni sezilarli darajada murakkablashtiradi. Zaif ko'ruvchilar uchun versiya yoki "ekran suxandoni" kabi mavjud funksionallik bu muammolarni hal qilmaydi va menimcha, ortiqcha. Shriftni kattalashtirish, kontrastni yoki ekran suxandonini o'zgartirish — bularning barchasi ommalashgan operatsion tizimlarning barchasida allaqachon o'rnatilgan bo'lib, mavjud ekranga kirish dasturlari kontentni yetarli darajada tanib olishi va o'qishi uchun foydalanuvchi interfeysini qayta ishlash kerak xolos", — deya o'z mulohazalari bilan o'rtoqlashadi monitoring guruhining ko'rish imkoniyati cheklangan II guruhga mansub nogironligi bo'lgan a'zolaridan biri. Raqamli foydalanish imkoniyatini ta'minlash uchun velosipedni qayta ixtiro qilishga hojat yo'q. Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun veb-kontentdan foydalanish imkoniyatini ta'minlovchi global standart ishlab chiqilgan — Web Content Accessibility Guidelines (WCAG) 2.2 . Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun veb-kontentdan foydalanish imkoniyatini ta'minlash bo'yicha ushbu qo'llanmadan ko'rish, eshitish bilan bog'liq nuqsonlar, jismoniy cheklovlar, nutqdagi nuqson, kognitiv va nevrologik buzilishlar kabi turli xil nogironligi bo'lgan foydalanuvchilar uchun veb-saytlar va ilovalarni yanada qulayroq qilish bo'yicha batafsil tavsiyalar o'rin olgan. Afsuski, WCAG 2.2 global standarti O'zbekistonda ommalashmayapti va shuning uchun hali ham qonunchilik darajasida tan olinmagan. Qulay davlat xizmatlarini taqdim etish nogironligi bo'lgan shaxslarni jamiyatga faol integratsiya bo'lishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Davlat xizmatlari barcha fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy hayotda to'laqonli ishtirokini ta'minlash uchun nihoyatda zarur. Davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarni olishda nogironlik, harakatchanlikning cheklanganligi yoki boshqa omillar asosidagi har qanday kamsitishlarga yo'l qo'ymaslik muhim ahamiyatga ega. O'tkazilgan boshlang'ich monitoring turli shakldagi nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatish bilan bog'liq ishlarning kuchli va zaif tomonlari ko'rsatib berdi. Ikki muassasa jismoniy imkoniyati va harakatchanligi cheklangan shaxslarning harakatlanishi uchun to'liq moslashtirilmagan. Davlat xizmatlari markazlaridan foydalanish imkoniyati to'g'risida to'liq tasavvurga ega bo'lish uchun nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida DXM bino va tuzilmalarini sinchiklab monitoring va ekspertizadan o'tkazish zarur. Birgina poytaxtning o'zida monitoring uchun tanlab olingan uchta DXMning foydalanish imkoniyati darajasi bir-biridan tubdan farq qilmoqda. Davlat xizmatlarini ko'rsatishdagi bunday nomuvofiqlik nogironligi bo'lgan shaxslar va harakatchanligi cheklangan shaxslar uchun davlat xizmatlarini ko'rsatishning standartlashtirilmaganligi natijasidir. Shuningdek, "yagona darcha" xodimlarini nogironlikni ijtimoiy model nuqtai nazaridan tushunish va ular bilan to'g'ri muloqot qilish bo'yicha o'qitishda, shuningdek, obyektlar va xizmatlarni tashkil etish va ularning foydalanishga qulayligini ta'minlash bilan bog'liq boshqa masalalarda yagona yondashuvning yetishmayotganligi seziladi. Ekspertlar guruhi tomonidan "Nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatish" davlat standartining dastlabki versiyasi ishlab chiqildi. Hujjat to'qqiz bo'limdan iborat bo'lib, binolar, axborot va muloqot vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlashning asosiy talablari, shartlari va shakllari, nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko'rsatishda etiket va muomala to'g'risidagi batafsil ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Standart xalqaro tajribani hisobga olgan holda va O'zbekistonda qabul qilingan me'yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tayyorlangan. Masalan, ko'plab rivojlangan mamlakatlarda obyekt va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash ishlarini tashkil etish va muassasa xodimlariga ko'rsatmalar berish uchun mas'ul xodim yollanadi. Bunday xodimning xizmat vazifalari (ingliz tilida: "access/accessibility officer") alohida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Davlat muassasalari ko'rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilib borish va mustaqil baholanishini ta'minlash maqsadida nogironligi bo'lgan shaxslar tashkilotlari bilan faol hamkorlik qiladi. Shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslar jamoat birlashmalari davlat muassasalari xodimlarini o'qitishni tashkil etadi. Respublika bo'yicha davlat xizmatlari markazlari tomonidan yagona standartning qabul qilinishi va qo'llanilishi turli shakldagi nogironligi bo'lgan shaxslarga xizmat ko'rsatishdagi mavjud tarqoqlikka barham berish imkonini bergan bo'lardi. Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun davlat xizmatlarini ko'rsatishning yagona standartiga rioya qilish, shuningdek, "Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi qonun talablariga, shuningdek, O'zbekiston tomonidan 2021-yil 7-iyunda ratifikatsiya qilingan "Nogironlarning huquqlari to'g'risidagi" BMT Konvensiyasi tamoyillari va qoidalariga rioya etilishini ta'minlaydi. Konvensiyaga muvofiq, nogironligi bo'lgan shaxslar hayotiy faoliyatining barcha jabhalarida o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda teng imkoniyatlarga, shu jumladan, o'z ehtiyojlarini qondirish uchun barcha zarur xizmatlarni olish huquqiga ega bo'lishi lozim. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Antoniya Lyudeke, YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi Bolalarni himoya qilish bo'limi rahbari Tarbiya vositasi sifatida bolani jazolash — insoniyatning o'zi kabi qadimiy amaliyot. Butun dunyoda, turli hamjamiyatlarda, uyda, maktablarda har doim ota-onalar va oilalar kelajak avlodga muayyan qadriyatlar va tartib-intizomni singdirish yo'llarini izlab keladi. Intizomni singdirish usullari azal-azaldan mavjud va ko'pincha jamiyatning muqaddas madaniyatining bir qismi hisoblanadi. Biz YUNISEF amaliyotidan bilamizki, ta'limda, farzandlarimizni immunizatsiya qilishda yuksak qadrlanadigan yoki bolalar o'rtasidagi nikoh kabi zararli amaliyotlarga barham beradigan yangi ijobiy madaniyatlarni yaratish mumkin. Hamjamiyatlar bir necha avlodlar uchun amalda ishlagan ijtimoiylashuv usullariga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishiga qaramay, ularni ko'proq manfaat topish yo'lida ishontirish mumkin, deb hisoblaymiz. Bugun munozarali mavzu hisoblangan, ota-onalarning keskin javob reaksiyalariga sabab bo'ladigan masala — jismoniy jazolashga qarshi o'z dalillarimizni ilgari surmoqchimiz. Intizomiy maqsadlarda bolada og'riq yoki noqulaylik keltirib chiqarishga qaratilgan urish, yuzga tarsaki tushirish yoki orqasiga urish kabi har qanday jismoniy xatti-harakatlarni o'z ichiga oluvchi jismoniy jazo, uning samaradorligi va xavfsizligiga qarshi dalillar tobora ortib borayotganiga qaramay, bu amaliyotlar keng tarqalganligicha qolmoqda. Sog'liqni saqlash, ta'lim va boshqa ko'plab sohalardagi tadqiqotlar ota-bobolarimizning tarbiyalash usullari yanglish bo'lgan bo'lishi mumkinligini ko'rsatmoqda, yangi tadqiqotlar ota-onalar, oilalar va hamjamiyatlarni bolalarni boshqacha usullarda tarbiyalashga va jismoniy jazodan voz kechishga chaqirmoqda. Turli ijtimoiy-madaniy guruhlarda olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko'ra, jismoniy jazolash bolalarda tajovuzkorlikning kuchayishi, g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar, jismoniy shikastlanish va ruhiy salomatlik bilan bog'liq muammolarga olib kelishi mumkin. Ayni paytda dunyoning 65 ta mamlakatida uy sharoitida jismoniy jazo qo'llashni taqiqlovchi qonuniy choralar qabul qilingan bo'lib, ko'pchilik bu himoya choralarini ta'lim muassasalari va bolalar mavjud bo'lgan boshqa joylarga ham tatbiq etadi. Ko'pgina mamlakatlardagi bunday o'zgarishlarga qaramay, o'zgarishlar YUNISEF istagan va bolalar munosib bo'lgan sur'atda emas. Har yili 30-aprel Xalqaro bolalarni jismoniy jazolashga chek qo'yish kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun butun dunyo bo'ylab millionlab odamlarga ta'sir ko'rsatadigan, chuqur ildiz otgan amaliyotga qarshi kurashish maqsadida ta'sis etilgan. Bu kun bolalarni intizomga o'rgatishning an'anaviy usullarini qayta ko'rib chiqish va har qanday shart-sharoitlarda, shu jumladan, uyda bolalarning farovonligini himoya qiluvchi zo'ravonlikdan xoli yondashuvlarni targ'ib qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Uzoq yillik madaniy me'yorlar asosida shakllangan jismoniy jazolash amaliyotining saqlanib qolishi jiddiy muammoligicha qolmoqda. Masalan, 2021−2022-yilgi Ko'p ko'rsatkichli klaster tadqiqoti (MICS)da O'zbekistondan olingan so'nggi statistik ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki, 1−14 yoshdagi bolalarning 62 foizi jismoniy jazo yoki psixologik tajovuzning qandaydir shakllarini boshdan kechiradi. Bu xavotirli ko'rsatkich faqat O'zbekistonga xos emas. Shunga qaramay, u bolalarni himoya qilish va intizomga nisbatan madaniy jihatdan ta'sirchan, biroq qat'iy yondashuvni talab qiladigan global muammoni aks ettiradi. YUNISEF bolalarni zo'ravonliksiz tarbiyalash va ularning qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan o'qitish usullariga o'tish tarafdori. Bu jismoniy jazodan global miqyosda voz kechishni qo'llab-quvvatlagan holda, hech qanday zo'ravonliklarsiz o'z-o'zini nazorat qilish va hurmat qilish imkonini beruvchi intizom strategiyalarini targ'ib qilishni o'z ichiga oladi. O'zbekiston kabi mamlakatlarda kuchli jamiyat va oila tuzilmalari ijtimoiy me'yorlar uchun mustahkam poydevor vazifasini o'taydi. O'zgarishlarni amalga oshirishda mazkur institutlardan foydalanish uchun noyob imkoniyat mavjud. Shu bilan birga, mahallalar zo'ravonliksiz tartib-intizomni targ'ib qilish uchun samarali platforma bo'lib xizmat qilishi mumkin. Ushbu mahalliy hamjamiyatlar bola parvarishi bilan shug'ullanuvchi shaxslar va o'qituvchilarni muqobil ijobiy intizom usullaridan foydalanishga o'rgatish maqsadida o'quv materiallarini tarqatish va seminarlar tashkil etish uchun tamomila mos keladi. Bu boradagi ishlarni boshlab olishda bola parvarishi bilan shug'ullanuvchi shaxslar va o'qituvchilarni qo'llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ularni intizomning muqobil usullarini taklif qiladigan ta'lim va resurslardan doimiy foydalanish imkoniyati bilan ta'minlash talab etiladi. Ushbu yondashuvlarning uzoq muddatli afzalliklarini alohida qayd etib o'tish joiz. Bunday ta'lim dasturlari jamiyatning o'ziga xos ehtiyojlariga moslashtirilgan va bolalarni himoya qilishning global standartlariga mos keladigan jamoat markazlari, maktablar va sog'liqni saqlash muassasalarida keng foydalanilishi kerak. Bundan tashqari, jismoniy jazolashga qarshi mustahkam huquqiy asosni ta'minlash yo'lida qat'iy siyosiy islohotlar zarur. Qonunchilik bolalar ta'lim oladigan va o'sib-ulg'ayadigan barcha joylarni qamrab olishi, jismoniy jazo qo'llanilishi qonunga zid ekanligi izchil va aniq yetkazilishi kerak. O'zbekiston 2018-yilgi O'zbekistonning Umumjahon davriy tahlili doirasida berilgan tegishli tavsiyalarni aniq qabul qilgan holda, bolalarga nisbatan har qanday jismoniy jazoni taqiqlash tarafdori ekanligini bildirgan. Axloq tuzatish muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida va jinoyat uchun jazo sifatida jismoniy jazo qo'llash qonunga xilof ekanligini inobatga olsak, bu taqiq haligacha uyda, muqobil bolalarni parvarishlash muassasalarida, bolalar bog'chalarida va maktablarda joriy etilmagan. Qonunchilik intizomga bo'lgan munosabatni o'zgartirishga yordam beradigan va zo'ravonliksiz ijobiy intizom usullarini qo'llashni rag'batlantiradigan samarali ijro mexanizmlari va keng tarqalgan ta'lim kampaniyalari bilan bir vaqtda amalga tadbiq etilishi lozim. Bolalar huquqlarini barcha sohalarda himoya qilish tarafdori ekanligimizni yana bir bor isbot qilaylik. Bu kun jamiyatning barcha darajalarida — siyosatchilardan tortib o'qituvchilar va oilalargacha — doimiy muloqot va hamkorlik uchun imkon yaratgan holda, global va mahalliy sa'y-harakatlar uchun katalizator vazifasini o'tashi lozim. Bu orqali nafaqat bolalarni himoya qilamiz, balki o'zaro hurmatga asoslangan va zo'ravonliklardan holi munosabatlarni tushunadigan va qabul qiladigan kelajak avlodlarni tarbiyalashga hissa qo'shamiz. Xulosa qilib aytganda, jismoniy jazolashga chek qo'yish ham qonunlarni, ham ijtimoiy me'yorlarni o'zgartirish masalasidir. Bolalar bilan bog'liq har qanday makonda zo'ravonlikdan holi amaliyotlarni targ'ib qilish va joriy etish orqali bolalarga zo'ravonlikdan xoli hurmat va intizomning singdirilishiga erishish mumkinligiga kafolat beramiz. Bunday yondashuv bolalarning jismoniy, hissiy va ruhiy salomatligi, hammaga birdek hurmat va qadr-qimmatni qadrlaydigan va amalda qo'llaydigan jamiyatni rivojlantirish uchun juda muhim. Ushbu keng qamrovli strategiya nafaqat zararli amaliyotlarni yo'q qilishga qaratilgan. Gap farzandlarimizni sog'lom va layoqatli bo'lib voyaga yetishlari uchun ularni qanday tarbiyalash va yo'naltirish masalasini qayta ko'rib chiqish ustida bormoqda. Jamoaviy sa'y-harakatlar va umumiy majburiyat vositasida barcha bolalar uchun ularga yanada ko'proq g'amxo'rlik va hurmat ko'rsatiladigan dunyoga yo'l ochishimiz mumkin.
columnist
Ko'chmas mulkka investitsiya — sarmoya kiritishning keng ommalashgan usuli hamda moliyaviy imkoniyatlarini mustahkamlash va kelajagini ta'minlashga intiluvchi kishilar uchun jozibali strategiya. Toshkentda ko'chmas mulk sotib olish — bu kapitalni oshirish va oilani uy-joy bilan ta'minlash imkoniyatidir. O'zbekistonda ko'chmas mulkka investitsiya kiritish mamlakat iqtisodiyoti o'sib borayotgani sharofati bilan barqarorlik garoviga aylanishi mumkin. Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari tebranishlarni boshdan kechirishi mumkin bo'lgan bir paytda, ko'chmas mulk bozori aksariyat hollarda, ayniqsa urbanizatsiya, ijobiy demografiya va shahar chegaralarining kengayishi sharoitida nisbatan barqarorlikni saqlab qoladi. Realting.uz ko'chmas mulk platformasi rahbari Andrey Sodiqov va RED ko'chmas mulk agentligi asoschisi Botir Abdurahmonov cheklangan budjet sharoitida investitsiya kiritish uchun ko'chmas mulkni qanday tanlash kerakligi xususida so'z yuritadi. Agar siz tez (bir-ikki yil ichida) va hech qanday tavakkalchiliklarsiz ko'p pul ishlab olishni istasangiz, ko'chmas mulkka pul tikmaganingiz ma'qul. Bordiyu mablag'ingizni minimal risk bilan saqlab turish va ko'paytirish maqsadida qisqa va o'rta muddatli (bir yildan uch yilgacha) investitsiyalash haqida o'ylayotgan bo'lsangiz , u holda ishonchli quruvchi kompaniyadan poydevor qurilishi va qurilishning boshqa bosqichlarida bo'lgan ko'chmas mulkni kadastr olinganidan keyin qiymati cho'qqiga chiqqan paytda qayta sotish uchun (bir martalik) xarid qilish haqida o'ylab ko'rish mumkin. Xonadonni ta'mirlangan yoki ta'mirsiz holatda qayta sotish mumkin. Birinchi holda, malakali smeta va professional ijrochilar sharofati bilan, hatto ortiqcha sarflarni hisobga olganda ham rentabellikni o'rtacha 10−50 foizga oshirishingiz mumkin bo'ladi. Bu yerda yiliga kamida 25−30 foiz haqida gap ketmoqda. Ayrim hollarda, hatto risklar o'zgarmagan holda, rentabellik 100 foizdan oshib ketishi mumkin. Agar maqsad minimal risklar bilan maksimal kapitallashtirishga erishish bo'lsa, u holda eng yaxshi uzoq muddatli strategiyalardan biri — bu ko'p martalik xaridlar sikli: bunda ko'chmas mulkni poydevor qurilishi bosqichida minimal xarajat bilan sotib olasiz, so'ngra qiymat cho'qqiga chiqqanida maksimal marja bilan qayta sotasiz, keyingi qadamda kattaroq kvadrat metrga ega yoki yuqoriroq klassdagi yangi ko'chmas mulkni sotib olishingiz mumkin. Bozor o'sib borar ekan, sikl ham takrorlanaverishi mumkin. Shunday qilib, "Komfort" klassdagi uyda joylashgan 45 kvadrat metr maydonga ega, 50 ming dollar (kvadrat metr uchun taxminan 1100 dollar) turadigan bir xonali xonadonni, malakali strategiya bilan uch yildan besh yilgacha bo'lgan davrda xuddi shunday kvadrat metrli ikkita yoki to'rtta bir xonali xonadonlarga aylantirish mumkin. Shu bilan birga, kvadrat metrning karrasiga o'sishiga qo'shimcha ravishda, kvadrat metr uchun yuqoriroq qiymatga ega bo'lasiz, demak, umumiy kapitallashuv ham o'zgaradi. Masalan, yopiq sotuvda — quruvchi kompaniya rasmiy sotuvlar boshlanishidan bir necha kun oldin, tor doiradagi mijozlar uchun oldindan sotishni tashkil qilganda 45 kvadrat metrlik xonadonni 50 ming dollarga (kvadrat metr uchun 1100 dollar) sotib oldingiz. Salohiyatli xaridorlar odatda bu haqda quruvchi kompaniyaning o'zi tomonidan yoki brokerlar vositasida xabardor qilinadi. Faqat bunda 100 foiz oldindan to'lov talab qilinadi. Ikki yildan so'ng, rentabellik 60 foizga oshadi (yiliga 30 foiz) va xuddi shu xonadon endilikda 80 ming dollar turadi. Siz uni sotasiz va bu mablag'ga 73 kvadrat metrlik (bir kvadrat metr uchun yana o'sha-o'sha 1100 dollar evaziga) poydevor qurilishi bosqichida bo'lgan ikki xonali bitta xonadon sotib olasiz. Yana ikki yil o'tgach, yiliga 30 foiz daromad bilan sizning ikki xonali uyingizning qiymati endilikda 128 ming dollargacha oshadi va siz uni muvaffaqiyatli sotasiz. Ushbu mablag'ga xuddi o'sha 1100 dollar / kv. m. narxda poydevor qurilishi bosqichida bo'lgan bitta ikki xonali va bitta bir xonali xonadon yoki bitta uch xonali xonadon sotib olishingiz mumkin va hokazo. Shu bilan birga, umumiy kapitallashuv o'sib boradi. Uchinchi xariddan yana bir yil o'tgach, yiliga bir xil 30 foiz o'sish bilan sizning 128 ming dollaringiz 166 ming dollarga aylanadi. Shunday qilib, 5 yil ichida siz 45 kvadrat metrni 116 kvadrat metrga, 50 ming dollarni 166 ming dollarga aylantirasiz. Yodda tutingki, Toshkent shahrida qurilishning dastlabki bosqichida sotib olingan har qanday xonadonga yiliga kamida 20 foizlik foydani ta'minlaydi. Biroq, joylashuvi, ko'chmas mulk toifasi, rivojlangan infratuzilma kabi omillarga bog'liq ravishda rentabellik bundan-da yuqoriroq bo'lishi ham mumkin. Investitsion strategiya haqida bir qarorga kelib olganingizdan keyin, aynan qayerga investitsiya kiritish haqida bosh qotirish mumkin. Shu o'rinda bir qator savollar yuzaga chiqadi: turar joy yoki tijoriy ko'chmas mulk, yangi qurilish yoki "ikkilamchi", joylashuv, segment, maydon (kvadrat metr), quruvchi kompaniya. Turar joy yoki tijorat ko'chmas mulki Tijoriy ko'chmas mulkka bo'lgan talab iqtisodiy vaziyat bilan chambarchas bog'liq, demak u tebranishlarga ham moyilroq bo'ladi. Turar joy ko'chmas mulkka kelsak, unga talab har doim bor. O'zbekistonda demografik vaziyat ijobiy — mamlakatda har kuni 2000 dan ortiq chaqaloq dunyoga keladi. Bundan tashqari, mentalitet va an'analar, madaniy va oilaviy qadriyatlar tufayli o'zbekistonliklar farzandlari, ota-onalari, yaqinlari uchun ko'chmas mulk sotib olishga intiladi. Bu o'rinda, shuningdek, poytaxtga yo'nalgan ichki migratsiyani ham qayd etish mumkin. Yangi qurilish yoki "ikkilamchi" Agar investitsiya strategiyasi uzoq muddatli yoki hatto o'rta muddatli bo'lsa, u holda, albatta, yangi qurilishni tanlash kerak. Sovet davriga oid ikkilamchi ko'chmas mulk, shoshilinch va sifatsiz qurilgan yangi qurilishlardagi ikkilamchi ko'chmas mulk tez eskiradi, tovar sifatidagi qiyofasini yo'qotadi, kommunikatsiyalar ishdan chiqadi va qo'shimcha sarf-xarajatlarni talab qiladi. Bu bir qator qo'shimcha muammolarni keltirib chiqaradi va "ikkilamchi" ko'chmas mulkning bozordagi jozibadorligini pasaytiradi, shuningdek, investitsiya risklarini oshiradi. Joylashuv Bu borada yuqori o'sish potensiali yoki tarixan barqarorlikka ega bo'lgan hududlarga ustuvorlik berish maqsadga muvofiq. Bunday joylarda ko'chmas mulk vaqt o'tishi bilan nafaqat o'z qiymatini saqlab qoladi, balki ijara yoki qayta sotishdan daromad olish imkonini ham beradi. Joylashuvning muhimligini tushunish, hududni to'g'ri tanlash mulkning joriy qiymatini ham, uzoq muddatli investitsiya jozibadorligini ham sezilarli darajada oshirishi mumkinligini tushunishga olib keladi. Rivojlangan infratuzilma, asosiy transport markazlari va ijtimoiy muassasalarga yaqin joylashgan hududlardagi ko'chmas mulk odatda ijarachilar va xaridorlar orasida talabgir bo'ladi. Toshkent haqida gap ketganda, uzoq muddatli investitsiya strategiyalari sharoitida alohida hududlarda infratuzilmani rivojlantirish dinamikasi, quruvchi kompaniyaning nufuzi va taklif etilayotgan turar joy klassini taqqoslagan ma'qulroq. Poytaxtning markaziy tumanlarida mutaxassislar tomonidan prognoz qilingan minimal o'sish deltasi yiliga 20−30 foizni tashkil qiladi. 3−5 yil ichida Toshkentning nomarkaz, lekin faol rivojlanayotgan hududlarida rentabellik deltasi ushbu ko'rsatkichlardan oshib ketadi, chunki bugungi kunda u yerda yer arzon va talab kamroq. Biroq, bu hozircha shunday. Shu bilan birga, agar siz nufuzi shubha ostida bo'lgan quruvchi kompaniyani tanlagan bo'lsangiz, u loyihani topshirish muddatini kechiktirishi yoki turar joy majmuasini qurishni umuman tamomlamasligi mumkin. U holda siz tanlagan joy qanchalik istiqbolli ekanligi muhim emas — rentabelligingiz yuqori bo'lishi ehtimoli ham o'z ahamiyatini yo'qotadi. Segment va maydon Endigina faoliyat boshlayotgan investorlar ekonom-klass ko'chmas mulk sotib olishni afzal ko'radi va bu qarorini narxning yaxshiroq ekani bilan asoslaydi. Shu bilan birga, yangi investorlar yuqori klassga mansub ko'chmas mulkka variant sifatida odatda umuman qaramaydi. Biroq, agar siz haqiqatda investitsiya kiritishni istasangiz, yodda tuting: kvadrat metr uchun hisoblangan narxning o'zi emas, balki uning o'sish dinamikasi sizning investitsiya strategiyangizga muvofiq qanday bo'lishi va kvadrat metr narxi qanday risklar bilan birga kelishi muhim. Boshqa barcha xususiyatlar nuqtai nazaridan teng bo'lgan taqdirda, uch xonali ekonom-klassdan ko'ra bir xonali biznes-klass xonadon sotib olish manfaatliroqdir . Yoki bitta uch xonali ekonom-klass xonadon o'rniga ikkita bir xonali xonadon, chunki kichikroq maydonga ega ko'chmas mulkni sotish har doim osonroq. Kichkina turar joylar yaxshi likvidlikka ega va har kvadrat metr uchun yuqoriroq daromad keltirishi mumkin, bu ularni ishonchli va foydali investitsiya variantlarini qidirayotganlar uchun ideal tanlovga aylantiradi. Ko'chmas mulk xarid qilishni investitsiya sifatida ko'rib chiqayotgan bo'lsangizu, oilangiz bilan ushbu xonadonga ko'chib o'tish imkoniyatini ham istisno qilmayotgan bo'lsangiz, kattaroq maydonga ega xonadon sotib olish ham mumkin. Ko'chmas mulkning boshqa xususiyatlari Barcha holatlarda biz turar joyni loyihalashga e'tibor berishni tavsiya qilamiz. Bozor ko'pincha juda yomon loyihalash variantlariga ega bo'lgan xonadonlarni taklif qiladi, ularni kelajakda sotish juda qiyin bo'ladi. Nomutanosib xonadonlar, kichik mehmonxona va katta yotoqxonaga ega bo'lgan, derazalar soni yetarli bo'lmagan, derazalar bo'sh devor yoki to'siqqa qaragan — noto'g'ri rejalashtirilgan uy-joylarga muntazam duch kelamiz. Infratuzilma — aktiv qiymatiga ta'sir ko'rsatuvchi yana bir muhim omil. Hatto bugungi kunda nima borligi emas, balki infratuzilmaning rivojlanish dinamikasi ahamiyatga ega, chunki bu yerda hozir emas, kalitlar topshirilayotgan paytda nima bo'lishi muhimroq. Quruvchi kompaniya Ishonchli quruvchi kompaniyalar bilan ishlash nihoyatda muhim. Muvaffaqiyatli developer va'da qilingan yetkazib berish muddatidan (olti oygacha) kichik og'ishlar bilan amalga oshirilgan avvalgi loyihalarini, kadastrlarni o'z vaqtida olgan mamnun mijozlarni va uyning arxitektura dizayniga muvofiqligini oldindan ko'rsatishi mumkin. Agar sotuv bo'limining xodimi yiliga kamida 30 foizlik foydani va'da qilsayu, biroq xuddi shu quruvchi kompaniyaning avvalgi obyektlari aslida pastroq rentabellikni ko'rsatgan bo'lsa, u holda "Bu safar nimadir boshqacha bo'ladi degan taxminni qayerdan oldingiz?" degan savolni berish juda o'rinli bo'ladi. Xulosa "Qayerga investitsiya kiritish kerak?" degan savolga har tomonlama yondashish kerak hamda olingan javoblar va faktlar sizning investitsiya strategiyangizga mos bo'lishi lozim. Risklaringizni minimallashtirish uchun masalani mustaqil ko'rib chiqing yoki ko'chmas mulk investitsiyasi bo'yicha mutaxassislar bilan maslahatlashing. Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Denis Sokolov — ko'chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a'zosi. U " Ko'chmas mulk tili " nomli turkum maqolalarida ( rus tilida ) ko'chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo'yicha prognozlar haqida so'z yuritadi. Istalgan ko'chmas mulk mutaxassisi duch keladigan eng murakkab savol — "Qanday xonadon sotib olganim yaxshi?". Bu savolga faqatgina xonadonni sotayotgan riyeltor hech ikkilanmay javob berishi mumkin. U o'zi maksimal komissiya oladigani [xonadon]ni taklif qiladi. Boshqa hollarda, javob ko'rinib turganidek ochiq-oydin emas. " Janob Bezatuvchi " filmi bosh qahramoni ta'kidlaganidek, uy — bu o'z egasining davomi. Biz, oddiy fuqarolar uchun, bu har bir ko'chmas mulk obyekti o'ziga xos ekanligini anglatadi. Kimgadir mos kelgani boshqa birov uchun to'g'ri kelmasligi mumkin. Shuning uchun, birinchi navbatda, savolni o'zingizga berishingiz kerak: "Ko'chmas mulk menga nima uchun kerak?". Xonadon o'zingizga yashash uchun, farzandingizning to'yiga sovg'a yoki pulingizni band qilib turish uchun kerak bo'lishi mumkin. Ushbu ssenariylarning barchasida gap turar joy ko'chmas mulk ustida bormoqda. Agar xonadon yoki boshqa turdagi binoni daromad olish maqsadida sotib olishni istasangiz, xuddi shu obyekt daromad olish uchun mo'ljallangan tijorat ko'chmas mulkiga aylanadi, buning uchun esa butunlay boshqa qonunlar amal qiladi. Birinchi holatda hissiy komponent — yoqtirish/yoqtirmaslik — muhim bo'lsa, ikkinchisida — faqatgina potensial daromadni ifodalovchi raqamlargina ahamiyatga ega. Har qanday quruvchi kompaniya yoki riyeltor uchun aynan xaridor-investorlar eng ko'p istalgan maqsadli auditoriya hisoblanadi. Xaridor o'zi va oilasi uchun bittagina xonadon sotib olsa, investor 5 yoki 10 ta xonadon sotib olishi mumkin, shuning uchun marketing strategiyalari ko'pincha xaridorning investitsiya kiritish nuqtai nazaridan fikrlashiga qaratiladi: marketologlar investor tomonidan [xonadon yoki binodan] so'nggi foydalanuvchilar orasida yuqori talabga ega bo'lishi kutilayotgan sifatlarga ega bo'lgan manzarani yaratadi, xaridorning o'zi uchun bu qadar jozibali manzaraga hojat yo'q. Shuningdek, ko'chmas mulk agentlari bunday investitsiyalarning potensial rentabellik darajasini ko'rsatishga harakat qiladi, tabiiyki, haqiqatni bo'rttirib ko'rsatadi. Bugun biz rentabellik qanday hisoblanishi va ko'chmas mulkdan olinadigan real daromadni ko'rib chiqamiz. Ko'chmas mulkka investitsiyalardan olinadigan daromadning ikki turi mavjud: aktivning qiymati ortishi hisobiga olinadigan daromad va ijaraga berishdan olinadigan operatsion daromad. Siz bugun 75 kvadrat metr maydonga ega, hali qurilish bosqichida bo'lgan xonadonni 90 ming AQSh dollariga (har kvadrat metri uchun 1200 dollardan) sotib olyapsiz deylik. Tayyor xonadonning kvadrat metri kamida 1500 dollar turadi, bundan kelib chiqadiki, siz 24 foiz daromad olasiz. Mutlaq to'g'ri mantiqqa tayanilsa, bunday sxemada ayrim nyuanslar mavjud. Birinchidan, siz xonadonni bir yildan keyin emas, balki ikki yildan keyin sotasiz (deyarli barcha quruvchi kompaniyalar qurilish jadvalidan chetga chiqadi). Ikkinchidan, uni sotish uchun xaridorga chegirma berishingiz va riyeltorga komissiya to'lashingizga to'g'ri keladi. Natijada, bu 24 foiz soliq to'lashdan oldingi daromad hisobida yillik 10 foizdan kamroqqa aylanadi. Asosiy qoida — investitsiyaning rentabelligi faqatgina haqiqiy sotuvdan keyin hisoblanadi. Toshkentdagi investorlarning aksariyati hali ham "aktivlar ustida o'tirganini", ya'ni ular sotib olgan ko'chmas mulklarini hali sotmaganligini hisobga olsak, bitimlar hajmi unchalik katta emas hamda bozor narxi va haqiqiy narx o'rtasida juda katta tafovut saqlanib qolmoqda. Muhimi shundaki, qiymatning o'sishidan olinadigan potensial daromadni oldindan aytish imkonsiz va o'tgan davrdagi tajriba hech narsani anglatmaydi. Agar oldingi yillarda ko'chmas mulk qiymati yuqori sur'atlarda oshgan bo'lsa, bu ko'p hollarda o'sish potensiali tugagani va endilikda o'sish sur'ati pasayishini anglatadi. Toshkentda, albatta, ko'chmas mulk narxlarining pasayishi to'g'risida hozircha hech qanday gap yo'q, biroq keyingi besh yil ichida o'sish dinamikasi bir maromda bo'lishi mumkin. Shuning uchun jiddiy investorlar birinchi navbatda operatsion rentabellikka — ijaradan olish mumkin bo'lgan daromadga e'tibor qaratadi. Buni prognoz qilish va boshqarish ancha oson. Quruvchi kompaniya sizga yuqoridagi misolda keltirilgan xonadon ijaraga berish uchun eng yaxshi variant ekanligini aytadi. Siz uni oyiga 1100 dollarga ijaraga berishingiz mumkin, bu sizga yillik 15% daromad keltiradi. Boshqacha aytganda, bunday xonadonga qilingan harajatlar ijara hisobiga 7 yilda o'zini oqlaydi. Bu mutlaq haqiqat, lekin aytib o'tganimizdek, bir nyuans bor. Keling, real daromadlilik darajasini hisoblab ko'ramiz. Shunday qilib, quruvchi kompaniya uyning qurilishini kamida bir yilda yakunlaydi. Shundan keyin, uyni ijaraga berish uchun siz har bir metriga kamida 400 dollar turadigan pardozlash ishlarini amalga oshirishingizga to'g'ri keladi. Faraz qilaylik, har ikki yilda yangi ijarachi izlash va shunga mos ravishda riyeltorga oylik ijara haqining yarmini to'lash kerak bo'ladi. Qolaversa, xonadon bir necha oy davomida bo'sh turadi. Shuningdek, optimistik nuqtai nazardan, bozor o'sib boradi va har ikki yilda ijara haqini 100 dollarga oshiramiz deb faraz qilaylik. Shuni ham unutmaslik kerakki, besh yildan so'ng pardoz va mebellarni yangilashga to'g'ri keladi, buning uchun kamida 7 ming dollar sarflaymiz. Bizning ssenariyda 10 yil mobaynida 133 ming dollar sarf qilish evaziga 112 ming dollar daromad olamiz. Bu daromadlilik darajasi soliq to'laguncha bo'lgan daromad hisobida 8% dan sal ko'proq demak. Boshqacha aytganda, xonadon xarajatlari 12 yil ichida o'zini qoplaydi. Bu biz kutgandan deyarli ikki baravar yomon. Biroq, agar xonadon qiymati 10 yil ichida 40 foizga oshishini faraz qilgan holda, uning sotuvini 10 yillik muddatga garovga qo'ysak, unchalik achinarli emas. U holda yillik daromadimiz 18 foizni tashkil etadi. Aynan shuning uchun ham hatto konservativ hisob-kitoblar bilan to'g'ri boshqaruv orqali ko'chmas mulkka qilingan investitsiyalar yaxshi daromad keltiradi. Bizning modelimizda bir nechta jihatlar hisobga olinmagan: 1. Sug'urta. Xonadonni suv bosishi, yong'in sodir bo'lishi mumkin. Bunday holda, ko'chmas mulk sug'urtalangan bo'lishi va sug'urta qiymati daromaddan ushlab qolinishi kerak. 2. Mulk solig'i. 10 yillik istiqbolda bozor qiymatidan kelib chiqib soliqni hisoblashga o'tilishi muqarrar (hozir u kadastr qiymati asosida hisoblanyapti). Bu daromaddan yana bir minus 1 foiz band degani. 3. Daromad solig'i. Minus 1,5 foiz band. Yakuniy taxminiy rentabellik, ijara va keyingi 10 yildan keyin sotishni hisobga olgan holda, taxminan 14 foizni tashkil qiladi. Jahon standartlari bo'yicha bu — yuqori ko'rsatkich. 1. Ko'chmas mulk narxlarining tez yoki sekin o'sishi borasida o'tgan davrdagi tajriba haqidagi cho'pchaklarga ko'r-ko'rona ishonish kerak emas. 2. Investor qiymatning o'sishiga ta'sir ko'rsata olmaydi, lekin xonadonning bo'sh turish vaqtini qisqartirish, ijara haqini oshirish, binolarni to'g'ri rejalashtirish, sifatli ta'mirlash va mebellar orqali operatsion daromadga ta'sir qilishi mumkin. 3. Bozor maqbul shartlarni taklif qilganda, investor o'z xonadonini ijara biznesi sifatida sotishi mumkin. 4. 25 foizlik "chizilgan" daromaddan 14 foiz haqiqiy daromad yaxshiroq. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
O'rta sinf — iqtisodiy o'sish tushunchasining eng muhim elementi hisoblanadi. Shu sababli u haqida anjumanlarda so'z yuritiladi va unga bag'ishlab tadqiqotlar o'tkaziladi. O'rta sinfning o'sishi — mamlakat farovonligining kafolatidir. Yo'l boshida turgan rivojlanayotgan bozorlar uchun jamiyatning eskirgan tuzilishi xos bo'lib, unda bir nechta boylar va ko'p sonli kambag'allar istiqomat qiladi. Bunday jamiyatlardagi ijtimoiy taraqqiyot klassik adabiyotda — Umar Xayyomdan tortib Robert Byornsgacha — ko'p bora tilga olingan "boylar boyiyveradi, kambag'allar kambag'allashaveradi" degan naql bilan tavsiflanadi. Bu paradigmada rivojlanishga o'rin yo'q — kambag'al hech qachon boyimaydi. O'rta sinf tushunchasi tengsizlikning yengib bo'lmas ijtimoiy muammosini hech bo'lmaganda qisman hal etishga imkon beradi. Inson qashshoqlikdan boylikka sakrab o'tolmaydi, biroq o'rta sinfning quyi chegarasidan yuqori chegarasigacha bo'lgan yo'l hech kim uchun taqiqlangan emas — o'rta sinfning asl mohiyatida aynan shu ko'zda tutilgan. O'rta sinf — bu yopiq va o'zgarmas jamiyat emas, balki doimiy harakatdir. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 2010-yildagi "Rivojlanayotgan mamlakatlarda o'rta sinfning paydo bo'lishi" deb nomlangan hujjatida rivojlanayotgan mamlakatlarda o'rta sinfning daromad darajasini har bir uy xo'jaligi uchun kuniga 10−100 dollar oralig'ida belgilagan. Osiyo taraqqiyot banki o'rta sinfni to'rtta kichik guruhga ajratadi : o'tish davridagi, o'rtadan past, o'rtadan yuqori va yuqori. Bugungi kunda O'zbekistonda o'rtacha oylik ish haqi taxminan 5 million so'mni, o'rtacha uy xo'jaligi a'zolari soni esa besh kishini tashkil etadi. Men mamlakatda o'rta sinf bo'yicha o'tkazilgan tadqiqotlarni topishga muvaffaq bo'lmadim, shuning uchun keyinchalik takomillashtirish lozim bo'lgan dastlabki model sifatida shahar aholisi uchun tabaqalashtirishning quyidagi ko'rinishini taklif qilgan bo'lar edim: O'rta sinf daromad chegaralarini aniqlash va miqdorini hisoblash eng muhim tahliliy vazifa bo'lib, yaqin kelajakda hal etilishiga shak-shubha yo'q. O'rta sinf — faqat daromadlar emas, balki qadriyatlar hamdir. Oila o'rta sinf vakiliga aylanar ekan, nafaqat farovonlik, balki inson kapitali o'sishi yo'liga ham qadam qo'yadi. Ijtimoiy zinapoyadan ko'tarilish jarayonida ta'lim, tibbiy xizmatlar, sayohatlar, madaniy rivojlanish va pensiya ta'minotidan foydalanish imkoniyati paydo bo'ladi. Bu jarayon vertikal harakatchanlik deb ataladi. Universitetda tahsil olayotgan kam ta'minlangan oiladan chiqqan yigit oilasining daromadi mezoniga ko'ra emas, balki yaqin kelajakda shaxsiy daromadi oshishi kutilgani uchun o'rta sinfga mansub hisoblanadi. Boshqacha aytganda, men Markaziy Osiyodagi o'rta sinf uchun eng muhim mezon sifatida oila farovonligini oshirish istiqbollarining mavjudligini belgilagan bo'lardim. Bu har qanday ijtimoiy lift bo'lishi mumkin: ta'lim, karera, davlat xizmati va, oxir-oqibat, to'y. Iste'molchi xulq-atvori nuqtai nazaridan, bu insonda o'z kuchi va vaqtini sarflash ma'noga ega bo'lgan narsaning paydo bo'lishini anglatadi. Bu o'qish, ish yoki ijtimoiylashuv bo'lishi mumkin. O'rta sinf uchun vaqt qimmatli resursga aylanadi. Shu sababli, markazlashgan shahar madaniyatining zamonaviy formatlari o'rta sinfga yo'naltirilgan: hamma narsani bir joydan va birdaniga sotib olish mumkin bo'lgan savdo markazlari, barcha qatlam vakillarini uchratish mumkin bo'lgan jamoat joylari, fast-fud qulayligi bilan sifatli oshxona nufuzi va to'laqonli ratsionini uyg'unlashtirgan fast casual formatidagi restoranlar. Supermarketlar ham shu toifaga kiradi. O'rta sinf pillapoyasiga ko'tarilgan inson endi bozorda arzon tovarlarni izlashga vaqt sarflashni istamaydi, chunki uning vaqti sotuvchilarnikidan qimmatroq, shuning uchun u o'z xulq-atvorini o'zgartiradi. Biroq o'rta sinfning o'ziga xos xususiyati doimiy rivojlanishidadir va zinapoyadan yuqorilab borgan sari iste'molchi yana bozorga qaytishi mumkin, ammo bu safar boshqa maqsadda — eng arzon tovarni qidirish uchun emas, balki zavq olish va noodatiy narsalarni topish imkoniyati uchun. Yirik biznes va shahar mutasaddilari yo'nalishning o'zgarishiga oldindan tayyorgarlik ko'rishlari va formatlarni shunchaki mavhum o'rta sinfga emas, balki maqsadli auditoriya ehtiyojlariga yanada nozikroq moslashtirishi lozim. Toshkentda bunday misollar allaqachon mavjud: masalan, eko-bozor rasman oddiy bozor bo'lib qolmoqda, ayni paytda butunlay boshqa maqsadli auditoriyaga mo'ljallanmoqda. Yoki o'rta sinf ehtiyojlari bilan professional tarzda ishlaydigan xalqaro brendlarni jalb qilgan Tashkent City Mall'ni ko'rsatish mumkin. Hozirning o'zidayoq Toshkent bozorlarida turli-tuman xaridorlarni ko'rish mumkin. Bu shaharda bozor savdosi doimo mavjud bo'ladi, chunki u shahar madaniyati va an'analarining muhim qismi hisoblanadi. Eng asosiysi, o'zgarish barobarida u o'zining xilma-xilligi va ochiqligini saqlab qolishidir. Denis Sokolov — ko'chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a'zosi. Avvalroq u "Gazeta.uz"da " Ko'chmas mulk tili " ( rus tilida ) nomli turkumga mualliflik qilib, o'z maqolalarida ko'chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo'yicha prognozlar haqida so'z yuritgan. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
O'zbekistonda ta'lim sifatini oshirish, maktablarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sanitariya va gigiyena, ichimlik suv bilan ta'minlash masalalari, afsuski, to'la hal etilayotganicha yo'q. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi (Delivery Unit) tomonidan "Gazeta.uz" uchun maxsus tayyorlangan maqolada maktablardagi ta'lim sifati, o'quvchilar salomatligi va davomatning ichimlik suv, sanitariya va gigiyena bilan qanchalik bog'liqligi haqida so'z boradi. "O'zbekiston — 2030" strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga doir Davlat dasturida mahalliy hokimliklar zimmasiga sanitariya-gigiyena infratuzilmasini ta'mirlash zarurligini aniqlash maqsadida barcha umumta'lim maktablarini qayta inventarizatsiyadan o'tkazish va inventarizatsiya natijalariga ko'ra loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi vazirligi bilan birgalikda mamlakatdagi 10 mingta umumta'lim maktabini inventarizatsiyadan o'tkazdi. Olingan ma'lumotlar qaror qabul qilish uchun faktik asosni shakllantirish imkonini beradi. Ular o'tgan davrdagi tendensiyalar haqida ma'lumotni o'z ichiga oladi hamda vaziyatni yaxshiroq tushunish va oqilona qaror qabul qilishga yordam beradi. Ma'lumotlar, shuningdek, qabul qilingan strategiyalar va chora-tadbirlar samaradorligini baholash imkonini beradi. Ma'lumotlarni tahlil qilish orqali nima amalda ishlayotgani, nimani to'g'rilash yoki o'zgartirish kerakligini aniqlash mumkin. Tahlil uchun ma'lumotlar turli usullar, jumladan, tekshiruvlar, so'rovnomalar, auditlar, texnik o'rganishlar hamda statistik ma'lumotlar va resurslardan foydalanish bo'yicha hisobotlarni tahlil qilish orqali to'planishi mumkin. Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit jamoasi butun mamlakat bo'ylab to'g'ridan-to'g'ri maktablar ma'muriyatlarining o'zidan ma'lumot to'pladi. Birinchi navbatda, maktab binolari, tomlari, elektr ta'minoti tizimlari, isitish tizimlari, oshxonalar, faollar zallari, hojatxonalarning texnik holati, shuningdek, devor, pol, deraza va eshiklar holatiga baho berildi. Veb-sayt yaratildi, kadastr ma'lumotlariga kirish, so'rovnoma to'ldiruvchilarni familiyasi, telefon raqami orqali tekshirish va maktablarni STIR bo'yicha verifikatsiyadan o'tkazish tizimi ishlab chiqildi. Bitta binoga ega maktablar uchun — 55 ta savol, ikki va undan ortiq binoga ega maktablar uchun — ko'proq (85 tagacha) savollar tayyorlandi. So'rovnoma to'ldirilgach, barcha ma'lumotlar maxsus bazaga tushadi va avtomatik ravishda xaritada aks etadi. Xaritaga ulanish uchun GIS vositalaridan foydalanildi, shundan so'ng ma'lumotlar vizualizatsiya qilindi va hududlar kesimida tahlil qilindi. So'rovnomada O'zbekistondagi barcha umumta'lim maktablari ishtirok etdi. Quyidagi infografikada 9442 ta maktab bo'yicha ma'lumotlar ko'rsatilgan. Ma'lumotlarni yig'ish jarayoni davom etmoqda. Ushbu maqolada ofis to'plangan ma'lumotlarning kichik bir qismini qisqacha tahlil qiladi. Viloyatlar kesimida maktablar qurilishi yillari. Mamlakatdagi eng eski maktab 1871-yilda Andijon shahrida, Mustaqillik mahallasida qurilgan. Qurilishning eng faol bosqichlarida 2006-yildan 2009-yilgacha — 1298 ta maktab va 1984-yildan 1989-yilgacha — 1391 maktab barpo etilgan. Avvalo maktablardagi "sanitariya va gigiyena" tushunchasiga aniqlik kiritib olish muhim ahamiyatga ega. Bu kontekstda u ichimlik suv va qo'l yuvish vositalarining mavjudligi, shuningdek, gigiyenik talablarga javob beradigan ishlaydigan hojatxonani o'z ichiga oladi. Maktab hojatxonalarini toza suv, elementar sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta'minlash bolalarga sog'lom hayot boshlash va rivojlanish imkonini beradi. So'rovnoma natijalariga ko'ra, so'rovnomada ishtirok etgan maktablarning 87 foizida markaziy kanalizatsiya tizimi mavjud emas. Hatto yangi va rekonstruksiya qilingan binolarda ham maktab barcha standartlarga (yaxshilangan keng o'quv xonalari, jozibali tashqi ko'rinish va zamonaviy jihozlar) javob berishi va bino ichida o'quvchilar va o'qituvchilar uchun hojatxona joylashtirilganiga qaramay, bu hojatxonalar qulflangan. Natijada bolalar va o'qituvchilar ko'p hollarda maktab hovlisidagi elementar sanitariya va gigiyena talablariga javob bermaydigan hojatxonalardan foydalanishga majbur. Sanitariya va gigiyena sharoitlaridan foydalanish imkoniyati. Suv yetishmasligi muammoni yanada chuqurlashtiradi. Qo'l yuvish va hojatxonalarni yuvish uchun suv ta'minoti mavjud bo'lmagan holda sanitariya va gigiyena sharoitlarini joriy etish imkonsiz. Tadqiqot davomida ma'lum bo'lishicha, maktablarning atigi 53 foizi markazlashtirilgan suv ta'minotidan foydalanish imkoniyatiga ega. Qolgan 43 foiz maktablarda quduqlardan foydalaniladi (27 foiz), suv tashib keltiriladi (11 foiz) yoki suv umuman yo'q (9 foiz). Natijada o'quvchilar orasida gigiyenaga rioya qilish qiyinlashadi. Ichimlik suv manbalaridan foydalanish imkoniyati. Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilda mamlakatda virusli gepatit A bilan kasallanish 2022-yilga nisbatan ikki baravarga oshgan, ayni paytda kasallanganlik holatlarining 39 foizi maktab yoshidagi bolalarda aniqlangan. Bu kasallik sifatsiz suv ta'minoti, yomon sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilmaslik bilan chambarchas bog'liq. Ma'lumki, qo'l yuvish fekal-og'iz yo'li bilan yuqadigan virusli jigar kasalligi bo'lgan gepatit A yuqishining oldini olishda muhim rol o'ynaydi. Bu virus gepatit A bilan kasallangan odamning najasi bilan aloqa qilish yoki ifloslangan suv yoki oziq-ovqat orqali yuqishi mumkinligini anglatadi. Gepatit A odamdan odamga oson yuqishi sababli qo'llarni muntazam yuvish butun jamiyat salomatligini muhofaza qilishda muhim qadam hisoblanadi. Bundan tashqari, so'rovnoma natijalari shuni ko'rsatadiki, suv ta'minoti, sanitariya va gigiyena sharoitlarining mavjud emasligi nafaqat bolalar salomatligining yomonlashishiga, balki davomatga ham bevosita ta'sir ko'rsatadi. Bolalarning maktab hojatxonasidan foydalanishdan qochishiga olib keladi, bu esa genitouriya kasalliklariga olib kelishi mumkin. Maktab rahbarlarining 39 foizi hojatxonalar holatining davomatning pastligi bilan bevosita bog'liqligiga ishonchi komil ekanligini bildirgan. Tadqiqot o'tkazish va takliflar berish uchun sanitariya va gigiyena bo'yicha avstraliyalik mutaxassis Mark Elleri jalb qilindi. U maktablar uchun yangi hojatxonalarni loyihalash va mavjudlarini yangilashning turli xil arzon variantlarini ishlab chiqdi. Mutaxassisning aniqlashicha, muammolarning asosiy sabablaridan biri suv yetishmasligi va maktablar ichidagi hojatxonalarning noto'g'ri loyihalashtirilganligi hisoblanadi. Xandaqlarning tez to'lib qolishi va axlatni chiqarib tashlash uchun mablag' yetishmasligi, shuningdek, yoqimsiz hid tufayli maktab ma'muriyati hojatxonalarni yopib qo'yadi va bolalarni hovlida joylashgan, ko'p hollarda qo'l yuvish uchun suv bo'lmaydigan hojatxonalarga yo'naltiradi. Hojatxonalar ichida yoqimsiz hidning oldini olish uchun betonning peshob bilan aloqa qilishiga qarshi gidroizolyatsiya ishlamaydi va axlatni yo'q qilish (utilizatsiya qilish) tizimlari yo'lga qo'yilmagan, bu esa ularning tezda to'lib qolishiga olib keladi. Bolalar kunning asosiy qismini o'tkazadigan maktablarda toza suv va munosib sanitariya sharoitlaridan foydalanish huquqiga ega ekanligi kundek ravshan. Bu tamoyil ko'pchilik mamlakatlarda maktablar faoliyatida asosiy tamoyillardan biri hisoblanadi. Biroq hatto poytaxt Toshkentda ham ko'p maktablarda suv bo'lsa, sovun yo'q. O'zbekiston maktablarda Three Stars (Uch yulduz) tizimi bo'yicha baholanadigan WASH asosiy sanitariya va gigiyena standartlariga erishishga intilishi lozim. O'quvchilar guruhi uchun qo'llarni yuvishga sharoit, ozoda hamda qizlar va o'g'il bolalar uchun alohida hojatxonalar, shuningdek, ichimlik suv bilan ta'minlangan, sanitariya va gigiyena qoidalarini targ'ib qilish maqsadida jamoatchilik vakillarini jalb qilgan maktablarga — bitta yulduz; o'quvchilar ichimlik suvdan bemalol foydalanish, hojatxonadan foydalangandan keyin qo'llarini sovun bilan yuvish imkoniyatiga ega bo'lgan, o'quvchilar uchun qo'shimcha hojatxonalar mavjud bo'lgan maktablarga — ikkita yulduz; o'quvchilar gigiyena qoidalariga o'rgatiladigan, nogironligi bo'lgan o'quvchilar uchun sanitariya imkoniyatlari mavjud bo'lgan va mamlakatning barcha maktablarida yagona WASH standartlariga amal qilinadigan holda — uchta yulduz beriladi. O'zbekistonda maktablar yetarli darajada moliyaviy yordam olmaydi: masalan, maktabni saqlash uchun mahalliy budjetdan yiliga o'rtacha 25 mln so'm mablag' ajratiladi. Bolalar uchun asosiy sanitariya va gigiyena sharoitlarini ta'minlash uchun maktablarni moliyalashtirishni qayta ko'rib chiqish va uning miqdorini oshirish zarur. Bundan tashqari, barcha hududlar suv ta'minoti loyihalarida yaqin atrofdagi barcha maktablarni suv bilan ta'minlashni ko'zda tutilishi lozim. Hozirgi vaqtda Delivery Unit sanitariya va gigiyena bo'yicha navbatdagi loyihalar texnik hisobotlarini nashrga tayyorlamoqda. Ushbu maqola Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi (Delivery Unit) tomonidan taqdim etilgan bo'lib, u 2026-yilga qadar sog'liqni saqlash, maktab infratuzilmasi va ichimlik suv sohalarida 12 ta ko'rsatkichga erishishga qaratilgan. Maqsadlardan biri 1500 ta maktabni yaxshilangan infratuzilma, jumladan, ichimlik suv, qo'l yuvish uchun suv va yaxshilangan hojatxonalar bilan ta'minlash bilan bog'liq. Ofis muntazam ravishda muhim tashabbuslarni jamoatchilik bilan baham ko'rishni, ularni muloqotga taklif qilishni va sharhlarda takliflar almashishni rejalashtirmoqda. Delivery Unit tomonidan taqdim etilgan avvalgi maqolalar bilan quyida tanishish mumkin.
columnist
Yanvar oxirida O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev transport sohasi va uning xavfsizligiga mas'ul amaldorlar — transoprt vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o'rinbosari Mamanbiy Omarov, Yo'l harakati xavfsizligi xizmati boshlig'i Olim Saidov ( ikkinchi marta ) va "Toshshahartransxizmat" (TSHTX) kompaniyasi raisi Anvar Jo'rayevga hayfsan e'lon qilib, so'nggi ogohlantirish berdi . Jamoat transporti haqida to'xtalar ekan, davlat rahbari o'shanda shunday degan edi: Toshkent 2023-yilda 1000 ga yaqin avtobus oldi, ammo shaharda tirbandlik muammosi hal qilinganicha yo'q. U Toshkentda yangi avtobuslar ishtirokida yuz bergan 100 ga yaqin YTHlarni ham eslab o'tdi . "Jamoat transportining qamrovi bor-yo'g'i 25 foiz — bu tizimga berilgan baho", — dedi prezident. Oradan bir hafta o'tib, Toshkentda ushbu tizimni 2017-yildan beri boshqarib kelayotgan, shahar transport boshqarmasi va TSHTX rahbari mansab soxtakorligi va rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarida gumonlanib, qamoqqa olindi . Bu shahar yo'lovchi tashuvlarini kuzatib boruvchi ko'pchilik uchun kutilmagan yangilik bo'ldi. Anvar Jo'rayevning aybsiz yo aybdor ekanligiga endi sud aniqlik kiritishi lozim. Ammo qachon tayinlansa ham, TSHTXning yangi rahbari jamoat transporti bilan bog'liq avvalgi muammolarga va mas'uliyatni jamoat transporti, Toshkent yo'llarining tuzilishi va xavfsizligiga mas'ul boshqa ko'plab tashkilotlar bilan bo'lishish zaruratiga baribir to'qnash keladi. Necha yillardan beri yechimi topilmayotgan muammolarni batafsil ko'rib chiqish uchun, keling, avval jamoat transporti eng yaqin o'tmishda qanday ahvolda bo'lganini bir ko'rib chiqsak. 2019-yil bahorida, jurnalistlik faoliyatimning avvalida men endi-endi jamoat transporti tizimiga qiziqa boshlaganimda, avtobuslar taksida yurishni yoki avtomobil sotib olishni o'ziga ep ko'ra olmaydiganlar uchun bir rasvo muqobil edi. "Mersedes"lar yongani haqida xabar chiqmagan biror hafta yo'q edi. "MAN" avtobuslaridagi konditsionerlar hech qachon ishlamasdi. Markaziy Osiyoning eng yirik shaharida odamlar tor va poli baland "Isuzu"larda tashilardi — uni ham yo'lovchilar shturm bilan egallashga majbur edi. Foto: Toshkent shahar IIBB Biror bir avtobus modeli maqbul o'lchamdagi darcha (fortochka)lar bilan jihozlanmagan va biz, yo'lovchilar, salonga zo'rg'a kirayotgan havoni xuddi baliq kabi og'zimizni katta-katta ochib yutishga majbur edi. Haydovchilar GPS-trekerlarni o'chirib qo'yishi odatiy hol edi. Avtobusing qayerda ekanini ko'rish imkonini beruvchi "Yandeks.Xarita" bilan integratsiya hali yo'q va sen o'z transportingni cheksiz kutishga majbur eding. Ko'ngilli tashabbuskorlar tomonidan ishlab chiqilgan va hatto haydovchilar orasida ham mashhur bo'lgan 3TM monitoring dasturini muntazam ravishda tizimdan uzib qo'yishardi. Yo'l haqini faqat naqd pul bilan to'lash mumkin edi va butun jamoat transporti tizimi "plan"ga o'tirib qolgandi. Haydovchi va chiptachi (konduktor)lar "plan"dan ortgan hamma pulni tushlik va 18 soatlik smenadan so'ng uyga yetib olish uchun sarflardi. Men 2019-yil sentabrida haydovchilar yana qanday xarajatlarni ko'tarishini o'rganish uchun konduktor bo'lib ishga kirdim . Ular moy, mayda detallar sotib olar, ta'mir uchun ustalarga, avtobusni tartibga keltirib bergani uchun "moykachi"larga pul to'lar, tibbiy ko'rikdan "o'tkazgani" uchun shifokorga, pul tushumini qabul qilishi uchun kassirga, yo'nalish varaqasini berishi uchun dispetcherga "qistirishi" lozim edi. Avtobus saroyiga birinchi kelganimda tizimdagi barcha rasvogarchiliklarga uning quyi bo'g'inidagi haydovchi va konduktorlar sababchi ekaniga ishonchim komil edi. Ammo bir necha soat ishlab ko'rgach poytaxt transportining rasvoligi uchun butun tizim aybdor ekanini tushunib yetdim. Bu mavzuga qanchalik chuqur kirsam, bu chirik tizimning tarkibiy qismlarini shunchalik ko'proq uchrata boshladim. Respublika va shahar budjetida jamoat transporti uchun ustuvorlik berilmagani, unga panja ortidan qaralishini amaldorlar ko'p aytardi. Tizimdan har doim zararlarni kamaytirishni, "nol"ga chiqishni, foydani kutishardi. Avtobuslarni yangilash ishi har yili ortga surilardi. TSHTX 2022-yil oxirida ham allaqachon yonib ketgan "Mersedes"lar uchun 2008-yilgi kreditni yopish bilan ovora edi. Jamoat transporti bir amallab kunini ko'rishga o'rganib qolgandi. Yangilanishga bo'lgan umid yildan yilga so'nib borardi. 2020-yil oxirida, va nihoyat, yo'l haqini to'lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boshlandi . Haydovchi va konduktorlar validatorlar buzuqligini bahona qilib, ATTO kartalarini qabul qilishni qanchalik xohlamaganini, TSHTX dispetcherligi esa elektron to'lovi qabul qilinmagan yo'lovchilarning shikoyatlari bilan to'lib ketganini yaxshi eslayman. Moslashuvchan tariflarni joriy etish bo'yicha taklif o'shandayoq tayyor edi, ammo uning integratsiyasiga uch yil (!) vaqt ketdi. Yo'l haqini oshirish va differsial tariflarni joriy etishning bir necha bor kechiktirilishi islohotni ortga suraverdi. Islohotga doir qaror loyihasi hukumat qo'lida ancha vaqt qabul qilinmay turib qoldi . ATTO kompaniyasi mutaxassislari 2021-yil davomida transport kartasini olishi mumkin bo'lgan barcha yo'lovchilar bunday kartalarni olib bo'lgani, qolganlar esa naqdsiz to'lovda biror afzallik bo'lmagani uchun pullarini transport kartalarida saqlash yoki bu kartani sotib olishga pul sarflashdan naf ko'rmayotganini ta'kidlagandi. Ta'tildan keyingi birinchi o'qish kunida metroning "Chilonzor" yo'nalishi Sergeli qismidagi bekat kassasi oldidagi navbat. Foto: Kommunalkin / Telegram. 2023-yilda tariflarni oshirish haqida yana gap ochildi . Ammo o'sha yil bahorida shahar kengashi bu qarorga qat'iy qarshi chiqib, yo'l haqi iyuldagi prezident saylovidan keyin oshirilishini aytdi. Moslashuvchan tariflar esa faqat 2023-yil noyabriga kelib joriy etildi . Hozir yo'lovchilarning 60 foizdan ortig'i yo'l haqini naqdsiz ko'rinishda to'lamoqda — tizim bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarning aksariyat shaharlaridagidan ko'ra ko'proq elektron to'lov turlarini taklif qilmoqda. Tizim yo'lovchi tashuvlarini "plan" bo'yicha emas, balki ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatiga qarab baholovchi brutto-kontraktlarga o'tishga deyarli tayyor. Haydovchilarning "plani" pandemiyadan keyin ham bir marta bekor qilingan edi , ammo yo'lovchi tashuvlarini tashkil etishning eski modeli tizimni baribir yana avvalgi izmiga qaytarib qo'ygandi. 2023-yil mayida yo'nalishlarni yangi modelga o'tkazish uchun navbatdagi urinish kuzatildi . Ammo oradan ikki oy o'tib, haydovchilar bilan suhbatda "plan" yana qayta tiklanganidan xabar topdim. TSHTX buni yo'l haqi to'lovini nazorat qilish tizimi hali to'la yo'lga qo'yilmagani bilan izohladi. Bu tizim esa hukumat tegishli qarorni imzolagach ishga tushadi — bu qarorning ko'rib chiqilishi necha oylardan beri tugamayapti. Tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimisiz pul tushumi, shubhasiz, kamayadi. Qo'shni Olmaota shunday tajribani boshdan o'tkazgan — "plan" bekor qilingan birinchi kunda tizim daromadi 47 foizga kamayib ketgan. TSHTX ham shu yo'ldan ketsa, kompaniya e'tirozlar ichida qolardi. Yo'llarda avtobuslar uchun alohida bo'laklarni ajratish brutto-kontraktlarni joriy etishning shartlaridan biri edi. Bugun poytaxtning 18 ta ko'chasi yoqalarida shunday bo'laklar tashkil etilgan. Har kuni ular orqali 16 mingta avtobus reysida 600 ming yo'lovchi tashilmoqda. Ammo yo'lning o'ng tarafidan ajratilgan alohida bo'laklarning samarardorligi avvalboshdan savol tug'dirayotgan edi. Bu haqda Navoiy ko'chasi rekonstruksiyasi vaqtidayoq rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman ham fikr bildirgan edi. Ajratilgan bo'lak muntazam bo'lmagani, ora-orada uzilgani, bir paydo bo'lib, yana yo'q bo'lib qolishi sababli avtobuslar ulardan to'laqonli foydalana olmaydi. Eng muammoli jihat shundaki, poytaxt ko'chalarining egalari ko'p: ajratilgan bo'laklar qayerda bo'lishini YHXX, hokimlik va ulardan ham yuqoriroq turadigan boshqa idoralar belgilaydi. Shu kunlarda bu ro'yxatga prokuratura ham qo'shildi. Xuddi shu mulohaza avtobus bekatlariga ham taalluqli. Ular noqulay, noinsoniy, tadbirkorlarga sotib yuborilgani va shu sababli oldi shaxsiy avtotransportga to'lib ketganida ham TSHTXni ayblashadi. Ammo yuridik jihatdan avtobus bekatlari Toshkent shahar hokimligiga tegishli. Sog'liqni saqlash yoki ta'lim boshqarmalari hududiy hokimiyat organlari qarshisida qanchalik nochor bo'lsa, transport muammolariga, ayniqsa, bu jabhadagi uzoq muddatli rejalashtirish masalalariga ham Transport vazirligining bo'linmasi yoki shahar yo'lovchi tashuv operatori emas, balki birinchi galda shahar ma'muriyati javob beradi. Yo'l yoqasida pullik avtoturargohlar tashkil etish orqali avtobus bekatlarining oldini shaxsiy avtotransportdan tozalash mumkin. Toshkent hokimligi bu borada tender o'tkazib, pudratchini aniqlab, ular bilan shartlarni kelishib olganiga qaramay, pullik parkovkalar hali ham joriy etilgani yo'q. Ishning to'xtab qolganiga rasmiy sabab — Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda pullik parkovka joyidan foydalanganda pulni to'lamaganlik uchun javobgarlik ko'zda tutilmagan. Kodeksga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o'zgartish kiritishi mumkin, men ulardan buni 2023-yil noyabrida ham iltimos qilgandim . Va nihoyat, harakatlanuvchi tarkib (avtobuslar) masalasi. Kompaniya o'z avtoparkining yangilanishini ko'p yillardan beri kutayotgan edi. Har yili toshkentliklarga yangi avtobuslar sotib olinishi va'da qilinar, ammo har safar qandaydir qaror tasdiqlanishining cho'zilib ketgani yo xarid mexanizmining maqbul darajada ishlab chiqilmagani yoki bo'lmasa moliyalashtirish manbaining yo'qligi sabab bu ish ortga surilib kelayotgandi . O'tgan yil fevralida prezident Toshkent uchun 1000 ta, xususan, o'ta katta sig'imli 18 metrlik avtobuslar sotib olinishini e'lon qildi . TSHTX kelgan avtobuslarning ishlashini ta'minlash uchun ikki oy ichida ming nafar yangi haydovchini ishga olishiga to'g'ri keldi. Men haydovchilar bilan suhbat jarayonlarida qatnashgandim, ishlashga da'vogarlar navbati TSHTX binosi yonida tibbiy ko'rikdan qanday o'tayotganini ko'rgandim. YHXX kompaniyaga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi avtobus haydash uchun tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilar to'g'risidagi ma'lumotlar bazasini taqdim etgan edi. Avtobus haydovchisining maoshi va nihoyat yuk mashinalarining haydovchilariniki bilan raqobatlasha oladigan bir darajaga kelgandi. To'g'ri, yuk mashinalari haydovchilarida "plan" yo'q, bir kunda 18 soat ishlashi ham shart emas va kayfiyati har xil minglab yo'lovchilar bilan ishlamaydi. Shuning uchun ish taklifiga qiziqib kelganlargina ishga olindi. Haydovchilar malakasi va bir yil ichida shahar avtobuslari ishtirokida yuz bergan 100 dan ortiq YTHlar bo'yicha esa nafaqat TSHTX, balki avtomaktablar va haydovchilik guvohnomasini olishga da'vogarlarning bilimini baholovchi imtihon markazlari ham, shuningdek, pulli parkovkalarni joriy etish va ko'chalar o'rtasidagi alohida ajratilgan bo'laklarni tashkil etish tashabbuslarini to'xtatib turgan hamma mas'ul. Men 2019-yildan beri Toshkent transporti va taraqqiyoti haqida kamida 100 ta material yozdim. Poytaxt transport boshqarmasi, "Toshshahartransxizmat" kompaniyasi va keyinroq poytaxt hokimligi huzurida tashkil etilgan Raqamli rivojlanish departamenti jurnalistlar bilan ishlashda eng ochiq davlat organlari edi. Ushbu muassasalarning rahbariyati imkon qadar barcha axborotni taqdim etar va tanqidni har doim tushunish bilan qabul qilardi. Ishonch bilan shuni aytishim mumkinki, bugun aynan shahar yo'lovchi tashish va raqamlashtirish sohasida ochiqlik tomon sezilarli o'sish bor. Matbuot xizmatlaridan yalinib ham ma'lumot olib bo'lmaydigan boshqa ko'plab davlat organlari haqida bunday iliq fikr bildirish amri mahol. 2019-yilda rasvo jamoat transportining ramzi bo'lgan Toshkent avtobusi endi-endi oyoqqa turib, shaharning kam ta'minlangan aholisi transportidan yo'lovchilari turfa, xususan, qimmatbaho kostyum va ko'ylaklar kiygan, rivojlangan bir tizimga aylanayotgan edi. Bugun avtobuslarda samokati bilan ko'chaga chiqqan shaharliklarni ko'rish mumkin, nihoyat nogironlik aravachasidagi yo'lovchilar ko'rina boshladi, yosh bolali onalar uchun maxsus joylar ko'paydi. Yo'lovchilar orasida velosipedi bilan avtobusga chiqib olgan ovqat yetkazuvchilarni uchratasiz. Transportda avvalgidek chidab bo'lmas tiqilinchlar kuzatilmayapti. Ha, avtobuslarni tirbandliklardan olib chiqish, yo'nalishlar tarmog'ini maromiga yetkazish, yo'lovchilar sonini oshirish, alohida ajratilgan bo'laklarni ishlashga, boshqa haydovchilarni esa jamoat transportini hurmat qilishga majbur qilish, xullas, hali qilinadigan ishlar ko'p. Ammo bexato, kamchiliklardan xoli islohotlar bo'lmaydi. Shunday ekan, nafaqat yutuq va muvaffaqiyatlar uchun, balki xato va kamchiliklar uchun ham javobgarlikni o'zaro bo'lishish adolatdan bo'lur edi.
columnist
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'janing Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida o'zi yashab turgan mamlakatning davlat tilini bilmaydiganlar haqida aytgan fikrlari O'zbekistonda ham, undan tashqarida ham muhokamalarga sabab bo'ldi. Davlat Umarov o'z maqolasida muhokamalarga sabab bo'lgan masala yuzasidan jamiyatda bo'linishlarga yo'l qo'ymaslik va mavjud muammolarni yechish uchun mas'uliyatni olishdan qochmaslik muhimligi haqida mulohaza yuritadi. Dastlab Rossiya TIVning rektor bo'yicha bayonoti haqida ikki og'iz gap. Sherzodxon Qudratxo'janing Rossiya tashqi siyosat idorasiga xush kelmagan so'zlari Rossiya fuqarolariga emas, balki o'zbek tilini bilmaydigan O'zbekiston fuqarolariga qaratilgan edi. Suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyilini hali hech kim bekor qilgani yo'q, shu bois bu mavzuga boshqa davlat fuqarosi yoki tashkilotining aralashishga haqi yo'q. Har qanday O'zbekiston fuqarosi kabi Sherzodxon Qudratxo'ja ham O'zbekiston jamiyatidagi masalalar yuzasidan o'z shaxsiy fikrini bildirishga to'la haqli. Shunday ekan, Qudratxo'janing fikrlariga qo'shilish-qo'shilmasligimizdan qat'i nazar, unga boshqa bir davlat vakillari tomonidan tahdid-tajovuz qilinishiga yo'l qo'ymaslik zarur. Rektor aytgan gaplar ko'plab o'zbekistonliklar tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Rossiya TIV bayonotidan so'ng bu qo'llov yanada kuchaydi. Ayni vaqtda, Sherzodxon Qudratxo'janing o'zbek tili roli va nufuzini oshirish yo'lidagi qayg'urishini olqishlasak ham, u keltirgan argumentlar va ularni qanday aytganligi jamiyatni turli lagerlarga bo'lib yuborganini ham qayd etish joiz. Bunday bo'linishga esa, ayniqsa oldimizda zamonaviy tahdidlar turgan bir paytda, yo'l qo'yib bo'lmaydi. O'zbek tilining jozibadorligi bilan bog'liq barcha muammolar, avvalo, shu til egalariga bog'liq muammo ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Bu o'zbek tilini bilmaydiganlarning aybi emas. Rus, qozoq, qirg'iz, tojik, koreys yoki boshqa elatga mansub VATANDOSHLARIMIZGA: "Shuncha yil O'zbekistonda yashab, nega o'zbek tilini bilmaysiz?", degandan ko'ra, o'zimizdan: " O ' zbek tilini o'rganish uchun qanday sharoitlar va rag'batlar yaratdik?" , deb so'rashimiz kerak. Balki shu tariqa masala yechimiga tezroq yetib borarmiz. Men muammo paydo bo'lgan joyda unga yechim topish mas'uliyatini o'z zimmamizga olish tarafdoriman. Yechimni, masalan, xulq-atvor iqtisodiyotidan topsa ham bo'ladi. Unga ko'ra, to'g'ri rag'batlar yaratilganda, odamlar o'z qarashlari yoki harakatlarini o'zgartirishi mumkin. Bunga muhitni maqsadga moslashtirish orqali erishish mumkin — masalan, tilni o'rganishga muhit undashi kabi. Harbiy xizmatda bo'lgan rusiyzabon hamyurtlarimiz xizmat davomida o'zbekchani o'rganib olgani haqida ko'p eshitganmiz. Nega shunday bo'lishi haqida hech o'ylab ko'rganmisiz? Chunki bunda muhit o'z ishini qiladi. Oliy ta'limda yoki mehnat jamoalarida ham til shunday o'rganiladi. Shu o'rinda e'tiboringizni "Ko'rinmas qo'l" Telegram-kanali muallifining fikrlariga qaratmoqchiman. U o'zbek tilining jozibadorligini uni o'rganish orqali ochiladigan imkoniyatlar va tilni o'rganish xarajatlari nuqtai nazaridan ko'rib chiqishni taklif qiladi. Muallifga ko'ra, imkoniyatlarga o'zbek tilini o'rganganda topiladigan qo'shimcha daromad va o'zbek tilida mavjud bo'lgan axborot hajmi (kitob, kino, musiqa va boshqalar) kiradi. Xarajatlar esa tilni o'rganish uchun materiallarning yetarliligi, ularning sifati va xamyonbopligidan iborat. "Agar biz o'zbek tilini ko'proq odam o'rganishini xohlasak, uning jozibadorligi haqida fikr yuritishimiz kerak", — deydi u. Bunga esa imkoniyatlarni oshirish va o'rganish xarajatini pasaytirish orqali erishiladi. Keling, bir narsani tan olaylik — so'nggi o'nlab yillar davomida til bo'yicha rag'batlar aksiga ishlasa ishladi-ki, lekin o'zbek tilini o'rganishga undagani yo'q. Masalan, farzandini, ma'lum bir sabablarga ko'ra, hali ham rus tilida ta'lim beriladigan bog'cha yo maktabga yuboradiganlar bor. So'nggi yillarda ko'pchilik bolasining yoshligidan ingliz va boshqa chet tillarni o'rganishiga harakat qilmoqda. Rag'batlar yaratish kerakligi haqida jurnalist Qahramon Aslanov ham juda muhim fikrni bildirdi : "Mahalliy tilni o'rganish ehtiyoji bo'lishi kerak. Birlamchi til o'zbek tili bo'lishi kerak. Faqat o'zbek tilini biladigan odam qiynalmasligi kerak. Bo'ldi. O'zbek tilini bilmaydigan odamga "o'zbekchani o'rganasan" degan talabni qo'yish, uni bilmagani uchun ayblash — noto'g'ri". Kimdir: "Maktablarda boshlang'ich sinfdan boshlab o'zbek tili o'rgatiladi-ku", deyishi mumkin. Qizig'i, istalgan boshqa masalaga kelganda xuddi shu maktab ta'limining son-sanoqsiz kamchiliklarini sanab bera olamiz. O'zimiz ishonmay qo'ygan, doimo tanqid qilib keladigan tizim o'zbek tilini ham yaxshi o'rgatib qo'ya olmasligi xayolimizga ham kelmaydi. O'zbek tiliga davlat tili maqomi mustaqillikdan avval berilgan bo'lsa-da, yaqin-yaqingacha ham davlat idoralarida rasmiy hujjatlar avval rus tilida tayyorlanib, keyin o'zbek tiliga tarjima qilinardi. O'zbek tilida kitoblar chop etilishiga yetarlicha e'tibor qaratilmasdi, ona tilimizda sifatli ilmiy izlanishlar yetishmovchiligi haligacha seziladi. Yaqin vaqtgacha O'zbekiston bilan hamkorlik qiluvchi xalqaro tashkilotlar muhim hisobotlari yoki hukumat uchun siyosiy maslahatlarini asosan ingliz va rus tilida tayyorlardi. Vaholanki, bu hisobotlar butun jamoatchilik uchun muhim bilimlar to'planmasi. O'zbek tilini mustaqil o'rganish imkonini beruvchi yaxshi darslik yoki mutaxassislar ham deyarli yo'q edi. Kimdir: "Chunki ularga talab bo'lmagan-da", deyishi mumkin, lekin bunday talab aynan til jozibadorligi yuqori bo'lgan muhitda paydo bo'ladi. So'nggi yillarda paydo bo'lgan til kurslari (jumladan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan "Ibrat farzandlari" kabi onlayn-loyihalar ham) va til o'qituvchilari bu vaziyatni o'zgartirish imkoniyatiga ega. Yaqinda o'zbek tilini o'rganish uchun onlayn-kurslar tayyorlagan Saida Rashidovani ko'chada katta yoshdagi rus ayol to'xtatib, darslari uchun minnatdorlik bildirganiga guvoh bo'lgandim. Ayol ko'p yillardan beri o'zbek tilini o'rganmoqchi bo'lgani, lekin buning uchun yaxshi kurs topa olmaganini ta'kidlagan edi. Odamlarni tilni bilmagani uchun uyaltirish — tilni taraqqiy ettirish, ommalashtirish yo'lidagi muhim muammolarni tan olish va ularni hal qilishga kirishishdan ko'ra ancha oson, albatta. Ammo tilni o'rganish uchun muhit yaratilmasa, sifatli mutaxassislar tayyorlanmasa va maktabdan boshlab barcha bo'g'inlarda til yaxshi o'qitilmasa, "o'zbek tilini bilmagan yo bosqinchi, yo ahmoq" qabilidagi fikrlar bilan o'zbek tilini o'rganishni talab qilish qanchalik adolatdan o'zi? Haqiqiy islohotlarni, o'zbek tili jozibador va haqiqatda davlat tili darajasiga ko'tarilishini chin dildan xohlaydigan jamiyat uni rivojlantirish mas'uliyatini birinchi navbatda o'z zimmasiga olishi lozim . Yaxshi maqsadlarni ko'zlab aytilgan ba'zi fikrlar esa jamiyatni ikkiga bo'lishi va ixtilof yasashga xizmat qilishi mumkin.
columnist
Denis Sokolov — ko'chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a'zosi. U avvalroq "Ko'chmas mulk tili" ( rus tilida ) sarlavhali maqolasida ko'chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo'yicha prognozlar haqida so'z yuritgan edi. Mijozlar bizga eng ko'p shu ikki savol bilan murojaat qiladi: "Ko'chmas mulkdan qanday qilib daromad qilish mumkin?" va "Bozor pufagi qachon yoriladi?". Ko'chadan biror do'koncha sotib olasizmi yo Londondan biznes markazi, farqi yo'q — investitsiya bo'yicha qarorlarni ikki his — ochko'zlik va qo'rquv boshqaradi. Hamma ham katta daromad olishni istaydi, ayni vaqtda hamma narsasini boy berib qo'yishdan qo'rqadi ham. Professional hamjamiyatda bu hislar muvozanati risk profili yoki riskka toqatlilik deb yuritiladi. Aksariyat mushtariylar va mijozlarimni Toshkent ko'chmas mulk bozorida pufak hosil bo'lganmi-yo'qmi va, hosil bo'lgan bo'lsa, u qachon yoriladi, degan savollarning javoblari qiziqtirayotgan bo'lsa ajab emas. UBS banki tahlilchilari pufakni aktiv narxining uzoq vaqt davomida reallikdan sezilarli og'ishi sifatida ta'riflaydi . Ular, shuningdek, pufak hosil bo'lgan-bo'lmaganini u yorilganidan keyingina ma'lum bo'lishini ta'kidlaydi, ya'ni pufaklarni faqat retrospektiv tahlil qilish mumkin . Bundan tashqari, hukumatlar va markaziy banklar pufak hosil bo'lishining oldini olish uchun bor imkoniyatlarini ishga soladi: masalan, Berlinda yiliga 90 kundan ko'proq vaqtga qisqa muddatli ijaraga turar joy olishni taqiqlash yoki norezidentlar uchun Toshkentda ikkilamchi bozordan xonadon sotib olishni taqiqlashdan aynan shu maqsad ko'zlangan. Iqtisodchilar va tarixchilar narx pufaklari hodisasini ko'p yillardan beri o'rganib keladi. Eng yorqin misol — XVII asrning birinchi yarmida Gollandiyada kuzatilgan lola vasvasasi (lola maniyasi). Gollandiyada lola piyozchasi narxi uch yil davomida muntazam o'sib borgan. Ko'pchilik shunchaki lola piyozchalarini sotib olish orqali boyib ketgan. Chunki narxlar cho'qqiga chiqqan payt piyozchalar yillik daromadning olti baravarigacha (!) qimmatlagan. 1637-yilda pufak yorilib, lola narxi 100 karra tushdi va ortiq avvalgi darajasiga qaytmadi. Gullar va ko'chmas mulkchalik bir-biridan uzoq narsalar yo'qdek ko'rinishi mumkin. Biroq, urug'dan piyoz yetishtirish uchun 7−12 yil vaqt talab etiladi — bu developerlik davri (loyiha ishlab chiqilishidan binoni tayyor holga keltirgungacha bo'lgan davr — tahr. ) bilan taqqoslash mumkin bo'lgan muddat. Shuning uchun bozor talabning keskin o'sishiga darhol javob qaytara olmadi va barcha talabgorlarni piyozchalar bilan ta'minlay olmadi. Ko'chmas mulk bilan ham xuddi shunday: loyiha ishlab chiqilishidan binoni tayyor holga keltirguncha 3 yildan 15 yilgacha vaqt sarflanadi. Ayni paytda, rivojlangan va boy mamlakatlarda bu muddat yuqori chegaraga yaqin, chunki ularda tartibga solish, tasdiqlash, ruxsat olish, loyihalash va boshqa jarayonlar yanada murakkab kechishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, ko'chmas mulk narxlari o'sishni boshlaganida, developerlar yangi loyihalarni ishga tushiradi, banklar kredit liniyalarini ochadi, qurilish kompaniyalari quvvatlarini oshiradi. Biroq tayyor mahsulot bozorga bir necha yil o'tib — narx o'sishdan allaqachon to'xtaganida ommaviy ravishda kirib boradi va barcha developerlar o'z mahsulotlarini faol sotish uchun narxlarni pasaytirishga majbur bo'ladi. Natijada, dunyoning barcha mamlakatlarida ko'chmas mulk bozorida sotuvchi va xaridor davrlari kuzatiladi, biroq bu davrlarning pufaklarga hech qanday aloqasi yo'q. Narxlar keskin ko'tarilib borib, keyin dastlabkisiga o'xshash darajagacha pastlab ketadigan vaziyatni bozor pufagi deb atash mumkin. Misol uchun, Boltiqbo'yi shaharlarida 2004−2007-yillarda narxlar ikki-uch barobar oshdi, keyin esa ikki yil ichida avvalgi darajasiga qaytdi. O'sish spekulyativ, ya'ni arzonroq sotib olib, qimmatroq sotish istagiga asoslangan yoki barqaror, ya'ni iqtisodiyotning o'zgarishi, shahar muhiti, aholi sonining o'sishi va boshqalar natijasida yuzaga kelgan bo'lishi mumkin — ana shuni tushunish muhim ahamiyatga ega. Toshkentda ko'pchilik turar-joy narxlarining ko'tarilganini ta'kidlamoqda. Keling, bu pufakmi yoki yo'qligini aniqlashga urinib ko'ramiz. Bozor narxi va haqiqiy sotuv narxi O'zbekiston bozorining o'ziga xos xususiyati — xaridorga ma'lum qilingan dastlabki bozor narxi bilan haqiqiy bitim narxi o'rtasidagi sezilarli farqdir. Bu xaridorlar va hatto bozor mutaxassislari orasida jiddiy kognitiv tushunmovchilikni keltirib chiqaradi. Potensial mijoz savdo ofisiga tashrif buyuradi va unga bozor narxi ma'lum qilinadi, shundan so'ng u savdolasha boshlaydi va qurilish bosqichiga qarab 30 foizga yetishi mumkin bo'lgan chegirma oladi. Natijada mijozda ushbu xarid manfaatli bo'lgandek his uyg'onadi. Yevropada ham rag'batlantiruvchi chegirmalar qo'llaniladi, biroq ular kamdan-kam hollarda 10 foizdan oshadi. Eng asosiysi, bir tomondan developer har bir metrdan imkon qadar ko'proq daromad olishni xohlaydi, biroq, boshqa tomondan, qurilishni davom ettirish uchun unga doim mablag' zarur. Shuning uchun, developerning naqd pul uzilishi qanchalik katta bo'lsa, u shunchalik ko'proq chegirma taklif qiladi. Haqiqiy xonadon va majburiyat Barcha developerlar xonadonlarni loyihaning juda erta bosqichida, ko'p hollarda hatto qurilish uchun ruxsat olmagan holda, sotishni boshlaydi. Bunday holda, xaridor xonadon emas, balki xonadon qurib berish va'dasini oladi. U uyning o'z vaqtida qurib bitkazilmasligi, sifati past bo'lishi, xonadonning kutilmalarga mos kelmasligi va boshqalar kabi barcha xatarlarni o'z zimmasiga oladi. Bunday vaziyatda, butunlay adolatli chegirma, ko'rish va sotib olgandan so'ng darhol ko'chib o'tish mumkin bo'lgan, tayyor xonadon narxining 50 foizigacha bo'lishi mumkin. Tabiiyki, ikki yildan so'ng uy qurib bitkazilgach, xaridor kalitlarni olishga kelganida, sotuv narxi hozir ikki barobar yuqori ekanligini ko'rib, bozor shunchalik o'sibdi, degan xayolga boradi. Aslida, bu yerda gap ikki xil mahsulot ustida bormoqda: birinchi holda, turar-joyni kelajakda taqdim etish majburiyati, ikkinchi holda, hozirning o'zidayoq barcha kamchiliklarini ko'z bilan ko'rishingiz va ta'mirlashni boshlashingiz mumkin bo'lgan xonadon. Bozordagi sifat o'zgarishlari Toshkentda qurilayotgan barcha loyihalarning atigi 2 foizi ekonom-klassdagi binolar hissasiga to'g'ri keladi. Elita va biznes segmentlaridagi taklif yildan-yilga o'sib bormoqda. Bu, o'z navbatida, bozorda o'rtacha narxlarni oshiradi. Jahon amaliyotida narx dinamikasini tahlil qilish uchun like-for-like tamoyili qo'llaniladi, bunda bir xil mahsulotlar bir xil shart-sharoitlarda taqqoslanadi, ya'ni bir xil hududdagi va bir xil pardozlash holatiga ega bir xil toifadagi xonadonlar taqqoslanadi. Afsuski, Toshkentda bunday taqqoslash uchun ishonchli metodologik asoslar hali yaratilmagan — to'plangan ma'lumotlar yetarli emas. Shunga qaramay, narxlar o'sishini like-for-like tamoyili asosida baholash milliy valyutada yiliga 20 foiz atrofida bo'lishi mumkin, bu real ko'rinishda — inflyatsiya hisobga olinmagan holda — taxminan 10 foizni tashkil qiladi. Bu dinamik bozorga xos ko'rsatkichlar, biroq, albatta, hech qanday pufak haqida gap bo'lishi mumkin emas. Bank depozitlari ham taxminan xuddi shunday daromadlilikka ega. Turar joy narxlari asosli ekanligining bilvosita belgilari ham mavjud. UBS banki turar-joy narxlari hamyonbopligi darajasidan ko'chmas mulk bozorida pufak hosil bo'lgan yoki yo'qligining belgisi sifatida foydalanadi , chunki turar joy narxlarining hamyonboplik darajasi qanchalik past bo'lsa, pufak hosil bo'lishi ehtimoli yuqori , deb taxmin qiladi. Ularning ma'lumotlariga ko'ra, masalan, Gonkongda daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan malakali mutaxassis shahar markazidan uzoq bo'lmagan 60 kvadrat metrlik xonadon sotib olish uchun 24 yil ishlashi kerak. Tokio uchun bu ko'rsatkich — 15 yil, Parij uchun — 14 yil. Ro'yxatning quyi qismidan Madrid, San-Fransisko, Toronto joy olgan bo'lib, bu shaharlarda hamyonboplik ko'rsatkichi taxminan 5−6 yilni tashkil etadi. Bizning hisob-kitoblarga ko'ra, Toshkent ham, hamyonboplik ko'rsatkichi 4−5 yilni tashkil etgani holda, aynan shu toifaga mansub, lekin bir katta farq bilan: sanab o'tilgan barcha shaharlar aholiga ipoteka kreditining turli modellarini taklif qiladi, ayni paytda toshkentliklar xonadonni naqd pulga sotib oladi. Bu shuni anglatadiki, pufakning shakllanishiga hali ancha vaqt bor, chunki aynan kreditlarning mavjudligi, bir tomondan, odamlarga turar joy muammosini hal qilishga yordam bersa, ikkinchi tomondan, inqiroz xavfini keltirib chiqaradi. Agar iqtisodiy o'sish (yiliga +6 foiz), ish haqining o'sishi, urbanizatsiya sur'atlari (qishloq aholisining shaharga ko'chishi) omillarini hisobga oladigan bo'lsak, Toshkentda turar-joy narxlarining o'sishi mutlaqo istisno holat emas. Bundan tashqari, mamlakat rivojlanishining bunday dinamikasi saqlanib qolgan va bank tizimi takomillashtirilgan taqdirda, narxlar o'sishining asosiy bosqichi hali oldinda bo'lishi ham ehtimoldan holi emas . Va, ehtimol, davlat turar-joyning hamyonboplik darajasini saqlab qolish haqida hozirdanoq bosh qotirishi kerakdir. 1. Maqsadni aniqlashtirib olish. Agar siz yashash uchun ko'chmas mulk sotib olayotgan bo'lsangiz, sotuvchining ushbu xonadon yoki uyning narxi qimmatlashayotgani haqidagi hikoyalari hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Xonadon va hudud sizga ma'qul bo'lsa, u yerda yashash qulay deb hisoblasangiz, katta ehtimol bilan u boshqalarga ham yoqadi va keyinchalik uni sotish sizga qiyinchilik tug'dirmaydi. 2. O'tmish haqida emas, kelajak haqida o'ylash. Kimdir sizdan avval qo'shni xonadonni qayta sotish evaziga daromad qilganligi bu sizda ham ish berishini anglatmaydi. Agar bu uydagi narxlar allaqachon ikki baravar oshgan bo'lsa, katta ehtimol bilan, buyog'iga o'sish sekinlashadi. 3. Hujjatlarni ko'zdan kechirish. Noqonuniy qayta qurish, balkon shaklidagi hisobga olinmagan kvadrat metr yoki tomga chiqish imkoniyati afzallik emas, balki potensial xavf hisoblanadi. Bugun siz ushbu kvadrat metrlar (masalan, balkon uchun alohida xona sifatida) uchun ko'proq pul to'laysiz, ertaga esa o'z mablag'ingiz hisobidan xonadonning dastlabki loyihadagi holatini tiklashga majbur qilishadi. 4. Shahar hududi. Har birimiz o'z mahallamizda yashaymiz. Yevropaliklar uni 15 daqiqalik shahar deb atashadi. Muhimi, sizning yaqin atrofingizda qanday qulayliklar mavjudligi. Va bu yerda gap juda aniq narsalar haqida ketmoqda: agar farzandlaringiz bo'lmasa, yaqin atrofdagi maktab yoki kollej siz uchun muhim emas. 5. Kommunikatsiyalarning holati. Mutaxassis bo'lmagan odam uchun buni baholash qiyin, lekin hech bo'lmaganda hududiy Telegram-guruhlardagi elektr ta'minotidagi uzilishlari statistikasiga nazar tashlab qo'yish hech ham zarar qilmaydi. 6. Pardozlash. Toshkentda pardozlash sifati aksariyat hollarda dahshatli darajada. Hatto yomon emasdek ko'ringan taqdirda ham, uzoqqa bormaydi. Yevropada pardozlash har kvadrat metr uchun 800−1000 dollarni tashkil qiladi, lekin, faqat yengil kosmetik ta'mirlashni talab qilgani holda, o'nlab yillar xizmat qiladi. Toshkentda pardozlash uch yildan ortiqqa bormasligini hisobga olib qo'yganingiz ma'qul. Va, ehtimol, kosmetik ta'mirlashdan qochib qutula olmaysiz — simlar va sanitariya jihozlarini almashtirishingizga to'g'ri keladi. Bugun Toshkent ko'chmas mulk bozorida hech qanday pufak haqida gap bo'lishi mumkin emas, albatta. Narxlar o'sishi uchun salohiyat saqlanib qolmoqda, shaharning o'zi ham yanada qulaylashib, rivojlanyapti. Х онадонларимизнинг qiymatini oshirish istagida ekanmiz, shaharni asrab-avaylashimiz, uni ko'kalamzorlashtirishimiz, atmosferaga zararli moddalar chiqarilishini kamaytirishimiz, yangi bizneslarni tashkil etishimiz zarur. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Denis Sokolov — ko'chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a'zosi. U " Ko'chmas mulk tili " nomli turkum maqolalarida ( rus tilida ) ko'chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo'yicha prognozlar haqida so'z yuritadi. Fevral oxirida bo'lib o'tgan UzBuild ko'rgazmasida Yangi Toshkentni rivojlantirish konsepsiyasi ommaga taqdim etildi. 20 ming gektarni egallagan maydonda bir millionga yaqin odam istiqomat qilishi kutilmoqda. Ushbu loyiha jamoatchilik orasida bir qator savollarni keltirib chiqardi. O'zbekistonliklar loyihani amalga oshirish imkoniyatlari va "yo'ldosh shaharni" qurishning maqsadga muvofiqligiga shubha bilan qaramoqda. Yangi Toshkent — yangi shahar qurilishi bilan bog'liq yagona hodisa emas. Eng yaqin misol — Yangi Moskva — Moskva viloyatining 2012-yilda Rossiya poytaxtiga qo'shib olingan qismi. Yana bir misol — 1997-yildan beri Qozog'istonning poytaxti hisoblangan Ostona shahri. O'zi я нги shaharlar nima uchun quriladi? Zamonaviy shaharlardan farqli o'laroq, tarixiy shaharlar jamoat transporti, markazlashgan suv ta'minoti, issiqliq tarmog'i va XXI asr odami odatlangan boshqa narsalar mavjud bo'lmagan sharoitlarda shakllangan. Tarixiy shaharlarning vazifalari ham zamonaviy shaharlarnikidan farq qilgan — buni ayniqsa aholi xavfsizligini ta'minlash maqsadida barpo etilgan Yevropadagi "qal'a shaharlar" (walled cities) misolida yaqqol ko'rish mumkin. Tarixiy shaharlarning o'ziga xosliklari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Qal'alarda o'rta asrlarga xos xususiyatlar, eski shaharning ayrim qismlari saqlanib qolgan. Masalan, Buxoro, Samarqand va Toshkentning tor jin ko'chalari davlat va xalqaro tashkilotlar muhofazasida. Konservativ qonunchilik va tartibga solish an'anaviy turmush tarzini saqlashga qaratilgan. Buning sharofati bilan, bir tomondan, tarixiy osori-atiqalardan bahramand bo'lish imkoniga egamiz. Biroq, boshqa tomondan, shaharsozlar, me'morlar va quruvchilar xayolotining parvozi, shuningdek, ko'p hollarda aynan fuqarolarning qulayligi qonunchilik cheklovlarining tor doirasida siqib qo'yiladi. Bunday vaziyatda samarasiz foydalanilayotgan hududlarda meros va cheklovlardan xoli yangi shahar qurish eng maqbul yechimdek ko'rinadi. Bu shaharning rivojlanish salohiyatini hamda, shunga mos ravishda, biznes va odamlar uchun jozibadorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Ommaviy uy-joy qurilishi aholi sonining o'sishiga olib keladi, degan noto'g'ri qarash mavjud. Aslida odamlar ko'p uy-joylar qurilayotgan yerga emas, qayerda ish, ta'lim, madaniyat, ijtimoiy muhit mavjud bo'lsa, o'sha yerga boradi. Tug'ilish sur'atlari yuqori va aholisi yosh bo'lgan O'zbekistondek mamlakatda imkon qadar ko'pchilikni iqtisodiy faoliyatga jalb etish, ularga ta'lim berish va zarur ko'nikmalar bilan qurollantirish uchun nostandart yechimlarni qo'llashni talab etadi. Toshkent bugun shunday imkoniyatlarni taqdim etadi va allaqachon jozibador shahar hisoblanadi. Biroq aholi zichligi me'yoridan ortib ketishining oldini olish uchun shaharda aholi o'sishi va rivojlanishning uyg'unligi ta'minlanishi lozim. Boshqacha qilib aytganda, yaqin 10−20 yil ichida shahar yana 2−3 million kishini qabul qilishiga to'g'ri kelishini anglamoq kerak. Yangi Toshkent g'oyasi o'z-o'zidan ana shu ehtiyojlarga javob beradi. Bundan tashqari, Yangi Toshkent poytaxtda shundoq ham shakllanib ulgurgan ko'p markazlilikning rivojlanishiga hissa qo'shadi. Bugungi kunda shaharda bir nechta markazlar mavjud: tarixiy markaz (Eski shahar), Rossiya imperiyasi davrida qurilgan Yangi shahar. Yangi Toshkent esa "Uchinchi Renessans" markazi sifatida shahar taraqqiyotining to'liq mantiqiy davomi sifatida ko'rinadi. Biznes binolari nuqtai nazaridan ko'chmas mulk sohasi ekspertlari asosiy ofis binolari jamlangan to'rt klaster — uchta markaziy ishbilarmonlik hududi va Tashkent Cityʼni ajratib ko'rsatadi. Dunyodagi aksariyat tarixiy shaharlar faoliyatning yagona markazda kuchliroq jamlanganligi bilan ajralib turadi. Toshkentning o'ziga xosligi shundaki, u tabiiy ravishda ko'p markazlilikni namoyish etadi. Yangi Toshkentning bosh rejasi yangi hududning transport tizimini uzluksiz integratsiyalashni nazarda tutadi. Darhaqiqat, Yangi Toshkentning asosiy yo'llari mavjud transport arteriyalarining davomi bo'ladi — u "yo'ldosh shahar" emas, balki hududning to'laqonli rivojlanishi bo'ladi. Yangi shaharni qurishning asosiy muammosi — bu jarayonning barcha ishtirokchilari uchun — davlat, biznes, unda yashovchi aholi uchun — o'zlariga zarur narsani olish imkonini beradigan moliyaviy modelni yaratishdir. Buning uchun xalqaro investorlar, developerlar va foydalanuvchilarni jalb qilishga to'g'ri keladi. Bu, o'z navbatida, Yangi Toshkentni mamlakatning "biznes peshtaxtasi" sifatida taqdim etish imkonini beradi — bu orqali xalqaro investitsion kompaniyalar va jamg'armalar O'zbekistonning salohiyatini sinab ko'rishi mumkin. Yangi hududlarni o'zlashtirish keyingi o'n yillikning vazifasi bo'lishiga qaramay, ushbu loyiha bugungi kunning o'zidayoq iqtisodiyotga o'z ta'sirini ko'rsatmoqda. Aholi va biznes uchun shunisi muhimki, hozirdanoq: 1. Shahar hududining rivojlanish istiqboli belgilangan. Bu bugungi kunning o'zidayoq aholi zichligining kelgusida qanday o'zgarishi va shahar zichligi markazining sharqqa siljishini taxmin qilish mumkinligini anglatadi. 2. Taxmin qilish mumkinki, Yangi Toshkent kapitalning bir qismini o'ziga jalb qiladi va eski shahar ichidagi loyihalar uchun moliyalashtirish manbalarini topish qiyinlashadi. 3. Loyihani amalga oshirish bugungi kunda loyihalash, marketing, muhandislik va infratuzilma qurilishi sohasida yangi ish o'rinlarini yaratishni taqozo etmoqda. 4. Davlat uchun bu xalqaro maydon va forumlarda taqdim etiladigan flagman loyihaga aylanadi. 5. Yangi Toshkent o'ziga tutash hududlar rivojlanishiga qo'shimcha turtki beradi. 6. Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan turar-joy majmualari konsepsiyalari yangi hududlar bilan raqobat o'rniga sinergiyani ta'minlash maqsadida yangi shahar istiqbollarini hisobga olishi lozim. Aholi soni va iqtisodiyoti o'sib borayotgan mamlakat uchun yangi hududlarni rivojlantirish — bu tabiiy jarayon. Yangi Toshkent qurilishiga malakali yondashish muhandislik-transport infratuzilmasiga chidab bo'lmas yuklama tushishining oldini oladi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Dushanba kuni tongda tahririyatga 80-avtobusda ketayotgan edim. Gagarin ko'chasidan Parkent bozorigacha bo'lgan 11 kilometrlik masofani avtobus odatda 50 daqiqada bosib o'tadi. Ammo 23-oktabr yo'l oz emas, ko'p emas naq 2 soat vaqt oldi, chunki poytaxtning bir necha magistral ko'chalarida bir vaqtning o'zida olib borilayotgan ta'mirlash ishlari sabab shahar markazi qimir etmaydigan tirbandliklarda qotib qolgandi. Bobur ko'chasining aeroportdan to Nukus ko'chasigacha bo'lgan qismida yo'l qoplamasini to'satdan yangilash boshlab yuborilgani sababli ko'chaning bu bo'lagi avtotransport harakati uchun butunlay yopilgandi. Tan olish kerak, Toshkent hokimligi bu haqda o'zining Telegram-kanalida xabar bergan edi . Nukus ko'chasidagi quvurlarni almashtirish ishlarini yakunlamay turib, dushanba kuni bu yerda ham yo'l qoplamasini yangilashga kirishishgan. O'tgan hafta ko'chaning ikkita katta bo'lagida harakat cheklanib, qarama-qarshi yo'nalishdagi transport oqimi ham ham bitta qatnov qismidan harakatlanayotgandi. 23-oktabr kuni ko'chaning yopilgan bo'laklari ko'paydi. Sakkizta polosadan faqat uchtasi qoldi: ikkitasi shahar markazidan kelayotgan oqim uchun, bittasi — markazga ketayotganlar uchun. Hech kim bu haqda aholini ogohlantirgani yo'q, jamoat transporti uchun aylanib o'tish yo'llarini o'ylab ko'rgani yo'q. Oqibatda Nukus ko'chasiga parallel hisoblangan Shota Rustaveli ko'chasi qip-qizil tirbandlik ichida qotdi. Avtobuslar o'zi bilganicha, eplaganicha yo'nalish tanlay boshladi. "Nukus ko'chasi qisman yopilgan, transport katta kechikish bilan va tushunarsiz yo'nalishlar bo'ylab harakatlanmoqda. Kichik Beshyog'och, Abdulla Qahhor (Zavodskaya) va boshqa ko'chalarga kirib-chiqish joylari — yopiq", — deb yozdi soat 08:06 da Telegram'dagi People3TM kanali. Avtobus Gagarindan Glinkagacha bo'lgan masofani 50 daqiqada bosib o'tdi. Buncha vaqtda men velosipedda nafaqat ofisgacha yetib olishga, yetib borgach bir finjon qahva ichishga ham ulgurardim. Ammo 23-oktabr kuni tirbandlikdan qutulib chiqish imkoni umuman yo'q edi — qo'shni ko'chalar ham tiqilib qolgan edi. Kichik Beshyog'och ko'chasidan burilib chiqishi hamonoq avtobus YTHga uchradi. Anglashimcha, u ortga qayrilib olib, bu tiqilinchdan imkon qadar tezroq chiqib ketishga uringan yengil mashinaga borib urilgandi. Avtobus yo'lovchilari juda qo'rqib ketdi. Salon o'rtasida turgan keksa bir ayol boshqa yo'lovchilarning qo'liga qularkan, boshini tutqichga urib olishiga bir bahya qoldi. Avtobus haydovchisi pachoq bo'lgan yengil mashinaning tutayotgan kapotini o'chirishga shoshilib, o'to'chirgichni olgancha uchib tushib ketdi. Barcha yo'lovchilar yo'lida piyoda davom etdi, avtobus esa markazga ketayotgan transport oqimi uchun xizmat qilayotgan yagona harakatlanish bo'lagini to'liq yopib qo'ydi. Nukus ko'chasida 23-oktabr kuni yuz bergan YTH. Men Nukus ko'chasining Istiqbol ko'chasidagi kesishmasi (sobiq Vinzavod)gacha piyoda borib, u yerdan ishga taksida yetib oldim. O'sha oqshom Transport vazirligi tirbandliklarni e'tirof etdi , ammo jamoat transporti yo'nalishlarini o'zgartirish bo'yicha yoki umuman boshqa biror yechim taklif qilmadi. Vazirlikning bunday yondashuvi o'z ojizligini tan olishdek yangradi: qo'limizdan hech narsa kelmaydi, ammo sizlar bardam bo'linglar. Men har doim shahar avtobuslarini eng xavfsiz transport turi deb hisoblardim, ammo dushanba kuni bunga bo'lgan ishonchim so'ndi. Toshkentdagi avtobuslar harakatning boshqa ishtirokchilari oldida ojiz va shuning uchun ham xavfsiz emas. Toshkent avtobuslari muntazam YTHlarga uchraydi hamda yo'lovchilar salomatligi va hayoti uchun xavf tug'dirishi mumkin. Avgust oyida yuz bergan avtobus ishtirokida YTH. 24-oktabr tongida Bobur ko'chasining yopilgan qismi uzaydi. Endi ko'cha birato'la Shota Rustaveli ko'chasidan boshlab yopilgandi. Tabiiyki, bu haqda biror xabar berilgani yo'q. Chorrahada xavfli tartibsizlik yuzaga keldi, minglab shaharliklarning asabiyligi esa havoda ham sezilardi. Seshanba kuni yomg'ir yog'magani uchun men vaqtni tejash maqsadida ishga velosipedda yo'l oldim. Shota Rustaveli ko'chasidagi tirbandlik deyarli qimir etmasdi. 25-maktab oldida uchta baland "do'q" etgan ovozni eshitdim: bir mashina boshqasini borib urgan va uyog'iga "domino effekti" yuz bergan. To'rtta avtomobil pachoqlangan. Shaxsiy avtomobil yo taksida ketayotganimda menda muhofazada ekanim haqida xomxayol bo'lmaydi. Taksi yo'lovchilari, odatda, o'zini xavfsiz his qilmaydi. Ehtiyotkor haydovchi nasib qilgan taqdirda ham, u yo'lni baham ko'rishga to'g'ri keladigan "o'pka"lardan sizni himoya qilolmaydi. O'zbekistonda orqa o'rindiqda xavfsizlik kamarini taqish madaniyati yo'q. Shu bois kamarni qotirish joyi odatda o'rindiq ostida qoldiriladi. Shunday ekan, yo'lovchilarda o'zini ehtimoliy jarohat yoki hatto o'limdan jismoniy himoyalanish imkoniyati mavjud emas. 24-oktabr oqshomida men uyga o'zimning odatiy yo'nalishim bo'yicha qaytayotgandim. "Rakat" mahallasidagi ko'chalarning biridan chiqarkanman, supermarketga kirishni reja qildim. Bino oldiga mashinalar qo'yilgan. Ular va bino orasidagi tor yo'lakdan piyodalar o'tib qaytadi, bu yerda trotuar yo'q. Menda parkovkada turgan mashinalar va yo'lning qatnov qismi orasidan o'tishdan boshqa tanlov yo'q edi. Ammo to'xtab turgan mashina ortida eng chekkasidan shag'ali chiqib turgan "yotiq politsiyachi"ni ko'rmay qoldim. To'xtashga yoki xavfsizroq manyovr qilishga ulgurmagan bo'lardim. Shag'alda velosipedim sirpanib ketib, yiqildim va oldimdan g'izillab o'tgan mashina mo''jiza tufayligina meni bosib ketmadi. Menda Toshkent ko'chalari velosiped harakatlanish uchun xavfsiz degan xomxayol ham bo'lmagan. Xavf har tarafdan — velosipedchilarni ko'rmay qoladigan haydovchilardan, quruq hisobot va budjetni o'zlashtirish uchungina qurilgan veloyo'laklardan, ko'chalarning yoritilmaganidan, yo'llardagi chuqurlardan va chekkasidan shag'ali chiqib turgan "yotiq politsiyachi" kabi qatnov qismining mayda-chuydadek ko'rinuvchi kamchiliklardan o'z ko'lankasini ko'rsatib turadi. Yiqilib olgan jarohatim aytarli jiddiy emas, ammo menda boshqa savol tug'ildi: agar boshqa biror xavfsizroq variant qolmagan bo'lsa, shahar bo'ylab qanday harakat qilish kerak? 2022-yil oktabrida Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovdan intervyu olgandim. U 2023-yil sentabriga borib tirbandliklarni 2022-yilgi vaziyat bilan taqqoslab bo'lmay qolishini taxmin qilgandi, chunki poytaxtda ro'yxatga olingan mashinalar soni, shaharga har kuni 150 ming avtotransport kirib-chiqishini hisobga olmaganda ham, yiliga 100 ming donaga ko'paymoqda . Shunday qilib, 2022-yil oktabrida Toshkentda 700 ming avtomobil ro'yxatga olingan bo'lsa, bugun shahar ko'chalarida allaqachon 1 million avtomobil harakatlanmoqda. Bu sonni ular amalga oshirayotgan harakatga, masalan, "uy-maktab-ishxona-do'kon-maktab-uy"ga ko'paytirsak, kunning yorug' vaqtida ham 7 ballik ko'rsatkichdan pasaymaydigan tirbandliklarga ega bo'lamiz. Shahar transporti boshqaruvi uchun har bir avtomobil haydovchisi — bu o'zining yuqori darajadagi xavf vositasini yo'lda qanday haydash haqida individual qaror chiqaruvchi alohida bir birlik. Bunday birliklar bir millionta bo'lsa, ularning xulq-atvorini boshqarish imkonsiz bo'lib qoladi. Agar ularning aksariyati avtobusda ketayotgan bo'lsayu, salondagi 100 kishining qanday harakat qilishi haqidagi qarorni bir haydovchi qabul qilsa — unda boshqa gap. Ammo poytaxtni boshqarayotgan amaldorlar jamoat transportini rivojlantirishdan, tariflari cho'ntakka sezilarli pullik parkovkalarni tashkil etish hamda belgilanmagan joydagi har bir to'xtash va to'xtab turish uchun muqarrar jarimalarni qo'llashdan qochyapti, avtobuslar uchun alohida ajratilgan bo'laklarning ishlashini ta'minlay olmayapti, brutto-kontraktlarga o'tishni, yo'l haqini to'lashning moslashuvchan tariflarini joriy etishni va tramvay haqida hatto o'ylab ko'rishni ham xohlamayapti. Ularning tasavvurida shaxsiy avtomobil har qanday muammoning yechimiligicha qolmoqda va shu sababli ham unga hech qanaqasiga xalal bermaslik kerak. Aksincha, ular avtomobilni ilohiylashtiryapti, unga atab go'yoki chiroyli ko'priklar va ko'p polosali aerodromlar qurilyapti. Rekonstruksiya qilinayotgan ko'chalarning loyihalari, yuqori martabali amaldorlar va xorijiy siyosatchilar kortejlarining yo'l qatnov qismidan olingan suratlariga qarab, shaharsozlar tasavvuridagi go'zallik — bu huvillagan keng ko'chalar ekanini anglash mumkin. Avtomobil erishib bo'lmas hashamat hisoblangan, odamlar esa har doim liq to'la avtobuslarda tiqilib ketgan yoki metroga qamalgan sovet sotsializmi dunyosida bunday "go'zallik" haqiqatga yaqinroq ko'ringan bo'lardi, haqiqatan ham. Ammo mashina sotib olish imkoniyatini taqdim etadigan kapitalizmda go'zallik haqidagi bunday tasavvurlar masxaromuz va xunuk ko'rinadi, chunki bu "go'zallik" qotib qolgan tirbandliklarga, mashinalardan chiqayotgan tutunning badbo'yligiga, yomon ekologiyaga, yoningdagi hamrohing seni eshitishi uchun unga baqirib gapirishga majbur qiladigan ko'chadagi shovqinga, ushbu pesa ishtirokchilarining asablariga va, oxir-oqibat, jarohat va o'limlarga teng. Shahar yo'llaridagi vaziyat ssenariysi tole'siz bir muallif yozgan kvest (sarguzasht o'yin)ga o'xshaydi. U shahar aholisiga ostona xatlab ko'chaga chiqishi bilan duch kelishi mumkin bo'lgan xavf va zararning darajasini tanlashni taklif qiladi. Qanday yetib olmoqchisiz — uzoq va qimmat yoki uzoq va arzon; uzoq va xavfli yoki tez va xavfli; qimmat va asabiy yoki uzoq va asabiy? Shahar ruhiy va jismoniy salomatlikka ijobiy ta'sir qiladigan variantlarni taklif qilmayapti. Rasmiylar muammolarni yechishga urinyapti, ammo bunga chala-choralar bilan harakat qilyapti. Minglab avtobuslar sotib olingani bilan maqtanishdi, ammo "haydashni ham sotib olishmagani" uchun endi o'nlab YTHlardan so'ng yap-yangi qimmatbaho mashinalar ta'mirlanmoqda. Xorijiy ekspertlarni jalb qilib, jamoat transportini rivojlantirish bo'yicha choralarni ishlab chiqqanliklari bilan maqtanishdi, jamoat transportida yo'l haqi oshishiga aholini tayyorlab borishda, ammo yakunda narxlarni oshirishga haddilari sig'madi . Avtobuslar uchun alohida harakatlanish bo'laklarini chizishdi , ammo bu bo'laklar haqiqatan ham ishlashi, ish berishi uchun ularni avvalboshdan ko'chalar o'rtasida tashkil etishni taklif qilgan ko'plab ekspertlarning tavsiyalari quloq tutishni o'zlariga ep ko'rishmadi. Parkovka muammosini hal qilish haqida katta gapirishdi, bu zarurat ekanini tushuntirishdi, hujjatlar qabul qilishdi, pudratchini ham tanlashdi, ammo Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga to'xtab turish qoidalarini buzishga oid bir moddani kiritish bilan o'chib qolishdi. Bu vaqtda esa Yo'l harakati xavfsizligi xizmati shaharning boshqa mas'ullari bilan birga xavfli ko'chalar muammosini tizimli hal qilish o'rniga, O'zbekistondagi yo'l harakatining shundoq ham eng himoyasiz, amalda haq-huquqsiz ishtirokchilari — piyodalarga qarshi ikki haftadan beri reydlar o'tkazish bilan band. So'nggi kunlardagi ahvol Toshkent xorijiy mehmonlarda zo'r taassurot qoldirishni istayotganini ko'rsatmoqda, shu bilan birga u mazkur ko'zbo'yamachi tayyorgarlikning moliyaviy yo'qotishlarini hali uzoq vaqt eslab qoladigan o'z aholisining cheksiz nafratiga ham sazovor bo'lmoqda. Toshkentdagi transport bilan bog'liq vaziyat hokimiyat va jamiyat o'rtasidagi munosabatlarning barcha xastaliklarini ochib bermoqda, bunda hokimiyat go'yoki "katta bo'lguningcha vaqtinchalik noqulayliklarga chidab turishing kerak" deb, lekin farzandini katta hayotga qo'yib yuborishga hech shoshilmayotgan ota-onaga o'xshaydi. Toshkent endi boshqalarning ko'ziga zo'r ko'rinishga urinishni bas qilib, o'z oilasi uchun zo'r bo'lmasa ham, hech bo'lmasa, yomon ko'rinmasa yaxshi edi.
columnist
Qish yaqinlashmoqda — OAV va ijtimoiy tarmoqlar muntazam ravishda is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan va aziyat chekkan fuqarolar haqidagi xabarlarni yorita boshlaydigan og'ir mavsum. O'tgan anomal qishda yana ana shunday fojiali hodisalar haqida xabar topdik: Kattaqo'rg'onda yangi turmush qurgan kelin-kuyov uyquda paytida is gazidan zaharlanib vafot etdi , Kasbi tumanida er-xotin hamda ularning 3 va 5 yoshli farzandlari halok bo'ldi , Namanganda 8 va 3 yoshli ikki bola kasalxonaga yotqizilib, ulardan biri vafot etdi , Farg'ona viloyatining Buvayda tumanida uch kunlik kelin-kuyov , Toshkent viloyati Chinoz tumanida yosh oila uch oylik chaqalog'i bilan, Buxoro viloyatining Jondor tumanida besh kishilik oila , jumladan, uch nafar voyaga yetmagan bola halok bo'ldi. Yuqorida 2022-yil dekabridan 2023-yil yanvarigacha bo'lgan davrda O'zbekistonning turli hududlarida kuzatilgan is gazidan zaharlanish holatlarining bir nechtasigina keltirilgan. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, 2020-yil boshidan 2022-yil may oyining oxirigacha (2,5 yildan kamroq vaqt ichida) respublika bo'yicha jami 428 ta is gazidan zaharlanish holati rasman qayd etilgan , buning natijasida 366 kishi halok bo'lgan va 307 kishi turli darajada jarohatlangan. Bu singari o'lim holatlarining qanchasi rasmiy statistikadan tashqarida qolayotgan bo'lishi mumkin? 2022-yilda Senatda bu boradagi qator muammo va kamchiliklar, xususan, aholi tomonidan tabiiy va suyultirilgan gaz hamda muqobil yoqilg'i turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qilish madaniyati past ekanligi ma'lum qilingan edi. O'zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati tashabbuskor guruhi a'zolaridan biri Mixail Ursakining ta'kidlashicha, so'nggi vaqtlarda ushbu masalaga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti. Butun mamlakat bo'ylab mo'ri va pechkalar bo'yicha mutaxassislar yetishmaydi, vaholanki, bunday mutaxassislar ventilyatsiya kanallari va gaz taqsimlash qurilmalarni o'z vaqtida tekshirib, texnik ko'rikdan o'tkazib turishi mumkin. Ayniqsa, qattiq yoqilg'i, ko'mir, tappi va boshqalar yoqiladigan qishloq joylarida muammo dolzarbligicha qolmoqda. Biroq, mo'rilarni tozalash yoki sifatli pechkalar qurish uchun mutaxassislar yo'q. Odamlarning hayoti va mol-mulkini saqlab qolish uchun aholi o'rtasida muntazam ravishda yong'inga qarshi jamoatchilik tadbirlari va targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borish nihoyatda muhim. Bunday jamoat ishlari MDHning ko'plab mamlakatlarida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Masalan, Rossiyada 1892-yildan beri Yong'inga qarshi kurash bo'yicha butunrossiya ko'ngillilar jamiyati (VDPO) faoliyat ko'rsatib keladi . Tashkilot mamlakatning turli hududlarida yong'inga qarshi kurash bo'yicha ko'ngillilar jamiyatlariga ega. Shunga o'xshash jamoat birlashmalari postsovet makonidagi ko'plab respublikalarda ko'p yillardan beri mavjud. 1980-yillarning oxirida bu kabi birlashmalar rasmiy ro'yxatga olingunga qadar, bunday tashabbuskor fuqarolar guruhlarini "mo'ri tozalovchilar" deb atashgan. O'zbekiston Respublikasi "Yong'in xavfsizligi to'g'risida"gi qonunining o'zida — 32-moddada ko'ngilli yong'indan saqlash xizmatiga — "fuqarolar va jamoat birlashmalarining tashkilotlarda, aholi punktlari va boshqa hududlarda yong'in xavfsizligi chora-tadbirlarini ta'minlashda, yong'inlarni o'chirishda ishtirok etishining shaklidir ", deb ta'rif berilgan. Nega O'zbekiston adliya organlari mana uch yildirki, ana shunday tashabbuskor tashkilotni ro'yxatdan o'tkazmay kelmoqda? O'zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati nizomida qayd etilganidek, jamoat birlashmasining maqsadi binolarni isitish uchun qattiq yoqilg'i va tabiiy gazdan foydalanishda fuqarolarning hayoti va sog'lig'ini is gazi ta'siridan himoya qilishdan iborat. Ro'yxatdan o'tkazilmagan mazkur jamiyat o'z vazifalarini quyidagilardan iborat deb hisoblaydi: aholini tabiiy gaz va qattiq yoqilg'idan foydalanishda mo'rilar va ventilyatsiya kanallaridan to'g'ri foydalanish bo'yicha o'qitish; maishiy xizmat ko'rsatish tarmoqlari, maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari, ta'lim muassasalari va qishloq aholi punktlarida is gazidan zaharlanish, maishiy yong'inlar sodir bo'lishi yuzasidan xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha is gazidan zaharlanish va maishiy yong'in holatlarining oldini olish va ularga qarshi ogohlantirishga qaratilgan ommaviy jamoatchilik tadbirlarini o'tkazishga keng aholi qatlamini jalb etish orqali davlat organlariga ko'maklashish va boshqalar. 2020-yil 9-noyabr — ta'sis hujjatlari Adliya vazirligiga ilk marta taqdim etilgan sanadan boshlab o'tgan uch yil davomida O'zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati NNT sifatida ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha 12 marta rad javobini oldi . Mazkur jamiyat a'zolari uzoq yillar davomida yong'in xavfsizligi masalalari bilan shug'ullangan va bu borada katta tajribaga ega mutaxassislar hisoblanadi. 2020-yilning 12-oktabrida jamiyatning qurultoyi o'tkazilib, unda jamiyat nizomi bir ovozdan qabul qilingan va tasdiqlangan, shuningdek, tashkilotning boshqaruv organlari saylangan edi. Avvalroq yozganimiz — boshqa NNTlar bilan bo'lgan holatlardagi kabi, har bir yangi rad javobida ro'yxatga oluvchi organ ta'sis hujjatlarida yangi va yangi xatolarni ko'rsatib, shu bilan bir paytda, NNTni ro'yxatdan o'tkazishda sun'iy to'siqlar va byurokratik g'ovlar yaratmoqda. "O'zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati" NNTni ro'yxatdan o'tkazishni rad etishning xronologiyasi va sabablari Taqdim etilgan Nizomda "O'zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to'g'risida"gi qonunning 10-moddasi 9-bandiga muvofiq tashkilot faoliyatini tugatish tartibi nazarda tutilmagan. Tashkilot tomonidan 735 000 so'm miqdorida davlat boji to'lanishi shart ekanligiga qaramay, tashkilotni davlat ro'yxatidan o'tkazganlik uchun ushbu miqdordagi davlat boji to'lanmagan. Tashkilotni tuzish bo'yicha ta'sis Qurultoyining bayonnomasida tashkilotni tuzish to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilmagan. Taqdim etilgan Nizomda tashkilotning alohida bo'linmalarini hisobga olish bilan bog'liq qoidalar belgilanganligi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-martdagi "Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi PF-5012 sonli Farmoni 1-bandi talablariga mos kelmaydi. Taqdim etilgan Tashkilotni tuzish to'g'risidagi ta'sis Qurultoyi bayonnomasida nazorat-taftish komissiyasi tuzilmagan. Tashkilotni tuzish bo'yicha ta'sis Qurultoyining bayonnomasida tashkilotni tuzish to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilmagan. Adliya vazirligining 2021-yil 5-iyuldagi 9/6−16/149-sonli va 2021-yil 16-sentabrdagi 9/6−16/247-sonli avvalgi xatlarida ko'rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan. Taqdim etilgan nizomning 3.6-bandiga ko'ra tashkilot Markaziy Kengashi Prezidiumining raisini saylash, 6.7-bandiga ko'ra esa Prezidium raisining Qurultoy tomonidan saylanishi nazarda tutilgan, 6.12-banddan keyin esa Markaziy Kengash Prezidiumining vakolatlari ko'rsatilgan. Biroq, Tashkilot Qurultoyining 2022-yil 26-iyuldagi yig'ilishida mazkur organ tuzilmagan, Prezidium raisi esa saylanmagan. "Bu bizni — respublika bo'ylab ish o'rnini kutayotgan 2000 ga yaqin odamni — masxaralash degani. Is gazidan butun boshli oilalar halok bo'lishda davom etmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu ishda ishtirok etishimizni so'raydi, biroq jamiyat qonunda belgilangan tartibda ro'yxatga olinmas ekan, odamlarimiz bu ishni qila olmaydi. Nizomimiz, bayonnomamiz va ta'sis hujjatlarimiz NNTlar to'g'risidagi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori talablariga to'liq javob beradi. O'n ikki marta rad javobi — bu shunchaki bizni ro'yxatdan o'tkazishni istamaslik va to'laqonli byurokratiya", — deydi Mixail Ursaki. Tashabbuskor guruh a'zolari prezidium va uning raisining vakolatlari nizomda aniq ko'rsatilganini tasdiqlaydi. Jamiyatning asosiy boshqaruv organi markaziy kengash bo'lib, uning a'zolari qurultoyda ochiq ovoz berish yo'li bilan ko'pchilik ovozi asosida saylanishi ko'rsatib o'tilgan. Markaziy kengash raisi ham qurultoyda ochiq ovoz berish yo'li bilan, ko'pchilik ovoz bilan saylanadi. Nizomda, shuningdek, markaziy kengash prezidiumi markaziy kengash majlisida qurultoy a'zolari tomonidan emas, balki kengash a'zolari tomonidan saylanishi, markaziy kengash prezidiumi raisi esa, prezidium jamiyatning markaziy kengash ko'rsatmalari va qarorlarini ijro etuvchi ishchi organi hisoblanganligi uchun, kengash a'zolari tomonidan saylanishi ham qayd etilgan. Markaziy kengash yig'ilishi yiliga ikki marta, markaziy kengash prezidiumining yig'ilishi esa har chorakda bir marta o'tkaziladi va uning barcha qarorlari markaziy kengash tomonidan tasdiqlanadi. Shunday ekan, prezidium boshqaruv organi emas, balki ijro etuvchi organ hisoblanadi. Qizig'i shundaki, Adliya vazirligi o'zining rad etish to'g'risidagi uchinchi javob xatida O'zbekiston Yong'in xavfsizligi jamiyatini tugatish to'g'risidagi Oliy sud qaroriga ishora qiladi. Biroq, ro'yxatga olingan NNTlarning ochiq reyestrida ushbu tashkilot respublika bo'ylab o'zining barcha bo'linmalari bilan hali ham ro'yxatga kiritilgan. Mazkur tashkilot tugatilgan taqdirda ham, yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasining 39-moddasiga ko'ra, fuqarolar "kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga birlashish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar". 2023-yil 7-oktabr holatiga ko'ra NNT portalining (e-ngo.uz) skrinshoti. NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishdagi qog'ozbozlik fuqarolarning mustaqil tashabbuskor guruhlari jamoat tashkilotini tuzish niyatidan voz kechishini ta'minlashga qaratilgan, degan asosli taassurot uyg'onmoqda. O'zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati misolida ko'rilgan NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishning cheklovchi tartiblari "Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida"gi qonun (MTQ) talablarini qo'pol ravishda buzadi . Ta'sis hujjatlarini qayta ko'rib chiqishda ma'muriy organ tomonidan ariza beruvchiga ilgari yozma ravishda ma'lum qilinmagan rad etish sabablarining taqdim etilishiga yo'l qo'yilmasligi lozim. O'zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyatining ta'sis hujjatlarini ko'rib chiqishda O'zMTQning 45-moddasiga asosan, hujjatlarda xatoliklar aniqlangan taqdirda, Adliya vazirligi ma'muriy organ sifatida, qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, kamida 5 ish kuni muddat belgilagan holda, ariza beruvchiga xatolarni bartaraf etish imkoniyatini taqdim etishi shart. MTQ Adliya vazirligi va uning bo'linmalarining NNTlarni ro'yxatga olish tartib-qoidalariga oid qarorlari bilan bevosita bog'liq. Shundan kelib chiqib, NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish MTQ tamoyillari va talablariga javob berishi uchun Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarorida ko'rsatilgan "Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi to'g'risida"gi eskirgan nizomni qayta ko'rib chiqish zarur. Prezidentning 2018-yil 4-maydagi farmonida "nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayonlarini, ularning faoliyati tartibini belgilovchi qonunchilik normalarida ortiqcha byurokratik talablar va g'ovlar nazarda tutilgan bo'lib, bu normalar eskirgan va zamon talablariga javob bermasligi" aytib o'tilgan. Biroq, hali ham Adliya vazirligi va tegishli davlat organlari tomonidan NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish tartib-taomillaridagi mazkur byurokratik to'siqlarni bartaraf etish bo'yicha zarur choralar ko'rilmadi, bu borada amaldagi tartib esa anchadan beri hozirgi davr — O'zbekistonda mustaqil va kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish talablariga javob bermaydi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
29−30-noyabr kunlari Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo'yicha maxsus vakili Devid OʼSallivan "O'zbekiston rasmiylari bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuziga javoban YeI sanksiyalari yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirish" maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurdi. "Gazeta.uz" uchun bergan eksklyuziv intervyusida YeI maxsus vakili joriy etilgan sanksiyalarning maqsadlari va ularning Rossiya iqtisodiyoti uchun oqibatlari, O'zbekiston sanksiyalar rejimiga rioya qilishning qanday uddasidan chiqayotgani va mamlakat uchun iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishning ahamiyati haqida so'z yuritdi. — Hozir O'zbekistonga ilk tashrifim — aprel oyida bo'lib o'tgan uchrashuvning — davomi sifatida, O'zbekiston hukumati bilan Rossiyaning Ukrainadagi asossiz tajovuzkorligi va keng ko'lamli bosqinchiligiga javoban YeI va xalqaro koalitsiya tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bilan bog'liq masalalarni muhokama qilish maqsadida tashrif buyurdim. Biz O'zbekistonning suverenitetini, O'zbekiston bu mojaroda tarafkashlik qilishni, kimningdir tarafida bo'lishni yoki xalqaro koalitsiya tomonidan qabul qilingan sanksiyalarni qabul qilishni istamasligini to'liq tushunamiz va hurmat qilamiz. Biroq, O'zbekistondan sanksiyalarimizni chetlab o'tish yoki ulardan qochish maqsadida platforma sifatida foydalanilishi mumkinligidan xavotirdamiz. O'zbekiston rasmiylari buni istamasligini ochiq-oydin ma'lum qilgan. Munozaralarimizning mazmuni shundan iborat. Aprel oyida yaxshi muzokaralar olib bordik. Bugun AQSh va Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan hamkasblarim bilan ushbu munozaralarni davom ettirish va yuzaga kelgan ayrim masalalarni hal etish yuzasidan O'zbekiston rasmiylari bilan muhokamalarimizni ilgari surish maqsadida shu yerdaman. Markaziy bank, Bojxona qo'mitasi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va sanoat vazirligining keng doiradagi mutasaddilari bilan uchrashuv o'tkazmoqdamiz. Va sanksiyalar bilan bog'liq yuzaga kelgan bir qator masalalarni muhokama qilmoqdamiz. — Rossiya tomonidan o'tgan yilning fevralida Ukrainada boshlangan keng ko'lamli bosqinchilik Yevropa qit'asida kutilmagan voqea bo'lganini tushunish juda muhim. Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta Yevropa hududida yirik kuchlar to'qnashuviga guvoh bo'lmoqdamiz. Va bu nafaqat BMT Nizomini, balki Xelsinki kelishuvlarini ham qo'pol ravishda buzish hisoblanadi. Bu xalqaro hamjamiyatning, ayniqsa yevropaliklarning juda kuchli reaksiyasiga sabab bo'ldi. Aynan shuning uchun biz Rossiyaning asossiz tajovuzkorligiga javob tariqasida unga qarshi misli ko'rilmagan sanksiyalar to'plamini qabul qildik. Ushbu sanksiyalarning maqsadlari quyidagilardan iborat. Birinchidan, Rossiyani, Rossiya harbiy-sanoat majmuasini yanada takomillashgan qurollarni yaratish uchun zarur bo'lgan texnologiyalardan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilish. Ikkinchidan, Rossiya hukumatini urushni moliyalashtirish uchun zarur bo'lgan daromaddan mahrum qilish. Va uchinchidan, Rossiyaning urushni olib borishdagi asossiz tajovuzkorligi va o'ta shafqatsiz xatti-harakatlariga javob tariqasida uning sanoat infratuzilmasini qimmatga tushirish. O'ylaymanki, ushbu uchta maqsad bo'yicha sezilarli muvaffaqiyatlarni namoyish etishimiz mumkin. Rossiya zarur texnologiyalarni sotib olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. U Eron, Shimoliy Koreyaga tobora ko'proq murojaat qilmoqda yoki eski harbiy texnikadan foydalanmoqda. Bu esa ukrainaliklarga jang maydonida muayyan ustunlik beradi. Rossiya daromadlari pasayib bormoqda va Rossiya iqtisodiyoti endilikda, an'anaviy profitsitdan farqli o'laroq, defitsitni boshdan kechirmoqda. Ular urush iqtisodiyotini yuritishga majbur. Ular iqtisodining qolgan qismini "yeb bitirish"ga — ijtimoiy ta'minot, ta'lim, investitsiyalar, tadqiqotlar sohasidan mablag'larni tortib olib, urush ehtiyojlari uchun sarflashga majbur. Rossiya iqtisodiyotining o'rta muddatli istiqbollari ham nihoyatda yomon. Buni avtomobil g'ildiragining portlashidan ko'ra asta-sekinlik bilan teshilishi, degan bo'lardim. Biroq, hamma gap shundaki, g'ildirak dami asta-sekin chiqib ketaveradi, mashinani boshqarish tobora qiyinlashadi, qaysidir nuqtada esa u beqaror bo'lib qoladi. Albatta, iqtisodni urush holatiga qo'yib, Rossiya sun'iy ravishda uni istalgan birimiz xohlaganimizdan ko'ra uzoqroq vaqt ushlab turishi mumkin. Biroq, bu hatto o'rta muddatli istiqbolda ham barqaror emas. — Mening nazarimda, tashrifimiz faqatgina O'zbekiston bilan kifoyalanmaganligini ta'kidlab o'tish muhim. Sanksiyalardan maqsad Yevropa kompaniyalarining Rossiyada biznes yuritishi va mahsulot eksport qilishiga halal berishdan iborat edi. Rossiyadan importimiz avvalgi tarkibining 60 foizi sanksiyaga uchragan yoki taqiqlangan. Bundan tashqari, eksportimiz avvalgi tarkibining 55 foizi ham endi sanksiyalar ostida. Shu sababli, ushbu eksportning ko'plab qo'shni mamlakatlarga yoki hatto BAA kabi uzoq mamlakatlarga tabiiy ko'chishi sodir bo'ldi. Shunday qilib, ilgari Rossiyaga qarab harakatlangan, hozirda esa Qozog'iston, O'zbekiston, Armaniston, Serbiya, Turkiya va BAAga yo'l olayotgan savdoning ko'chishi tendensiyasiga guvoh bo'lmoqdamiz. Va [mahsulotlarimiz] bu mamlakatlardan Rossiyaga yetib borishidan, albatta, xavotirdamiz. Aynan shuning uchun aprel oyidagi tashrifim vaqtida bu mamlakatlarning barchasi bilan muzaokaralar boshlangan. Haqiqatan ham, biz xavotir uyg'otadigan ayrim raqamlarni ko'rdik, ayniqsa Rossiya harbiy texnikasida ishlatiladigan mahsulotlar bo'yicha. Biz O'zbekistondan barcha sanksiyalarga rioya qilishni talab qilmaymiz, bu juda qiyin bo'lardi. Biroq, Rossiya harbiy harakatlari uchun alohida ahamiyatga ega bo'lgan 45 ga yaqin mahsulotlardan juda oz miqdorini aniqladik. Va bu tovarlarning O'zbekiston kabi uchinchi davlatlardan reeksport qilinishiga yo'l qo'ymaslik tarafdorimiz. Darhaqiqat, O'zbekiston hukumati bizni O'zbekistondan [sanksiyalarni] chetlab o'tish uchun platforma sifatida foydalanilishini istamasligiga ishontirdi, xususan, harbiy maqsadlarda qo'llanilishi mumkin bo'lgan tovarlar uchun. Biz ushbu tovarlarning reeksporti qisqarganligi bo'yicha dastlabki ijobiy reaksiyalarga guvoh bo'ldik. Biroq, aytishim kerakki, hozirda statistik ma'lumotlar yetarli emas. Va bugungi muhokamalar doirasida O'zbekiston tomoni bu ma'lumotlarni yaqin bir necha kunlarda taqdim etish majburiyatini oldi. Umid qilamanki, bu birinchi tashrifimizdan keyin biz ko'rgan tendensiya bugungi kungacha davom etayotganidan dalolat beradi. — Sanksiyalar, aslini olganda, mamlakatlarga nisbatan qo'llaniladi. Hozirgi vaziyatda — Rossiyaga. Uchinchi mamlakatlardagi kompaniyalar uchun bu sanksiyalarning oqibatlari esa faqat ular sanksiyalarni chetlab o'tishda ishtirok etgan taqdirda yuzaga keladi. Biz ularning o'zlariga nisbatan sanksiyalar qo'llamaymiz. Bundan maqsad — bu kompaniyalar bizning sanksiyalarimizni chetlab o'tishda davom eta olmasligini ta'minlash. Shuning uchun biz ba'zi hollarda muayyan kompaniyalarni ro'yxatga kiritamiz va o'z kompaniyalarimiz uchun ushbu kompaniyalar bilan hamkorlikda biznes yuritishni qiyinlashtiramiz. Biz, Yevropa Ittifoqi, ikkinchi darajali sanksiyalarni qo'llamaymiz va sanksiyalarimizni ular qarshi qaratilgan davlatdan — hozirgi vaziyatda Rossiyadan — boshqa davlatlarga nisbatan qo'llamaymiz. — Ochig'ini aytishni istardim. [Suhbat] boshida aytib o'tganimdek, biz O'zbekistondan sanksiyalarimizga rioya qilishni so'ramaymiz. Sanksiyalarimizni qabul qilish yoki ularga muvofiq harakat qilishni so'ramaymiz, lekin sanksiyalarimizni chetlab o'tish uchun platforma bo'lmaslikni so'raymiz. Aprel oyidagi tashrifim chog'ida, odamlar Yevropa yoki boshqa G'arb tovarlarini reeksport qilishda bizning sanksiyalarimizni tasodifan buzish xavfi nima ekanligini yaxshiroq tushunishlari uchun nima bo'layotgani va sanksiyalarimiz qanday ishlashini tushuntirish maqsadida texnik yordam missiyasini tashkil qildik. Va biz O'zbekiston rasmiylari bilan ularda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan masalalar yuzasidan doimiy muloqotdamiz — ruxsat etilgan chegara qanday, nima qonunan mumkin, nima mumkin emas. Va men O'zbekistonda bu borada boshqa davlatlarga qaraganda muammo ko'proq, deb o'ylamayman. Markaziy bank juda yaxshi ish olib bormoqda. Bojxona organlari O'zbekistondan bizning sanksiyalarimizni chetlab o'tishda platforma sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan har qanday xavf bilan yaxshi kurashmoqda. — Ikkita narsani qayd etib o'tishni istardim. Birinchidan, shuni ta'kidlashni istardimki, O'zbekistondan so'ralayotgan sa'y-harakatlar uning umumiy savdo hajmining 1 foizidan kamrog'ini tashkil etuvchi 45 ta mahsulotga qaratilgan. Biz O'zbekistonning Rossiya bilan an'anaviy savdosiga yoki Rossiya bilan qonuniy savdosiga — siz Rossiya bilan doimo savdo qilib kelgan tovarlarga zarar yetkazish istagida emasmiz. Bu, albatta, davom etaveradi. Biz savdoning sanksiyalarimizni chetlab o'tishga urinishlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan yangi ko'rinishlaridan xavotirdamiz. Biz hech qanday tarzda O'zbekistonning an'anaviy savdo yo'llariga putur yetkazmoqchi emasmiz, agar ular sanksiya ostidagi tovarlar bilan bog'liq bo'lmasa. Umuman olganda, iqtisodiy faoliyatni diversifikatsiya qilishdan O'zbekistonning o'zi manfaatdor. Biz O'zbekiston hukumatining jahon iqtisodiy hamjamiyatining to'laqonli a'zosiga aylanish va Yevropa, AQSh, Janubiy Amerika, Osiyo mamlakatlari bilan savdo qilish, JSTga a'zo bo'lish hamda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi eksport imkoniyatlarini ochish orqali o'z iqtisodiy faoliyatini kengaytirish borasidagi sa'y-harakatlarini qat'iy qo'llab-quvvatlaymiz. Masalan, YeI bilan munosabatlarda O'zbekiston GSP+ — ko'plab o'zbek tovarlarini bojxona to'lovlarisiz YeI mamlakatlariga eksport qilish imkonini beruvchi maxsus tarif rejimidagi ishtirokidan foyda ko'radi. O'zbekiston hukumati bilan aynan mana shu yo'nalishlarda hamkorlik qilib, iqtisodiyotingiz o'sishi va jahon iqtisodiyotining yanada kattaroq qismiga aylanishiga yordam berish istagidamiz. Va bizning yagona vazifamiz — sanksiyalar masalasi ushbu ijobiy o'zgarishlarga to'sqinlik qilmasligi yoki putur yetkazmasligiga ishonch hosil qilish. — Sanksiyalarning 12-paketi batamom qabul qilinmaguncha izoh berishni istamasdim, sababi hozirda u tayyorgarlik bosqichida. Faqat shuni aytishim mumkinki, avvalgilarida ikkita O'zbekiston kompaniyasi ro'yxatga kiritilgan holatlar bo'ldi. Shuni ta'kidlashni istardimki, bu juda og'ir sanksiya emas. Bu shunchaki Yevropa kompaniyalarining ushbu kompaniyalar bilan savdo qilishiga yo'l qo'ymaslik vositasi, chunki, ming afsuski, bu kompaniyalar bizning sanksiyalarimizni chetlab o'tishlari yoki sanksiya ostidagi mahsulotlarni Rossiyaga sotishda hamkorlik qilishlari mumkin, deb hisoblash uchun asos bor. Bu biz foydalanadigan usullar orasida eng cheklanganlaridan. Undan ehtiyotkorlik bilan foydalanamiz. Biz sanksiyalar qo'llash yoki yuridik shaxslar va kompaniyalarni ro'yxatga kiritish zaruratidan qochish uchun O'zbekiston kabi hamkor davlatlar bilan sheriklik va hamkorlik ruhida ishlashni ma'qul ko'ramiz . — Nazarimda, bizning asosiy messejimiz — O'zbekiston va YeI o'rtasida juda ijobiy hamkorlik yo'lga qo'yilganida. Xoh savdoda bo'lsin, xoh rivojlanishga yordam, xoh bu yerga ish o'rinlari va zavodlar tashkil etish uchun kirib kelayotgan Yevropa kompaniyalari investitsiyalari bo'lsin. Va sanksiya masalasi [bunga] to'siq bo'lib qolmasligi — muhim. Shuning uchun biz O'zbekiston rasmiylaridan o'z majburiyatlarini bajarishlarini so'raymiz, xususan: O'zbekiston sanksiyalarni chetlab o'tish platformasiga, sanksiya ostidagi tovarlar Rossiyaga noqonuniy ravishda kirib borishini ta'minlovchi hududga aylanib qolmasligini ta'minlash. Biz bu nimani anglatishini juda aniq tushuntirdik. Aytib o'tganimdek, butun boshli iqtisodiyotga nisbatan olganda, bu tovarlarning nisbatan kichik sonini tashkil etadi, biroq ular juda muhim va harbiy maqsadlarda qo'llanishi mumkinligi nuqtai nazaridan juda xavfli. Biz yetkazmoqchi bo'lgan asosiy xabar — O'zbekiston hukumati bu savdoga jiddiy e'tibor qaratishda davom etsin va O'zbekistondan sanksiyalarni chetlab o'tish platformasi sifatida foydalanishlariga yo'l qo'yilmasin. Davlat Umarov suhbatlashdi.
columnist
O'zbekistonda bolalar adabiyoti, yumshoq qilib aytganda, sust rivojlangan, ochig'ini aytganda esa — rivojlanmagan. Mamlakatda, ming afsuski, bolalar uchun mo'ljallangan adabiyotlarga doir alohida statistik ma'lumotlar yo'q — bu ish bilan hech kim shug'ullanmaydi . Statistika agentligi ma'lumotlariga ko'ra, 2022-yilda O'zbekistonda 1100 nomda jami 2,1 mln nusxa kitob va broshyuralar chop etilgan . Bu davrda mamlakatda 19 yoshgacha bo'lgan 13,1 mln nafar aholi bor edi — ya'ni har bir o'zbekistonlik yigit-qizga 0,15 dona (bitta ham emas!) kitob. Agar bu kitoblar ichidan bolalar va o'smirlarga mo'ljallanganlari alohida ajratib olinadigan bo'lsa, nisbat yanada kamayishi turgan gap. Taqqoslash uchun, AQShda 2022-yilda 17 yoshgacha bo'lgan bolalar soni 72,5 mln edi , mamlakatda esa 250, 8 mln nusxadan ko'proq bolalar kitobi sotilgan — ya'ni har bir amerikalik bola va o'smirga salkam 3,5 tadan kitob to'g'ri kelgan. Shunday bo'lsa-da, bugun O'zbekistonda bolalar adabiyoti uchun hech narsa qilinmayapti degan xulosa qilish yaramaydi. O'zbekiston 2022-yili Bolalar va o'smirlar adabiyoti xalqaro kengashi (IBBY)ga a'zo bo'ldi. "O'zbekiston — 2030" strategiyasiga muvofiq , mamlakat 2030-yilgacha 100 jildlik "Jahon bolalar adabiyoti durdonalari"ni o'zbek tilida nashr qilish, har yili bolalar va o'smirlarga mo'ljallangan 50 ta badiiy kitob yaratish kabi maqsadlarni o'z oldiga qo'ygan. 2023-yilda Toshkentdagi Respublika bolalar kutubxonasi to'liq ta'mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi . Bolalar kitobxonligiga bag'ishlangan tadbirlar ham, umuman olganda, avvalgidan ko'proq. Bularning bari kitobxonlikka befarq bo'lmagan kishilarni, shubhasiz, quvontiradi. Ammo kitobxonlik didi shakllanishi uchun sanab o'tilgan sa'y-harakatlarning o'zigina yetarli emas. Respublika bolalar kutubxonasida. Foto: Madina A'zam / "Gazeta.uz" O'zbekistonda bolalar adabiyotini nashr qilish ishlari maqsadga muvofiq darajada rivojlanmagani tufayli aksariyat o'zbekistonlik bolalar va ularning ota-onalarida bolalar adabiyoti bo'yicha did ko'ngildagidek shakllanmagan. Did shakllanishi uchun bolalar adabiyoti ko'p va sifatli bo'lishi, bundan tashqari, jahon bolalar adabiyotining yangi namunalari doimiy ravishda aholi qo'liga yetkazib turilishi kerak. Kitob nashri kuchayib, bozorda taklif ko'paygach, farzandiga kitob olib bermoqchi bo'lgan ota-onalarga ma'lum darajada yordam zarur. Bu yordam, xususan, tavsiyaviy ro'yxatlar ko'rinishida bo'lishi mumkin. Bunday ro'yxatlarni tayyorlashda esa tanlovlarning o'rni beqiyos. Nega tanlovlar va tavsiyaviy ro'yxatlar muhim ahamiyatga ega? Avvalo, tanlovlar kitoblarning sifatlisini saralab olish imkonini beradigan samarali vosita hisoblanadi. Tanlovlar adabiyotdagi, kitob bozoridagi trend va istiqbollarni, shuningdek, kamchiliklarni ko'rsatib beradi. Shuningdek, tanlov sabab u yoki bu kitobga jamoatchilik, xususan, media e'tibori qaratiladi. Buning natijasida kitob sotuvi jadallashishi, nashriyotlar tomonidan yangi kitoblarni ko'proq chop etish uchun imkoniyatlar paydo bo'lishi mumkin. Ko'p kitob sotilishi uchun targ'ibot zarur, tanlov va tavsiya ro'yxatlari esa ana shu targ'ibotning bir ko'rinishidir (axir aynan targ'ibot va marketingning kuchi bilan aholi aslida o'ziga zararli bo'lgan gazlangan shirin ichimliklarni tonnalab sotib oladi). Shunday qilib, kitoblar (xususan, tanlovlar va tavsiya ro'yxatlari orqali ham) qancha ko'p targ'ib qilinsa, nashriyotlar shuncha ko'p kitob sotadi, nashriyotlar faoliyati o'sgani, kengaygani sari kitobxonlik ham rivojlanadi, kitob mutolaa qiluvchi qatlam kengayadi. Zotan tanlovlarning bosh maqsadi u yoki bu kitobni ma'lum bir toifada "eng yaxshi" deb konkret belgilash emas, balki ma'lum bir hikoya yo muallifning xizmatlarini kengroq auditoriyaga yoyishdir. Hozir O'zbekistonda e'tiborga molik yoki nufuzli kitob ro'yxatlari umuman yo'q, deb bo'lmaydi. Masalan, "Yosh kitobxon" tanlovida ishtirok etmoqchi bo'lgan yoshlar uchun mutolaa qilinishi tavsiya etiladigan kitoblar ro'yxati tuzilgan. Lekin u yerda maktabgacha yoshdagi bolalar uchun biror-bir kitob yo'q — nega bundayligi ham tushunarli, chunki tanlovda maktabgacha yoshdagi bolalar qatnashmaydi. Ammo kitobxonlik maktab yoshidan emas, balki go'daklik davridan boshlab shakllanadi. Aynan miya jadal rivojlanayotgan davrda shakllangan kitobxonlik kelgusida ko'p va yaxshi samara berishiga doir ko'plab tadqiqotlar bor . Men suhbatlashgan aksariyat o'zbekistonlik ota-onalar bog'cha yoshidagi farzandlariga odatda ertak kitoblarni tanlashini aytadi. Albatta, hechdan ko'ra shunisi ham yaxshi. Ammo ertak ham bolaning kognitiv va psixologik rivojlanishiga munosib bo'lishi kerak. Masalan, o'gay ona haqidagi kitob 4 yoshli bola uchun tushunarsiz bo'lishi, bolaning shakllanmagan psixikasi uchun belgilangan samarani bera olmasligi mumkin. Kattalar adabiyotidan ko'ra bolalar adabiyoti tanlovlarga muhtojroq. Nega? Kattalar o'z ongi rivojlanganligi darajasida kitob tanlay oladi — kimdir Kafkani o'qigisi kelsa, kimdir Koeloni ma'qul ko'radi. Shakllanib bo'lgan bunday didni o'zgartirish oson emas. Bolalarda bunday emas — ularga ongi va tafakkuri ayni shakllanayotgan davrda to'g'ri va kerakli ozuqa berish kerak. Kitob — ana shunday ozuqa, lekin uning ham eng foydalisini bera bilish uchun ota-onalar va pedagoglarga biror-bir tavsiya yo ekspert nuqtai nazari kerak bo'ladi. Aksariyat ota-onalar yoshligida o'qigan kitoblarni tavsiya qila olgani bilan, zamonaviy adabiyot, zamonaviy kitoblar bo'yicha ularning tasavvuri ham chegaralangan bo'lishi mumkin. Kitob tanlovlari nafaqat katta, davlat nashriyotlarining kitoblari, balki kichikroq, xususiy nashriyotlar tomonidan chop etilgan, yosh kitobxonlar uchun chindan-da qiziq kitoblar ham jamoatchilik e'tiboridan chetda qolmasligi, umuman, bolalar kitobxonligi tabiiy rivojlanishi, bolalar adabiyoti bozori shakllanishi uchun ham zarur. Bunday tanlovlar turli idora va tashkilotlar tomonidan, turlicha yondashuvlar bilan tashkil etilsa, haqiqiy raqobat muhiti yuzaga keladi va bundan oxir-oqibat kitobxonlar yutadi. Foto: Dinara Mo'minova Oldindan qayd etish joiz: birinchidan, bu tanlovlar va tavsiya ro'yxatlari faqat o'zbekistonlik mualliflarning kitoblari asosida bo'lishi lozim; ikkinchidan, tanlovda g'olib bo'lgan kitoblarning muqovasi yoki sotiladigan joyiga uning g'olib ekani yoki maxsus tavsiya ro'yxatiga kiritilgani haqida belgi qo'yilishi kerak — bunday belgi ota-onalar va pedagoglar uchun mayoq vazifasini bajaradi; uchinchidan, tanlov va ro'yxatlar maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarni ham inobatga olishi zarur, chunki chinakam kitobxonlik, yuqorida ham ta'kidlanganidek, aynan bog'cha yoshidan boshlanadi va bu yoshdagi bolalarga ham turli janrlarga mansub kitoblar kerak, faqat ertaklar emas. 1. Nashriyotlarning tavsiya ro'yxatlari (nashriyot tomonidan chiqarilgan bolalar adabiyotlari bo'yicha yil tavsiyalari). Bunda kitoblar ko'p bo'lsa, ular janr va yosh kategoriyasi bo'yicha alohida ajratilishi mumkin. Kitob soni kam bo'lsa, u holda sotuv darajasi, kitobxonlar tomonidan bo'layotgan qiziqish, bir kitob ortidan ikkinchi kitob (davomi) so'ralishi va hokazo omillarga qarab, ro'yxatni shakllantirish mumkin. Misol uchun, bolalar adabiyotini chop etish bo'yicha ham katta tajribaga ega bo'lgan Rossiyadagi "MIF" nashriyoti o'z saytida bestsellerlar va kitoblarning nashriyot muharrirlari tanlovi bo'yicha maxsus ro'yxatlarini berib boradi. Bu kitob izlayotgan ota-onalar va pedagoglar uchun samarali vositadir. 2. Nashriyotlararo tanlov. Bunda bir necha nashriyot kelishib, o'zlari chop etgan bolalar kitoblari orasida tanlov o'tkazadi. Chetdan (nashriyotlarga aloqasi yo'q) ekspertlar jalb qilinib, har bir kitob ovozga qo'yiladi va g'olib kitob aniqlanadi. Bunday tanlovlarni hukumat idora va tashkilotlari, biznes tuzilmalar, xususan, banklar ham o'tkazishi mumkin. Ekspert sifatida esa tajribali kutubxonachilar, pedagoglar, filologlar, kitobxon ota-onalar jalb qilinishi mumkin. Rossiyadagi " Novaya detskaya kniga " ("Yangi bolalar kitobi") tanlovi bunga misol bo'la oladi. 3. Kitob do'konlarining tavsiya ro'yxatlari. So'nggi yillarda O'zbekistonda jumladan kitob bilan ham savdo qiluvchi elektron savdo maydonchalari, marketpleyslar ko'paydi va rivojlandi. Mazkur servislar o'zi sotayotgan bolalar kitoblari orasidan yosh kategoriyasi, janrlar va boshqa turli omillardan kelib chiqib, tavsiya ro'yxatlarini taqdim etishi va bu ishni ikki xil yo'l bilan qilishi mumkin. Birinchisi, ular munaqqidlar, muharrirlar, pedagoglar, ota-onalar va boshqa manfaatdorlardan iborat hay'at tuzib, uning tanloviga eng yaxshi kitoblar ro'yxatini e'lon qilishi mumkin. Ikkinchisi, bu o'sha savdo maydonchalari va marketpleyslarning texnologik imkoniyatlari bilan tuziladigan va real vaqt rejimida yangilanib turadigan "eng ko'p izlangan", "eng ko'p sotilgan" (bestseller), "eng ko'p fikr bildirilgan" (va hokazo) kitoblar ro'yxatlaridir. Masalan, dunyodagi eng katta onlayn kitob do'koni hisoblangan Amazon.com saytida taqdim etilgan texnik imkoniyatlar (filtrlar) yordamida har kim o'zi istagan janrga oid kitobni yosh kategoriyasiga qarab saralab olishi mumkin. Saralash jarayonida sayt algoritmi aynan eng ko'p izohga ega va mushtariylar tomonidan eng ko'p ball olgan kitoblarni birinchi galda (eng yuqorida) tavsiya qiladi. 4. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tanlovi. Bunda vazirlik mas'ullari va ekspertlari mamlakatda yil davomida nashr etilgan barcha bolalar adabiyotlari orasidan eng yaxshilarini tanlab, buni vazirlik tanlovi sifatida taqdim etishi mumkin. Ota-onalar vazirlik saytiga kirib, ushbu ro'yxat bilan osongina tanisha olishi kerak. Masalan, Janubiy Koreyada kitob do'konlari yoki kutubxonalarda kitob tanlayotganingizda, ayrimlarida "Vazirlik tavsiyasi" degan belgini ko'rish mumkin. Bu belgi qo'lingizdagi kitob bola rivojlanishi uchun haqiqatan ham foydali ekanligi vazirlik tomonidan ham tasdiqlanganini anglatadi. 5. Kutubxonalar tanlovi va tavsiya ro'yxatlari. Har bir katta va kichik kutubxona o'quvchilar yil davomida qaysi kitoblarni eng ko'p so'raganidan kelib chiqib, yosh kategoriyasi bo'yicha yil kitoblarini aniqlashi kerak. Va bu kitoblar (yoki ularning nomlari yozilgan ro'yxat) kutubxonaning hammaga ko'rinarli joyida ma'lum muddat (shuningdek, Janubiy Koreyadagidek — kutubxona saytida doimiy) turishi kerak. Kutubxonalarning tavsiya ro'yxatlari doimiy yangilab turilishi, buning uchun doimiy o'rganish (tadqiqot) olib borilishi kerak. 6. Uyushmalar tanlovi. Bunda ta'limga aloqador har qanday uyushma tomonidan bolalar adabiyotining eng yaxshi namunalarini aniqlash bo'yicha tanlov o'tkazadi va uning yakunlari tavsiyaviy ro'yxat sifatida e'lon qilinadi. Misol uchun, Janubiy Koreya Bolalar adabiyoti va ta'limi jamiyati muntazam ravishda tavsiya ro'yxatlarini shakllantirib boradi. 7. Ota-onalar tanlovi. Mazkur tanlovni farzandi maktab va bog'chaga qatnaydigan, kutubxonaga kelib turadigan ota-onalar o'rtasida, ularga so'rovnomalar yuborgan holda amalga oshirish mumkin. Masalan, AQShda katta nashriyot uylari ota-onalar orasida so'rovnomalar o'tkazib, "Ota-onalar tanlovi" nomli tavsiyaviy ro'yxatlar tuzadi va jamoatchilikka taqdim etadi. 8. Davlat tanlovlari. Bunda bir vaqtning o'zida bir nechta tanlov tashkillashtirish mumkin — ular taniqli bolalar yozuvchilarining nomlari bilan atalib, har bir tanlovning maqsadi turlicha bo'lishi kerak. Misol uchun, biri eng yaxshi nasriy, boshqasi nazmiy asarni aniqlasin, yana bir tanlov bolalar adabiyoti rivoji uchun qo'shilayotgan hissani, boshqasi ta'limga ko'rsatilayotgan ta'sirni e'tirof etsin va hokazo. Bunday tanlovlarga ko'plab misollar keltirish mumkin — Hans Kristian Andersen mukofoti , Kaldekott medali , Nyuberi medali , Korney Chukovskiy nomidagi tanlov , Samiul Marshak nomidagi adabiy mukofot va boshqalar. Kitob muqovasiga uning u yoki bu tanlov g'olibi ekani haqida belgi (tamg'a) qo'yilgan. Foto: Dinara Mo'minova 9. Pedagog-o'qituvchilar tanlovi. Bunda maktabgacha va maktab ta'limi pedagoglari bolalar adabiyotlari orasidan o'quv jarayonida eng samarali vosita bo'la oladigan kitoblarni tanlaydi. Buning uchun biror-bir axborot tizimiga pedagoglar tomonidan ularga yoqqan kitob nomlari kiritilib, yig'ib borilishi kerak. Yil davomida eng ko'p qayd etilgan kitob yakunda g'olib deb topiladi. Misol uchun, Janubiy Koreya maktablarida ota-onalarga bolaning yoshiga mos kitoblar muntazam tavsiya qilib boriladi. Tavsiyalar markazlashgan (masalan, "Kundalik"ga o'xshash) axborot tizimi orqali har bir ota-onaga yetkaziladi. 10. Kitob va ta'lim blogerlarining tavsiyaviy ro'yxatlari. Bugun O'zbekistonda bukbloging ham rivojlanmoqda, bukblogerlar ko'paymoqda, ular orasida ixtisoslashayotganlar ham yo'q emas. Bolalar adabiyotini chuqur o'rganuvchi blogerlar jamiyat uchun juda muhim. Yangi chop etilayotgan bolalar kitoblari haqida muntazam o'z fikri, taqrizlarini berib boruvchi blogerlar ota-onalarning kitob didi shakllanishiga yaxshigina ta'sir ko'rsata oladi va ularning yaxshi kitoblarni tanlashiga yordam berishi mumkin. Har bir bloger o'zi yoki bir necha bloger uyushib, har oy, fasl yo yil yakunida yangi chop etilgan bolalar kitoblari orasidan o'z talqinlariga ko'ra eng yaxshilarni e'lon qilishi mumkin (masalan, YouTube'dagi Little Book Owl'ni misol qilib ko'rsatish mumkin — u, asosan, o'smirlar uchun mo'ljallangan kitoblarni tavsiya qiladi, muntazam o'z tavsiya ro'yxatlarini tuzib boradi). Muallif haqida: Dinara Mo'minova — maktabgacha yoshdagi bolalarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish bo'yicha mutaxassis. Pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD). Bolalar uchun mo'ljallangan "Ajoyib kaktus", "Sumalakning sehrli toshi", "Navro'z ranglari", "Tug'ilgan kunimga sovg'a", "Eng zo'r chumoli", "Nega yulduz tushmaydi?", "Tomchi qayerga ketdi?", "Quyoshning sirli botishi", "Moyqalamning sehrini izlab", "Mening alifbe kitobim" rasmli kitoblari muallifi . "Quyoshning sirli botishi" kitobi 2022-yili O'zbekiston hukumati tomonidan o'tkazilgan "Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob" tanlovida sovrindor bo'lgan . "Sumalakning sehrli toshi" kitobi esa X-Open Eurasia (Buyuk Britaniya) xalqaro tanlovi finaliga chiqqan. Janubiy Koreya, Ispaniya, O'zbekiston maktabgacha ta'lim muassasalari va o'quv markazlarida o'qituvchi va kutubxonachi sifatida tajribaga ega. Ayni vaqtda Nordik xalqaro universitetida "Bolalar adabiyoti" fanidan dars beradi va ilmiy ish olib boradi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Xalqaro forumlar saroyida 2023-yilning 28-dekabr kuni taniqli pianinochi Lola Astanovaning konserti bo'lib o'tdi. "Uspenka" bitiruvchisi hisoblangan asli toshkentlik Lola 20 yildan beri AQShda yashab, musiqiy karerasini qurib kelmoqda. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini muvaffaqiyatli yuritadi — birgina Instagram'da uning ijodini 1,3 mln kishi kuzatib boradi, YouTube'da esa videolari qariyb 100 mln marta ko'rilgan. Toshkentdagi konsertidan so'ng "Gazeta.uz" uchun bergan eksklyuziv intervyusida pianinochi ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik, o'zbekistonlik musiqachilarning xorijdagi muvaffaqiyatlari sabablari, musiqani o'rgatishdagi yondashuvlar o'rtasidagi farq, qattiqqo'l ustozlarning o'rni hamda fevralda O'zbekiston poytaxtida o'tkazilishi kutilayotgan yangi konserti haqida so'z yuritdi. — Hissiyotlar jo'sh urmoqda, sababi qandaydir mo''jizaviy Yangi yil kayfiyati hukmron. Olqishlardan, iliq kutib olishganidan, umuman, bu yerda ekanligimdan juda mamnunman. Tomoshabinlar, mehmondo'stlikdan hali ham hayratdaman va g'oyatda mamnunman. — Orkestr bilan ijro ajoyib bo'ldi. Repetitsiya kam bo'lganiga qaramay, biz dasturni to'liq, yaxshi ijro etdik, mashq qildik, hech qanday qiyinchilik bo'lmadi. Nazarimda, orkestr juda yuqori saviyaga ega. Konsertda esa repetitsiya jarayonidagidan ham yaxshiroq bo'ldi — bu hamisha odamni quvontiradi. — Ha, to'g'ri topdingiz. Sababi, ayrim hollarda, pardoz xonasi yoki sahna orqasida hech qanday musiqa asbobi bo'lmaydi. Sahnaga esa, albatta, qizigan qo'llar bilan chiqish kerak, chunki ijro sifati shunga bog'liq. Shuning uchun qizdirib olaman. Deylik, musiqa asbobim bo'lmasa, qo'llarimni qizdirib olishim, qandaydir mini-mashq qilishim mumkin. Men bu haqda hatto o'ylamayman ham — bu, qandaydir tarzda, o'z-o'zidan sodir bo'ladi. Bu sahnadagi royal — ajoyib! Nazarimda, men chalgan rolyallar ichida eng yaxshilaridan biri. Hatto eng katta va dong'i ketgan sahnada ham, masalan, Nyu-Yorkdagi Karnegi-holl konsert zalida ham yaxshi royal bo'lmasligi mumkin. Shuning uchun men ushbu sahnani e'tirof etishim lozim — Forumlar saroyi dunyodagi eng yaxshi musiqa asboblaridan biriga ega. — Ijtimoiy tarmoqlar — hayotimizning ajralmas qismi, ayniqsa, ijodkor uchun. Menimcha, bunda salbiy jihatlardan ko'ra ijobiy jihatlar ko'proq. Birinchidan, siz tomoshabin bilan, tinglovchilaringiz bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lanish imkoniga egasiz. Endilikda munaqqidlar yoki o'z fikrini bildirishi kerak bo'lgan qandaydir xos odamlarga muhtoj emassiz. Tinglovchi o'zi tomosha qilishi, tinglashi, unga yoqadimi yoki yo'q, konsertga boradimi, chipta sotib oladimi — o'zi hal qilishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarning munozarali jihatlari ham bor. Masalan, odamlar ko'rgan narsasini boshqalarga ulashishi uchun u yerda hamma narsani biroz bo'rttirishga to'g'ri keladi. Ko'pchilik layklar, ko'rishlar va obunachilar soniga mukkasidan ketadi. Albatta, bu narsa bor. Biroq, bunga tabiiy holdek yondashsangiz va e'tibor bermasangiz, ijtimoiy tarmoqlar — ko'p jihatdan ijobiy. Ijtimoiy tarmoqlar paydo bo'lgungacha kareram klassik yo'nalishda rivojlangan: simfonik orkestrlar ishtirokida Raxmaninov, Chaykovskiy simfoniyalari, konsertlar. Biroq, aytishim kerakki, hozir akademik musiqa men uchun unchalik qiziq emas. Endilikda meni o'z mualliflik musiqamni chalish, o'z estetikamni yaratish ko'proq qiziqtiradi. Sababi — klassik musiqalar, ularni qanchalik sevmaylik, hammasi allaqachon ijro etib bo'lingan. Hozirda men boshqa yo'nalishdan ketyapman. — Ha, shubhasiz, bog'liq. Albatta, bu musiqa hamisha mening bir bo'lagim bo'lib qoladi: hayotimning necha yillari davomida, mening musiqiy DNKam shu bilan boshlangan, u hech qayerga yo'qolmaydi. Biroq, karera va rivojlanish nuqtai nazaridan yanada kattaroq ko'lamdagi konsertlar, shoularni taqdim qilmoqchiman. Massiv ovozni yoqtiraman. Taqdimot, aranjirovkalar nuqtai nazaridan menda juda ko'p ijodiy g'oyalar bor. Men musiqa yozaman va bu men uchun hozir juda muhim, chunki ilgari mavjud bo'lmagan narsani yaratish boshqa bastakorlarning musiqasini ijro etishdan keskin farq qiladi. — Har bir tomoshabin o'zi uchun nimadir oladi. Kimdir bor diqqatini musiqaga qaratadi, kim uchundir esa konsert — bu shunchaki biror joyga chiqish. Boshqa odamlar ko'proq qiyofaga, kiyimga e'tibor beradi. Ya'ni, har kim o'zidan kelib chiqib reaksiya qiladi. Men buni yomon, deb o'ylamayman. Siz audio va vizual qismlarni birgalikda taqdim etasiz, tomoshabin esa nimaga e'tibor qaratishni o'zi tanlaydi. Biroq, eng asosiysi, hammasi yuqori darajada bo'lishi kerak: ijro ham, tashqi ko'rinish ham. Baxtga qarshi, deymizmi, baxtimizgami, bugungi dunyo shunaqa, undan hech qayerga qochib qutilib bo'lmaydi. — Ijtimoiy tarmoqlarda bo'lishning o'zigina yetarli emas. Hech qanday mahoratga ega bo'lmagan holda jonli konsert bersangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik sizga yordam berolmaydi . Haqiqiy qobiliyatsiz pul ham sizga yordam bermasligi mumkin. Albatta, Karnegi-hollni ijaraga olishingiz mumkin, biroq bu bir marta ish beradi. Hech kim bu konsertga ikkinchi bor tashrif buyurmaydi, sababi — odamlar san'atkor qiziqroq nimadir ayta olishi, mahorati bor yoki yo'qligini qandaydir tarzda his qiladi. Ko'p narsa musiqa janriga bog'liq. Akademik musiqada ma'lumotga ega bo'lmagan holda ajoyib cho'qqilarni zabt etgan ko'plab estrada san'atkorlari bor. Suratni bitta rang bilan chizish mumkin, o'nta rang bilan ham chizish mumkin. Malevich "Qora kvadrat"ni chizgan. Hammasi sizning uslubingizga bog'liq. Albatta, sizning arsenalingizda tanlov bo'lgan taqdirda, imkoniyatlaringiz ko'proq bo'ladi. — Haqiqatan ham shunday va, bilasizmi, bu kishini juda quvontiradi. Nazarimda, o'zbekistonlik iste'dodli kishilar va musiqachilar talaygina. Bizning juda kuchli maktabimiz, kuchli ustozlarimiz bor edi va ular aql bovar qilmas san'atkorlarni tarbiyaladi. Buni qo'llab-quvvatlash va bundan faxrlanish kerak, chunki har qanday sohada jahon sahnasiga chiqish — hazilakam ish emas. Men [muvaffaqiyatni] avvalroq singdirilgan tizim bilan bog'layman. Masalan, ustozlarim eng yuqori saviyadagi odamlar edi. Hozir bu tizimning hech bo'lmaganda o'xshashini qayerdan topish mumkinligini hatto tasavvur qilish ham qiyin. Nazarimda, aynan shuning uchun ham bu ijodkorlar muvaffaqiyat qozondi. — Farq bor, albatta. Bizning ustozlarimiz ancha qattiqqo'l bo'lgan, ular haqiqatan ham bolalardan natija uchun ishlashni talab qilardi. Menimcha, G'arb maktablarida aynan shunday qattiqqo'llik biroz yetishmaydi. Masalan, Amerikada bolalarga, hatto darsni o'zlashtirmagan taqdirda ham umuman hech narsa deya olmaysiz, tanqid qilolmaysiz. Ularni har qanday holda maqtash kerak. Nazarimda, bu noto'g'ri. Muvozanatni topish lozim. Albatta, bizda bolaning qo'llariga urish kabi chegaradan chiqish holatlari ham bo'lgan. Buni ham qabul qilib bo'lmaydi. Biroq inson yonib turishi, qandaydir orzuga ega bo'lishi va biror narsaga erishish istagida bo'lishi uchun unga turtki berish ham kerak. Bu bizga haqiqatan ham singdirilgan, chunki odamlar boshqa darajaga chiqishni, dunyoga tanilishni xohlardi. Bunday ishtiyoq bolalar uchun juda muhim, menimcha. — Shubhasiz. Va hatto nafaqat musiqa bo'yicha ta'lim nuqtai nazaridan, balki xarakter nuqtai nazaridan ham. Qat'iyatlilik, har qanday qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish va o'z maqsadlariga erishish [istagi] — bularning barchasi xarakterning bir qismi. Bunday xarakterni tarbiyalash uchun bu ustozlarimiz juda ko'p kuch sarflagan. Nazarimda, bu o'zini 100 foiz oqladi. — Albatta, men an'anaviy yo'ldan bordim: tanlovlar, festivallar, mahorat darslari — yuzlab konsertlar, hammasini sanab o'tish imkonsiz. Biroq, shunga qaramay, menda har doim miqyosi jihatidan noyob loyihalar o'zgacha taassurot qoldirgan. Men hamisha o'zimni biroz boshqacharoq ko'rganman va boshqacha mashhurlikni xohlaganman . Tanlovda yutib chiqish uchun qandaydir akademik qoidalarga muvofiq ijro etishingiz lozim. Men esa har doim o'zimni boshqacha ifodalaganman. Men o'zimni ko'proq shou-vumen sifatida ko'raman. — Bu juda ajoyib edi. Immigrantni, u yerda tug'ilmagan odamni tasavvur qiling… Bu klassik hikoya: hech narsasiz kelgansiz, hech kimni tanimaysiz, pulingiz umuman yo'q va butun hayotingizni noldan boshlaysiz — va shunday cho'qqini zabt etasizki, sizni Oq uyda AQSh madhiyasini ijro etishga taklif qilishadi. Bu hayotimdagi eng yorqin konsert va kunlardan biri bo'lgandi. — Bu aynan qanday klassik musiqa ekanligiga bog'liq. Odamlar mashhur kuylarni mamnuniyat bilan tinglashadi: o'sha "Oy sonatasi" yoki filmlardagi sevimli ohanglar. Har holda, Amerikada buni klassik musiqa deb atashadi. Konservatoriyada Betxoven, Skarlatti sonatalari, Ligeti etyudlari klassik musiqa sanaladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi ko'rishlar va miqyos nuqtai nazaridan, bu qiyinroq. Sababi — kuzatuvchilar, menimcha, osonroq, qulayroq narsani xohlaydi. — Aslida Amerikada yashayman, biroq O'zbekistonda tug'ilganman. Hamma joyda meni "uzbek-american pianist" deb e'lon qilishadi. Bolaligim, musiqa va san'atdagi ilk muvaffaqiyatlarim O'zbekiston bilan bog'liq. Shuning uchun, busiz iloji yo'q. Albatta, turli sahnalarda musiqa ijro eta olaman va hayotim allaqachon xorijda o'tib bormoqda. Biroq, shu bilan birga, O'zbekiston men uchun — mutlaqo o'ziga xos joy va bu hech qachon o'zgarmaydi. — Ehtimol, talabalik paytlarim. Hozir milliy ohanglarimiz meni juda ham o'ziga tortmoqda. Ular nihoyatda o'ziga xos. Men hatto xalq cholg'u asboblari va qo'shiqchilik bilan kichik tajribalar qilib ko'rmoqchiman. Bu ritmlar men uchun juda maroqli. Hozirda buni bolalik paytimdagidan ko'ra ko'proq qadrlayman. — Ha, bu kutilmagan sovg'alarga boy bo'ladi. Bugun bo'lgan konsert biroz tasodifiy bo'lgani bois — ehtimol, shuning uchun ham qandaydir elementlar uchun vaqt yetarli bo'lmadi — navbatdagi konsert uchun bir necha maxsus chiqishlar tayyorlamoqchiman. 25-fevral kuni barchani Forumlar saroyiga taklif etgan bo'lardim. Juda qiziqarli, kutilmagan chiqishlar bo'ladi va bu barchaga manzur bo'ladi, deb o'ylayman. Video (rus tilida)
columnist
Internet hayotimizni yengillashtirdi. Masofalarni yo'qqa chiqarib, fikrlar chegaralarini yo'qotdi. Biroq… Internet yangi chaqiriqlarni ham yuzaga keltirdi. Endi axborot makoni orqali tahdid, tuhmat, inson sha'ni va qadr-qimmatini toptash, kiberbulling, kiberzo'ravonlik, ta'qib va hokazolarni amalga oshirish imkoni kengaydi. Ushbu holat bir tomondan so'z erkinligi hosilasi, boshqa tomondan esa aynan so'z erkinligiga tahdid sifatida namoyon bo'lmoqda. Gerbert Uelsning "Ko'rinmas odam" asarini ko'pchilik o'qigan. Asar bosh qahramoni tibbiyot olimi janob Griffin o'z ustida tajriba qilib ko'zga ko'rinmay qoladi. Ko'rinmaslik unga katta imkoniyatlar berishini tushunib yetadi va odamlarni qo'rqitish orqali terror kampaniyasini boshlamoqchi, alaloqibat, hokimiyatni qo'lga kiritmoqchi bo'ladi. Do'sti Kempga rejasini aytganida, u rozi bo'lmay politsiya chaqiradi. Bundan g'azablangan Griffin do'stini o'ldirish uchun ta'qib qiladi. Griffinni jinoyatchi va potensial terrorchiga aylantirgan, albatta, boshqa omillar qatori ko'zga ko'rinmasligi, shaxsini aniqlash imkoni yo'qligi va buning natijasida qilmishlari uchun jazo olmasligi edi. Ko'rinmas odam obrazi bugun axborot maydonidagi ayrim "o'yinchi"larga juda o'xshaydi. Shaxsini aniqlash qiyinligi va qilmishlarining jazosizligi ularni qaysidir ma'noda "monstr"ga aylantirgandek. "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi qonunda shunday deyilgan. Nima uchun? Anonim xatlar (yumaloq xat)larning tariximizdagi mudhish roli ko'pchilikka ma'lum. Stalin davri qatag'onlarida aynan anonim murojaatlar bilan odamlar ustidan jinoiy ish ochilib, "uchlik" hukmi o'qilgan. Aytishlaricha, "yumaloq xat"larni o'qish Stalinning sevimli mashg'uloti edi, ya'ni shu orqali xalqning kayfiyati va turmushidan bevosita xabardor bo'lib turaman deb o'ylagan. Anonim murojaatlardan jinoiy ishlar yasashda esa Lavrentiy Beriyaning oldiga tushadigani yo'q edi. Ushbu jarayonlarda OAV ham katta rol o'ynagan. "Boshqacha fikrlilar"ga qarshi shaxsi noma'lum odamdan kelgan "chaquv"lar gazetalarda e'lon qilingan, keyin bu xabarga turli kishilarning munosabatlari "uyushtirilgan", natijada odamlar o'sha shaxsning jinoyatchi ekaniga ishontirilib, qatag'onlarga legitimlik berilgan. Stalin vafotidan keyin organlar anonim murojaatlarning har birini tekshirish ortiqcha, bema'ni va zararli ish ekanini angladi va buni to'xtatdi. Biroq, XXI asrning uchinchi o'n yilligiga kelib internet asrida ushbu "siyosiy texnologiya" yana faollashtirilyapti. Anonimlik shaxsiy hayot daxlsizligi, fikr erkinligi, siyosiy bosimlardan himoyalanish, jamoatchilik muhokamalarida erkin ishtirok etish imkonini beradi, deb hisoblaydi ko'pchilik. Tan olish joiz, bu fikrlarda jon bor. Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasida ham, Fuqarolik va siyosiy huquqlar xalqaro paktida ham anonimlik huquqi tilga olinmagan. Ushbu pakt loyihasida 19-moddaning 1-punktiga "anonimlikka yo'l qo'yilmaydi" degan jumla kiritish taklif qilinganida, rad etilgan. Shu bilan birgalikda huquqshunoslar tomonidan anonimlikning quyidagi salbiy jihatlari ham tan olingan: "Axborotlashtirish to'g'risida"gi Qonunning 12-moddasiga ko'ra, veb-sayt yoki sahifaning egasi, shu jumladan, bloger shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, sha'ni va qadr-qimmati va ishchanlik obro'sini yerga urmasligi lozim . Bundan tashqari, axborot resurslaridan jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo'ladigan o'zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanish taqiqlangan. O'zbekiston ma'muriy javobgarlik va jinoyat qonunchiligida tuhmat, haqorat qilish, fuqaroga ma'naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarni oshkor etish, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro'sizlantirilishiga olib keladigan yolg'on axborotni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan. Ammo "ko'rinmas odam"lar ushbu huquqbuzarliklarni muntazam ravishda va qasddan sodir etib kelayotgan bo'lsa-da, anonimligi sababli axborot resurslari egalarining mazkur noqonuniy harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko'rish ko'rish imkoniyati mavjud emas. Afsuski, "KompromatUzb" ishi saboq bo'lmadi. Aksincha, oradan bir yil o'tib axborot makonida "anonim terror" yangi bosqichga chiqdi. "Kompromat"chilar moddiy manfaat yo'lida iqtisodiy jinoyat qilgani aytilsa, endigi anonimlar tobora siyosiylashib bormoqda. Uning eng birinchi zarari, tabiiy, so'z erkinligiga tahdiddir. Bu jamoatchilik faollari, jurnalistlar, blogerlarga nisbatan "kiberzo'rvonlik" shaklida namoyon bo'lmoqda. Bu yerda ko'pchilik internet foydalanuvchilari e'tibor bermaydigan yana bir nozik jihat mavjud. Bu anonim postlarni ulashgan ("repost", "layk") shaxslarning javobgarligidir. Qonunchilikka muvofiq, qonunga zid axborotni tarqatgan har bir shaxs, axborot yaratuvchisi bo'lish-bo'lmasligidan qat'i nazar, qonun oldida axborot yaratuvchi bilan teng javob beradi . Chunki, u "repost", "layk" orqali o'zi bilmagan holda noqonuniy axborotni ko'pchilik ko'rishiga sababchi bo'lib qoladi. Bundan ham jiddiyrog'i, endi ular tergov-surishtiruv va sud tizimlarining o'rnini ham egallamoqchi. O'zlari ayblov e'lon qiladi, hukm o'qiydi va jazolaydi. Shaxsiy ma'lumotlarni oshkor etadi, tuhmat uyushtiradi, nafrat tili orqali sha'n va qadr qimmatni toptab, SAZOYI qiladi. Biror jinoyat haqida OAVga ma'lumot berilganida, hatto sud materiallarida ham, odatda, figurantlar shaxsiy ma'lumotlari (ism-familiyasi, surati va hk) oshkor qilinmaydi. Chunki qonunchilikda o'ta og'ir jinoyat sanksiyasida ham SAZOYI QILISH degan jazo yo'q. Bu eng g'ayriinsoniy qilmish bo'lib, zamonaviy dunyo uni rad etgan. Ushbu manbalar esa shaxsning naqafat o'zi, balki oila a'zolari, farzandlari (yosh bolalarning) suratlari va ma'lumotlarini oshkor qilib ochiqchasiga axborot terrori, "samosud" uyushtiryapti. Go'yoki qonuniy davlat tizimlariga parallel virtual jazo tizimi yaralyapti. Bu oshkora qonunsizlik qissasini hamma o'qib turibdi, lekin hech kim indamaydi. Huquqlar jinoyatlarga qurol bo'lmasligi kerak. "Mening huquqim o'zganing huquqi boshlangan joyda tugaydi" tamoyili ishlamas, huquqlar suiiste'mol qilinar, yo maqsadga nomuvofiq tarzda foydalanilar ekan, bunday huquqning mavjudligi xavf ostida qoladi. Boshqacha qilib aytganda, so'z erkinligi suiiste'mol qilinib, inson sha'ni va qadr-qimmatiga daxl qilish quroliga aylantirilar ekan, mazkur huquqning yo'qotilishi xavfi paydo bo'ladi. Bu esa alaloqibat uning cheklanishiga olib keladi. Hozirning o'zidayoq anonimlar nishoniga aylangan faollarda sukut saqlash, ichki senzura paydo bo'lgan. Taniqli jurnalistlar, ziyoli insonlar tomonidan internet foydalanuvchilarini nazorat qilish va Xitoy modeli to'g'risida takliflar yangradi. Albatta, ushbu takliflar ortida anonimlar tomonidan uyushtirilgan kiberzo'ravonlikdan zadalik (subyektiv hislar) turgan bo'lsa ham, bu fikr ochiq jamoatchilikka aytildi va rezonans keltirib chiqardi. Taklif amalga oshsa, avvalo, jamoatchilik, xususan, jamoatchilik faollari va so'z erkinligi jabr ko'radi. "Ko'rinmas odam" esa ko'rinmasligicha qolaveradi. Chunki dunyo keng, internet chegarasiz, tarmoqqa xorijdan turib kirgan holda anonim qolib "o'z ishini" davom ettiraverish mumkin. Bundan tashqari o'zaro ishonchsizlik, tushkunlik paydo bo'lib, jurnalistlar orasida endigina tetapoya bo'layotgan hamjihatlikka putur yetyapti. Xuddi 30-yillardagidek "devorning ham qulog'i bor, har gapni gapiraverma, muhokama qilma, tinch o'tir" degan kayfiyat yuzaga kelishi muqobil axborotning yaratilishini kamaytiradi, muhokamalarni to'xtatadi, muammolar aytilmay, ichki bosim ortishiga olib kelishi mumkin. Paradoks shundaki, so'z erkinligini ta'minlash uchun kerak deyilgan anonimlik huquqi so'z erkinligini cheklashga olib kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda bo'lib o'tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig'ilishida shunday dedi : "…Agar biz O'zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o'z qo'limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo'lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma'lumot, real voqealarga bo'lgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydi. Har qanday tanqidga javob berish kerak. Jurnalist haq bo'lsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq bo'lsa, unga tushuntirish orqali yolg'on xabarlarning oldini olishga o'rganishimiz va butun jamiyatimizga shuni tushuntirishimiz kerak, bu nopok va yolg'onligini. " So'z erkinligining ahamiyati shu darajada ekan, unga tahdidlar milliy xavfsizlikka tahdid deb baholanishi va uni amalga oshirayotganlar kim bo'lishidan qat'i nazar topib javobgarlikka tortilishi lozim. Anonim manbalar ham jamiyatning muammolari, og'riqlarini olib chiqyapti-ku degan e'tiroz bo'lishi mumkin. Maqsad har doim ham vositani oqlamaydi. Shu sababli hamma masalalar qanchalik murakkab, qiyin bo'lmasin faqat qonuniy maydonda hal qilinmog'i kerak . Jamoatchilik aynan shuni so'rashi, jamoatchilik nazorati esa aynan qonuniy usullar bilan muammolar hal etilishini talab qilishdan charchamasligi kerak. Jamiyat axborot makonidagi bugun bo'layotgan hodisalar va ularning istiqboli borasida chuqurroq o'ylashi, birovning sha'ni va qadr-qimmati toptalishi va jazosiz qolishiga nisabatan toqatsiz bo'lishi kerak. Faollar esa cheklovlarni emas, balki hamjihatlikni targ'ib qilishlari lozim. Bizning professional jurnalistikamiz etika va hamjihatlikning ahamiyatini zarur darajada anglab yetmog'i lozim. Bugungi kunda jurnalistlarimiz va jamoatchilik faollari orasidagi munosabatlar asosan shaxsiy tanishlik, do'stlik, qachondir bir tahririyatda ishlaganlik va hokazo subyektiv omillar asosida shakllangan. Biroq umumiy qadriyatlar va g'oyalar yo'lida birlashuv, ijtimoiylashuv yaqqol sezilmaydi. Birgina misol. Mamlakatimizda so'z erkinligi, OAV bilan bog'liq bir nechta sanalar bor. Ushbu sanalar asosan tadbir, tanlovlar g'oliblarini taqdirlash va jurnalistlarga sovg'a berish bilan o'tadi. Negadir etika, professionalizm va hamjihatlik haqida shu tadbirlarda kam gapiriladi. Eng achinarlisi, har safar tanlovlar va tadbirlardan keyin "nega unga mukofot berildi, bunga-chi?" degan mazmunda chiqishlar ko'payadi. Bosma va elektron OAV vakillari o'rtasidagi ko'p yillardan beri davom etib kelayotgan tortishuvlar, majburiy obunadan tortib "saytlardagi ma'lumotlarga ishonch yo'q" degan iddaolargacha — bari o'zbek jurnalistikasida birlashtiruvchi g'oyalardan ko'ra ajratuvchi va parchalovchi tendensiyalar ustunligini ko'rsatadi. Anonim terror aynan shu parchalanish, bo'linish nuqtalaridan o'sib chiqmoqda. Chunki o'sha manbalarni ham jurnalistikadan xabari bor, axborot bilan ishlash ko'nikmasiga ega insonlar yurityapti. Sohaning ichki muammolarini hal etmay turib uni himoya qilish qiyin. OAV xodimlari, jurnalistlar va ijtimoiy faol shaxslar muhimni nomuhimdan ajratib, so'z erkinligini ulug' qadriyat sifatida belgilab, uni prioritetga olib chiqishlari va eng avvalo shu qadriyat uchun hamjihatlik namoyon etishlari zamon talabidir. Qaysidir faol yoki jurnalist "anonim terror" nishoniga aylanganida, sukut saqlash yoki "shu gap rostmi" deb tarqatish, muhokama qilish — aynan o'sha "ko'rinmas odam" kutayotgan va rejalagan harakatdir. "Ko'rinmas odam" qo'rqadigan, biroq "baribir sodir bo'lmaydi" deb o'ylaydigan xavf — bu fosh bo'lish yo javobgarlikka tortilish emas, balki ko'pchilik tomonidan rad etilish va umuman e'tiborsiz qolish, ya'ni ijtimoiy "ignor"dir. Xulosa o'zingizdan. Shahnoza Soatova , jamoatchilik faoli Furqat Tojiyev , huquqshunos
columnist
"O'zsuvta'minot" kompaniyasi ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, O'zbekiston aholisini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 74,4 foizni tashkil etdi. 2026-yil oxirigacha bu ko'rsatkich 88,9 foizga yetishi rejalashtirilgan. 2023−2026-yillarda 1405 ta mahalla markazlashtirilgan suv ta'minoti bilan qamrab olish rejalashtirilgan bo'lib, shundan 470 tasi xalqaro moliya institutlari hisobidan, 795 tasi "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari bo'yicha, 28 tasi davlat ijtimoiy buyurtmalari hisobidan, 112 tasi esa mahalliy budjetlar hisobidan amalga oshirilishi ko'zda tutilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 2026-yil oxirigacha qo'shimcha 5,2 million kishi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Odatda ichimlik suvi bidlan ta'minlanganlik darajasi u yoki bu tarzda ichimlik suvi tarmog'i mavjud bo'lgan ko'cha va mahallalarda yashovchi aholi sonini avtomatik tarzda hisoblash yo'li orqali amalga oshiriladi. Aslida esa markazlashgan ichimlik suvi tarmog'i va billing sistemasiga ulangan hamda suv yetib borgani tasdiqdlangan uy ho'jaliklari soni hisobini yuritish va ushbu ma'lumotlarni geoaxborot tizimlarida (GIS xarita) yoritib borish ta'minlanganlik darajasini haqqoniy baholash usuli hisoblanadi. Bu prezidentning 2023-yil 24-oktabrdagi qarorida ham ko'zda tutilgan. "O'zsuvta'minot" AJ billing tizimi ma'lumotlariga etibor qaratadigan bo'lsak, bugungi kunda ichimlik suvi tarmoqlariga ulangan abonentlar soni 4,5 mln uy xo'jaliklarini tashkil qiladi (yakka tartibdagi uylar va ko'p qavatli uylardagi xonadonlar). Kadastr agentligi ma'lumotlariga ko'ra esa 2024-yil 1-yanvar holatiga respublikada 7,7 mln uy ho'jaliklari mavjud. Oddiy matematik hisob-kitoblar bilan qamrov darajasi 58 foiz atrofida ekanini ko'rish mumkin. Bundan tashqari, O'zbekistonda aholini ro'yxatga olish oxirgi marta 1989-yilda o'tkazilganini hisobga olsak, qamrov darajasining axoli sonidan kelib chiqib hisoblanishi ham ushbu ma'lumotning qay darajada ishonchli ekanini shubha ostiga qo'yadi. Bunday loyihalarni amalga oshirishda muammolar yetarli. So'nggi yillarda ichimlik suvi ta'minoti sohasida 25 ta loyiha doirasida xalqaro moliya tashkilotlaridan 2,5 milliard dollar jalb etildi . Birgina o'tgan yilning o'zida ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8 trillion so'm mablag' yo'naltirilgan. Bu — juda katta mablag'. Shu o'rinda O'zbekiston Respbulikasi prezidenti 29-yanvar kuni uy-joy va kommunal xo'jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan yig'ilishda budjet va boshqa mablag'lardan samarali foydalanish zarurligini ta'kidladi. Ichimlik suvi loyihalari amalga oshirilayotgan mahallalarning aholisini ushbu qurilish jarayoni ustidan nazorat o'rnatishga jalb qilish samarasiz loyihalar muammosini hal etishning eng unumli usuli hisoblanadi. Toshkent viloyatining Yangiyo'l tumanida 2023-yil noyabr oyida o'tkazilgan xaritalash tadbiri doirasida millionlab dollarlik suv ta'minoti loyihalari amalga oshirilayotgan 13 ta mahalla fuqarolar yig'ini raislari bilan uchrashuv tashkil etildi. Ma'lum bo'lishicha, xalqaro moliya institutlari kredit shartnomalarini tayyorlashda, shuningdek, aholini ko'chirish rejasini monitoring qilishda (agar yashash joyi buzilishi kerak bo'lsa) yoki loyihalarning ekologik jihatlarini monitoring qilishdagina loyiha hududlaridagi jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv va konsultatsiyalar o'tkazadi. Lekin bu yetarli emas. Muhokama davomida ma'lum bo'ldiki, Toshkent viloyatidagi loyihalar ro'yxatida (XMI kreditlari hisobidan) alohida mahallalar nomi sifatida mahallalar ichidagi ko'chalar nomlari ko'rsatilgan. Bundan tashqari, kredit shartnomasi imzolangan (2019-yil) va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanganidan keyin o'tgan davrda mahallalar chegaralari va toponimik nomlar o'zgargan. Bu esa, o'z o'rnida, loyihaning borishi darajasi va aholini qamrab olish ko'rsatkichini qayta hisoblashga qanday ta'sir qilgani noma'lum. Shubhasiz, mahalla aholisining loyihalarni amalga oshirish jarayoni monitoringida ishtirok etmasligi suv ta'minoti tarmoqlarini rivojlantirish sxemalarini rejalashtirishda qiyinchiliklarga olib keladi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko'rsatadiki, infratuzilma loyihalari boshlanishidan avval, albatta, jamoatchilik muhokamalari o'tkaziladi. Yakuniy qaror mahalliy hokimiyat organlari tomonidan to'plangan ma'lumotlar va aholidan olingan fikr-mulohazalar asosida qabul qilinadi. Mahalliy hokimiyat organlari va suv idoralari aholini joriy va kelajakdagi suv loyihalari to'g'risida xabardor qilish uchun muntazam ravishda o'z veb saytlari va internet nashr va bosma materiallarda ma'lumotlarni taqdim etib boradi. Mahalliy aholi qarorlar qabul qilish jarayonida faol ishtirok eta oladigan ishchi guruhlar yoki kengashlar tuzish huquqiga ega bo'ladi. Ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi bo'yicha barcha hisobot ma'lumotlarini xaritalar va geografik axborot tizimlari (GIS) bilan bog'langan bo'lishi muhim. Har bir ajratilgan so'm, har bir kilometr quvur koordinata tizimiga ulangan bo'lishi, shahar va tumanlarning ishlab chiqilgan bosh rejalariga muvofiq ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli sxemasini ishlab chiqishda hisobga olinishi zarur. Joriy va rejalashtirilayotgan suv ta'minoti loyihalarining to'liq ro'yxatini va ma'lumotlari tegishli viloyat hokimliklari veb saytlarida joylashtirish , bunda aholiga loyihalarning nomi, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari va bosqichlari, aniq ko'chalar va mahallalar, ulanish sxemalari, mutasaddi tashkilotlar (buyurtmachi, pudratchi, loyihalash instituti va texnik nazoratchining ism va aloqa raqamlari) haqida, shuningdek, xizmatdan foydalanuvchilarning majburiyatlari to'g'risidagi batafsil ma'lumotlar ko'rsatilishi zarur. Bundan tashqari, suv ta'minoti loyihasi amalga oshirilayotgan barcha mahallalarda yagona tipdagi bannerlarni (obyekt pasportlarini) joylashtirishni doriy qilish zarur . Bannerda loyiha nomi, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari va bosqichlari, aniq ko'chalar va mahallalar, ulanish sxemalari, mutasaddi tashkilotlar va ular bilan aloqa kanallari, shuningdek mahalla faollari (jamoat komissiyasi) ro'yxati va aloqa uchun qulay QR kodi ko'rsatilgan bo'lishi kerak. Bannerlarni shu ko'chaning har bir aholisi ko'rishi mumkin bo'lgan mahalla binosinig tashqari va ko'zga tashlanadigan qismiga o'rnatishni yo'lga ko'yish zarur. Bunday ijobiy tajriba allaqachon mahalliy budjet hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda sinovdan o'tgan va moliyalashtirish manbasidan qat'i nazar, barcha loyihalar miqyosida tadbiq etilishi zarur. Fuqarolarni kamida minimal qurilish nazoratini o'tkazishga o'rgatish zarur. Quvurlar yer ostiga yotqiziladi, ular ko'rinmaydi va o'rnatish sifatini tekshirish imkoniyati cheklangan. Shuning uchun quvurlarni ko'mishdan oldin aholini eng xolis auditor sifatida jalb qilish muhim — vizual tekshiruvni o'tkazish uchun aholiga quvurlarni yotqizish ishlarining har bir bosqichida jarayon qanday bo'lishi kerakligi haqidagi rasmlar bilan boyitilgan asosiy qo'llanmalarni tarqatish kerak. Soha mutaxassisi bo'lmagan oddiy fuqarolar, albatta, texnik nazorat ishlarini amalga oshira olmasligi mumkin, lekin ular quvurlarning diametrini, xandaqning o'lchamini, quvurlarni to'ldirish usulini (masalan, maydalangan tosh, qum, tuproq va boshqalar bilan) osongina ajrata oladi va pudratchining qonunbuzarliklari yoki insofsizligi to'g'risida o'z vaqtida xabar bera oladi. "O'zbekiston-2030" strategiyasida ham ichimlik suvi sifati, suv ta'minoti darajasi va suv ta'minoti va kanalizatsiya korxonalarining samaradorlik ko'rsatkichlarini joriy etish davlatning ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan tumanlar kesimida quyida ko'rsatilgan parametrlar bo'yicha tasdiqlangan ma'lumotlarni muntazam yangilab turish va GIS xaritalarda bog'langan holda aholiga muntazam taqdim etib borishngi yo'lga qo'yish zarur: Ammo GIS xaritalari ommaga taqdim etilishi uchun qonun hujjatlariga ba'zi o'zgartirishlar kiritish kerak. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi qaroriga binoan, suv ta'minoti tarmoqlari va inshootlarini aks ettiruvchi maxsus xaritalar, rejalar va sxemalar aholisi 100 mingdan ortiq bo'lgan aholi punktlari uchun davlat siri hisoblanadi. Hukumatning 2022-yil 26-oktabrdagi qaroriga binoan Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi milliy fazoviy axborot infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibiga ichimlik suviga taalluqli qismi uchun mas'ullar sifatida kiritilgan, chunki ko'p yillar "O'zsuvta'minot" ushbu vazirlikning tarkibiy organlaridan biri edi. 2023-yilda "O'zsuvta'minot" vazirlikdan alohida organ sifatida chiqib ketdi, ichimlik suvi kadastrini yuritish masalalari esa hech kimga biriktirilmadi, oqibatda esa bu ish to'xtab qoldi. Yuqorida aytib o'tilgan mexanizmlarning amalga oshirilishi, albatta, infratuzilma qurilishida shaffoflik va mas'uliyatni, qurilish sifatini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, bunday qadamlar qurilish jarayonida korrupsiyani kamayishiga olib keladi, qolaversa, hukumat va jamiyat o'rtasidagi ishonchni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlarga ega. Shu o'rinda yozuvchi Tomas Fullerning so'zlari bilan xulosa qilmoqchimiz: "Quduqlar qo'rishni boshlamasdan, suvni qadrlashni boshlamaymiz". Muhimi — kechikmaslik. Ushbu kolonka Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi tomonidan taqdim etilgan bo'lib, u 2026-yilga qadar sog'liqni saqlash, maktab infratuzilmasi va ichimlik suvi sohalarida 12 ta ko'rsatkichga erishishga qaratilgan. Maqsadlardan biri "O'zsuvta'minot" AJ bilan birgalikda 5,2 mln kishiga ichimlik suvini to'g'ridan-to'g'ri yetkazish bilan bog'liq. Ofis muntazam ravishda muhim tashabbuslarni jamoatchilik bilan baham ko'rishni, ularni muloqotga taklif qilishni va sharhlarda takliflar almashishni rejalashtirmoqda. Yaqin kelajakda jamoatchilikka maqsadlarga erishish yo'lidagi taraqqiyotni kuzatish imkonini beruvchi onlayn deshbord ishga tushiriladi.
columnist
O'zbekiston shaharlari iqtisodiy o'sish va aholi turmush darajasini oshirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin. Jahon bankining shaharsozlik bo'yicha mutaxassisi va "Fursat keldi: O'zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?" hisoboti mualliflaridan biri Dmitriy Sivayev "Gazeta.uz" uchun tayyorlagan maqolasida mamlakatdagi shaharsozlik bilan bog'liq muammolar va imkoniyatlar haqida hikoya qiladi. XXI asrda shaharlar — yuqori sur'atda o'zgarib borayotgan global iqtisodiyotning asosiy markazlaridir. Shahar o'sishi va iqtisodiy o'sish — o'zaro bog'liq hodisalar. Bugungi kunda shaharlar rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib, o'z mamlakatlari yalpi ichki mahsulotiga sezilarli hissa qo'shmoqda. Shaharlarning ulkan salohiyatidan samarali foydalanish uchun ularni rivojlantirish yo'lidagi mavjud muammolarni aniqlash va shaharlar o'sishi ortidan qo'lga kiritiladigan imkoniyatlarni boy bermaslik maqsadida mazkur muammolarni hal etish bo'yicha shoshilinch chora-tadbirlar ko'rish muhim ahamiyatga ega. Samarali va barqaror urbanizatsiya hamda shaharlarning o'sishi O'zbekiston taraqqiyotining eng muhim shartlaridan hisoblanadi. Bu Jahon banki O'zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilayotgan ko'plab sohalardan biridir. Xususan, tadqiqotimiz O'zbekistonda shaharsozlikning mavjud muammolari va imkoniyatlarini xolisona baholashga yordam beradi hamda ularni shaharsozlikda boshqaruv va rejalashtirish bo'yicha xalqaro tajriba asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalarni o'z ichiga oladi. 2022-yilning yozida Jahon banki "Fursat keldi: O'zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?" deb nomlangan hisobotini e'lon qildi. Uni tayyorlash ishlari o'sha paytdagi Iqtisodiy rivojlanish va kambag'allikni qisqartirish vazirligi hamda bir qator shaharlar hokimliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Ushbu tadqiqotda biz mamlakatda shaharlarining rivojlanish tendensiyalarini tahlil qildik. Shuningdek, unda mamlakat shaharlari duch kelayotgan muammolar aniqlanib, talab mavjud bo'lgan tovarlar va xizmatlar, yangi ish o'rinlari, shuningdek, fuqarolar hayot kechirishi va mehnat qilishi uchun qulay shart-sharoit bilan ta'minlashga qodir raqobatbardosh shaharlar yaratish bo'yicha kelgusida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar yo'nalishlari belgilab olindi. "Gazeta.uz" O'zbekiston shaharlari o'sish jarayonida duch kelayotgan muammolarga bag'ishlangan so'nggi maqolalaridan birida yuqoridagi hisobotdan batafsil iqtibos keltirgan edi. Ushbu maqolada biz "Gazeta.uz" materialida tilga olingan mavzu muhokamasini davom ettirib, undagi, bizning nazarimizda, o'quvchilarga tushunarliroq bo'lishi uchun soddalashtirilgan va umumlashtirilgan holda keltirilgan ayrim fikrlarga oydinlik kiritmoqchimiz. Mazkur sharhlarimizni e'lon qilish imkoniyatini taqdim etganligini uchun nashrga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ushbu maqolada "Gazeta.uz"da e'lon qilingan materialda ko'tarilgan mavzuning, bizning nazarimizda, hisobotimizning tegishli bandlariga havola berish orqali aniqlik kiritilishi va to'ldirilishi zarur bo'lgan bir nechta muhim jihatlariga to'xtalib o'tmoqchimiz. "Fursat keldi: O'zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?" nomli hisobotda bir qator sabablarga ko'ra hozirgi bosqichda O'zbekistonda urbanizatsiya iqtisodiyotning samaradorligi va aholi turmush darajasini yetarli darajada oshirish imkonini bermayotgani ta'kidlanadi. O'zbekiston shahar xo'jaligi samaradorligining pastligini faqatgina zichligi past bo'lgan binolarning ko'payishi bilan bog'lash, ustiga-ustak, bunga rejalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va hududlarni shaharlashtirish tadbirlarining boshqa ko'rinishlarini amalga oshirishda asos qilib olinuvchi eskirgan bosh rejalarni yagona sabab qilib ko'rsatish unchalik ham to'g'ri bo'lmaydi. O'zbekiston shaharlarining yuqoriga qarab o'sish o'rniga maydoni jihatdan kengayib borayotgani haqiqatda ularning rivojlanish salohiyatini cheklovchi omillardan biridir. Biroq, mazkur muammo faqatgina eskirgan bosh rejalar natijasi emas. Vaziyatni izohlovchi boshqa omillar ham mavjud. Shaharlarning maydoni jihatidan kengayishiga olib keluvchi past zichlikka ega binolar ko'payishining sabablari qatorida mamlakatda yer bozorining yetarli darajada rivojlanmaganligi, yer resurslarining samarasiz boshqaruv tizimi, shahar ko'chmas mulk bozorida yangi arzon turar-joylar taklifining yetarli darajada emasligi, mavjud shaharlarni rejalashtirish tizimining bozor iqtisodiyoti voqeliklariga muvofiq emasligi, shuningdek, shahar infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarning cheklanganligini sanab o'tish mumkin. Shaharlar rivojlanishi natijalari va iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlariga ta'sir etuvchi omillar shaharlarning kengayishi yoki yuqoriga qarab o'sishi bilangina cheklanib qolmaydi. Hisobotimizda qayd etilganidek, mamlakatdagi makroiqtisodiy va umumiy ishbilarmonlik muhiti, aholi harakatchanligiga to'sqinlik qiluvchi omillar, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlarining shahar infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarining cheklanganligi va shaharlar iqtisodiyoti o'sishini rag'batlantirish choralari ham hisobga olinishi zarur. Bu murakkab muammolar majmui bo'lib, ularni hal qilish vaqt, tegishli davlat siyosatiga oid chora-tadbirlar va moddiy resurslarni talab etadi. Keling, shaharsozlik masalalarini batafsil ko'rib chiqamiz. Yangi bosh rejalar, shubhasiz, aksariyat hollarda shaharlarning yanada barqaror rivojlanishini rejalashtirish uchun zarur. Biroq, ular bir qator obyektiv mezonlarga javob bergan taqdirdagina samarali vositaga aylanishi mumkin. Xususan, bosh rejalarda shaharning kelgusidagi o'sish sur'atlari va ko'lami yaqqol aks ettirilishi lozim. Shuningdek, ular shaharning mavjud va potensial muammolari hamda kelajakda o'sish jarayonida duch kelishi mumkin bo'lgan chaqiriqlarni, masalan, aholi va transport vositalari sonining o'sishi, iqlim o'zgarishi va tegishli hudud moyil bo'lgan tabiiy ofatlarning ta'siri, fuqarolar va shahar iqtisodiyotining energiya va boshqa resurslar bo'yicha iste'moli va boshqalarni hisobga olishi zarur. Bosh rejalar shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha investitsiya dasturlari va tegishli hududlarni rivojlantirish rejalarini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan tegishli kommunal xizmatlar mavjudligi orqali mustahkamlangan bo'lishi lozim. Ular binolar qurilishiga ruxsat berishning samarali va shaffof tizimi hamda tegishli davlat standartlariga rioya etilishi ustidan haqiqiy nazorat bilan ta'minlanishi zarur. Hisobotimizda so'nggi yillardagi yangilangan bosh rejalar, afsuski, yuqoridagi mezonlarga deyarli javob bermasligini ko'rsatganmiz. Shaharsozlik tizimini chuqur isloh qilmasdan turib, yuqoridagi mezonlarni e'tiborga oluvchi bosh rejalarni ishlab chiqish imkonsiz. Buning uchun bosh rejalarni ishlab chiqish uchun zarur bo'lgan aholi, infratuzilma, kommunal xizmatlar va shahar makonining xususiyatlari bo'yicha fazoviy ma'lumotlarni yig'ish jarayonlarini tizimlashtirish talab etiladi. Shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirish va aniq yer maydonlaridan foydalanishga qo'yiladigan talab va cheklovlarning shaffofligini oshirish zarur. Bundan tashqari, shahar xo'jaligida rejalashtirish va boshqaruv masalalarida mahalliy hokimiyat organlarining salohiyati va malakasini oshirish lozim. Shaharlarni rivojlantirishda shahar va tuman hokimliklarining roli xususida alohida to'xtalib o'tish joiz. "Gazeta.uz" maqolasini o'qir ekansiz, Jahon banki hisobotida tilga olingan shaharlar ma'muriyati tegishli hududlarni rivojlantirish bo'yicha o'z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarning uddasidan chiqa olmayotgandek taassurot uyg'onadi. Biroq, bu xulosalarimizning to'laqonli to'g'ri talqini emas. Hisobotimizda Piskent va Ohangaron shaharlari misolida bugungi kunda shahar va tumanlar hokimliklari mahalliy infratuzilmani rivojlantirish va tegishli hududlar iqtisodiyoti o'sishini qo'llab-quvvatlash uchun yetarli mablag' va vositalarga ega emasligini ko'rsatib berishni maqsad qilganmiz. Mazkur muammo tizimli xarakterga ega bo'lib, nafaqat nomlari ko'rsatilgan ikkita shahar, balki butun mamlakat miqyosidagi vaziyatga taalluqlidir. Bir tomondan, sanoat zonalarini rivojlantirish bo'yicha davlat dasturlari joylarda taraqqiyotning dvigateliga aylanishi mumkin. Shu bilan bir paytda, ushbu dasturlar doirasida investorlarga zarur infratuzilma taqdim etilmagan taqdirda, mahalliy hokimiyat organlarida ko'p hollarda bu vaziyatni ijobiy hal etish uchun zarur resurslar mavjud bo'lmaydi. Yana bir misol, Piskent singari (shahar Toshkent dengizi deb ham yuritiluvchi Tuyabo'g'iz suv ombori yaqinida joylashgan) turistik salohiyati mavjud bo'lgan shahar misolida olib qaralsa, mahalliy budjetlarni moliyalashtirishning amaldagi tizimi sharoitida tegishli hududlarning hokimiyat organlari turizm sanoatini rivojlantirish, shu jumladan tegishli infratuzilmani yaratish uchun yetarli resurslarga ega emas. Hisobotimizda 2018-yilda boshlangan davlat tomonidan moliyalashtirish tizimini isloh qilish hamda hukumatning shahar va tumanlar hokimliklarini ko'proq resurslar bilan ta'minlashga intilishi — davlat boshqaruvi tizimini nomarkazlashtirish va mahalliy hokimiyatlarning hududlarni rivojlantirish sohasidagi mustaqilligini oshirishga qaratilgan muhim qadam ekanligi ta'kidlangan. Biroq, davlat tomonidan moliyalashtirishning mavjud tizimi hozircha mahalliy hokimiyatlarga o'zlarining kelgusidagi tushumlarini, aytaylik, kelgusi bir necha yil uchun prognoz qilish imkonini bermaydi. Bu ular uchun yirik kapital qo'yilmalarni talab qiluvchi shahar infratuzilmasi va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha uzoq muddatli investitsiya loyihalarini rejalashtirish bilan bog'liq muayyan qiyinchiliklarni tug'diradi. Bu vaziyatda muammoning ildizi yana tizim darajasida bo'lib, tegishli hududlarning rivojlanmaganligida alohida hokimliklarni ayblash mutlaqo o'rinli emas. Hisobotimizda O'zbekiston shaharlarining ravnaqi yo'lida hal etilishi zarur bo'lgan qator tizimli muammolar mavjudligi haqida ochiq gapirganmiz. Shu bilan birga, hukumat tomonidan so'nggi yillarda mahalliy o'zini o'zi boshqarish va davlat moliyasi tizimini isloh qilish, shaharlar va hududlar infratuzilmasiga investitsiya kiritishni kengaytirish, uy-joy qurilishini rivojlantirish va boshqa sohalarda erishilgan muayyan yutuqlarni e'tirof etish ham muhim ahamiyatga ega. O'zbekistonda yer islohotining dastlabki ijobiy natijalarini alohida e'tirof etish joiz. Xususan, yangi yer qonunchiligi qishloq xo'jaligiga oid bo'lmagan yer bozorini shakllantirishga zamin yaratadi. Shubhasiz, kadastr tizimi, turli milliy va mahalliy axborot tizimlarini yanada rivojlantirish, yer va binolarga bo'lgan mulk huquqini ro'yxatga olish, yer qiymatini baholash, istiqbolda esa shahar yerlarini xususiylashtirish bo'yicha qilinishi lozim bo'lgan ko'p ishlar hali oldinda. Yuqorida sanab o'tilgan muvaffaqiyatlar erishilganlar bilan kifoyalanib qolish mumkinligini anglatmaydi. Hozirgi bosqichda davlat siyosatiga oid tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, uy-joy sohasida arzon ko'p xonadonli uy-joy qurilishi dasturlari va ipoteka krediti stavkalari bo'yicha subsidiyalar aholining turar-joy sotib olish imkoniyatlarini oshirdi. Keyingi bosqichda mazkur dasturlarni yakunlash zarur, shunda ular shahar muhiti va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash, shuningdek, hukumatning kamroq ishtiroki orqali aholining ehtiyojlarini qondira oladigan uy-joy bozorini rivojlantirishga yordam beradi. Yangi turar-joy massivlarini bandlikka ko'maklashish markazlari, maktablar, poliklinikalar va boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlariga eltuvchi transport vositalari nisbatan qulay bo'lgan hududlarda joylashtirish imkoni yaratilsa, bunday natijalarga qisqa muddatda erishish mumkin. Bu yangi shaharsozlik tizimiga muvofiq ishlab chiqilgan bosh rejalar qoidalariga muvofiq vaqt o'tishi bilan sodir bo'lsa, yanada maqsadga muvofiq. Umuman olganda, uy-joy qurilishi sohasida alohida davlat dasturlaridan xususiy sektorni yanada kengroq jalb etish va ushbu sohada jadal bozor munosabatlarini joriy etish imkonini beruvchi davlat uy-joy strategiyasini amalga oshirishga o'tishni ta'minlash muhim ahamiyatga ega. Ushbu chora-tadbirlar shaharlarda turar-joy muammosini uzoq muddatli hal qilishga yordam beradi. Urbanizatsiya va shaharlarning o'sishi — O'zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish uchun noyob imkoniyat bo'lib, uni aslo qo'ldan boy bermaslik lozim. Bugungi kunda mamlakat shaharlari har doim ham o'z imkoniyatlarini to'laqonli ro'yobga chiqara olmayapti. Bu yuqorida qayd etilgan, ham mahalliy darajada, ham butun mamlakat miqyosida mavjud qator muammolar va chaqiriqlar bilan bog'liq. Biz o'z hisobotimizda O'zbekistonda samarali va barqaror urbanizatsiyani ta'minlash va keltirilgan muammolarni hal etish bo'yicha uchta ustuvor yo'nalishga e'tibor qaratdik. Ular mamlakat hukumati tomonidan ko'rib chiqilishi mumkin bo'lgan quyidagi tavsiyalarni o'z ichiga oladi: Jahon bankining "Fursat keldi: O'zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?" hisoboti keng ko'lamli tahliliy, statistik, makon va boshqa ma'lumotlarning tahlili natijalari, shuningdek, alohida shaharlarning rivojlanishiga oid misollar va muammolar muhokamalarini o'z ichiga oladi. Ushbu nashrning birgina rukn doirasida umumlashtirish imkonsiz bo'lgan mazmuni va xulosalarini yaxshiroq tushunish uchun mamlakatdagi urbanizatsiya jarayonlariga qiziquvchi barchani hisobotga biroz ko'proq vaqt va e'tibor ajratishini tavsiya etamiz. Amerikalik iqtisodchi Edvard Gleyzer shunday degan edi: "Shaharlar insoniyatning eng buyuk ixtirosi bo'lib, ular bizni yanada boyroq, aqlliroq, sog'lomroq va baxtliroq qiladi". Shaharlar, shubhasiz, bularning barchasini O'zbekiston aholisi uchun ham qilishga qodir. Ko'plab mamlakatlar rasmiylari farovon shaharlar qurishga va ularni milliy iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishga muvaffaq bo'lgan. O'zbekiston hukumati ham o'z oldiga shunday maqsad qo'ygan. Bu maqsad, unga erishish yo'lida bugun ushbu shaharlarda yashayotgan va ertaga ularda yashaydigan odamlar manfaati uchun ko'proq kuch va resurslarni safarbar etishga munosib.
columnist
O'zbekiston energiya uchun qazib olinadigan yoqilg'idan foydalanish va sanoat sektorining yuqori darajada energiyatalabligi tufayli havoga issiqxona gazlarini chiqarish jadalligi bo'yicha dunyoda beshinchi o'rinni va Yevropa va Markaziy Osiyoda eng yuqori o'rinni egallaydi. Bu qishda mamlakat katta energiya inqiroziga duch keldi. Qazilma yoqilg'ilar sayyora, insoniyat va iqtisodiyot uchun boshi berk ko'chadir. Qayta tiklanadigan energiyaga jadal ravishda va yaxshi boshqariladigan tarzda o'tish barcha uchun ochiq energiya xavfsizligi va dunyoga zarur bo'lgan yashil ish o'rinlarini yaratish uchun yagona yo'ldir. BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning 22-aprelda nishonlanadigan Xalqaro yer kuniga bag'ishlangan rukni. U bu yil "Sayyoramizga sarmoya kiritish" zarurligiga bag'ishlangan. O'zbekistonning uglerod izini kamaytirish va o'zining iqlim bilan bog'liq bo'lgan maqsadlariga erishish yo'lidagi intilishlarini inobatga olgan holda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va energiya samaradorligini oshirish kechiktirib bo'lmaydigan vazifalarga aylandi. Mo'l quyosh va shamol resurslari, xalqaro ko'mak va texnologik yutuqlar tufayli O'zbekiston o'zining energetik landshaftini o'zgartirish va barqaror kelajakka yo'l ochish uchun noyob imkoniyatlarga ega. Biroq shunday maqsadga erishish uchun barcha manfaatdor tomonlarning, shu jumladan, siyosatchilar, investorlar va xususiy sektorning birgalikdagi sa'y-harakatlari talab etiladi. Bu maqolada O'zbekistonda qayta tiklanadigan energetika va energiya samaradorligini yaxshilash muammolari va imkoniyatlari ko'rib chiqiladi hamda yanada sof va farovon kelajak sari qadamlarni jadallashtirish bo'yicha yechimlar taklif qilinadi. O'zbekiston tog'-kon, qayta ishlash va resurslarni qazib olish sanoati tufayli so'nggi o'n yilda g'aroyib iqtisodiy o'sishga erishdi. Biroq bunday o'sish omadsizliklardan xoli emas. Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra , mamlakat energiya uchun qazib olinadigan yoqilg'idan foydalanish va sanoat sektorining yuqori darajada energiyatalabligi tufayli havoga issiqxona gazlarini chiqarish jadalligi bo'yicha dunyoda beshinchi o'rinni va Yevropa va Markaziy Osiyoda eng yuqori o'rinni egallaydi. 2023-yilning qish davrida O'zbekistonda minglab odamlar anomal sovuq havo vaqtida qariyb ikki hafta davomida ishonchli energiya ta'minotisiz yashashga majbur bo'ldi. Energiya ta'minotidagi uzilishlar eskirib qolgan infratuzilmaning zaifligini va mavjud energiya tejovchi texnologiyalarning nomutanosibligini namoyon qildi. Mamlakatning ayrim hududlarida tabiiy gaz yoki elektr energiyasi kabi energiya manbalarining yetishmasligi sababli aholi o'z uylarini isitish uchun ko'mir yoqishga o'tdi. Bu, ayniqsa, havo sifati va issiqxona gazlari chiqindilarining to'planishi nuqtai nazaridan salbiy oqibatlarga olib keldi. Yana bir xavotirlantiradigan soha — bu tijorat va turar joy qurilishi sohasidir. Butun dunyoda umumiy issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 40 foizi qurilish sektoriga (yoritish, isitish, issiq va sovuq suv ta'minoti uchun elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish) to'g'ri keladi. Mazkur o'rtacha ko'rsatkich O'zbekistonga ham taalluqli bo'lib, O'zbekistonning birinchi BMT IO'DK bo'yicha ikki yillik yangilangan hisobotiga ko'ra , bu yerda mamlakatdagi umumiy energiya iste'molining 22 foizi sanoat va qurilishga, 21 foizi esa uy-joy qurilishiga to'g'ri keladi. Yildan yilga O'zbekiston aholisining soni ko'payishi bilan energiyaga bo'lgan talab ham ortib bormoqda. Pirovardida mamlakatning energiya zaxiralariga bo'lgan ehtiyoj ortib borgan sari energiyaga o'sib borayotgan talabni mamlakatning barqaror rivojlanishini va u iqlim o'zgarishi bo'yicha Parij kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishini ta'minlagan holda, qayta tiklanadigan manbalar hisobidan qondirish zarur. O'zbekiston hukumati energiya zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida energetika sohasida islohotlarni amalga oshirmoqda. Birinchi qadamlardan biri sifatida investorlar uchun, xalqaro xususiy kompaniyalarga elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash uchun quyosh elektr stansiyalariga investitsiya kiritish imkonini beruvchi qulay muhit yaratildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra , so'nggi uch yilda ushbu sohaga 8 milliard dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar kiritilib, Navoiy va Samarqand viloyatlarida bir qancha quyosh elektr stansiyalari o'rnatildi. Joriy yilning fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish ishlarini jadallashtirish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan dadil farmon chiqardi. Prezidentning 57-sonli qarori yil oxirigacha umumiy quvvati 4300 megavattni tashkil etadigan quyosh va shamol elektr stansiyalarini o'rnatish nazarda tutmoqda. Shuningdek, u 37 000 ta uyning tom qismiga quyosh panellarini o'rnatish va ularning har biri ortiqcha energiyani elektr tarmog'iga qaytargan holda sotishi mumkinligi to'g'risidagi nizomlarni o'z ichiga oladi. Farmon shartlariga ko'ra, davlat iste'molchidan foydalanilmagan energiyani sotib oladi va shunda har bir foydalanilmagan kilovatt/soat uchun 1000 so'mdan haq to'laydi. Shu tariqa "Quyoshli uy" dasturi butun mamlakat bo'ylab kam quvvatli quyosh panellari o'rnatilishini rag'batlantirish va shu orqali prezident farmoni ijrosini bilvosita qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Buxorodagi quyosh panelli uy. 2022-yil oktabr. Hukumat, shuningdek, yangi qurilgan ko'p qavatli uylar tom qismi maydonining kamida yarmiga quyosh panellarini o'rnatishga, 31 000 ta ko'p qavatli uyni esa issiqlik izolatsiyasini yaxshilagan holda jihozlashga da'vat qilmoqda. Bu islohotlar va harakatlar to'g'ri amalga oshirilishida O'zbekistonga 2030-yilga borib YAIM birligiga to'g'ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010-yildagi darajaga nisbatan 35% ga kamaytirish maqsadiga erishishga yordam berishi kerak va bu haqda 2021-yildagi milliy darajada belgilanadigan yangilangan hissalarda (Iqlim o'zgarishi bo'yicha Parij kelishuvida) ta'kidlangan. 2000-yildan boshlab BMTTD milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligi masalalari ustida turli tomonlardan ish olib bormoqda. Hukumatning sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida BMTTD O'zbekistonning iqtisodiy sektorlarini, jumladan, qurilish sektorini yashillashtirish bo'yicha siyosiy harakatlarni kuchaytirish va standartlarni ishlab chiqish uchun texnik yordam ko'rsatmoqda. Bir nechta modellar, jumladan, sog'liqni saqlash muassasalari va maktablarda barqaror mahalliy energetik tejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalangan holda sinovdan o'tkazildi. Endi esa ushbu modellarning tajribasidan foydalanish va ularni kengaytirish vaqti keldi. Masalan, BMTTD bilan Global ekologik fond va Qurilish va uy-joy kommunal vazirligining qo'shma dasturi turar joy binolari tashqi devorlari, pollari va tomlarinining oqilona issiqlik izolatsiyasini ta'minlash uchun hamyonbop zamonaviy texnologiyalar va qurilish materiallaridan foydalanishga ko'maklashmoqda. "O'zbekistonda barqaror qishloq uy-joyi uchun bozorni qayta tuzish" loyihasi davlat siyosati va harakatlarini asoslab berish uchun ilg'or tajribalarni ishlab chiqishga qaratilgan. Binolarni issiqlik tasvirlagich bilan tekshirish (energiya auditi jarayoni). BMTTD bir qator tegishli qonun hujjatlarini qayta ko'rib chiqish orqali turar joy binolarining energiya samaradorligiga qo'yiladigan talablarni kuchaytirish masalasida hukumatni qo'llab-quvvatladi. Bu O'zbekistonda 2020-yildan buyon turar joy binolarining energetik samaradorligining ko'rsatkichlari yaxshilanishiga olib keldi. Bundan tashqari, BMTTD tomonidan turar joy sektorida qayta tiklanadigan energiya manbalarining afzalliklarini namoyon qilish maqsadida 2019−2020-yillarda 1328 ta turar joy binolarida quyosh panellari tizimlaridan foydalanish bo'yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshirildi. Quyosh panellarini joriy etishning bu tajribasi keyinchalik "Quyoshli uyi" davlat dasturi orqali yanada kengaytirilishi mumkin. O'tgan yili Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi "Yoshlik" mahallasida deyarli nolga teng energiya iste'moli ta'minlangan birinchi uy-joy qurildi . O'ylaymizki, bu uy O'zbekistonning iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish bo'yicha majburiyatlarini bajarish imkonini namoyon qiluvchi namuna bo'la oladi va barcha uylar qishda issiq, yozda salqin va yil davomida energetik jihatdan tejamkor bo'lishini kafolatlaydi. Deyarli nolga teng energiya iste'moli ta'minlangan uy maketi. Hozirgi vaqtda BMTTD Energetika vazirligiga Qayta tiklanadigan energiya manbalari Xalqaro agentligining (IRENA) SolarCity Simulator vositasidan foydalanishda ko'maklashmoqda. Bu vosita yashil moliya mexanizmlari asosida quyoshli shaharlarni barpo etish uchun mustaqil (avtonom), tarmoqli va/yoki gibrid texnik yechimlarining iqtisodiy, moliyaviy va ekologik afzalliklarini modellashtirish uchun foydalaniladi. Qayta tiklanadigan energiya manbalari va energetik jihatdan tejamkor qurilishni oddiy iste'molchi uchun hamyonbop qilish maqsadida BMTTD imtiyozli moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqmoqda. Bu borada BMTTD Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo jamg'arma va qator tijorat banklari bilan hamkorlik qiladi. An'anaviy moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalana olmaydiganlar uchun imtiyozli "yashil kreditlar" sinovdan o'tkazilishi mumkin. Bunday kreditlar yordamida qishloq aholisi barqaror "yashil" texnologiyalarga sarmoya kiritish, iqtisodiy imkoniyatlarini ta'minlagan holda, shu bilan birga, ekologik toza usullarni targ'ib qilish imkoniyatiga ega bo'ladi. Devorlarni bazalt bilan qoplash bo'yicha trening, 2020-yil. Amaliyot va ilg'or tajribalarni olib kirish BMTTDning hukumatlarni qo'llab-quvvatlashdagi asosiy qo'shimcha qiymati bo'lib xizmat qilgan. Masalan, BMTTD tajriba hududlarida uy xo'jaliklari darajasida energetik auditlarni o'tkazish bo'yicha keng qamrovli tadqiqot va tajribalar o'tkazdi. Bunday auditlarning asosiy maqsadi energiya yo'qotish joylarini aniqlash va uylarning energetik samaradorligini oshirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqishdir. Aslida, energetik auditlarning afzalliklari energiyani tejash bilan cheklanib qolmaydi, chunki ular issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, uy xo'jaliklariga elektr energiya uchun to'lovlarni kamaytirishga hamda O'zbekistonning uzoq muddatli barqaror rivojlanishiga hissa qo'shishi mumkin. Qishloq uy xo'jaliklarida o'tkaza olgan mazkur tajribaviy energetik auditining natijalari tez orada tayyor bo'ladi va kelgusida mahalliy iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq uy-joy qurilishini oqilonalashtirish bo'yicha asosli tavsiyalar beradi, degan umiddamiz. Bundan tashqari, BMTTD ko'magida hukumat alohida e'tibor binolar va turar-joy sektorlarida energiya samaradorligiga va IG (issiqxona gazlari) chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan bir qancha qurilish kodekslarini ishlab chiqdi va qabul qildi. Masalan, "passiv uy" konsepsiyasiga asoslangan energetik samaradorlik bo'yicha qurilish standarti joriy etildi. Дармшtaдт даги "passiv uy", Germaniya. Ushbu yondashuv binoning ekologik izini kamaytirishga, uni qulay va, shu bilan birga, arzonlashtirishga imkon beradi. BMTTD bunday yondashuv bo'yicha huquqiy kodeks ishlab chiqilishiga o'z hissasini qo'shdi va bu kodeks O'zbekistonda standart yoki kelajakdagi qurilishga aylanishiga, uzoq muddatli foyda olish salohiyati tufayli aholi o'rtasida tez ommalashishiga ishonadi. Mazkur tashabbusning ro'yobga chiqarilishini ta'minlash uchun mahalliy mutaxassislarni barqaror izolyatsiyalash usullari bo'yicha o'qitishni tashkil etish zarur. Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o'tish bir zumda sodir bo'ladigan jarayon emas, biroq O'zbekiston energetika sohasini barqaror rivojlantirish tarafdori ekani va uning kengayishiga xizmat qiladigan siyosatni olib borayotgani haqiqatdan ham ilhomlantiradigan holatdir. Uning tashabbuslari mamlakatning tabiiy zaxiralarini asrash va kelajak avlodlarning barqaror iqtisodiy kelajagini ta'minlashga va'da bermoqda. O'tmishda ko'plab eng ilg'or amaliyotlar va modellar sinab ko'rilgan, endi esa ularni kengaytirish vaqti keldi. Bu yilgi Butunjahon yer kuni "Sayyoramizga sarmoya kiritish" masalasiga bag'ishlangan va hukumatlar, investorlar, biznes va fuqarolik jamiyatini sayyoramizni himoya qilish uchun birgalikda ishlashga chaqiradi. Qazilma yoqilg'ilar sayyoramiz, insoniyat va iqtisodiyot uchun boshi berk ko'chadir. Qayta tiklanadigan energiyaga jadal ravishda va yaxshi boshqariladigan tarzda o'tish barcha uchun ochiq energiya xavfsizligi va dunyomizga zarur bo'lgan yashil ish o'rinlarini yaratish uchun yagona yo'ldir. O'zbekiston xalqi va hukumati barqaror rivojlanish yo'lidan olg'a intilayotgan ekan, biz BMTTD doirasida bilim va ilg'or tajriba bilan almashishni davom ettirish, qurilish tarmog'ini dekarbonizatsiya qilish strategiyasini qo'llab-quvvatlash hamda, hamma uchun yanada toza, yashil va farovon kelajakni ta'minlash maqsadida qayta tiklanadigan energiya manbalarini, shuningdek, barqaror rivojlanishga ko'maklashuvchi yashil moliyaviy mexanizmlarni ilgari surish majburiyatini zimmamizga olamiz.
columnist
7-aprel kuni Senat "Banklar va bank faoliyati to'g'risida"gi qonunga o'zgartirishlar matnini ma'qulladi . Eng muhim o'zgarish, shubhasiz, 2025-yil boshiga qadar, ya'ni 20 oy ichida bank kapitalining minimal miqdoriga qo'yiladigan talablarni 100 mlrd so'mdan 500 mlrd so'mgacha oshirish bo'ladi. Avesta Investment Group hisob-kitoblariga ko'ra, joriy ma'lumotlar bo'yicha 5−7 ta bank aksiyadorlar yordamisiz faqat foyda hisobiga kapitalni belgilangan darajaga ko'paytirish bilan bog'liq muammolarga duch kelishi mumkin — taqchillik 2024-yilning aprel oyida qariyb 1 trln so'm, 2025-yil boshida esa qariyb 1,9 trln so'mni tashkil etadi. Bundan tashqari, bozorda hali ish boshlamagan yangi tashkil etilgan neobanklar (faqat onlayn makonda ishlayotgan) bu muammoni qanday yengishini kuzatish qiziq bo'ladi — buni ta'sischilarning qo'shimcha sarmoyalarisiz amalga oshirib bo'lmasligi aniq. Bu ta'sischilar yoqimli syurpriz bo'lmasligi yaqqol ko'rinib turibdi — ko'rsatilgan miqdorni faol rivojlanish bilan qisqa vaqt ichida o'zlashtirish mumkinligiga qaramay, har qanday tijorat loyihasining asoschilari yuqori rentabellikka erishish uchun kerakli kapitalni minimallashtirishga harakat qilishadi. Bundan tashqari, banklar kapitaliga qo'yiladigan talablarga rioya qilgan holda, sug'urta kompaniyalariga qo'yiladigan talablar ham katta ehtimol bilan oshiriladi. Aftidan, bu banklar va sug'urta kompaniyalarini nazorat qilishning eng samarali usuli emas va kapitalning yetarliligi, likvidlilik, aktivlar sifati, risklar konsentratsiyasi ko'rsatkichlariga rioya etilishi, affillangan kelishuvlar ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, zaxiralarni yaratish va boshqalar yanada samaraliroq yondashuv bo'lishi mumkin edi. O'shanda kichik xizmatlar va mijozlarga ega bo'lgan mayda banklar kapitalni ko'paytirishga va uni filiallarning asosiy bo'lmagan aktivlariga "biriktirishga", affillangan qarzlar orqali kapitalning sun'iy inflyatsiyasiga, aktivlarni asossiz qayta baholashga, foyda o'sishi uchun zaxiralarni kam baholamaslikka va boshqa operatsiyalarga yo'l qo'ymaydi. Aks holda bu risklarni oshiradi va Markaziy bank unga qarshi kurashishga harakat qiladi. Masalan, yaqindagina ikkita bank yetarli kapitalga ega bo'lishiga qaramay, litsenziyasidan mahrum qilingani va omonatchilarga zarar yetkazilgani yodimizda, aksincha, bir necha yil davomida kapitali 100 mlrd so'mdan kam bo'lgan, biroq shu bilan birga, mijozlarga faol xizmatlarni ko'rsatmayotgan "O'zagroeksportbank" xotirjamlik bilan, litsenziyasini yo'qotmagan holda yangi investorga sotilgunga qadar "yashay oldi". Bu qarorning asosi ham savol tug'diradi — misol tariqasida Rossiya (164 mlrd so'm), Qozog'iston (240 mlrd so'm), Belarus (260 mlrd so'm) va Xitoy (1,77 trln so'm) kabi mamlakatlarda kapital miqdoriga qo'yiladigan talablar keltiriladi. Biroq, masalan, ushbu davlatlarda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot O'zbekistonnikidan 3,5−6 baravar yuqori. Qolaversa, ushbu mamlakatlarning barchasida bank tizimi O'zbekistonnikiga qaraganda ancha taraqqiy etgan hamda tezroq rivojlangan, yangi o'yinchilarning kirib kelishi, bozorni mahsulotlar bilan to'ldirish va hokazolar uchun bozorda chegaralarning past bo'lishi mantiqan to'g'ri keladi. Demak, agar O'zbekistonda har 1 million aholiga 1 tadan kam bank to'g'ri kelayotgan bo'lsa, Belarusda — 1,2, Qozog'istonda — 2,3, Xitoyda — 3,3, Rossiyada — 8,6, AQShda esa 15 ta atrofida to'g'ri kelmoqda. Shu bilan birga, kapital talablarini qo'shni davlatlarnikiga qaraganda ikki barobar ko'proqqa, aholi jon boshiga YAIM hajmi 6 baravar, aholisi esa qariyb 40 baravar ko'p bo'lgan Xitoy talablaridan past bo'lgan darajada oshirish ham taklif etilmoqda. Kapitalga bo'lgan talablarning oshishini, aksincha, Markaziy bankning bank sektorini nazorat qilish bo'yicha o'ta konservativ talablari, bozorni konsolidatsiya qilishni (birlashtirish — tarj.) rag'batlantirish istagi (kamroq o'yinchilar — to'liqroq va osonroq nazorat), bozorni rivojlantirish yo'nalishlari ustidan nazorat bo'lishi uchun yangi o'yinchilarning bozorga kirishidagi yuqori chegarani o'rnatish bilan izohlansa to'g'riroq bo'lar edi. Bu chora, garchi bahsli bo'lsa-da, yuqorida tilga olingan mantiqqa to'g'ri kelsa ham, bozor ishtirokchilari uchun to'laqonli aniq bo'lgan taqdirda ham, (oxir-oqibat Markaziy bank konservativ bo'lishga majbur, shunchaki, qonunlar uning talablari bilan yozilmasligi va bozorni nazorat qilish emas, balki rivojlanish maqsadlarini nazarda tutishi lozim) xorijlik investorlarning bozorga kirishidagi to'siq 15 yildan buyon ishtirokchilarining tanqid va taajjublariga sababchi bo'lmoqda, cheklovlar bozorning rivojlanishini to'xtatmoqda, moliyalashtirish qiymatini oshirib, aholi va kompaniyalarning qarz olish imkoniyatlarini murakkablashtirmoqda. Men bu haqda "Gazeta.uz" uchun yozgan maqolalarimdan birida ( rus tilida ) bu haqda yozganmagan va tafsilotlarini takrorlab o'tirmayman. Hozir esa yana bir bor hujjatni tayyorlagan yoki prezident imzolagunga qadar u bilan ish olib boradigan barchaning e'tiborini yanada zamonaviyroq shaklda qayta ko'rib chiqishni xohlagan alohida holatlarga qaratishni istar edim. Xabar qilinishicha, "gap chet davlatlar va xalqaro institutlar tomonidan tan olingan (!) xususiy banklar haqida ketayotgan bo'lsa", ularga nisbatan cheklovlar qo'llanilmaydi. Norezidentlar (jismoniy va yuridik shaxslar) mahalliy banklarning aksiyalari xalqaro fond bozorlarida sotib olingan bo'lsa, ularning egasi bo'lish huquqini (!!) qo'lga kiritadi. Bu xalqaro bozorlarda ommaviy ravishda joylashtirilgan aksiyalarni sotib olishni osonlashtiradi (!!!). Hurmatli Behzod Hamrayev, senatorlar, shuningdek, barcha aloqasi borlar, umid qilamanki, hujjatning batafsil matnida quyida beriladigan savollarga javob bor, biroq hujjat parlament orqali o'tgan bo'lishiga qaramasdan, qonun hujjatlari muhokamasi portalida uni ko'rmadik va hattoki hujjat matni professional muhit bilan, tushunishimcha, muhokama qilinmadi. Hozircha esa bir qator mulohazalar mavjud: ! — "Tan olingan" degani nimani anglatadi va O'zbekistondan tashqarida ro'yxatdan o'tganlik guvohnomasining mavjudligi tan olingan deb hisoblanadimi? Yoki litsenziya bo'lishi kerakmi? Yoki xalqaro moliya institutlari bilan tuzilgan bitimlar mavjudligimi? "Xalqaro institutlar" nima — faqat moliyaviy yoki biron bir sanoat? Aftidan, xalqaro institutlarning ishtirokchilari xususiy tashkilotlardan ko'ra ko'proq hukumatlardir? " Mulkdor " nima va har qanday bankning bittagina aksiyasiga egalik qilish ham " mulkdor " maqomini tasdiqlaydimi yoki muayyon chegara belgilanadimi? !! — Ushbu fakt, modomiki ofshor tuzilmalarga banklar aksiyalariga egalik qilish imkoniyatini berish rejalashtirilayotgan ekan, ularga bunday ruxsat berilishining qo'rqinchli joyi yo'qligini tasdiqlaydimi Demak, butun muammo mahalliy bozorda xarid qilishdami? Bu munosabatlarda uning nimasi yomonroq? Boshqarib bo'lmasligimi? Bunaqasi yo'q-ku, axir, butun dunyo bo'ylab o'n millionlab investorlarning har biri xalqaro bozorlarda aksiyalarni sotib olish imkoniyatiga ega bo'ladi va ularning hammasi ham ma'lumot almashish hamda tergov jarayonlariga yordamlashish bo'yicha hukumatlararo kelishuvlarga ega emas. Mahalliy bozorda esa bu juda cheklangan doira bo'lib, u ham nazorat qiluvchi, ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchungina ochiq. KYC/AML jarayonlarining nomukammalligimi (mijozlarni shubhali moliyaviy operatsiyalar uchun tekshirish tartiblari)? Men to'liq roziman, shuning uchun ko'p marta xalqaro broker va banklar komplayensidan o'tgan xalqaro investorlarni O'zbekistondagi tegishli jarayonlarsiz (o'ta beo'xshov, juda ko'p hujjat va vaqt talab qiluvchi hamda samarasiz) bozorga kiritishni taklif qilgan edim. !!! — Demak, biz xalqaro investorlar uchun tartib-qoidalarni soddalashtirishni faol targ'ib qilmoqdamiz va tashvishlanyapmiz, ammo mahalliy bozor uchun bunday chora-tadbirlarni amalga oshirmaslik kerakmi? Kapital bozorini rivojlantirish bo'yicha ko'plab sa'y-harakatlar investorlarning mahalliy bozorga kirishini kengaytirishga, mahalliy bozorni prinsipial rivojlantirishga qaratildi, buning uchun mahalliy bozorda dastlabki listing talabi joriy etildi. Bunday qarorni qabul qilishdan maqsad xalqaro joylashtirish boshlanishidan oldin mahalliy va xalqaro investorlarni mahalliy bozorga jalb qilishdan iboratdir, chunki tashqi bozorga chiqishi bilan qimmatli qog'ozlarning likvidligi va narxi oshadi hamda mahalliy bozorga kim avvalroq kelsa — xorijliklar ham, chet elliklar hisobidan daromad oladigan mahalliy investorlar ham bundan yaxshigina daromad ko'radi. Yanada aniqrog'i, tashqi bozordagi ikkilamchi aylanma endilikda kompaniyalar uchun hech qanday manfaat keltirmaydi va faqatgina xalqaro brokerlar foyda ko'radi, ichki bozorning mavjudligi esa mahalliy brokerlar, birjalar, auditorlar, huquqshunoslar va boshqa tegishli mutaxassislarga daromad olish, shuningdek, bilim, pul va nou-xauni mamlakatga transfer qilish imkonini beradi. Shunday yo'l bilan, umuman qilib mahalliy bozor hozir ham hech qanday sabablarsiz cheklangan va siqilgan bo'lib qoladi, degan xulosaga kelishimiz mumkin (axir xalqaro bozorda ofshorlarga xuddi shu aksiyalarga kirishni xohlashyapti-ku), biroq barcha foyda va e'tibor faqatgina xalqaro joylashtirishlarga qaratilgan. Shu bilan birga, mahalliy bozorga faqatgina boshqa mamlakatlardagi banklarni nazorat qiluvchi strategik investorlarning kirishiga ruxsat berish rejalashtirilmoqda — bu muammo Markaziy bank va hukumat oldida ayrim banklarni xususiylashtirish bo'yicha muzokaralar chog'ida yuzaga kelgani aniq va hattoki, turli xalqaro moliya institutlari, OTP-Bank, SovKomBank va boshqalar investitsiya kiritish uchun ofshorda standart SPV-kompaniyani tashkil eta olmagani hamda to'g'ridan-to'g'ri investitsiya yo'llarini izlashga majbur bo'lgani, bu esa noqulaylik tug'dirib, ortiqcha xarajatlar talab qilishi va kechikishlarga sabab bo'lganidan shikoyat qilishgan. Va yana bir qo'shimcha — ikkilamchi listing bo'lgan taqdirda, maydonchadagi narxlar turli xil bo'ladi. Agar maydonchada aksiyalarning biridan ikkinchisiga erkin harakatlanishi (fungible dual-listing) bo'lmasa, xorijiy investorlarning kirishiga cheklovlar mavjud bo'lgan sharoitda ularni bir qo'ldan ikkinchi qo'lga o'tishi imkonsiz bo'ladi va ushbu maydonchada narxlar likvidlikdan pastroq darajada bo'ladi. Bu holat esa, shubhasiz, mahalliy bozorda ro'y beradi. Shunday qilib, "xalqchil IPO" orqali aksiyalarni sotib oladigan mahalliy chakana investorlar zarar ko'radi va xorijlik investorlar oldida umidsiz vaziyatga tushib qoladi. Aholiga yirik kompaniyalar, shu jumladan ko'plab banklar kapitalida ishtirok etish imkoniyati sifatida " xalqchil IPO "ga tayyorgarlik ko'rilayotgan bir vaqtda, bunday harakat o'ta mantiqsiz va qayg'uli ko'rinadi. Achinarlisi, xalq saylagan deputatlar yana fuqarolarni unutib, faqat mehmonlar va xorijliklarning manfaatini o'ylamoqdalar. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
May oyi oxirida Gruziyaning TBC Bank Group kompaniyasi Payme`ni jami 113,6 mln dollarga baholagan holda kompaniyaning qolgan 49% ulushini 55,7 mln dollarga sotib oldi va bu orqali uning 100% ulushini o'z qo'l ostida birlashtirdi. Ushbu bitimni, ehtimol, so'nggi 10−15 yildagi eng yirik xususiy M&A (birlashish yoki qo'shib olish bitimi) hamda bozordagi eng muhim va ahamiyatli deb atash mumkin. Samimiy tabriklardan tashqari, loyihaga kirishgan kompaniya asoschilariga va TBC jamoasiga mahalliy bozor qanday salohiyatga ega bo'lishi mumkinligini ko'rsatgani, bozorda bayonotlar, shiorlar, va'dalar va forumlardan ko'ra muhimroq bo'lgan "muvaffaqiyat hikoyalari"ni yaratgani, potensial investorlar uchun sanoatni rivojlantirayotgani va mamlakatga e'tibor jalb qilayotgani uchun katta minnatdorchilik bildirilishi ham kerak. Men kuniga bir necha marta "Nega kompaniya IPO`ga chiqmadi?" degan savolga duch keldim. Shubhasiz, Payme'ning aniq misolida aksiyalarni ommaviy bozorda sotishga urinish uchun mantiqiy shartlar mavjud emasdi. Ammo umuman olganda, nima uchun mahalliy xususiy kompaniyalar ochiq bozorda moliyaviy manbalar jalb qila olmaydi yoki mahalliy ta'sischilar birjada listing orqali loyihalardan to'liq yoki qisman chiqa olmaydi, degan savol juda qiziq. Amalda, albatta, aksariyat hollarda, muzokaralarda pul/narxdan tashqari, istiqbollar, sinergiya va texnologiyalardan foydalanish imkoniyati muhim ahamiyatga ega. Bu holda strategik xaridor bilan xususiy bitim baxslashilmaydigan afzalliklarga ega va sotuvchilar ommaviy bozorga murojaat qilmaydi. Ommaviy bitim imkoniyati kengayish uchun pul jalb qilmoqchi bo'lgan yoki aksiyadorlari ko'p yillar davomida mablag' va sa'y-harakatlarni investitsiyalash orqali o'z foydasiga ega bo'lishni xohlaydigan yetuk va mustaqil kompaniyalar uchun ancha qiziqroq. Qanday qilib bunday variant foydali va qiziqarli bo'lishi mumkin? Bozorda aksiyalarni ommaviy sotish imkoniyati, uning qiymati va istiqboliga ishongan sarmoyadorlar qimmatroq narxlarni taklif qiladigan auksion mexanizmini yaratadi. O'z navbatida, sotuvchi o'z aktivini iloji boricha yaxshiroq "qadoqlashga" harakat qiladi: uning kuchli tomonlarini ko'rsatadi, xavflar va zaif tomonlarni hal qilish strategiyasini tushuntiradi (ularni yashirish baribir imkonsiz, chunki yuzlab va minglab investorlar kompaniyani o'rganadi), istiqbollari haqida gapiradi va hokazo. Shunday qilib, xaridorlar aktiv haqida eng shaffof ma'lumotga va uni to'g'ri baholash imkoniyatiga ega bo'ladi, sotuvchi esa strategik investorning injiqliklari va xususiyatlariga bog'lanib qolmay, investorlarning keng doirasi bilan ishlash imkoniyatiga ega bo'ladi, natijada o'z aktivi uchun mumkin bo'lgan eng yuqori narxni oladi. Xaridorlar va sotuvchilar bir-biriga, taqdim etilgan ma'lumotlarga, tranzaksiyani amalga oshirishga imkon beruvchi infratuzilmaga ishonishadi va bunday operatsiyani tez va oson bajarishga qodir bo'ladi. Ishonch va hammaboplik bunday kelishuvda birinchi o'rinda turadi. Afsuski, bu borada bizning muammolarimiz bor. Agar bu muammolar hal etilsa, bozorning uzviy o'sishiga va unga juda qisqa vaqt ichida muvaffaqiyatli xususiy kompaniyalarning kirib kelishiga umid qilishimiz mumkin, chunki O'zbekistonda moliyalashtirish va pulga talab mamlakatimizdagi loyihalarga mahalliy va xorijiy investorlarning qiziqishi kabi katta hisoblanadi. Talab va taklif o'rtasidagi bog'liqlikni tashkil qilishning oddiy usullari mavjud emas. Ommaviy bozorga chiqmoqchi bo'lgan xususiy kompaniya paydo bo'lgan hollarda qonunchilik va infratuzilma masalalari uning xohish-istaklariga xalaqit bermasligini istardim. Tahririyat fikri muallifning nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.
columnist
Mamlakatimiz ta'lim tizimini yana o'zgarishlar kutayotgan ko'rinadi. Bir necha yil avval O'zbekistonda "9+3" (12 yillik majburiy ta'lim) tizimi bekor qilingan , shundan keyin Milliy o'quv dasturiga o'tilishi aytilgan va 2022−2026-yillarda xalq ta'limini rivojlantirish bo'yicha milliy dastur qabul qilingan edi. O'tgan yili "fin tajribasi"ni joriy etish xususida ko'p gapirildi, yil yakunida esa, "ma'muriy islohotlar" deya taqdim qilingan jarayonlar doirasida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Prezident ta'lim muassasalari agentligi bitta davlat organiga birlashtirildi. Kuni kecha maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Xilola Umarova davlat rahbari bilan uchrashuvda tizimda kutilayotgan bir qator yangiliklarni taqdim etdi. Ushbu o'zgarishlarning ayrimlari, mening nazarimda, batafsilroq ko'rib chiqilishi lozim. Prezident matbuot xizmati xabariga ko'ra , yuqori sinflarda fanlar soni 16 tadan 11 taga qisqartiriladi, 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fanlar joriy etilgan holda "dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta'minlanadi". 10−11-sinflarda "o'quvchilarning qiziqish va qobiliyatiga mos bo'lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish" amaliyotini joriy etish 2023-yilga mo'ljallangan Davlat dasturida ham nazarda tutilgan. Amalda bu qanday bo'ladi? Vazirlik buyrug'i loyihasiga (muallifga taqdim etilgan) ko'ra, 2023−24 o'quv yilidan boshlab har bir hududda sinov maktablari tanlab olinadi hamda ularda quyidagi majburiy va tanlov fanlardan iborat dastur amalga tadbiq etiladi: Maxsus komissiya o'quvchilar orasida so'rov o'tkazib, sinfda yuqoridagi to'rt juft tanlov fanlaridan qaysi biri o'qitilishini aniqlaydi. Bitta fan ham majburiy, ham tanlov fanlar blokida fanlar takroran kelgan bo'lsa (ona tili, matematika, chet tili), har ikki blokdagi ushbu fanlarga ajratilgan soatlar qo'shiladi. Masalan, "kimyo-biologiya" yo'nalishidagi sinfda matematika haftasiga 5 soatdan o'qitilsa, "matematika-fizika" yoki "matematika-ingliz tili" yo'nalishidagi sinfda haftasiga 10 soatdan o'tiladi. Ona tili va chet tili yo'nalishidagi sinflarda ushbu fanlar haftasiga mos ravishda 10 va 9 soatdan, qolgan sinflarda esa 5 va 4 soatdan o'qitiladi. Shunday qilib, ushbu sinflarning o'quv rejasidan quyidagi fanlar chiqarib tashlanadi : Buyruq loyihasida 11-sinfni tamomlaganlik to'g'risidagi shahodatnomaga 10−11-sinflarda o'rganilmagan fanlar bo'yicha baholar 9-sinfni tamomlaganlik to'g'risidagi shahodatnomadan ko'chirib o'tkazilishi qayd etilgan. Taqqoslash uchun: 2023−24 o'quv yili uchun tayanch o'quv dasturi va "sinov" maktablari uchun o'quv rejalari. Keyingi o'quv yilida 10-sinfga o'tadigan 9-sinf o'quvchilari 2017-yilda 11 yillik ta'limga o'tish vaqtida qabul qilingan dastur bo'yicha tahsil olgan. Vaholanki, 2024-yilgacha Milliy o'quv dasturiga to'liq o'tishning prezident tomonidan tasdiqlangan rejasiga ko'ra, 2022-yilda darsliklar, jumladan, 10-sinf darsliklari ham yangilangan. Prezident farmoni bilan xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilgan milliy o'quv dasturida 7-sinfdan boshlab geografiya, fizika, kimyo va biologiya fanlarini alohida fan sifatida o'qitish ko'zda tutilgan (1−6-sinflarda ushbu fanlar bo'yicha tayanch bilimlar "tabiiy fanlar" faniga birlashtirilgan — hozirda mazkur fan bo'yicha 1−3- hamda 6-sinflar uchun darsliklar chiqarilgan), 7-sinfda materiklar va okeanlar geografiyasi, 8−9-sinflarda O'zbekiston tabiiy va iqtisodiy geografiyasi, 10-sinfda jahon iqtisodiy geografiyasi va 11-sinfda oldingi sinflarda olingan bilimlarni umumlashtiruvchi umumiy geografiya fanlarini o'rganish nazarda tutilgan . Shunga o'xshash, fizikaning elektrodinamika, yadro va kvant fizikasi asoslari kabi ayrim bo'limlarini, shuningdek, astronomiyani o'rganish 10−11-sinflarda nazarda tutilgan. Kimyo va biologiyaning ham ayrim bo'limlari faqat yuqori sinflarda o'rgatiladi. Huquqshunoslik va iqtisodiyot fanlarini o'rganish 8-sinfdan boshlanadi. Huquqshunoslik bo'yicha Milliy o'quv dasturga muvofiq, 10−11-sinflarda fuqarolik, ma'muriy, mehnat, oila va jinoyat huquqi yuzasidan asosiy tushunchalar beriladi. 11-sinfda "Iqtisodiyot" fani doirasida tadbirkorlik asoslari o'rganiladi. Shu o'rinda savollar tug'iladi: Prezident matbuot xizmati "hozirda mavzularning 70 foizi kundalik hayot bilan bog'lanmagan "ligini qayd etdi . Qiziq, bunday aniq foiz qanday uslubiyat asosida hisoblab chiqilgan va "kundalik hayot bilan bog'lanish" nimani anglatadi? Mening nazarimda, o'rtacha odamning "kundalik hayoti"ga asoslanilsa, fundamental fanlardan juda ko'p narsalarni maktab dasturidan "chiqarib yuborish" kerak bo'ladi. Masalan, kundalik hayotda odamning Yer sayyorasidan tashqariga chiqishi dargumon, unga galaktika yoki Quyosh tizimining tuzilishi haqida tasavvurga ega bo'lishning keragi bormikan? Kundalik hayotda oddiy odam asosan to'rtta asosiy matematik amaldan foydalanadi, tengsizliklar, funksiyalar va logarifmlarni bir chetda qoldirib, maktab matematika kursining mazmunini shu to'rttagina amal bilan cheklash kerakmikin? Maktabning vazifasi — o'quvchini faqatgina "kundalik hayotga" yoki oliy ta'limga kirishga tayyorlashdan iborat emas. Maktab insonning dunyoqarashini shakllantiradi, unga tizimli fikrlash va tanqidiy tahlil qilishni o'rgatadi. Fundamental bilimlarsiz, turli xil tashqi ta'sirlarga qarshi tura olmaydigan, zaif avlodni yetishtirish xavfini zimmamizga olmayapmizmi? So'nggi paytlarda "xalqaro tajriba" haqida ko'p gapirilmoqda. Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlik qiluvchi va ayrim fanlar (tabiiy fanlar, matematika, informatika) Kembrij dasturi bo'yicha o'qitiladigan prezident maktablarida yuqori sinflarda fanlarni tanlash amaliyoti joriy etilgan: o'quvchilar to'rtta fandan istalgan ikkitasini tanlashlari lozim. Shu bilan birga, fizika, kimyo va biologiya yuqori sinflarning o'quv rejasiga kiritilmagan — agar o'quvchi ushbu fanlarni tanlamasa, ularni o'rganmaydi. 2021−22 o'quv yili uchun prezident maktablari tayanch o'quv rejasi. Biroq, shuni hisobga olish kerakki, Kembrij dasturi aksariyat fanlar bo'yicha siklik ravishda qurilgan: ta'limning har bir bosqichida fanning barcha asosiy bo'limlarini qamrab olishga harakat qilingan, yuqori sinflarda esa ta'limning oldingi bosqichlarida o'rganilgan narsalar takrorlanadi va chuqurlashtiriladi. Masalan, o'rta maktabni tugatish darajasi bo'lgan va 14−16 yoshli o'quvchilar uchun mo'ljallangan IGCSE darajasi uchun va oliy o'quv yurtlariga tayyorgarlash uchun tuzilgan, 16−19 yoshli o'quvchilar uchun mo'ljallangan A-level darajasikimyo darsliklarining mazmunini solishtiradigan bo'lsak , IGCSE darajasidagi ko'plab mavzular A-level darajasida takrorlangani va chuqurlashtirilganligini ko'rish mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, IGCSE darajasi aslida 10−11-sinflar hisoblanadi (Britaniyada boshlang'ich maktab 5−11 yoshli bolalarni qamrab oladi) hamda kimyo, fizika, biologiya va geografiya fanlarini IGCSE darajasida o'rganishdan oldin, o'quvchi Primary va Lower Secondary darajalarida 9 yil davomida tabiiy fanlarni o'rganishi zarur. Ta'kidlash joizki, Buyuk Britaniyaning o'zida yuqori sinflarda (10−11-sinflar, Key Stage 4) tabiiy fanlarni — biologiya, fizika va kimyoni — o'rganish majburiydir . IGCSE darajasi uchun kimyo bo'yicha Kembrij darsligining mundarijasi. A-level darajasi uchun kimyo bo'yicha Kembrij darsligining mundarijasi. Buyuk Britaniya milliy o'quv dasturining tuzilishi. Guvohi bo'lganimizdek, O'zbekiston Milliy o'quv dasturi va Kembrij dasturini tayyorlashga yondashuvlar turlicha. Bunda gap yondashuvlardan biri yomon (noto'g'ri), ikkinchisi esa yaxshi ekanligi haqida emas. Shunchaki tarixan turlicha shakllangan yondashuvlarni ko'rib chiqyapmiz. Va agar "sinov" maktablari bitiruvchilarining bilimlarida fundamental bo'shliqlar bo'lishini istamasak, birinchi navbatda, ularda 9-sinfning oxirigacha barcha zarur bilimlar poydevorini shakllantirishga harakat qilishimiz kerak (bu o'quvchining haddan tashqari aqliy va jismoniy zo'riqishiga olib kelmasa, albatta), ana shundan keyin yuqori sinflarda fanlarni tanlash yoki ularni dasturdan chiqarib tashlash bilan bog'liq tajribalarni yo'lga qo'yish mumkindir. Qolaversa, prezident maktablari yoki ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasini butun mamlakatdagi umumta'lim maktablariga joriy etishga urinar ekanmiz, aytaylik, moliyalashtirish (2023-yil davlat budjetida Prezident ta'lim muassasalari agentligi tasarrufidagi 100 dan ortiq maktablarga va 10 mingga yaqin umumta'lim maktablariga kapital xarajatlar uchun teng mablag' ajratilgan), o'qituvchilar va o'quvchilarning motivatsiya darajasi, bir sinfda tahsil oluvchi o'quvchilar soni, labaratoriyalar bilan jihozlanganlik darajasi kabi omillarning ta'lim sifatiga ta'sirini ham tadqiq qilish maqsadga muvofiqdir. Masalan, haftasiga 5−6 soatlik fizika, kimyo, biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan "sinov" sinflarida o'quvchilar fanni chuqurroq o'rganishlari uchun laboratoriyalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladimi? Nafaqat "sinov" maktablari, balki barcha umumta'lim maktablarida kutilayotgan yana bir yangilik — boshlang'ich sinf o'quv rejasiga informatika fanining kiritilishidir. Mazkur fan jismoniy tarbiyaga ajratilgan soatlarni qisqartirish hisobiga haftasiga bir soatdan o'tiladi. Vazir buyrug'i bilan Respublika ta'lim markaziga fanning o'quv rejasi va ta'lim standartlari bo'yicha takliflar kiritish, Avloniy nomidagi milliy ilmiy-tadqiqot institutiga esa informatika fanidan dars beruvchi boshlang'ich sinf o'qituvchilarining qisqa muddatli malaka oshirish kurslari dasturini ishlab chiqish topshirilgan. Avval fanni boshlang'ich sinfga kiritishdan maqsad , vazifalar va o'quv dasturini aniqlashtirib olib, keyin o'quv soatlarini ajratish kerak emasmi? Boshlang'ich sinflar uchun informatika dasturining 5−11-sinflarga mo'ljallangan — qimmat litsenziyasi O'zbekiston uchun AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan sotib olingan — Kembrij dasturi bilan uzviyligi hisobga olinadimi? Ma'lum qilinishicha, boshlang'ich sinflarda xalqaro tajribaga asoslangan yangi o'quv dasturi joriy etiladi. Bu faqat informatikaga tegishlimi yoki barcha fanlargami? Axir, 1−3-sinflarda xalqaro donorlar ishtirokida yaratilgan Milliy o'quv dasturi joriy etilganiga va shu dastur asosida darsliklar nashr etilganiga ikki yil ham bo'lmadi-ku? "Xalqaro tajriba" deganda o'zi nima tushuniladi? Masalan, o'tgan yili bot-bot gapirilgan Finlyandiyada yoki PIRLS ning so'nggi so'rovlarida birinchi o'rinni egallagan Singapurda informatika boshlang'ich sinflar o'quv dasturiga kiritilmagan. Yana bir muhim o'zgarish ta'limni boshqarish tizimiga taalluqli. Ma'lum qilinishicha, maktabgacha va maktab ta'limi tuman va shahar bo'limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta'lim sifatini baholash bo'yicha vakolatlari tugatiladi. Katta ehtimol bilan bu vakolatlar yangi davlat organi — avvalroq davlat rahbari qarori bilan tashkil etilgan Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga o'tkaziladi. "O'quv jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, jamiyatning zamonaviy talab va chaqiriqlariga javob beradigan yangi o'quv rejalari, dasturlari hamda o'quv-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish va joriy etish" maqsadida tashkil etilgan va Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligidan mustaqil, prezident Administratsiyasiga bo'ysunuvchi mazkur markazga ta'lim mazmunini belgilash va ta'lim sifatini nazorat qilish bo'yicha juda keng vakolatlar berilgan. Markaz: E'tiborli jihati shundaki, endilikda maktabgacha, umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalarini, shuningdek, o'quv kurslarini litsenziyalash, attestatsiyadan o'tkazish va davlat akkreditatsiyasidan o'tkazish yangi tuzlayotgan markaz bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Xuddi shu markaz ushbu ta'lim tashkilotlar uchun darsliklar va o'quv-uslubiy majmualarni nashr etadi. Ushbu holat manfaatlar to'qnashuviga olib kelmaydimi ("bizning darsliklarimizni sotib olmasangiz — litsenziya ham yo'q" qabilida), hujjatda ochiqlanmagan. Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining tuzilmasi. Mohiyatan, "ma'muriy islohotlar" doirasida tugatilgan Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi (bu inspeksiya "Ta'lim to'g'risida"gi qonunga ko'ra, hali ham nazorat qiluvchi va litsenziyalovchi vakolatli organ hisoblanadi), shuningdek, Ta'lim sifatini baholash xalqaro tadqiqotlari milliy markazi, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, vazirlik huzuridagi Respublika ta'lim markazi va Avloniy nomidagi Milliy ilmiy-tadqiqot institutining funksiyalarining bir qismi yangi markazga o'tkazildi. "Ma'muriy islohotlar"dan ko'zlangan maqsad "davlat boshqaruvining ixcham tizimini shakllantirish", "davlat organlari rahbarlarining mas'uliyatini oshirish" va "respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining institutsional mustaqilligini oshirish"dan iborat edi. Keng vakolatlarga ega bo'lgan yana bir davlat organining tashkil etilishi hamda ta'lim mazmuni va sifati bilan bog'liq asosiy funksiyalarning ushbu organga o'tkazilishi yuqoridagi maqsadlarga qanchalik mos keladi? Direktorlarni tayinlash va o'qituvchilarni ishga yollash borasida ham o'zgarishlar kutilmoqda. "Malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat "Direktorlar kengashi" tashkil etiladi. Endi maktab direktorlari lavozimga mazkur kengash tavsiyasi bilan ochiq tanlov asosida tayinlanadi". Direktorlar maktabgacha va maktab ta'limi hududiy boshqarmalari tomonidan tayinlanadi . Biroq, prezident farmoni bilan joriy etilgan maktab direktorlarini mahalliy deputatlar kengashlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi-chi ? Ushbu tizimdan voz kechilishining sababi nimada? "Maktablarni malakali kadrlar bilan ta'minlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yo'lga qo'yiladi. Ya'ni, ishga kirayotgan pedagog 1 yil davomida o'qituvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak bo'ladi". Ma'lum qilinishicha, toifa berish bo'yicha test sinovlari ikki bosqichda o'tkaziladi, malaka sertifikatiga ega bo'lgan o'qituvchilarga esa ustama haq to'lanishi mumkin. "Stajyor o'qituvchi" nima degani? Uning huquq va majburiyatlari "to'laqonli o'qituvchi"ning huquq va majburiyatlaridan qanday farq qiladi? Sertifikat faqat qo'shimcha ustama olish uchunmi yoki umuman o'qituvchi bo'lib ishlash uchun kerakmi? Qonunga muvofiq, pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqini beruvchi oliy ma'lumot diplomiga ega bo'lganlar-chi? Bu prezident farmoniga ko'ra o'qituvchilik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi pedagogik modullarining ham bekor qilinishini anglatadimi? Bunday yangilik pedagogika oliy o'quv yurtlari bitiruvchilari tinchgina o'qituvchilikni emas, boshqa ishni tanlashlariga olib keladimi? (Izoh: Prezidentning 2023-yil 26-maydagi PF-79 farmoni bilan 2023/24 o'quv yilidan boshlab birinchi marta ishga qabul qilinayotgan oliy ma'lumotli talabgorlar stajyor-o'qituvchi sifatida faoliyat yuritishi, ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddatda kasbiy sertifikat olishi shartligi tasdiqlandi). Ta'lim tizimida (ehtimol, boshqa istalgan sohada bo'lgani kabi) muttasil tajriba o'tkazish, tizimning konfiguratsiyasini, tartib-qoidalarini va mazmunini tinmasdan o'zgartiraverish mumkin emas. Har qanday yangilik hozirgi holat va ungacha amalga oshirilgan ishlarning puxta, ilmiy asoslangan tahliliga tayanishi zarur. Aks holda, tizim boshboshdoqlikka yuz tutishi xavfi vujudga keladi, uning ko'p sonli va qarama-qarshi qoidalarini hatto eng tajribali mutaxassis ham tushuna olmaydigan vaziyat yuzaga keladi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Yanvar oyi keng va qizg'in muhokamalarga sabab bo'lgan esda qolarli voqealarga boy bo'ldi. Xususan, anomal sovuq natijasida aholi, ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarning elektr hamda gaz ta'minoti , o'z navbatida, isitish tizimi bilan bog'liq jiddiy muammolar kuzatildi. Anomal sovuq ortidan yuzaga kelgan bu kabi infrastruktura muammolarining salbiy oqibati o'laroq, mazkur oyda mamlakatda sanoat ishlab chiqarish 2022-yilning yanvar oyiga nisbatan 10 foizga qisqardi . Ayni paytda, iqtisodiy faollik pasaydi. Ayrim turdagi qishloq xo'jalik mahsulotlari narxi keskin oshdi ( piyoz narxi qanday ko'tarilganini o'quvchilar yaxshi eslashadi, nazarimda). Aksariyat aholi qatlamlari yanvar oyida yuqori narx o'sishidan aziyat chekdi. E'tiborli jihati shundaki, aholi o'z tanasida his etgan sezilarli inflyatsiya negadir Davlat statistika agentligi tomonidan yanvar oyi uchun e'lon qilingan inflyatsiya ko'rsatkichida aks etmadi. Qolaversa, anomal yanvarda oylik inflyatsiya ko'rsatkichi o'zining so'nggi uch yildagi eng past darajasini qayd etganligi qanchalik haqiqatga yaqin (yoki uzoq) ekanligi ko'pchiligimizga qiziq, shunday emasmi?! Bugungi maqolamizda aynan shu o'rinli savollarga javob izlab, real voqelikda inflyatsiya darajasi rasmiy inflyatsiya ko'rsatkichidan yuqori bo'lganiga ishora qiluvchi bir qator statistik raqamlarni tahlil qilishni lozim topdik. Shunday qilib, Davlat statistika agentligi taqdim etgan rasmiy statistikaga ko'ra, joriy yilning dastlabki oyida yillik inflyatsiya ko'rsatkichi 2022-yilning dekabr oyida kuzatilgan 12,3 foizlik darajada saqlanib qoldi, oylik inflyatsiya ko'rsatkichi esa 2022-yilning yanvar oyiga nisbatan biroz sekinlashib, o'zining so'nggi uch yildagi eng past darajasini qayd etdi. Xususan, 2022-yilning yanvarida oylik inflyatsiya 0,9 foizni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilning yanvar oyida bu ko'rsatkich 0,8 foizni tashkil etdi . Oylik inflyatsiyaning sekinlashishi asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxi o'sish sur'atining sekinlashganligi bilan izohlanadi. Xususan, 2022-yil yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi oylik o'sishi 1,3 foizni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilda mazkur ko'rsatkich 1,0 foizni tashkil etgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi biroz tezlashgan, xizmatlar inflyatsiyasi esa o'tgan yilning mos davri bilan bir xil darajani qayd etgan. Grafik Davlat statistika agentligi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Biroq, yuqorida ta'kidlanganidek, yanvar oyida aholi o'z tanasida his qilgan inflyatsiya darajasi rasmiy inflyatsiya ko'rsatkichidan sezilarli yuqori bo'ldi. Ya'ni, anomal sovuq davrida aholi o'z iste'mol savatidagi ko'plab mahsulotlar, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi keskin o'sganligini his qildi. Biroq, rasmiy statistikaga ishonilsa, aynan oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi o'tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada sekinlashgan, qolaversa, inflyatsiyaning aynan shu tarkibiy qismi rasmiy statistikada inflyatsiya ko'rsatkichining nisbatan past qayd etilishida asosiy omil bo'lib xizmat qilgan. Ma'lumot uchun, Statistika agentligi rasmiy statistikani hududlardagi dehqon bozorlari hamda do'konlardagi narxlar o'rtacha darajasini o'rganish orqali aniqlaydi. Shundan so'ng tovarlarning iste'mol savatidagi vazniga ko'ra oylik inflyatsiya ko'rsatkichi hisoblab chiqiladi. Statistika agentligi har oy ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o'rtacha narxlarini taqdim qiladi. Hozirgi kunda jami 41 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining dehqon bozorlari hamda do'konlardagi o'rtacha narxlari e'lon qilib boriladi. Mazkur ro'yxatdagi mahsulot turlari bo'yicha yanvar oyidagi narx o'sishiga e'tibor qaratilsa, guvohi bo'lish mumkinki, ro'yxatdagi 41 turdagi oziq-ovqat tovarlaridan faqatgina 13 tasida narx o'sishi 2022-yilning yanvar oyiga nisbatan pastroq bo'lgan, qolgan tovarlar narxlari esa o'tgan yilning mos davriga nisbatan tezroq o'sgan. Joriy yilning yanvarida narxi o'tgan yilning yanvaridagiga qaraganda arzonroq bo'lgan tovarlar orasida iste'mol savatida nisbatan yuqori vaznga ega bo'lgan tovarlar — shakar, bug'doy, paxta yog'i kabi tovarlar bor. Biroq, shunisi e'tiborliki, 2023-yil yanvar oyida narx o'sishi tezlashgan tovarlar qatorida bug'doy uni (oliy hamda birinchi nav), non, tuxum, mol go'shti, kungaboqar yog'i, piyoz, kartoshka, guruch kabi asosiy iste'mol savati hamda o'rtacha o'zbekistonlikning kunlik iste'molida yuqori ulushga ega bo'lgan tovarlar ham bor. Boshqacha aytganda, joriy yilning yanvarida inflyatsiyaning asosiy tarkibiy qismi hisoblangan oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasiga asos qilib olinuvchi oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyatida amalda yuqori narx o'sishi kuzatilgan (ba'zi tovarlar narxi hatto "anomal" darajada ko'tarilgan). O'rinli savol tug'iladi: yig'ma indeks — umumiy inflyatsiya ko'rsatkichidagi vazni yanvar oyida qariyb 54 foizni tashkil etgan oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyatida yuqori narx o'sishi kuzatilganligiga qaramay, rasmiy inflyatsiya qanday asosga ko'ra so'nggi uch yildagi eng past darajani qayd etgan bo'lishi mumkin? Quyidagi grafikda, Statistika agentligining rasmiy ma'lumotlariga asoslangan holda, ayrim turdagi tovarlarning 2022-yil va 2023-yilning yanvar oylaridagi narx o'sishi tasvirlangan. Grafikda nomi keltirilgan 14 ta turdagi tovarlarning hech birida 2022-yilgi narx o'sishi yuqori bo'lmagan. Xususan, piyoz narxining 2022-yil yanvar oyidagi o'sishi 1,9 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2023-yilning yanvar oyida bu ko'rsatkich 35,1 foizni tashkil etgan. Yoki kartoshka narxi 2022 va 2023-yilning ilk oylarida mos ravishda 0,7 foiz va 11,5 foizga o'sgan. Grafik Davlat Statistika agentligi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Yanvarda amaldagi oylik inflyatsiya darajasi rasmiy raqamlardan yuqoriroq bo'lganligiga ishora qiluvchi boshqa omillarni ham keltirish mumkin. Xususan, yilning dastlabki oyida import tovarlarining narx indeksi 1,6 foizni tashkil etgan . Taqqoslash uchun, 2022-yilning yanvar oyida import tovarlari inflyatsiyasi 1,0 foizni tashkil etgan edi. Ya'ni, oylik import inflyatsiyasi o'tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllanganiga qaramay, joriy yilning yanvarida umumiy inflyatsiya ko'rsatkichi so'ngi uch yildagi eng past (sekin) ko'rsatkichni namoyon qilganligi, yumshoqroq aytganda, ajablanarli. Ma'lumot uchun, import tovarlari 2022-yilda YAIMning 38 foizini tashkil etgan. Bu esa import tovarlari narxining yuqori shakllanishi amalda ichki bozorda narxlarning o'sishiga ta'sir o'tkazishini anglatadi. Masalan, 2022-yil mart oyida inflyatsiyani tezlashtirgan asosiy omil import inflyatsiyasi bo'lgan edi. Xususan, 2021-yilda yillik inflyatsiya 10 foizgacha sekinlashgan bo'lsa, 2022-yilda nisbatan yuqori import inflyatsiyasi hisobiga yillik inflyatsiya 12,3 foizgacha tezlashganiga guvoh bo'lgan edik. Grafik Davlat Statistika agentligi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Bunda tashqari, yanvar oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya ham keskin tezlashganiga guvoh bo'lish mumkin. Xususan, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya dekabr oyidagi 15,6 foizdan yanvar oyida 19,5 foizgacha yetgan edi . Inflyatsion kutilmalar esa dekabr oyida 15,5 foizni tashkil etgani holda, yanvar oyiga kelib 18,9 foizgacha oshgan edi . Albatta, sezilgan inflyatsiya hamda inflyatsion kutilmalar haqiqiy inflyatsiya ko'rsatkichidan doimo yuqori shakllanib kelgan. Biroq, sezilgan inflyatsiya hamda inflyatsion kutilmalarning keskin tezlashganligi aholi yanvar oyida nisbatan yuqori narx o'sishini his qilganligidan dalolat beradi. Yuqoridagi, bevosita Statistika agentligi ma'lumotlariga asoslangan tahlillar yanvar oyida narxlar o'sishi darajasi sezilarli tezlashganligiga ishora qiladi. Shunga qaramay, rasmiy statistika negadir bu davrda inflyatsiyaning sekinlashganini ko'rsatmoqda. Qayd etish joizki, hozirgi kunda Markaziy bank o'rta muddatli target ko'rsatkich sifatida 5 foizlik inflyatsiyaga erishishni maqsad qilgan hamda shu maqsadda asosiy foiz stavkasini inflyatsiyaning trendidan kelib chiqqan holda doimiy ravishda o'zgartirib bormoqda. Xususan, 2022-yil mart oyida inflyatsion xatarlarning kuchayishi fonida regulyator asosiy stavkani 14 foizdan 17 foizgacha oshirdi. Boshqacha aytganda, inflyatsiya darajasi endilikda Markaziy bank monetar siyosati asosiy yo'nalishini belgilashda asosiy vosita hisoblanadi. Agar mazkur ko'rsatkich mamlakatdagi "haroratni" — haqiqiy inflyatsiya darajasini to'g'ri ko'rsatmasa, bu mamlakatda makroiqtisodiy siyosat mutlaqo noto'g'ri yo'nalishdan ketishiga olib kelishi mumkin. Shu o'rinda, ta'kidlash joizki, biz eski deb atay boshlagan davrda rasmiy inflyatsiya hech narsani ifodalamaydigan yasama, buzuq ko'rsatkichga aylanib bo'lgan edi. Mamlakatda hech kim inflyatsiya ko'rsatkichini kuzatmas, e'tibor ham bermasdi. Yangi davrda esa inflyatsiya, yuqorida qayd etib o'tilganidek, makroiqtisodiy siyosatni belgilashda muhim ko'rsatkichlardan biriga aylandi. Biroq, negadir joriy yildan boshlab bu ko'rsatkich o'z ahamiyatini yana yo'qota boshlagandek tuyulmoqda. Ya'ni hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgan pallada rasmiy statistika bilan real hayot o'rtasidagi korrelyatsiya yo'qolib qolgandek. Shuni unutmasligimiz kerakki, hozirgi muhim va murakkab islohotlar davrida inflyatsiya real hayot bilan bog'liqligini yo'qotsa, buning badali juda qimmatga tushadi.
columnist
Shaharlar yashash, ishlash va yangi tajriba va kechinmalarni kashf qilish uchun jo'shqin va jozibador makon bo'lishi mumkin. Ammo, shaharlar osonlik bilan ayollar ta'qib, haqorat va xavfsizlik bilan bog'liq boshqa tahdidlarga duch keladigan xavf-xatarli joyga aylanishi ham hech gap emas. 2023-yil 12-aprelda O'zbekistonda jinsiy ta'qibni taqiqlovchi yangi qonun kuchga kirib, gender tengligini ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi. BMTTDning O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska "Gazeta.uz" uchun tayyorlagan maqolasida O'zbekistonda va undan tashqarida shahar ma'muriyatlari hamda mahalliy guruhlar o'z shaharlarini ayollar uchun, jumladan, innovatsion texnologiyalar, jamoatchilik tashabbuslari va siyosat darajasidagi o'zgarishlar orqali xavfsizroq qilayotgani to'g'risida so'zlaydi. Biz ko'zlarini yumgan odamlar bilan to'lgan xonada tarang bir sukunatda o'tirardik. Shu payt qizlardan biri ko'chada unga nisbatan qilingan ta'qiblar to'g'risida hikoya qila boshladi. U bunday munosabatga duchor bo'lgan dunyodagi yagona qiz emas- bizning sonimiz millionlarni tashkil etadi. Ular qachonlardir ko'chadagi ta'qibchining hushtak chalishi, behayolarcha urib ketishi, hirsga to'la so'zlari, jirkanch teginishlaridan qo'rqib qaltirab qochganlar. Tinglovchilarning munosabati o'xshash edi — kimdir g'azablangan, kimdirning yuzida norozilik paydo bo'lgan, umuman olganda esa, ular shahrimiz ko'chalari ayol va erkaklar, qiz va o'g'il bolalar uchun xavfsizroq bo'lishi kerak degan ishonch atrofida birlashgan edi. Shu tariqa biz O'zbekistonda ko'chadagi ta'qiblarga qarshi qaratilgan bo'lib, "Call Umida ("Umidani chaqiring") deb nomlangan eksperimental tashabbusimizni yo'lga qo'ydik. Ko'chadagi ta'qib — har qanday noxush ko'rinishda — gap otish, hushtak chalish, imo-ishoralar qilish, teginish kabi og'zaki yoki so'zsiz jismoniy harakatlar bilan ifodalanishi mumkin. Erkaklarga hokimiyat va o'z xatti-harakatlari uchun jazosizlik tuyg'usi singdirilgan patriarxatli madaniyatlarda bunday munosabatlar, asosan, xotin-qizlarga qaratilgan bo'ladi. Zo'ravonlikka duchor bo'lishdan qo'rqish esa ayollarni sukut saqlashga majbur qilib, buning natijasida jamoat joylaridagi jinsiy ta'qib odatiy holatga aylantiradi. Ko'chadagi ta'qib ayollar huquqlarini amalga oshirish yo'lidagi jiddiy to'siqlardan biri. Buning oqibatida ayollar o'z salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarishi va to'laqonli hayot kechirishi uchun zarur bo'lgan ta'lim, mehnat va dam olish huquqlarining asosi bo'lgan harakatlanish erkinligi xavf ostida qoladi. Ko'chalardagi shilqimlik va ta'qib xotin-qizlarga nomutanosib ravishda ta'sir qiladigan global muammodir. Bu hodisalar bilan bog'liq tamg'alash darajasi shu qadar yuqoriki, bunday holatlar hattoki samarali huquqni muhofaza qilish tizimiga ega bo'lgan rivojlangan mamlakatlarda ham jazosiz qolmoqda. 2016-yildagi "Xavfsiz shaharlar va xavfsiz jamoat joylari" hisobotida BMT — Ayollar tuzilmasi ko'chada ta'qibga uchragan qizlar va yosh ayollarning 90 foizdan ko'prog'i hodisa to'g'risida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bermaganini aytib o'tgan. Ko'chadagi ta'qib, gender asosidagi zo'ravonlikning boshqa shakllari kabi, o'zaro munosabatlar dinamikasi, toksik erkaklik yoki maskulinlik tushunchasini to'liq tushunib yetmaslik va jamiyatda hukmron bo'lgan gender stereotiplarida chuqur ildiz otib, inson rivojlanishi yo'lidagi jiddiy to'siq hisoblanadi. Garchi ko'chalar ayollar uchun xavfsiz bo'lmasligi oqibatidagi iqtisodiy zarar miqdorini hali aniqlashimiz kerak bo'lsada, gender tengsizlik dunyo mamlakatlari taraqqiyotiga naqadar to'sqinlik qilayotganini ko'rsatadigan ishonchli dalillar mavjud. BMTTD tomonidan tayyorlangan 2023-yilgi Ijtimoiy gender me'yorlari indeksida so'nggi o'n yilda ayollarga nisbatan noxolis munosabatda umuman yaxshilanish kuzatilmayotgani ko'rsatilgan. Binobarin, "Gender borasidagi xato tushunchalarga barham berish" hisobotida siyosiy chora va institutsional islohotlar, jumladan, investitsiyalar, sug'urta mexanizmlari va innovatsion yondashuvlarga shoshilinch ehtiyoj borligi ta'kidlangan. Mazkur tashabbuslar e'tirof etish, vakillik va ta'lim bilan tavsiflangan yangi ijtimoiy sharoitni yaratishga qaratilgan. Ko'chalarni xavfsizroq qilish orqali ayollarga harakatlanish huquqini taqdim etish ushbu maqsadlarga erishishda asosiy omil bo'lib xizmat qiladi. 2021-yil noyabr oyida BMTTDning O'zbekistondagi Akselerator laboratoriyasi tomonidan gender bilan bog'liq muammolarni hamkorlikda o'rganish uchun jamoaviy tahlil sessiyasi tashkil etildi. Ushbu tadbirga eng mashhur va nufuzli ijtimoiy media platformalaridan biri bo'lgan Nemolchi.uz / SukutSaqlama.uz ham jalb qilingan bo'lib, u ayollarga nisbatan zo'ravonlik bilan bog'liq eng dolzarb va hayotiy mavzularni ko'taradi va, ko'pincha, jamiyatda diqqatni tortadigan gender asosidagi zo'ravonlik holatlariga katta urg'u beradi. Manfaatdor tomonlar orasida o'tkazilgan dastlabki so'rovlar va suhbatlar natijalariga asoslangan holda, BMTTD 2022-yil mart oyida "Umidani chaqiring" deb nomlangan sinov tashabbusini boshladi. Umida qizlar orasida keng tarqalgan ism bo'lib, o'zagi "umid" so'zidan olingan va bu holatda kimdir ko'chada ta'qibga uchraganida panoh topishi mumkin bo'lgan xavfsiz joy topish umidini anglatadi. Tashabbus bolalar va ayollar ko'cha ta'qibiga duch kelganda vaqtinchalik boshpana topishi mumkin bo'lgan 300 dan ziyod xavfsiz joydan iborat tarmoqni yaratishga yordam berdi. Tashabbus yo'lga qo'yilganidan bir oy o'tib, O'zbekistonda ilk bor ko'chalardagi ta'qib holatlariga qarshi kurashish haftaligi o'tkazildi. Bir guruh ko'ngillilar "Umidani chaqiring" tashabbusini qo'llab-quvvatlash maqsadida targ'ibot-tashviqot kompaniyasini uyushtirib, unga nisbatan ijobiy munosabat hamda ko'cha ta'qibini muhokama qilish va muammoning ham an'anaviy, ham innovatsion yechimlarini izlash borasida ochiqlik kuzatildi. Tashabbus xususiy sektorga ayollarning ko'chada ta'qib qilinishidek murakkab ijtimoiy muammoni hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini berdi. BMTning Biznes va inson huquqlari bo'yicha asosiy prinsiplari hamda tadbirkorlik subyektlarining ayollar huquqlarini ilgari surish va ularga rioya qilishdagi o'rni inobatga olinib, ushbu tashabbus Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan ko'plab xususiy kompaniyalarga taklif etildi. Biz ko'rsatilgan ijobiy munosabatdan juda xursand bo'ldik va hatto hayratda qoldik. Tashabbusga qo'shilgan birinchi hamkorlar orasida yirik supermarketlar tarmoqlari, restoranlar, kompyuter o'yinlari klublari, dorixonalar tarmoqlari, kovorking markazlari va ilm-fan dargohlari vakillari bor edi. Mahalliy darajada obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan shaxslar, ya'ni inflyuyenserlar munozaralarga qo'shilib, o'z tarmoqlari orqali tashabbus to'g'risida ma'lumotlar ulashdi. Ko'chalar xavfsizligi — asosiy e'tibor quyidagi uchta muhim jihatga qaratilgan kompleks yondashuvni talab qiladigan murakkab masala : 1) jinsiy ta'qib uchun jinoiy javobgarlikni ta'minlash; 2) bunday xatti-harakatlarga nisbatdan qabul qilmaslik madaniyatini yaratish; va 3) shaharlarni gender jihatlarini hisobga olgan holda rejalashtirish orqali ko'chalarda shilqimlik va ta'qib holatlari ehtimolini minimallashtirish. Jamoat joylarda jinsiy ta'qib uchun jinoiy javobgarlik kiritilishi xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashda muhim qadam bo'ladi. Bu O'zbekistonda eng yuqori darajada namoyon bo'lgan gender tengligini ta'minlash yo'lidagi sodiqlikning mantiqiy davomidir. Yaqinda qabul qilingan qonunga ko'ra, jamoat joylarida ta'qib qilish ma'muriy huquqbuzarlik deb belgilanib, 660 ming so'mdan 1,65 million so'mgacha (60−150 dollar) jarimaga tortilishi mumkin. Bu to'g'ri yo'nalishdagi muhim qadam va hozir uni amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ta'kidlash joizki, jinsiy ta'qib uchun javobgarlik belgilanganiga ancha vaqt bo'lgan ko'plab mamlakatlarda hozirgi kunda jamoat joylarida jinsiy ta'qibning og'zaki ko'rinishi bo'lgan gap otish uchun jinoiy javobgarlik belgilash masalasi ko'rib chiqilmoqda. Masalan, Fransiyada politsiya xodimlariga ko'chada bunday huquqbuzarliklarga qarshi turish va huquqbuzarlarga jarima solish imkoniyatini taqdim etish uchun ularning vakolatlari kengaytirildi. O'zbekistonda mazkur qonunning hamda bunday huquqbuzarlik to'g'risida xabar berish va ro'yxatga olishning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etilishi ko'chalarni xotin-qizlar uchun xavfsizroq qilishdagi samarali omil bo'ladi. Ko'cha ta'qibiga toqatsizlik madaniyatini yuksaltirish uchun mazkur muammo to'g'risida xabardorlikni oshirish va xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikning hech qanday ko'rinishi qabul qilinmasligini keng e'tirof etish uchun davlat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatining faol ishtiroki talab etiladi. Javobgarlik faqat ta'qib qiluvchi, ya'ni huquqbuzarlarda bo'lishini ta'minlash uchun aybni jabrlanuvchilarning o'ziga o'tkazishga moyil bo'lgan ommaviy yanglish tushunchalarga barham berilishi kerak. Bu maqsadda axborot kampaniyalarida taniqli shaxslar, san'atkorlar, jamoat arboblari, influyenserlar, nufuzli shaxslar va davlat rahbariyat vakillari ishtirok etishi mumkin. Mavzu bo'yicha umummilliy munozaralar keng miqyosdagi manfaatdor tomonlarning faol ishtirokida o'tishi kerak. Zo'ravonlikka toqatsizlik madaniyatini o'rnatish, aslida, yoshlikdan boshlanadi va bunda ta'lim tizimi muhim rol o'ynaydi. Huquqiy va axborot-targ'ibot tadbirlari shahar infratuzilmasini yaxshilash va ko'chalarda ta'qib qilish holatlari ehtimolini minimallashtiradigan va bunday holat sodir bo'lganda tezkor va qat'iy javob choralari qo'llashga imkon beradigan yangi texnologiyalarni joriy etish bilan birga olib borilishi kerak. Ushbu mulohazaga hamda 2023-yilgi Xalqaro xotin-qizlar kunining "DigitALL: gender tengligini ta'minlashga qaratilgan innovatsiyalar va texnologiyalar" mavzusiga muvofiq, O'zbekiston va boshqa mamlakatlardagi ko'plab shaharlar ayollar xavfsizligini oshirishga qaratilgan texnologiyalardan foydalanish yo'llarini o'rganmoqda. Ushbu muammolarning ko'pchiligi uchun texnologik yechimlar talaygina bo'lsada, shaharlar texnologiyaning o'zi, masalan, shaxsiy hayot daxlsizligi bilan bog'liq huquqlarni buzish orqali muammo keltirib chiqarmasligini ta'minlashga qaratilgan xavfsizlik choralarini joriy etishi kerak. Dunyoda gender jihatlarini hisobga olingan shaharsozlikning ko'plab yaxshi misollari borki , ularni qabul qilib, O'zbekiston mahalliy sharoitida qo'llash mumkin. Ular qatoriga takomillashtirilgan ko'cha yoritgichlari, aqlli jamoat transporti tizimlari, avtobus bekatlari, ko'cha videokuzatuvining kompleks tizimlari va shahar infratuzilmasining boshqa elementlari kiradi. Misol uchun, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (BMT NJQKB) tomonidan o'tkazilgan so'nggi tadqiqot shuni ko'rsatdiki — ko'chalar, parklar va shahar transportida yoritgichlarni samarali o'rnatish jinsiy ta'qib va tajovuz xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Potensial tajovuzkorlarni ko'rishni osonlashtirish orqali yaxshi yoritgichlar jinoyatchilikning oldini olish va ayollar shahar bo'ylab harakatlanayotganda o'zini xavfsizroq va ishonchliroq his qilishiga hissa qo'shishi mumkin. Tadqiqotda shuningdek, yoritish tizimlari samarali bo'lishi va ayollarning ehtiyojlariga mos kelishini ta'minlash uchun ularni loyihalasida ayollar ishtirok etishi lozimligi ta'kidlangan. Bundan tashqari, agar ayol xavf ostida bo'lsa yoki o'zini xavf ostida deb his qilsa, do'stlari yoki rasmiy idoralarni ogohlantirish uchun foydalanish mumkin bo'lgan ko'plab mobil ilovalar mavjud . Bunday ilovalar, shuningdek, xavfsiz yo'nalishlar va uzoqroq yurish kerak bo'lgan joylar to'g'risida ma'lumot berishi mumkin. Shuningdek, jamoat transporti uchun ilovalar ham ayollarga o'z safarini rejalashtirish va potensial xavfli hududlarda ko'p qolib ketmaslik uchun jamoat transporti jadvali va yo'nalishlari to'g'risida real vaqt rejimida ma'lumot berishi mumkin. Texnologiyalarning imkoniyat va salohiyatidan foydalanish barobarida, bunday tizimlar ayollar xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi bo'lishi lozimligi va mazkur yondashuv uchun samarali va qulay siyosiy asoslar mavjud bo'lishi , ta'qib uchun jinoiy javobgarlikka tortish to'g'risidagi qonunning samarali ijrosini ta'minlash hamda ayollarga nisbatan zo'ravonlikka turtki beradigan asosiy ijtimoiy va madaniy omillarni bartaraf etish uchun jamiyatdagi qarashlar va xulq-atvorni o'zgartirish muhim. O'zbekiston hukumati bu yo'nalishda muhim qadamlar qo'ymoqda va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi o'z tomonidan dasturlariga gender jihatlar hisobga olingan shaharsozlikni kiritish, ilg'or xalqaro tajribalar bilan o'rtoqlashish, innovatsiyalarni sinovdan o'tkazish va keng doiradagi manfaatdor tomonlarning muloqotiga ko'maklashish orqali O'zbekiston hukumatini qo'llab-quvvatlashga tayyor. Ishonchim komilki, mustahkam hamkorlik aloqalari, o'z ishiga sadoqat rahbarlik va umumiy qarashlar bilan O'zbekistonda hech bir ayolni va umuman hech kimni ortda qoldirmagan holda barcha uchun adolatli, inklyuziv va farovon jamiyatni barpo etamiz.
columnist
Muallifdan: Balki bu maqola "Gazeta.uz" o'quvchilarining ko'pchiligi uchun qiziq bo'lmas. Biroq, buxgalterlar, moliyaviy menejerlar va soliq organlari xodimlariga fikr yuritish va tanqidiy baho berish uchun asos bo'lishi mumkin. Soliq ma'murchiligi tartib-taomillarida, mening nazarimda, ayrim muammolar, xususan, QQS bo'yicha ortiqcha to'lovlarni qoplash bilan bog'liq muammo hanuzgacha saqlanib qolmoqda. Men kichik korxonamizning alohida misolidan foydalangan holda, QQSni qoplash bo'yicha amaldagi vaziyatni to'laligicha umumiy muammo sifatida ko'rib chiqishga harakat qilaman. Ehtimol, bunday muammo boshqa korxonalarda ham mavjuddir. Kompaniyamiz 2021 (!) yilgi hisobotidan kelib chiqadigan manfiy QQS summasini qaytarish talabi bilan soliq organlariga murojaat qilganiga qariyb bir yil bo'ldi. QQSning ortiqcha to'langan summasini qaytarish O'zbekiston Soliq kodeksining 272-moddasi (3-qism) va 274-moddasi (2- va 3-qismlari)da nazarda tutilgan. 2022-yil iyun oyidan beri shaxsiy kabinet orqali shahar soliq boshqarmasiga (SHSB) manfiy QQS summasini qaytarish masalasida ariza topshiramiz. Va mana, bir yil vaqt o'tdi. Yozishmalar sust, bir yil ichida oltita so'rov va oltita javob. Barcha javoblar manfiy QQS summasini qaytarishni rad etish mazmunida (nimagadir asoslar har safar yangilanadi). Nima ham derdik, rad javoblari ham bo'lib turadi. QQSni qaytarishni rad etish bevosita Soliq kodeksida va 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorining (VMQ) QQSni qaytarishning barcha shartlari va tartibini belgilab beruvchi 1-ilovasida nazarda tutilgan, ushbu ilovaning 25-bandida esa qaytarishni rad etish uchun 12 ta sabab batafsil va aniq-ravshan ko'rsatib o'tilgan. Rad etishning sabablaridan biri (tartibi bo'yicha 10-sabab) — bevosita kontragent yoki muayyan mahsulot / xizmatlar yetkazib berish zanjirida ishtirok etuvchi bizga noma'lum boshqa shaxslar tegishli QQSni budjetga to'lamaganliklari . SHSBning "rad etish" bo'yicha deyarli barcha xatlarida aynan shu sabab ko'rsatilgan. Bunday holda, soliq organlari "QQS uzilishi koeffitsiyenti" parametri bilan ishlaydi. Aynan shu parametr bo'yicha Soliq qo'mitasining risklarni tahlil qilish dasturi har bir korxonaning soliq "halolligi"ni baholaydi. Haqiqatda, risklarni tahlil qilish va "QQS uzilishini" izlashning avtomatlashtirilgan dasturi — bu ehtimoliy soliq huquqbuzarliklarini monitoring qilishning eng yaxshi vositasi. Soliq organlariga ehtimoliy soliqdan "bo'yin tovlovchilar"ni topishni osonlashtirish vositasi. Soliq organlari hamma soliq to'lovchilar ustidan umumiy, cheksiz ko'lamdagi , boshidan oxirigacha monitoring o'tkazish uchun behuda vaqt sarflamagan holda, soliq huquqbuzarliklarining eng ehtimoliy nuqtalari bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri ma'lumot olishlari mumkin. Biroq, bu vositadan amalda qanday foydalaniladi? "QQS uzilishi koeffitsiyenti" aslida qanday va nima maqsadda qo'llaniladi? Ushbu parametr har bir korxonaning kontragentlar reyestrida aks ettirilgan bo'lib, go'yoki bizni, soliq to'lovchilarni , ehtimoliy "vijdonsiz" yetkazib beruvchilardan (mening nazarimda, munozarali asos) xabardor qilish uchun . Va aynan shu parametrga muvofiq soliq organlari QQS bo'yicha ortiqcha to'lovlarni qaytarish to'g'risidagi arizalarni ko'rib chiqishda "QQSni hisob-kitobi" hisobotini tuzatishni buyuradilar . Xo'sh, bu raqamlar qay darajada aniq va qonuniy asosga ega? Keling, bu borada o'z fikrimni bayon qilaman. Bundan tashqari, quyida: Ushbu parametr muomalaga kiritilganidan (2021-yil 22-dekabrdan) bir yarim yil vaqt o'tdiyu, uning mohiyatiga oid savollar nafaqat barham topmadi, balki yanada ko'paydi (eng kamida, men uchun). Bundan keyin matnda soddalashtirish uchun qisqa "koeffitsiyent" atamasidan foydalanaman. Nimani ko'rib turibmiz? Birinchidan, uning maqomi to'g'risida hali ham biror me'yoriy hujjat mavjud emas . To'g'ri, "koeffitsiyent" allaqachon bir nechta me'yoriy hujjatlarda tilga olingan , biroq uning qonuniy ahamiyatga ega bo'lgan maqomi hali belgilanmagan. Va bu "koeffitsiyent" istisno tariqasida faqat QQSga nisbatan qo'llanilayotgani sababli, uning ta'rifi Soliq kodeksining 4-bobida (Asosiy tushunchalar) mustahkamlangan bo'lishi lozim edi. Biroq, unday emas. Soliq qo'mitasining veb-saytida 2021-yil 23-dekabridan beri mavjud tushuntirish esa me'yoriy-huquqiy hujjat hisoblanmaydi . Ikkinchidan, 2020-yil 14-dekabrdagi 489-sonli VMQning hisob-faktura shakli belgilangan 2-ilovasiga haligacha qo'shimcha kiritilmagan . Hisob-faktura moliyaviy va soliq hisobotining asosiy hujjatlaridan biri hisoblanadi. Uning shakli yuqorida ko'rsatilgan 489-sonli VMQ 2-ilovasida belgilangan, bu esa umummajburiy me'yoriy akt ! Ushbu qarorning so'nggi tahririga muvofiq, hisob-fakturada "koeffitsiyent" ustuni mavjud emas . Biroq, bir yarim yil davomida ushbu ustun, mazkur hujjatning belgilangan shakliga zid ravishda , elektron hisob-fakturalarda (EHF) mavjud . Bu faqat menga g'alati tuyulyaptimi? Adliya vazirligi va Soliq qo'mitasiga-chi? Biroq, bu e'tirozlar — huquqiy rasmiyatchiliklar yuzasidan xolos, ularni bartaraf etish qiyin emas. "Koeffitsiyent"ning amaliyotda qo'llanilishi va uni qo'llash bilan bog'liq masalalar bundan ham muhimroq. 2021-yil 22-dekabrdan boshlab har bir soliq to'lovchining shaxsiy kabinetida barcha to'g'ridan-to'g'ri kontragentlarning "QQS uzilishi koeffitsiyenti" to'g'risidagi ma'lumotlarni aks ettiruvchi reyestr paydo bo'ldi. Soliq qo'mitasining yuqorida aytib o'tilgan 2021-yil 23-dekabrdan amal qilayotgan tushuntirishida (shuningdek, SHSBning QQSni qaytarish to'g'risidagi arizalarimizga yo'llagan barcha yozma javob xatlarida) soliq uzilishi (TaxGap) — bu soliq to'lovchi-xaridor tomonidan hisobga olingan, biroq go'yoki yetkazib beruvchi kontragentlar, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib berishning butun zanjiri bo'ylab ularning oldingi kontragentlari tomonidan budjetga to'lanmagan QQS summasi ekanligi ko'rsatilgan. Go'yoki kimdir tomonidan to'lanmagan mazkur QQS summasining nisbiy ulushi "koeffitsiyent" orqali aks ettiriladi. Soliq qo'mitasi "koeffitsiyent"ni belgilash Soliq kodeksining 15-moddasida nazarda tutilgan "lozim darajada ehtiyotkorlik" tartibida kontragentlarni baholash uchun faqat axborot ekanligini bir necha bor ma'lum qildi. Ehtimol shundaydir (garchi 15-modda matni mantiqan butunlay boshqa narsani — kontragentning bitim bo'yicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini baholashni nazarda tutadi). Shu bilan birga, shaxsan men bizga tovarlar / xizmatlar yetkazib beradigan tashqi bir korxona qay daража da intizomli soliq to'lovchi ekanligini bilish menga nima uchun kerakligini sira tushunolmayman. Balki, bu Soliq kodeksi soliqlarni to'liq va o'z vaqtida undirish majburiyatini yuklagan (Soliq kodeksining 27-moddasi) soliq organlarining o'zlarini qiziqtirishi kerakdir. Soliq qo'mitasi ham haqiqiy qarzdorlardan soliq qarzlarini majburiy undirishni ta'minlash uchun yetarli vakolat va vositalarga ega . Bundan kelib chiqadiki, amalda soliq to'lashdan bo'yin tovlovchilar mavjud bo'lmasligi kerak ! Biroq, "QQS uzilishi koeffitsiyenti" soliq to'lamaydiganlar borligidan dalolat bermoqda. G'alati… Keling, kontragentlar reyestrini diqqat bilan ko'rib chiqamiz. 2023-yil may oyining o'rtalariga qadar soliq to'lovchining shaxsiy kabinetida ushbu reyestr mana shu ko'rinishda edi (1-jadval). Jadval bizning korxonamiz misolida ko'rsatilgan (STIR va kontragent korxonalarning nomlari, albatta, yashirilgan, oxirgisidan tashqari — biroq barcha raqamlar haqiqiy). Reyestr aslida ancha katta, bu yerda esa namuna uchun uning faqatgina kichik bir qismi ko'rsatilgan: O'ng tarafda oxirgidan bitta oldingi "Tuzatish kiritish lozim bulgan hisobga (zachyot) olingan QQS miqdori" ustuni kishida qiziqish uyg'otadi. Ushbu ustunda QQS tarkibiga kiruvchi jami summaning "uzilish koeffitsiyenti"ga mutanosib bo'lgan qismi ko'rsatilgan. Korxona ortiqcha to'langan QQS summasini qaytarish uchun ariza berganida, soliq organlari aynan shu qismni QQSni hisoblashdan chiqarib tashlashni buyuradi. Ayni paytda, "koeffitsiyent"ni qo'llashda g'ayrioddiy va mantiqsiz uslubiy qarama-qarshilik ko'zga tashlanadi. Aynan: — "QQS hisob-kitobi" oylik hisoboti kiruvchi va chiquvchi EHF reyestrlarida ko'rsatilgan QQS summalari bo'yicha shakllantiriladi. Bunday holda, kiritilgan QQS summalariga hech qanday tuzatish kiritilmaydi . Va bu to'g'ri! Soliq qo'mitasi "koeffitsiyent" faqat axborot parametri ekanligini bir necha bor ta'kidladi. — biroq, agar hisobotda QQS summasi manfiy bo'lsa , bu summa qoplab berilishi kerakligini anglatadi (Soliq kodeksining 272-moddasi 3-qismi va 274-moddasi 2-qismiga muvofiq), bu holda Soliq qo'mitasi nimagadir "qoplash uchun" hisoblangan summani "koeffitsiyent"dan foydalangan holda tuzatish kerak, deb hisoblamoqda. Bu ikki holat o'rtasidagi qanday farq bor? Hech qanday farq yo'q. QQSni hisoblash metodologiyasi yagona va deyarli avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Biroq, agar ikkinchi holatda Soliq qo'mitasi "koeffitsiyent"dan foydalanishni asosli deb hisoblasa, keling, ushbu metodologiyani umumiy holatda ham qo'llaylik. Nimaga yo'q? Bu deyarli barcha soliq to'lovchilar uchun QQS "zachyot" summasining pasayishiga va shunga mos ravishda budjetga QQS to'lovlarining oshishiga olib keladi. To'g'ri, ayni paytda buning boshqa bir oqibati ham ehtimoldan holi emas — aksariyat soliq to'lovchilarning ommaviy mojaroga aylanib ketishi mumkin bo'lgan noroziligi. Hozircha esa bor-yo'g'i soliqlar orasida eng muhimi — QQSni hisoblashda yaqqol uslubiy "ikki yoqlama mulohaza"ga egamiz. Bu "ikki yoqlama standartlar" deb ataladi. QQS summasini hisoblashning yakuniy natijasiga qarab (salbiy yoki ijobiy), turli xil hisoblash usuli qo'llanilmoqda ("koeffitsiyent" uchun tuzatilgan yoki tuzatishsiz). Aytishga jur'at etamanki, bu juda "original" va, shubhasiz, munozarali yondashuv. Lekin bu hali hammasi emas! Har oyda har bir korxonaning "koeffitsiyenti" yangi kontragentlar paydo bo'lishi, shuningdek, eski kontragentlarning "koeffitsiyentlari" o'zgarishiga qarab o'zgarib turadi , hatto ular bilan uzoq vaqt davomida yangi tijoriy aloqalar amalga oshirilmagan taqdirda ham . Shunga ko'ra, kontragentlarning "koeffitsiyentlari" o'zgargandan so'ng, qoplash uchun hisobga olinmagan (QQSni qaytarish uchun ariza berishda) QQS summasi ham har oy o'zgaradi. Takror aytaman, hatto ayrim kontragentlar bilan uzoq vaqt davomida yangi tijoriy aloqalar mavjud bo'lmagan taqdirda ham , ular bilan operatsiyalar va to'lovlar oldingi davrlarda amalga oshirilgan bo'lsa ham. Tasavvur hosil qilish maqsadida quyida so'nggi uch oy uchun ayrim kontragentlarimizning "koeffitsiyentlari" aks ettirilgan taqqoslama 2-jadval keltirilgan. Men atayin faqat uzoq vaqt davomida tijoriy aloqalarga ega bo'lmagan va oldingi bitimlar soni (EHF) minimal — bittadan to'rttagacha bo'lgan kontragentlarni tanlab oldim. 2-jadvaldan ko'rinib turibdiki, oydan oyga barcha kontragentlar uchun "koeffitsiyent" kamida kichik miqdorga bo'lsa-da o'zgaradi . 8-qatordagi "koeffitsiyent"lar o'zgarishi esa, umuman olganda, noldan birgacha. Va bu bor-yo'g'i uch oy ichida. "Koeffitsiyent" bilan birgalikda korxonamiz uchun QQS chegirmalari (manfiy QQS summasining qaytarishga tavsiya etilmagan qismi) miqdori ham mos ravishda o'zgaradi , oxirgi bitim uzoq vaqt, bir necha oylar oldin amalga oshirilgan kontragentlar bo'yicha QQS chegirmalari miqdori o'zgaradi. Shunday qilib, faoliyatning o'tgan davri uchun qaytarilishi lozim bo'lgan QQS summasi (matnning boshida biz 2021-yil uchun ortiqcha to'langan QQSni qaytarishga harakat qilayotganimizni aytib o'tgan edim) tushunarsiz tarzda qaytarish bo'yicha ariza topshirilgan oyga bog'liq. Bu bugun bitta summa, bir oydan keyin esa boshqa summa bo'ladi. Chunki belgilangan QQS chegirmalari miqdori kontragentlarning o'zgaruvchan "koeffitsiyenti"ga mos ravishda har oy o'zgarib turadi. Garchi ular bilan tuzilgan bitimlar bir yildan ko'proq vaqt oldin yakunlangan va biz tomonimizdan (QQS miqdorini hisobga olgan holda) to'langan bo'lsa ham. Va QQS chegirmalarining tegishli summalari sezilarsiz o'zgargandek tuyulishi ham ahamiyatga ega emas. Muammo aynan hisoblash tamoyilida. Pul va soliqlar hisob-kitoblarda mutlaq aniqlik va bir xillikni hamda mutlaqo aniq huquqiy asoslashni talab qiladi. Lekin ["koeffisiyent" bilan] unday emas! Bunday noaniq va vaqt o'tishi bilan o'zgarib turuvchi parametr — "koeffitsiyent" — bir yarim yildirki, "aybsiz" korxonalarning soliq hisobotini so'zsiz qayta hisoblash uchun asos sifatida faol foydalanilmoqda. Joriy yilning boshidan Kontragentlar reyestrida yana bir ustun paydo bo'ldi — "Soliq qarzi" (1-jadvalga qarang — o'ngdan oxirgi ustun). Ushbu ustunda har bir kontragent korxonaning haqiqiy soliq qarzi miqdori ko'rsatilgan. Va ko'rinib turibdiki, kontragentlarimizning aksariyatida joriy soliq qarzi mavjud emas . Ya'ni, soliq qarzining mavjudligini nazarda tutadigan "koeffitsiyent" mavjud (u nolga teng emas), qarzning o'zi esa yo'q . Va bu ma'lumot Soliq qo'mitasining o'zidan olingan bo'lib, kontragentlar reyestrining bitta yig'ma jadvaliga joylashtirilgan. "Koeffitsiyent" ishonchliligining munozarali ekaniga va Soliq qo'mitasi soliq tahlilining umumiy metodologiyasiga yakuniy munosabat. Misol tasodifiy, kutilmagan, shunga qaramay, juda aniq-ravshan. Kompaniyamiz (shuningdek, boshqa ko'plab korxonalar)ning kontragentlari orasida hurmatli va juda kerakli kontragent mavjud — SOLIQ SERVIS DUK (ko'plab korxonalar ushbu juda qulay EHF operatoridan foydalanadi). Va bizning kontragentlarimiz reyestridan olingan ma'lumotlarga ko'ra, eng katta soliq qarzi (barcha kontragentlarimiz bo'yicha qarz miqdorining 94 foizi)… faqatgina SOLIQ SERVIS DUKga tegishli. Shu bilan birga, ushbu korxonaning "uzilish koeffitsiyenti" — nolga teng! (1-jadvalning oxirgi qatoriga qarang). Uning 2023-yil iyul oyidagi umumiy soliq qarzi qariyb yarim milliard so'mni tashkil etganini Soliq qo'mitasining o'z portalidagi ochiq ma'lumotlar ham tasdiqlaydi. Mana nol koeffitsiyent, mana uning qay darajada ishonchliligi… Shunday qilib, yuqorida nolga teng bo'lmagan koeffitsiyentga ega bo'lgan ko'pchilik kontragentlarning soliq qarzlari mavjud emasligi ko'rsatilgan. Va aksincha, nol koeffitsiyentga ega bo'lgan ayrim kontragentlar esa shunday ko'rinishdagi soliq qarziga ega. Tushuntirib bo'lmaydigan qarama-qarshilik. Men bu vaziyatda biror bir tayinli mantiq topa olmadim. Biroq, juda aniq va boshqa dalillarni talab qilmaydigan bir narsa bor: Soliq qo'mitasining soliq tahlili metodologiyasida va uning dasturiy mahsulotlar algoritmida nimadir noto'g'ri . Va buning ustiga soliq organlari tomonidan korxonalarning standart soliq hisobotlarini yaqqol shubhali "uzilish koeffitsiyenti" asosida tuzatish to'g'risidagi qat'iy talabi mutlaqo asossiz bo'lib chiqadi. Soliq qo'mitasining ko'p sonli tushuntirishlariga qaraganda, "koeffitsiyent"ning nolga teng bo'lmagan ko'rsatkichi ushbu korxonalarning o'zlari yoki ularning oldingi tovarlar (xizmatlar) yetkazib beruvchi kontragentlari tomonidan budjetga to'lanmagan QQS summasi mavjudligini bildiradi. Biz bu tushuntirishni qabul qilamiz. Va "koeffitsiyenti" nolga teng bo'lmagan kontragentlarimizga soliq qarzdorligi mavjud kontragent sifatida qaraymiz ("koeffitsiyent"ning yuqorida keltirilgan ta'rifiga ko'ra). Biroq, 2-qismda guvohi bo'lganingizdek , "koeffitsiyenti" nolga teng bo'lmagan ko'plab korxonalarda soliq qarzdorligi mavjud emas (eng kamida, bizning korxonamizning kontragentlari orasida aynan shunday). Ularning o'zlarining soliq qarzlari yo'q . Tasavvur qiling, soliq qarzdorligi ulardan oldingi yetkazib beruvchi kontragentlarida mavjud. Soliq qo'mitasining tushuntirishlarida mazkur nyuans ham nazarda tutilgan. Ta'minot zanjiridagi bu "uzoq" kontragentlarning qarzdorligi mavjud yoki yo'qligini esa men tekshira olmayman, men ularni bilmayman va ko'rmayman (va mening faoliyatimga mutlaqo tashqaridagi korxonalarning qarzlarini ko'rishni ham istamayman). Va yuqorida — avvalgi qismda men aytib o'tgan qarama-qarshilik shu bilan barham topgandek. Mana sizga izoh — qarzlar to'g'ridan-to'g'ri kontragentdan emas, balki uning bizga noma'lum bo'lgan oldingi yetkazib beruvchilaridan. Shuning uchun "koeffitsiyent" nolga teng emas. Biroq, yo'q, qarama-qarshilik barham topmagan va rad etilmagan ko'rinadi. Aksincha, yangi savollar tug'iladi. 2-jadvalga qaytsak, undan yana bir muhim fakt kelib chiqadi. Yuqorida aytib o'tilganidek, 2-jadvalda men atayin kam sonli EHFga ega bo'lgan kontragentlarni yig'dim va, eng asosiysi, tijoriy aloqalar uzoq vaqt oldin to'xtatilgan kontragentlarni tanlab oldim. Ushbu jadvalga "oxirgi EHF sanasi" ustunini qo'shdim (o'ng tomondan oxirida), bu yerda kontragentlar bilan oxirgi bitimlar qachon amalga oshirilganligi ko'rsatilgan — olti oydan ikki yilgacha bo'lgan vaqt oldin. Ushbu kontragentlar bilan uzoq vaqt oldingi tijoriy munosabatlarimizga qaramay, men ularning joriy holatini atayin tekshirib ko'rdim — 2-jadvalda ko'rsatilgan, bugungi kunda — 2023-yil iyun holatiga ko'ra "koeffitsiyent"ning yuqori ko'rsatkichlariga ega bo'lgan, barcha "uzoq vaqt oldingi" kontragentlarimiz "faol" maqomiga ega (Soliq qo'mitasi veb-saytidan olingan ma'lumot). Ya'ni, bir-ikki yil oldin , ushbu korxonalardan biror narsa sotib olgan paytimizda, ehtimol, ularning soliq qarzi haqiqatda bo'lgandir (bu ularning o'sha paytdagi nolga teng bo'lmagan "koeffitsiyenti"da aks etgan). Va shuning uchun biz tomonimizdan to'langan QQSning bir qismi hisobga olinmagan bo'lishi mumkin . Mayli, shunday ham deylik (aslida bunday bo'lmasa ham). Biroq, joriy davr uchun, olti oy yoki bir yoki ikki yil o'tgach , ushbu kontragentlar bo'yicha QQS chegirmalarining summalari hali ham reyestrda qolmoqda. Bundan keli chiqadiki, o'tgan bir-ikki yil ichida hech narsa o'zgarmagan va bu qarzdorlik ulardan hanuzgacha undirilmaganmi ? Nega ? Nahotki korxona shu qadar uzoq davrdagi eskirgan soliq qarzdorligi bilan ishlayverishi mumkin? Yoki bu korxonalar hali ham soliq to'lashdan ashaddiy bo'yin tovlovchilar safida ekanligicha qolmoqda va joriy davrda yuzaga kelgan "yangi" soliq qarzlariga egami? Ehtimol shundaydir. Biroq, ularning joriy davrdagi soliq qarzining biz bir-ikki yil avval ularga qilgan to'lovimizga hech qanday aloqasi yo'q. Nahotki shunday uzoq vaqt ichida soliq organlari soliq qarzlarini — agar ular mavjud bo'lgan taqdirda, korxonamizning to'g'ridan-to'g'ri kontragentlaridan ham, ularning tovarlar va xizmatlarning uzun yetkazib berish zanjiridagi bizga noma'lum oldingi kontragentlaridan ham — talab qilmagan bo'lsa. Bu vaziyatda faqat ikkita versiyadagi izoh mavjud: Allaqachon (oylar, bir yil yoki undan ko'proq vaqt oldin) yopilgan hisobot davrlaridagi bitimlar bo'yicha kontragentlar tomonidan to'lanmagan QQS miqdori mavjudligini boshqa hech narsa bilan izohlab bo'lmaydi, garchi bu o'tgan davr mobaynida kontragentlar o'zlarining tijorat faoliyatini davom ettirayotgan va har oyda joriy soliq hisobotlarini taqdim etib kelayotgan bo'lsa ham. Bu bizning kichik korxonamiz Kontragentlarining odatiy reyestrini ko'rib chiqishdan kelib chiqqan mening xulosalarim va taxminlarim. O'ylaymanki, bu yerda keltirilgan muammolar va shubhalar faqatgina meni tashvishga solmaydi. Soliq organlaridan iltimos qilardim: "aybsiz" korxonalardan boshqalarning qarzini ushlab qolishga to'g'ri kelmasligi uchun, ayrim sabablarga ko'ra tegishli soliqlarni to'lamayotganlarga ularni to'liq to'lashlarida "yordam bering". Bu yerda aytilganlarning barchasi menda mavjud bo'lgan ochiq ma'lumotlarga asoslangan. To'liq tan olamanki, kichik korxona rahbari lavozimidan hamma narsa birdek ko'rinmaydi. Shuning uchun bu yerda keltirilgan ayrim xulosalar va bayonotlarning hammasi ham to'g'ri bo'lmasligi mumkin. Va agar shunday bo'lgan taqdirda, bundan ko'ra ishonchliroq fikrni bilishni va to'liqroq ma'lumot olishni, agar mantiqiy xulosalarimda xatolik bo'lsa, o'sha xato nimada ekanligini bilishni istardim. Nazarimda, buni bilish shunga o'xshash muammoga duch kelgan har bir kishi uchun qiziq . Vladimir Srapionov — Toshkentdagi korxonalardan birining direktori. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Muallifning eslatmasi: Oldingi " Boshqalarning qarzlari yuki " ruknida ko'tarilgan QQSni qaytarish bo'yicha bahslarni davom ettirish uchun yana bir nechta savollar. Shunga qaramay, kichik korxonamizning alohida misolidan foydalanib, bu jarayonda umumiy muammolarni ko'rsatishga harakat qilaman. Ehtimol, boshqa korxonalar ham buni boshdan kechirayotgandir. Avvalgi kolonkada o'tgan yil davomida 2021-yil uchun qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha ortiqcha to'lovlarni qaytarish uchun bir necha bor murojaat qilganimiz va barcha arizalar rad etilganini aytib o'tgandim. Shahar soliq boshqarmasi (SHSB)ning barcha "rad etish" xatlarida "QQS uzilishi koeffitsiyenti" ga muvofiq qaytarib berish miqdorini to'g'rilash talabi (to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita) mavjud edi. Lekin nafaqat bu, balki boshqa nuanslar ham bor edi. Har safar yangi. Birinchi murojaatimizga javoban SHSB bizga (16.07.2022-yildagi 19/9−138140-son xat) talab qilingan QQSni qaytarishni Kontragentlar reyestrining " Tuzatish kiritish lozim bo'lgan hisobga (zachyot) olingan QQS miqdori " bandida ko'rsatilgan miqdorga kamaytirishni taklif qildi. Bu har bir kontragentning "QQS uzilishi koeffitsiyenti"ga to'liq proporsional miqdor. So'ralgan chegirma 2021-yilgi hisobotimizdagi umumiy salbiy QQSning taxminan 15 foizini tashkil etdi. Va biz buni amalga oshirdik — keyingi arizada biz ushbu so'ralgan chegirma bilan QQSni qaytarish miqdorini kamaytirdik. Va navbatdagi rad etish xatini ( 19.08.2022-yildagi 19/9−167248-sonli xat ) oldik, lekin boshqacha tahrirda — bu safar go'yoki bizning kontragentlarimizdan korxona tomonidan hisoblangan QQSning deyarli 100 foizi budjetga kelib tushmagan. Xuddi shu davr uchun! Vaholanki oldingi xatda bizga kontragentlardan tasdiqlanmagan QQS to'lovlari 15 foiz ekani ko'rsatilgan edi. Uchinchi rad etish xatida ( 09.06.2022-yildagi 19/9−185335-son ) esa bizga shunchaki rad etish sababi birinchi ariza berilgan sanadagi koeffitsiyentning yuqori qiymati bo'lgani aytildi ( haqiqatan ham o'sha davrda "koeffitsiyent" qiymati 0,4 ga teng edi ). 2021-yilda kontragentlarimizdan budjetga QQSning qancha ulushi tushmagani tushunarsiz — 15 foizimi, 40 foizimi (0,4 qiymatli "koeffitsiyent"ga muvofiq bo'lishi kerak) yoki qariyb 100 foizi (№ 19/9−167248 sonli xatda ko'rsatilganidek). 2023-yilda esa korxonamizning koeffitsiyent qiymati 0,1, ammo natija o'sha-o'sha — rad, rad… Endi esa kelgusida rad etish uchun sabab topilgandek, go'yo bizga so'ralgan hujjatlarni taqdim etmaslik to'g'risidagi "yangilik" paydo bo'ldi, vaholanki barcha hujjatlar o'z vaqtida topshirilgan va buni shaxsiy kabinetda ham ko'rish mumkin . QQSni qaytarishni rad etish sabablari hukumatning 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli qaroriga 1-ilovaning 25-bandida keltirilgan. Unda rad etish uchun 12 ta asos keltirilgan. Va bu 12 ta asosda qanchadir miqdordagi "koeffitsiyent" ko'rsatkichining o'zi QQSni qaytarishni to'liq rad etish uchun asos ekanligi haqida hech narsa aytilmagan . Biroq, SHSBning 19/9−185335-sonli xatida aynan shunday yozilgan. Buni qanday tushunish mumkin? Shu bilan birga, xuddi shu normativ hujjatlar qisman rad etishga imkon beradi. QQSni qaytarishning so'ralgan summasini qisman rad etish imkoniyati to'g'ridan-to'g'ri 489-sonli VMQ 1-ilovasining 22, 23, 25, 27 va 29-bandlarida ko'rsatilgan. Soliq kodeksining 138-moddasi 23-qismida tom ma'noda quyidagilar belgilangan: "Qo'shilgan qiymat solig'i summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko'ra soliq organlari ushbu summani qoplash to'g'risidagi qaror yoxud ularni qoplashni rad etish ( to'liq yoki qisman ) to'g'risidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi". Qisman rad qilish bir vaqtning o'zida so'ralgan miqdorni qisman qaytarish imkoniyatini anglatadi! Aynan shuning uchun QQS bo'yicha ortiqcha to'lovlarni qoplash to'g'risidagi arizalarni ko'rib chiqishda — QQS hisobotlarining asosliligi va to'g'riligini tekshirish uchun kameral tekshiruvi tayinlanadi. Biror narsani tasdiqlash va, ehtimol, biror narsani rad etish (bunday tekshirish majburiyati Soliq kodeksining 138-moddasi 22-qismida belgilangan) uchun. Shunday qilib, QQSni qaytarish tartibi juda sodda, aniq va to'liq yozilgan: 1. Hisobot davri oxirida QQS summasi manfiy bo'lsa, soliq to'lovchi ortiqcha to'lovni qoplash uchun ariza berishga haqli (Soliq kodeksining 272-moddasi 3-qismi). 2. Soliq to'lovchi pul mablag'larini qaytarish to'g'risida ariza bilan murojaat qilganda soliq organlari soliq to'lovchining hisobotini kameral tekshirishdan o'tkazadi (Soliq kodeksining 138-moddasi 22-qismi). 3. Bunday tekshirish natijasida zararni qoplash yoki qoplashni rad etish to'g'risida qaror qabul qilinadi. Bunday holda, rad etish to'liq yoki qisman bo'lishi mumkin (Soliq kodeksining 138-moddasi 23-qismi). Kompensatsiya ham to'liq, ham qisman bo'lishi mumkin (Soliq kodeksining 274-moddasi 3-qismi). 4. Rad etishning ehtimoliy sabablari 489-sonli VMQ 1-ilovasining 25-bandida ko'rsatilgan. 5. "Qisman rad etish" nimani anglatadi? Qolgan qismida (rad etilmagan) QQS miqdorini hisoblash to'g'ri deb tan olingan va bu summa qaytarilishi kerak ! Yoki "qisman rad etish" so'zlari ma'nosining boshqa talqini ham bormi? Buning ustiga Soliq kodeksining 274-moddasi 3-qismi hech qanday semantik izohlarsiz to'g'ridan-to'g'ri aniq qilib qisman qoplab berish qilish imkoniyatini belgilaydi. Lekin ba'zi sabablarga ko'ra amalda soliq organlari Soliq kodeksida belgilangan qisman qoplab berish imkoniyatini o'jarlik bilan qo'llamaydi va har qanday sababga ko'ra pulni qaytarish uchun arizalarni to'liq rad etadilar. Nega bunday? Darvoqe, 138-moddaning yuqorida qayd etilgan 22-qismida "Qo'shilgan qiymat solig'i summasi o'rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko'ra soliq hisobotiga o'zgartishlar kiritish haqidagi talabnoma yozib berilmaydi", deb yozib qo'yilgan. Vaziyatni tushunyapsizmi? Soliq kodeksida (!) QQSni hisoblashni tuzatish talabi berilmagani ko'rsatilgan. Ammo QQSni qaytarish bo'yicha so'rovlarimizga SHSBning qariyb har bir javobida tuzatish kiritish talabi beriladi ( bu faqat menga g'alati tuyuladimi ?). QQS miqdorini hisoblashga tuzatish kiritish to'g'risidagi topshiriqdan so'ng, to'lovni qaytarish uchun (belgilangan tuzatishni hisobga olgan holda) yana ariza berish talab qilinadi va mos ravishda yana kameral tekshiruv tayinlanadi hamda bunday arizalarni ko'rib chiqish muddati (60 kungacha) yana hisoblab chiqiladi. Ammo shu bilan birga, keyingi rad etish uchun dalillar allaqachon boshqacha bo'lishi mumkin (bizning korxonamizda rad etish uchun dalillar har doim o'zgargan). Shunday qilib, bir yil o'tdi. Ammo bu qoidalar bilan belgilanadimi? Yo'q. Mana nimalar yozilgan: agar soliq organi qaytarish so'ralgan miqdorning bir qismini asossiz deb hisoblasa, o'sha qism rad etiladi. Biroq qolgan qismi bo'yicha ( asoslangan ) qisman tovon to'lash to'g'risida qaror albatta qabul qilinishi kerak . Soliq kodeksida ( 274-moddaning 3-qismida ) shunday yozilgan . 489-sonli VMQ 1-ilovasi 28-bandining oxirgi xatboshida esa so'zma-so'z shunday yozilgan: "Arizani qayta ko'rib chiqishda soliq summasini qaytarishni avvalgi rad etish to'g'risidagi qarorda ko'rsatilmagan yangi asoslar bilan rad etishga yo'l qo'yilmaydi ". Bizning holatlarimizda, har bir keyingi SHSB javobida aynan shunday bo'ladi. Oddiy savol tug'iladi: normativ hujjatlar nima uchun mavjud ? Agar ular bajarilmasa. Buning ustiga soliq ma'muriyatchiligiga oid har qanday normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida Davlat soliq qo'mitasining o'zi tashabbus va bevosita ishtirokida amalga oshirilsa. O'zimizni tayyorlaymizu o'zimiz ijro etmaymizmi? Xulosa qilib aytganda, yana bir bor yuqorida aytib o'tilgan me'yoriy hujjatlarning mazmunini to'g'ri tushunmaganimni taxmin qilaman. Tan olaman, u yerda yozilganlar men harflar va so'zlardan ko'ra boshqacha ma'noga ega. Tan olaman, u yerda nima yozilganini noto'g'ri tushunaman va soliq organlari to'g'ri tushunishadi (bu SHSBning korxonamizga yuborilgan javob xatlari matnlarida aks ettirilgan) Shunda men bu yerda aytgan hayratim ahmoqlik va xatomi? P. S. 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli VMQ 1-ilovasi 25-bandi haqida alohida. Unda QQSni qaytarishni rad etishning 12 sababi keltirilgan. Ushbu hujjatning asl nusxasida rad etish uchun atigi 6 ta sabab bor, qolganlari esa 2021-yilda qo'shilgan. Vladimir Srapionov — Toshkentdagi korxonalardan birining direktori. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili sifatidagi missiyam nihoyasiga yetar ekan, O'zbekistondagi faoliyatimizning 30 yilligini nishonlayotgan sanada o'tgan yillar davomida boshdan kechirgan ajoyib taasurotlarim haqida "Gazeta.uz"dagi so'nggi ruknimda qisqacha to'xtalib o'taman. O'zbekiston erishayotgan ulkan yutuqlarga guvoh bo'lish va mamlakat taraqqiyoti kun tartibiga hissa qo'shish men uchun sharafdir. Birgalikda erishgan ba'zi muhim yutuqlarimiz bilan o'rtoqlashishga ruxsat bergaysiz. O'zbekistonda Inson taraqqiyoti indeksining doimiy o'sishi kuzatilmoqda. Yigirma yil davomida mamlakatda inson taraqqiyoti ko'rsatkichlari 20 foizga ko'tarilgani ta'lim, sog'liqni saqlash va ijtimoiy integratsiyaga yo'naltirilgan jamoaviy sa'y-harakatlardan dalolatdir. Global miqyosda dunyo mavhumlik inqiroziga duch kelmoqda. Bu ko'pchilik uchun qiyin davr; ular bizning, hatto o'zimiz tasavvur ham qila olmaydigan tarzda o'zgarib ketishimizga olib kelishi mumkin. Shunga qaramay, umid uchun joy bor, chunki ijobiy misollar ko'p va O'zbekiston bu umidning muhim qismidir. O'zgarishlar jarayonini bosib o'tayotgan O'zbekiston barqaror rivojlanish sohasida salmoqli yutuqlarga erishdi. O'tgan yillar davomida biz mamlakatning 2030-yilgacha bo'lgan kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) sodiqligini, shuningdek, taraqqiyotni monitoring qilishning mustahkam tizimlarini ko'rdik. Foto: BMTTD O'zbekistonning iqlim o'zgarishiga qarshi kurashga sodiqligi uning milliy miqyosda belgilanadigan hissalari, barqaror energetikaga o'tish borasidagi intilishlari va Orol dengizi mintaqasida hamda undan tashqarida o'rmonsizlanish muammosini hal qilishga qaratilgan tashabbuslarida namoyon bo'ldi. O'zbekiston Orol dengizi mintaqasini texnologik innovatsiyalar zonasiga aylantirish kabi mintaqaviy hamkorlik va muhim global tashabbuslarni faol ravishda ilgari surmoqda. Bizning birgalikda olib borgan targ'ibotimiz va amalga oshirgan ishlarimiz O'zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarining atigi olti yil ichida 4,6 foizdan 14,8 foizgacha o'sishiga olib keldi. Iqlim o'zgarishi sharoitida bu yutuq katta ahamiyatga ega. Yaqinda yangi Konstitutsiyaga atrof- muhitga oid huquq kiritilishi va yangi vazirlikning tashkil etilishi, shubhasiz, O'zbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida atrof-muhit hamda iqlim o'zgarishining oldini olish sohalarida tezkor choralar ko'rish uchun turtki bo'lish barobarida, yangi umidlarni paydo qildi. "Yashil makon", "Orolbo'yi bo'yicha kompleks yo'l xaritasi" kabi tashabbuslarni hayotga tizimli tatbiq etish yechimlarning muhim qismiga aylanadi. Foto: BMTTD Gender tengligiga sodiqlik ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni qo'llab-quvvatlash hamda O'zbekistonda barqaror va adolatli o'sishga ko'maklashishda muhim rol o'ynadi. Yillar davomida biz gender tengligini targ'ib qilish uchun qabul qilingan va joriy etilgan ko'plab qonunlar, davlat aralashuvi va institutlarini ko'rdik. Endigi vazifa ularni birgalikda ishlashga majbur qilishdir, bu esa O'zbekistonda ayollarning faoliyat yuritishi, o'sishi va gullab-yashnashiga imkon beruvchi kuchli hamda samarali siyosat, qonunlar va institutlarga ega bo'lishini ta'minlash uchun ko'proq ishlash kerakligini anglatadi. Masalan, so'nggi paytlarda bolalar va ayollarga nisbatan zo'ravonlikni jinoiylashtirish bo'yicha yutuqlarga erishilgan bo'lsa-da, bu mavzuga ko'proq e'tibor qaratish lozim, chunki muammoni to'liq hal etish vazifalari hali bajarilmagan. Gender tengsizligi va ayollarga nisbatan zo'ravonlikning davom etishiga asos beruvchi munosabat hamda madaniy me'yorlarga doimo qarshi turish kerak. Gender asosidagi zo'ravonligini boshdan kechirganlar uchun odil sudlov, tegishli ko'mak xizmatlari va resurslardan foydalanish javob choralarining bir qismi bo'lishi kerak. So'nggi bir necha yil ichida O'zbekiston ulkan o'zgarishlar dasturini qo'llab-quvvatlash maqsadida o'zining davlat va xususiy moliyasini rivojlanish maqsadlariga yo'naltirdi. Masalan, O'zbekiston BRM suveren obligatsiyalarini chiqarish bo'yicha dunyoda ikkinchi, mintaqada birinchi davlat bo'ldi, bu esa BRMga erishish yo'lidagi ilg'or qadamdir. O'zbekistonda hamjihatlik asosida budjetlashtirishning joriy etilishi va butun mamlakat bo'ylab tarqalishi fuqarolarga qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini mustahkamlash imkonini berdi. Biroq davlat va xususiy moliyani rivojlanish maqsadlariga moslashtirish uchun ko'p ish qilish mumkin. Misol uchun, aralash moliya mexanizmlari orqali bir vaqtning o'zida gender va yashil investitsiyalarni rag'batlantiradigan yechimlar juda foydali bo'ladi va bunday yechimlar ishlab chiqilmoqda. Foto: BMTTD Ijobiy yutuqlar haqida gapirar ekanmiz, agar ijtimoiy davlat va tabiat bilan muvozanatli iqtisodiy o'sish tushunchasiga erishish kerak bo'lsa, ko'p jihatlarni ko'rib chiqish mumkin va kerak. Sodiq yetakchilik, xalqaro standartlarga intilish, qobiliyatli inson kapitali, boy tabiat resurslari va ta'sirchan tarixiy merosning asosiy tarkibiy qismlari O'zbekistonning kelajakda gullab-yashnashi uchun zamindir. Mamlakat uning xalqi gullab-yashnagan taqdirdagina gullab-yashnashi mumkin va pirovardida hamma narsa xalqqa berilgan barcha ko'rinishlaridagi imkoniyatlarga bog'liqdir. Yangi ishlarga kirishar ekanman, o'zim bilan hamkorlikda erishgan yutuqlarimizga oid xotiralarni va birgalikda yaratadigan yanada taraqqiy etgan dunyoga bo'lgan so'nmas umidni olib ketaman. Bu mamlakatda to'rt yarim yildan ko'proq vaqt o'tkazdim, men O'zbekiston bilan chuqur bog'liqlikni his qilyapman; u abadiy mening qalbimda qoladi. Katta rahmat, O'zbekistonim. Muallif haqida: Matilda Dimovska BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili sifatida 2019-yilning mart oyida ish boshlagan. Ungacha esa BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari bo'yicha Istanbul mintaqaviy markazining mamlakatdagi vakolatxonasini qo'llab-quvvatlash guruhini boshqargan. U iqtisodiy siyosat va rivojlanish bo'yicha magistr darajasiga ega. Matilda Dimovskaning boshqa maqolalari haqida quyida havolalar mavjud.
columnist
Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, bolalikning dastlabki davridagi ta'lim va rivojlanish o'zaro tengsizliklarni bartaraf etishga va katta hayot davri farovon bo'lishi ehtimolini oshirishga yordam beradi. Biroq O'zbekistonning ko'plab chekka hududlarida oilalar uzoq yillar davomida maktabgacha ta'lim muassasalaridan foydalanish imkoniga ega bo'lmagan. YUNISEFning O'zbekistondagi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi boshlig'i Sitsi Singizi "Gazeta.uz"ga bergan kolonkasida Namangan viloyatining chekka qishloqlaridan birida ochilgan maktabgacha ta'lim muassasasi misolida ushbu muassasalardan teng foydalanishni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlar haqida so'z yuritgan. Qadimiy minoralar mamlakatida eng katta, eng baland va eng chiroyli minora qurish bo'yicha musobaqa bo'lyapti! Shabnam G'iyosova (6 yosh) Imona Mahmudjonova (6 yosh) bilan raqobatlashmoqda. Imona g'alaba qozonadiganga o'xshaydi. Shabnam (chapda) va Imona. Foto: YUNICYeF. Shabnam bundan xafa emas. U xotirjam, ehtiyotkor va ishini tugatishga shoshilayotgani yo'q. Shabnam qurilish bloklarini yaxshi ko'radi. Minorasini ishtiyoq bilan qurayotgani buning isbotidir. Shabnam o'ychan va zukko qiz. Uning eng yaqin dugonasi Ruxshona Salohitdinova (6 yosh) "Bo'g'irsoq" ertagida bosh rolni o'ynab, hammani maftun qilganida tulkiga aqlli bo'g'irsoqni "yeyish" kerakligini birgina u eslatadi. Shabnam aqli va zukkoligi bilan tengdoshlari orasida ajralib turadi. Har doim ham shunday emas edi. Bundan bir necha yil avval Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumanida joylashgan chekka "O'zbekiston"qishlog'ida maktabgacha ta'lim tashkiloti yo'q edi. Bu yerda ota-onalarning aksariyati dehqonchilik bilan shug'ullanadi. Shabnam uyda o'tkazgan uzoq kunlarini shunday eslaydi: "Men uyda shunchaki o'tirar edim. Bu juda zerikarli edi. Hozir men bog'chaga boraman, do'stlarim bilan o'ynayman, yozishni yaxshi ko'raman, bloklar bilan o'ynayman va men uchun Lego eng zo'r o'yin". Faqatgina Shabnam yemas, balki tengdoshlarining ko'pchiligi uchun ham ushbu markaz tashkil etilishidan avval maktabgacha ta'lim imkoniyatlari cheklangan edi. U muqobil bog'chaga ertalab keladigan 20 nafar tarbiyalanuvchilardan biri. Yana bir guruh, taxminan 20 ta bola, tushdan keyin keladi. Maktabgacha ta'lim tashkilotiga mahalliy kollejning bir qanotidan joy berildi. Men O'zbekistonda ko'rayotgan ko'pchilik bolalardan farqli o'laroq, bularning ko'pchiligida qimmatbaho kiyimlar yo'q. Qizil-sariq forma kimningdir bo'yiga to'g'ri kelmagan, lekin hamma uni g'urur bilan kiyadi. Bolalar o'z guruhida o'tkazgan vaqtidan — qo'g'irchoq teatri, sahna ko'rinishlari va musiqa mashg'ulotlaridan zavqlanadi. Foto: YUNISEF. Bunday muloqot bebahodir, u o'yin orqali bolalarning ongi rivojiga turtki beradi, O'zbekiston inson kapitali uchun mustahkam asos yaratadi. Bu oddiy lahzalar O'zbekiston ta'lim tizimi g'alabasining bir qismidir. Hayotning birinchi besh yili inson eng tez o'sadigan va rivojlanadigan davr ekanini, inson miyasi rivojlanishining 90 foizi besh yoshga to'lgunga qadar sodir bo'lishini e'tirof etgan holda, mamlakat bolaning erta yoshdagi rivojlanishiga muhim sarmoya kiritdi. Dalillar shuni ko'rsatadiki, ijtimoiy himoyaga eng ko'p muhtoj bo'lgan bolalar uchun bunday investitsiyalar kambag'allikni tugatishga, tengsizlikni bartaraf etishga va kelajakda mehnat samaradorligini oshirishga yordam beradi. Misli ko'rilmagan siyosiy iroda bo'lgani bois erta yoshdagi bolalar ta'limiga katta davlat resurslari ajratildi. 2018-yildan beri maktabgacha ta'lim sohasiga kiritilgan milliy investitsiyalar 3 barobar ko'paydi va ma'lum vaqtga kelib ta'lim uchun ajratilgan mablag' davlat budjetining 20 foizidan ortig'ini tashkil etdi. Bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yilda 30 foiz bo'lgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2022-yilda 69 foizdan oshdi. Bundan tashqari, muqobil modellar, jumladan, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari joriy etildi, natijada 2018-yildan beri 21 600 dan ortiq bunday tashkilotlar foydalanishga topshirildi. Qo'yilgan maqsadga erishish va maktabgacha ta'lim tashkilotiga qatnash borasidagi tengliksizlikni bartaraf etish uchun bolalarni erta yoshda rivojlantirishning muqobil markazlari barpo etildi. Ular ko'pincha maktabgacha ta'lim tashkilotlari bo'lmagan joylarda ochildi. Shabnam qatnaydigan markaz ham shulardan biri. Bunday xizmatlar kambag'al oilalar uchun ijtimoiy himoyaning muhim qismlaridan biridir. Dalillar shuni ko'rsatadiki, erta yoshdagi bolalar rivojlanishi va ta'limi tengsizlikni yengib o'tishga va kelgusi hayotda yuqori daromad olishga yordam beradi. Bu natija bermoqda. Shabnam kabi bolalar erta yoshda rivojlanish va ta'lim olish xizmatlaridan bepul foydalanishadi. Ular asosan maktabgacha ta'lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyati bo'lmagan oilalarning farzandlaridir. Bu kabi muqobil markazlarning ochilishi ijtimoiy ko'makka muhtoj oilalarning farzandlariga maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanish imkonini berdi, qamrov sezilarli darajada oshdi. Masalan, Shabnam boradigan markaz joylashgan Namangan viloyatida qamrov oldin 24 foizni tashkil etgan bo'lsa, hozir bu ko'rsatkich 70 foizga yetdi. Viloyatda bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlari bilan qamrab olishni yil oxirigacha 75 foizga yetkazish maqsad qilingan. Erta ta'limga sarmoyalar behuda ketmaydi. Ularning foydasi yuqori. Dalillar erta bolalik davrida ta'limga sarflangan har bir dollar 9 barobar ko'payib qaytishini ko'rsatadi. Bu raqamlar juda ta'sirli, biroq ularni bolalarda shakllanadigan kognitiv, ijtimoiy, hissiy, til va jismoniy ko'nikmalar bilan solishtirib bo'lmaydi, chunki ular bolalar kelajakda akademik va ijtimoiy muvaffaqiyatlarga erishishi uchun zamin hozirlaydi. Hukumatning erta yoshdagi ta'limni rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlash uchun so'nggi besh yil ichida YUNICYeF qariyb 2 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi. Natijada yangi qonunlar, milliy siyosat va rejalar, ma'lumotlarni yig'ish mexanizmlari ishlab chiqildi va erta yoshdagi ta'lim sifati yaxshilandi. YUNICYeF erta yoshdagi ta'limni rivojlantirish standartlarini qayta ko'rib chiqish, maktabgacha ta'lim dasturini ishlab chiqish va pedagoglarni tayyorlash orqali ham ushbu sohaga hissa qo'shdi. Muqobil modellarni joriy etish, bolalar, ota-onalar va o'qituvchilarga mo'ljallangan raqamli yechimlarni muntazam tatbiq etish hisobiga xizmatlar miqyosi kengaydi. Mazkur sohadagi qat'iy davlat siyosati hamda ko'p tomonlama hamkorlik tufayli 2022-yilda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo'lgan qariyb 2 million bola sifatli maktabgacha ta'lim bilan qamrab olindi. Hukumat o'z oldiga 2030-yilgacha barcha bolalarni maktabgacha ta'limga jalb etish bo'yicha yangi ulkan maqsad qo'ydi. Unga erishish uchun qo'shimcha maktabgacha ta'lim tashkilotlariga ko'proq sarmoya kiritish, ta'lim sifatini oshirish, pedagoglarni tayyorlash tizimini yangi kasbiy standartlar asosida takomillashtirish zarur. "O'zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan o'zgarishlar uchun maktabgacha ta'lim naqadar muhim ekanligini e'tirof qilish hamda ushbu sohada misli ko'rilmagan daraja qilinayotgan sa'y-harakatlar yuksak bahoga loyiqdir", dedi YUNICYeFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.
columnist
Yangi O'zbekistonning an'analaridan biri — bu strategiyalar hisoblanadi. Ilgari ular har besh yillik davr uchun qabul qilingan bo'lsa — 2017-yilda 2017−2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi , 2022-yilda esa 2022−2026-yillarda Yangi O'zbekistonni rivojlantirish strategiyasi qabul qilingandi — "Yangi O'zbekistonni barpo etish"ga qaratilgan yangi strategiya loyihasi, yangi voqelikdan kelib chiqib, yetti yillik muddat uchun ishlab chiqilgan. Davlat rahbarining umumxalq muhokamasi uchun taqdim etilgan ""O'zbekiston-2030" strategiyasi to'g'risida"gi farmoni hamda 2023-yilda strategiyani amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risidagi qarori loyihasiga ko'ra, ustuvor yo'nalishlardan biri — har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish hisoblanadi. Buning uchun, jumladan, aholi talablari va xalqaro andozalarga javob beradigan ta'lim, sog'liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini yaratish ko'zda tutilgan. Hujjat loyihasida belgilangan maqsadli ko'rsatkichlar ushbu maqsadga qay darajada mos keladi? "Gazeta.uz" kolumnisti, ta'lim bo'yicha ekspert Komil Jalilov buni ta'lim misolida tahlil qiladi. "Umumiy o'rta ta'limni yangi bosqichga ko'tarish" maqsadida 2030-yilgacha 208 ta "Iste'dod-Intilish-Istiqbol" maktab-internatlarini tashkil etish taklif etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev O'zLiDePdan nomzod sifatida, o'z saylovoldi tashviqotlari chog'ida barcha shahar va tumanlarda "shart-sharoitlari Prezident maktablarinikidan kam bo'lmagan" ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishini va'da qilgandi . Maktablarning "oddiy" va "maxsus maktablar"ga bo'linishi prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligining tashkil etilishi bilan boshlangandi. Bolalarga intellektual qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda alohida ta'lim berish (tracking) "qobiliyatli" bolalarni yaxshiroq rivojlantirish, o'qitish davomida ularning ehtiyojlarini hisobga olish va, umuman, ta'lim sifatini oshirish imkonini beradi, degan mulohaza mavjud. Biroq, ushbu yondashuvning samaradorligini tasdiqlovchi ishonchli ilmiy dalillar mavjud emas. Aksincha, ta'lim sohasidagi ko'plab tadqiqotchilar va amaliyotchilar barcha uchun sifatli ta'lim olishning teng imkoniyatlari yaratilishi mamlakat inson kapitalini rivojlantirishga yanada yaxshiroq hissa qo'shadi, degan fikrda. Toronto universiteti tadqiqotchilari yigirma yillik ma'lumotlarga tayanib, bolalarni qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda alohida o'qitish (tracking) butun mamlakat bo'ylab umumiy ta'lim sifati va bolalarning akademik ko'rsatkichlaridagi tafovutlarga qanday ta'sir qilishini tahlil qilgan. Ular ta'limda samaradorlikka erishish uchun tenglik tamoyilini qurbon qilish (equality-efficiency trade-off) kutilgan natijalarni bermaydi, degan xulosaga kelishgan: mazkur amaliyotning sifatga o'rtacha ta'siri deyarli nolga teng, bolalar o'rtasidagi tengsizlik esa kuchayadi. Boshqa bir guruh tadqiqotchilar ham, ta'lim sifati bo'yicha PISA, PIRLS va TIMMS xalqaro tadqiqotlari ma'lumotlarini tahlil qilish asosida, shunga o'xshash xulosaga kelishgan: bolalarni qobiliyatlariga ko'ra ajratish amaliyotini joriy etgan mamlakatlar sifat borasida hech narsaga erishmaydi, biroq ta'limdagi muvaffaqiyatlar borasida bolalar o'rtasidagi tengsizlikni kuchaytiradi. PISA tadqiqotining asoschisi, IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, OECD) bosh kotibining ta'lim siyosati bo'yicha maslahatchisi Andreas Shlyayxer o'zining "Jahon darajadasigi ta'lim. 21 asr maktab tizimini qanday barpo etish lozim" kitobida shunday yozadi: bolalarni qobiliyatiga qarab tanlab olish va ularga alohida ta'lim berish ta'lim sifatini oshiradi, degan fikr shunchaki afsona. Bunday yondashuv qo'llaniladigan mamlakatlarning hech biri PISA tadqiqotlarida yetakchilar safidan o'rin ololmaydi. Darhaqiqat, masalan, o'tgan yili tajribasi joriy etilishi haqida bot-bot gapirilgan Finlyandiya kabi mamlakatlarda sifatli ta'lim xizmatlaridan foydalanishda teng imkoniyatlar va barcha maktablarga bir xil munosabatda bo'lish ta'lim siyosatining tamal toshi hisoblanadi. O'quvchilari PISA da munosib natijalarni qayd etib kelayotgan boshqa bir davlat — Vetnamda ham birinchi navbatda tenglikka ustuvorlik beriladi. Qozog'istondagi Nazarboyev maktablari (ehtimol bizdagi prezident maktablari uchun aynan ular ilhom manbai bo'lib xizmat qilgandir) tajribasini tahlil qilar ekan, aynan o'sha IHTT tadqiqotchilari va jurnalistlar bir xil xulosaga keladi: bu maktablar o'rta ta'lim ijtimoiy ne'mat bo'lishi, hech qanday istisno va raqobatsiz foydalanish mumkin bo'lishi, bir o'quvchining sifatli ta'lim olish imkoniyati boshqa bir o'quvchining aynan shunday sifatli ta'limdan bahramand bo'lish imkoniyatini cheklamasligi lozim , degan tamoyilga zid. Biroq, Nazarboyev maktablarining moliyalashtirish manbalaridan imtiyozli asosda foydalanish imkoniyati, bunday maktablarga qabul vaqtidagi kuchli raqobat, o'quvchilar kontingentining bosqichma-bosqich bir xillashtirilishi (bu tanlovlardan asosan imtihonga pullik asosda tayyorlanish imkoniyatiga ega bo'lgan oilalar farzandlari muvaffaqiyatli o'tadi) — bularning barchasi tengsizlikka hissa qo'shmoqda. Ushbu maktablar butun mamlakat bo'ylab ta'lim oluvchilarning bor-yo'g'i 0,4 foizini qamrab oladi va har bir o'quvchiga to'g'ri keladigan sarflar mamlakatdagi o'rtacha ko'rsatkichdan 3 karra yuqori. Biroq, xalqaro tadqiqotlarda yuqori natijalarga erishgan o'quvchilar ulushi kichikligicha qolmoqda va bu maktablarning butun mamlakat miqyosida umumiy inson kapitaliga ta'siri munozarali. Keling, endi yuqorida aytilganlarni bizdagi prezidentlik maktablari misolida ko'rib chiqamiz. Prezident maktablariga rahbarlik qiluvchi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligiga qarashli ikki yuzga yaqin maktab uchun davlat budjetidan o'n minglab "oddiy" maktablarga yo'naltirilayotgan mablag'larga teng miqdorda mablag' ajratiladi. Joriy yilda prezident maktablariga bir o'rin uchun o'rtacha 169 nafar o'quvchi o'zaro raqobatlashdi . Bunday kuchli raqobatda, ehtimol, boshlang'ich sinf dasturi darajasidan yuqori darajadagi test sinovlaridan, repetitorlar, pullik kurslar va xususiy maktablarda emas, "oddiy" maktablarda olgan bilimlari bilan o'tayotgan o'quvchilarning foizi qancha? Prezident maktablariga asosan pullik ta'lim xizmatlaridan foydalanishga moliyaviy imkoniyati yetadigan oilalar farzandlari qabul qilinib, sifatli ta'lim olish borasidagi tengsizlikni kuchaytirib yubormayaptimi? Yuqorida tadqiqotchilar bolalarni ajratish va saralab olingan bolalarni "maxsus" dastur bo'yicha "maxsus" shart-sharoitlarda o'qitish g'oyasiga shubha bilan qarashlari haqida yozdim. Hozircha O'zbekistonda "maxsus" shart-sharoitlarga ega bo'lgan prezidentlik va ixtisoslashtirilgan maktablar boshqacha — boshqa mamlakatlar olimlarining xulosalaridan farqli — natija berishi haqida ishonchli ilmiy dalillar mavjud emas. Ushbu tajribaning umumiy ta'lim sifati, sifatli o'rta ta'limdan foydalanishdagi tenglik va o'quvchilarning akademik ko'rsatkichlaridagi tafovutlarga ta'siri bo'yicha tadqiqotlar mavjud emas. Biroq, bizda maktablarni ajratish amaliyoti kelgusida ham davom ettiriladigan ko'rinadi. Bu qanday natijalarga olib kelishi mumkinligini bilamizmi? Bu belgilangan maqsad — " har bir inson salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish" ustuvorligiga qay darajada mos keladi? "Strategiya-2030"da belgilab berilgan ta'lim islohotlarining yana bir yo'nalishi — chet tillarini o'qitish uchun har yili 500 nafar shu tilda so'zlashuvchi o'qituvchilarni ta'lim muassasalariga jalb etish. Bu ham saylovoldi tashviqotlari vaqtida yangragan edi. Xorijlik mutaxassislarga qancha haq to'lanishi ochiqlanmadi, shunga qaramay, masalan, prezident maktablarida xorijlik o'qituvchilarga oyiga 4200 dollar maosh, shuningdek, turar joy, tibbiy sug'urta, aviatsiya, kommunal va internet xizmatlari harajatlarini qoplab berish taklif etilmoqda . Taqqoslash uchun: mahalliy o'qituvchilarning 2025-yilga borib 1000 dollarga yetishi va'da qilingan oylik maoshi bugungi kunda o'rtacha 3 million so'mni tashkil etadi , bu esa mamlakatdagi o'rtacha ish haqi darajasidan ancha past. O'qituvchining ona tilisi ta'lim sifatiga ta'sir ko'rsatishi to'g'risida ishonchli dalillar topa olmadim . Esseks universiteti tadqiqotchisi (Buyuk Britaniya) Vivian Kukning yozishicha , ona tili bo'lmagan tildan dars beruvchi chet tili o'qituvchilari til egalari bo'lgan o'qituvchilarga nisbatan bir qator afzalliklarga ega, masalan, o'quvchilarning ona tilisini bilishi va uning chet tilini o'rganish jarayoniga ta'sirini hisobga olish kabi. Turkiyada o'tkazilgan tadqiqot shuni ko'rsatadiki , chet tili o'qituvchisining til egasi bo'lishi o'quvchilarning motivatsiyasiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi, biroq motivatsiya o'quvchilarning muvaffaqiyatiga ta'sir qiluvchi yagona omil emas. Pensilvaniya universitetidan (AQSh) boshqa bir tadqiqotchining ta'kidlashicha , chet tilidan dars berishda shu til egasi bo'lgan o'qituvchining ushbu til egasi bo'lmagan o'qituvchidan ustun ekanligi — shunchaki afsona. Chet tili — maktabda o'qitiladigan yagona fan emas. Chet tillarini o'qitish uchun shu tilda so'zlashuvchilarni jalb qilishga ketadigan xarajatlarni boshqa — ta'lim sifatiga ta'siri xalqaro tadqiqotlar tomonidan tasdiqlangan narsalar uchun, masalan, maktablarni laboratoriyalar yoki boshqa resurslar bilan jihozlash uchun ishlatilishi mumkin edi. Va o'sha va'da qilingan oyiga 1000 dollarlik maosh — vaqti-vaqti bilan yuzaga keladigan sertifikatlar muammosisiz sharoitda — maktablarga o'z fanini chet elliklardan kam bilmaydigan o'qituvchilarni jalb qilishga yordam bergan va bu davlat uchun arzonroq tushgan bo'lardi. Bundan tashqari, maktablar soni jalb etilishi ko'zda tutilayotgan chet ellik o'qituvchilar sonidan ancha ko'p — bu chet ellik o'qituvchilar maktablar o'rtasida qanday mezonlar asosida taqsimlanishi noma'lum. Yana shu savol: bu belgilangan maqsad — " har bir inson salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish" ustuvorligiga qay darajada mos keladi? Dasturda yana bir qator qiziq, biroq tushunarsiz jihatlar mavjud. Strategiya doirasida 2023−2024 o'quv yilida butun mamlakat bo'ylab 120 dan ortiq maktabda, tajriba tariqasida, yuqori sinflar uchun tanlov fanlarini joriy etish nazarda tutilgan . Joriy etilayotgan yangiliklar bilan bog'liq masalalar xususida allaqachon yozganman . Maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi vazirining ushbu tartibni (darvoqe, ushbu tartibni joriy etishni nazarda tutuvchi strategiya loyihasi muhokamasi tugashidan ancha oldin qabul qilingan) joriy etish to'g'risidagi buyrug'ining yakuniy tahririda majburiy fanlar ro'yxatiga faqatgina rus tili, fizika, kimyo va biologiya kiritildi va bu fanlar uchun bir soatdan vaqt ajratildi. Biroq, avvalroq ko'targan boshqa masalalarim yuzasidan hech qanday yechim ko'rmadim. Geografiya, iqtisodiy bilim asoslari, huquqshunoslik — kim va qanday asosga ko'ra bu fanlar yuqori sinf o'quvchilari uchun kerak emas, degan qarorga keldi? Tanlov fanlari bo'yicha katta miqdordagi qo'shimcha soatlar evaziga qanday bilim, ko'nikma, malakalarni rivojlantirish nazarda tutilgan? Majburiy fanlar bo'yicha qisqartirilgan soatlar hisobiga ushbu fanlar bo'yicha egallanadigan qanday bilim, ko'nikma, malakalar o'quv rejasidan chiqarib tashlanishi ko'zda tutilgan? Ushbu tartibni joriy etish uchun o'quv dasturi tuzilganmi, o'quv materiallari ishlab chiqilganmi, ilmiy-uslubiy hamjamiyat fikri o'rganilganmi? Yoshlar va sportga oid davlat siyosati islohotlari doirasida maktab bitiruvchilarining kamida ikkita chet tili va bitta kasb-hunarni puxta egallashiga erishish rejalashtirilmoqda. Maktablarda allaqachon ikkita chet tili o'qitiladi (o'zbek tilida so'zlashuvchi o'quvchi uchun rus tili ona tili hisoblanmaydi, rus tilida so'zlashuvchi o'quvchi uchun mos ravishda — o'zbek tili). Ta'lim qoraqalpoq, tojik va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda — uchta til (o'zbek, rus va yana bitta chet tili, ona tilidan tashqari). O'rta maktabga yana bir chet tilining kiritilishi, mening nazarimda, o'rta maktab o'quv dasturida til fanlari ulushining haddan tashqari ko'payib ketishiga olib keladi va, chet tilini risoladagidek o'zlashtirish uchun zarur bo'lgan soatlar soni va ona tilidagi matnlarni tushunish bilan bog'liq muammolar kabi omillar hisobga olinsa, o'qitiladigan tillarning bitiruvchilar tomonidan o'zlashtirilishiga hech qanday hissa qo'shmaydi. Kasb-hunar egallash — alohida masala. 11 yillik maktab tizimiga qaytilishi bilan O'quv-ishlab chiqarish majmualari ham qaytgani esimda, keyinroq — 9-sinfni tamomlagan o'quvchilarni qabul qiluvchi kasb-hunar maktablari ochilishi bilan O'quv-ishlab chiqarish majmualari uchun soatlar yuqori sinflardan olib tashlandi . Maktab bitiruvchisi kamida bitta kasbni egallashi uchun O'quv-ishlab chiqarish majmualari qaytariladimi, kasbga o'qitish uchun soatlar qaysi fanlar soatlarini qisqartirish hisobiga ajratiladi, maktablarda buning uchun zarur shart-sharoit va mutaxassislar mavjudmi, o'quvchilarga maktablarning o'zida kasb o'rgatilsa, kasb-hunar maktablari (aynan shu strategiyada ularning qamrov darajasini 35 foizgacha oshirish taklif qilinmoqda) nima uchun kerak, kasb-hunar ta'limi tanlov fanlarini o'z ichiga oluvchi o'quv dasturi bilan qanday muvofiqlashtiriladi — bularning barchasi ham hozircha ochiq qolgan savollar. Va, ehtimol, eng asosiysi. Bunday strategiyalarni qabul qilish an'ana tusiga kirganini inobatga olsak, avvalgi strategiyalar samaradorligi tahlil qilinganmi ? Oldingi strategiyalarda ko'zda tutilgan vazifalardan qaysilari amalga oshirildi, qanday natijalarga erishildi, qaysilari qog'ozda qolib ketdi va nima uchun? Masalan, "O'zbekiston-2030" strategiyasida 699 ta darslik, ish daftarlari, o'qituvchilar uchun qo'llanma va mobil ilovalar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Biroq, bir-ikki yil oldin avvalgi strategiyani amalga oshirish doirasida yaratilgan o'quv dasturlari va darsliklar, shuningdek, O'zbekistonda ta'limni takomillashtirish bo'yicha yaqinda yakunlangan dastur doirasida yaratilgan darsliklarning taqdiri haqidagi savolga vazirlik hali ham javob bermadi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Kompyuterimda anchadan beri mening tadqiqotlarim, o'zim to'plagan nodir materiallar ustidagi tahlillarim, takliflarim va eksklyuziv mualliflik illyustrativ suratlarim (ular orasida respublikaning tadqiqotchilar kamdan-kam qadam ranjida qiladigan olis burchaklarida olingan fotosuratlar ham bor) asosida plagiatchi "olimlar" tomonidan tayyorlangan ilmiy ishlarning ko'p sonli misollari saqlanadigan "Mendan o'g'irlayotgan plagiatchilar" nomli papka bor. Nazarimda, deyarli har bir mehnatkash, chin olimda uni ranjitadigan mana shunday plagiat dalillari bor va u bu dalillarga g'azab bilan qo'l siltaydi. Shaxsan o'zim ham haddan tashqari bandligim, ko'p sonli ilmiy va kasbga oid xizmat safarlari tufayli bu haqda yozishga qo'lim tegmasdi — bu sharmandagarchilikka munosabat bildirishga hech fursat bo'lmayotgan edi. Sabablar ham, deylik, oxirgi ikkita holat kabi ko'z yumib bo'lmas darajada emasdi. 2023-yil iyun oyida Toshkent Arxitektura-qurilish universitetida o'tkazilgan xalqaro konferensiya materiallari asosida chop etilgan maqolalar to'plamiga kiritilgan universitet dotsenti, arxitektura fanlari nomzodi Lobar O'lmasovna Rasul-Zadening "Tarixiy muhitda bino va inshootlar qurilishi muammolari" maqolasida mening maqolamdan ketma-ket 7 ta sahifaning 3 tasi muallifga havola ko'rsatilmagan holda, yumshoq qilib aytganda, so'zma-so'z o'zlashtirilganini aniqlandim. Bunda gap 2018-yil 19-mart kuni "Gazeta.uz"da rus tilida e'lon qilingan "Me'moriy merosni buzishni to'xtatish" sarlavhali maqolam haqida bormoqda. O'sha paytda nihoyatda dolzarb bo'lgan maqola jamiyatda katta rezonansga sabab bo'lgan, uni saytning o'zida 37 mingdan ortiq ko'rishgan, mushtariylarning 25 nafari zalvorli izohlar qoldirgandi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko'p ko'rilib, qizg'in muhokamalar keltirib chiqargandi. Keyinroq o'zim ham, restavratsiya masalalariga bag'ishlangan bir qator akademik ilmiy ishlarimda materiallarimdan foydalanar ekanman, mazkur maqola va internet-nashrga havolalar berganman. Zotan buni ilmiy etika talab qiladi. Axir qanday qilib imzo qo'yilgan va O'zbekistondan tashqarida ham taniqli hisoblangan "Gazeta.uz"ning logotipi tushirilgan mualliflik fotosuratlariga ega maqoladan uch sahifa matnni o'g'irlab, buni hech kim sezmaydi, deb o'ylash mumkin?! Maqolaning originali (chapda) va o'g'irlangan matn. PDF formatda to'laqonli ko'rish mumkin. Fotosuratlar ostidagi tagso'zlarda va maqola oxirida "Suratlar muallifi Mavluda Yusupova" deb yozilgan (va suratlar olingan vaqt ko'rsatilgan) bo'lsa-da, "arxitektura fanlari nomzodi" ushbu tadqiqotning haqiqiy muallifi hamda uning matni va eksklyuziv suratlarini ilk bor chop etgan internet-nashrga manba ko'rsatmay, yarim maqolani o'z familiyasi bilan taqdim qilgan. Qani endi shugina bo'lsa! 2023-yil sentabrida Central Asian Journal of Social Sciences and History [Volume: 03 Issue: 10 | Oct 2022 (ISSN: 2660−6836)] jurnalida uchta bir xil familiya ostida (Farg'ona politexnika instituti katta ilmiy xodimi, fan nomzodi (PhD) B.K. Raxmonov, Farg'ona politexnika instituti magistrlari O.A. Raxmanova va B.B. Raxmanov; katta ehtimol bilan, ular o'zaro qarindosh) e'lon qilingan "O'zbekiston me'moriy merosini qayta tiklash" sarlavhali maqolani ( 1 , 2 ) ko'rib qoldim. Bu material to'lig'icha (!) mening 2018-yilgi yuqorida eslab o'tilgan maqolamdan o'g'irlangan matn va rasmlardan iborat edi. Birovning maqolasini o'z nomidan ilmiy jurnalda chop ettirib, so'ng uni Academia.edu kabi nufuzli xalqaro ilmiy hamjamiyatning ijtimoiy tarmog'iga joylashtirish uchun inson qanchalar surbet va aqlan zaif bo'lishi kerak?! Materialni tayyorlash uchun foydalanilgan adabiyotlar ro'yxatida bu uchovlon mening maqolamga ham yo'l-yo'lakay havola bergan, biroq ro'yxatda yana 14 ta boshqa muallifning ishlari sanab o'tilgan hamda ko'rsatilgan ishlarga mutlaqo mos kelmagan holda ularga cheksiz havola berilgan, iqtiboslar keltirilgan (aftidan, ular shu yo'l bilan o'z tanish-bilishlarining iqtibos indeksini oshirishga uringan). Ayni vaqtda, ushbu 14 muallif ishlarining nomlari soxta olim, fan nomzodi (PhD) Raxmanov va uning "hammualliflari" tomonidan tayyorlangan "maqola" mavzusiga mutlaqo mos kelmaydi — bu mualliflarning na ular nomidan keltirilgan iqtiboslarga, na o'g'irlangan matnga aloqasi bor. Ko'rsatilgan ishlarning 10 tasi… sintetik tasmalarga bag'ishlangan bo'lsa, yana nima ham deyish mumkin! Maqolaning originali (chapda) va o'g'irlangan matn. PDF formatda to'laqonli ko'rish mumkin. Raxmanovlar mening tadqiqotimni o'g'irlash bilangina kifoyalanib qolmay, undan keltirilgan iqtiboslarni yana 14 nafar, ularning ta'biri bilan aytganda, "muallif"larga saxiylik bilan ulashgan. To'lig'icha o'g'irlangan maqolani tap-tortmay, birorta ham vergulini o'zgartirmay uch kishining nomidan, haqiqiy muallifning familiyasini nomigagina qayd etib, iqtiboslar muallifligini boshqalarga saxiylik bilan ulashgan holda chop etish — bunisi endi qip-qizil talonchilik! O'zbekistonda ilmiy ishlarini himoya qilgan va himoyaga hozirlik ko'rayotgan ayrim soxta fan nomzodlari (PhD) va fan doktorlari (DSc) ana shunday qalbaki "maqola"larni tayyorlash hamda bir vaqtning o'zida boshqa mualliflarning iqtibos indeksini oshirish bo'yicha butun boshli firibgarlik sindikatlarini tuzgani (yoki mavjudlarining xizmatlaridan foydalangani) haqidagi gap-so'zlar avvalroq qulog'imga chalingandi. Ular tomonidan ishlab chiqilgan firibgarlik sxemalariga ko'ra, to'laligicha o'g'irlangan yoki boshqa bir necha ishning ayrim qismlaridan jamlangan, ilmiy asarga taqlidan shakllantirilgan (rasmiylashtirilgan ilmiy manbalarga ega, 15 yoki undan ortiq muallifga havolalar ko'rsatilgan) "yangi" qalbaki maqola yaratiladi. Ayni vaqtda, maqolalarning haqiqiy mualliflari yoki o'zlashtirilgan materiallarning egalari o'z ilmiy ishlarining noma'lum egizaklari paydo bo'lib, "bolalab" ketayotganidan mutlaqo bexabar qoladi. Har qanday munosib ilmiy tadqiqot matni uning muallifidan maxsus bilim va professional tahlilni, mening vaziyatimda esa — respublika restavratsiya sohasidagi o'sha davrga oid ahvoldan boxabarlikni, shaxsiy tajriba va ko'p yillik dala tadqiqotlarini, ya'ni obyektlarni rekonstruksiya qilish, buzish va restavratsiya qilish vaqtida muallifning ekspert sifatidagi shaxsan ishtiroki, YUNESKO va IKOMOS tomonidan restavratsiyaga qo'yiladigan xalqaro qoida va talablarni chuqur bilishini talab qiladi. Maqolam e'lon qilinganiga besh yil bo'ldi va sohadagi vaziyat o'zgardi. Masalan, Buxorodagi Abdulazizxon madrasasining vayron bo'lgan qismi durustgina restavratsiya qilindi va hokazo. O'z-o'zidan, plagiatchilar tomonidan o'zlashtirilgan ma'lumotlar endi u qadar dolzarb emas, ayrim omillar bartaraf etilgan va endi mavjud ham emas. Hozir restavratsiya sohasida muhokama va tahlilni talab qiladigan yangi jihatlar va masalalar paydo bo'lgan — Xudo urgan boyagi "olimlar" mana shular haqida yozishi kerak edi. Biroq buning uchun, yuqorida ta'kidlanganidek, maxsus bilim, o'z ustida ishlash, o'z sohasiga oid mahalliy va xalqaro darajadagi ishlanmalardan xabardor bo'lish uchun o'z kasbiy saviyasini oshirish va muntazam dala tadqiqotlarini o'tkazish talab etiladi. Men faqatgina bitta maqolamga taalluqli mutlaq plagiatning ikkita ko'z yumib bo'lmas misolini keltirdim, xolos. O'g'rilanganidan haqiqiy egalari bexabar holda yana qanchadan-qancha vijdonsiz plagiat mahsuli bo'lgan maqolalar internetda aylanayotgan yoki, ba'zi birovlarning ta'biri bilan aytganda, "ilmiy ish"lar, psevdo-olimlarning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari ichida yashirinib yotgan bo'lsa? Intellektual mulk o'g'rilari bu qilmishlari chinakam o'g'rilik sanalishini, buning uchun Yaratgannning oldida ham javob berishlarini, plagiat orqali topilgan luqma harom ekanligini bilmasmikan? Boshqa muallifga tegishli material 7 sahifasining 3 tasidan (L. Rasul-Zadening materialida) va deyarli barcha 7 sahifasidan (B.K., O.A. va B.B. Rahmonovlarning "maqolasi"da) haqiqiy muallif va nashrga manba ko'rsatmay foydalanish yoki o'zi o'g'rilab, boshqalarga ham ulashish — O'zbekiston qonunchiligi hamda olimning, shuningdek, maqolani birinchi bo'lib e'lon qilgan "Gazeta.uz" nashri mualliflik huquqlarining qo'pol ravishda buzilishidir. Hech qanday jazoga tortilmasligi ortidan so'nggi yillarda "gullab-yashnayotgan" plagiatorchilik O'zbekiston ilm-fanining nufuzi va obro'siga mahalliy va xalqaro miqyosda katta putur yetkazmoqda. Mintaqaning nomlari ushbu chiqishda zikr etilgan va boshqa ilmiy nashrlari plagiatchi mualliflarga nisbatan tegishli choralar ko'rishi va maqolalarni chop etishdan avval "Antiplagiat" dasturida tekshiruvdan o'tkazishi lozim. Shuningdek, tezis va maqolalarni qabul qilib olayotgan konferensiya tashkilotchilari ham ularni "Antiplagiat" dasturida tekshirib olsa va ishtirokchilardan ilmiy etikaga rioya etishni talab qilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Masalan, Qozog'istonning Bosh arxitektura-qurilish akademiyasi (QBAQA) va boshqa ilmiy-o'quv muassasalarida talabalarning hatto kurs ishlari ham "Antiplagiat"dan o'tkaziladi — diplom, maqola va dissertatsiyalar haqida-ku gapirishga ham hojat yo'q. Qisqa fursatda — uch yilda himoya qilinadigan, psevdo-olim hisoblangan mualliflariga PhD va DSc diplomlari berilishi uchungina xizmat qiladigan o'nlab psevdo-dissertatsiyalar O'zbekistonga kerakmi? Bu odamlar O'zbekiston ilm-fani va ta'limiga qanday naf keltiradi? Hammaga ma'lum haqiqat shuki, millat va jamiyatni tiz cho'ktirish uchun bor-yo'g'i bir narsa — ta'lim darajasi (maktabdan tortib ta'limning barcha bosqichlari va fan sohalarigacha) pasaytirilsa kifoya. O'zbekistonda ta'lim va ilm-fanning mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyatini inobatga olgan holda, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ushbu sohani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilgan, olimlar, ayniqsa, yosh tadqiqotchilar har tomonlama, xususan, moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlanmoqda. Nahot olimlarga ko'rsatilayotgan bunday g'amxo'rlikka mamlakat ilm-fanini uyatga qo'yadigan, uning tahqirlanishi va tanazzuliga sabab bo'ladigan ilmiy "yutuqlar" bilan javob berilsa? Muallif haqida: Mavluda Abbosova-Yusupova (Yusupova) — professor, me'morchilik fanlari doktori, O'zbekiston Fanlar akademiyasi San'atshunoslik instituti arxitektura bo'limi mudiri. Sharq mamlakatlari Xalqaro arxitektura akademiyasining muxbir-a'zosi, IKOMOS a'zosi. 1979−1986-yillarda me'moriy yodgorliklarni tiklash bo'yicha O'zbekiston restavratsiya ilmiy tadqiqot loyiha institutida amaliyotchi arxitektor-restavrator bo'lib faoliyat yuritgan. Doktorlik (DSc) dissertatsiyasi (2000-yilda Moskva arxitektura institutida himoya qilingan) XV-XVII asrlar Buxoro me'morchilik maktabining o'ziga xos xususiyatlari va tadrijiy rivojlanishiga bag'ishlangan. 250 dan ortiq, jumladan, xorijda chop etilgan ilmiy ishlar muallifi. Tashrif buyuruvchi professor (Visiting-professor) sifatida Germaniya, Qozog'iston, Gollandiya va AQSh universitetlarida O'zbekiston me'moriy merosi va uni saqlashga oid ma'ruzalar o'qigan. Mazkur merosni o'rganish va saqlash bo'yicha xorijiy ilmiy va ta'lim markazlari bilan xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida hamkorlik qiladi.
columnist
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda mamlakatlar bir-birlariga nisbatan tashqi savdoni erkinlashtirish siyosatiga o'ta boshlashdi — xuddi Napoleon urushlaridan keyingi davrda globalizatsiyaning birinchi to'lqini vujudga kelgandek. Xususan, tadqiqotlarga ko'ra , Napoleon urushlaridan keyingi davrda transport xarajatlari va tashqi savdoga nisbatan siyosiy cheklovlarning barqaror qisqarib borishi resurslar va tovarlarning erkin harakatiga zamin yaratgan. Keyinroq, Birinchi jahon urushigacha davom etgan mazkur integratsiyalashuv jarayonlari tarixda globalizatsiyaning birinchi to'lqini sifatida e'tirof etilgan. Mutaxassislar orasida tashqi savdoning erkinlashtirilishi mamlakatlar o'rtasida turli mojaro va urushlar yuzaga kelishi ehtimolini kamaytiradi hamda mamlakatlar o'z qiyosiy ustunliklaridan foydalangan holda, mavjud salohiyatini yuzaga chiqarishiga imkon yaratadi va, pirovardida, farovonlikning oshishi va iqtisodiy o'sishning tezlashishiga xizmat qiladi, degan qarashlar mavjud. Shu nuqtai nazardan, Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda dunyo miqyosidagi jadal o'sish sur'atlari yuqoridagi qarashlarning isboti, deyish mumkin. XX asrning oxiriga kelib — 1995 yilda, salkam o'n yil davom etgan muzokaralardan so'ng, davlatlar o'rtasidagi savdo aloqalarini tartibga solish, xalqaro savdoning bir ma'romda va imkon qadar erkin amalga oshirilishini ta'minlashga mas'ul xalqaro tashkilot — Jahon savdo tashkilotiga asos solindi. O'zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillardan boshlab Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish istagini bildirgan hamda 1994 yilda tashkilotga kirish maqsadida ariza topshirgan . Biroq, oradan shuncha yillar o'tishiga qaramasdan, haligacha mazkur tashkilotga a'zo bo'lib kirmagan. 2017 yildan keyingi davrda tashkilotga qo'shilish masalasi yana kun tartibiga qaytdi , ayni paytda a'zo bo'lish istagi kuchaygan, bu boradagi sa'y-harakatlar jonlangandek tasavvur uyg'ota boshladi. Hozirgi kunda dunyoning 164 ta davlati Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo. Global savdo hamda dunyo YAIMining qariyb 98 foizi aynan JSTga a'zo davlatlar hissasiga to'g'ri keladi. Yuqorida ta'kidlanganidek, JST a'zo davlatlar orasida bo'ladigan savdo aloqalarini tartibga soluvchi va xalqaro savdoning imkon qadar erkinlashishiga xizmat qiluvchi tashkilot hisoblanadi. Tashkilotga a'zo bo'lish O'zbekistonda tashqi savdoga nisbatan to'siqlarning hozirgi darajadan pasayishiga olib keladi, ayni paytda dunyo mamlakatlariga integratsiyani kuchaytiradi. Albatta tashqi savdoga nisbatan to'siqlarning qay darajada qisqarishi a'zo davlatlar bilan bo'ladigan muzokaralar davomida kelishiladi. Bunda asosiy savdo hamkorlarimiz (Xitoy, Rossiya, Qozog'iston, Turkiya va boshqalar) bilan bo'ladigan muzokaralar hal qiluvchi muzokaralar hisoblanadi. Umuman olganda, tashkilotga a'zo bo'lish O'zbekiston tashqi savdosining hozirgiga nisbatan erkinroq bo'lishiga zamin yaratadi. Davlatlar orasida integratsiyalashuv jarayonlari kuchayib borishi bilan mintaqaviy integratsion tashkilotlar ham rivojlana boshladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi bunday tashkilotlarning eng birinchilaridan hisoblanadi. Mintaqaviy integratsion tashkilotlar turli jihatlariga ko'ra bir-biridan farq qiladi. Birinchi navbatda, integratsiya jarayonlarining turli bosqichlari mavjud bo'lib, hozirgi kunda integratsion tashkilotlar o'rtasidagi farqni keltirib chiqaruvchi asosiy omil ham aynan tashkilotning qaysi bosqichda ekanligi hisoblanadi. Masalan, Yevro hudud hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bir-biridan farq qiladi. Yevro hudud — valyuta ittifoqi bo'lsa, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) — bojxona hududi hisoblanadi (ayrim manbalarda YeOII umumiy bozorga o'tish bosqichida, deb ham e'tirof etiladi). Quyidagi rasmda integratsiya jarayonlarining turli bosqichlari batafsil tasvirlangan. Yuqorida aytib o'tilganidek, YeOII hozirgi kunda bojxona ittifoqi (bosqichida) hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, ittifoqqa a'zo mamlakatlar a'zo bo'lmagan — uchinchi mamlakatlar uchun bir xil darajadagi boj rejimidan foydalanish majburiyatini oladi. Manba: theintactone.com O'zbekistonning YeOIIga a'zo bo'lishi uning tashqi savdoda uchinchi davlatlarga nisbatan tashkilotga a'zo boshqa davlatlar bilan bir xil darajada boj yoki to'siqlarni qo'llashini anglatadi. Boshqacha aytganda, a'zo mamlakatlar orasida bojxona rejimi deyarli butunlay yo'qoladi (istisno holatlar mavjud) hamda mamlakatlarning bojxona chegarasi a'zo davlatlar chegarasida shakllanadi. Masalan, muayyan tovar Rossiya bojxonasidan 5 foizlik boj to'lovi bilan mamlakatga kirib kelsa, demak, boshqa a'zo davlatlar tomonidan shu tovarga nisbatan aynan shu darajadagi boj stavkasi qo'llaniladi (a'zo mamlakatlar orasida esa savdoga to'siqlar deyarli mavjud bo'lmaydi). Yuqorida keltirilgan fikrlardan anglab olish qiyin emaski, mamlakatimizning YeOIIga kirishi tashkilotga a'zo davlatlar bilan bir xil bojxona rejimiga o'tishimizni anglatadi. Hozirgi kunda MDH mamlakatlari orasida erkin savdo shartnomasi ham mavjud . Ya'ni MDH mamlakatlari bilan savdo aloqalarimiz erkin savdo munosabatlariga asoslangan. Shunga qaramay, boshqa — uchinchi davlatlarga nisbatan tashqi savdo siyosatimizni mustaqil tanlay olamiz. YeOIIga kirishimiz esa savdo siyosatimiz mustaqil emas, balki tashkilotga a'zo davlatlar bilan kollektiv ravishda tashkil qilinishini anglatadi. Tashkilotning boshqa davlatlarga nisbatan bojlar darajasi bilan mamlakatimiz qo'llaydigan bojlar darajasiga e'tibor qaratsak, ko'rishimiz mumkinki, tashkilotga a'zo bo'lishimiz O'zbekistondagi o'rtacha bojlar darajasini taxminan 2−2,5 barobar pasayishiga sabab bo'ladi. Bunda a'zo davlatlar bilan savdo hozirgi darajadan keskin erkinlashmaydi , sababi bu davlatlar bilan hozirgi kungacha ham savdo munosabatlarida nisbatan erkin savdo rejimi amal qiladi. Ammo, uchinchi davlatlar — tashkilotga a'zo bo'lmagan davlatlar bilan savdo, hozirgi bilan taqqoslaganda, sezilarli darajada erkinlashadi. Nazariy jihatdan olib qaralganda, bu ikki tashkilotning biriga a'zo bo'lishimiz ikkinchisiga a'zo bo'lishga to'sqinlik qilmaydi (aslida osonlashtirishi ham kerak). Har ikki tashkilotga a'zo bo'lish ham savdoning erkinlashishiga sabab bo'ladi. YeOIIga a'zo 5 ta davlatning 4 tasi JSTga a'zo hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ittifoqning tashqi savdo siyosati JSTning talablariga juda yaqin. Lekin, bu tashkilotlarning qay biriga birinchi qo'shilish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, JSTga birinchi a'zo bo'lish O'zbekistonga ko'proq imkoniyatlar taqdim etishi mumkin. Chunki YeOII tomonidan qo'llaniladigan aksariyat bojlar mamlakatimizdagi bojlar darajasidan pastroq bo'lishiga qaramasdan, ba'zi tovarlar uchun (masalan, sut) mamlakatimizdagi bojlar darajasi YeOII bilan taqqoslaganda pastroq. Ya'ni JSTga birinchi a'zo bo'lish orqali bunday turdagi tovarlar uchun savdo siyosatimizni mustaqilroq saqlab qolish imkoniyatiga ega bo'lamiz (yoki umumiy ittifoq uchun bu tovarlarga bo'lgan bojlarni pasaytirish talabini qo'yishimiz mumkin). YeOIIga birinchi a'zo bo'lishimiz esa tashqi savdo siyosatimizni ittifoq «qo'liga topshirish» demakdir, bu esa yuqorida keltirilgan tovarlar uchun chegaradagi to'siqlar darajasi o'z-o'zidan oshishini anglatadi. Bundan tashqari, hozirgi kunda bir nechta davlatlar bilan, xususan, Janubiy Koreya bilan erkin savdo shartnomasi tuzish harakatlari amalga oshirilmoqda . Ittifoqqa a'zo bo'lishimiz esa bunday jarayonlarni qiyinlashtiradi. Chunki ittifoqqa a'zo bo'lishimiz muayyan davlatning (masalan, Janubiy Koreya) O'zbekiston bilan erkin savdo shartnomasini imzolashi, ittifoqdagi barcha davlatlar bilan erkin savdo shartnomasining amal qilishini anglatadi. Chunki ittifoq hududida bir xil darajadagi bojxona rejimi amal qiladi. Bunday sharoitda barcha davlatlar chegaralarida savdoga nisbatan bir xil darajadagi to'siqlar amal qilishi talab etiladi. Aks holda, ittifoq amalda ishlamayotgan hisoblanadi (albatta, istisno holatlar mavjud). Yuqoridagi holatlardan tashqari, hozirgi beqarorliklarning iqtisodiyotga ta'sirini to'g'ri baholash ham muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda Rossiya hamda Ukraina o'rtasidagi ziddiyat siyosiy voqeliklar iqtisodiyotga qay darajada ta'sir ko'rsatishi mumkinligiga yaqqol misoldir. Xususan, Rossiyaning Ukraina suveren hududiga bostirib kirishi ortidan ko'plab davlatlar tomonidan Rossiyaga nisbatan misli ko'rilmagan sanksiyalar joriy qilindi. Bunday holat nafaqat Rossiya iqtisodiyotiga, balki ittifoqqa a'zo boshqa davlatlar iqtisodiyotiga ham jiddiy ta'sir qilishi tabiiy. Birgina makroqitisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan qaralganda, 24 fevraldan mart oyining birinchi 10 kunligigacha bo'lgan davrda Rossiya milliy valyutasi bilan bir qatorda ittifoqqa a'zo boshqa davlatlar valyutalarining ham jiddiy qadrsizlanishi kuzatildi. O'zbekiston esa Rossiyaga iqtisodiy jihatdan kuchli bog'langan bo'lishiga qaramasdan, milliy valyutamizning dollarga nisbatan qadrsizlanishi boshqa — ittifoqqa a'zo davlatlar bilan taqqoslaganda ancha yumshoq bo'ldi. Uzoqroq istiqbolda ham ittifoqqa a'zo davlatlar Rossiya iqtisodiyoti pasayishidan a'zo bo'lmagan davlatlarga nisbatan ko'proq zarar ko'rishi shubhasiz. Bundan tashqari, hozirgi kunda Rossiya iqtisodiyoti rekord darajadagi savdo profitsitini qayd etishi kutilmoqda . Bu holat bir jihatdan narxi oshib borayotgan energiya resurslaridan tushadigan daromadning oshishi bilan izohlanadi. Ya'ni Yevropa mamlakatlari Rossiyadan keladigan energiya resurslariga juda qattiq bog'langan hamda urush bo'lishiga qaramasdan bu resurslarni sotib olishdan (hozircha) voz kechayotgani yo'q. Ikkinchi tomondan, hozirgi kunda Rossiya import qilishda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ta'kidlash joizki, nafaqat Rossiyaga qarshi chiqayotgan davlatlardan, balki betaraf hamda Rossiya tomonida bo'lgan davlatlardan ham import hajmining keskin qisqarishi kuzatilmoqda. Xususan, mart oyida Rossiyaning Yaponiya, Koreya, Tayvan va kollektiv G'arb (aniqrog'i, Ukrainadagi urushga qarshi) mamlakatlaridan importi 53 foizga qisqargan bo'lsa, betaraf hamda Rossiya tomonida bo'lgan davlatlardan (Xitoyni qo'shib hisoblaganda) import hajmi 45 foizga pasaygan . Bunday holat qaysidir ma'noda Rossiya bilan bitta ittifoqda bo'lgan davlatlarga tashqi savdo imkoniyatlarini taqdim etishi ham mumkin. Ya'ni Rossiyaning G'arb bilan aloqarining yomonlashuvi natijasida Rossiya bilan ittifoqdosh mamlakatlar mamlakatdagi qisqargan import o'rnini to'ldirish hisobiga o'z eskportini oshirishi mumkin bo'ladi. Manba: theovershoot.co Boshqa tomondan, hozirgacha savdoga nisbatan sanksiyalar kam darajada qo'llanildi. Rossiya importining qisqarayotganligi, birinchidan, Rossiya bilan savdo qilishning qiyinlashganligi ortidan yuzgan kelgan bo'lsa (masalan banklarning SWIFT`dan uzilganligi sababli), ikkinchidan, xususiy korxonalarning o'zi Rossiya hududida faoliyat yuritishdan, Rossiya bilan savdo qilishdan bosh tortmoqda. Agar Rossiya va Ukraina o'rtasidagi beqarorlik uzoq vaqt davomida saqlanib qolsa, savdoga bo'lgan sanksiyalar ham mos ravishda kuchayishi ehtimoldan holi emas. Bu esa faqatgina Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiya emas, balki amalda butun ittifoqqa nisbatan qo'llaniladigan sanksiya bo'ladi. Sababi bojxona ittifoqiga kiruvchi davlatlar orasidan faqat bittasiga nisbatan sanksiya kiritish amalda hech qanday natija bermaydi. Bu holda ittifoqqa a'zo boshqa davlat hududiga kirib kelgan tovarlar osongina sanksiya ostidagi davlatga kirib borishi mumkin (re-eksport). Shunga o'xshash holat avvalroq Rossiya hamda Belarus o'rtasida sodir bo'lgan edi . Rossiya Yevropadan kirib keladigan bir nechta turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining mamlakatga kirib kelishini cheklagan. O'sha vaqtda ham Rossiya hamda Belarus o'rtasida bojxona ittifoqi amal qilardi, Rossiya tomonidan kiritilgan cheklovlarga qaramasdan importi cheklangan tovarlar Rossiyaga kirib kelishda davom etgan. Buning asosiy sababi — Rossiya bilan bitta bojxona ittifoqida bo'lgan Belarusda Yevropadan kirib keladigan bu turdagi mahsulotlarga nisbatan hech qanday cheklov qo'yilmagan hamda Belarusga kirib kelgan tovarlar osongina Rossiyaga re-eksport bo'lishni boshlagan. Bu masalada ikki davlat o'rtasida qator muzokaralar ham o'tkazilgan . Umuman olganda, hozirgi globallashuv sharoitida dunyo iqtisodiyotiga integratsiya qilishning ahamiyati juda yuqori. Ayniqsa, biz kabi uzoq vaqt davomida savdoga nisbatan yuqori darajadagi to'siqlarni saqlab qolgan, nisbatan yopiq mamlakatlar savdo siyosatini o'zgartirish hamda erkinlashtirish orqali iqtisodiy o'sishga kuchli rag'bat berish imkoniga ega bo'ladi. Savdoni erkinlashtirishni esa hech qanday tashkilotlarga a'zo bo'lmasdan ham amalga oshirish mumkin (axir tashqi savdo siyosatimizni qanday belgilash o'z qo'limizda-ku). Ammo, xalqaro tashkilotlarga, xususan, JSTga a'zo bo'lish orqali tashqi savdoni erkinlashtirsak, bu qisqa muddatli ehtimoliy yo'qotish yoki kelajakdagi kutilmagan holatlarning oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkin. Aslida JST yoki YeOIIdan istalgan bittasiga a'zo bo'lish ikkinchisiga a'zo bo'lishni osonlashtirishi kerak. Sababi ikkalasidan qay biriga a'zo bo'lishimizdan qat'i nazar, savdo siyosatimiz hozirgiga qaraganda sezilarli darajada erkinlashadi (siyosiy jihatlarni, albatta, siyosatchilarga qoldiraman). Biroq, ayrim sabablarga ko'ra, JSTga birinchi a'zo bo'lish mamlakatimizga ustun mavqe berishi ehtimoli yuqori (erkin savdo shartnomalari ham shu jumladan). Qayd etish joizki, Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi, shundog'am munozarali bo'lib turgan YeOIIga a'zo bo'lish masalasining jozibadorligini sezilarli pasaytirib yubordi. Nazarimda, hozirgi beqarorlik davrida tashkilotga a'zo bo'lish harakatlarini, hech bo'lmaganda, biroz muddat to'xtatib turish eng yaxshi pozitsiyalardan biri hisoblanadi. Sababi urushning uzoqroq vaqt davom etishi fonida Rossiya bilan bitta ittifoqda bo'lishning badali ittifoqdosh mamlakatlar uchun qimmatga tushishi mumkin. Sanksiyalar, xususan, savdoga nisbatan sanksiyalar ko'lami ortib borishi bilan, ittifoqqa a'zo boshqa davlatlardan tovarlarni re-eksport qilish amaliyoti avj olishi mumkin. Chunki sanksiya faqat Rossiyaga nisbatan qo'llanilishi ittifoqqa a'zo boshqa davlatlardagi tadbirkorlarning bunday vaziyatdan foydalanib qolishiga turtki bo'lishi mumkin. Re-eksport amaliyotining keng qo'llanilishi esa sanksiyalarning ittifoqqa a'zo boshqa davlatlarga nisbatan ham joriy qilinishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda ittifoqqa a'zo bo'lib qo'shilish, shubhasiz, jiddiy yo'qotishlarga olib keladi. Yuqoridagi fikrlar Rossiya bilan savdo aloqalarini to'xtatish kerakligini anglatmaydi. Ya'ni hozirgi kungacha ham Rossiya bilan erkin savdo rejimi amal qilgan va mavjud shart-sharoitlarda mazkur rejimni saqlab qolish eng yaxshi pozitsiya bo'ladi. Rossiya bilan bitta bojxona ittifoqiga qo'shilishga harakat qilish esa, Ukrainadagi urush va Rossiyadagi iqtisodiy beqarorlik fonida, ko'ra-bila turib o'zini «choxga otish» bilan barobardir. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. «Gazeta.uz» kolumnisti, iqtisodchi — Mirkomil Xolboyev.
columnist
Konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha qonun loyihasi e'lon qilinganda, siyosiy tizimimizning asosiy muammosi birinchi o'ringa chiqdi: qaror qabul qilish jarayonida jamiyat bilan muloqotning to'g'ri yo'lga qo'yilmaganligi. Tan olish kerak, mamlakat rahbariyati qabul qilingan qarorlar haqida aholini xabardor qilish va ularni piar qilish borasida yutuqlarga erishdi. Lekin bularning barchasi kommunikatsiya strategiyasining bir qismi bo'lishi kerak, uning o'rnini egallashi kerak emas. Faqat ma'lumot berish va piar orqali samarali kommunikatsiyani yo'lga qo'yib bo'lmaydi. Jamiyatdagi kayfiyatni yaxshi tushunish, jamoatchilik fikri bilan doimo ishlash va uni chuqur tahlil qilgan holda qarorlarni qabul qilish lozim. Rasmiylarning muloqot o'rnatishdagi vazifasi — jamiyatni yoki har qanday boshqa auditoriyani qabul qilingan qarorning to'g'riligiga ishontirish, yuzaga keladigan qisqa muddatli kamchiliklarni namoyish qilish va uzoq muddatli afzalliklarni ko'rsatishdan iborat. Muxtasar qilib aytganda, g'oyani katta jamoatchilikka «sotish» kerak va uning qo'llab-quvvatloviga erishish lozim. Bu bilan asosan raqobatli saylovlar va hokimiyat uchun kurash mavjud bo'lgan siyosiy tizimlarda shug'ullanishadi. Bunday tizimlarda siyosiy partiyalar turli xil raqobatli dasturlarni taklif qilishadi va aynan o'zlarining dasturi eng maqbuli ekanligiga jamiyatni ishontirishga harakat qiladilar. Bundan kelib chiqadiki, vakolat muddati oxiriga yaqinlashgach keyingi saylovlarda g'alaba qozonish imkoniyati ushbu dastur qanchalik samarali amalga oshirilganiga bog'liq bo'lib qoladi. Raqobatli saylovlar bo'lmagan, butun davlat apparati — davlat idoralari va siyosiy partiyalardan boshlab davlat NNTlari va OAVlargacha — yuqoridan tushirilgan yagona dasturni targ'ibot qiladigan mamlakatda qaror qabul qilish jarayonida kommunikatsiya ustuvor bo'lmaydi. O'tgan hafta rasmiylarimiz Qoraqalpog'istonda jamiyat bilan muloqotga e'tibor bermaslik va strategik qarorlarning parda ortida qabul qilinishining oqibatlari bilan to'qnash kelishdi. Ayniqsa o'ta nozik masalalarda. Ayniqsa, davlat tarkibidagi etnik hududiy tuzilmalar haqida gap ketganda. Umid qilamizki rasmiylar bir narsani anglab yetishdi: har qanday qarorlar jimgina ma'qullanishiga yoki ma'qullanmasa-da, jim turilishiga har doim ham umid qilib bo'lmaydi. Qoraqalpog'iston Respublikasining maqomi va uning O'zbekiston tarkibidan chiqish huquqi ( 30 yil ichida hech kim bu huquqdan foydalanishga harakat ham qilmadi ) to'g'risidagi moddalarni olib tashlashga urinish yo'q joyda jiddiy muammoni keltirib chiqardi. Muammo Qoraqalpog'istonning maqomini o'zgartirish qarorida ham emas, balki bu qarorning qanday qabul qilingani, u haqida qanday xabar berilgani (bu haqda xabar berilmadi) va qoraqalpoq jamiyatining noroziligiga birinchi reaksiya qanday bo'lganligida (hech qanday reaksiya bo'lmadi). Muhim bir narsani oldindan aytib qo'ymoqchiman. Har qanday davlat tarkibiga kiruvchi etnik hududiy tuzilmalarda har doimo ma'lum darajada separatistik g'oyalar mavjud bo'ladi. Bundan qochib bo'lmaydi. Biroq a) ushbu g'oyalarning jamiyatda qanchalik qo'llab-quvvatlanishi; b) ularning ma'lum bir harakat yoki partiyada qanchalik darajada tizimlashtirilgani; hamda v) davlat ushbu hududlarda yashaydigan xalqlarning maqomi, madaniyati, o'zligi va boshqa huquqlariga nisbatan qanchalik to'g'ri siyosat olib borayotganligi muhim. Qoraqalpog'iston holatida esa, bunday kayfiyatlar bo'lgan taqdirda ham, ular juda uzoqlarda yashiringan va keng jamoatchilik fikriga ta'sir qilish kuchiga ega emas edi. Qoraqalpog'istonlik separatistik harakatlar haqida eshitgan bo'lsak ham, bu — Qoraqalpog'istonning o'zida anchadan beri yashamaydigan va aholini faol harakatlarga unday olmaydigan aktivistlar haqidagi xabarlar edi. Biznikiga o'xshash holatlarda rasmiylardan talab qilinadigan yagona narsa bu — hudud aholisining hissiyoti bilan o'ynashadigan va jiddiy noroziklarni keltirib chiqaradigan qarorlarni qabul qilmaslik hamda o'zi shundoq ham sodiq (loyal) jamiyatni separatistlar qo'liga topshirib qo'ymaslik. Nukusdagi aviakassa yakshanba kuni. Respublikada internetga ulanish hali ham cheklangan. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz». Qoraqalpog'iston bo'yicha taklif etilgan o'zgartirishlardan maqsad nima edi? Yillab yoki o'nlab yillar davomida separatistlarning ajralib chiqish uchun harakatlari ortidan mojarolar davom etayotgan Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina va Moldovaning salbiy misollari inobatga olingandi deylik. Kremlning postsovet davlatlarida mahalliy mojarolarni ora-sirada muzlatish va avj oldirish maqsadida samarasiz kvazi-davlatlarni tuzish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha siyosati ham vaziyatni chigallashtiradi. Bunday xatarlar haqiqatda dolzarb. Ayniqsa so'nggi yillarda postsovet davlatlari mavjudligining legitimligi, ularning chegaralari va davlatchiligi Moskvaning rasmiy vakillari tomonidan muntazam ravishda shubha ostiga olinadigan sharoitda. Biroq, davlatimiz tarkibidagi butun bir boshli respublikaning ajralib chiqish huquqini ogohlantirishsiz Konstitutsiyadan chiqarib tashlash orqali ushbu xatarning oldini olish — muammoga samarali yechim bo'lmaydi . Qaytarib o'taman, 30 yil ichida biror marotaba bu huquqdan foydalanishga urinishlar bo'lmagan. Ehtimoliy separatizm va tashqi kuchlarning aralashuvidan qo'rqib, hozirning o'zidayoq separatizmga chorlovlarga to'qnash keldik. Shunday ekan, agar separatistik kayfiyatlarning oldini olish bo'yicha preventiv choralarni ko'rish vazifasi qo'yilgan bo'lsa, unda u muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bundan tashqari, Qoraqalpog'istonning maqomini o'zgartirish bo'yicha rejalardan nima maqsad ko'zlanganligini faqat taxmin qilishimiz mumkin, chunki rasmiylar bunga rasman izoh bermadi. Faqatgina Konstitutsion komissiya ekspertlarining qoraqalpoq jamiyati bu borada tegishli takliflar berganligi va respublika parlamenti ularni bir ovozda ma'qullagani haqidagi bayonoti OAVda ko'rinish berdi xolos. Biroq aksariyat postsovet mamlakatlarida bunday bayonotlarga tanqidiy nazar bilan qarash lozim. So'z erkinligi cheklangan va fuqarolik jamiyati shakllanmagan mamlakatlarda jamoatchilik fikri nisbiy narsa. Voqealar rivoji ko'rsatganidek, Qoraqalpog'iston aholisi respublika maqomini o'zgartirish umuman xohlashmagan. Bundan tashqari, separatistlar va ushbu mavzudan foydalanmoqchi bo'ladigan tashqi kuchlar mamlakat qonunlari bilan umuman qiziqmaydi . Ularning ta'sirlariga qarshi alohida maqomga ega bo'lgan hudud aholisi bilan samarali muloqotni yo'lga qo'yish, ularda unutilganlik hissi shakllanishining oldini olish, boshqalar bilan teng imkoniyatlar va munosib hayot darajasi bilan ta'minlash orqali kurashish samaraliroq. Yana bir savol bor. Qaror qabul qilish jarayoni qanday kechgan? Qaror bir nechta darajalarda ko'rib chiqilganligi tushunarli. Shunday ekan, nima uchun hech qaysi darajada hech kim aynan Qoraqalpog'iston bo'yicha o'zgartirishlarni shunday ko'rinishda va shunday uslubda qabul qilish kerakmasligini aytmadi (balki aytgandir, lekin ishontira olmagandir)? Jamiyat bilan juda ehtiyotkorona, mashaqqat bilan va uzoq muddat ishlash kerakligi , bir vaqtning o'zida ham respublikaning maxsus maqomini, ham O'zbekiston chegaralari daxsizligini anglatadigan barcha tomonlarni qanoatlantiradigan yo'llarni topish lozimligi haqida nega gapirilmagan? Na qaror qabul qiluvchilar, na jamiyat bunday oqibatlarga tayyor bo'lmasa, eng yaxshisi bunday murakkab mavzuni umuman ko'tarmaslik kerak. Masalaning yana bir jihatiga e'tiborni qaratish lozim. Qoraqalpog'istonda jamiyatning o'zgartirishlar bo'yicha noroziligidan O'zbekiston tarkibidan ajralib chiqishgacha chorlovlarga o'tish juda tez amalga oshdi. Bunda xohlagancha tashqi kuchlarni ayblash mumkin va ular haqiqatda jarayonga aralashgan. Lekin shuni unutmaslik kerakki, birinchidan, inqiroz aynan davlat tizimimiz ichidagi xatolar sababli yuzaga keldi va keskinlashdi. Axir o'zgartirishlar e'lon qilinganiga qadar Nukusda hech qanday noqonuniy mitinglar bo'lmagandi , hech kim odamlarni O'zbekiston tarkibidan ajralib chiqish chorlovlari bilan yig'mayotgandi va referendum o'tkazishni talab qilmayotgandi. Balki, bu masalaning umuman kun tartibida bo'lmaganidandir? Ikkinchidan esa, jamiyatda nosog'lom jarayonlar boshlanganda, har qanday tuzum — eng demokratigidan tortib eng totalitarigacha — vaziyat o'z-o'zidan hal bo'lib ketishidan umid qilib, jim turishi kerak emas . Hal bo'lmaydi. Davlat o'zi shug'ullanmasa — vaziyat keskinlashib boraveradi va bu muammo bilan boshqalar shug'ullana boshlaydi, bunda ham ichkaridagi, ham tashqaridagi kuchlar faollashadi. Bizning holatda tashqi kuch bo'lgan bo'lsa ham, u yetarlicha chegaralangan edi, jiddiy aktorlar esa, baxtimizga, jarayonga aralashishmadi. Biroq, agar muammo operativ tarzda yechilmasa, tashqi omilning o'rni kuchayib boraveradi. Shuning uchun ham rasmiylar ushbu vaziyatdan chiqib ketish yo'lini iloji boricha tezroq topishlari kerak, aks holda har biri o'z manfaatlarini ilgari suradigan juda ko'plab tashqi aktorlar aralashishni boshlashi mumkin. Favqulotda holat rejimi amal qilishni boshlagan yakshanba kunida Nukus ko'chalarida sokinlik hukm surardi. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz». Yuzaga kelgan vaziyatda mamlakat rahbariyatida muammoni shoshilinch tarzda yechishdan boshqa chora qolmagandi. Shanba va yakshanba kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusda bo'ldi. U Koraqalpog'iston to'g'risidagi moddalar o'zgartirilmasligini ta'kidladi, qoraqalpoq jamiyatining noroziliklari haqida unga xabar bermaganliklari uchun amaldorlarni tanqid qildi va qoraqalpoq xalqining manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini ko'rsatdi. Shu bilan birga, respublika hududida bir oyga favqulotda holat kiritildi, unga rioya qilinishi Milliy gvardiya tomonidan nazorat qilinishi belgilandi. Qoraqalpog'istonning konstitutsion maqomini o'zgartirishni bekor qilish qarori hozirgi holatda yagona to'g'ri qaror bo'ldi. Shu bilan birga, mamlakat rahbariyatining ushbu qarori zaiflik belgisi sifatida baholanmasligi kerak. Jamiyat noroziligiga uchragan xato qarorlardan voz kechish mamlakatimizda odat tusiga kirsa yanada yaxshi bo'lardi. Har qanday masala bo'yicha jamiyat fikri e'tiborga olinganligi va qaror to'g'rilanganligining namoyish qilinishi bu — aynan rasmiylar va aholi o'rtasidagi uzilishning oldini olishi mumkin bo'lgan chora. Rasmiylar reallikdan boxabar bo'lmagan va jamiyatdagi kayfiyatlar bilan ishlay olmaydigan, jamiyat esa juda charchaganligidan rasmiylarni tan olishni xohlamaydigan vaziyatda nima sodir bo'lishini revolyutsiya va fuqarolik nizolariga bag'ishlangan tarix darsliklari batafsil ta'riflab beradi. Hozir Qoraqalpog'istondagi inqirozni yechishda O'zbekiston hukumati «tayoq va shirinlik» uslubini qo'llayotganligi ko'rinmoqda. Bir tomondan, yo'l qo'yilgan xatolar shoshilinch tarzda to'g'rilanyapti, qoraqalpoq jamiyatiga kompromissga borish va respublika maqomini o'zgartirmaslik bo'yicha talabni eshitishga tayyorlik namoyish qilinmoqda. Boshqa tomondan, «tartibsizliklar tashkilotchilari va ma'muriy binolarni egallashga uringan shaxslar» bo'yicha jiddiy bayonotlar kelgusida O'zbekistondan ajralib chiqish bo'yicha chorlovlarga qat'iy choralar bilan javob berilishini va uyga tarqalish kerakligini bildirmoqda. Umuman olganda, bunga tayyorlik 1 va 2 iyul kunlari ko'chaga chiqqanlarni tarqatish paytida namoyish qilindi. 4 iyul bo'yicha rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, to'qnashuvlar vaqtida 18 kishi vafot etgan. Qon to'kilganligining o'zi Qoraqalpog'iston va O'zbekiston jamiyatlari yengib o'tishi kerak bo'lgan to'siqqa aylanib ulgurdi. O'tgan haftada yuzaga kelgan inqirozning uzoq muddatli oqibatlari haqida gapirishga hali erta. Ular vaziyatni barqarorlashtirish jarayoni qanday kechishiga bog'liq bo'ladi. Rasmiylar ham, jamiyat ham bir-biriga qarshi radikal choralar ko'rishdan tezroq voz kechishi muhim. Rasmiylar vaziyatdan o'z siyosiy maqsadlari yo'lida foydalanishga urinayotgan provokatorlarni qabul qilingan qaror haqida kech xabardor bo'lib, adolatli tarzda noroziligini bildirgan jamiyatdan ajrata bilishlari lozim . Muammolarni yechish uchun repressiv apparatni ishga tushirish, tinch aholini ta'qib qilish hamda qurbonlar va jabrlanganlarning kelgusida soni oshishi vaziyatni yanada keskinlashtiradi. Qoraqalpoq jamiyati ham xuddi shunday strategiyani qabul qilishi kerak. Ular respublika maqomi haqidagi qaror qanday qabul qilinganligidan xafa bo'lishga to'liq haqli, lekin O'zbekistonning hududiy yaxlitligiga tahdid soladigan quruq separatizm tomoniga og'ib ketishlari kerak emas. Oqilona va pragmatik qarorga kelinmasa, mojaro cho'zilib ketishi va tomonlar orasidagi jarlik chuqurlashib borishi mumkin. Bu esa vaqti-vaqti bilan eskalatsiyaga olib kelishi, hattoki eskalatsiya va dushmanlik holatini doimiy qilib qo'yishi ham mumkin. Hozir Qoraqalpog'istondagi voqealar hududiy yaxlitlik va xalqlarning o'z taqdirini hal qilish huquqi tamoyillari o'rtasidagi azaliy qarama-qarshilikning navbatdagi epizodi sifatida taqdim etilmoqda. Biroq vaziyatni faqat ushbu kontekstda ko'rib chiqish kerak emas, chunki bu bizni sodir bo'lgan voqealarning asosiy sababidan uzoqlashtiradi. Muammoning asosiy sababi esa har qanday qarorlarning samarasiz amalga oshirilishi va ularni qabul qilish jarayonida jamoatchilikning turli fikrlari haqiqatda hisobga olinmasligi. Bir necha yil oldin Samarqandda qandaydir muhim tadbirdan oldin tartib o'rnatish bo'yicha qaror uysiz va hattoki xonaki hayvonlarning ommaviy o'ldirilgani bilan yakunlanganini eslaylik. Yoki shahar infratuzilmasini yangilash bo'yicha qaror fuqarolarning uyidan majburan ko'chirilishi va mulki «snos» bo'lishiga olib kelganini. Yoki shaxsiy ma'lumotlar xavfsizligini ta'minlash bo'yicha qaror qisqa muddatga bo'lsa ham ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning bloklanishiga olib kelganini. Ushbu va boshqa ko'plab holatlar Qoraqalpog'istondagi keys bilan birgalikda bitta zanjirning qismlari bo'lib, ularning ildizida bitta muammo yotadi. Agar qaror qabul qilish jarayonida mas'ul ijrochilar strategik fikr yuritganida, barcha ehtimoliy oqibatlar haqida o'ylaganliklarida va shoshilib, parda ortida vazifani bajarmasdan, barcha qadamlarni puxta tuzib chiqqanlarida, Qoraqalpog'istondagi fojiaviy voqealarning oldini olish mumkin bo'lardi. Yoki rasmiylar va partiyalar qoraqalpoq jamiyatida yuzaga kelgan savollarga respublika maqomi haqidagi o'zgartirishlar loyihasi e'lon qilinganining birinchi kunlaridayoq reaksiya bildirishganlarida. Faqatgina prezident ushbu o'zgartirishlardan voz kechilishi haqida bayonot berganidan so'nggina deputatlar va senatorlar Qoraqalpog'iston haqida chiqishlar qilishni boshlashdi, dushanba kuni esa boshqa o'zgartirishlarning ommaviy muhokamasini yana 10 kunga cho'zish bo'yicha qaror qabul qilishdi. Rasmiylarimiz nimanidir to'g'ri qilishni xohlashsa, buni astoydil amalga oshirishini amaliyotda ko'rganmiz. Demak, bizga kimdir tayyor emasligi, kadrlar yo'qligi, resurslar yo'qligi va hokazolar haqida gapirishni boshlashganda — gap ularning nimagadir qodir emasligida emas, shunchaki xohishning yo'qligidandir. O'zbekiston davlat boshqaruvi tizimining eng asosiy muammosi ham shunda. Tajribani orttirish, bilim va texnologiyalarni olish, ko'nikmalarni esa rivojlantirish mumkin. Lekin nimanidir to'g'ri qilish va ishlash xohishining yo'qligi bilan kurashish juda qiyin. 2016 yilda juda katta maqsadlarni qo'ygan islohotlar dasturi e'lon qilindi, turg'unlikdan charchagan xalq uni katta entuziazm bilan qarshi oldi. Bu mamlakat rahbariyatiga jamiyatning sodiqligini (loyallik) ta'minlab berdi, bu esa transformatsiya jarayonini boshlagan har qanday hukumat uchun kerak. Va bu transformatsiya jarayoni, qanchalik qarama-qarshiliklari bo'lmasin, qator ijobiy natijalarga olib keldi. Biroq, keyingi qadamni qo'yish vaqti kelganida, biz negadir bir joyda to'xtab qoldik, rasmiylarda esa ularning har qanday qarorlari o'z-o'zidan ma'qullanishi kerakligi haqida tasavvur paydo bo'ldi. Jamiyatni yopiq eshiklar ortida qabul qilib bo'lingan qarorlar haqida xabardor qilishdan iborat birtomonlama kommunikatsiyadan voz kechish lozim. Siyosatni amalga oshirishning bunday uslubi vaqti-vaqti bilan inqirozlarga olib keladi. Va hech kim ertami-kechmi muammoga operativ yechim topilmay, vaziyat haqiqatda dahshatli tus olishidan sug'urtalangan emas, ana o'shanda davlat xavfsizligi jiddiy xavf ostida qolgan bo'ladi. O'zbekistonning hududiy yaxlitligi esa, ayniqsa hozirgi davrda, umuman so'roq ostiga olinmasligi kerak. Aynan shuning uchun ham o'zimiz yo'q joydan hududiy yaxlitlikka tahdidlar yaratmasligimiz kerak. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Yuriy Saruxanyan — Xalqaro munosabatlar sohasi bo'yicha mutaxassis. « Seriya penalti » Telegram-kanali muallifi.
columnist
Huquqshunoslar Umida Haqnazar va Ilhom Azizov , shuningdek, iqtisodchi Yuliy Yusupov o'z maqolalarida agrar islohotlarning borishini tahlil qilib, bir qator o'z yechimini kutayotgan masalalar, xususan, qishloq xo'jaligi yerlaridan foydalanish va ularga egalik qilish huquqini himoya qilish, majburiy davlat buyurtmasi amaliyotidan voz kechish va boshqalar xususida so'z yuritadi. Mualliflar Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritilayotganda qishloq xo'jaligi yerlarini nihoyat tijorat muomalasiga kiritish, unga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini mustahkamlashga e'tibor qaratish lozim deb hisoblaydi. O'zbekiston Qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasi yaqin yillarda qishloq xo'jaligini rivojlantirishning muhim ustuvor yo'nalishlarini o'z ichiga oladi. Xususan, qator vazifalar bilan birgalikda, tarmoq boshqaruvida davlatning ishtirokini qisqartirish va bozor mexanizmlarining rolini kuchaytirish , tarmoqning investitsion jozibadorligini oshirish ko'zda tutilgan. Strategiyada tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga to'sqinlik qiluvchi omillar sifatida yerdan foydalanish huquqining yetarli darajada kafolatlanmaganligi , yer maydonlarini taqsimlashning aniq mexanizmlari mavjud emasligi, ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlarining cheklanganligi va boshqa sabablar qayd etilgan. Shuningdek, paxta va g'alla uchun majburiy davlat buyurtmasini bekor qilish zarurligi to'g'risida ham so'z yuritilgan. O'zbekistonda qishloq xo'jaligi yerlaridan foydalanishdagi asosiy muammolar: 1. Fermer va shirkat xo'jaliklariga qarashli qishloq xo'jaligi yerlaridan, yer unumdorligi darajasini saqlash va oshirish nuqtai nazaridan, samarasiz foydalanilmoqda. Tuproq unumdorligi muttasil pasayib, sho'rlanish holatlari va yerlarning degradatsiyasi yuzaga kelmoqda. Buning asosiy sabablari: 2. Fermer va shirkat xo'jaliklariga qarashli qishloq xo'jaligi yerlaridan, yerdan foydalanishning tijoriy rentabelligini maksimallashtirish nuqtai nazaridan, samarasiz foydalanilmoqda. Davlat buyurtmasi asosidagi qishloq xo'jaligi ekinlari uchun majburiy yer kvotalari fermerlarga tuproq xususiyatlari, iqlim, suv bilan ta'minlanganlik, kadrlar malakasi, bozor konyunkturasi, xarajatlar hajmi va qiyosiy ustunlikning boshqa omillarini hisobga olgan holda ishlab chiqarish tarkibiy tuzilmasini optimallashtirish uchun imkon bermaydi. Aksariyat hollarda paxta va g'alla yetishtirish uchun ajratilgan yerlarda boshqa ekinlarni yetishtirish samaraliroq bo'ladi. 3. Suv resurslarining yakuniy foydalanuvchilari, shuningdek, suv infratuzilmasiga mas'ul shaxslar va tashkilotlar tomonidan suvdan oqilona foydalanish uchun samarali rag'batlantirish vositalari mavjud emas. Natijada suv resurslarining 1/3 qismidan ortig'i sug'orish tarmoqlarida yo'qotilmoqda. Sug'oriladigan yerlarning bir necha foizigina suvni tejovchi texnologiyalar bilan ta'minlanganligi sababli undan ham ko'proq miqdordagi suv dalalarda yo'qotiladi. 4. Ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun yerdan foydalanish imkoniyatlari to'liq yuzaga chiqarilmagan: Manba: «O'zbekiston Respublikasida qishloq xo'jaligi yerlarini taqsimlash va ulardan foydalanishni optimallashtirishning hozirgi holati va imkoniyatlari» tahliliy qaydnomasi. Toshkent, 2020. Hujjat Yevropa Ittifoqining «Qishloq xo'jaligi vazirligiga texnik yordam ko'rsatish» (Technical Assistance to the Ministry of Agriculture) loyihasi buyurtmasi asosida Iqtisodiy rivojlanish markazi (Center for Economic Development, Uzbekistan) ekspertlar guruhi tomonidan tayyorlangan. Mamlakat prezidenti o'z chiqishlarida yuqorida sanab o'tilgan muammolarni hal etish, jumladan, majburiy davlat buyurtmasini bekor qilish, yerdan ijara va ikkilamchi ijara shaklida foydalanish huquqini kengaytirish, yerlarni taqsimlashda mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlarini qisqartirish, qishloq xo'jaligi sohasi faoliyatiga bozor mexanizmlarini joriy etish zarurligini bir necha bor ta'kidlab o'tgan. Qabul qilingan bir qator qarorlarga qaramay, obyektiv (pandemiya) va subyektiv (davlat apparatining qarshiligi) sabablarga ko'ra agrar islohotlar butunlay muzlatib qo'yildi. Qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish jarayoniga davlatning sezilarli aralashuvi saqlanib qolmoqda, majburiy davlat buyurtmasi tizimi amalda hali ham mavjud, fermerlarning yerdan foydalanish huquqlari cheklangan va yetarli darajada himoyalanmagan. Bu ko'plab salbiy oqibatlarga olib keladi va agrar islohotlarni amalga oshirish istiqbollarini shubha ostida qoldiradi. Majburiy davlat buyurtmasi institutining saqlanib qolishi «Qishloq xo'jaligi ekinlarini joylashtirish» deb yuritiluvchi ma'muriy usulning hali ham amalda qo'llanilayotganligi, shuningdek, yerlarni taqsimlashning sharti sifatida hosildorlikning me'yorlashtirilgan ko'rsatkichlari (Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 avgustdagi 235-sonli qarori ) saqlanib qolayotganligi sababli ekin maydonlarining 70 foizdan ortig'i majburiy tartibda paxta va g'alla yetishtirish uchun ajratilishi davom etmoqda. Boshqacha aytganda, majburiy davlat buyurtmasi instituti amalda saqlanib qolgan va bu tarmoqning samarasizligi hamda kelgusidagi islohotlarni amalga oshirish imkonsizligining asosiy sababi hisoblanadi. Yerdan foydalanish huquqining yaxshi himoyalanmaganligi va cheklanganligi Hokimlarning yerlarni taqsimlash va qayta taqsimlashdagi vakolatlari qisqartirilgan bo'lsa-da, ularga bu jarayonlarda faol ishtirok etish imkonini beruvchi sezilarli istisno holatlar hali ham amal qiladi (2021 yil 8 iyundagi 6243-sonli va 2022 yil 24 martdagi 91-sonli prezident farmoni). Yerlarning noqonuniy savdosi, shuningdek, yer maydonlarini fermerlardan noqonuniy olib qo'yish amaliyoti davom etayotganligi kuzatilmoqda. O'zbekistonning siyosiy-huquqiy tizimida o'zaro tiyib turish va muvozanatni saqlashning samarali tizimi mavjud emasligi tufayli na sud hokimiyati, na vakillik hokimiyati, na jamoatchilik yerdan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish imkoniyatiga ega emas. Fermer xo'jaliklariga berilgan yerlardan qat'iy belgilangan maqsadda foydalanilishi lozim, bu esa tadbirkorlik erkinligi, qishloq xo'jaligi ekinlarini tuproq va iqlim xususiyatlari, suv bilan ta'minlanganlik, kadrlar malakasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda tanlash imkoniyatini cheklaydi. Yer maydonlari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti bo'lishi mumkin emas, bu esa sohaga samarali mulkdorlar, investitsiyalar va kreditlarni jalb qilishga imkon bermaydi. Qonunchilikka kiritilgan so'nggi o'zgartish va qo'shimchalar (2020 yil 29 sentabrdagi qonun bilan) ikkilamchi ijara institutidan foydalanishga ruxsat beradi (ilgari bu taqiqlangan edi), biroq uni qo'llash imkoniyatlari sezilarli cheklangan. Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer maydoni fermer xo'jaliklariga bir yilgacha bo'lgan muddatga (investitsiya loyihalari yoki davlat-xususiy sheriklik asosida kamida 3 yildan kam va 49 yildan ko'p bo'lmagan muddatga) ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin. Dehqon xo'jaligiga yer maydoni taraflarning kelishuvi asosidagi muddatga vaqtincha foydalanishga berilishi mumkin. Biroq, ikkilamchi ijaraga olingan qishloq xo'jaligi yer maydoni oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti bo'la olmaydi. Qishloq xo'jaligi klasterlari bozor tamoyillariga zid ma'murchilikning yangi vositasi sifatida Qonunchilik yerdan foydalanishning uchta shaklini nazarda tutadi: (1) fermer xo'jaligi; 2) dehqon xo'jaligi; va (3) kooperativ xo'jalik (shirkatlar). Biroq, so'nggi yillarda to'rtinchi shakl — qishloq xo'jaligi klasterlari keng qo'llanilmoqda, vaholanki, qonun hujjatlarida klasterlar yerdan foydalanish shakli sifatida belgilanmagan. Ayni paytda, davlat fermerlarni davlat buyurtmasi asosidagi ekinlarni yetishtirishga majburlash vakolatini aynan klasterlarga topshirgan, shu bilan bir qatorda, majburlash nafaqat paxta va g'allaga, balki boshqa ekinlarga (meva va sabzavotlarga) nisbatan ham qo'llanilishi mumkin. Bundan tashqari, klasterlar ayrim hollarda ilgarigidan ko'ra kuchliroq agrotexnologiyalarni joriy etish orqali o'zlariga biriktirilgan fermerlarning faoliyat erkinligini yuqori darajada cheklab qo'ymoqda. O'zbekiston past texnologiyali to'qimachilik mahsulotlari eksportyori hisoblanadi, ayni paytda yuqori qo'shimcha qiymatga ega va sifatli to'qimachilik mahsulotlarini import qiladi. Paxta klasterlari paxtani asosan eksportga mo'ljallangan kalava-ip ishlab chiqarish maqsadida sotib oladi. O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan to'qimachilik mahsulotlarining 97 foizi va kalava-ipning 60 foizdan ortig'i eksport qilinadi, shundan tayyor mahsulotlarning 60 foizi Rossiya va boshqa MDH davlatlariga, oqartirilgan va bo'yalgan kalava-ipning 100 foizi esa Xitoy va Turkiyaga yo'naltiriladi. Ishlab chiqarilgan kalava-ipning 90 foizi trikotaj va faqat 10 foiz qismigina gazlama to'qish uchun mos keladi. Gazlama to'qishga mo'ljallangan iplar ishlab chiqarishning texnologik murakkabligi tufayli O'zbekiston bu sohada muhim ishtirokchiga aylana olmadi. Tayyor to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga kelsak, O'zbekistonda paxtadan asosan mahalliy aholi uchun qimmatlik qiladigan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqariladi va ular asosan Rossiya va Sharqiy Yevropaga eksport qilinadi. Xitoy va Turkiya singari kimyo sanoati rivojlangan mamlakatlarda raqobatbardoshroq narxlarda ishlab chiqarilayotgan, asosan sun'iy gazlamalar va bo'yoqlardan tayyorlangan arzon mahsulotlarga nisbatan mahalliy talab yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa, asosan, ortiqcha va nuqsonli mahsulotlarni ichki bozorga sotadi. ( «O'zbekistonda to'qimachilik klasteri uchun texnik-iqtisodiy asoslash» hisoboti ma'lumotlari, Price Waterhouse Coopers Central Asia va Caucusus B.V. (PwC) tomonidan Ajlan & Bros. uchun tayyorlangan, 2019 yil. ) Bug'doyga kelsak, iqlim shart-sharoitlari sababli yetishtiriladigan mahalliy bug'doy non ishlab chiqarishga yaroqli emas. Mahalliy bug'doydan tayyorlangan deyarli barcha mahalliy unlar faqat past sifatli qolipli non (buxanka) ishlab chiqarish uchun yo'naltiriladi. Natijada katta miqdordagi non chiqindilari kuzatilmoqda va mahalliy undan tayyorlangan arzon qolipli nondan chorva ozuqasi sifatida foydalanilmoqda (bu chorva uchun ham zararli). Klasterlarning raqobatbardosh afzalliklari asosan fermerlarni muayyan ekinlarni yetishtirishga majburlash, yetishtirilgan hosilni qat'iy belgilangan narxlarda sotish, elektr energiyasi, gaz, suv tariflarining arzonligi, shuningdek, to'qimachilik fabrikalari xodimlari mehnatiga haq to'lashning past darajasi kabi nobozor omillar asosiga qurilgan. Davlat (barcha ko'rinishlardagi) majburiy davlat buyurtmasidan voz kechsa, ish haqi o'sishni boshlasa, elektr energiyasi, suv va gaz uchun subsidiyalar qisqartirilsa yoki ularga chek qo'yilsa, klasterlar o'zlarining raqobatdosh ustunliklarini yo'qotadilar va yuqori ehtimollik bilan ularning aksariyati raqobatga dosh berolmay qoladilar. Bundan kelib chiqadiki, so'nggi yillarda tashkil etilgan «qishloq xo'jaligi klasterlari» — bu davlat-monopoliya boshqaruvining faqatgina sun'iy ravishda yaratilgan sharoitlarda yashab qolishga qodir bo'lgan yaqqol samarasiz shakli bo'lib, ularning ishlash tamoyillari agrar islohotlarni amalga oshirishga to'sqinlik qilmoqda. Qishloq xo'jaligining «klasterlashuvi» ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq bir qator tahdid va risklarni kuchaytirdi. Klasterlarga biriktirilgan fermerlarning yerlari klasterlarning mulki hisoblanmaydi va ular tomonidan qimmatli aktiv sifatida qaralmaydi. Shuning uchun ularda yerning unumdorlik va sifat darajasini saqlash yoki oshirish maqsadlari uchun uzoq muddatli investitsiyalar kiritishga hech qanday rag'bat yo'q. Shunga qaramay, ular bu yerdan maksimal darajada foydalanishdan manfaatdor. Bundan tashqari, paxta va bug'doyga asoslangan monokulturaning saqlanib qolayotganligi mahsulot turlarini ko'paytirish imkoniyatini cheklaydi, bu esa mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Ishlab chiqarish hajmini oshirishga urg'u berilishi qishloq xo'jaligi klasterlarini tuproq holati va almashlab ekish amaliyotini hisobga olmasdan, kimyoviy o'g'itlar va zararkunandalarga qarshi kurash vositalaridan ortiqcha foydalangan holda hosildorlikni oshirishga undaydi. Kimyoviy moddalar va pestitsidlardan nazoratsiz foydalanish tuproqni quritadi va mikroorganizmlarni tabiiy yashash muhitidan mahrum qiladi. Bundan tashqari, sug'orish va tuproqni yuvish uchun foydalaniladigan suv ifloslanmoqda. Biologik o'g'itlardan foydalanish tegishli qisqa muddatli samarani bermayapti va ularga bo'lgan talab tobora pasayib bormoqda. Respublikada 1000 dan ortiqni tashkil etgan biologik laboratoriyalar soni klasterlar faoliyati davomida 600 tagacha qisqargani ularga bo'lgan talab kamayganidan dalolat beradi. Tuproq holatining yomonlashuvi va ifloslanishi, suvning ifloslanishi nafaqat bevosita paxta va g'alla yetishtiriladigan yer maydonlarida, balki boshqa barcha sug'oriladigan yerlarda ham yuzaga kelmoqda. Tuproq muhim mikroelementlari: harakatlanuvchi fosfor (me'yordan 93 foiz past), almashinadigan kaliy (me'yordan 68,3 foiz past), chirindini (me'yordan 70,3 foiz past) yo'qotmoqda. Ko'plab mamlakatlarda allaqachon taqiqlangan xlororganik pestitsidlardan uzoq muddat foydalanish natijasida DDT, DDD, DDE, GHSG kabi ular orasidagi eng zararlilarining konsentratsiyasi me'yordan sezilarli darajada oshib ketgan. Ularni tuproqdan chiqarib tashlash uchun (ko'pchiligi 100 yildan ortiq vaqtdan beri saqlanib kelmoqda) ilmiy yondashuv, birinchi navbatda, monokulturadan voz kechish, tuproqni mikroelementlar bilan boyitish imkonini beruvchi almashlab ekishdan foydalanish talab etiladi. (O'zbekiston Karantin va o'simliklarni himoya qilish agentligi huzuridagi Agrokimyo ilmiy markazining 2021 yil uchun hisoboti ma'lumotlari). Bugungi kunga kelib O'zbekistonda ro'yxatga olingan 72 ta faol moddadan 43 tasi (60 foizdan ortig'i) Yevropa Ittifoqida foydalanish taqiqlangan moddalardir. Bu shuni anglatadiki, ushbu pestitsidlar vositasida ishlov berilgan bog'dorchilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga va Alimentarius Kodeksi qo'llaniladigan boshqa ko'plab mamlakatlarga eksport qilib bo'lmaydi. ( FAO / JSST Xalqaro komissiyasi tomonidan qabul qilingan oziq-ovqat mahsulotlariga oid standartlar va qoidalar kodeksini joriy etish bo'yicha xalqaro oziq-ovqat standartlari to'plami). Aholi salomatligiga zarar yetkazilmoqda, sababi pestitsidlar va o'g'itlarning ruxsat etilgan chegaraviy miqdori me'yordan ortiq bo'lgan mahsulotlarni iste'mol qilish salomatlik uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib keladi, xususan, yuqumli bo'lmagan kasalliklar, shu jumladan, onkologik kasalliklarning avj olishiga kuchli ta'sir ko'rsatadi. Mineral o'g'itlar agrokimyoviy xarita asosida qo'llanilmaydi. Natijada: Respublikada zarur toksikologik laboratoriyalar (pestitsidlarni tahlil qilish uchun) mavjud emas, bu esa salbiy oqibatlarga olib keladi: Ko'rinib turibdiki, tuproq sifatini qayta tiklash, o'simliklarning yangi navlarini yaratish, biologik xilma-xillik va meva-sabzavotlarning an'anaviy xo'jalik navlarini qayta tiklash, yer, suv kabi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, agrotexnika va biologik o'g'itlarni to'g'ri qo'llash yerdan foydalanuvchilardan bilim, investitsiyalar, foydalanish madaniyatining o'zini o'zgartirish va yerga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo'lishni talab qiladi. Bu fermerlar iqtisodiy mustaqillikka erishgan hamda yerdan foydalanish huquqining mustahkam kafolatlariga ega bo'lgan taqdirdagina mumkin bo'ladi. Amaldagi yerdan foydalanish mexanizmlari bunday imkoniyat va kafolatlarni ta'minlamaydi. Hozirda Yer kodeksiga va yerdan foydalanish huquqlarini liberallashtirish bo'yicha boshqa qonun hujjatlariga taklif etilayotgan o'zgartirishlar, manfaatli qo'shimchalarni o'z ichiga olganligiga qaramay, hali yetarli emas va yer munosabatlari sohasini samarali isloh qilish uchun zarur bo'lgan strategik muhim o'zgarishlarni nazarda tutilmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, quyidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur: 1. Majburiy davlat buyurtmasidan butunlay voz kechish, shu jumladan, «qishloq xo'jaligi ekinlarini joylashtirish», hosildorlik ko'rsatkichlarini me'yorlash va fermer xo'jaliklarining, korrupsiya manbai hisoblangan, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga zid bo'lgan, klasterlar bilan majburiy shartnoma tuzish amaliyoti hamda yer va suvdan noratsional foydalanish amaliyotiga chek qo'yish. 2. Paxta va bug'doyning erkin bozorlarini shakllantirish. 3. Qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun resurslar va xizmatlarning erkin va raqobatbardosh bozorlarini shakllantirish, shuningdek, qishloq xo'jaligini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, jumladan, nobank tashkilotlar vositasida moliyalashtirishni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish. 4. Qishloq xo'jaligi yerlariga egalik qilish huquqini mustahkamlash, jumladan: 5. Qishloq va suv xo'jaligi sohalarini davlat tomonidan tartibga solish tizimini isloh qilish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo'llab-quvvatlashning yangi tizimini yaratish, jumladan: 6. Pestitsidlarni tartibga solish bo'yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan: Yerdan foydalanish masalalariga mamlakat Konstitutsiyasiga taklif etilayotgan o'zgartirishlar ham ta'sir ko'rsatadi. O'zbekiston Konstitutsiyasining 55-moddasiga (amaldagi tahriri) ko'ra, yer umummilliy boylik bo'lib, undan oqilona foydalanish zarur va u davlat muhofazasidadir. Bu doktrina davlatning umummilliy mulkni «muhofaza qilishi» va «boshqarishi» ni nazarda tutadi. Bu, shuningdek, davlatning xalqqa xizmat qilishini, yer va boshqa milliy tabiiy boyliklar esa davlatning ishonchli boshqaruvida bo'lishini anglatadi, davlat yerni oldi-sotdi natijasida qo'lga kiritadigan holatlar bundan mustasno (Fuqarolik Kodeksining 182-moddasi). Fuqarolik Kodeksining 164-moddasi ta'rifiga ko'ra, «Mulk huquqi shaxsning o'ziga qarashli mol-mulkka o'z xohishi bilan va o'z manfaatlarini ko'zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, o'zining mulk huquqini, kim tomonidan bo'lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir». Konstitutsiya 55-moddasining muhokamaga kiritilgan yangi tahriri quyidagicha: «Yer, yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, o'simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat mulkida bo'ladi. Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham bo'lishi mumkin. Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlar, o'rmon fondi davlatga tegishli bo'lib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi". Taklif etilayotgan tahrir davlatni qishloq xo'jaligi yerlarining yagona egasiga aylantiradi va qishloq xo'jaligi yerlariga nisbatan xususiy mulkchilik imkoniyatini butunlay istisno qiladi hamda yerga nisbatan mustahkam huquqlarni belgilash imkoniyatlarini ushbu moddaning amaldagi tahriridagi qoidadan ham ko'proq cheklashni taklif qiladi. Qishloq xo'jaligi yerlarining ham savdo aylanmasida faol ishtirok etishi juda muhim. Bunga, birinchi navbatda, himoyalangan yerga egalik huquqini, shuningdek, xususiy mulk huquqini ham, uzoq muddatli ijara va ikkilamchi ijaraga bo'lgan huquqlarni ham kafolatlash orqali erishiladi. Yerga beqaror va himoyalanmagan egalik huquqi sharoitida yer va suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish mumkin emas. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida yerga, shu jumladan, qishloq xo'jaligi yerlariga bo'lgan mulk huquqi faqat yagona mulkdor sifatida davlat bilan cheklanmaydi. Shuningdek, ko'plab mamlakatlarda davlat yer bozorida tijoriy qishloq xo'jaligi faoliyatini amalga oshirish maqsadida ishtirok etmaydi, faqatgina yer munosabatlari sohasida jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish bo'yicha tartibga solish funksiyalarini saqlab qoladi. Bundan tashqari, yerning savdo aylanmasida to'liq ishtirok etishi kapitallashuv uchun muhim moliyaviy aktiv sifatida boshqa bozorlarning rivojlanishiga ham imkon yaratadi (masalan, moliyalashtirishni ta'minlash, shuningdek, iqtisodiyotning ushbu sektoridagi kompaniyalar uchun korporativ qimmatli qog'ozlar bozorini rivojlantirish uchun). Maqola mualliflari 55-modda loyihasining ikkinchi bandidan voz kechishni taklif qilmoqdalar: «Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlar, o'rmon fondi davlatga tegishli bo'lib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi». Mualliflar ushbu masalalarni ochiq muhokama qilishga tayyor, shuningdek, qonunchilikka kiritilishi zarur bo'lgan asosiy qoidalar bo'yicha batafsilroq va aniq takliflar berishga tayyor. Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
15 iyul kuni Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish bo'yicha qonun loyihasining ommaviy muhokamasi yakunlanadi. «Gazeta.uz» oldinroq amaldagi moddalar va taklif etilayotgan o'zgartirishlar jadvalini taqqoslash uchun e'lon qilgan edi. Muhokamalarni 10 kundan 20 kungacha uzaytirish bo'yicha qaror qabul qilib hamda oldingi muddat qisqaligini tan olgan holda, deputatlar ushbu jarayonda fuqarolarning misli ko'rilmagan faolligini qayd etishgan edi. Ular hujjat butun O'zbekiston xalqining taqdirini hal qilishini va aynan xalqning o'zi o'zgartirishlarning muallifi va manbasi bo'lishi kerakligini ta'kidlagan edilar. «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov o'z fuqarolik huquqidan foydalangan holda taqdim etilgan qonun loyihasi haqida o'z fikrlari bilan bo'lishadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsion islohotlar fonida ro'y bergan fojeali voqealar vaqtida Qoraqalpog'iston Jo'qorg'i Kengesidagi chiqishida deputatlarga savol bilan yuzlandi : «Mana shu o'zlaring bosh bo'lib, o'zlaring tashabbus bilan chiqib, o'zlaring so'zga chiqib, o'zlaring tasdiqlagansizlar. Nimaga menga odamlar norozi deb, telefon qilib aytmadinglar?» Qoraqalpog'istondagi voqealar konstitutsion islohotlarning aynan hokimiyatning uchta tarmog'i bir-biridan haqiqatda mustaqil bo'lishini va bir-birini tiyib turish mexanizmiga ega bo'lishini ta'minlash, aholi bilan muloqot, fikrni tinch yo'l bilan bildirish huquqlarining kafolatlanishi va qonunni buzmayotgan OAVlar faoliyatiga aralashmaslik nuqtai nazaridan dolzarb ekanligini yana bir marotaba namoyish qildi. Qiziq tomoni shundaki, konstitutsion komissiya bir oyning o'zidayoq 60 mingdan ortiq takliflarni tahlil qilishga (25 iyun holatiga ko'ra, kuniga 1600 dan ortiq!), qonun loyihasining matnini tayyorlashga va parlamentning quyi palatasiga ko'rib chiqish uchun kiritishga ulgurgan . Mafkura va maqsadlari turlicha bo'lishi kerak bo'lgan 5 partiya vakillaridan iborat quyi parlamant qonun loyihasini bir ovozda ma'qullagani ham e'tiborga molik. Asosiy qonunning 64 ta moddasiga kiritish taklif etilgan 200 ta o'zgartirish va 16 ta yangi normani kiritadigan 6 ta yangi moddani muhokama qilish uchun boshlanishida 10 kun berilgani ham e'tiborni tortadi — keiynroq shu 10 kun juda kam ekanligi ta'kidlandi . Na konstitutsion komissiya va na deputatlar 70−75 moddalarga taklif etilgan o'zgartirishlar va Qoraqalpog'istonning amaldagi Konstitutsiyasining 1 va 9- moddalari o'rtasidagi ziddiyatni payqashmagani ham e'tiborga molik. Vaholanki, deputatlar va komissiya a'zolari orasida huquqshunoslar bo'lsa kerak? O'ylashimcha, tiyib turish mexanizmlari ishlagan taqdirda parlament a'zolari keskin muhokamalar vaqtida qonun loyihasi matniga kiritilgan shu va shunga o'xshash ziddiyatlarga e'tibor qaratishgan bo'lishardi. Masalan: Ushbu ziddiyatlardan tashqari, taklif etilayotgan o'zgarishlarda Konstitutsiyada mavjud bo'lgan normalarning keraksiz takrorlanishlari (boshqa so'zlar bilan perefraza qilinishi) ham kam emas, bu esa asosiy qonunning hajmini shishiradi. Misol uchun: Shu va boshqa ortiqcha qo'shimchalardan tashqari, Konstitutsiyaga boshqa qonuniy aktlar tomonidan belgilanishi kerak bo'lgan normalarning qo'shilishini ham ko'rish mumkin. Masalan, Jinoyat yoki Jinoyat-protsessual kodeksi (26 moddaga o'zgartirish kiritish bo'yicha takliflar va yangi 26−1, 26−2 moddalar), Mehnat kodeksi (31 moddaga o'zgartirishlar), ta'lim to'g'risidagi qonun (41 moddaga o'zgartirish), Oila kodeksi (63 moddaga o'zgartirish) singari boshqa qonunlar bilan tartibga solinishi kerak bo'lgan masalalar kiritilgan. Konstitutsiya — boshqa barcha qonunlar tayanadigan qonun, lekin u boshqa barcha kodekslar va qonunlarni o'z ichiga sig'dirolmaydi. Mening fikrimcha, muhokama uchun e'lon qilingan qonun loyihasida hokimiyat bo'linishi va reprezentativ demokratiyaning mustahkamlanishiga oid o'zgartirishlar yetishmaydi. Sharl Lui Monteskyu tomonidan tavsiflangan hokimiyatning uchta tarmog'i klassik modeliga qaytsak. «Davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyat yuritishini va o'zaro hamkorligini ta'minlovchi» hokimiyat tarmog'ining mavjudligi (89-modda) ushbu modelga va Konstitutsiyaning 11 moddasiga (davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo'linishi) zid va ushbu tarmoqlarning mustaqilligiga putur yetkazadi. Nazarimda, 1992 yilgi Konstitutsiyaning dastlabki tahririda bo'lganidek, prezidentning davlat va ijro hokimiyati rahbari maqomini qaytarish lozim. Hokimiyat tarmoqlarining mustaqilligi, boshqa tarmoqlar tomonidan vakolatlarning ehtimoliy su'istemol qilinishiga qarshi kurasha oladigan mexanizmlar borligi, jamiyatda mavjud turli xil fikrlarning hokimiyat organlarida va OAV orqali taqdim etilishi (Qoraqalpog'istondagi voqealardan so'ng muloqot va kommunikatsiyaning yo'qligi haqida ko'pchilik gapirdi — jurnalist va ekspertlardan tortib Senat raisigacha ), shuningdek, o'zimiz qabul qilgan qonunlar va normalarni hurmat qilish va ularga rioya qilish mamlakatning barqarorligini ta'minlaydi hamda shunga o'xshash inqirozlarni to'liq bartaraf etmasa-da, ularning xavfini ancha kamaytiradi. Islohotlarning ustuvor maqsadi ham aynan shu bo'lishi lozim. O'zimiz qabul qilgan qonunlarning hurmat qilinishi va ularga rioya etilishi haqida. Konstitutsiya senzurani taqiqlaydi, chunki aynan OAV kommunikatsiya va muloqotni yo'lga qo'yishda ko'maklashadi. Ular «ehtiroslarni» muhokamalar tomon yo'naltiradi va har bir tomonga o'z pozitsiyasini boshqa tomonga yetkazishga, ko'chalarda va maydonlarda emas, qog'ozda «xumoridan chiqishga» imkoniyat yaratadi. Va har safar «yuqoridagi» kimdir «chegaradan chiqib ketgan» tahririyat muharririga telefon qilishni xohlab qolganida, ma'lumot ustidan keng va istalgancha nazorat o'rnatilishi qimmatga tushishini va bu negativ to'lqinlarni keltirib chiqarishini yodda tutish lozim. Mahalliy OAVda mavjud bo'lmagan ma'lumot va tahlilning o'rnini tezda, ehtimol o'z maqsadlariga ega xorijiy OAVlar yoki tushunarsiz Telegram-kanallar egallab oladi. Bunday kanallar o'z materiallari haqqoniyligi bo'yicha mas'uliyatni his qilmaydi va bunday holda feyklarga ishonmaslik bo'yicha chaqiriqlar ham yordam berolmasligi mumkin.
columnist
Mushfiq Kozimiy (1904−1978, ayrim manbalarga ko'ra 1887 yil tug'ilgan) Eron zamonaviy adabiyotining asoschilaridan biri, undagi ilk ijtimoiy-realistik roman muallifi hisoblanadi. 1922 yilda yozib tugallangan hamda 1924 yilda ilk bor ikki tomli kitob holida nashr ettirilgan «Qo'rqinchli Tehron» 1920 yillarning Eron adabiyotini butunlay yangi o'zanga burib yuborgan asarlar sirasiga kiradi. Bugun biz, bundan roppa-rosa 100 yil ilgari yaratilganligiga qaramay, sizdirilgan g'oyalari haligacha o'z ahamiyatini yo'qotmagan ana shu o'lmas asarga murojaat qilishni lozim topdik. «Qo'rqinchli Tehron» asari Eronning XX asr boshlaridagi qo'rqinchli, ayanchli tarixi haqida so'zlaydi. Asarda hamma narsa: mamlakatdagi (xususan, Tehrondagi) ijtimoiy-siyosiy vaziyat, milliy ozodlik harakatlari, siyosiy ziddiyatlar-u ijtimoiy turmushdagi tengsizlik va qarama-qarshiliklar, diniy mutaassiblik va, albatta, (bizga tanish) sevgi-muhabbat mojarolari quyuq bo'yoqlarda aks ettirilgan. Asarda, ayniqsa, jamiyatdagi ayollarga bo'lgan munosabat, zulm va jinsiy zo'ravonlik masalalari, shaharda avj olgan qo'shmachilik , ayollar orasidagi axloqsizlik va buzuqlik , ularning asl kelib chiqish sabablari (ehtimol, eng birinchilardan bo'lib) qalamga olinganligi keng, qizg'in muhokamalarga sabab bo'lgan. Asar voqealari bo'lib o'tgan 1916−1921 yillarda Eron hukumati Angliya va Rossiya ta'siri ostida, yarim mustamlaka holatida edi. Johil amaldorlar o'z huzur-halovatidan boshqa narsaning tashvishini qilmas, xalqning turish-turmushi, mamlakatning taqdiri bilan qiziqmas edilar. Bu ham yetmagandek, mamlakatda «din peshvolari» o'zlarining dindan butunlay yiroq bo'lgan mutaassib qarashlarini nafaqat avomga, balki davlat xizmatchilariga ham singdirib, zarur paytda shaxsiy manfaatlari yo'lida dinni qurol qilib, jamiyat manfaatlarini qurbon qilishdan tap tortmasdilar. Bir so'z bilan aytganda, davlat xazinasidan tortib oddiy dehqonning topgan-tutganigacha — mamlakatning milliy boyligi — tashqaridan kelgan va mahalliy o'g'rilarning cho'ntaklarini qappaytirish-u ularning aysh-ishratidan boshqa narsaga xizmat qilmasdi. Oqibatda, na qonunga, na Qur'onga amal qilinmaydigan bu jamiyatda jaholat botqog'iga borligicha botib bo'lgan g'ofillarni u botqoqdan qutqarishning ham, g'aflat uyqusidan uyg'otishning ham imkoni qolmadi. Tabiatda jonivorlar bir-biri bilan oziqlanib — kattasi kichigini, kuchlisi kuchsizini yeb kun kechiradi. Uning muvozanati shunda. Dunyoda shunday katta, kuchli va bir qadar «aqlli» davlatlar borki, ular ham o'zlaridan kichik yoki kuchsiz bo'lgan davlatlarni «yeyish» hisobiga muvozanat o'rnatmoqchi bo'lishadi . Qaysidir davlatlar yo noilojlikdan, yo kuchsizlikdan, yo nodonlikdan, yo o'z tabiiy boyliklari hisobini bilmaganliklaridan jilovlarini kuchlilar qo'liga o'z qo'llari bilan topshirishlari hech kimga sir emas. Eron ham shunday davlatlar ta'siriga tushadi — buning zararini esa xalq ko'rdi. Jamiyatda manfaatlar bir bo'lmasa, hamma o'z tomoniga tortib, taraqqiyot degan narsani ildizi bilan qo'porib tashlashi mumkin. Amaldorlarning vazifasi nima? Mamlakatning taraqqiyotiga, xalqning manfaatiga xizmat qilish, og'irini yengil qilish, jamiyatni dardiga shifo topish emasmi?! Na aqli, na jismi, na ruhi, na fikri, na e'tiqodi sog'lom bo'lmagan odamlar hech qachon boshqalarning dardiga malham qo'yolmaydi. Asarda Farrux, Mahin, Iffat, Ashrafxon, Siyovush, Javod hamda Mahinning ota-onasi obrazlari alohida o'rin tutadi. Farrux va Mahin obrazlari otashin muhabbatdan tashqari mamlakatdagi bo'g'ilgan маърифат га ishora ham. Jamiyatda ayolning o'rni (yoki o'rinsizligi ), haq-huquqi (yoki unga nisbatan haqsizliklar ) va ayolga bo'lgan munosabat (agar shunday atash mumkin bo'lsa) Iffat obrazida yaqqol namoyon bo'ladi. Ashrafxon va Siyovush obrazlari ayni davrda ularning yoshidagi avlod vakillarining salbiy ma'nodagi yuzi — mansab, davlat, ishrat yo'lida oriyati, hasmi-halolini ham pullaydigan pastkash, jirkanch kimsalar. Javod — Tehronning janubiy qismida yashovchi, ochlik va muhtojlikdan, chorasizlikdan bir non puli uchun jinoyatga ham tayyor ezilgan xalq vakili . Mahinning otasi — o'z obro'-e'tibori uchun qizini bozorga solishdan or qilmaydigan ota (lar) qiyofasida. Mahinning onasi… (onalar haqida yozgim yo'q). Asarda insonning nafsi yo'lida hayvondan battar qiyofaga kirishi, g'ofilligi, ilmsizligi, o'z haq-huquqini bilmasligi, fikrsizligi orqasidan qay darajada botqoqqa botishi, tanazzulga yuz tutishi mumkinligi judayam keskir tilda yozilgan. Asar tarixiy faktlar va hodisalar asosiga qurilgani holda badiiy to'qimalardan o'z o'rnida foydalanilgan. Faqat bo'yoqlar quyuqlashib, mubolag'a me'yordan oshgandek; ba'zi o'rinlarda muallif tilidan xuddi ertak eshitayotgandek bo'lasiz, ayniqsa, asarning birinchi qismida zodagonlar suhbatlari ( «Alhamdulillohki, barchamiz savodsizmiz», Mahinning otasi tilidan ). Asar uslubi va mazmuni jihatidan Abdulla Qodiriy va Xolid Husayniy asarlariga uyg'unlik sezish mumkin. Turli davrlarda yashagan bu ijodkorlarning har qaysisi ma'rifatdan yiroq millatining qayg'usi bilan yashaydi. Darhaqiqat, mamlakat rahbari kimlarningdir qo'lida qo'g'irchoq bo'lar ekan, amaldorlar xalq manfaati yo'lida birlashmas ekan, hukumatning so'zi bilan ishi bir bo'lmas ekan, dindan turli maqsadlarda qurol sifatida foydalanilar ekan, ilm-fan yo'lidagi to'siqlar olinmas ekan, bunday mamlakat erksizlikka, qoloqlikka mahkum. Inson omili «sifatiga» sarmoyadan qochgan davlat har qanday miqdor va sifat ko'rsatkichlarida boshqalardan orqada qolaveradi. Muqaddamxon Saidrasulova — iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti.
columnist
"Yuksalish" umummilliy harakati shu kunlarda "Mamlakatni uzoq muddat boshqargan lider-reformatorlar" (rus tilida boshqacharoq — "Лидеры-реформаторы и политические долгожители" — Lider-reformatorlar va siyosiy uzoq umr ko'rganlar) sarlavhasi ostida qiziq bir infografikani e'lon qildi . "Ularni ayrimlar islohotchilar, iqtisodiy mo'jizalar me'morlari, ba'zilar esa diktatorlar va konservativ qarashlar tarafdorlari deb atashadi. Lekin barchasi bir jihatda hamfikr — ular hokimiyat tepasiga kelishlari bilan keng ko'lamli islohotlar yuz berdi, davlat va jamiyatni o'zgartirish uchun imkoniyatlar yaratdi, mamlakati tarixida yangi sahifalar ochdi", — deyiladi infografika ostidagi matnda. "Ular — o'z davlatining ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojiga zamin yaratgan islohotlar hamda dasturlar tashabbuskorlari bo'lgan hukumat rahbarlari, prezidentlar, partiya yetakchilaridir. Ular yuqori siyosiy arenada 11 yildan 36 yilgacha qolishgan", — deya qayd etdi harakat. Infografika to'liq holatda quyidagicha ko'rishga ega: Infografika haqiqatan ham qiziqarli, chunki unga kiritilgan shaxslarning tarixda qoldirgan iziga har doim ham bir xil baho berib bo'lmaydi. Infografikaga ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum bir munosabat ham bildirildi. Masalan, iqtisodchi Botir Qobilov "Yuksalish" islohotchi deya atagan Salazarni uning qo'li ostidagilar ikki yil davomida aldab, u hanuz hukumat boshlig'iday o'zlarini tutganliklari haqidagi hikoyani eslatadi (ushbu voqeani mashhur "Britannica" ensiklopediyasi ham keltirgan). Jurnalist Muhrim A'zamxo'jayev nimaga ro'yxatga Gitler va Putin kiritilmagani masalasini ko'targan . Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha esa, ushbu infografikadagi kalit so'z — "uzoq muddat boshqargan". Darhaqiqat, infografikaga kiritilgan siyosatchilarni birlashtiradigan narsa — bu ularning hokimiyat tepasida uzoq vaqt qolganidir. Misol uchun, Buyuk depressiya to'lqinida 1933-yilda AQShda hokimiyatga kelgan va muhim islohotlarni amalga oshirgan Franklin Ruzvelt ikkinchi jahon urushi oxirigacha hokimiyatda qolib, to'rt marta oliy davlat lavozimiga saylangan. O'sha paytda birinchi prezident Jorj Vashington tomonidan o'rnatilgan ikki muddat haqidagi norasmiy qoida hali Konstitutsiyada rasmiy ravishda belgilanmagan edi. Biroq, mazkur norasmiy qoidani buzgan Ruzveltning harakatlari Konstitutsiyaga 22- o'zgartirish kiritilishiga sabab bo'ldi va u 1951 yildan kuchga kirdi — mazkur o'zgartirish ayni shaxsning davlat rahbari lavozimiga ikki martadan ortiq saylanishini taqiqlaydi. Ro'yxatda keltirilgan "mamlakatni uzoq muddat boshqargan" Javoharlal Neru, Indira Gandi, Margaret Tetcher, Angela Merkel parlament boshqaruvi shakliga ega mamlakatlarda hukumat rahbarlari bo'lgan. Bunday mamlakatlarda, qoida tariqasida, parlamentda ko'pchilik ovozga ega bo'lgan partiya yoki koalitsiya rahbari hukumat rahbariga aylanadi. Parlament monarxiyalari yoki respublikalarining Konstitutsiyalari odatda hukumat rahbarlari uchun muddatlar soniga cheklovlar qo'ymaydi, chunki parlament tomonidan hukumatni nazorat qilish mexanizmlari hokimiyatning bir shaxs qo'lida jamlanishini istisno qiladi. Hukumat parlament oldida to'liq hisobdor va ko'pchilikning qo'llab-quvvatlovi yoki ishonchini yo'qotganda iste'foga chiqadi. Masalan, xuddi o'shu Margaret Tetcher , Buyuk Britaniyaning bosh vaziri sifatida uchinchi muddatini yakunlay olmadi va parlamentda ko'pchilikning ovozini yo'qotganligi sababli iste'foga chiqishga majbur bo'ldi . Angela Merkelning Germaniyadagi barcha kabinetlari koalitsion bo'lib, bir qancha partiyalar a'zolarini o'z ichiga qamrab olgandi . Shunisi e'tiborga molikki, Indira Gandining Hindistondagi birinchi bosh vazirligi butun mamlakat bo'ylab hukumatga qarshi namoyishlar va muxolifatni bostirish uchun favqulodda holat joriy etilishi bilan yakunlandi. Gandining bu harakatlarini ayrimlar "demokratiyani o'ldirish" va "diktaturaning fashistik turi" deb ta'riflashgandi . Biroq, bu choralar Gandi va uning partiyasini keyingi saylovlardagi mag'lubiyatdan qutqarib qololmadi. Umuman olganda, islohotlariga umid bog'lanadigan rahbarlarning hokimiyatda uzoq vaqt qolishi umidsizlik va norozilik bilan tugashiga tarixda ko'plab misollarni keltirish mumkin. Misol uchun, "yangicha tafakkurga asos solgan" ("Yuksalish" ta'rifiga ko'ra) Den Syaopin nafaqat "Xitoy xususiyatlariga xos sotsializm" tamoyili, balki, Tyananmen maydonidagi namoyishlarni shafqatsizlarcha bostirishi bilan ham taniqli. Namoyishchilarning shiorlaridan biri quyidagicha edi: "Sotqin amaldorlar yo'qolsin". Xitoyshunoslar Garvard universitetidan Jon Ferbenk va Boston universitetidan Merl Goldman o'zlarining "Xitoy: Yangi tarix" kitobida qayd etishlaricha, "Xitoyning iqtisodiy o'sishiga turtki bo'lgan bozor islohotlari asosiy siyosiy islohotlar bilan birga olib borilmaganligi sababli, ular misli ko'rilmagan korrupsiya va ijtimoiy tengsizlikka olib keldi". "Yuksalish" harakati mamlakatni uzoq muddat boshqargan ayrim siyosatchilarni "islohotchilar" qatoriga kiritgani ham savollarni tug'diradi. Misol uchun, infografika mualliflari Antoniu di Salazarni ""Yangi davlat"ning bosh me'mori, mafkurachisi va rahbari" deb atab, uning "yangi davlati" mohiyatan fashizm mafkurasining kuchli ta'siri ostida shakllangan diktatura ekanligini eslatib o'tishni yoddan chiqarishgan. Ular, shuningdek, Salazar tomonidan o'z rejimining muxoliflari uchun yaratilgan va "sekin o'lim lageri" nomini olgan Tarrafal konslagerini ham unutishgan ko'rinadi. Tadqiqotchi Jak Jorjel o'zining "Salazarizm" nomli kitobida shunday deb yozadi: "Portugaliya rejimi… totalitar, politsiyaga asoslangan, anti-liberal, anti-demokratik, anti-parlamentar, raqiblariga nafrat bilan qaraydigan va ularni jismonan yo'q qilishga harakat qiladigan rejim edi. Bu hokimiyatni sevuvchi, qirq yil yolg'iz yashagan, o'z mamlakati va xalqini halokatga olib borgan mayda odam boshqaruvidagi fashizm edi". Ro'yxatga kiritilgan boshqa yana bir munozarali lider — harbiy to'ntarish ortidan hokimiyat tepasiga kelgan va keyinchalik prezident etib saylangan Pak Chon Xi bo'ladi. U Konstitutsiyani cheklab o'tib, uchinchi muddatga qolishga muvaffaq bo'ldi, bu vaqt ichida mamlakat amalda diktaturaga aylandi hamda bu ommaviy tartibsizliklar va Pak Chon Xining o'ldirilishi bilan yakunlandi. Uning o'limidan so'ng, The Washington Post gazetasida nashr etilgan "Pak merosi: farovonlik va qo'rquv" nomli maqola mualliflari shunday deb yozadi: "So'nggi yillarda paranoya belgilari paydo bo'ldi. Prezident saroyi — Moviy uydan yarim mil uzoqlikdagi mehmonxona derazalari prezident qayerda yashaganini ko'rishga urinadigan har kimning harakatiga to'sqinlik qilish uchun berkitib tashlangan edi. U jamoat oldida paydo bo'lganida esa, mehmonlar uning kelishidan bir soat oldin o'z joylarini egallashlari shart edi". Umuman olganda mamlakatni uzoq muddat boshqarganlar merosini tahlil qila turib, bu meros nafaqat "katta o'zgarish" va "tarixdagi yangi sahifa"ga, balki mutlaq kutilmagan oqibatlarga ham olib kelishi mumkinligini ko'rish mumkin. Qarorlarni qabul qilishdagi muvozanat, vakolatlarning taqsimlanishi, tiyib turish va muvozanat tizimi hamda hokimiyatning almashib turishi, ehtimol, davlat va jamiyat barqarorligini shaxsiy avtokratiyaga qaraganda yaxshiroq kafolatlaydi, bu avtokratiya qanchalik yaxshi niyat bilan boshqarilmasin. Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.
columnist
O'zbekiston hukumati 2019 yilda fuqarolar budjet mablag'larini sarflanishini aniqlash bo'yicha qaror qabul qilishda ishtirok etishini ta'minlaydigan tashabbusli budjetlashtirishni (Participatory Budgeting) joriy qildi. Ovoz berishning navbatdagi davri nihoyasiga yetmoqda va natijalar aholi, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarida tashabbusli budjet amaliyotiga qiziqish ortib borayotganini ko'rsatmoqda. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash tashabbusi joriy etilganidan buyon fuqarolar tomonidan davlat mablag'laridan foydalanish bo'yicha berilgan takliflar soni 2,5 barobar, fuqarolarning ovozlari esa qariyb 10 barobarga oshdi. BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska fuqarolarning budjet jarayoniga jalb etish loyihasi qanday yaratilgani va rivojlangani, uning afzalliklari hamda rivojlanish sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar to'g'risidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi. O'zbekistonda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash tashabbusining rivojlanishi O'zbekistonda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash tashabbusi ilk bor 2018 yil avgust oyida qabul qilingan «budjet ma'lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida»gi prezident qaroriga javoban ilgari surilgan. Aynan mana shu sa'y-harakatlar natijasida tumanlar budjetidagi qo'shimcha daromadlarning kamida 10 foizini fuqarolar tomonidan taklif qilingan sohalarni (tadbirlarni) moliyalashtirishga yo'naltirish uchun zamin yaratildi. 2021 yilga kelib fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlashni siyosiy va moliyaviy qo'llab-quvvatlash darajasi oshdi. Prezidentning 2021 yil aprelda qabul qilingan «budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorida tumanlar (shaharlar) budjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini fuqarolar tomonidan kiritilgan takliflarni moliyalashtirishga yo'naltirish belgilandi. Bundan tashqari, tuman va shaharlar budjeti qo'shimcha daromadlarining kamida 30 foizi ham fuqarolar tashabbuslariga yo'naltirilishi belgilandi. 2021 yilda Qoraqalpog'iston, Toshkent shahri va viloyatlarda bittadan tuman/shaharda budjet mablag'larini fuqarolar tashabbuslari uchun taqsimlashning yangi mexanizmi sinovdan o'tkazildi. 2022 yildan boshlab fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash amaliyoti mamlakatning barcha tumanlarida joriy etildi. Har yili budjet mablag'lari hisobidan moliyalashtirish uchun fuqarolar takliflarini ilgari surish ikki mavsumda amalga oshiriladi. Joriy yil avgust oyida ikkinchi mavsum boshlanib bo'lgan. Fuqarolarning mazkur mexanizm va uning natijalari to'g'risidagi xabardorligi oshishi bilan ularning qiziqishi, ishonchi va daxldorlik hissi ham shunga yarasha ortib borishi lozim. Hozirgacha erishilgan natijalarning ko'lami to'g'risida tasavvur hosil qilish uchun raqamlarga murojaat qilish kifoya. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash doirasida ajratilayotgan budjet mablag'larining ortishi natijasida, fuqarolar tomonidan kiritilgan takliflar soni 2019 yildagi 28704 tadan 2022 yilda 69,7 mingtaga ko'paydi. Bundan tashqari, turli tashabbuslar uchun ovoz berayotgan fuqarolar soni ham mos ravishda 87,7 mingdan 6,7 millionga ko'paydi. Shu bilan birga, moliyalashtirish uchun tanlangan loyihalar soni 1102 tadan 2354 taga ko'paydi. Bu raqamlar ortida o'z tashabbuslari bilan o'z hamjamiyatlaridagi infratuzilmaviy muammolarni hal etishga, o'zi va qo'shnilarining hayotini yanada qulay va yaxshiroq qilishga erishgan faol fuqarolar turibdi. O'zbekistonda tashabbusli budjetlashtirish mexanizmi davlat tomonidan muntazam rejalashtirish jarayonida o'z navbatini uzoq kutishi mumkin bo'lgan ayrim fuqarolar uchun zarur bo'lgan tashabbuslarga ustuvorlik berish va tezlashtirish uchun fuqarolarga muhim bo'la oladi. Shuningdek, fuqarolarning tanlov komissiyalariga taqdim etgan loyihalari boshqa investitsiya rejalarini bilan bir hil chiqsa, fuqarolar bundan xabardor qilinadi. Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) erishishni fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtiroki orqali tezlashtirish Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash amaliyotlarini joriy etish va kengaytirish hukumatga kambag'allikni qisqartirishga yordam berish barobarida, ta'lim, sog'liqni saqlash va sotuv bozorlariga kirish orqali kambag'allikning barcha shakllariga barham berish nazarda tutilgan 1-son BRMga erishishga hissa qo'shadi. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash ko'p yo'llar asfaltlanmagan va yog'ingarchilik mavsumida foydalanish qiyin bo'lib qoladigan, infratuzilma yetarli bo'lmagan qishloq joylarida ayniqsa foydali va samarali bo'lmoqda. Yil davomida yo'llar holatining yomon bo'lishi odamlarning ishga, bolalarning esa maktabga borishini qiyinlashtiradi. Bu odamlarning harakatlanish imkoniyatlari hamda transport vositalarining samarali faoliyatiga to'sqinlik qilib, qishloq joylarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va mintaqaviy bozorlarga olib borilishiga salbiy ta'sir qiladi, pirovardida, iqtisodiy qoloqlikni keltirib chiqaradi. Masalan, Surxondaryo viloyati Qumqo'rg'on tumanidagi «Yangihayot» mahalla fuqarolari elektr ta'minotining tez-tez uzilishi bilan bog'liq qiyinchiliklarga duch kelishdi. Aytish joizki, internet yo'qligi, yorug'likning zaifligi, elektr jihozlaridan foydalana olmaslik ularning kundalik hayotida noqulayliklar tug'dirgan. Bu mahallada yashovchi arxitektura yo'nalishi talabasi Oybek Usanov bu holatning o'qishiga katta to'siq bo'layotganini ko'rib, o'z mahallasiga transformator o'rnatish taklifini yubordi va u mahalliy budjetdan moliyalashtirilishi uchun yetarlicha ovoz oldi. Bugungi kunda «Yangihayot» mahallasidagi har bir xonadon barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlangan bo'lsa, Oybek «Ochiq budjet» portali orqali mahallasida qo'shimcha obodonlashtirish ishlarini boshlab yubordi. Ko'p yillardan buyon ana shunday qiyinchiliklar bilan yashab kelayotgan Toshkent viloyatidagi «Jumabozor» mahallasi aholisi bunga yaqqol misol bo'lishi mumkin. Joriy yilda tumanda yashovchi faol fuqarolardan biri 1,5 km uzunlikdagi yo'lni ta'mirlash taklifi bilan chiqdi. Taklif yetarlicha ovoz olib, qishloqqa kirish yo'llarini ta'mirlash uchun davlat mablag'laridan 650 million so'm (taxminan 60 000 AQSh dollari) ajratildi. Bu faol fuqarolarning tashabbusli budjet platformasidan foydalanish orqali hal qilinishini tezlashtira olgan minglab muammolardan ikkitasi, xolos. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari Garchi bu sohada sezilarli yutuqlarga erishilgan bo'lsa-da, natijalarni yanada rivojlantirish va jalb qilinayotgan fuqarolar sonini oshirish uchun imkoniyatlar talaygina. Birinchidan, fuqarolarning budjet qarorlarini qabul qilishda ishtirok etish to'g'risidagi xabardorligini oshirish ularning faol ishtirokini ta'minlash uchun muhim bo'lib, busiz fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtiroki rasmiyatchilik bo'lib qolaveradi. Shuning uchun targ'ibot-tashviqot tadbirlarini kengaytirish va fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash mexanizmlari, uning imkoniyatlari va afzalliklari to'g'risidagi xabardorlikni oshirish lozim. Bu — fuqarolarni budjetlashtirish jarayonida faol ishtirok etishga yanada rag'batlantiradi. Bundan tashqari, budjet savodxonligini oshirish va shu orqali fuqarolarga budjet jarayonining barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatini berish ham muhim ahamiyatga ega. Aholi vakillari nafaqat taklif berish, balki ularni muhokama qilish va jamoatchilik nazoratini talab qilish muhimligini tushungandagina tizim samaraliroq bo'ladi. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash asosida moliyalashtiriladigan loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ahamiyatini kuchaytirish hamda ularni yanada kengroq jalb qilish maqsadida, trening dasturlari ayollar, yoshlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va boshqa yakkalangan guruhlarga qaratilgan ta'lim modullari bilan to'ldirilishi mumkin. Jarayonning me'yoriy asosini yaratish uchun fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash bo'yicha ilg'or tajribalar, yo'riqnoma va o'quv kurslarini ishlab chiqish, hujjatlashtirish va tarqatish muhim ahamiyatga ega. Fuqarolarni kengroq xabardor qilish hamda ularning budjetga oid savodxonligi va bilimdonligini oshirish yuzasidan taklif etilayotgan chora-tadbirlar budjet jarayoni imkoniyatlarini, fuqarolarning ushbu jarayondagi roli hamda mahalliy hamjamiyatlar uchun eng dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan loyihalarni ilgari surishda ularning ovozi qadrini to'g'ri tushunish uchun juda muhimdir. Amaliyotdan ma'lumki, axborot tanqisligi budjet jarayoni ishtirokchilari, xususan o'z loyihalarini ilgari surishdan manfaatdor bo'lgan faol fuqarolar tomonidan to'ldirilmoqda. Ovoz berish boshlanishi bilan turli hududlarda fuqarolarning o'zi tomonidan targ'ibot kampaniyasi o'tkazilmoqda. Fuqarolar odamlar ko'p to'planadigan jamoat joylarida ma'lum loyihalar bo'yicha targ'ibot o'tkazib, kichik mukofotlar evaziga ovoz to'plamoqdalar. Bunday vaziyatda fuqarolar, hattoki loyihaning mohiyatini anglamagan holda, o'z ovozlarini (SMS-xabar) yuborishlari ehtimoli katta, bu bilan ular loyihaning yutish imkoniyatlarini oshiradilar. Nodavlat notijorat tashkilotlari jalb yetgan holda keng ko'lamli axborot kampaniyasini o'tkazish, loyihalarni shakllantirishda fuqarolarga yordam berish bo'yicha trenerlar tayyorlash, fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda tashabbusli budjet imkoniyatlari va ularning ovoz berish muhimligi yuzasidan tushuncha berish fuqarolarning tashabbuslarni ilgari surish hamda ovoz berish bo'yicha mas'uliyatini oshirishga yordam beradi. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlashning ilg'or amaliyotlarini kengaytirish, ko'p jihatdan, moliyalashtirish imkoniyatlari mavjudligiga bog'liq. Fuqarolar tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirish uchun ko'plab qo'shimcha moliyaviy manbalardan, jumladan, kraudfanding (jamoaviy moliyalashtirish), diaspora tomonidan moliyalashtirish, korporativ xayriya va boshqalardan foydalanish mumkin. Shunday qilib, davlat loyihalarini amalga oshirish uchun nafaqat davlat resurslari, balki xususiy va budjet jarayonida qatnashayotgan ishtirokchilarning mablag'lari ham safarbar etilishi, bu orqali esa ularning hal qilinayotgan muammolardagi ishtiroki va amalga oshirilayotgan tashabbuslarning qiymatini oshirish imkoniyati yaratiladi. Mazkur imkoniyatlarning barchasi faqatgina amalga oshirish mumkin bo'lgan va jamoatchilik tomonidan qabul qilingan taqdirdagina joriy etilishi lozimligini ortiqcha ta'kidlashning hojati yo'q. Xulosa o'rnida shuni ta'kidlashni istardimki, BMTTD mahalliy darajadagi rivojlanish loyihalarini aniqlash va ustuvorliklarni belgilashda, ularga ovoz berishda va bajarilishini nazorat qilishda fuqarolarning to'liq va faol ishtirok etishini qo'llab-quvvatlaydi. BMTTD fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash tashabbusi fuqarolarning daxldorlik hissini sezilarli darajada oshirishi va hayot sifatini yaxshilashi mumkinligiga ishonadi. Ushbu sohadagi ilg'or xalqaro tajribani o'rganish va tahlil qilish asosida mutaxassislarimiz O'zbekiston hukumatiga fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta'minlash uslubiyotini ishlab chiqish va modelini tanlashda ko'maklashdi. Biz Moliya vazirligi bilan «Ochiq budjet» portalini takomillashtirish bo'yicha hamkorlik qildik va hozir fuqarolar o'z takliflarini osonlik bilan ilgari surishi, muhokamalarda ishtirok etishi va eng yaxshi loyihalarga ovoz berishi mumkin. Fuqarolarning mahalliy darajadagi faol ishtirokini ta'minlash maqsadida, BMTTD vazirlikka targ'ibot-tashviqot tadbirlarini amalga oshirish hamda vazirlik hududiy boshqarmalari mutaxassislari uchun turkum treninglar o'tkazishda ko'maklashdi. Garchi O'zbekistonda tashabbusli budjetlashtirishni joriy etish bo'yicha dastlabki qadamlar ijobiy natijalarni ko'rsatgan bo'lsa-da, hali oldinda budjet jarayoniga fuqarolarni keng jalb etish bo'yicha amalga oshirilishi kerak bo'lgan bir qancha ishlar turibdi. BMTTD va O'zbekiston Moliya vazirligi bu yo'nalishda hamkorlikni davom ettiradi.
columnist
Ma'rifatsiz jamiyat — zulmatga mahkum. Erksiz millatning tanazzuli muqarrar. Ilmu-ma'rifatsiz jamiyat o'z taraqqiyot yo'lini ochiq ko'z bilan ko'rishga qodir emas. Erksiz millat o'z taqdiriga dahldor katta-kichik qarorlarni mustaqil qabul qilish huquqidan mosuvodir. Bir millat bir vaqtning o'zida ham ma'rifatdan, ham erkidan mahrum etilishi uni qoloqlikka, mutelikka, alaloqibat, millat sifatida tanazzulga yetaklaydi. Sababi, u o'zini millat sifatida tanitib turuvchi belgilarini asta-sekin yo'qotib, ongsiz olomonga evriladi. Bosqinchi davlat o'z mustamlakasida yerli aholini haq-huquqlaridan ham ko'ra ilmdan yiroq tutishga ko'proq urinadi. Sabab — ilmsiz kishi mavjud haq-huquqini ham tanimasligi mumkin, biroq ilmli kishi shubhasiz erkinlikka talpinadi. Har tomondan solingan sirtmoqlarni uzish, kishanlarni parchalash yo'lida bor aqlu-zakovatini ishga soladi. Qolaversa, u ilmsizga ham o'z haq-huquqini tanitib qo'yishi ehtimoldan yiroq emas. Mirzakalon Ismoiliyning (1908−1986) "Farg'ona tong otguncha" tarixiy romani XX asr birinchi yarmida bosqinchi chor Rossiyasi hukmronligi ostidagi Turkiston o'lkasining qonga botirilgan tarixi — qamchisidan qon tomgan katta-kichik amaldorlar, nafsi buzuq boylarning zulmi, fitna va aldovlari ortidan qashshoqlikka mahkum, ilmu-ma'rifatdan yiroq, haq-huquqlari va erkidan mahrum, qora mehnatdan boshi chiqmagan, shunga qaramay, mudom yorug' kunlar ilinjida yashab o'tgan taqdirlarga bag'ishlanadi. Muallif mustamlaka yillarida yashab, mustabid hukumat ta'qibiga uchragan, zulmni o'z tanasidan o'tkazgan kishi sifatida o'sha davrlardagi xalq dardini qalban his etgan va buni kitobxon ko'ngliga mahorat bilan ko'chirishga muvaffaq bo'lgan. Asar dastlabki sahifalardanoq o'quvchini o'z qatlariga singdirib yuboradi-yu, o'quvchi qahramonlar taqdiriga ular bilan yelkama-yelka turib guvoh bo'ladi. Bugun o'sha qora kunlarni yashab o'tgan ajdodlar hamda muallif xotirasiga chuqur hurmat bilan, ana shu roman xususida gaplashishni lozim topdik. Asar mohiyati va g'oyalarini teranroq anglash uchun asar voqealari bo'lib o'tgan davr tarixini bir qur esga olish maqsadga muvofiq. XIX asr birinchi yarmida O'rta Osiyo xonliklari o'rtasidagi to'xtovsiz urush va ziddiyatlar ularning yangi mustamlakalar uchun tinimsiz kurash olib borayotgan yirik mustamlakachi davlatlar ko'z o'ngida tayyor o'ljaga aylanishlariga zamin yaratdi. Xonliklar bilan faol savdo aloqalariga ega bo'lgan Angliyaning O'rta Osiyoni egallashi yoki o'ziga qarshi qo'yishidan xavfsiragan Rossiya imperiyasi qulay fursat tug'ilishi bilan otni qamchilab qolishni ma'qul deb topdi. O'rta Osiyo xalqlari bosqinchilarga faol qarshilik ko'rsatganligiga qaramay, hukmron doiralar o'rtasidagi boshboshdoqlik, yakdillikning yo'qligi oxir-oqibat xonliklarni mustamlakaga aylantirdi. 1967-yilda Rossiya imperiyasi O'rta Osiyo ustidan to'liq nazorat o'rnatib, to'la harbiylashgan Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi, general-gubernator hamda hokimlarga mislsiz vakolatlar berdi. Turkiston o'lkasi Rossiya yengil sanoati uchun xomashyo bazasi, Yevropa bozorlari bilan raqobatlasha olmaydigan mahalliy ishlab chiqaruvchilari uchun potensial yangi bozor vazifasini o'tadi, qolaversa, qashshoq rus dehqonlarini hosildor yerlar bilan ta'minlashda muhim rol o'ynadi. O'lkaning barcha tabiiy boyliklari Rossiya imperiyasi iqtisodiyotiga yo'naltirildi. Xususan, yer davlat ixtiyoriga o'tkazilib, xususiy yer maydonlari ijara huquqi asosida foydalanish evaziga yirik miqdordagi soliqqa tortildi. Soliqni to'lashga qurbi yetmay, qarzga botgan kambag'al dehqonlar uchun yerlarini davlatga yoki mahalliy boylarga arzongarov pullab, yirik mulkdorlar qo'lida arzimagan haq evaziga ishlashdan boshqa chora qoldirilmadi. Eng hosildor yerlar yangi ko'chirib keltirilgan qashshoq rus dehqonlari va kazaklarga olib berildi. Rossiyadan kirib kelgan sanoat tovarlari mahalliy hunarmandlar mahsulotlarini bozordan siqib chiqara boshladi. Natijada tirikchilik manbayidan ayrilgan xalq tobora qashshoqlashdi. Ma'lumotlarga ko'ra, XX asr boshlarida mahalliy aholining 70 foizini kambag'allar, 17 foizini o'rta hol kishilar, 13 foizini o'ziga to'q boylar tashkil etgan. XIX asr oxirlariga kelib yo'qchilik, hokim-to'ralarning zolimligi, mahalliy boylar va amaldorlarning o'g'ri va noinsofligi xalqning sabr kosasini to'ldirdi — o'lkaning turli hududlarida qurolli qo'zg'olonlar avj oldi. Mustabid hukumat esa qo'zg'olonlarni shafqatsizlarcha bostirib, o'lkani qonga botirdi. Ayni paytda mahalliy ziyolilar o'lkani mustabid zulmidan xalos etish, xalqni yorug'likka olib chiqishning birdan-bir yo'li ma'rifat ekanligiga iymon keltirishdi va shu maqsadda o'z saflarini kengaytirish, kuchlarini birlashtirish tadorigini ko'ra boshlashdi. Romanning birinchi kitobi — "Qa'r guldurosi" da mustabid hukumat, shu bilan birga, ko'zini davlat va mansabning shirasi bosgan aksariyat mahalliy boy va amaldorlar tomonidan o'lkada ma'rifatga qarshi ochilgan urush alangasiga guvoh bo'lamiz. "Qora xalq"ni jaholatda, jismonan qullikda, ma'nan qashshoqlikda, madaniy jihatdan qoloqlikda tutib turishdan manfaatdor bo'lgan uch toifani ajratib ko'rsatish mumkin. Bunda ularning har qaysisi xalq orasida muayyan ta'sir kuchi va vakolatlarga ega ekanligi bilan harakterlanadi. Birinchi toifa — mustabid hukumati amaldorlari. Ular xalqning savodi chiqib, haq-huquqlari toptalayotgani, tabiiy boyliklari tortib olinayotgani va tashib ketilayotgani, ularning bir burda non ilinjida qora terga botib qilgan mehnati evaziga imperiyadagi katta-kichik amaldorlar va yer egalari, savdo-sanoat vakillari boyigandan-boyib borayotganligini tushunib yetishi mumkinligi sabab, ularni muttasil yo'qsillikda, jaholatda saqlashdan manfaatdor edilar. Zotan qashshoqlikda kun kechiruvchi kishining tiriklik g'amidan ortib, ilm talabida bo'lishi real voqelikda nisbatan mantiqsiz hodisa. Qolaversa, o'lka aholisi qanchalik ma'naviy va madaniy jihatdan orqada bo'lsa, bu imperiyaning ular ko'z o'ngidagi nufuzini shunchalik oshirar, uni yuksak taraqqiyot namunasi qilib ko'rsatar edi. Hukumat tomonidan rus va mahalliy aholi bolalari qo'shib o'qitiladigan rus-tuzem maktablari tashkil etilganligi — bu hukumatning marhamati emas, balki mahalliy aholini ruslashtirish siyosatining bir qismi, aholi orasida rus madaniyatini singdirish yo'lidagi tadbir edi. Bundan tashqari, qishloq va qashshoq oilalar farzandlari bunday maktablardan ham benasib edilar. Ikkinchi toifa — ayrim o'ziga to'q boylar. Boylar, yirik yer va ishlab chiqarish egalarining manfaatlari hukumat manfaatlari bilan nisbatan uyg'un edi. Ular o'z faoliyatlarida savodli, hisob ilmidan xabardor bo'lgan kishilar yoki boshqa turdagi texnik xodimlarga ehtiyoj sezsalar-da, ularning yerli aholi emas, boshqa millat vakillari, xususan, ruslar bo'lishini afzal ko'rganlar. Sababi — mahalliy boylar milliy boylikni qanday talon-toroj qilayotganlari yoki bu borada bosqinchilarga qanday ko'maklashayotganlari, kambag'allar nonini qanday tuya qilayotganlaridan vatandoshlarining (baxtga qarshi) xabardor bo'lib qolishiyu, ularga qarshi bosh ko'tarishi, boyliklarini talab, qo'rg'onlariga o't qo'yishini, tabiiyki, istamas edilar. Bundan tashqari, ilm o'rgangan, haq-huquqini taniganlar ularning qo'lida arzimas haq evaziga mehnat qilayotgan mehnatkashlarni "yo'ldan urib qo'yishi" ehtimoli ham yo'q emasdi. Uchinchi toifa — ko'pchilik din peshvolari, jumladan, qozilar, imomlar, musulmon bolalariga diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalar. Ular o'lkada ma'rifatning taraqqiy topishiga ikki asosga ko'ra jiddiy qarshilik ko'rsatishgan. Birlamchi asos — ular dunyoviy ilmni g'ayridinlar ilmi, shu nuqtai nazardan musulmonlar uchun bu ilmlarni o'rganish nojoiz, deb hisoblaganlar. Taassufki, bu o'rinda g'oyatda mantiqli bo'lgan bir mulohaza bor: yer yuzida insonlar xilma-xil etnik guruhlar, turli dinlarga mansub bo'lishlariga qaramay, bir xil biologik va boshqa turdagi ehtiyojlarga ega bo'lib, ularning hayot tarzi qisman bir-biriga o'xshashi shubhasiz. Shunday ekan, ular bir xil ilmlarga ehtiyoj sezishlari ham tabiiy. Ular aynan shu mulohazani e'tibordan chetda qoldiradilar. Qolaversa, ular kundalik turmushlari, o'z ta'birlari bilan aytganda, g'ayridinlar ilmining mahsuli bo'lgan katta-kichik xilma-xil ashyolar bilan to'lib-toshganligini ko'rishdan ojiz edilar. Ikkinchi asos — ko'proq diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalarga taalluqli bo'lib, ular dunyoviy ilmlarning o'qitilishi, xususan, yangi usul maktablarining ommalashishi natijasida o'z maktab va madrasalarining yopilishidan xavotirda edilar. Zero, Yaratganning qudrati va marhamatiga muhabbat uyg'otishga emas, bandasi oldidagi qo'rquv va g'ayrishuuriy itoatga asoslangan, allaqachon eskirgan o'qitish uslubi bolalarni tobora bezdirib borayotgan bir paytda bu havotir o'rinsiz emasdi. Shu o'rinda yana bir jihatni eslab o'tish joiz. Yuqorida ham ta'kidlanganidek, qashshoqlikda kun kechirayotgan xalq uchun savod chiqarish, ilm o'rganish ikkinchi darajali masala. Shunday ekan, asosan o'rta hol hamda o'ziga to'q aholi vakillaridagina bunday imkon bor edi. O'ziga to'q boylarning kambag'alga qayishmasligi va o'rta hol aholining qolgan aholi qatlami oldida nisbatan ozchilikni tashkil etishi hisobga olinsa, xalqparvar, millatparvar savodlilar va ziyolilar ko'p bo'lmaganligini tahmin etish mumkin. Biroq ma'rifatning zarragina uchquni ham imperiya hokimiyatining mo'rtlashishi uchun yetarli bo'lishi mumkinligini anglagan bosqinchilar xalqning savodini chiqarish maqsadida mahalliy ziyolilar tomonidan boshlangan yangi usul maktablarini tashkil etish harakatiga tish-tirnog'i bilan qarshi chiqishgan. Xususan, qahramonimiz G'ulomjon madrasani tashlab, rus alifbosini o'rganib, qishloq bolalarining savodini chiqarish maqsadida o'z uyida tashkil etgan kichik maktabga qishloq qozisi va imomi boshchiligida o't qo'yilishi o'lkada ma'rifatga qarata ochilgan urushning yaqqol namunasi sifatida namoyon bo'ladi. Keyinroq kichik Dilshodning, domlasining tazyiqlari, jismoniy ozorlariga qaramasdan dunyoviy ilmlarni o'rganish uchun rus-tuzem maktabiga qochib ketishi, ramziy ma'noda, ma'rifatning tutqunlikdan nihoyat xalos bo'lishidir ehtimol. Xalqning birlashib, tosh kesib, tog'ni teshib, zilziladan keyin qaqrab qolgan yerlarga suv chiqarish yo'lidagi jasoratida ham allaqanday ramziy ma'no bordek. Zero, ilmsiz jamiyat qaqragan yer kabi hosilsiz, hech nima unmaydi. Romanning ikkinchi kitobi — "So'nggi kecha" oddiy fuqaro haq-huquqlarining toptalishi, xalq mehnati evaziga bunyod bo'lgan boyliklarning sanoqli shaxslar qo'lida to'planishi, ayni paytda, Birinchi jahon urushidagi mag'lubiyati ortidan podsho hokimiyatining yemirilishi va ezilgan xalq qalbida yorug' kunlarga bo'lgan umid uchqunlarining alanga olishi haqida hikoya qiladi. Birinchi jahon urushi davrida oddiy xalq turmushining yanada og'irlashishi, buning ustiga, urushda kuchsizlanayotgan, mag'lubiyati muqarrar bo'lib qolgan Rossiya armiyasi ta'minoti uchun soliqlarning oshirilishi, o'lkadan yuz minglab yosh yigitlarning noma'lum muddatga mardikorlikka olib ketilishi xalqning paymonasini to'ldirdi. Yangi soliq — yeyishga bir burda noni yo'q qashshoq dehqonning uyi kuydi degan gap edi. Hokim, mingboshi yoki qozining bir og'iz so'zi bilan Sibir qilingan, avaxtaga tashlangan yoki devorga bosilgan yigitlarning dog'i kamlik qilgandek, endi "qora xalq" erlarini mardikorlik degan noma'lum taqdir kutardi. Qancha oilalar boquvchisidan ayrilib, qishloqlar bo'shab qola boshlagan edi. Biroq urushdagi mag'lubiyat ortidan podsho hokimiyatining zaiflashayotganligi mahalliy ziyolilar, inqilob kayfiyatidagi kuchlarga qo'l keldi. Ayni paytda inqilob kayfiyatidagi kuchlar ikki xil oqim bo'ylab harakat qilmoqda edilar. Birinchi oqim — tashqi kuchlar, xususan, Angliya ko'magi bilan burjua inqilobini yasab, hokimiyatni millatchilar qo'lida ushlab qolish va ozchilik manfaatlariga bo'ysundirish tarafdorlari. Ikkinchisi — proletar diktaturasini o'rnatib, hokimiyatni ishchilar sinfi qo'liga o'tishi tarafdorlari. Hokimiyatning mustabid hukumat qo'lidan burjua sinfi qo'liga o'tishi ishchilar sinfi, oddiy xalq vakillari uchun hech qanday ma'no anglatmasligini yaxshi anglagan xalqparvar ziyolilar imkoniyatni boy bermaslik uchun hayotlarini xafvga qo'yib bo'lsa-da harakat qilardilar. Ko'pchilik mahalliy boy va amaldorlar tobora o'z davlatlari va hokimiyatlarini kengaytirib, jannatmonand saroylariga mahliyo bo'lib, shoxona hayot zavqini surish bilan band ekanlar, bu saroylarning, hokimiyatning, davlatning xalqparvar ziyolilarning xufya tadbirlari ortidan kundan-kunga nurab borayotganidan xabarsiz qoldilar. Ilgari xalq taqdiri azal deb ko'nib kelgan bo'lsa, endi qaramlikdan, haq-huquqlarning poymol etilishidan, tanlov imkonining qoldirilmasligidan bo'g'ila boshladi va jon talvasasida birlashib, favqulodda bir jasorat bilan zolimlarning qarshisiga chiqishga o'zida iroda topa oldi. Shu o'rinda romanning har ikki kitobida alohida urg'u berilgan yana bir jihatga to'xtalmoqchiman: biz qadriyat deb ataydigan narsa — yozilmagan ijtimoiy me'yorlar va o'sha qadriyatlarning kasriga qolib, qadri toptalgan ayollar qismati. Ayolning kimningdir farzandi, ayoli, onasi, opasi, singlisi bo'lishdan tashqari alohida shaxs — odam ekanligini, hech kimi yo'q bo'lgan taqdirda ham mavjud ekanligining unutilishi. Nima uchundir musulmon yoki aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat dunyoviy davlatlarda aksariyat ayollar taqdiri, ularga bo'lgan munosabat bir-biriga o'xshash: hali bolalik aqli va kayfiyati tark etmagan go'daklar ustidan bir buyumdek hukm o'qiladi, mutaassib otalar o'z manfaati yo'lida qizlarini pullashdan, To'tidek qafasga tiqib, "palahmon toshi" deb boy xaramiga uloqtirishdan or qilmaydi, nomussiz boylar yoki ayrim din peshvolari ko'zi tushganki ayolni bir nechta xotini ustiga nikohlab olish payida bo'ladi. U jaholat zamoni o'tib ketdi, dersiz. Yo'q, o'tmadi. Nazarimda, bugun faqatgina o'zgargan tuzum, qonun nisbatan tiyib turibdi xolos. O'sha o'zbekchilik, qadriyat deb haspo'shlaganlari — bir qiz — shaxs taqdiriga, tug'ilish-tug'ilmasligidan tortib, kim bilan turmush qurishi, nechta farzand ko'rishi, bolasi nima kasb tanlashigacha, butun boshli urug'i hokimlik qilishi — o'taketgan ahmoqgarchilik. Aslida ayolning ixtiyori otasi, akasi, ukasi, eri, o'g'li yoki unga aloqador har qanday erkak izmida emas. To'g'ri, ular bilan hisoblashadi, maslahatlashadi, fikrlarini, o'zlarini hurmat qiladi, lekin eng oxirgi qarorni o'zi qabul qilishi lozim. Gap uning taqdiri ustida ketganda, eng avvalo uning istagi bilan hisoblashish shart. Xulosa qilishdan oldin, romanda e'tiborimni tortgan yana bir jihatni qayd etib o'tmoqchiman. Xalqni uzoq yillar davomida qon-qoniga singib ketgan "oqsoqol/hokim/rahbar — yurt/xalq otasi" degan qarashlar ham xarob qildi, nazarimda. Nega? Keling, o'sha davrdagi va hozirgi kundagi aksariyat klassik o'zbek oilalari, undagi otaning o'rni va otaga nisbatan munosabatni ko'z oldimizga keltiramiz. Ota — ulug' zot. Bu uning hamisha ulug'lanishi (masalan, uni madh etish yoki suratini uy to'riga osib qo'yish va hokazo) va aslo behurmat qilinmasligi (masalan, so'zini ikki qilmaslik, tanqid qilmaslik yoki kamchiliklarini ochiq aytmaslik va hokazo) lozimligini anglatadi. Ota — oila boshlig'i. Bu uning har qanday oilaviy masala yuzasidan hech kim bilan hisoblashmasdan mustaqil qaror qabul qilish (masalan, oilaviy budjetni qanday taqsimlash) va istalgan oila a'zosi taqdiri ustidan uning roziligisiz hukm chiqarishga (masalan, o'g'lining qaysi kasb egasi bo'lishi, qizini kimga uzatish va hokazo) haqli ekanligini anglatadi. Ota — oila tayanchi va posboni. Bu farzandlarning, masalan, kichikligida och qolishning g'amini qilmasligini yoki qo'shnining o'zidan baquvvatroq bolasi, otasi qulog'ini cho'zib qo'yishidan cho'chib, unga nisbatan mushtumzo'rlik qilmasligini anglatadi. Bundan tashqari, ota, aytaylik, qattiqqo'lroq bo'lgan taqdirda, ayrim oilaviy muammolar yoki oila a'zolarining "ishkallari" undan sir saqlanishi, unga go'yo hamma ishlar risoladagidek, silliq ketayotgandek ko'rsatilishi mumkin. Yoki ota uyga qaytadigan paytda hovliga suv sepib, supurilgan, hammayoq chinnidek sarishta, dasturxon tayyor, barcha oila a'zolari qo'llari ko'ksida, otaning xizmatiga shay turishlari zarurligi kabi yozilmagan axloq qoidalari ham uchrab turadi. Shuningdek, oila boshlig'ining uyga kelishini jon hovuchlab kutadigan o'zbek oilalari yo'q emas. Xuddi qishloq mehnatkashlari hokim-to'raning qishloqqa kelishi to'g'risidagi xabarni yoqimsiz qarshi olgani, joni bo'g'ziga tiqilib, bu safar kimni o'qqa tutadi yo dorga ostiradi-yu, kimdir qamchi yoki darra bilan qutulib qoladi, deb bir-biriga mo'ltiraganidek. Xo'sh, ko'z oldingizga kelgan manzarada qaysidir jihatlar boshqa bir kontekstda ham amal qiladigandek, juda-juda tanish tuyuldimi? Ha, xalqni mana shu o'z boshiga o'zi olib kelgan an'anasi xarob qildi — har qanday amal, mansab egasini, istalgan rahbarni "ota" deb boshiga ko'targanligi uni oxir-oqibat o'sha "ota"ga farzand emas, yo yugurdak, yo qul bo'lish zarurati oldida tang qoldirdi. Ular — sodda, mehnatkash, sho'rpeshona xalq har qanday amaldor yoki rahbarning aslida xalqning yollangan xizmatchisi ekanligi, uning xalq manfaati yo'lida ko'rsatgan karomatlari aslida xalq to'lagan haq evaziga bajarilishi lozim bo'lgan o'z xizmat vazifasi ekanligi to'g'risidagi oddiy haqiqatni anglab yetmadilar. Ikkinchi kitob 1917-yil fevralda yuz bergan milliy ozodlik yo'lidagi eng yirik xalq qo'zg'oloni bilan yakunlanadi. Muallif mazkur inqilob tub burilishlarga olib kelishiga — nihoyat tong yorishishiga umid bildirib, uni "tong shafag'i"ga mengzagan. 1917-yil fevral voqealari — podsho hukumatining ag'darilishi xalqqa katta umid bag'ishlaganligiga qaramasdan, ko'p o'tmay, o'sha yilning kuzida Turkistonda yana Rossiya mustamlakachi kuchlari boshchiligida sovet hokimiyati o'rnatiladi va undan keyingi 70 yildan ortiq vaqt mobaynida o'lka yana qaramlik qismatiga mahkum etiladi. Muallif romanni trilogiya sifatida hayolda pishitgani haqida yozib qoldirgan. Biroq, uning hozirgacha Sobiq ittifoq davrida nashr ettirilgan ikkita kitobi bizga ma'lum bo'lib, uchinchi (ehtimol, inqilobdan keyingi bir necha o'n yilliklar tarixi yoritilgan) kitobi nashrdan chiqqanligi to'g'risidagi ma'lumotlar mavjud emas. Asar o'lkamiz, ajdodlarimiz tarixi va taqdirini shunchaki o'qib chiqishni emas, qalban his etishni istagan har qanday kitobxonni qo'ldan qo'ymay o'qishga majbur qila oladi. Mahoratli adib va tarjimon Mirzakalon Ismoiliy mazkur romani orqali ajdodlarning ma'rifat va hurlik yo'lidagi jasoratini abadiylashtirish barobarida kitobxonni va, ehtimol, butun boshli millatni o'tmishdagi xatolarga ochiq ko'z bilan nazar tashlash va ulardan saboq olishga chaqiradi. Muqaddamxon Saidrasulova — O'zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, "Gazeta.uz" kolumnisti.
columnist
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 oktabr kungi videoselektor yig'ilishida mutasaddilarga bir oy muddatda Qashqadaryodagi 48 ta maktabni tanlab olib, kelgusi o'quv yilidan ularda Finlyandiya ta'lim tizimini joriy etish vazifasini topshirdi . Biroq hozirga qadar finlar tajribasining aynan qaysi jihati olinishi, ko'proq nimalarga e'tibor qaratilishi yoki ta'lim tizimidagi farqli jihatlar haqida ma'lumot berilmadi. Shu munosabat bilan, «Gazeta.uz» dunyo reytinglarida yuqori pog'onalardan tushmaydigan, xususan O'zbekistonda ham bot-bot namuna qilib ko'rsatiladigan, o'ziga xos muvaffaqiyat sirlariga ega bo'lgan Finlyandiya ta'lim tizimi to'g'risidagi ma'lumotlarni bir materialga jamladi. Finlyandiya ta'lim tizimi dunyo miqyosida eng sifatli va samarali deya e'tirof etilgan ta'lim tizimlaridan biri hisoblanadi. Bu tizim dunyoning aksariyat davlatlarida amal qiluvchi ta'limning an'anaviy shakllari va usullaridan keskin farq qiladigan bir qator xususiyatlarga ega. Finlyandiya ta'lim tizimining o'ziga xosligi ta'lim jarayonida asosiy ustuvorlik o'qituvchi va o'quvchi uchun imkon qadar erkin, qulay, jismoniy zo'riqish va ruhiy bosimlardan holi muhit yaratishga qaratilganligida namoyon bo'ladi. Finlyandiyada ta'limning asosiy maqsadi — ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar barcha bolalar uchun sifatli ta'lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash, ularni jamiyatning faol fuqarolari sifatida voyaga yetkazish va mustaqil hayotga tayyorlashdan iborat. Mamlakatda bepul maktabgacha ta'lim va umumiy o'rta ta'lim barcha uchun kafolatlangan. Finlyandiya ta'lim tizimi quyidagi bosqichlarni o'z ichiga oladi: Finlyandiyada maktabgacha ta'lim bepul taqdim etiladi va barcha bolalar uchun majburiydir. Maktabgacha ta'lim bolalarda bilim olish va o'z-o'zini rivojlantirish ko'nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo'lib, ularni keyingi bosqich — umumta'lim maktablariga tayyorlashda muhim rol o'ynaydi. Umumta'lim maktablari 7 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan barcha bolalarni boshlang'ich (1−6 sinflar) va tayanch o'rta ta'lim (7−9 sinflar) darajasida qamrab oladi. 1−6 sinflarda o'quvchilar pedagogikaga ixtisoslashgan o'qituvchi (sinf rahbari)dan, 7−9 sinflarda ixtisoslashtirilgan fan o'qituvchilaridan saboq oladi . Umumta'lim maktablarida ta'lim olish majburiy bo'lib, odatda, bolalar 7 yoshga to'ladigan yildan o'qishga qabul qilinadi. Boshlang'ich va tayanch o'rta ta'lim bepul. Umumta'lim maktabini tamomlagan o'quvchilar ikki turdagi o'rta-maxsus ta'limdan birini tanlashi mumkin. Umumiy o'rta-maxsus ta'lim, odatda, o'quvchilarni muayyan kasbga emas, universitetlarga tayyorlashga ixtisoslashgan. Kasbiy ta'lim va tayyorgarlikni tanlagan o'quvchilar esa muayyan kasb-hunarga o'rgatiladi. Finlyandiya ta'lim tizimining muvaffaqiyat siri bir qator omillarga va uning o'ziga xos xususiyatlariga bog'liq. Quyida ularni biz uchun muhim bo'lgan umumta'lim maktablari kontekstida ko'rib chiqamiz. Finlyandiya ta'lim tizimi barcha uchun teng ta'lim imkoniyatlarini taklif etishga qaratilgan. Mamlakatda ta'lim sohasi mutaxassislari tomonidan ta'limdagi eng asosiy ustuvorliklar belgilab olingan bo'lib, bu ta'limga jamiyatdagi tengsizlikni muvozanatlashtirib turuvchi vosita sifatida qarash, o'quvchilarni ta'lim jarayonida bepul ovqat, tibbiy xizmat, psixologik maslahat xizmatlari bilan ta'minlash hamda individual tarzda yo'naltirishni nazarda tutadi. Shuningdek, tegishli qonunchilikka muvofiq , zaruratga qarab o'quvchilar maktabga qatnash uchun transport vositasi yoki turar joy bilan ta'minlanishlari mumkin. Bundan tashqari, o'quvchi maktab hududida, dars yoki boshqa o'quv mashg'ulotlari vaqtida, maktabga ketayotgan yoki qaytayotgan paytda, yotoqxonada jarohatlangan taqdirda davolash xizmatlari bepul amalga oshiriladi. Shunisi e'tiborliki, Finlyandiyada deyarli barcha maktablar davlat maktablari hisoblanadi va ularga hukumat tomonidan teng miqdordagi moliyalashtirish mablag'lari ajratiladi. Muayyan fanlarni chuqurlashtirib o'qitish yoki muayyan fanlarga ixtisoslashgan alohida maktablar tashkil etilishi maqsadga muvofiq deb hisoblanmaydi . Har bir o'quvchi o'ziga xos iqtidorga ega, deb qaraladi va individual o'quv rejasi asosida o'qitiladi va baholanadi. O'quvchilar bir-biriga solishtirilmaydi. Bu o'quvchilarning stresslardan holi tarzda bilim olishiga zamin yaratadi. Ta'lim jarayonida ham o'qituvchilar, ham o'quvchilarning jismoniy va ruhiy zo'riqishlardan holi bo'lishini ta'minlashga xizmat qiluvchi boshqa omillar ham mavjud: E'tiborli jihatlaridan yana biri shundaki, mamlakatda milliy darajadagi tayanch o'quv dasturi fin maktablarida asosiy e'tiborni o'quvchining ta'lim olishi hamda salomatligiga qaratishni nazarda tutadi. O'quv mashg'ulotlari o'quvchining mustaqil faoliyati hamda o'qituvchi, boshqa bolalar va o'qitish muhiti bilan o'zaro aloqasiga qaratilgan ta'lim konsepsiyasiga asoslanadi. Maxsus ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun mo'ljallangan yuqori sifat va erta yoshdan tashxislash tamoyili hech kim o'zlashtirishda orqada qolmasligini kafolatlaydi . Qayd etish joizki, Finlyandiyada o'qituvchilarni tayyorlash tizimi yaxshi yo'lga qo'yilgan bo'lib, faol amaliyotga asoslanadi. Ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatda universitet bitiruvchilarining bor-yo'g'i 10 foizigina magistr darajasini olishga muvaffaq bo'lgani holda, o'qituvchilarga magistr darajasiga ega bo'lish qat'iy talab hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, finlyandiyalik o'qituvchilar yuqori malakali va o'z ishiga kuchli mas'uliyat bilan yondashadi, o'z navbatida, jamiyatda o'qituvchilarga nisbatan yuksak ishonch va hurmat shakllangan. O'qituvchilar faoliyati baholanmaydi, tekshiruvlardan o'tkazilmaydi. Ya'ni o'qituvchilarga hisobdorlik emas, mas'uliyat yuklanadi. O'qituvchilar tayyorlash tizimining uzluksizligi va sifati sababli faoliyatlari davomida ularga erkinlik: o'qitish usullari va o'quv materiallarini milliy va mahalliy darajadagi o'quv dasturlari asosida mustaqil tanlash huquqi beriladi. Umuman, Finlyandiyada ta'lim jarayonini tashkil etish va o'quv dasturlarini ishlab chiqishning markazlashtirilgan tizimi mavjud emas . Milliy miqyosda qo'llash uchun faqatgina tayanch o'quv dasturi ishlab chiqiladi. Ta'lim jarayonini mahalliy shart-sharoitlarga muvofiqlashtirgan holda yo'lga qo'yish uchun mahalliy ta'lim tashkilotlariga erkinlik beriladi. Mazkur nomarkazlashtirilgan tizim mahalliy darajada ishlab chiqilgan va joriy etilgan o'quv dasturlariga asoslanadi, bunda o'quvchilarning individual ehtiyojlari hisobga olinadi. Maktablar ta'lim jarayonida davlat tomonidan majburiy ta'lim uchun tasdiqlangan muayyan fanlarning barchasi yoki ayrimlarini o'qitish yoki o'z ixtiyorlariga ko'ra fundamental ta'limga mos boshqa fanlarni o'qitish to'g'risida mustaqil qaror qabul qilishi mumkin . Mahalliy darajada o'quv dasturini maktablar miqyosida ishlab chiqish mahalliy o'qituvchi-pedagoglarni ta'limni rivojlantirish haqida bosh qotirishga undaydi va ularga faoliyati davomida pedagogik mas'uliyat yuklaydi. Manba: Finlyandiya Ta'lim va madaniyat vazirligi ma'lumotlari, Ta'lim to'g'risidagi asosiy qonuni, Fundamental ta'lim uchun tayanch o'quv dasturi hamda O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotlari, O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim to'g'risida»gi qonuni, Umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi nizom, Davlat ta'lim standartlari. Umumiy o'rta ta'limning o'quvchilarni ta'limning keyingi bosqichlariga, jumladan, oliy ta'limga tayyorlashdagi hal qiluvchi ahamiyatini hisobga olinsa, o'zbek maktablarida fin tajribasining tizimli va muvaffaqiyatli joriy etilishi sohada sezilarli siljishlarga olib keladi. Faqat bu borada vaqt va resurs masalasi muhim rol o'ynashi mumkin. Qashqadaryodagi ayrim maktablarda Finlyandiya ta'lim tizimini joriy etishda uning aynan qaysi jihatlari asos qilib olinishi hozircha ochiqlanmagan bo'lsa-da, yuqorida ko'rib chiqilgan har ikkala davlat ta'lim tizimlari, xususan, umumta'lim maktablarida o'quv jarayonini tashkil etish bilan bog'liq keskin farqlar bu borada ba'zi muvofiqlashtirishlar va infratuzilmaviy islohotlar o'tkazilishi talab etilishidan dalolat beradi. «Gazeta.uz» ijodkorlari mazkur mavzu atrofida tahliliy materiallarni chop etishda davom etadi. Muqaddamxon Saidrasulova — O'zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, «Gazeta.uz» kolumnisti.
columnist
In English: To withstand global shocks, Uzbekistan needs to continue reforms and build an inclusive market economy Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde Samarqandda bo'lib o'tishi rejalashtirilayotgan II O'zbekiston Iqtisodiy forum arafasida «Gazeta.uz»ga taqdim etgan yangi maqolasida 2026 yilgacha kambag'allikni ikki baravarga qisqartirish va 2030 yilga borib O'zbekistonning aholi jon boshiga daromadi o'rtacha bo'lgan mamlakatlar guruhining yuqori qismiga kirishi bo'yicha katta maqsadlariga erishish uchun islohotlar muvofiqlashtirilishi va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerakligi haqida yozadi. Shu yilning oktabr oyida men Toshkentga tashrif buyurgan edim. Biz ulkan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda davom etayotgan mamlakat rahbariyati bilan sermahsul muzokaralar o'tkazdik. Muloqot davomida davlat rasmiylari kambag'allikka barham berish va fuqarolar hayoti farovonligini oshirish bo'yicha choralarni davom ettirishar ekan, yaqin kelajakda O'zbekiston va Jahon banki o'rtasidagi strategik hamkorlik yanada mustahkamlanib borishi ta'kidlandi. Bu hafta men yana mamlakatga qaytyapman. Biz Samarqandda bo'lib o'tadigan II O'zbekiston Iqtisodiy forumi ishtirokchilari bilan jahon iqtisodiyotiga ta'sir ko'rsatayotgan amaldagi inqirozlar oqibatlarini, shuningdek ushbu inqirozli vaziyat oqibatlari bilan samarali kurashish va inklyuziv bozor iqtisodiyotini qurishda davom etish uchun muhim bo'lgan chora-tadbirlarni muhokama qilamiz. O'zbekiston so'nggi besh yil ichida amalga oshirilgan bozor islohotlari natijasida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda muvaffaqiyatlarga erishdi. Mamlakat 2030 yilgacha aholi jon boshiga daromadi o'rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish kabi ulkan maqsadlariga erishishi uchun o'sishning amaldagi suratlarini saqlab qolishi lozim. Afsuski, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa mamlakatlarda bo'lgani kabi, Covid-19 pandemiyasi inqirozidan keyin O'zbekistonning iqtisodiy tiklanish jarayoni Ukrainadagi urush natijasida yanada murakkablashdi. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko'ra, 2022 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi inflyatsiya oshishiga olib keluvchi oziq-ovqat va energetika narxlari ko'tarilishi fonida shakllanayotgan bozorlar va rivojlanayotgan mamlakatlarda YAIM 0,2% ga qisqaradi. 2023 yilda mintaqa iqtisodiyotida o'sish kuzatiladi, biroq uning suratlari pastligicha qoladi va bu ko'rsatkich 0,3% ni tashkil etadi. Bundan tashqari , bizning qisqa muddatli prognozlarimizga turli pasaytiruvchi xatarlar ta'sir ko'rsatmoqda. Masalan, xom ashyo va iste'mol tovarlari narxlarining yuqoriligi, Xitoy va Yevropa ittifoqida iqtisodiy o'sish suratlarining sekinlashish ehtimoli, jahon banklari foiz stavkalarining oshishi va global moliyaviy bozorlarda shartlarning keskinlashtirilishi. Kelajak yana boshqa ko'plab noaniqliklarga to'la, bu esa iqtisodiy prognozlashtirish uchun qiyinchiliklar tug'diradi. Yaxshi xabarlardan biri shundaki, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti Jahon bankining 2022 yil bahoridagi prognoziga qaraganda yuqoriroq suratlarda rivojlanmoqda. Hozirgi hisob-kitoblarimizga ko'ra, ushbu mamlakatlar iqtisodiyotining o'rtacha o'sish suratlari 2022 yilda 3,7% ni va 2023 yilda 3,9% ni tashkil etadi. 2017 yildan buyon O'zbekistonda amalga oshirilayotgan bozor islohotlari mamlakatning tashqi ta'sirlarga chidamliligini yanada oshirishga xizmat qildi. Hisob-kitoblarimizga ko'ra, 2022 yilda mamlakat YAIM 5,3% ga oshadi. O'zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi 23 ta davlat ichida Armaniston, Xorvatiya, Gruziya va Chernogoriya bilan bir qatorda eng tez o'sayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylanadi. 2023 yilda esa mamlakat iqtisodiyoti 4,9% ga o'sishi kutilmoqda — bu keyingi yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun prognoz qilingan eng yuqori o'sish surati hisoblanadi. Biz O'zbekistonda amalga oshirilgan bozor islohotlarining ulkan natijalariga guvoh bo'lmoqdamiz. Oxirgi besh yil ichida hukumat valyuta va savdo operatsiyalari uchun cheklovlarni kamaytirdi, avvallari davlat tomonidan belgilangan qator mahsulotlar va xizmatlar narxi liberalizatsiya qilindi, shuningdek biznes yuritish uchun sharoitlar yaxshilandi. Soliq kodeksining qayta ko'rib chiqilganligi davlat budjetini yanada shaffofroq qildi va aholining zaif qatlamlari ehtiyojlari inobatga olinishini ta'minladi. Mamlakat rasmiylari joriy qilgan inflyatsion targetlash va yangi fiskal qoidalar iste'mol narxlari va davlat qarzini nazorat ostida saqlashga yordam beradi. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimida ham muvaffaqiyatlarga erishildi. 2020 yil yanvar oyidan boshlab hukumat ijtimoiy yordam oladigan kam ta'minlangan uy xo'jaliklari sonini oshirdi (2019 yilda 0,6 million, 2021 yilda 1,2 million, 2022 yil aprelida qariyb 1,8 million benefitsiar uy xo'jaliklari). Jahon banki ushbu va boshqa sohalarda islohotlarni amalga oshirishda O'zbekistonni qo'llab-quvvatladi. So'nggi yillarda iqtisodiyotning alohida sektorlariga ko'proq e'tibor berish maqsadida islohotlar chuqurlashtirilayotganligi ko'zga tashlanmoqda. 2022 yil aprelida «To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida» yangi qonun qabul qilindi. Hujjat muammoli, lekin faoliyat yuritishga qodir korxonalarni tarkibiy jihatdan o'zgartirishni, ish o'rinlari va mahsuldor tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan kapitalni himoya qilishni, shuningdek iqtisodiyotda bozor tamoyillariga o'tishni tezlashtirishni rag'batlantirishni maqsad qilib qo'ygan. 2022 yil iyulida Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Xususiylashtirish to'g'risidagi yangi qonun esa davlat mulki obyektlarini sotish bo'yicha transformatsion dasturni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratadi. Hozirgi kunda mamlakat parlamenti raqobat to'g'risidagi qonun loyihasi ustida ham ish olib bormoqda. Ushbu hujjat mulkchilik shaklidan qat'iy nazar mamlakatdagi barcha korxonalarga teng sharoitlar yaratish yo'lida oldinga tashlangan qadam bo'ladi. Hukumatning 2026 yilgacha kambag'allikni ikki baravarga qisqartirish va 2030 yilga borib O'zbekistonning aholi jon boshiga daromadi o'rtacha bo'lgan mamlakatlar guruhining yuqori qismiga kirishi bo'yicha katta maqsadlariga erishish uchun islohotlar muvofiqlashtirilishi va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi darkor. Ularga erishish uchun mamlakat aholi jon boshiga daromadining o'sish suratlarini jadallashtirib, yiliga kamida 9% ga yetkazish lozim. Ushbu masalada rasmiylar nimalarga e'tibor qaratishlari kerak? Xususiy sektorni rivojlantirish uchun teng sharoitlar yaratish hamda mehnat unumdorligi va aholi daromadlari o'sishini sekinlashtiruvchi iqtisodiyotda noqonuniy g'arazli manfaatlarni qondirish xatarlari bilan kurashish yo'nalishlarida yanada ko'proq ishlar qilinishi lozim. Xalqaro raqobatbardoshlikni yaxshilash uchun O'zbekiston ishlab chiqarish omillari (yer, kapital, energiya, xom ashyo va ishchi kuchi kabi) bozorlarini liberalizatsiya qilishda davom etishi, barcha xo'jalik subyektlari ulardan teng ravishda foydalanishlari uchun sharoitlar yaratishi kerak. Shuningdek, xalqaro savdoni olib borishdagi xarajatlarni qisqartirishda davom etish muhim. Shu bilan birga, narxlarni liberalizatsiya qilish jarayonining yakuniga yetkazilishi , davlat korxonalarining isloh qilinishi, moliyaviy tizimning ishlashi va biznes uchun sharoitlarning yaxshilanishi resurslar bozor mexanizmlari asosida taqsimlanmasligi muammosini yechish hamda mehnat unumdorligini oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Sog'liqni saqlash va ta'lim sohalaridagi davlat xizmatlari sifatini oshirish mamlakatda inson kapitalining rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Aholini ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini rivojlantirishga davlat investitsiyalarini yo'naltirishda davom etish esa o'tish davrida islohotlarning kambag'al va zaif aholi qatlamlari uchun ta'sirlarini yumshatadi. Islohotlar natijasida amalga oshadigan qator o'zgarishlar ayrim fuqarolarning farovonligiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Shuning uchun, ularga puxta tayyorgarlik ko'rilishi va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Bu yil biz O'zbekiston va Jahon banki o'rtasidagi hamkorlikning 30 yilligini nishonlamoqdamiz. Yaqin kelajakda biz hukumatga barcha fuqarolar farovonligini oshirishga yo'naltirilgan inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotini qurishda yordam berishda davom etamiz. Bizning moliyaviy va tahliliy ko'magimiz mamlakat bilan yangi besh yillik hamkorlik dasturi doirasida amalga oshiriladi. Ushbu dastur Yangi O'zbekistonning 2022−2026 yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasida nazarda tutilgan, iqtisodiyot va jamiyatni transformatsiya qilishni davom ettirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda yordam beradi. Men Samarqanddagi Iqtisodiy forum ishtirokchilari bilan yuqorida keltirilgan mavzular bo'yicha mazmunli va qiziqarli muhokamalarni intiqlik bilan kutyapman. O'tgan yilgi forum O'zbekistonda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlash yo'lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlar to'g'risida ochiq muhokamalar uchun platforma yaratdi. Men kutilayotgan tadbir doirasida ushbu dialogning davom etishiga umid bildiraman.
columnist
In English: A transformative moment amid extraordinary uncertainty in the Caucasus and Central Asia Jihad Azur — Xalqaro valyuta jamg'armasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari departamenti direktori bo'lib, u jamg'armaning Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Kavkazdagi faoliyatini nazorat qiladi. U Parijdagi Siyosiy tadqiqotlar institutida xalqaro moliya fanlari nomzodi hamda xalqaro iqtisod va moliya bo'yicha ilmiy darajaga ega. U Garvardda postdoktorant sifatida rivojlanayotgan bozorlar va ularning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi bo'yicha tadqiqotlar olib borgan. U o'tgan hafta Samarqandda bo'lib o'tgan ikkinchi O'zbekiston Iqtisodiy forumida ishtirok etdi. Hozir iqtisodiy siyosatni ishlab chiquvchilar uchun qiyin davr. Global iqtisodiyot favqulodda muammolar sharoitida noaniqlikka duch kelgan bir paytda, butun dunyo bo'ylab davlat boshqaruv lavozimini egallaganlar oldida keskin savollar turibdi: o'z mamlakatlarini kelgusida kutayotgan hodisalarga tayyorlash uchun hozir qanday iqtisodiy siyosat va islohotlarni amalga oshirishlari mumkin? Fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, Rossiya va Ukrainaga geografik jihatdan yaqinligi, shuningdek, ular bilan yaqin iqtisodiy aloqalari tufayli Kavkaz va Markaziy Osiyo (KMO) davlatlari urushdan eng ko'p jabr ko'rgan davlatlardan bo'lishi kutilgandi. Ammo, ajablanarlisi, olti oydan ko'proq vaqt o'tgach, mintaqaning aksariyat mamlakatlarida iqtisodiy faollik yaxshi saqlanib qoldi, ba'zilarida esa hatto o'sib bormoqda. Buning sababi nimada? Birinchidan, shu paytgacha Rossiyada iqtisodiyotning dastlab bashorat qilinganidan ancha sezilarli darajadagi qisqarishi kuzatildi. Ikkinchidan, Rossiyadan ishchilar va kompaniyalar ommaviy ravishda bir nechta KMO mamlakatlariga ko'chib o'tishdi. Natijada mintaqa bo'ylab daromadlar va moliyaviy oqimlar darajasi oshdi. Uchinchidan, an'anaviy ravishda Rossiya orqali oqib kelayotgan ta'minot yo'nalishini sezilarli darajada o'zgartirish mintaqadagi savdoni qo'llab-quvvatlamoqda. Bu omillar XVJning 2022 yil uchun o'sish prognozlarini 3,8 foizgacha oshirishga turtki bo'ldi. Bu yaxshi xabar. Biroq, mintaqa hali ham xavfdan holi emas. U savdo, pul o'tkazmalari, turizm va moliyaviy oqimlar orqali urush bilan bog'liq xavf-xatarlarga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda, hozirda ularni oldindan aytib bo'lmaydi. Bu yil kuzatilgan moliyaviy oqim va ko'chishlarning ijobiy ta'siri vaqtinchalik bo'lishi mumkin. Shu bilan birga, Ukrainadagi urushning uzoq davom etishi, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning kengayishi va global vaziyatning yomonlashuvi mintaqa taraqqiyoti istiqbollarini tobora xiralashtirmoqda. Hozirda jahonda energiya resurslari narxlarining oshishidan foyda ko'rayotgan neft eksportchilari ham neft va gaz eksporti bilan bog'liq transport tizimi infratuzilmasi va quvurlarida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan nosozliklar xavfiga duch kelishmoqda. Shu bilan birga, oziq-ovqat va energiya narxlarining ko'tarilishi va o'zgaruvchanligi tufayli yuzaga kelgan doimiy yuqori inflyatsiya butun mintaqadagi uy xo'jaliklariga bosim o'tkazmoqda. Qashshoqroq uy xo'jaliklari oziq-ovqat narxining ko'tarilishi oqibatida xavf ostida, chunki ular o'z daromadlarining katta qismini oziq-ovqatga sarflashadi. Bundan tashqari, agar Rossiya tanazzulga uchrasa va bu uzoq davom etsa, kambag'allar uchun muhim bo'lgan pul o'tkazmalari keskin tushib ketishi mumkin, bu esa qashshoqlik va tengsizlikning kuchayishiga, shuningdek, allaqachon yuqori darajada bo'lgan ijtimoiy va siyosiy keskinlikning kuchayishiga olib keladi. Ushbu favqulodda noaniqlik sharoitida mintaqa mamlakatlari kelajakdagi qiyin paytlarga tayyorgarlik ko'rish uchun transformatsion yo'lga kirish imkoniyatiga ega. Hukumatlar shoshilinch qisqa muddatli muammolarni hal qilish uchun qat'iy choralar ko'rishlari kerak, lekin bunda iqtisodiy o'sishga yordam beruvchi tarkibiy islohotlarning ahamiyatini unutmasliklari kerak. Eng muhimi, ular o'z mamlakatlarining kelajakdagi zarbalarga dosh berish qobiliyatini kuchaytirishga sarmoya kiritishlari kerak. Buning uchun markaziy banklar birinchi navbatda iqtisodiy barqarorlik va aholining kam ta'minlangan qatlamini himoya qilish uchun zarur bo'lgan inflyatsiyani nazorat ostiga olishlari kerak. 2023 yilda KMO mintaqasida inflyatsiya ikki xonali darajada saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda. Tovar narxlarining yuqoriligi qisman sababchi bo'lsada, talab bosimi ham kuchaymoqda va ish haqi ortib bormoqda. Bunga javoban mintaqa markaziy banklari allaqachon foiz stavkalarini oshirgan. Biroq, inflyatsiya ildiz otgan mamlakatlarda buni yanada oshirish kerak bo'lishi mumkin. Katta budjet taqchilligiga ega bo'lgan mamlakatlar soliq bazasini kengaytirishga va kambag'allikni kamaytirishga qaratilgan infratuzilma, sog'liqni saqlash va ta'limga sarflanadigan xarajatlarni oshirish uchun resurslarni bo'shatish uchun kamroq ustuvor xarajatlarni qisqartirishga intilishi kerak. Aholining eng zaif qatlamlariga maqsadli yordam ko'rsatish qashshoqlik va tengsizlik bilan bog'liq xavflarni kamaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga, ijtimoiy xavfsizlik tarmoqlarini kuchaytirish qashshoqlikning o'sishini to'xtatishga yordam beradi va mamlakatlarni kelajakdagi zarbalarga yaxshiroq javob berishga tayyorlaydi. Neft eksportchilari o'zlarining diversifikatsiya rejalarini amalga oshirish uchun kutilmagan neft daromadlarini kapitallashtirish imkoniyatiga ega. Biroq, qisqa muddatli muammolarni hal qilish bilan birga, transformativ islohotlarni davom ettirish kelajakdagi zarbalarga chidamlilikni oshirish va imkoniyatlarni kengaytirishga yordam beradi. KMO mintaqasida o'rta muddatli iqtisodiy o'sish 3,5 foizga tushishi taxmin qilinmoqda — bu oldingi davrlar uchun o'rtacha qiymatning atigi yarmi demakdir. Uzoq muddatli tuzilmaviy muammolarni hal qilish uchun hozirdanoq islohotlar amalga oshirilsa, mintaqa yaxshiroq natijalarga erishishi mumkin. Iqtisodiy inklyuzivlikni oshirish va barqarorlikni oshirishga qaratilgan islohotlarga ustuvor ahamiyat berish: soliq tizimlarini yanada adolatli bo'lishi uchun qayta loyihalash, norasmiy sektor ulushini kamaytirish, xususiy sektor rivojlanishini qo'llab-quvvatlash, raqamlashtirishni jadallashtirish va iqlim o'zgarishiga moslashish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rish kerak. Bundan tashqari, ko'chib kelgan ishchilar va kompaniyalarni integratsiyalash va ularning rivojlanishiga imkon berish mamlakatlarning iqtisodiy o'sish istiqbollarini mustahkamlaydi. KMO mamlakatlari pandemiya tufayli yuzaga kelgan inqirozni yaxshi yengdi. Ukrainadagi urushning dastlabki ikkilamchi ta'sirlari hozircha yaxshi ushlab turilmoqda. Biroq, noaniq istiqbollar va oldinda turgan qiyin muammolar dadil qarorlar qabul qilishni talab qiladi. Biroq, mamlakatlarning ushbu muammolar bilan yolg'iz shug'ullanishlariga to'g'ri kelmaydi. XVJ ularga yordam berishga tayyor ishonchli hamkordir. Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.
columnist
Andijon davlat universiteti tayanch doktoranti Sharofiddin Hoshimjonov Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasidagi aslida «o'ta noqulay va mantiqsiz tartiblar» bo'yicha o'zining fikrlarini bildirdi. Quyida uning maqolasini e'tiboringizga havola etamiz. Shu yilning 1 noyabridan Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi 24/7 tartibida ish boshlashini e'lon qildi . Tartib sinov muddati bilan joriy etilib, yaxshi samara bersa, doimiy asosda ish olib borishi mumkinligi bildirildi. Lekin Milliy kutubxona faoliyati samarasi faqat shu masalaga bog'liqmi? Haftasiga yetti kun ish rejimidan tashqari yana bir qancha muammolari ham borki, ular kitobxonni bezdirishdan boshqasiga yaramaydi. Bugun dunyoda turli shakldagi 2,7 milliondan ortiq kutubxona mavjud. Ularda ro'yxatdan o'tganlar soni esa 1 milliard 40,2 million kishi atrofida. Eng tez rivojlanayotgan davlatlarda kitob o'qish va kutubxonalarga tashrif buyuruvchilar soni kutilganidan ko'p. Demak, rivojlanish shartlaridan biri — mutolaa. 2021 yil ma'lumotlariga ko'ra, bugun eng ko'p kitob o'quvchilar Hindiston, Tailand va Xitoyda yashaydi. AQShda aholining 55 foizi kutubxonaga a'zo yoki doimiy foydalanuvchi . 2017 yilda dunyoda kutubxonalarga tashrif yiliga 1 mlrdlik ko'rsatkichdan o'tdi. Xo'sh, O'zbekistonda-chi? Bu haqida umumiy ma'lumotlar topish qiyin. Davlat Statistika qo'mitasi saytida 2021 yil 1 yanvar holatida 400 ta axborot-resurs va axborot-kutubxona markazi borligi ko'rsatilgan . Lekin bu kutubxonalarning aniq sonini ko'rsatmaydi. Chunki statistikada kutubxona turlari ochiqlanmagan, ularning qanchasi davlat, akademik, jamoat, maktab yoki boshqa kutubxona ekani aytilmagan, katta ehtimol bilan maktab va boshqa turdagi kutubxonalar ushbu ro'yxatga kiritilmagan. Kutubxonaga kelguvchilar sonini bilishning iloji ham yo'q bo'lsa kerak . Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyevaning ma'lumot berishicha, kunlik tashriflar 2,5 mingga yaqin. Taxminan, yillik tashrif buyuruvchilar esa 912 ming atrofida. Nega buncha kam? Harholda, poytaxt aholisi 3 mlndan ortiq. 500 mingdan ortiq talaba, viloyatlardan keluvchi minglab tadqiqotchini hisobga olsak, yillik tashriflar soni chindan kam. «Odamlar kitob o'qimay qo'ygan», deyish bir tomonlama xulosa. Balki kutubxonalarni kitobxon uchun qulay, sevimli hududga aylantirish kerakdir?! Tadqiqot ishim yuzasidan bosh kutubxonamizga tez-tez boraman, a'zo bo'lganimga 7 yildan oshdi. Bu manzil tadqiqotchilar uchun asosiy ish joyiga aylangan, fondi ham o'ziga yarasha boy va turfa. Biroq undagi tartib va qoidalar shu qadar ko'pki, kelganni bezdirib yuboradi. Barchasi kutubxonaga kirishdagi qattiq tekshiruvdan boshlanadi: dastlab, metallodetektordan o'tiladi, keyin xavfsizlik xizmati xodimi boshdan oyoq badanning uch-to'rt yeridan ushlab, tekshiradi. Yozda yupqa kiyimga qarab aniq ko'rish mumkin nimadir yashirilmaganini. Lekin ushlab tekshirish shart, sababini so'rasangiz, «Kamera bor, nima, gap eshitaylikmi?», qabilidagi javob yangraydi. Navbat sumkangizga keladi. Uni ochasiz va xodim unda nimalarnidir qidiradi, u-bu buyumni nima deb so'raydi, javob berasiz. So'ng garderobga o'tasiz. «Shirinso'z» xodimalar tarbiya darsini boshlaydi. Ichkariga sumka bilan kirish taqiqlanadi, garderobga topshirish shart. Shu bilan birga sumkadagi buyumlarni qoldirib kirish ham ilojsiz, katta-katta harflarda yozib qo'yligan: «Garderobga qo'yilgan sumkalar ichidagi narsalarga javob bermaymiz!». Ajoyib mantiq-a! Qo'yishga majbursiz va shuningdek, ichidagi hujjatu ashyolar yo'qolishiga ma'muriyat javob bermaydi. Javob berolmasa, sumkani ichkariga olib kirishga ruxsat berish lozim, bo'lmasa, uning ichidagilarga javob bersin. Xullas, bor narsani qo'lga olasiz: kompyuter, uning quvvatlagichi, kitob-daftar, ruchka-qalam va hokazo. Eng qizig'i, shaxsiy kitobingiz bo'lsa, har biri uchun alohida ruxsatnoma olish shart. Yana bir qiziq talab — kutubxonaga shortik kiyib kirish qat'iyan man etiladi. Bir gal kirishda kalta shim (kalta shortik emas, anchagina uzun edi) kiygan yigitcha kiritilmadi. Uzoq tortishib, orqasiga qaytib ketdi. Boshqa safar kalta shimi tizzasiga bir qarich yetmaydigan qizga hech kim indamadi (qiz rusiyzabon ekan). Ikki xil standart. Bu bilan qizni kiritishmasin, demoqchi emasman, shortikli yigitlar ham kiritilsin, demoqchiman. Yana bir kulgili «qoida» — kutubxonaga choy olib kirolmaysiz. Uydan termos yoki yelim idishga issiqqina choy yoki kofe damlab keldingiz, kutubxonaga kiritilmaysiz. Binoning asosiy qismi — tematik o'quv zallariga guvohnomasiz kiritilmaysiz. Qo'lingizdagi narsalar bilan ikkinchi tekshiruv «post»iga kelasiz. «Post»da o'tgan-ketganni ko'p ko'rganidan zerikkan gvardiya xodimi qo'rslik bilan (shunisiga tushunmayman, biz o'ta jiddiy yuz ifodasi bo'lmasa ham gvardiya va IIV xodimlarini birdek hurmat qilaveramiz) tekshiruvdan o'tkazadi, guvohnomangizni ko'radi, undagi rasmingiz bilan o'zingizni ikki-uch marta solishtiradi. Qo'lingizdagi kitoblarning har birini tez-tez varaqlab chiqadi. Bu nega kerak, tushunmadim. Kutubxona ichi ham odamni ruhan ezadi . Taqiqlar me'yoridan ko'pdek. Kitoblarni qidirish va ularga buyurtma berish ham o'sha eskicha tizimda ishlaydi. To'g'ri, elektron katolog bor, lekin qidirsangiz, siz izlagan kitob deyarli chiqmaydi. Kitoblar katalogiga o'tasiz. Aksar kitobxon undan foydalanishni bilmaydi. Doim ham katalog joylashgan xonada kutubxona xodimi bo'lavermaydi. Ma'lumotlarni topgach, buyurtma uchun belgilangan joyga boriladi va xodimga buyurtma qog'ozi to'ldirib beriladi. 15−20 daqiqada kitob qo'lga tegadi. Kitoblarini uyga olib ketish mutlaqo taqiqlanadi. Nusxasini olay desangiz, 15 foizigagina ruxsat bor. Mualliflik huquqini tushunamiz, lekin, bu chop etilganiga 50−60 yil bo'lgan kitoblarga ham tegishli ekani g'alati. Umuman olganda, kitoblarni qidirish va ularga buyurtma berish tizimini elektronlashtirishga katta resurs shart emas, xohish bo'lsa kifoya. Elektron bazalar doimiy ishlamaydi, xodimlar esa «hozir ishlamay qoldi»dan nariga o'tmaydi. Kutubxonadan foydalanib bo'ldingiz. Endi ketish kerak. Qaytishda ham kirishdagi chig'iriqlardan o'tasiz. Tepadan pastga tushgach, qarshingizda yana o'sha jiddiy qiyofadagi qo'riqlash xodimi yana guvohnoma so'raydi. «Chiqib ketyapman-ku, bu nega kerak?», desangiz, «Talab shunaqa», deydi. Mantiqsiz talab. Chiqib ketayotganda kirish guvohnomasini so'raydigan yagona tashkilot Milliy kutubxona bo'lsa kerak. Eng muhim kamchiliklardan biri: yosh bolali onalarga sharoit yo'q, hisobi. Bolasi yoshiga yetmagan yoki bog'chaga bormagan tanishlarim ko'p. Ular ham kutubxonaga borishni xohlaydi, lekin farzandiga qaraydigan yaqini yo'q. Agar kutubxonada bir xona ajratilib, ona-bola uchun sharoit hozirlansa va bu joy doimiy ishlasa, yosh onalar, tadqiqotchi kelinlar ham kutubxonaga kela oladi. Birinchidan, ona o'ziga kerakli adabiyotni topib, o'qib, foydalansa, ikkinchidan, bolalar ham barvatq yoshdan kutubxona muhitini ko'rib ulg'ayadi, kitob nimaligini tushunadi, bevosita tarbiyalanadi. Kutubxonada bolalar maydonchasi, ona va bola xonasi, balki pulli asosda soatlar ajratilib, bolalarga qarab berish xizmati tashkil etish ham mumkin. Kanadada yashab, ishlayotgan vatandoshimiz Farxod Fayzullayev Kalgari kutubxonasi haqida shunday deydi : «Kalgarida Markaziy kutubxona bor. Kuni kecha o'sha kutubxonada tadbirda ishtirok etdim. Ikkita narsa e'tiborimni tortdi. Birinchidan, kutubxonada yosh bolalar (hali o'qishni bilmaydigan) va kolyaska itarib yurgan onalar ko'p. Chunki kutubxonaning bir qismigina jim o'tirib, kitob o'qishga mo'ljallangan. Katta qismi esa oilaviy hordiq chiqarishga moslashtirilgan. Kutubxonada bolalar o'yingohi, o'yinchoqlar, Lego konstruktorlari va hokazolar bor. Shuning uchun u yerda juda ko'p yosh bolalarni uchratish mumkin. Kiraverishda hech kim hujjat yo kutubxona a'zoligini so'ramaydi. A'zolik kartochkasi faqat kitob olish paytida kerak bo'ladi. Ikkinchidan, kutubxona kitoblarini o'z vaqtida qaytib bermaslik uchun belgilangan jarimalar bekor qilinibdi. Endi kitoblarni o'z vaqtida qaytarib bermasangiz ham jarimaga tortilmas ekansiz. Bu haqda kutubxona kiraverishiga yozib qo'yishibdi katta qilib. Chunki kitoblarni aksariyat hollarda kambag'al oilalar vaqtida qaytarib berolmas ekan va jarimaga tortilarkan. Shuni inobatga olib, jarima umuman bekor qilinibdi. Men ham bir necha bor Milliy kutubxonamizga tashrif buyurganman. Melisalar obdon tekshirgan, xuddi terrorchidek his qilganman o'zimni. Ichkarida liftdan foydalanaman deganimda bitta qorovul melisa yugurib kelgan. Vaqtida tugmani bosib, tepaga chiqib ketganman". «Iqtisodchi» telegram kanali esa talaba do'stidan iqtibos keltiradi : «Polshada o'qigan do'stim bilan gaplashdik. U Milliy kutubxonamizga borib ko'rganini aytdi va uni Varshava kutubxonasi bilan solishtirdi. 'Kutubxona masalasida fikringizga qo'shilaman. O'ta yomon tizim qilib qo'yishgan. Tekshiruvlar odamni bezdirib yuboradi. Bir marta borib, qaytib bormaydigan bo'ldim. Men, misol uchun, Varshava kutubxonasiga kirganman. Bizdagi Milliy kutubxonadan katta bo'lishiga qaramay, tekshirish degan narsa yo'q. Talabalik guvohnomasi yoki pasportni ko'rsatib kirib ketaverasiz. Ixtiyoriy obuna bo'lish mumkin. Bu sizga kutubxonadan kitoblarni olib ketish imkonini beradi. Internet juda tez ishlaydi. Alohida o'tirsa bo'ladigan joylar ham bor, yolg'iz kitob o'qishni istaydiganlar uchun. Kitoblar juda ko'p. Barcha sohalarda kitoblarni topish mumkin. Ham ilmiy, ham badiiy adabiyotlar jamlangan'. Ma'lumot o'rnida, Varshava kutubxonasi ikkita yerosti va to'rtta yerusti qavatidan iborat (bunaqa katta hajmdagi kompleksda ham tekshirishlarni ko'paytirmay xavfsizlikni ta'minlash mumkin, shekilli). Birinchi yerosti qavati deyarli butunlay savdo, xizmat ko'rsatish obyektlari, kitob do'konlari va boshqalar bilan band. 2-qavat «parkovka». Kutubxonaning 1-qavati fondlarga ajratilgan. Asosiy jamoat joylari ikkinchi qavatda joylashgan, uchinchi va to'rtinchi qavatda o'qish zallari bor". Shuningdek, Turkiyaning Bursa shahridagi kutubxonalar haqida Bursa universiteti magistranti Ismoiljon Ikromov shunday yozmoqda : «Bu yerda kutubxonalar ko'p. Ayniqsa, kichik — jamoat kutubxonalari. Ko'pchiligi 24/7 rejimida ishlaydi. Borgan kutubxonalarimdan faqat bittasida politsiya turganini ko'rdim. U ham skaner qurilmasidan o'tkazish uchun. Kiyim, ichimlik, yeyishliklarga taqiq yo'q. Aksariyatida bepul choy ham tarqatiladi. Kutubxonaga kirib biror kitob buyurtma qilishingiz, kitob o'qib chiqib ketishingiz shartmas, boshqalarga xalal bermasangiz bas. Umuman, kutubxona jamoat uchun». Xullas, kutubxonamizdagi ayrim tartiblar kitobxonni bezdiradi, xolos. Ruhan qandaydir qafas ichiga kirgandek ezadi, bema'ni qoidalar va tartiblar birinchi kelgan tashrifchini kalovlatadi, « qatiy tartiblar mamlakati «da yurgandek sezadi odam o'zini. Aslida kutubxonalar erkinlikni his qildirsin. Kitobxon shu yerda bexavotir, miriqib kitob o'qish ilinjida shoshilsin. Hamma har doim kirish imkoniga ega bo'lsagina «Nega kitob o'qimaymiz?» degan savollar kamayarmidi… To'g'ri foydalanuvchilarning hammasiyam tartibli emas, ularni ham ayblash mumkin. Lekin havo ifloslandi deb, burnimizni kesib tashlamaymiz-ku! Zamonaviy yechimlar kerak. Moslashish uchun avval biror yangilikni joriy etarmiz, ehtiyot choralarini birovning nafsini og'ritmaydigan qilib tashkillashtirarmiz. Kutubxona rahbariyati tushunib yetishi kerak: taqiqlar hech qachon masalani hal etmagan, ratsional yechimlar zarur. Hozir o'quvchi majburlikdan, boshqa tanlovi yo'qligidan (kutubxonada bosma va elektron kitoblar, dissertatsiyalar resursi juda katta) Milliy kutubxonaga borishga majbur. Boshqa chorasi yo'q. Lekin kutubxona ham monopolligini sal chetga surib, imkon boricha yuqoridagi takliflarni ko'rib chiqsa, nur ustiga nur bo'lardi. Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.
columnist
Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekistonga yaqinda qilgan tashrifimizdan so'ng biz — Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) elchilari Markaziy Osiyoda keng qamrovli xavfsizlikni qo'llab-quvvatlashda har qachongidan ham ko'proq qat'iymiz. YeXHT 57 davlatdan iborat Yevropa va Yevrosiyo xavfsizligini muhokama qilish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha yirik tashkilotdir. Ushbu tashkilot ilgari suradigan yondashuvga ko'ra, xavfsizlikni ta'minlashda uni jamoaviy tarzda ko'rib chiqish, uni birgalikda rivojlantirish, iqtisodiy, ekologik va inson xavfsizligini parallel ravishda mustahkamlash, harbiy xavfsizlik va transmilliy tahdidlarga e'tiborli bo'lish lozim. Aynan shu barchamizni yanada tinchroq, xavfsizroq va farovonroq qiladi. Hozir hammamiz Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi natijasida global xavfsizlik uchun jiddiy muammoga duch kelmoqdamiz — bu qadam Yevropa va Yevrosiyo xavfsizligining asosiy tamoyillariga putur etkazib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga global ta'sir ko'rsatdi, shuningdek, qo'shni mamlakatlarda beqarorlashtiruvchi iqtisodiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakatlarimiz YeXHT tamoyillari va qoidalarga asoslangan xalqaro tizim elementlarini, jumladan, hududiy yaxlitlik, suverenitet, kuch ishlatmaslik va chegaralar daxlsizligini qo'llab-quvvatlaydi. Biz Rossiyani bu urushni to'xtatishga va o'z qo'shinlarini Ukrainadan to'liq olib chiqib ketishga chaqiramiz. Biz YeXHT mintaqasining boshqa qismlarida sodir bo'layotgan voqealarni ham nazardan qochira olmaymiz. Biz, ayniqsa, Afg'onistondagi inqiroz sabab mintaqaviy barqarorlik uchun xavf-xatarlar mavjudligini ta'kidlaymiz. Bunga javoban turli vositalar, jumladan, chegaralarni boshqarish, terrorizmga qarshi kurash va zo'ravon ekstremizmlarga qarshi turish sohasida choralar amalga oshirilmoqda. YeXHT faoliyati zaifliklarni bartaraf etishga yordam beradi va mintaqa uchun aloqa va rivojlanishni qo'llab-quvvatlaydi. Markaziy osiyolik hamkorlarimizga ularning Afg'oniston bilan bog'liq masalalar bo'yicha davomiy olib borayotgan ishlari va qo'llab-quvvatlovlari uchun minnatdorchilik bildiramiz. YeXHTning barcha Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vakolatxonalari o'zlarining tajribalari, targ'ibotlari, ziddiyatli guruhlar bilan ishlashlari, o'zlarining joylardagi muassasalari hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIHB) va Ommaviy axborot vositalari erkinligi bo'yicha vakil institutlari orqali butun mamlakat bo'ylab barcha darajalarda ishtirok etishlari orqali haqiqiy amaliy qiymat yaratmoqdalar. Tashrifimizdan bir qancha xulosalarimiz bor. Birinchidan, biz xavfsizlik muammolari bo'yicha birgalikda ishlash muhimligini tan olamiz — biz duch kelayotgan ko'plab tahdidlar umumiy bo'lib, mamlakatlarimiz hamkorlik qilishga, xususan, YeXHT tomonidan taqdim etilgan vositalardan foydalanishga tayyor. Ikkinchidan, biz Markaziy Osiyoda iqtisodiy xavfsizlik uchun chuqurroq bog'liqlik muhimligini tan olamiz. YXHT savdo, transport va raqamlashtirishni amalga oshirishda muhim rol o'ynaydi. Aloqa va tinchliksevar davlatlar o'rtasidagi hamkorlik tufayli yaratilgan farovonlik barqarorlik uchun markaziy o'rin tutadi. Iqtisodiy xavfsizlik korrupsiyaga qarshi kurashish, samarali boshqaruv, qonun ustuvorligi va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish masalalariga qat'iy yondashish orqali mustahkamlanadi. Uchinchidan, biz mintaqa bo'ylab iqlim va energetika masalalari, jumladan, suv resurslarini boshqarish va yashil energiyaga o'tish bo'yicha hamkorlikni kengaytirish muhimligini ko'ramiz. Iqlim inqirozi kelajagimiz uchun ekzistensial tahdiddir. YeXHT suv diplomatiyasi va suv resurslarini boshqarishda muhim rol o'ynashi mumkin. Iqlim o'zgarishi suv tanqisligini kuchaytirar ekan, transchegaraviy hamkorlik yanada muhimroq bo'ladi. YXHT ushbu sohalarda, jumladan barqaror energiya ishlab chiqarish bo'yicha ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishda allaqachon yordamchi rol o'ynamoqda. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda muhim energetika infratuzilmasini himoya qilish va energiya xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ahamiyatli ishlarni amalga oshiradi. Nihoyat, xavfsizlik ommaviy axborot vositalari erkinligi, ochiq va adolatli saylovlar hamda so'z erkinligi bilan mustahkamlanadi. Hamma uchun inson xavfsizligi, ichki xavfsizlik , mintaqaviy va butun YeXHT mintaqasida xavfsizlikning asosiy ustunidir. YeXHT o'zining joylardagi vakolatxonalari, shuningdek, DIIHB va OAV erkinligi bo'yicha Vakillari orqali muhim islohotlarni qo'llab-quvvatlashi mumkin. Mintaqaga tashrifimiz chog'ida ko'rsatgan samimiy mehmondo'stligingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Markaziy Osiyo muhim mintaqadir. Biz siz bilan keng qamrovli xavfsizlik masalalari bo'yicha, jumladan, YeXHT orqali hamkorlik qilishga tayyormiz. Elchi Kristin Fages, Fransiyaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakili Elchi Gesa Brautigam, Germaniya Federativ Respublikasining Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakolatxonasi Elchi Nil Bush, Buyuk Britaniyaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi delegatsiyasi Elchi Maykl Karpenter, Amerika Qo'shma Shtatlarining Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakili
columnist
XXI asrning so'nggi o'n yilligiga kelib butun dunyoda daromadlar tengsizligi masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Bu asosan rivojlangan mamlakatlarda tengsizlikning favqulodda yuqori darajaga yetganligi va o'sishda davom etayotganligi bilan izohlanadi. Masalan, 1980 yillarda AQShda eng yuqori daromadga ega 1 foiz aholi jami daromadning qariyb 22 foiziga egalik qilgan bo'lsa, hozirgi kunga kelib bu ko'rsatkich 35 foiz atrofida shakllanmoqda . Xo'sh, daromadlar taqsimoti va tengsizligi borasida O'zbekistonda qanday tendensiya kuzatilmoqda ? Tengsizlikning hozirgi darajasi va o'sish sur'ati aholining turmush farovonligiga qay darajada xavf solishi mumkin ? Mazkur savollarga javob topishdan oldin tengsizlikni o'lchash usullari va ko'rsatkichlariga qisqacha to'xtalib o'tish maqsadga muvofiq. Daromadlar tengsizligi darajasi bir nechta usullar vositasida o'lchanadi va, mos ravishda, turli ko'rsatkichlar bilan ifodalanadi. Ular orasida eng keng tarqalgan hamda eng ko'p qo'llanuvchi ko'rsatkich (yoki koeyeffitsiyent) — jini (Gini) koeffitsiyenti hisoblanadi. Ma'lumot o'rnida, jini koeffitsiyenti ( Gini index, Gini coefficient ) aholi orasida daromadlar taqsimotini o'lchash uchun qo'llaniladi va 0 (mutlaq tenglik)dan 1 (mutlaq tengsizlik)gacha oraliqdagi son bilan ifodalanadi. Rasmiy statistikaga nazar tashlansa, O'zbekistonda daromadlar tengsizligi darajasi bo'yicha jini koeffitsiyenti faqatgina so'nggi bir necha yil uchun hisoblab chiqilgan va e'lon qilingan. Qolaversa, mazkur ma'lumotlar mamlakatda tengsizlik darajasining joriy tendensiyasi, ya'ni o'sayotganligi yoki pasayib borayotganligi xususida aniq bir to'xtamga kelish imkonini bermaydi. Jini koeffitsiyentiga asoslangan holda mamlakatimiz va boshqa mamlakatlardagi tengsizlik darajasi taqqoslab ko'rilsa, birlamchi xulosa taxminan quyidagicha bo'lishi mumkin: O'zbekistonda tengsizlik darajasi boshqa davlatlarga nisbatan ancha past darajada; pandemiya davridagi o'sishni hisobga olmaganda, so'nggi yillarda umuman o'smagan. Ma'lumot o'rnida aytib o'tish joizki, jini koeffitsiyenti mamlakatni boshqa davlatlarga nisbatan qay darajada farovonroq ekanligini emas, balki mamlakatdagi jami daromadning qanchalik teng (yoki noteng) taqsimlanganligini ko'rsatadi. Rasmiy statistikaga ko'ra, 2017 yildan boshlab qaytadan rasmiy ravishda e'lon qilina boshlagan jini koeffitsenti 2020 yilgacha hech qanday o'zgarishga uchramagan va 0,26 darajada saqlanib qolgan (1 ga yaqin ko'rsatkich tengsizlikning yuqori darajasi, 0 ga yaqin shakllangani esa tengsizlikning past darajasini anglatadi). 2020 yilgi pandemiya mamalakatimizda tengsizlik darajasining oshishiga olib kelgan (yoki tengsizlikning o'sayotganligi statistikada yaqqol ko'zga tashlana boshlagan). Biroq, 2021 yildan keyingi davrda jini koeffitsenti pasayib borayotganligini kuzatish mumkin. Hozirgi holatda mamlakatimizdagi tengsizlik darajasi rivojlangan dunyo, Afrika yoki Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan taqqoslaganda sezilarli darajada past hisoblanadi. Biroq, o'rinli savol tug'iladi: bu mamlakatimizda daromadlar taqsimoti bilan hammasi joyida ekanligini anglatadimi? Nazarimda, tengsizlikni o'lchash mumkin bo'lgan boshqa usullardan foydalanish va mos ko'rsatkichlarni tahlil qilish mamlakatimizda qanday tendensiya kuzatilayotganligini yanada yaxshiroq va chuqurroq tushunish imkonini beradi. Buning uchun daromadlar shakllanishi bo'yicha hududlararo tafovutlar, ish haqi miqdorining sohalar kesimida qanday o'zgarayotganligi hamda turli daromad guruhlarining jami daromaddagi ulushi qanday o'zgarib borayotganligini tahlil qilish maqsadga muvofiq. Daromadlar shakllanishida hududlar o'rtasidagi mavjud farqlar bir nechta omillar bilan izohlanadi. O'zbekiston misolida hududni harakterlovchi asosiy tabiiy boyliklar hamda mazkur hududga hukumat tomonidan qaratilgan e'tibor (investitsiyalar, infrastruktura va h.k.) daromadlar shakllanishi va bu borada hududlar o'rtasidagi farqlarning kelib chiqishida hal qiluvchi omillar bo'lib hisoblanadi. Xususan, aholi jon boshiga umumiy daromad darajasi bo'yicha respublikada yetakchi bo'lgan ikki hudud — Navoiy viloyati hamda Toshkent shahri yuqoridagi omillarning ta'siri qay darajada ekanligiga yaqqol misol bo'la oladi. Biroq, qayd etish joizki, «yangi davr» boshlanishidan oldin mazkur hududlardagi daromadlar darajasi ham boshqa hududlarnikidan sezilarli farq qilmas edi. Hozirgi kunda umumiy daromadlar darajasi eng yuqori bo'lgan Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 2021 yilda mos ravishda 30,2 hamda 24,2 mln so'mni tashkil etgan . Umumiy daromadlarning respublika bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichi esa 14,8 mln so'mni tashkil etgan . Boshqacha aytganda, o'rtacha toshkentlik hamda o'rtacha navoiylik respublikadagi o'rtacha daromadga ega insondan mos ravishda 2 karra hamda 1,6 karra boyroq hisoblanadi.Toshkent shahrining aholi jon boshiga umumiy daromadlari respublikadagi aholi jon boshiga umumiy daromadlar darajasi eng past bo'lgan hudud — Farg'ona viloyatiga nisbatan qariyb 2,8 barobarga yuqori. 2016 yilda Toshkent shahri hamda Farg'ona viloyatining aholi jon boshiga umumiy daromadlari orasidagi farq 2,5 barobarni tashkil etgan. Guvohi bo'lganimizdek, daromadlar shakllanishi bo'yicha hududlar o'rtasidagi farq so'ngi yillarda oshib bormoqda. Grafik Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Hududlarning umumiy daromadlari tarkibidan mamlakat tashqarisidan kirib kelgan pul o'tkazmalari chiqarib tashlansa, vaziyat yanada jiddiylashadi. Daromadlari yuqori darajada shakllangan hududlarning umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o'tkazmalarining ulushi daromadlar darajasi past bo'lgan hududlarnikiga nisbatan karrasiga kamroq. Xususan, 2021 yil holatiga Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatining umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o'tkazmalarining ulushi mos ravishda 10,6 foiz hamda 4,3 foizni tashkil etgan bo'lsa, Xorazm, Samarqand, Andijon, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston respublikasida bu ko'rsatkich 20 foizdan yuqori. Boshqacha aytganda, umumiy daromadlar tarkibidan xorijdan pul o'tkazmalarini chiqarib tashlangan taqdirda, xususan, Toshkent shahri hamda Farg'ona viloyati misolida daromadlar darajasi o'rtasidagi tafovut 3 barobarga yetadi (pul o'tkazmalari qo'shib hisoblanganda farq 2,8 barobar edi). Muayyan hudud daromadlar darajasi bo'yicha boshqa hududlardan jiddiy farq qilgan taqdirda, mazkur hududga boshqa hududlarlardan ko'chib keluvchilar soni keskin oshishi va bu, o'z navbatida, daromadlar darajasi bo'yicha mavjud farqni qisqartirishi lozim. Biroq, mamlakatimizda yaqin-yaqingacha ichki migratsiyaga turli cheklovlar mavjud edi. Shu sababli daromadlar darajasi yuqori bo'lgan hududlarga aholining ko'chib o'tishida faollik kuzatilmagan. Biroq, 2017 yildan keyin ichki migratsiyaga nisbatan to'siqlar sezilarli darajada yumshatildi. Bu esa aholining daromad darajasi yuqori bo'lgan hududlarga faol ravishda ko'chib o'tishiga turtki bo'ldi. Xususan, 2016 yilda Toshkentga doimiy yashash uchun ko'chib kelganlar soni 18 ming kishini tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilga kelib bu ko'rsatkich 112 ming kishiga yetgan . Guvohi bo'lganimizdek, so'nggi yillarda daromad darajasi eng yuqori bo'lgan hududga boshqa hududlardan doimiy yashash uchun ko'chib o'tganlar (poytaxt hududining kengaytirilganligi ham ta'sir ko'rsatganini alohida ta'kidlab o'tish lozim) soni keskin oshgan. Biroq, bu tendensiyaning daromadlar tengsizligiga sezilarli ta'siri kuzatilmayapti. Grafik Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Tahlillar shuni ko'rsatadiki, daromadlar bo'yicha hududlararo tafovutlar yildan-yilga kengayib bormoqda. Bu tendensiya, ayniqsa, 2017 yildan keyin sezilarli tezlashgan. Bundan tashqari, hududlar o'rtasidagi tengsizlikning keskinlashishiga ko'p hollarda bevosita qaror qabul qiluvchilar ham hissa qo'shmoqda. Ta'kidlash joizki, hozirgi kunda qaror qabul qiluvchilar tomonidan turli davlat dasturlari — soliq imtiyozlari, subsidiyalar — vositasida nisbatan past daromadli aholi qatlamini qo'llab-quvvatlashga urinishlar yo'q emas. Biroq, aksariyat hollarda ajratilayotgan subsidiyalar regressiv ta'sirga ega bo'lib qolmoqda. Ya'ni dasturlarning manzilliligi va natijadorligi savol ostida bo'lib, ulardan aynan aholining bunday ko'rinishdagi ijtimoiy ko'makka muhtoj, past daromadli qatlami foydalanishi darajasi va ehtimoli turli sabablarga ko'ra juda pastligicha qolmoqda. Raqamlarga nazar tashlasak, hududlar kesimida o'zlashtirilgan soliq imtiyozlarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to'g'ri kelsa, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Surxondaryo, Xorazm, Jizzax kabi viloyatlarda mazkur ko'rsatkich 2 foizga ham yetmaydi . To'g'ri, soliq imtiyozlarining katta qismi Toshkent shahri hissasiga to'g'ri kelishi bu hududda imtiyozdan foydalanishi mumkin bo'lgan faoliyat turlari nisbatan ko'proq ekanligi bilan, kamroq soliq imtiyozlariga ega chiqayotgan hududlarda esa imtiyozlardan foydalanuvchilarning umumiy soni ko'p emasligi bilan ham izohlanishi mumkin. Biroq, bu soliq to'lovchilarning mablag'larini bunday adolatsiz, regressiv va samarasiz sarflash mumkin degani emas. Qaror qabul qiluvchilar bu singari teskari ishlovchi soliq yoki boshqa imtiyozlardan butunlay voz kechishi optimalroq yechim bo'lar edi. Shu orqali ular hududlar orasidagi tengsizlikning yanada kuchayishiga kamroq hissa qo'shishlari mumkin. Hukumat tomonidan qaysidir hududga ko'proq e'tibor qaratilishi (investitsiyalar kiritilishi, infrastrukturaning rivojlantirilishi va h.k.) yoki turli dasturlar doirasida ajratilayotgan mablag'larning aksariyatidan asosan daromad darajasi yuqori bo'lgan hududlar ko'proq naf ko'rayotganligi, aholining past daromadli va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga nisbatan qo'llanilayotgan jazodek gap. Boshqacha aytganda, davlat tomonidan turli ko'rinishdagi qo'llab-quvvatlashga eng ko'p muhtoj bo'lgan hududlar amalda mavjud dasturlardan eng kam foydalanadi hamda bu ularning turmush darajasini deyarli o'zgartirmaydi. Hududlar o'rtasida muayyan darajadagi tengsizlik mavjud bo'lishi tabiiy , biroq ba'zi hududlarda aholining turmush darajasi minimal yashash standartlariga javob bermagan bir vaqtda, boshqa hududlar daromadlarining keskin o'sishi, ayniqsa, vaziyatning bunday tus olishiga bevosita qaror qabul qiluvchilarning o'zi sababchi bo'lib qolayotganligi hech bir mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Hozirgi holatda qaror qabul qiluvchilar mavjud tendensiyani sekinlashtirish va hatto vaziyatni o'nglash imkoniyatiga ega. Birinchidan, davlat investitsiyalarni yo'naltirishda muayyan darajada ta'sir kuchiga ega (tabiiy boyliklarga bog'liq bo'lmagan investitsiyalar), shu yo'l bilan qaror qabul qiluvchilar daromad darajasi past bo'lgan hududlarning daromadlari nisbatan o'sishiga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Qolaversa, infrastrukturaga qaratilgan investitsiyalar faqat daromad darajasi yuqori hududlar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Bu past daromadli hududlarning ham yashash va investitsiyalar kiritish uchun jozibaliroq hududlarga aylanishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, bunday choralar hududlar o'rtasidagi mavjud tengsizlikning qisqarishiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Bu O'zbekistondagi daromadlar tengsizligiga bag'ishlangan maqolaning ikkinchi qismi. Birinchi qismi bilan bu yerda tanishish mumkin. Mamlakatda daromadlar tengsizligi darajasini ifodalashda eng ko'p qo'llanuvchi ko'rsatkich (yoki koeffitsiyent) — jini (Gini) koeffitsiyenti hisoblanadi. Jini koeffitsiyenti ( Gini index, Gini coefficient ) aholi orasida daromadlar taqsimotini o'lchash uchun qo'llaniladi va 0 (mutlaq tenglik)dan 1 (mutlaq tengsizlik)gacha oraliqdagi son bilan ifodalanadi. Rasmiy statistikaga ko'ra, O'zbekistonda 2017 yildan boshlab qaytadan rasmiy ravishda e'lon qilina boshlagan jini koeffitsenti 2020 yilgacha hech qanday o'zgarishga uchramagan va 0,26 darajada saqlanib qolgan (1 ga yaqin ko'rsatkich tengsizlikning yuqori darajasi, 0 ga yaqin shakllangani esa tengsizlikning past darajasini anglatadi). 2020 yilgi pandemiya tengsizlik darajasining oshishiga olib kelgan. Biroq, 2021 yildan keyingi davrda jini koeffitsenti pasayib bormoqda. Biroq, ayrim sabablarga ko'ra, mazkur tendensiya O'zbekistonda daromadlar taqsimoti bilan hammasi joyida ekanligini anglatmaydi. Daromadlar tengsizligiga bag'ishlangan maqolaning birinchi qismida daromadlar shakllanishi bo'yicha hududlararo farqlarni tahlil qilish asnosida bunga bevosita guvoh bo'ldik. Xususan, tegishli tahlillar daromadlar bo'yicha hududlararo tafovutlar yildan-yilga kengayib borayotganligi, bu tendensiya 2017 yildan keyin sezilarli tezlashganligini ko'rsatmoqda. Mazkur tendensiyaga ko'p hollarda bevosita qaror qabul qiluvchilar ham regressiv ta'sirga ega qarorlar hamda samarasiz dasturlar orqali bevosita hissa qo'shayotganligi, ayniqsa, achinarli. Maqolaning ikkinchi qismida ish haqi miqdorining sohalar kesimida qanday o'zgarayotganligi hamda turli daromad guruhlarining jami daromaddagi ulushi qanday o'zgarib borayotganligini ko'rib chiqamiz. Umid qilamizki, mazkur tahlillar O'zbekistonda daromadlar tengsizligi bilan bog'liq haqiqiy manzarani ko'rish va uning sabab-oqibatlari xususida kengroq fikr yuritish imkonini beradi. So'nggi yillarda daromadlar tengsizligi sohalar kesimida ham yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Xususan, moliya va sug'urta hamda axborot va aloqa sohalarida ish haqi boshqa sohalar bilan taqqoslaganda sezilarli darajada tez o'smoqda. Masalan, rasmiy statistikaga ko'ra , 2017 yilning dastlabki uch choragida moliya va sug'urta sohasida o'rtacha ish haqi darajasi respublikadagi o'rtacha ish haqidan 1,8 barobar yuqoriroq bo'lgan bo'lsa, 2022 yilga kelib mazkur tafovut 2,6 barobargacha yetgan (axborot va aloqa sohasida ish haqi darajasi o'sishi moliya va sug'urta sohasi bilan taqqoslaganda nisbatan sekinroq bo'lgan). Ya'ni moliya va sug'urta sohasi vakillarining oylik maoshi respublikadagi boshqa soha vakillarining oylik maoshidan sezilarli darajada tez o'smoqda . Sohalar kesimida nominal ish haqi miqdorining o'zgarishi, 2022 yil bilan taqqoslash maqsadida ko'rsatkichlar har bir yilning yanvar-sentabr holatiga olingan. Manba: Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari . Boshqa tomondan, ikki muhim sohada — ta'lim hamda tibbiyot sohalarida ish haqi darajasi 5−6 yil oldin respublikadagi o'rtacha ko'rsatkichdan pastroq shakllangan bo'lsa, so'nggi yillarga kelib yanada pasayish tendensiyasini namoyon qilmoqda (boshqacha talqin qilinsa, mazkur ikki sohada ish haqi darajasi respublika bo'yicha o'rtacha ish haqi darajasiga nisbatan sekin o'smoqda). Xususan, ta'lim sohasi vakillarining o'rtacha ish haqi 2017 yilda respublikadagi o'rtacha ko'rsatichning 80 foizini tashkil etgan bo'lsa, 2022 yilga kelib bu ko'rsatkich 70 foizgacha pasaygan. Sog'liqni saqlash sohasi xodimlarining oylik ish haqi esa respublikadagi eng past darajani qayd etgan bo'lib, respublikadagi o'rtacha ish haqining bor-yo'g'i 67 foizini tashkil etgan. E'tiborlisi shundaki, bu soha vakillarinining ish haqi olti yil oldin ham respublikadagi o'rtacha ish haqining 67 foizini tashkil etgan . Bundan xulosa qilish mumkinki, tibbiyot sohasi vakillari olti yil oldin boshqa soha vakillariga nisbatan qanchalik kambag'alroq bo'lgan bo'lsa, hozirgi kunda ham xuddi shunchalik kambag'alroq ekanligicha qolmoqda . Daromadlari jadal o'sib borayotgan sohalarga taqqoslaganda esa, hatto, yanada kambag'allashib bormoqda. Ta'lim sohasi vakillari nafaqat daromadlar borasida yetakchi soha vakillariga nisbatan, balki respublikadagi ixtiyoriy boshqa soha vakillariga nisbatan kambag'allashib bormoqda. Qayd etish joizki, hozirgi kunda boshqa sohalarga nisbatan sezilarli ortda qolayotgan va yildan-yilga kambag'allashishda davom etayotgan har ikki sohada asosan budjet tashkilotlari faoliyat olib boradi. Ya'ni ularning mehnatiga haq to'lash miqdori bevosita qaror qabul qiluvchilarga bog'liq. So'nggi yillarda ayrim ijobiy o'zgarishlar, siljishlar kuzatilganini ham inkor etib bo'lmaydi, xususan, oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilarining oylik maoshida sezilarli darajada o'sish kuzatildi. Biroq, oliy ta'limda band bo'lgan professor-o'qituvchilar ta'lim sohasida band bo'lgan aholining 10 foizini ham tashkil etmaydi. Bundan tashqari, oliy ta'limda muayyan darajada o'zgarishlar bo'lganligiga qaramasdan, sohadagi o'rtacha ish haqi moliya va sug'urta sohasidagi o'rtacha ish haqining bor-yo'g'i 60 foizini tashkil etadi, xolos. Yuqorida ta'kidlanganidek, hozirgi kunda daromadlari boshqa sohalarga nisbatan oqsayotgan sohalar deyarli to'liq davlat nazoratida. Demak, bu soha vakillarining daromadlarini boshqa soha vakillarining daromadlari bilan muvofiqlashtirish ham qaror qabul qiluvchilarning irodasiga bog'liq. Ta'lim yoki tibbiyot sohasi vakillari jamiyatning eng daromadi past, ochiqroq aytganda, eng kambag'al vakillari bo'lib qolayotganligi, nazarimda, juda achinarli holat. Quyidagi grafikda aholi daromad guruhlarining umumiy daromaddagi ulushi tasvirlangan. Bunda aholi daromad darajasi bo'yicha 10 ta guruh (detsil)ga bo'lingan (har bir guruh jami aholining mos daromadga ega 10 foiz qismini ifodalaydi). I detsil eng kam daromad oluvchi aholi guruhi bo'lsa, X detsil daromadlar darajasi eng yuqori bo'lgan guruh hisoblanadi. Bir qarashda so'nggi yillardagi o'zgarishlardan muayyan bir xulosaga kelish qiyin. Eng ko'p daromadga egalik qiluvchi guruh (X detsil) daromadlarining jami daromaddagi ulushi pasayib borayotganligini yaqqol ko'rish mumkin. Bu O'zbekistonda tengsizlik pasayib bormoqda, degan tasavvur uyg'otishi mumkin. Biroq, umumiy daromadlar va tengsizlik bo'yicha ma'lumotlar tanlanma kuzatuvlar asosida shakllantirilishi hisobga olinsa, shuni unutmaslik kerakki, bunday kuzatuvlar ayrim kamchiliklarga ega bo'lib, daromadi yuqori aholi qatlamini to'liq qamrab olmasligi bilan harakterlidir. Bu esa, o'z-o'zidan, tengsizlikning haqiqiy holatdan pastroq shakllanishiga sabab bo'lishi mumkin. Hozircha ma'lumotlar shakllantirilishining texnik jihatlariga e'tibor qaratmay, mavjud ma'lumotlarni tahlil qilib ko'ramiz. Grafik Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Eng yuqori daromadga ega aholi guruhining umumiy daromaddagi ulushi kamayib borayotganligi tengsizlikning qisqarib borayotganligining anglatmaydi, sababi eng kam daromad oluvchi aholi guruhi daromadlari ham so'nggi yillardan pasayuvchi tendensiyani namoyon qilmoqda. Xususan, eng kam daromadga ega bo'lgan 10 foizlik aholi guruhining umumiy daromaddagi ulushi 2017 yilda 3,9 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilning so'ngiga kelib bu ko'rsatkich 3,3 foizgacha qisqargan . Boshqacha aytganda, eng kam daromadga ega aholi qatlamining daromadlari o'sib bormoqda, deb faraz qilingan taqdirda ham, ularning daromadlari boshqa aholi guruhlarining daromadlariga nisbatan sekinroq o'smoqda, bu ularning boshqa aholi guruhlariga nisbatan kambag'allashib borayotganligidan dalolat beradi. O'zbekiston aholisining eng kam daromad oluvchi 50 foiz qismining (aholining teng yarmi) daromadlari darajasi o'zgarishiga e'tibor qaratilsa, ularning umumiy daromaddagi ulushi 2017 yilgi 31,1 foizdan hozirgi kunga kelib 30 foizgacha qisqarganligiga guvoh bo'lish mumkin. Qolgan 50 foiz aholi guruhi — yuqori daromad egalari daromadlarining umumiy daromaddagi ulushi esa 2017 yilgi 68,9 foizdan 70 foizgacha yetgan. Ehtimol, eng yuqori daromadli 10 foiz aholi qatlami daromadlarining umumiy daromaddagi ulushi haqiqatda kamayib borayotgandir (shunchaki statistika buni sezmayotgan bo'lishi ham mumkin). Biroq, bu tengsizlikning qisqarib borayotganligini anglatmaydi, sababi eng kam daromad oluvchi aholining umumiy daromaddagi ulushi ham qisqarib bormoqda. Umumiy daromaddagi ulushi eng yuqori sur'atda o'sgan daromad guruhi esa IX detsil hisoblanadi, ya'ni 80 foiz aholiga nisbatan boyroq, eng boy 10 foiz aholi guruhiga nisbatan kambag'alroq aholi guruhi. Bu guruh daromadining umumiy daromaddagi ulushi so'nggi olti yilda 1,3 foizga oshgan. Demak, daromadlar darajasining eng yuqori o'sishi yuqori daromad guruhlarida kuzatilmoqda. Xulosa o'rnida aytish mumkinki, O'zbekiston tengsizlik darajasi yildan-yilga oshib bormoqda. Tahlillar mazkur tendensiya ayniqsa so'nggi 5−6 yilda sezilarli darajada kuchayganligini ko'rsatadi. Tengsizlik nafaqat daromad guruhlari orasida, balki hududlar hamda sohalar kesimida ham chuqurlashib borayotganligi kuzatilmoqda. E'tiborlisi shundaki, tengsizlikning kuchayishiga qaror qabul qiluvchilar ham regressiv ta'sirga ega qarorlar, natija va manzillilik borasida har doim ham o'zini oqlamayotgan dasturlar vositasida sezilarli ta'sir o'tkazmoqda. Ularning sa'y-harakatlari yoki harakatsizligi tengsizlik darajasining o'sishiga xizmat qilmoqda. Ehtimol, O'zbekistondagi tengsizlikning hozirgi kundagi darajasi nisbatan xavfsiz yoki qabul qilib bo'lmas darajada yuqori emasdir, biroq raqamlar so'nggi yillarda tengsizlik yuqori sur'atlarda o'sib borayotganligini tasdiqlaydi. Qaror qabul qiluvchilar tarafidan tengsizlikni yumshatish borasidagi muayyan chora-tadbirlarga urinishlar hozircha sezilmadi. Bundan tashqari, tengsizlik favqulodda yuqori bo'lmasa-da, uning kuchayishi ba'zi holatlarda su'niy vositalar hisobiga hamda adolatsiz ravishda yuz berayotganligi ham bu haqida chuqurroq fikr yuritishga undaydi. Nazarimda, tengsizlik, xoh hududlar o'rtasida bo'lsin, xoh sohalar kesimida bo'lsin, xoh daromad guruhlari o'rtasida bo'lsin, kelgusida ham shubhasiz saqlanib qoladi yoki oshib boradi. Biroq, qaror qabul qiluvchilar o'z ixtiyorlaridagi mavjud ayrim vositalar yordamida vaziyatni (masalan, hududlar yoki sohalar o'rtasidagi tengsizlikni) yumshatish imkoniyatiga ega. Qolaversa, tengsizlikning keskinlashishiga xizmat qilayotgan har qanday qarorlardan voz kechish nisbatan adolatli yechim bo'lib, tengsizlikning yanada oshib ketishining oldini olishi mumkin. Aks holda bugungi kundagi harakatlar yoki harakatsizlik ortidan tobora chuqurlashib borayotgan tengsizlikning oqibatlari barcha uchun qimmatga tushishi mumkin. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
2017 yildan keyingi davrda O'zbekiston tashqi savdosida mamlakatlar kesimida nisbatan diversifikatsiyalashuv kuzatila boshladi. Mamlakatning tashqi savdoda bir yoki bir nechta yirik hamkor davlatlarga bog'liqlik darajasi pasaydi . Mazkur ijobiy tendensiya bir nechta omillar bilan izohlanishi mumkin. Birinchidan , yangi davr boshlanishi bilan mamlakatda tashqi savdoga nisbatan mavjud to'siqlar kamaytirila boshlandi (JSTga a'zo bo'lish harakatlarining kuchayganligi ham bu fikrni tasdiqlaydi). Natijada import hajmining oshishi barobarida bir qator savdo hamkorlar bilan aloqalar yaxshilandi hamda ularga eksport hajmi oshdi. Ikkinchidan , yangi davrda qo'shni mamlakatlar bilan aloqalar qayta tiklandi, bu esa, o'z navbatida, ular bilan savdo aloqalarining jonlanishiga turtki bo'ldi. Xususan, Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra , 2017 yilda O'zbekiston eksportida Tojikiston hamda Qirg'izistonning ulushi 2 foizdanni tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilga kelib mos ravishda 4 foiz va 6 foizgacha o'sgan. Qolaversa, ayrim davlatlar, xususan, Turkiyada to'qimachilik xomashyo mahsulotlariga talabning oshishi ushbu mamlakatga eksportning yuqori sur'atlarda o'sishiga sabab bo'ldi (aynan shu davrda jami eksport o'sishi asosan to'qimachilik mahsulotlari eksporti o'sishi hisobiga ro'y berganligini ta'kidlab o'tish joiz). Taqqoslash uchun, 2017 yilda Turkiyaga eksport qilingan tovar va xizmatlar mamlakat umumiy tovar va xizmatlar (oltinsiz) eksportining 9 foizini tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilga kelib bu ko'rsatkich 13 foizga yetgan. Izoh: trend yaqqolroq ko'zga tashlanishi uchun hamkor davlatlarning oltinsiz eksportdagi ulushi o'zgarishi taqqoslangan. Grafik Statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Boshqa tomondan, mamlakatning ikkita eng yirik savdo hamkorlarining umumiy eksportdagi ulushi sezilarli darajada qisqardi. Xususan, 2017 yilda O'zbekiston eksportida Xitoy hamda Rossiyaning ulushi 22 foizdanni (ikki davlatning birgalikdagi ulushi 44 foiz) tashkil etgan bo'lsa, 2021 yil yakuniga kelib bu ko'rsatkichlar nisbatan pasayib, mos ravishda 20 foiz hamda 17 foizgacha qisqargan. Ya'ni 2017 yildan keyingi davrda mamlakat tashqi savdosining nisbatan diversifikatsiyalashuvi kuzatildi. Ta'kidlash joizki, bunda yaqin qo'shni davlatlar bilan savdo hajmi keskin o'sishni boshlaganligi muhim rol o'ynadi. Yana bir qiziq tendensiya. 2020 yilda pandemiya natijasida kuzatilgan inqiroz butun dunyoda yalpi talabni pasaytirdi, bu esa global savdoning sekinlashishiga sabab bo'ldi. Xususan, 2020 yilda mamlakatning oltinsiz eksporti 26 foizga qisqardi. Biroq, shunga qaramay, bir qator qo'shni davlatlar (Afg'oniston, Tojikiston hamda Qirg'iziston) bilan savdo hajmi yuqori sur'atlarda o'sishda davom etdi. 2016−2021 yillarda asosiy hamkor davlatlarga O'zbekiston eksportining o'sish sur'ati Davlatlar 2016 2017 2018 2019 2020 2021 Jami esport: 88% 100% 119% 113% 74% 135% Afg'oniston 116% 119% 98% 102% 126% 86% Xitoy 81% 101% 142% 88% 77% 131% Qozog'iston 51% 112% 128% 103% 65% 130% Qirg'iziston 122% 147% 151% 248% 114% 104% Rossiya 99% 112% 105% 120% 59% 141% Tojikiston 103% 113% 128% 138% 124% 124% Turkiya 87% 128% 108% 129% 84% 166% 2022 yilga kelib vaziyat butunlay o'zgardi va mamlakat eksportida yana konsentratsiyalashuv (Rossiya foydasiga) kuchaya boshladi. Bu tendensiyaning kuzatilishiga asosan mintaqadagi geosiyosiy keskinlashuv hamda hamkor davlatlar ichki iqtisodiy sharoitlarining o'zgarishi ta'sir ko'rsatdi. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiya tomoni misli ko'rilmagan sanksiyalar yomg'iri ostida qoldi. Qolaversa, ko'plab yirik biznes va xalqaro kompaniyalar Rossiya bozorini tark eta boshladi. Buning natijasida urushning ilk oylarida Rossiya tashqi savdosi, xususan, importi keskin pasayishga uchradi. E'tiborlisi shundaki, importning qisqarishi nafaqat Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini salbiy baholab, unga nisbatan sanksiyalar kiritayotgan davlatlar bilan, balki Rossiya bilan do'stona munosabatlarni saqlab turgan davlatlar bilan ham yuz berdi . Jumladan, 2022 yilning mart oyida O'zbekistonning Rossiyaga eksporti hajmi 1 foizga qisqarganligini kuzatish mumkin, oldingi oylardagi yuqori o'sish sur'ati bilan taqqoslansa, bu jiddiy pasayish. Biroq, aprel oyidan boshlab mamlakatning Rossiyaga eksporti yuqori sur'atlarda o'sishni boshladi. Shu sababli 2022 yilning 11 oyi yakuni natijalarga ko'ra, Rossiyaga eskport hajmi umumiy (oltinsiz) eksportning 20 foizini tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2021 yilda bu ko'rsatkich 17 foizni tashkil etgan edi. Grafik statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Rossiyaga eksportning oylik o'sish sur'ati nihoyatda yuqori bo'lib, mart oyidagi pasayishdan keyin, mazkur ko'rsatkich 30 foizdan pastga tushmagan. Boshqa davlatlar bilan savdoda eksportning o'zgarishiga e'tibor qaratilsa, ko'rish mumkinki, Rossiya bu borada yaqqol yetakchi — ya'ni O'zbekistonning Rossiyaga eksporti keskin o'smoqda. Grafik statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Mazkur tendensiyani dunyoning ko'plab davlatlari (yoki kompaniyalari) Rossiya bilan savdo qilishni istamayotganligi, natijada Rossiya bozorining bo'shab qolganligi, boshqa tomondan, O'zbekiston Rossiya bilan do'stona aloqalarni saqlab turganligi bilan izohlash mumkin. Qator davlatlarning Rossiya bilan aloqalari, shu jumladan savdo aloqalarida muayyan cheklovlar o'rnatganligi hamda yirik xalqaro kompaniyalarning Rossiya bozoridan chiqib ketishi Rossiyaning birgina O'zbekiston emas, o'zaro do'stona aloqalarni saqlab qolgan boshqa davlatlar bilan ham tashqi savdosi keskin oshishiga sabab bo'lmoqda. Xususan, yuqorida ta'kidlanganidek, mart oyidagi pasayishdan so'ng, O'zbekistonning Rossiyaga eksporti, jami eksportning o'sish sur'ati sekinlashib borganligiga qaramay, 30 foizdan pastga tushmagan. Masalan, noyabr oyida umumiy oltinsiz eksportning o'sish sur'ati 5 foizni tashkil etgani holda, Rossiyaga eksportning o'sish sur'ati 64 foizni tashkil etgan. 2022 yilda kuzatilgan qiziq tendensiyalardan yana biri — mamlakatning Rossiyaga eksporti yuqori sur'atlarda o'sib borayotgan bir paytda, boshqa yirik savdo hamkorlari bilan savdo nisbatan sekinlashgani, ayrim hollarda hatto qisqarganligidir. Masalan, Xitoy hamda Turkiya O'zbekistonning ikkinchi hamda to'rtinchi raqamli asosiy eksport yo'nalishlari hisoblanadi. 2022 yil davomida mazkur davlatlardan biriga eksportning o'sish sur'ati sekinlashgan bo'lsa, boshqasida yuqori sur'atlar bilan pasayish tendensiyasiga guvoh bo'lish mumkin. Xususan, 2022 yilning 11 oyi davomida Xitoyga eksport 2021 yilning mos davriga nisbatan bor-yo'g'i 3 foizga o'sgan, taqqoslash uchun, bu davrda oltinsiz eksportning o'sish sur'ati 21 foizni tashkil etgan. Turkiyaga eksport hajmi esa 2022 yilning yanvar-noyabr oylarida 2021 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 10 foizdan ziyodga qisqargan. Bu davlatlarga eksport hajmi o'sishining sekinlashuvi (yoki qisqarishi)ga asosan ulardagi ichki iqtisodiy shart-sharoitlarning o'zgarishi ta'sir o'tkazgan. Xitoyda kovidga qarshi qattiq kurash haligacha davom etmoqda. Butun mamlakat bo'ylab Zero-COVID siyosati olib borilmoqda (so'nggi oylarda bu siyosat biroz yengillashdi ). Ya'ni o'tgan 2022 yil davomida pandemiya tarqalgan hududlarda harakatlanishni butunlay cheklash hamda boshqa karantin choralari kuchaytirildi. Tabiiyki, harakatlanishga kiritilgan cheklovlar iqtisodiyotning sekinlashishiga sabab bo'ladi. Iqtisodiyotning sekinlashishi hamda yalpi talabning pasayishiga sabab bo'ladi, o'z navbatida, importga bo'lgan talabni ham pasaytiradi. 2022 yilning ikkinchi choragida Xitoy iqtisodiyoti 2,7 foizga qisqargan edi, YAIMning ikkinchi chorakda bunday keskin qisqarganligi Zero-COVID siyosatining iqtisodiyotga jiddiy ta'sir ko'rsatganligidan dalolat beradi. Manba: Reuters Uchinchi chorakda Xitoy iqtisodiyotida tiklanish alomatlari sezila boshlaganiga qaramay, O'zbekistonning Xitoyga eksporti iyul hamda avgust oylarida mos ravishda 9 foiz hamda 3 foizga qisqargan edi. sentabr oyiga kelib Xitoyga eksport nisbatan normal sur'atda o'sishni namoyon qildi, biroq oktabr hamda noyabr oylarida mazkur ko'rsatkich yana yuqori sur'atlarda pasaya boshladi. Xususan, oktabr oyida oylik eksport 24 foizga qisqargan bo'lsa, noyabr oyiga kelib eksportning qisqarishi tezlashib, 36 foizga yetgan. Bunday tendensiyaga Xitoydagi iqtisodiy o'sish to'rtinchi chorakda yana sekinlashishi kutilayotganligi sabab bo'lishi mumkin (ya'ni Xitoyda iqtisodiy faollik yana pasaygan). 2022 yil boshida ham Xitoy mamlakatning asosiy eksport yo'nalishi edi, biroq Xitoyga eksport hajmining nisbatan sekin o'sishi, keyinchalik bir necha oy davomidagi qisqarishi, qolaversa, Rossiyaga eksportning yuqori sur'atlarda o'sishi natijasida Rossiya O'zbekistonning asosiy eksport yo'nalishi maqomini Xitoydan tortib olishga muvaffaq bo'ldi. Xususan, 2021 yilda Xitoyga tovar va xizmatlar eksporti umumiy eksportning 20 foiz qismini tashkil etgan bo'lsa, 2022 yilning 11 oyi natijalariga ko'ra bu ko'rsatkich 17 foizgacha qisqarganligini ko'rish mumkin. Ya'ni Xitoy O'zbekiston bilan tashqi savdoda bir yil ichida sezilarli ulushini yo'qotgan. Turkiya bilan ham Xitoy bilan bog'liq vaziyatga o'xshash holatni kuzatish mumkin. Farq shundaki, raqamlar Turkiyaga eksport keskin sur'atlarda qisqarayotganidan dalolat beradi. Xususan, 2022 yilda Turkiyaga oylik eksport hajmi fevral, aprel hamda iyul oylarida nisbatan o'sishga erishgan bo'lib, qolgan barcha oylarda sezilarli darajada qisqargan. Shunisi e'tiborga molikki, Turkiyaga oylik eksport hajmi tobora qisqarib bormoqda. Grafik Statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Turkiyaga eksportning qisqarishini ikkita omil bilan tushuntirib berish mumkin. Birinchisi — 2021 yilda eksportning Turkiyaga sezilarli yuqori sur'atlarda o'sganligi, ikkinchisi — Turkiyadagi ichki moliyaviy beqarorlik. 2021 yilda Turkiyaga umumiy eksportning yillik o'sish sur'ati 66 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu davrda mamlakat umumiy eksportining o'sish sur'ati 35 foizni tashkil etgan, xolos. Ya'ni, Turkiyaga eksport hajmi umumiy eksportdan ko'ra sezilarli darajada tez o'sgan. Biroq, 2022 yilda ham aynan shunday yuqori o'sishni takrorlash biroz imkonsiz edi. Ikkinchidan, Turkiyada Erdog'an hukumati foizlar bilan qattiq kurashmoqda — birgina davlat rahbarining ideologiyasi bilan Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani doimiy ravishda pasaytirib borishga majbur bo'lmoqda. Xususan, so'nggi yig'ilishda Markaziy bank asosiy stavkani 10,5 foizdan 9 foizgacha pasaytirish bo'yicha qaror qabul qildi. Markaziy bankning bunday ekspansion monetar siyosati lira kursining muttasil qadrsizlanib borishiga olib kelmoqda (so'nggi qarorlar liraga katta ta'sir ko'rsatmayapti, bu ko'plab regulyativ choralarning natijasi, xolos), bu esa, o'z-o'zidan, Turkiyaga tovar va xizmatlar eksport qiluvchi mamlakatlar, xususan, O'zbekiston tovarlarining ham Turkiya bozorlarida qimmatlashuvi va raqobatbardoshligining pasayishiga sabab bo'ladi. Turkiyada asosiy stavka va inflyatsiya darajasi o'zgarishi. Manba: Reuters 2021 yilda O'zbekistonning Turkiyaga eksporti hajmining jami eksportdagi ulushi 13 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2022 yilda mazkur ko'rsatkich 10 foizga qisqarganligini ko'rish mumkin. Shu o'rinda Tojikiston bilan o'zaro savdodagi tendensiyalar tahlil qilinsa, 2022 yilda mazkur davlatga ham eksportning o'sish sur'ati sezilarli sekinlashganini payqash mumkin, biroq buni biror omil bilan tushuntirib berish qiyin. Sababi — birinchidan, urush boshlangan vaqtdagi salbiy prognozlarga qaramasdan Tojikiston iqtisodiyoti hamda Tojikistonga pul o'tkazmalari 2022 yilda yuqori sur'atlarda o'sdi. Xususan, 2022 yilning birinchi yarmida Tojikiston iqtisodiyoti 7,4 foizga o'sgan . Biroq, O'zbekistonning Tojikistonga eksporti o'sish sur'ati noma'lum sabablarga ko'ra sekinlashdi va so'nggi oylarda hatto qisqarib bordi. 2016 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekistonning Tojikistonga eksporti o'sish sur'ati sezilarli darajada past bo'lganiga qaramay, yangi davrda savdoning o'sishi keskin tezlashgan edi. Xususan, yaqin to'rt yillikda Tojikistonga eksportning o'sish sur'ati 24 foizdan past bo'lmagan . Ta'kidlash joizki, butun dunyoda pandemiya inqirozi kuzatilgan 2020 yilda ham Tojikistonga eksportning o'sish sur'ati juda yuqori (24 foiz) bo'lgan. Biroq, guvohi bo'layotganimizdek, 2022 yilda mazkur ko'rsatkichda sezilarli sekinlashish kuzatildi. Xususan, yanvar-noyabr holatiga Tojikistonga eksport hajmi bor-yo'g'i 2 foizga o'sgan. Taqqoslash uchun, 2021 yilda mazkur ko'rsatkichning yillik o'sishi 24 foizni tashkil etgan edi. Tojikistonga eksportning o'sish sur'ati keskin sekinlashayotganini, shubhasiz, so'nggi yillarda Tojikiston O'zbekiston tashqi savdosining diversifikatsiyalashuv jarayoniga qo'shgan hissasi nuqtai nazaridan yomon tendensiya sifatida baholash mumkin. Tahlillar ko'rsatadiki, turli sabablarga ko'ra O'zbekiston eksportining birgina davlat — Rossiyaga bog'liqlik darajasi tobora ortib bomoqda. Bunday konsentratsiyalashuvda mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning o'zgarishi, boshqa hamkor davlatlardagi ichki iqtisodiy shart-sharoitlarning o'zgarishi hal qiluvchi omillar hisoblanadi. Biroq, kuzatilayotgan tendensiya yangi davrda erishilgan tashqi savdo diversifikatsiyalashuvini yana 2016 yildan oldingi davrga va, hatto undan ham og'irroq holatga tushish xavfi ostida qoldirmoqda. Tashqi savdoda birgina davlat ulushining bunday tez sur'atlarda o'sib borayotganligi, ayniqsa, mazkur davlatning butun dunyoda yakkalanib borayotgani hisobga olinsa, favqulodda xavfli tendensiya bo'lib, yaqin kelajakda juda qimmatga tushishi va og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu tendensiyani ma'muriy usullarsiz ham yumshatish va, hatto boshqa yo'nalishga burib yuborishning imkoni bor. Buning uchun boshqa — uchinchi davlatlar bilan savdo shartlarini osonlashtirish, savdoga bo'lgan to'siqlarni ikki tomonlama kamaytirish talab etiladi. Shuningdek, JSTga a'zolikni tezlashtirish orqali ham eksportning amaldagi konsentratsiyalashuvi jarayonini sekinlashtirishga erishish mumkin. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Misli ko'rilmagan axborotlar davrida yashayapmiz. Axborot miqdori, ba'zi hisob-kitoblarga ko'ra har 10 yilda, boshqalarga ko'ra har 5−7 yilda ikki baravarga ortib bormoqda. Ilmiy jurnallar soni shunchalik ko'paymoqdaki, hatto ularni sanash ham ma'lum bir metodologiyani talab qiladi va murakkab ilmiy muammoga aylanmoqda. Hozirgi vaqtda o'n minglab ilmiy jurnallar mavjud (internetda 100 ming raqamni uchratishingiz mumkin). 2018 yilda dunyo bo'yicha 1,6 mlndan ziyod ilmiy maqola Web of Science ilmiy ma'lumotlar bazasida e'lon qilindi. Ushbu ko'rsatkich fan tarixidagi rekord natija bo'ldi. Va bu tendensiya davom etmoqda. Ushbu bazaga kiritilmagan qancha maqolalar e'lon qilindi? Millionlab. Olimlar o'zlarining tor mutaxassisliklariga oid ma'lumotlarni ham kuzatishga vaqti yetmayapti. Tadqiqotchilar ma'lumotlar bilan ko'milib qolmoqda. Bundan tashqari, soxta olimlar soni ham ortdi. Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti Vladimir Fortovning so'zlariga ko'ra, bugungi kunda dunyoda olimlar soni taxminan 6−7 mln nafarni tashkil etsa, soxta olimlar soni ham xuddi shuncha. Bu soxta olimlarning har biri o'z maqolalarini yozib, internetga joylashtiradi, kitoblar va risolalar chop etadi (pul bo'lsa bo'ldi). «Bular beozor narsalar emas, — degan Fortov bu mahsulotlar haqida, — ular xalqni esi past qiladi». Nature jurnalidagi maqolada ta'kidlanishicha, hatto nufuzli ilmiy jurnallar ham soxta taqrizlarga asoslangan soxta maqolalarni o'tkazib yuborishadi. Science ilmiy jurnali xodimi Jon Boannon turli jurnallarda retsenziyalash sifatini tekshirish maqsadida lishayniklar haqida tashqaridan qaraganda jiddiy, ammo tagi puch bo'lgan yolg'on maqola yozdi va turli ilmiy jurnallarga yubordi. Yakunda 304 ta jurnaldan 157 tasi (50 foizdan ortig'i) maqolani e'lon qilish uchun qabul qilishga rozilik bildirdi, ulardan 80 ga yaqini hech qanday tekshiruv o'tkazmadi, faqat 98 tasi (40 foiz) rad etdi. Tekshirilgan nashrlarning taxminan uchdan bir qismi Hindistonda ro'yxatga olingan, ulardan 64 tasi soxta maqolani qabul qilgan va faqat 15 tasi e'lon qilishga rad javobini bergan. Shuniningdek, maxsus dastur — ilmiy matnlar generatori yordamida tayyorlangan maqolalar paydo bo'ldi. Fransuz olimi Siril Labbe 2010 yilda SCIgen dasturi yordamida 102 ta soxta maqolani generatsiya qildi va ularni o'ylab topilgan Ayka Antkare nomidan chop etdi. Maqolalar Google Scholar bazasiga tushdi, h-index iqtibos olish indeksi esa Antkare uchun 94 balgacha o'sib, virtual qahramonni o'sha vaqtda dunyoda iqtibos olinadigan olimlar ro'yxatida 21-o'ringa olib chiqdi. Bunday sharoitda chinakam ilmiy, innovatsion va dolzarb ma'lumotlarni ajratib olish zaruratga aylandi. Lekin buni qanday qilish mumkin? Avvalo, bilimning turli sohalariga oid eng sifatli ilmiy jurnallar, kitoblar va boshqa shakllardagi ilmiy nashrlarning ma'lumotlar bazalarini yaratish kerak edi. Va bunday bazalar yaratila boshlandi. Ulardan eng kattasi — Scopus bibliografik va referativ ma'lumotlar bazasi bo'lib, Elsiever matbaa korporatsiyasi tomonidan yaratilgan va retsenziya qilinadigan ilmiy adabiyotlardan iqtibos olinishini kuzatib boradi. Hozirgi vaqtda Scopus ma'lumotlar bazasi quyidagilarni o'z ichiga oladi: Maqolalalarning o'zaro iqtiboslarini hisobga oladigan yana bir referativ va qidiruv platformasi — Web of Science (WoS). U Thomson Reuters tomonidan ishlab chiqilgan va 2016 yilgacha unga tegishli bo'lgan, hozirda esa Clarivate Analytics korporatsiyasi platformaga egalik qiladi. WoS platformasida turli ixtisoslashgan bazalar (Core Sollection, Data Citation Index va boshqalar) ma'lumotlari to'plangan bo'lib, 33 ming jurnal, 5 ming sayt, 7,4 mln konferensiyalar materiallaridan iborat 100 mlndan ortiq yozuvlar, 250 dan ziyod fanlar bo'yicha 1 mlrddan ko'proq havolalarni o'z ichiga oladi. Biroq ular 2 ta ilmiy-axborot va referativ platforma (eng kuchlilari bo'lsa-da), xolos, dunyoda boshqa o'nlab, jumladan ixtisoslashtirilgan bibliografik ma'lumotlar bazalari va ilmiy-axborot mahsulotlari mavjud. Oxirgi paytlarda O'zbekiston, shuningdek, MDHning boshqa davlatlaridagi ilmiy muassasalar doktorantlari, universitet professorlari va tadqiqotchilardan aynan SCOPUS va WoS (ko'pincha SCOPUS) da referlanadigan jurnallarda maqola chop etish talab qilinmoqda. Nima uchun faqat ularda? Ilmiy hamjamiyat orasida yuqori obro'ga ega bo'lgan boshqa juda nufuzli ma'lumotlar bazalari ham mavjud bo'lib, ilm-fan mutasaddilarimiz negadir ularni tilga olmaydilar. EBSCO (ilmiy manbalar va ma'lumotlar bazalari EBSCO Publishing, EBSCO Host, EBSCO Information Services, EBSCO Knowledge Services, EBSCO Ultimate, EBSCO Search Ultimates, EBSCO Search Complete, EBSCO Source Complete, EBSCO eBook Academic Collection va boshqalar). EBSCO 21 mamlakatda 32 ta filialga ega. EBSCO ma'lumotlar bazalari AQSh akademik va jamoat kutubxonalari o'rtasida o'tkazilgan so'rovda eng yaxshi o'rinni egalladi (Library Journal ma'lumotlariga ko'ra). EBSCO Academic Search Complete ilmiy maqolalarning eng to'liq ko'p fanli ma'lumotlar bazasi bo'lib, 8500 dan ortiq jurnallarning, qariyb 7,3 mingtasi retsenziya qilingan, to'liq matnlarini o'z ichiga oladi. Unda 12,5 mingdan ortiq jurnalning ko'rsatkich va referatlari, shuningdek, 13,2 mingdan ortiq nashrlar, jumladan, monografiyalar, ma'ruzalar, konferensiya materiallari va boshqa ma'lumotlar mavjud. Ma'lumotlar bazasida 1887 yildan hozirgi kungacha bo'lgan davrdagi PDF-materiallar mavjud. 1,4 mingdan ortiq jurnallar uchun iqtibos keltiriladigan manbalarni qidirish ta'minlangan. EBSCO Publishing`ning INSPEC`iga elektronika, mashinasozlik, fizika va boshqa aniq fanlar bo'yicha 2,5 mingdan ziyod anjumalarning 17 mlndan ziyod maqola va ma'lumotlari e'lon qilingan. EBSCO eBook Academic Collection`ga Oxford University Press, Cambridge University Press, University of California Press, Harvard University Press va boshqa yetakchi nashriyotlarning 120 mingdan ziyod elektron kitoblari joylashtirilgan. ProQuest — kutubxonalar uchun ilovalar va mahsulotlarni taqdim etuvchi global axborot va texnologiya kompaniyasi. Uning resurslari va vositalari tadqiqot va o'qitish, nashr etish va tarqatish, shuningdek, kutubxona fondlarini sotib olish, boshqarish va ochishni qo'llab-quvvatlaydi. Dissertatsiya va tezislar, elektron kitoblar, gazetalar, davriy nashrlar, tarixiy to'plamlar, davlat va madaniy arxivlar va boshqa jamlangan ma'lumotlar bazalarini o'z ichiga olgan kontentning umumiy hajmi 125 mlrddan ortiq raqamli sahifani tashkil etadi. Science Direct jahon ilmiy nashrlarining 25 foizini o'z ichiga oladi. Bazada Elsevier nashriyoti kolleksiyasiga kiritilgan 2500 dan ortiq jurnal va 1100 dan ortiq kitoblar, shuningdek, boshqa ilmiy tashkilotlar tomonidan nashr etilgan ko'plab jurnallar indekslanadi. Shuningdek, tematik tamoyil bo'yicha yaratilgan ixtisoslashgan ma'lumotlar bazalari ham mavjud: NASA/ADS — astronomiya va fizika bo'yicha 15 mlndan ziyod hujjatlardan iborat ma'lumotlar bazasi. AGRIS (International System for Agricultural Science and Technology) qishloq xo'jaligi va unga yaqin fanlar bo'yicha 7,5 mlndan ortiq bibliografik ma'lumotlarga ega xalqaro bibliografik ma'lumotlar bazasi. EconLit — iqtisodiyotga oid 1,6 mlndan ortiq hujjatlar va 500 ga yaqin jurnallardagi maqolalarni o'z ichiga olgan bibliografik referativ ma'lumotlar bazasi. GeoRef — geologiya fanlari uchun ekspertlar tomonidan retsenziya qilingan bibliografik ma'lumotlar bazasi. Bu geologiya fanlari sohasidagi eng to'liq ma'lumotlar bazasi (maqolalar, kitoblar, xaritalar, konferensiya ma'ruzalari, ma'ruza va ilmiy maqolalarning tezislariga 3,8 mln havola) va yiliga 100 mingdan ortiq havolaga oshib bormoqda. MLA International Bibliography (Directory of Periodicals via EBSCO, Gale Cengage, ProQuest bilan birgalikda) — 2,3 mlndan ortiq bibliografik ma'lumotlar, 74 mingdan ziyod onlayn dissertatsiyalar, 6 ming jurnal va kitoblarga havolalar, 789 ta indekslangan ma'lumotlarga kirish ma'lumotlarini o'z ichiga oladi. 50 dan ortiq mamlakatlarda nashr etilgan to'liq matnli jurnallar, filologiya va pedagogika, teatrshunoslik va matbaa tarixi bo'yicha XX asr boshidan keyingi ilmiy yozuvlarga 5,7 mln bibliografik havolalar. PubMed — 3,8 mingga yaqin nashrlar va 32 mlndan ortiq iqtiboslarni o'z ichiga olgan tibbiy va biologik nashrlarning ma'lumotlar bazasi. PubMed ma'lumotlar bazasi har yili 500 mingta hujjatga ko'payadi. Sociological Abstracts (ProQuest bazasida) — iqtisodiyot va sotsiologiyaga oid 1850 dan ortiq jurnallarning bibliografik ma'lumotlar bazasi. APA PsycInfo — psixologiya bo'yicha bibliografik ma'lumotlar bazasi bo'lib, 3,5 ming jurnalning 5 mlndan ortiq yozuvlarini o'z ichiga oladi. Bundan tashqari, mintaqaviy-lingvistik prinsip bo'yicha ma'lumotlar bazalari ham mavjud: Sairn Info — ijtimoiy va gumanitar fanlar bo'yicha fransuz tilidagi adabiyotlarning referativ ma'lumotlar bazasi. Fransiya, Belgiya va Shveysariyadan 500 dan ortiq jurnallar va 10 ming elektron kitoblar mavjud. RINS — ilmiy iqtiboslarning bibliografik ma'lumotlar bazasi bo'lib, unda rossiyalik mualliflarning 12 mlndan ortiq maqolalari, shuningdek, ushbu maqolalarda 6 mingdan ortiq rus jurnallari va 1,5 mln jilddan ortiq ilmiy kitob nashrlaridan iqtibos olingani haqidagi ma'lumotlar to'plangan. RSCI (Russian Science Citation Index) — Clarivate Analytics va eLIBRARY.RU ilmiy elektron kutubxonasining qo'shma loyihasi — Web of Science platformasidagi 1000 ta eng yaxshi rus jurnallari. Chinese Science Citation Database — Clarivate Analytics va Xitoy Fanlar akademiyasining qo'shma loyihasi bo'lib, Web of Science platformasidagi 1200 ta jurnal va 5,2 mln yozuvni o'z ichiga oladi. Va shu kabi o'nlab ma'lumotlar bazalari mavjud bo'lib, ularning aksariyati xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan tan olingan va munosib obro'ga ega, faqatgina Scopus va Web of Sciences haqida gapiradigan Markaziy Osiyo mamlakatlari bundan mustasno. Ikki yil muqaddam O'zbekiston Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan maqolalari dissertatsiyalar uchun hisobga olinadigan jurnallarni o'z ichiga olgan 43 nomdagi ma'lumotlar bazalari ro'yxatini e'lon qilgan edi. Unda Scopus, Web of Sciences, Agris, Springer, GeoRef, PubMed va boshqalar kiritilgan. Biroq bu ro'yxat hozirda OAK saytida mavjud emas. Amaliyotda esa olimlar, o'qituvchilar va doktorantlardan haligacha Scopus va Web of Sciences, birinchi navbatda Scopus talab qilinmoqda. Nazarimda, ro'yxat ustida olib borilayotgan ishlar rasmiyatchiliklar bilan emas, amalda qayta tiklanishi kerak. Ushbu ro'yxatga har bir ma'lumotlar bazasi asoslangan holda kiritilishi lozim. Bundan tashqari, Rossiya Ilmiy iqtibos olish indeksiga (RINS) o'xshash o'zimizning milliy ma'lumotlar bazamiz ham yaratilishi zarur. Qolaversa, ma'lumotlar bazasining boshqalaridan farqi bo'lgani sababli ro'yxatni tuzishga jiddiy yondashish kerak va shu yerda O'zbekiston MDH davlatlarining referlanadigan ma'lumotlar bazasini yaratish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Yakunda dissertatsiyalar va attestatsiyalar uchun maqolalarni hisobga olishga mo'ljallangan jurnallar bazasi kengayib, yanada xilma-xil bo'ladi hamda faqat Scopus jurnallariga tayanib qolinmaydi, ustiga-ustak oxirgi vaqtlarda Scopus niqobi ostida unga aloqasi bo'lmagan jurnallar paydo bo'lib, unda o'zbekistonlik olimlar ham ommaviy ravishda maqolalarini e'lon qilgan holda milliy ilm-fanning ilmiy obro'sini dunyo reytingining eng quyi pog'onalariga tushirib yubormoqdalar. Ilmiy jurnalda maqola chop etishdan maqsad nima? Eng avvalo, ular ilmiy jamoatchilikning mulkiga aylansin, fanning u yoki bu sohasi rivojiga xizmat qilsin. Shu munosabat bilan u yoki bu jurnaldagi maqolalarning roli va ahamiyati bir tomonlama bo'lmaydi. Ijtimoiy va gumanitar fanlar bo'yicha fransuz adabiyoti ma'lumotlar bazasi hisoblangan Cairn Info`ni olaylik. Fransuz tili davlat, rasmiy yoki fan va ta'limda de-fakto dominant til hisoblangan Fransiya, Belgiya, Shveysariya, Lyuksemburg, Kanada Kvebeki, Afrika va Karib dengizining bir qator mamlakatlari, Polineziya (jami 30 dan ortiq davlat) olimlari uchun Cairn Info jurnallarida maqola e'lon qilish boshqa ma'lumotlar bazalariga qaraganda dolzarbroq turadi. Shunga o'xshab, Xitoyda «O'zgarishlar kitobi» yoki Yaponiyada xokku she'riyati haqidagi maqolaning milliy retsenziya qilinadigan jurnalda e'lon qilinishi ingliz tilidagi jurnalga qaraganda obro'si balandroq. Xuddi shu tarzda, qadimgi rus qo'lyozmalari bo'yicha g'arb mutaxassislari yoki Pushkinshunos olimlar o'zlarining rus jurnallarida nashr etishadi. Scopus va Web of Sciences jurnallaridagi maqolalarning maqomi ushbu maqolalarni o'qiydigan mutaxassislardan ko'ra maqola mualliflari ishlayotgan universitetlar va ularning tashqi reytinglari uchun muhimroqdir. Mutaxassislar uchun asosiysi maqolaning qaysi jurnalda chop etilgani emas, balki uning matni va uning originalligida. Buni o'zimga juda tanish bo'lgan ilmiy yo'nalish misolida tushuntiraman. Koreyashunoslikda koreyashunoslik diasporologiyasi ilmiy yo'nalishi mavjud. Uning ichida esa Yevroosiyo koreyslari — Chor Rossiyasi/SSSR/MDH koreyslarining tarixi va madaniyatini o'rganish bilan bog'liq bo'lgan kichik yo'nalish mavjud. Mazkur diasporaga ixtisoslashgan jurnallar (Qozog'istondagi ikkita jurnal) Scopus i Web of Sciences va yoki boshqa har qanday ma'lumotlar bazalariga kiritilmagan. Bundan tashqari, bir qator parametrlarda ular standart yaxshi jurnal darajasiga ham chiqa olmaydi; xususan, diasporologiyada koreyashunoslik sohasidagi deyarli har qanday maqola retsenziyasiz ham qabul qilinadi. Biroq ushbu sohadagi barcha mutaxassislar (Kanada, Koreya, Yevropa va MDH mamlakatlari, AQSh, Yaponiyadan) bu jurnallarni o'qiydilar va ularga murojaat qiladilar, chunki ushbu jurnallar Yevrosiyo koreyslarini o'rganish uchun eng mukammal manba hisoblanadi. Va shu ma'noda, bu jurnallar koreys mavzulari bilan bog'liq barcha Scopus va Web of Sciences jurnallaridan ko'ra ko'proq koreyashunoslik diasporologiyasini rivojlantiradi. Yoki boshqa misol. Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini o'rganish biz uchun ustuvor vazifadir. Xo'sh, mintaqamizni o'rganishga bag'ishlangan qanday jurnallar bor? Central Asian Survey (Buyuk Britaniya), International Journal of Central Asian Studies (Janubiy Koreya), Journal of Central Asian Studies (Hindiston), Voices on Central Asia (AQSh), Central Asian Affaires (AQSh), Central Asian Analytical Network (AQSh), Central Asia and Caucasus (Shvetsiya), Central Asiatic Journal (Germaniya), Central Asia's Affaires (Qozog'iston), Journal of Central Asian and Eurasian Studies (Rossiya) va boshqa ayrimlari. Ularning hammasi ham Scopus va Web of Sciences ro'yxatida bormi? Albatta yo'q. Ushbu jurnallar orasida eng ommaboplaridan bo'lgan Central Asian Survey (Buyuk Britaniya) Scopus ro'yxatidan 2021 yildagina joy oldi. Central Asia and Caucasus (Shvetsiya) va Central Asiatic Journal (Germaniya) jurnallari Scopus, Journal of Central Asian Studies (Hindiston) — EBSCO, International Journal of Central Asian Studies (Janubiy Koreya) — BLA International Bibliography, Journal of Central Asian and Eurasian Studies (Rossiya) — eLIBRARY.RU, Central Asia's Affaires (Qozog'iston) — Rossiyaning Science Index ilmiy iqtibos olish indeksida indeksatsiya qilingan. Amerikaning Voices on Central Asia va Central Asian Analytical Network jurnal-platformalari birorta ham bazada mavjud emas, biroq yetakchi mutaxassislar ularda maqolalarini e'lon qiladilar. U шbu jurnallarning barchasi qaysi bazada indeksatsiya qilinganidan qat'i nazar , biz uchun muhim va ulardagi barcha maqolalar ahamiyatga ega. Maqolalarni Scopus va Web of Sciences jurnallarida chop etish talabiga alohida munosabat bildirishni istar edim. Xo'sh, nima uchun aynan jurnallar? Monografiyalar, broshyuralar, maqolalar to'plamlari, konferensiya hisobotlari-chi? Axir ular nafaqat Scopus va Web of Sciences, balki boshqa xalqaro ma'lumotlar bazalarida ham e'lon qilinadi. Jumladan, SCOPUS ma'lumotlar bazasida jurnallardan tashqari, 166 mingdan ziyod kitob (har yili 20 mingtadan qo'shilib boradi) va 560 kitob seriyalari hamda 8,3 mln konferensiya hisobotlari joy olgan. EBSCO eBook Academic Collection ma'lumotlar bazasiga esa Oxford University Press, Cambridge University Press, University of California Press, Harvard University Press va boshqa yetakchi nashriyotlarning elektron kitoblari joylashtirilgan. Rossiya, O'zbekiston, Qozog'iston, Koreya, Yaponiya, Xitoy va boshqa davlatlar milliy nashriyotlarida chop etilgan monografiyalar-chi? Bularning barchasi to'g'ri kelmaydimi? Bunday tor yondashuv tufayli gumanitar fanlar olimining maqolalar chop etishdagi faolligining eng muhim tarkibiy qismi e'tiborsiz qoldirilmoqda. Rossiya Fanlar akademiyasining Tarix-filologiya fanlari bo'limi akademik-kotibi, Etnologiya va antropologiya instituti ilmiy direktori Valeriy Tishkov shunday yozadi : «2021yildan boshlab Ta'lim va fan vazirligi hisobot ma'lumotlarini hisobga olishning kitob nashrlarini ham hisobga olish mumkin bo'lgan yangi tizimini ishga tushirdi. <...> Tarixchilar, filologlar, sotsiologlar, faylasuflar, siyosatshunoslar va ular kabilar uchun aynan ilmiy kitoblar ularning mehnatini yuzaga chiqarishning asosiy ko'rinishi hisoblanadi. Bu esa jahon me'yorlarida ham shunday: aynan ilmiy monografiyalar asosida talabalar tahsil oladi, olimlar baholanadi. WoS va Scopus jurnallarida maqolalar e'lon qilish poygasi, uning ustiga ingliz tilidagi badhazm (MDH mualliflari tomonidan taqdim etilgan inglizcha matnlarning past darajasi nazarda tutilmoqda — Valeriy Xan ) maqolalarning chop etilishi ilmiy maqolalar sifatini yaqqol tushirib yubordi, yirtqich-jurnallar sanoatini vujudga keltirib, pulli maqolalar, soxta maqolalar tayyorlash, hammualliflikni sotish hamda ilmiy muhitni zaharlaydigan va Rossiya ilm-fani obro'sini tushirib yuboradigan boshqa holatlarning urchishiga olib keldi». Maqola hech qaysi jurnalda e'lon qilinmasdan, ilmiy maqolalar va preprintlar depozitariylari, masalan, arXiv.org, bioRxiv, ChemRxiv, SocArXive, engrXiv, PsyArXive, milliy arxivlarga (Fransiya, Hindiston, Indoneziya va boshqa davlatlarning) joylashtirilgan va buning ustiga ulardan katta talab bilan foydalanilayotgan, ularga havola qilinayotgan, g'oyalari tatbiq etilayotgan bo'lsa-chi? U hisobga olinadimi? Shunday qilib, yetti ming yillik muammolaridan biri — Puankare muammosini yechgan rus matematigi Grigoriy Perelman Puankare gipotezasini isbotlashga doir uchta maqolasini ham arXiv.org `da e'lon qilgan. Arxiv ushbu maqolalar retsenziya qilinishi va jurnallarda chop etilishidan oldinroq xuddi nashr qilingandek talabgir bo'lishiga erishdi. 2015 yilgi tadqiqotga ko'ra, fiziklarning kondensatsiyalangan holatlar mavzusidagi ishlarining taxminan 75 foizi arXiv`da saqlanadi. Oklaxoma universiteti professor-o'qituvchilari o'rtasida o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, matematika o'qituvchilarining 92 foizi va fizika o'qituvchilarining 67 foizi o'z tadqiqotlarini qo'llab-quvvatlash va tarqatish uchun arXiv preprintlaridan foydalanganlar. Va bu jiddiy holat. Ayni paytda arXiv.org saytida 2 007 279 ta maqola borligi, ularning yillik budjeti 2021 yilda 2,5 mln dollarga yaqinni tashkil etgani va omborini 30 mamlakatdan 243 tashkilot (universitetlar, tadqiqot institutlari va boshqalar) qo'llab-quvvatlashini aytish kifoya. Scopus ishlab chiquvchisi va egasi Gollandiyaning Elsiever nashriyot korporatsiyasi hisoblanadi. Undan tashqari, Springer, Wiley ham eng yirik nashriyotlardan hisoblanadi. Ushbu uch monopolistning ilmiy nashrlar bozoridagi ulushi 42 foizni tashkil etadi. Elsiever korporatsiyasi haqiqatan ham benuqsonmi? Nashriyot jurnallariga obuna narxi shunchalik balandki, Kongress kutubxonasi, Garvard universiteti, Massachusets texnologiya instituti, Shimoliy Karolina shtat universiteti va boshqalar turli vaqtlarda Elsiever mahsulotlariga obuna bo'lishdan bosh tortgan . 2012 yilda 10 mingdan ziyod olimlar Elsiever jurnallarini (demak Scopus jurnallarini) boykot qildilar, ularda nashr etmadilar, ular uchun ishlarni retsenziyalash va tahrir qilishdan bosh tortdilar. Nashriyotning Merck farmatsevtika kompaniyasi loyihalarini to'liq reklama qiluvchi soxta jurnalni nashr etayotgani ham aniqlangan. Nashr mustaqil ilmiy jurnalga o'xshardi. Aslida esa u yerda avval boshqa nashrlarda chop etilgan maqolalargina qayta nashr qilingan; ularning deyarli barchasi Merck kompaniyasining dori-darmonlariga bag'ishlangan. Va yana bir narsa. Bexabar o'quvchi uchun fan — haqiqatni izlashdek yuksak maqsadli o'ziga xos ma'baddir. Haqiqat va faqat haqiqat, mana shu — ilmning shiori. Biroq ilmiy izlanishlar, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar tadqiqotlar doimo ko'plab fandan tashqari omillar — iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy omillarga qaram bo'lib kelgan. Zamonaviy ilm-fan shiddatli geosiyosiy kurash maydonidir. Scopus va Web of Sciences, bular — eng avvalo ingliz tilidagi jurnallarga yo'naltirilgan ma'lumotlar bazalaridir. 2016 yilda Web of Sciences jurnallarida ingliz tilidagi maqolalar 96,19 foizni tashkil etganini aytish kifoya. Boshqacha aytganda, ingliz tilidagi jurnallarning monopollashuvi mavjud; uning ustiga maqolalar yuqori sifatli ingliz tilida bo'lishi kerak. Va ko'p hollarda sifatli tarjima, bu — qimmat to'lovni anglatadi. Shunday qilib, maoshlari g'arblik hamkasblarinikidan ancha past bo'lgan rivojlanayotgan mamlakatlardagi ko'plab olimlar uchun sifatli maqola tayyorlash juda qimmatga tushadi. Lekin ilm-fan manfaati, uni demokratlashtirish va insonparvarlashtirish nuqtai nazaridan bunday davlatlar uchun chegirmalar joriy qilinishi kerak edi. Ammo bu nufuzli ilmiy jurnallar ortidagi gigant-nashriyotlarning moliyaviy manfaatlariga mos kelmaydi. Bundan tashqari, siyosiy va mafkuraviy omillar ham mavjud. Shunday qilib, Rossiya va Xitoy olimlari uchun, xususan, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida g'arb jurnallari va nashriyotlarida chop etish unchalik oson emas. Bu yerda birgina sifatli tarjimaning o'zi yetarli emas. G'arbning konseptual apparati, G'arb uslubi, G'arb g'oyalari, G'arb uslubiy yondashuvlari va G'arb baholaridan foydalanish kerak bo'ladi. Bu esa Xitoy tarixi va rus-sovet tarixini G'arbda qanday qabul qilingan bo'lsa, xuddi o'shanday ko'rinishda taqdim etish kerakligini anglatadi. Va ma'lum bo'lishicha, Rossiyaning jamiyatshunoslikka oid ko'plab jurnallari Scopus va Web of Sciences ro'yxatiga kirmagan, Boltiqbo'yi davlatlari va Sharqiy Yevropa — AQShning hozirgi ittifoqchilari va Yevropa Ittifoqi a'zolari jurnallari esa to'satdan eng zamonaviy bo'lib qoldi. Xuddi shunday holat Xitoy va Tayvan jurnallari bilan ham sodir bo'lmoqda. Anglo-sakson monopoliyasi Scopus AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa ingliz tilli davlatlarda tarqalgan tahliliy falsafaga yo'naltirilgan falsafiy jurnallarining 1-kvartiliga (eng ommabop) tushishiga, boshqa falsafiy qadriyatlarga ega eng yaxshi Yevropa jurnallarining esa to'rtinchi, oxirgi kvartilga tushishi yoki butunlay Scopus ro'yxatidan o'rin olmasligiga olib keldi. So'nggi paytlarda ko'plab mamlakatlarda gigant nashriyotlarning monopoliyasini tanqid qilish va ilmiy maqolalardan ochiq foydalanishni ta'minlash harakati tobora keng tarqalmoqda. Nashriyotlarning korporativ manfaatlari fanning o'zi, olimlar va butun insoniyat manfaatlari bilan to'qnash kelmoqda. Agar faqat Scopus va Web of Sciences jurnallari tan olinadigan bo'lsa, mahalliy jurnallar ustiga chiziq tortish kerak. O'zbekistonda ilmiy jurnallarning ilmiy qiymati o'z davlati tomonidan tan olinmay tursa , ular qanday rivojlanadi? Nufuzli xalqaro jurnallarda maqola chmqarish haqida o'ylayotganda milliy jurnallar obro'sini ham oshirish kerak. Nima qilish kerak? Sifatsiz va vijdonsiz jurnallar ro'yxatini tuzgan va «yirtqich jurnallar» atamasini kiritgan amerikalik professor Jeffri Bill nashriyot yoki jurnalni «sifatsiz» deb tasniflash mezonlarini shakllantirdi. Ushbu va boshqa mezonlarga ko'ra, sifatli jurnalga qo'yiladigan talablarni tavsiflash mumkin. Yoki Scopus ma'lumotlar bazasiga jurnalni kiritish uchun Scopus`ning o'z nashrlariga qo'yadigan tayanch talablarni olaylik: Sifatni baholash quyidagi mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi: Nashr siyosati maqolalar sifati ustidan nazoratni o'z ichiga olishi kerak (masalan, ilmiy retsenziyalash): Ekspertlar kengashi deyarli har doim quyidagilarga ega bo'lmagan nashrlarni bazaga kiritish to'g'risidagi so'rovlarni rad etadi: Ushbu talablar ilmiy jurnallarni yaratish va rivojlantirish uchun amalga oshiriladimi? O'ylaymanki, ha. Sifatli jurnallarni yaratish va chop etish OTMlar va ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatining muhim yo'nalishi bo'lishi va bunga alohida mablag'lar ajratilishi lozim. Bosh muharrir, bo'lim mudirlari, mas'ul kotib, texnik muharrir va musahhih jamoatchilik asosida ishlashlari hamda Nashr etikasi qo'mitasi (Committee on Publication Ethics) kodeksiga muvofiq, oliy o'quv yurtlari rektorlari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, Fanlar akademiyasi, Oliy ta'lim vazirligi va boshqa davlat organlari rahbarlarining bosimidan xoli bo'lishlari kerak. Va fanni amaldorlardan avtonom qilish — eng qiyin masala. O'zbek ilm-fanida maqolalar e'lon qilish strategiyasini butunlay o'zgartirish kerak — jurnallarning avtonom veb-saytlarini yaratish, ularni retsenziyadan o'tkazish (jumladan, anonim retsenziya formati), sharhlar chegarasini oshirish, taqdim etiladigan maqolalar sifatiga talablarni oshirish, tahrir hay'ati tarkibiga xorijlik olimlarni kiritish, dunyo tillarida maqolalar qabul qilish, xorijiy mualliflarning maqolalarini nashr etish, mualliflar va taqrizchilar bilan yozishmalarni hujjatlashtirish va h.k. Chop etilayotgan maqolalar yuqori sifatga ega bo'lishi va aynan ularning sifati chop etishga asos bo'lishi kerak, tanish-bilishchilik emas. Va o'shanda bizning mahalliy jurnallarimiz ham Scopus va Web of Sciences singari orzudagi xalqaro ma'lumotlar bazalariga kirishlari mumkin bo'ladi va firibgar jurnallarda nashr qilishga hojat qolmaydi. Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
14 fevral kuni avtomobilsozlik sanoati masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda davlat rahbari tomonidan sohani isloh qilish borasida bir qator qarorlar e'lon qilindi . Ba'zi qarorlar milliy zavod faoliyatiga oid ayrim o'zgartirishlarni ham nazarda tutadi (xususan, oldindan to'lov miqdorining 50% gacha pasaytirilishi ). Lekin men bu o'zgarishlarga to'xtalmoqchi emasman. Sababi zavod faoliyatiga aloqador qarorlar iste'molchilarga deyarli hech qanday naf keltirmaydi. Ehtimol bu qarorlar qisqa muddatda biroz natija berar, lekin uzoq muddatda ichki bozordagi vaziyat yana avvalgi holatiga qaytishi mumkin. Men e'tiborni keng muhokamalarga sabab bo'lgan boshqa bir qarorga qaratmoqchiman. Yig'ilishda prezident topshirig'i bilan Vazirlar mahkamasiga avtomobil importi uchun boj stavkalarini ikki barobarga kamaytirish to'g'risidagi qaror loyihasini taqdim etish vazifasi yuklatildi . Avtomobil importi bojlarining ikki barobarga kamaytirilishi borasidagi xabar ko'pchilikni quvontirib yuborgani tabiiy. Lekin bu haqiqatdan ham quvonarli darajada katta o'zgarishmi? Bu savolga javob topishda import avtomobillar uchun mavjud to'siqlarning xususiyatlari va shakllariga e'tibor qaratish zarur. Birinchi navbatda, aytib o'tish kerakki, avtomobil importiga to'siqlar faqat bojlardan emas, balki bir necha turdagi to'siqlar kombinatsiyasidan tashkil topgan. Jumladan: Ko'rib turganingizdek, avtomobil importi uchun boj to'lovidan tashqari bir nechta to'lovlar mavjud. Boj stavkalarining ikki barobar pasaytirilishi esa amalda umumiy to'siqlar hisobiga shakllanadigan qiymatga sezilarli ta'sir ko'rsatmasligi mumkin. Keling, ba'zi hisob-kitoblarni amalga oshirib ko'ramiz. Chegaradan olib kirilayotgan avtomobilning o'rtacha narxi 8000 dollar deb qaralsa (dvigatel hajmi 2000 sm3), u holda bu avtomobil importi uchun to'lovlar umumiy summasi hozirgi sharoitda quyidagicha bo'ladi (30% lik boj stavkasi sharoitida): Guvohi bo'lganimizdek, 8000 dollarlik avtomobilni chegaradan olib kirish uchun umumiy to'lovlar jami 12700 dollarni tashkil etmoqda. Boshqacha aytganda, import uchun to'lovlar avtomobilning narxidan ham qimmatroq. Chet eldan kirib kelgan avtomobilning ichki bozordagi narxi esa qariyb 21 000 dollarga yetadi. Albatta bu ham yakuniy hisob-kitob emas, ya'ni notarif to'siqlar ham avtomobil narxiga qo'shimcha narx yuklaydi (bu esa boshqa kun uchun mavzu). Xo'sh, bojlarning 15% ga pasaytirilishi amalda qanday o'zgarishga sabab bo'ladi? Bojlar 30% emas, 15% ni tashkil etgan sharoitda hisob-kitob quyidagicha o'zgaradi: Boj stavkalarining ikki barobarga pasayishi amalda import avtomobillari uchun to'lovni 11330 dollargacha tushishiga olib keladi. Bu vaziyatda avtomobilning ichki bozordagi narxi 19330 dollar atrofida shakllanadi (notarif to'siqlar hisobga olinsa, bundan ham yuqoriroq). Nima sababdan hisob-kitoblar uchun aynan 8000 dollarlik avtomobil tanlandi? Birinchidan, bu narxdagi avtomobillar jahon bozorida nisbatan arzon avtomobillar sirasiga kiradi. Raqobatbardoshlik nuqtai nazaridan esa mahalliy bozorda milliy avtomobil zavodimiz ishlab chiqaradigan eng ommabop modellar bilan raqobatlashadigan asosiy avtomobillar sirasiga kiradi. Hisob-kitob uchun aynan shunday toifadagi avtomobillarni tanlab olish boj stavkasining kutilayotgan o'zgarishi nisbatan arzon modellar iste'molchilariga qanday ta'sir qilishini yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Yuqoridagi hisob-kitoblar shuni ko'rsatadiki, import boji stavkasining pasaytirilishi ichki bozordagi vaziyatga deyarli ta'sir o'tkazmaydi. Import avtomobillarining narxi esa bor-yo'g'i 7% atrofida arzonlashishi mumkin. Albatta bu qarordan naf ko'ruvchi tor doiradagi guruh mavjud — bu nisbatan boy aholi qatlami hisoblanadi. Ya'ni bu qatlam mahalliy ishlab chiqaruvchi taklif qilayotgan avtomobillarni emas, chet eldan olib kelinadigan, nisbatan qimmat modellarni iste'mol qiladi. Aholining bu qatlami bojlarning pasayishidan, shak-shubhasiz, yutadi, chunki ular bojlar pasaymagan sharoitda ham import avtomobillarini iste'mol qilgan bo'lar edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchiga kuchli bog'langan, nisbatan arzon modellarni sotib olishga tayyor aholi uchun esa bu o'zgarish umuman sezilmaydi. Bir so'z bilan aytganda, bojlarning pasaytirilishi — eng boy aholi guruhining manfaatlari uchun xizmat qiladi, xolos. Bu holatda ko'pchilikni bir savol qiziqtirishi tabiiy: nima uchun mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati bunday og'ir avholga tushib qoldi? O'tgan asrning 60-yillaridan boshlab ko'plab rivojlanayotgan mamlakatlar (asosan Lotin Amerikasi) sanoatlarini rivojlantirishga qattiq bel bog'lashdi va, o'z-o'zidan, mahalliylashtirish siyosati — importning o'rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarish ommalasha boshladi. Rivojlanayotgan davlatlar mahalliy sanoatni himoya qilish orqali rivojlangan davlatlar darajasiga yetib olishni maqsad qilishgan edi. Mahalliy sanoatni himoya qilishda ular arzon ishchi kuchini kuchli argument sifatida ko'rishdi. Ya'ni ishchi kuchining arzonligi ishlab chiqarishda bu davlatlarga rivojlangan davlatlar bilan qiyoslanganda nisbiy ustunlik berishi kerak edi. Mustaqillikka erishilganidan keyin O'zbekistonda ham sanoatni tashqi raqobatdan himoya qilish orqali milliy iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirishga qattiq bel bog'landi. Shunday sohalardan biri avtomobil ishlab chiqarish edi. 1993 yilda asos solingan va rasman 1996 yildan faoliyatini boshlagan milliy avtomobil zavodimiz, mana, oradan taxminan 25 yildan ziyod vaqt o'tishiga qaramay, haligacha tashqi raqobatdan himoya qilinadi. Xo'sh, nima uchun bu soha bizda kutilgan darajada rivojlanmadi? Tabiiy sababni keltiramiz. Avtomobil ishlab chiqarish jarayoniga mehnatga nisbatan ko'proq kapital hamda nisbatan yuqoriroq malakali ishchi kuchini jalb etish talab qilinadi. Xo'sh, O'zbekiston 90 yillarning boshida yuqoridagi ikkita talabdan qaysi biriga javob berar edi? Afsuski, hech biriga. Birinchidan, mustaqillikka erishgan vaqtda aholining kapital bilan to'yinish darajasi juda past bo'lgan. Eng qizig'i, mustaqillikdan keyingi besh yilda aholi daromadlari kamayuvchi tendensiyani qayd etib, 1995 yilda aholi daromadlari 1991 yildagi darajadan ham pastroq bo'lgan. Tabiiyki, bu mamlakatning kapital bilan ta'minlanganlik darajasining ham pasayishiga olib kelgan. Shunday ekan, O'zbekistonning 90 yillardagi kapital bilan ta'minlanganlik darajasi kapital intensiv sohani rivojlantirishga mutlaqo imkon bermas edi. Ammo mavjud kapitalning (chet eldan kirib kelganlarining ham) katta qismi kapital intensiv sohalarga sarflangan (garchi sarflangan kapital o'sha sohalarni to'liq ta'minlash uchun yetmagan bo'lsada) va potensial rivojlanish imkoniyatiga ega bo'lgan ko'proq mehnat va past malaka talab qiluvchi sohalar ham rivojlanmasdan qolib ketgan (yoki yetarlicha rivojlanolmagan). Yuqorida ko'rib chiqqanimiz tabiiy sabab bilan bir qatorda orttirilgan sabab ham mavjud. Bu — ishlab chiqaruvchi zavodning hukumatga ta'siri kuchli ekanligi. Yillar davomida avtomobilsozlik sohasiga juda katta resurslar sarf qilindi. Bu esa, yillar davomida zavodning hukumatga ta'siri oshib borishiga olib keldi. Masalan, hukumat uchun zavodni 15 yil oldin butunlay yopib yuborish hozirgiga nisbatan ancha arzon tushar edi. Zavodning hukumatga ta'siri ham 15 yil oldin hozirgiga nisbatan ancha kuchsizroq bo'lgan. Sodda tushuntirilganda, zavod yopilishidan iqtisodiyot ko'radigan qisqa muddatli zarar yillar davomida oshib boradi, bu esa ishlab chiqaruvchining hukumatga ta'siri oshib borishiga sabab bo'ladi. Birgina yo'qotilishi mumkin bo'lgan ish o'rinlarining o'zi zavodning doimiy ravishda hukumatga ta'sir o'tkazib turishiga imkon beruvchi eng qulay richaglardan biridir. Yillar davomida yuqoridagi ikkita sabab qarama-qarshi natijalarga qarab intiladi. Kapitallashuv darajasi resurslar samarasiz ishlatilgan holatda ham oshib boradi. Ya'ni hatto resurslarni samarasiz sarf qilgan taqdirimizda ham, qachondir iqtisodiyotimiz avtomobilsozlikni rivojlantirish uchun kerak bo'lgan kapitallashuv darajasiga ega bo'lishi mumkin (tabiiyki, resurslarni samarali sarf qilgan holatda bu jarayon tezroq kechadi). Demak, qachondir O'zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirishga to'siq bo'layotgan tabiiy sabab yo'qoladi. Ammo orttirilgan sabab yillar davomida hukumatga o'z ta'sir kuchini oshirib boradi. Hamda zavod ixtiyorida mavjud bo'lgan imtiyozlarni saqlab qolish bilan birga, yangi imtiyozlarga ham egalik qilishga harakat qiladi. Ko'rib turganimizdek, avtomobilsozlik sohasidagi hozirgi og'ir ahvol mustaqillikning dastlabki yillarida qilingan xatolarning mevasi xolos. O'sha vaqtda ham, hozir ham yechim — savdoni erkinlashtirishda. Shakar zavodlari xususida yozilgan maqolamdagi hisob-kitoblarni avtomobilsozlik uchun ham bajarishimiz mumkin. Xulosa esa xuddi shakar zavodlari bilan bog'liq vaziyatdagidek — avtomobilsozlik ham har yili iqtisodiyotga juda katta miqdorda zarar keltirib ishlayotgan bo'lib chiqadi. Afsuski, bu holatda muntazam iste'molchilar zimmasiga yuklab kelinayotgan, kishi boshiga hisoblanganda hajman kichik bo'lib tuyuladigan zarar ko'zga ko'rinmaydi, lekin avtomobil zavodining yopilib ketishidan yo'qotilishi mumkin bo'lgan ish o'rinlari hammani tashvishga soladi. Iste'molchilar esa yildan-yilga kambag'allashib boraveradi. O'zbekistonning kapitallashuv darajasida avtomobilsozlik kabi sohalar judayam qimmatga tushadi. Ya'ni iste'molchilar hozirgi iste'molini kamaytirish evaziga kelajakdagi iste'molning oshishidan umid qilishadi, lekin o'sha kutilgan kelajak qachon kelishini hech kim bilmaydi. O'zbekiston misolida oradan 25 yil o'tganiga qaramasdan bu soha haligacha tashqi raqobatdan qattiq himoya qilinishga muhtoj. Qilinishi kutilayotgan o'zgarishlar amalda ichki bozordagi vaziyatga hech qanday ta'sir ko'rsatmaydi. Boshqacha aytganda, iste'molchilar avtomobilsozlikni subsidiyalashda davom etadi. Bu jarayon qachon tugashini hech kim bilmaydi (balki abadiy davom etar). Iste'molchilar esa buncha ko'p yashamasligi ham mumkin. Avtomobilsozlik ishga tushganda mehnat bozoriga kirib kelgan iste'molchilar hademay mehnat bozorini tark etishadi. Boshqacha aytganda, birgina mana shu zavodning va'da qilingan kelajagini kutib deyarli bir avlodning umri o'tdi. Nazarimda, bunday tendensiyaning davom etishiga boshqa yo'l qo'yib bo'lmaydi. Savdoni qanchalik tez erkinlashtirsak, bu qaror jamiyat uchun shunchalik erta foyda keltiradi. Balki xatolarni chinakamiga tan olish vaqti yetgandir. Axir odamlarni kambag'llashtiradigan qarorlarning umri — bir nechta avlodning kambag'allashishiga xizmat qilib kelmoqda. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo'nalishi magistranti.
columnist
Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti, «Gazeta.uz» kolumnisti Dilmurod Yusupov «Ochiqchasiga gaplashamiz» shousining nogironligi bor shaxslar haqidagi ko'rsatuviga munosabat bildirdi . Quyida uning fikrlarini juz'iy tahrir bilan e'tiboringizga havola etamiz. Bugun Amirxon Umarovning «Ochiqchasiga gaplashamiz» shousida «Cheklanmaganlar» haqidagi ko'rsatuvni tomosha qildim va afsuslandim. Boshida aytib o'taman, ko'rsatuvga taklif etilgan mehmonlarning ko'pini shaxsan taniyman va hurmat qilaman — ularga hech qanday e'tirozim yo'q. Ammo ushbu ko'rsatuvni tayyorlagan nogironligi bo'lmagan shaxslar uchun o'zimni xulosamni bermoqchi edim. Ko'rsatuvning maqsadini Amirxon boshida va oxirida o'zi aytib o'tdi. Har doimgidek nogironligi bo'lgan insonlar boshqalarda shukronalik hissini uyg'otish maqsadida vosita sifatida ishlatilgan. Boshqacha qilib aytganda, qattiq tushkunlikka (depressiyaga) tushib qolib, o'zi nima qilishni bilmayotgan inson «Cheklanmaganlarni» ko'rib, ilhomlanib o'rnidan turib harakat qilishga tushib ketishi kerak. Ya'ni nogironligi bor insonlar tushkunlikda o'tirganlar uchun na'muna yoki ibrat qilib ko'rsatilgan. Amirxon aytganidek: «Boshqalar o'z hayotini tahlil qilish uchun oyna» yoki «Ko'pchilikda motivatsiya tuyg'usini uyg'ota oladiganlar» . Bunday holatlarda ko'pincha «imkoniyati cheklangan bo'lsada» degan ibora ishlatiladi. Misol: Garchi ularga nisbatan «imkoniyati cheklangan» so'zi qo'llansada ular «cheksiz imkoniyatlar sohibi» yoki «cheklanmaganlar». Yoki «imkoniyati cheklangan bo'lsada maqsad va orzulari yo'lida to'xtamagan» . Nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan bunday yondashuv muammo aynan shaxsning o'zida va faqatgina uning harakatiga bog'liq degan tushunchani targ'ib qiladi. Ilmiy tilda bu nogironlikning individual modeli — ya'ni nogironlik bu shaxsiy tragediya va uni yengib o'tish faqat insonning o'z qo'lidaligi tushuniladi. Ammo, hattoki Toshkent shahrida binolar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarining 85 foizi nogironligi bor fuqarolar foydalanishi uchun moslashtirilmagan , jismoniy nogironligi bo'lgan bolalar sifatsiz uy ta'limini olishga majbur bo'lgan, mehnat bozorida nogironlik beligisi bo'yicha ish beruvchilar ochiqchasiga kamsitayotgan bir paytda «Hammasi o'z qo'lingizda!» deb murojaat qilish qanchalik to'g'ri deb bilasiz? Xuddi jamiyatimiz nogironligi bor insonlar uchun turli xil atrof-muhit va munosabatga bog'liq to'siqlarni qo'yib, ularni yengib o'tishlarini tomosha qilib o'tirganimizdek. Hech narsaga qaramay bu to'siqlarni yengib o'tganlarga «ofarin», to'siqlar tagida qolib ketganlar esa avtomatik tarzda «boqimandalarga» aylanadi. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi vakili Barno Yo'ldoshbekova amaldorlarimiz takror va takror ta'kidlab kelayotgan «xalqimizdagi avjiga olib borayotgan boqimandalik» haqida gapirdi. Biz qaysi me'zonlarga asoslanib insonlarni «boqimanda»ga chiqaramiz? Misol uchun, nogironlik nafaqasini oluvchisi bu «boqimandami»? Jamiyatimizning o'zi nogironligi bo'lgan shaxslarga barcha qatori sifatli ta'lim olishga va munosib mehnat qilishga imkoniyat yaratmasdan xayriya va turli xil bayramlar qilib ularni «boqimandalikka» chorlagan emasmi? Nega ko'rsatuvda jamiyatimizdagi muammolar haqida gapirilmadi? Yana bir muhim jihat, ko'rsatuvda malakali psixolog ishtirok etmasdan, juda nozik masalalar muhokama qilindi. Nogironlik holatini orttirish tufayli tushkunlik (depressiya) holatiga tushib qolgan insonlarga namuna sifatida yutuqlarga erishganlarni ko'rsatish foyda berishi isbotlanganmi? Yoki nogironligi bo'lmagan tomoshabinlarimiz ko'rsatuvimiz mehmonlarini ko'rib, huzr topishlari kutilganmi. «Qanday baxtli inson ekanman, menining qo'l-oyoqlarim but va ko'zlarim ko'radi, shunga shukr qilishim kerak emasmi?» degan shukronalik hissini uyg'otishimiz kerakmi? Bo'lmasam bir «yaxshi» taklifim bor! Alohida bir bog' tashkil qilaylik va u yerga turli xil nogironligi bo'lgan va yutuqlarga erishgan shaxslarni qo'yib, joylab, «yetti muchasi sog'» depressiyaga tushganlarni taklif qilib aylantiraylik. O'zi boshqa insonlarning nogironlik holatini ko'rib ilhomlanish qanchalik insoniylik fazilatlarimizga to'g'ri keladi? Nega aynan nogironlik holatidan kelib chiqib insonlar boshqalarga ilhom baxshida qilishlari mumkin? Taajjubga keltirgan yana bir narsa, bu Amirxonning ko'zi ojiz mehmonlarga bergan iltimosi: «Studiyamizni tasvirlab bering!». Nogironligi bo'lgan shaxslar cheksiz imkoniyat va qobiliyatlarga ega super qahramonlar emas, balki hammaga o'xshagan oddiy insonlardir. Oynani «menga u kerak, menga bu kerak, menga uni qilib bering» deydiganlar uchun emas, balki jamiyatimiz va amaldorlarimiz o'zlariga bir tutib ko'rishlari kerak. Muammo — noadekvat va haligacha barcha ehtiyojmand aholi qatlamlarini qamrab olmagan ijtimoiy himoya tizimimizda, inklyuziv ta'lim rivojlanmaganligida, ishga qabul qilish jarayonida nogironlik belgisi bo'yicha kamsitishda va umuman turli xil nogironligi bo'lgan fuqarolar uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmaganligida! Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
columnist
Avtomobilsozlik sohasiga oid so'nggi yangiliklar fonida ko'plab mutaxassislar (shu jumladan, men ham ) milliy avtomobil zavodimiz, aslida, yillar davomida iste'molchilarning kambag'allashishiga sabab bo'lib kelayotganligini, uning ishlab turishi iqtisodiyotga zarar keltirishini ta'kidlamoqda. Xo'sh, mutaxassislarning bunday xulosaga kelishiga sabab nima? Nima uchun ular zavodning ishlab turishi iqtisodiyotga zarar ekanligini ko'p bora ta'kidlashadi? Bu savolga javob topish uchun bizga avvalroq e'lon qilingan shakar zavodlari yoki avtosanoat to'g'risidagi maqolalarimizda ko'rib chiqqanimizdagi kabi, taxminiy hisob-kitoblar yordam beradi. Albatta, avtomobil va shakar — butunlay boshqa-boshqa toifadagi tovarlar. Masalan, shakarning iste'mol shakli uning turlariga ko'ra bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Lekin avtomobil bozoridagi vaziyat boshqacha — unda tovarning xilma-xilligi yuqori va ular turli ehtiyojlar uchun xizmat qilishi mumkin. Bunday xilma-xillik amalda zavodning keltirayotgan foydasi yoki zararini aniqlashni qiyinlashtiradi. Bu misolda o'quvchilarga tushunarliroq bo'lishi va hisob-kitobni osonlashtirish maqsadida soddaroq modeldan foydalanamiz. Albatta, quyida keltiriladigan hisob-kitoblar real hayotdagi vaziyatdan farq qilishi mumkin. Lekin mening nazarimda, bu taxminiy hisob-kitoblar zavodning iqtisodiyotga va jamiyatga keltirayotgan zararini pastroq ko'rsatsa-ko'rsatadiki, oshirib ko'rsatmaydi. Shuningdek, bu hisob-kitoblarning haqiqiy hayotdagi vaziyatdan farq qilishi uning ahamiyatini pasaytirmaydi. Bu hisob-kitoblardan asosiy maqsad — qaysidir sohaning himoya qilinishi jamiyatga qanchalik qimmatga tushishi mumkinligini ko'rsatish. O'ylaymanki, o'quvchilarga asosiy maqsadni yetkazib berishda shu kichik model kifoya qiladi. Yuqorida aytib o'tganimizdek, avtomobil bozori xilma-xil va unga turli omillar yoki o'zgaruvchilar ta'sir ko'rsatadi. Dastlab, hisob-kitoblarni soddalashtirish maqsadida ba'zi shartlarni kiritib olamiz: Bunday sharoitda chegaradagi bojlarning olib tashlanishi qanday natijalarga olib kelishini yuqoridagi grafik yordamida tahlil qilamiz. Birinchi navbatda, ichki bozordagi narxning pasayishidan iste'molchilar yutadi. Narxning 12 000 dollardan 8 000 dollargacha pasayishi yillik iste'molni 350 mingta avtomobilgacha oshiradi. Bunday o'zgarishdan iste'molchilarning ko'radigan foydasi yiliga 1,2 mlrd dollarni tashkil etadi, aniqrog'i iste'molchilar erkin savdoning sharofati bilan arzonlashgan narxlar hisobiga yiliga 1,2 mlrd dollar tejab qolishga erishadilar (grafikdagi a+b+c+d soha). Boshqacha aytganda, importga to'siqlar mavjud bo'lgan sharoitda milliy zavodimizning ishlab turishi iste'molchilarni yiliga aynan 1,2 mlrd dollarga kambag'allashtirgan. Albatta narxning bunday pasayishidan zarar ko'ruvchi tomonlar ham mavjud. Bu — mahalliy ishlab chiqaruvchimiz hamda davlat budjeti (bu yerda avtomobil importiga to'siqlarni butunlay bekor qilish haqida gap ketyapti). Bu vaziyatda mahalliy ishlab chiqaruvchimiz yillik ishlab chiqarish hajmini yo'qotishi natijasida 480 mln dollar zarar ko'rsa (grafikda «a» soha), davlat budjeti chegaraning to'laligacha ochib yuborilishi ortidan boj tushumlari ko'rinishida kelib turgan daromadidan mahrum bo'ladi. Boj tushumlarini grafikda «s» soha ifodalaydi va u 120 mln dollarni tashkil etadi (albatta real hayotdan farqli). Agar umumiy zararni hisoblab, uni iste'molchilar ko'rishi mumkin bo'lgan foydadan ayirsak (a+b+c+d-a-c=b+c soha), guvohi bo'lamizki, iqtisodiyotimiz umumiy hisobda 0,6 mlrd dollar foyda ko'radi. Yuqorida ta'kidlanganidek, real hayotda raqamlar bundan biroz farqli bo'lishi mumkin. Biroq ushbu soddagina model bizga haqiqiy vaziyat aslida qanaqa ekanligini yaxshiroq tushunishga yordam berdi, deb o'ylayman. Ya'ni chegaralarning import uchun yopiqligidan iste'molchilar ko'radigan zarar aynan shu siyosat natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko'radigan foydadan karrasiga ko'proq bo'ladi. Chegaradagi importga qo'yilgan mavjud to'siqlarni olib tashlash esa iste'molchilarning real daromadini oshirishi mumkin. Albatta, yuqoridagi misolda qo'llanilgan soddalashtirilgan model real hayotdagi ko'plab omillarni chetlab o'tadi (masalan, zavod hukumatdan oladigan imtiyozlar, resurslarning samarasiz sarflanishi oqibatida ko'riladigan potensial zarar va h.k.). Endi real voqelikka yaqin bo'lgan hayotiy misolni ko'rib chiqamiz. Bunda hisob-kitoblarni importga to'siqlar to'liq emas, balki qisman bekor qilingan sharoit uchun amalga oshiramiz. Faraz qilaylik, hukumat avtomobil importi uchun faqat boj to'lovi va qo'shilgan qiymat solig'ini (QQS) qoldirgan holda, boshqa barcha to'siqlarni olib tashladi. Xususan, endi import qilingan avtomobil uchun 10% boj to'lovi hamda 15% QQS to'lanadi, unda kelib chiqadiki, avtomobil importiga umumiy to'siqlar 25% ni (aniqroq aytganda 26,5%) tashkil etadi (hozir amaldagi to'lovlar jami summasidan taxminan 3−4 marta kamroq). Importga to'siqlar darajasining bunday keskin pasayishi ortidan milliy zavodimiz chet ellik ishlab chiqaruvchilarga ichki bozorni butunlay boy bersa (ya'ni faoliyatini to'xtatsa) va yengil avtomobillarning yillik iste'moli 350 mingtaga yetsa (albatta, iste'mol bu ko'rsatkichdan biroz kamroq yoki ko'proq shakllanishi ham mumkin), xo'sh bu qanday natijalarga olib keladi? Agar import qilinadigan yengil avtomobilning o'rtacha narxi taxminan 10 000 dollarni tashkil etsa, unda yangi rejimda 10% lik bojlarning umumiy tushumi 350 mln dollar yoki taxminan 3,7 trln so'mni tashkil etadi (0,1 10000 350000). 15% lik QQSning umumiy tushumi esa 577 mln dollar yoki taxminan 6,2 trln so'mni tashkil etadi (ma'lumot uchun, 15% lik QQS import avtomobilning 10% lik boj to'lovini hisobga olgan holda shakllangan qiymatiga ko'ra hisoblanadi, misolda bu qiymat 10000+1000=11000 ga teng, demak: 0,15 11000 350000). 2020 yilga oid statistik ma'lumotlarga ko'ra , zavod to'lagan soliqlarning jami miqdori 2 trln so'mni tashkil etgan. E'tibor qiladigan bo'lsak, importga bojlar pasaytirilgan holda, QQS dan olinadigan tushumlar zavod to'lagan soliqlardan 3,1 barobar ko'proq. Ya'ni agar hukumat yuqoridagi qarorni qabul qilsa, budjetga tushumlar kamaymaydi, balki qo'shimcha 3,6 trln so'mga oshishi mumkin (bojlardan olinadigan tushum orasidagi farq bilan esa bu miqdor yanada ortadi). Bundan tashqari, 2021 yilning olti oyida zavod olgan imtiyozlar hajmi 1,9 trlnni tashkil etgan . Ya'ni zavodning yarim yillikda olgan barcha imtiyozlari uning bir yilda to'lagan soliqlariga deyarli teng. Tabiiyki, bir yillik imtiyozlar umumiy hajmi hisoblansa, zavod budjetga to'laydigan soliq tushumlaridan ancha kattaroq miqdor kelib chiqadi (taxminan 1,5−2 barobar). Guvohi bo'lganimizdek, hatto hozirning o'zida ham zavod budjetga hech qanday foyda keltirmaydi. O'ylaymanki, 10% lik boj sharoitida budjet tushumlari ham hozirda import qilinayotgan avtomobillar hisobiga olinadigan tushumdan ancha ko'proq miqdorda shakllanadi. Chunki birinchidan , import hajmi keskin oshsa, ikkinchidan , hozirda ba'zi manfaatdor guruhlar, xususan, UzAuto Motors, turli imtiyozlar evaziga avtomobillarni bojsiz import qilmoqda. Boshqacha aytganda, avtomobil importiga qo'llaniladigan boj stavkalarini men taklif qilayotgan darajaga tushirilishidan davlat budjeti hech qanday yo'qotishga uchramaydi, balki budjet daromadlari sezilarli miqdorga oshishi mumkin. Kompaniya faoliyati bilan bog'liq boshqa ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi zavodlardan keladigan soliq tushumlari yo'qolishini hisobga olgan taqdirda ham, katta ehtimol bilan, budjet daromadlarida o'sish kuzatiladi. Aytgancha, bordi-yu zavod yopilib ketsa, o'n minglab ishchilarning taqdiri nima bo'ladi, dersiz. Ma'lumotlarga ko'ra, 2021 yilning birinchi yarim yilligida hukumat tomonidan zavodga jami 177,6 mln dollarlik imtiyozlar taqdim etilgan (bir yil uchun taxminan 350 mln dollar). Agar zavoddagi ishchilarning o'rtacha maoshi 300 dollarni tashkil etadi deb qaralsa, unda bir yil davomida zavoddagi barcha ishchilarga oyliklarini to'lab turish xarajatlari 36 mln dollarga tushadi. Bu hukumat zavodga taqdim qilayotgan imtiyozlardan taxminan 10 marta arzonroq. Boshqacha aytganda, agar zavod yopilib ketsa, hukumat ishchilarga yangi ishga joylashguncha bo'lgan muddatda oyliklarini to'liq to'lab turgan taqdirda ham, bu hukumatning zavodga berib kelayotgan yoki berishga tayyor bo'lgan imtiyozlaridan o'n marta arzonroq tushadi. Avtomobil importi uchun bojlar darajasini qisman saqlab qolishdan (jami to'siqlar taxminan 20−25% atrofida) nafaqat iste'molchilar katta foyda ko'radi, balki davlat budjeti daromadlarida ham sezilarli darajada o'sish kuzatiladi. Tabiiyki, mamlakatda umumiy farovonlik oshadi. Faqat bunday qarorni qabul qilish uchun kuchli iroda bo'lishining o'zi kifoya. Yuqorida guvohi bo'lganimizdek, importga to'siqlar darajasini qisman pasaytirish ichki bozorga sezilarli darajada ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Ichki bozordagi hozirgi holat esa nihoyatda og'ir. E'tiborli jihati shundaki, zavodning o'zi ichki bozordagi shundog'am og'ir bo'lib turgan holatni yanada og'irlashtirishga hissa qo'shmoqda. Xususan, bu jihat 2021 yildagi tendensiyalardan yaqqol ko'zga tashlanadi. 2021 yil ayrim sohalar uchun haqiqatda og'ir yil bo'ldi, avtomobilsozlik sohasi ham shular jumlasidan. Milliy avtomobil zavodimiz 2021 yilda iste'molchilarga avtomobil yetkazib berishda turli qiyinchiliklarga uchradi, yilning ikkinchi yarmiga kelib vaziyat yanada jiddiylashdi. Avvaliga, eng xaridorgir avtomobillarni yetkazib berish biroz muddat kechiktirilgan bo'lsa, keyinchalik umuman shartnoma qilish jarayonlari fevral oyigacha to'xtatib qo'yildi. Fevral oyida esa avtomobillarga shartnoma qilish yana noma'lum muddatgacha tiklanmasligi ma'lum bo'ldi . Milliy zavodimiz bu kabi holatlarning deyarli barchasida, bunday noqulaylikka global miqyosda yuzaga kelgan yarimo'tkazgichlar (chip) tanqisligini asosiy sabab qilib ko'rsatdi. Ishlab chiqarish hajmidagi o'zgarishlarga qaralsa, ko'rish mumkinki, 2021 yilda ishlab chiqarish hajmi haqiqatda sezilarli qisqargan. Xususan, 2021 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar soni o'tgan yilgi ko'rsatkichga nisbatan 25,5% ga pasaygan (Damas va Labo avtomobil rusumlarini hisobga olmaganda). Bir qarashda, zavod 2021 yilda chiplar tanqisligi muammosiga duch kelgan ekan, qaysidir ma'noda to'g'ri tushunish kerak, degan fikrga borish ham mumkin. Lekin 2021 yildagi yengil avtomobillar eksportiga oid raqamlarga yuzlansak, ko'rishimiz mumkinki, eksport hajmi sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2021 yilda yengil avtomobillar eksporti hajmi 2020 yilga nisbatan 56% ga oshgan. Endi o'ylab ko'ring, oldindan to'lov qilgan ichki iste'molchilarga chiplar yetishmovchiligini ro'kach qilib, «sizlar ozroq kutib turasizlarda endi», deb, ekportni keskin oshirayotgan zavodni qaysi asosga ko'ra iste'molchilarning kambag'allashib borishi evaziga himoya qilish kerak? Shu o'rinda yana bir faktga e'tiboringizni qaratmoqchiman. 2020 yilda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning (Damas va Labo`dan tashqari) 91,6% qismi ichki bozorga yo'naltirilgan bo'lsa, 2021 yilda bu ko'rsatkich 82,3% gacha tushgan. Muammo shundaki, ichki iste'molchilarda boshqa tanlov imkoniyatining o'zi mavjud emas . Bu esa ularning qancha kerak bo'lsa, shuncha kutishiga va zavod tomonidan qo'yilgan istalgan shartni qabul qilishiga sabab bo'layotgan asosiy omil hisoblanadi. Ichki bozor shunchalik qattiq himoya qilinganki, ishlab chiqaruvchi mamlakat ichidagi iste'molchilarini yo'qotib qo'yishdan mutlaqo xavotir olmaydi. Masalan, agar zavod 2021 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillarning hammasini ichki bozorga yo'naltirganda, iste'mol salkam 2020 yilgi darajaga yaqinlashgan bo'lar edi. Bu esa ichki bozordagi vaziyatni ancha yumshatishi mumkin edi. To'g'ri, ba'zi modellarga navbatlar va kutishlar saqlanib qolardi. Lekin ichki bozor ko'p jihatdan 2020 yildagi holatda shakllangan bo'lar edi. Albatta, qaysi zavod o'z mahsulotining qancha qismini eksport qilishi yoki umuman qilmasligi zavodning o'z ichki siyosati bo'lishi kerak. Lekin avtomobil zavodimizga ichki bozorni istalgan ko'yiga solishi mumkin bo'lgan richaglar taqdim qilingan ekan, bir tomonda iste'molchilar oylab kutishga majbur bo'layotgan ekan, bu zavodning eksport hajmini bitta avtomobilga oshirishi ham aslida qaysidir iste'molchining uzoqroq kutishiga teng. Shu sababli milliy zavodning eksport masalasi hech qanaqasiga zavodning ichki siyosati bo'lishi mumkin emas. Bu qarash, albatta, ikkinchi eng yaxshi tanlov imkoniyati bo'lishi mumkin. Birinchi eng yaxshi tanlov esa, shak-shubhasiz, savdoning erkinlashtirilishi (yuqoridagi misollar kabi). 2021 yilda (boshqa istalgan yil uchun ham) avtomobil eksportining keskin oshganligini hech qanaqasiga yutuq sifatida baholab bo'lmaydi. Eksport hajmining oshishi — ichki iste'molchilarning avtomobil yetkazib berilishini yanada uzoqroq kutishi va yanada ko'proq aziyat chekishi evaziga yuz bergan. Lekin bu zavod yoki qaror qabul qiluvchilarni aslo qiziqtirmaydi, chunki ular iste'molchilar qo'liga o'z avtomobillarining ertaroq yetib borganligi bilan emas, balki statistikaga ko'ra eksport hajmining qanchalik oshganligi va mamlakatga ko'proq «dollar» kirib kelayotganligi bilan maqtanishadi. Odamlarning busiz ham og'ir hayoti esa yanada og'irlashib boradi. Qaror qabul qiluvchilar, odatda, qaysidir sanoat sohasini kelajakdagi iste'molni oshirish maqsadida rivojlantirishga harakat qiladi (bu haqida oldingi maqolada ham yozgan edim ). Ya'ni mamlakatning hozirgi holatida bu kabi sohalar ishlab turishi juda qimmatga tushganligi sababli (agar foyda keltiradigan bo'lganida, xususiy investorlar allaqachon pul tikkan bo'lar edi) davlat iste'molchilarga hozirgi iste'molni kamaytirish evaziga kelajakdagi iste'moli ko'proq bo'lishini va'da qiladi. Oddiy avtosanoat misolida qaror qabul qiluvchilar qachondir uzoq kelajakda oshishi mumkin bo'lgan iste'mol uchun 25 yildan buyon iste'molchilarning joriy iste'moli kamayishiga olib keladigan qaror qabul qilib kelmoqda. Oradan 25 yil o'tsa hamki, qaror qabul qiluvchilar va'da qilgan kelajakdan darak yo'q. Yuqorida ko'rib chiqilgan misol va tahlillardan keyin, o'quvchilar zavodning ishlab turishi qanchalik zararli ekanligiga ishonch hosil qilishdi, deb o'ylayman. Unda nima uchun qaror qabul qiluvchilar zavodni himoya qilishdan to'xtashmayapti? Ular o'zlari haqiqatda zavodning rivojlanib ketishi kutilayotgan «kelajak» tez orada kelishiga ishonishadimi yoki bunday qarorlarga boshqa omillar ham ta'sir o'tkazmoqdami? Bu savolga javob berish uchun chegaraning avtomobil importiga ochib yuborilishi qanday natijalarga olib kelishini o'rganib chiqish kerak. Hozirgi vaqtda chegaraning ochib yuborilishi quyidagi bir nechta yirik o'zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Birinchidan , ishsizlikning ortishi . Chegaraning ochilishi sharoitida ishsizlikning ortishi hukumatni eng ko'p xavotirga soladigan muammo hisoblanadi. Chunki hozirgi kunda sohada to'g'ridan-to'g'ri taxminan 25 ming kishi faoliyat olib bormoqda. Chegaralarning ochib yuborilishi esa, shuncha ish o'rnini bevosita katta xavf ostida qoldiradi. Milliy ishlab chiqaruvchilarning yopilib ketishi esa, mamlakatda ishsizlik darajasining qisqa muddatda keskin ortib ketishiga olib kelishi mumkin (deb o'ylashadi). Ma'lumot uchun, amalda avtosanoatda band bo'lganlarning hammasi ishsiz bo'lgan taqdirda ham ishsizlik atigi 0,15% ga ortishi mumkin, xolos. Bundan tashqari, yuqoridagi misolda ko'rib chiqqanimizdek, agar hukumat zavodga taqdim qilayotgan (yoki shunga tayyor bo'lgan) imtiyozlarini berish o'rniga savdoni erkinlashtirgan sharoitda, zavodning yopilib ketishi natijasida ishini yo'qotgan ishchilarga oyligini to'lab turgan taqdirda hozirgi holatdan bir necha barobar arzonroq tushadi. Ikkinchidan, «domino effekti» . Ya'ni birgina avtomobillar uchun chegaraning ochilishi avtomobil ishlab chiqarish zavodlarining yopilish ehtimolini oshirishi bilan bir qatorda, ehtiyot qismlar ishlab chiqarish zavodlarining faoliyatini ham katta xavf ostida qoldiradi (shina, akkumulyator, oyna, motor va h.k. ishlab chiqaruvchi zavodlar). Chunki mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan ehtiyot qismlarning asosiy iste'molchisi mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Mahalliy avtomobil zavodlarining tashqi raqobatga dosh berolmasligi kundek ravshan bo'lib turgan bir sharoitda, importga to'siqlarni olib tashlash, avtomobil zavodlari faoliyati bilan bir qatorda, ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi zavodlarning faoliyatini ham katta so'roq ostida qoldiradi. Uchinchidan, tashqi savdo defitsitining ortishi . Importga qo'yiladigan to'siqlarning olib tashlanishi chet eldan olib kiriladigan arzon avtomobillar hajmini keskin oshiradi. Ichki iste'molchilar esa, mahalliy ishlab chiqaruvchi ishlab chiqargan avtomobilga nisbatan arzonroq import avtomobillarini iste'mol qila boshlaydi. Aytaylik, agar ichki bozorda iste'molchilar talabi to'liq import tovarlari hisobiga qondirilsa, bir yilda tashqi savdo defitsiti qo'shimcha 3−4 mlrd dollarga yoki YAIMga nisbatan taxminan 5−6% ga oshishi mumkin (yengil avtomobillar eksporti to'xtashi ham hisobga olinsa, defitsit biroz ko'proq oshadi). Bu esa, milliy valyuta kursiga jiddiy bosim o'tkazishi va uning oldingi yillarga nisbatan tezroq qadrsizlanishiga olib kelishi mumkin. Lekin bu argumentga qarshi argument sifatida ikkita omilni keltirish mumkin. Avvalo, milliy zavodimiz avtomobil ishlab chiqarish jarayonida ehtiyot qismlarning bir qismini chet eldan import qiladi. Aytaylik, o'rtacha bitta avtomobilning mahalliylashtirish darajasi 40% ni tashkil etsa, kelib chiqadiki, avtomobillarning 60% ehtiyot qismlari chet eldan import qilinadi. Ya'ni savdoning erkinlashtirilishining tashqi savdo defitsitiga ta'siri yuqorida keltirilgan raqamlardan ko'ra pastroq darajada bo'lishi mumkin, chunki avtomobillar ehtiyot qismlari hozirgi kunda ham import qilinmoqda. Bundan tashqari, hozirgi kunda mamlakatimizning valyuta siyosati «suzib yuruvchi» valyuta siyosati hisoblanadi, ya'ni Markaziy bank valyuta kursini nazorat qilmaydi . Bunday sharoitda defitsitning ortishi aslida muammo tug'dirmaydi. Chunki agar defitsit ortsa, bu milliy valyuta kursining pasayishiga (yoki milliy valyutaning qadrsizlanishiga) sabab bo'ladi, milliy valyuta kursining pasayishi esa o'z navbatida eksportga stimul beradi. Uzoqroq muddatda eksportning ortishi esa o'z navbatida valyuta kursining yana uzoq muddatli muvozanatiga qaytishiga olib keladi. To'rtinchidan , sohaga shu vaqtgacha juda katta resurslar sarflangan, maqsad esa uni rivojlantirish edi. Ammo oradan, mana, taxminan 25 yil o'tdi hamki, rivojlanib ketmadi. Shunga qaramay hozirgi kungacha sohaga juda katta hajmdagi resurslar jalb qilib bo'lindi. Chegaralarni importga ochib yuborishga oid qarorni qabul qilish esa, yuqorida aytganimdek, mazkur sohaning faoliyatini katta so'roq ostida qoldiradi va, katta ehtimol bilan, soha o'z faoliyatini to'xtatishiga olib kelishi mumkin. Bu esa hukumat vakillarini tashvishga soladi. Ya'ni shuncha vaqtdan buyon sarflanib kelingan resurslar pufakdek bir deganda yo'q bo'lib ketadigandek havotir uyg'otadi (aniqrog'i shunday bo'ladi). Lekin bir jihatni unutmasligimiz kerakki, agar hech bo'lmaganda bosqichma-bosqich erkinroq savdo rejimiga o'tib bormasak, bunday qisqa muddatli o'zgarishlar doimo bizni ta'qib qiladi. Eng yomoni esa, bunday qisqa muddatli zarar yillar o'tishi bilan yig'ilib, kattalashib boradi. Bu esa, o'z navbatida, savdoni erkinlashtirish borasida qaror qabul qilishni yanada qiyinlashtiradi. Savdoni, hech bo'lmaganida, bosqichma-bosqich erkinlashtirib borish to'g'ri qarorlardan bo'lar edi. Men yuqorida taklif qilgan avtomobil importiga umumiy to'siqlarni 25% ga tushirish qaror qabul qiluvchilar uchun qiyin tanlov bo'lsa, unda dastlab to'siqlar darajasini 30−35% ga tushirib, keyin 2−3 yil muddatda 25% gacha pasaytirish, undan keyingi 2−3 yilda esa 15−20% darajagacha tushirishni belgilab qo'yilishi mumkin. Bu, birinchidan, mahalliy zavodimiz o'z faoliyatini qayta isloh qilishi hamda chet eldan keladigan raqobatga tayyor bo'lishi uchun imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, iste'molchilarning yo'qotishlari ham kamayib borishiga olib keladi. Ya'ni qaror qabul qiluvchilarni erkin savdoga o'tish jarayonining keskin tarzda bo'lishi xavotirga solsa, unga bosqichma-bosqich o'tilishi, menimcha, qaror qabul qiluvchilar uchun ham nisbatan yengilroq qaror bo'ladi. Avtomobil uchun import bojlarining 15% ga pasaytirilishi hamda dvigatel hajmida olinadigan yig'imning 2023 yilda ikki barobar pasaytirilishi niyat qilinayotganligi bu borada qo'yilgan ilk qadam bo'lib xizmat qilishi kerak. Shu jumladan, tarif to'siqlardan tashqari notarif hamda yashirin to'siqlar hajmini pasaytirib borish ham (masalan, sertifikatlash rejimini bekor qilish) savdoni erkinlashtirish jarayoniga ijobiy ta'sir o'tkazadi. Savdoni erkinlashtirish qabul qilinishi mumkin bo'lgan eng optimal hamda to'g'ri qaror. Agar savdoni hech bo'lmaganda bosqichma-bosqich erkinlashtirib bormasak, unda bu vaziyatning yanada og'irlashib borishiga olib keladi. Bu borada 2021 yil iste'molchilar uchun oxirgi yillardagi eng og'ir davrlardan biri bo'ldi. 2021 yilda sodir bo'lgan bu kabi holatlarga bir jihatdan chiplar yetishmovchiligi sabab bo'lgan bo'lsa, boshqa tomondan zavodga taqdim qilingan richaglar uning iste'molchilarni yanada qattiqroq qiynashi uchun xizmat qilgan. Erkin savdo sharoitida esa, tabiiyki, milliy zavodimiz bunday qilishga jur'at qilolmasdi . Ya'ni zavod ichki bozordagi ulushini yo'qotib qo'yishdan xavotirga tushib, boshqacharoq qarorlar qabul qilgan bo'lar edi (masalan, eksportni to'xtatgan bo'lardi). Shuni ham e'tiborga olish kerakki, hozirgi sharoitda iste'molchilar avtomobilga oldindan shartnoma asosida to'lov qilgan holda, bir necha oylab kutishga majbur bo'lmoqda. Yillik inflatsiya darajasi 10% atrofida bo'lgan iqtisodiyotda katta miqdordagi pul bilan to'lov qilingan tovarning (avtomobil) iste'molchi qo'liga yetib kelgunicha oradan bir necha oy vaqt o'tishi — iste'molchilarning zarar ko'rishiga olib keladi. Ya'ni muqobil holatda iste'molchilar bu mablag'ni omonatga qo'ysa, ular o'z pulini yillik foiz stavkada taxminan 20% ga ko'paytirib olish imkoniyatiga ega bo'lar edi (real ko'rsatgichlarda yillik foyda 10% atrofida bo'ladi). Zavod esa iste'molchilar mablag'ini hozirning o'zida sarflaydi. Soddaroq aytganda, zavod bunday rejimdan foyda ko'radi, iste'molchilarning uzoq yillik mehnatlari evaziga erishilgan jamg'armalaridan «pul qiladi». Shu jihatdan ham zavod iste'molchilarning kambag'allashishiga o'z hissasini qo'shib kelmoqda. Qaror qabul qiluvchilarning erkin savdoga qarab intilmasligi zavodning yanada ko'proq imtiyozlar olishi, yanada ko'proq soliqlarni to'lamasligi kabi holatlarning ortib borishiga olib keladi. Iste'molchilar esa kambag'allashishda davom etadi. Qaror qabul qiluvchilar bunday tendensiyaning davom etishiga ortiq yo'l qo'ymasligi kerak. Axir mana 25 yildirki, va'da qilingan kelajak haligacha kelmadi. Balki endi faqat ishlab chiqaruvchi manfaatlarini emas, balki iste'molchilarning manfaatlarini himoya qiladigan qarorlar qabul qilishning vaqti kelgandir. Yuqorida aytib o'tilganidek, boj stavkalarining ikki barobar pasaytirilishi erkin savdoga qo'yilgan ilk qadam bo'lishi lozim. Buyog'iga esa savdoni erkinlashtirishni biroz tezlashtirish zarur, chunki bojlar ikki barobar pasaygan bo'lsada, bu ichki bozorda katta o'zgarishga sabab bo'lmaydi. Chunki bojlardan boshqa to'siqlar ham juda yuqori darajada (bu haqida oldingi maqolada yozgan edim). Agar amaldagi o'zgarishlar yana uzoq yillar shu yo'sinda saqlanib qolsa, ularni hech qanaqasiga ijobiy o'zgarish sifatida qabul qilib bo'lmaydi. Iste'molchilar esa yana va'da qilingan kelajakni kutib, uzoq yillar kambag'allashishda, kambag'allikni avloddan-avlodga meros qilib qoldirishda davom etadi. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo'nalishi magistranti.
columnist
Maqolaning to'liq versiyasi 26 fevral kuni «Gazeta.uz»da rus tilida e'lon qilingan . Quyida maqola tarjimasi. Iqtisodchilar: agar talab bo'lsa, taklif ham bo'ladi, deyishadi. Biroq Scopus , Web of Science yoki yuqori impakt faktorli (IF) jurnallarda maqola chop etish oson emas. Sababi — talablar va to'lovlar yuqori darajada. Bepul jurnallar bo'lgan taqdirda ham, retsenzentlar chig'irig'idan o'tish juda qiyin. Bu esa maqolalar bozorida o'ziga xos xizmatlarning paydo bo'lishiga olib keldi. Faqat to'lovini qilish kerak, xolos. Maqola standartlarga muvofiq tahrir qilinadi, havolalar apparati bilan ta'minlanadi, tarjima qilinadi. Ayrim xizmatlarda mavzuni berishning o'zi yetarli. Ammo maqola uchun to'lovdan tashqari, jurnalning o'ziga ham to'lashingiz kerak. Savol tug'iladi: qanday qilib kamroq to'lov bilan xalqaro jurnalda maqola e'lon qilish mumkin? Yechim ham topila qoldi: bozorda bu kabi jurnallarda maqolalarni chop etib berish xizmatlarini taklif qiladigan uddaburonlar paydo bo'ldi. O'zbekiston oltin koni bo'lib chiqishini ular xayoliga ham keltirishmagandi! O'zbekistonning minglab (!) olim va doktorantlari ko'zbo'yamachilik hisoblangan «Scopus jurnallari» yoki «yuqori impakt faktorli jurnallar»da maqola chiqarish jarayoniga jalb qilingan ekan. Bundan Oliy ta'lim vazirligi ham, Fanlar akademiyasi ham, Innovatsiyalar vazirligi ham, Oliy attestatsiya komissiyasi ham xabardor. Hatto O'zbekiston Respublikasining 2017−2021 yillarga mo'ljallangan fan va innovatsiyalar bo'yicha Milliy hisobotida (135-bet) «O'zbekiston olimlari maqola chop etadigan shubhali jurnallar» keltirilgan. Ular: Journal of Critical Reviews, Journal of Advanced Research in Dynamical and Control Systems, International Journal of Scientific and Technology Research, International Journal of Advanced Science and Technology, Indian Journal of Forensic Medicine and Toxicology. Ushbu jurnallarda o'zbek mualliflarining 1176 ta maqolasi e'lon qilingan va ularning barchasi 2020 yilda nohalolligi uchun Scopus bazasidan o'chirilgan. Firibgar jurnallar uch turga bo'linadi: 1) yirtqich (predatory); 2) yolg'on (fake) va 3) o'g'rilangan (hijaked). Yirtqich jurnallar 1−2 oy ichida nashr qilishni va'da beradi (ba'zan esa — 4 yoki 5 kunlarda); materiallar retsenziyalanmaydi. Maqolalar barcha fanlar bo'yicha va yomon tarjimada ham qabul qilinaveradi. Ushbu jurnallar ko'pincha o'zlarini xalqaro, Yevropa yoki Amerikaniki deb atashadi (bu atamalardan xo'rak sifatida foydalaniladi). Tahrir hay'ati a'zolari haqida batafsil ma'lumotlar berilmaydi. Nashr qilinayotgan materiallar ko'pincha jurnal nomiga mos kelmaydi . To'lov maqolani nashrga qabul qilish to'g'risida qaror qabul qilingandan so'ng darhol amalga oshirilishi kerak; to'lov miqdori past, bu mualliflarni ommaviy yollash imkonini beradi; foyda maqolalar sonining ko'pligi bilan shakllanadi. Jurnal hajmi qat'iy qilib belgilab qo'yilmagan. Jurnalning bir soni 3 ta, ikkinchisi esa 100 ta maqoladan iborat bo'lishi mumkin. Yirtqich jurnallar elektron pochta orqali yuboriladigan hamda jurnalning tahrir hay'ati tarkibiga kiritish yoki chop etish taklifi bo'lgan xatlardan foydalanadi. Bunday «shaxsiy» taklifnomalar ommaviy pochta jo'natmalaridir. Jurnalning impakt faktorini (reytingini) aniqlash uchun esa nohalol reyting tashkilotlari qo'llaniladi. Yolg'on jurnallar o'zlari ( Scopus va Web of Science ma'lumotlar bazalarida indekslangan), tahrir hay'ati a'zolari va impakt faktor haqida uydirma ma'lumotlarni taqdim etadi. Ko'pincha AQSh yoki Yevropada ro'yxatdan o'tilgani ko'rsatiladi, biroq amalda butun «mexanika» qaysidir bir Osiyo yoki Afrika mamlakatida amalga oshiriladi. O'zbekiston Milliy universitetining o'tgan yilgacha mavjud bo'lgan, O'zbekiston Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda chop etilgan «Markaziy Osiyo olami» jurnalini yolg'on jurnalga misol qilib keltirish mumkin. O'zMUning hozirgi saytida bu jurnal haqida hech qanday ma'lumot yo'q, lekin eski saytda: «Jurnal… Scopus, Web of Science markaziy kolleksiyalaridan birini tashkil etuvchi Emerging Sources Citation Index (ESCI) ma'lumotlar bazalariga kiritilgan hamda Web of Science platformasidagi Russian Science Citation Index (RSCI)da indekslanadi», — deyiladi . Bu — yolg'on. Jurnal ushbu ma'lumotlar bazalarining hech birida ro'yxatga olinmagan va hozir ham ularda mavjud emas. Butun 2019 yil davomida jurnalning atigi 2 ta soni, 2020 yil uchun esa 1 ta soni nashr etildi. Vaholanki saytda jurnalning bir yilda 4 marta nashr etilishi ko'rsatilgan. O'g'ri jurnallar (kloun jurnallar) — kiberfiribgarlik turi bo'lib, qaysidir bir taniqli nashrning nusxasi hisoblanadi. Ushbu nashrlar tezda ro'yxatga olinadi va butun boshli mijozlar aldangan bo'lib chiqqanida fosh bo'ladi. Maqolalar e'lon qilingani haqidagi rangli sertifikatlar yoki jurnalning tahrir hay'atiga a'zolik firibgar jurnallarning ko'rsatkichlaridan hisoblanadi. O'tgan yili doktorantim (PhD nomzodi) attestatsiyadan o'tayotganida undan nima uchun Scopus `da maqolalari yo'qligini so'rashdi. Uning Rossiya Fanlar akademiyasining «Antropologiya byulleteni»da maqolalari bor edi, biroq unga bular to'g'ri kelmasligi (?!), Scopus yoki 4 yo undan yuqori (!) impakt faktorli jurnalda maqolalar chiqarishi kerakligi aytilgan. Bu nima degan gap? «Antropologiya byulleteni» ilmiy hamjamiyatda obro'li jurnal hisoblanadi. Doktorant esa, to'g'ri, jurnal Web of Science platformasida RSCIda indekslanganini bilmas edi. Unga boshqa doktorantlarning barchasi Scopus jurnallarida yoki yuqori impakt faktorli jurnallarda maqolalar chop etishganini aytishgan. Va unga Hindistonda nashr etiladigan EPRA International Journal of Research & Development (IJRD) dan qog'oz nusxalar va sertifikatlar to'plami ko'rsatilgan. To'lov miqdori oz — 20 dan (mualliflar soni — 3 nafargacha) 70 dollargacha (mualliflar soni — 7 nafargacha; o'rtada bo'linsa, u har biriga 10 dollardan tushadi). Jurnal nomi shubhani keltirib chiqaradi: «Tadqiqotlar va Taraqqiyot». EPRA saytida IJRD impakt faktori (IF, mazkur jurnalda e'lon qilingan maqolaning iqtibos olinish ko'rsatkichi) 8,13 ekani ko'rsatilgan, ya'ni u dunyodagi eng yaxshi 5 foiz jurnallar safida! Jurnallarning xalqaro ma'lumotlar bazalarida o'rtacha retsenziyalangan IF ko'rsatkichi taxminan 1,5 ni tashkil qiladi. Tahlil shuni ko'rsatadiki, IF qiymati 0,01 dan 0,3 gacha bo'lgan jurnallar soni umumiy ilmiy jurnallar sonining 25 foizini tashkil etadi. Tabiiy fanlardagi aksariyat jurnallar (taxminan 50 foiz) uchun IF qiymatlari 0,3 dan 3,0 gacha. Jurnallarning 20 foizga yaqini 3,0 dan 7,0 gacha va faqat 5 foiz jurnallar juda yuqori IFga (7,0 dan yuqori) ega. Shu ma'noda, komissiya a'zolarining doktorantlardan IF ko'rsatkichi 4 va undan yuqori bo'lgan jurnallarda maqola chiqarishni talab qilishlari hayratlanarli. U holda birinchi razryadli sportchidan Olimpiya medallarini talab qilish ham mumkin ekan-da. Jurnal Scopus va Web of Science ro'yxatlarida mavjud emas. Bunday yuqori impakt faktorli jurnalning ma'lumotlar bazalarida mavjud emasligi qiziq. Jurnal sahifalari va umuman, jurnal kiritilgan EPRA Journals saytida uning impakt faktori nimagadir turlicha: Birinchidan , qanday qilib bitta saytning o'zida IJRD uchun turli xil IF qiymatlari berilishi mumkin? Ikkinchidan , 5,148 va 6,093, bu katta farqmi yoki kichik? Katta. IF qiymatlari mingdan bir ulushda berilishi tasodif emas. ISI`da qayta ishlangan 4623 ta jurnal uchun IF qiymati 2013 yilda 0,7 dan oshmadi va ushbu parametrning minimal qiymati 0,001ga teng bo'ldi. 4623 taga kiritilgan 119 ta rus jurnali uchun o'rtacha qiymat — 0,268 ga, sochib yuborilganda esa 2,862 dan 0,009 oralig'idani tashkil etdi. Uchinchidan, qanday qilib jurnal tashkil etilgan yili (2015) 3.395/3.476 IFga ega bo'ldi? 3−5 maqoladan iborat birinchi sonlar 2016 yilning bahorida nashr etilgan va jurnal allaqachon IFga ega, u shunchalik zo'rmi? Ko'p yillik tajribaga ega ko'plab jurnallarda ham bunday emas-ku. IF, bu — mazkur jurnalda, qoidaga ko'ra, oxirgi 3 yilda e'lon qilingan maqolalardan iqtibos olinish ko'rsatkichidir. Demak, jurnal hali chiqmasdan turib undan ko'p yillik jurnallarga qaraganda ko'proq iqtibos olingan ekan-da. To'rtinchidan, Nima uchun SJIF Impact Factor 2019 yilda unga 6,260, ISI I.F. Value esa xuddi shu yili — 1,241 IF bergan? Va qanday qilib mashhur bo'lmagan jurnal tashkil etilgandan bir necha yil ichida bunday sakrashni amalga oshira oldi — 8,047! ISI I.F.ga keladigan bo'lsak, ISI Institute for Scientific Information sifatida anchadan buyon mavjud emas, ISI Impact Factor (ISI merosxo'ri) orqali «EPRA International Journal of Research & Development» qidiruvga berilganda, «topilmadi» deya javob bermoqda. Umuman olganda esa, ISI qisqartmali har xil tashkilotlar yolg'on impakt faktorlar taqdim etadi. SJIF Impact Factor`ga keladigan bo'lsak, u ham firibgarlik bilan shug'ullanadigan tashkilotdir. Uning saytida quyidagilarni o'qish mumkin: SJIF bahosiga buyurtma ber va o'z jurnalingning xalqaro pozitsiyasini yaxshila. Bu yerda IF bahosi nazarda tutilmoqda. Va buning uchun bor-yo'g'i 50 dollar to'lash kerak. Mana sizga yuqori IJRD bahosi. www.editage.com platformasidagi olimlar forumida barcha ishtirokchilar SJIF Impact Factor qiymatlari ishonchli emasligini va o'z maqolalarini IF jurnaliga yuborgan ayrim olimlar ushbu qiymatlarning obro'si haqida bilganlaridan so'ng SJIF Impact Factor`dan IF olgan jurnallarga bergan maqolalarini qaytarib olmoqdalar. Men hindistonlik hamkasblarimga murojaat qildim. Ularning javobi: IJRD — firibgar jurnal bo'ldi. Hindistonda ta'limga mas'ul bo'lgan hamda mamlakatdagi ilmiy jurnallar ro'yxati chop etiladigan Inson resurslarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi University Grants Commission saytida bunday jurnal mavjud emas. U (EPRA guruhi jurnallari kabi) Kolorado universiteti professori Jeffri Billning mashhur yirtqich jurnallar ro'yxatiga kiritilgan va haligacha yirik ilmiy bazalar, jumladan Scopus va Web of Science tomonidan u yoki bu soxta ilmiy jurnalni o'z bazasidan chiqarib tashlash to'g'risidagi qarorni qabul qilishda ko'rib chiqiladi . Va Nashr etikasi qo'mitasiga ko'ra, EPRA jurnallari « sotiladigan » jurnallar sifatida tasniflanadi. Men hindistonlik hamkasblarimizdan yuqori IF haqida so'radim. Javob: u — o'ylab topilgan. Birinchi sonlar (2016 yil bahori) 3−5 ta maqoladan iborat bo'lib, bu ilmiy jurnal uchun yetarli emas, ammo yil oxiriga kelib ularning soni 20−22 tani tashkil etdi, bu esa allaqachon o'rtacha me'yordan oshib ketdi degani. Yangi, taniqli bo'lmagan jurnal har bir sonida 3 ta maqolani zo'rg'a to'playotgan edi va birdaniga maqolalar to'dalashib ketdi. 2019 yilda: bitta sonda 18 ta maqoladan 62 tagacha (!) oshdi. O'sha yili o'zbek mualliflarining ilk maqolalari paydo bo'ldi (bundan oldin asosiy mualliflar hindlar, pokistonliklar va afrikaliklar edi). Birinchi sonlarda ularning soni kam edi — 1 kishidan 3 kishigacha, dekabr sonida esa 31 nafar muallifdan 11 nafari (barcha mualliflarning 35 foizi) o'zbeklar bo'ldi. 2020 yilda bitta sonda mualliflarimiz soni 22 nafardan 136 nafargacha (!): 12-sonida: 59 ta maqoladan 23 tasi (38,9%), 11-sonida 136 tadan 42 tasi (30,8%).), 9-sonda 92 tadan 55 tasi (59,7%), 7-sonida 56 tadan 31 tasi (55,3%), 6-sonida 74 tadan 65 tasi (87,8%), 5-sonida 134 tadan 98 tasi (73, 1%), 4-sonida 92 tadan 51 tasi (55,4%), 3-sonida 169 tadan 136 tasi (80,4%), 2-sonida 107 tadan 87 tasi (81,3%).), 1-sonida 47 tadan 22 tasi (46,8%) O'zbekistondan bo'ldi. 80 foizdan ortig'i O'zbekistondan! Bu hind jurnalimi yoki o'zbek jurnalimi? Jurnal hajmi yoqimsiz darajagacha shishirilgan. Bitta sonda 169 ta maqola! Maqola uchun shuncha odam pul to'lamoqchi ekan, nima uchun bo'lmasin ekan? Ularning barchasi ham O'zbekistondan. Xuddi shunga o'xshash vaziyat EPRA Journals guruhining boshqa — International Journal of Multidisciplinary Research (IJMR) jurnalida ham kuzatilgan. Va yana, 2021 yilning iyun sonida e'lon qilingan 107 ta maqolaning 43 tasi, may oyidagi 127 ta maqolaning 77 tasi, aprel sonidagi 94 ta maqolaning 43 tasi va hokazo o'zbek olimlariga tegishli. IJRD va IJMR impakt-faktorlarini taqqoslaydigan bo'lsak, ularning bir xil ekanini aniqlaymiz: 2021 yil — 8,047, 2020 yil — 7,032, 2019 yil — 5,614, 2018 yil- 5,148, 2017 yil — 4,924, 2016 yil — 32,35. Ikkita boshqa-boshqa jurnallar 8 yil davomida bir xil IFga ega bo'lishi mumkinmi? Bu mo'jizaga o'xshaydi. Yoki ularni bitta odam o'ylab topgan. EPRA guruhining yana bir jurnali — International Journal of Economic Growth and Environmental Issues (IJEG&EI). Bunda ham xuddi shunday vaziyat: 2021 yilning fevral sonidagi 11 ta maqolaning 10 tasi O'zbekistondan! Dekabrda (2020 y.) — butun boshli son mualliflarimizning maqolalaridan tashkil topgan bo'lsa, noyabrda — 10 ta maqoladan 9 tasi O'zbekistondan. O'zbekistonlik mualliflar sharofati bilan EPRA Journals` ning pichog'i moy ustida. Ular SCIENCE OF WORLD ilmiy kanal ( https://t.me/scienceofworldgroup ), Web of Science ( https://t.me/bilim_tajriba ) Telegram kanallarida e'lonlar berishmoqda. Ushbu kanallar tashkilotchilari gap «axlat» jurnallar haqida ketayotganini bilisharmikan? Balki ularning firibgarlar bilan tili birdir? EPRA Journals guruhiga o'xshagan yana biri — Genius Journals Publishing Group (GJPG) — «genial (!) jurnallar nashriyot guruhidir»! Saytida nashriyotning Bryusselda (Belgiya) joylashgani aytiladi. Shu bilan nashriyot haqidagi ma'lumotlar tugaydi. Kompaniya tarixi haqida ham, uning boshqaruvi, xizmatlari, yangiliklari, kontaktlari va boshqalar haqida hech narsa yo'q, faqat chop etilgan 11 ta jurnalga havolalar bor, xolos. Barcha jurnallar 2021 yilning o'rtalaridan boshlab nashr etilmoqda. Ular: Birinchidan, jurnalning taqdim etilgan IFlari noto'g'ri. IFni hisoblash uch yillik davrga asoslanadi, bu jurnallar esa bir yildan kamroq vaqt davomida mavjud. Hatto ko'p yillik jurnallar bunday yuqori ko'rsatkichlarga ega emas. Ularga qaysi reyting tashkilotlari bergan? Ushbu ma'lumot saytda mavjud emas. Demak, ko'rsatilgan IFlar noto'g'ri. Ikkinchidan, barcha jurnallar bir xil elektron pochta manziliga ega. Qanday qilib bitta manzildan 11 ta jurnalning barcha mualliflari va retsenzentlari bilan oddiy yozishmalarni yuritish mumkin? Demak, maqolani yozishmalarsiz, takomilga yetkazmasdan va retsenziyalamasdan sahifalash uchun qabul qilinadi. Bu — «axlat» jurnal. Uchinchidan, jurnallarning manzili yo'q. Bitta «manzil» (barchasi uchun) ko'rsatilgan: Bryussel, 1040 (pochta indeksi), Yevropa kvartali, Schuman Roundabout (aylanma harakatli maydoncha). Manzil qani? Men Bryusseldagi do'stlarimga nashriyotni topishda yordam so'rab xat yozdim. Javob quyidagicha: «Bu manzil emas, uy raqami ko'rsatilmagan». To'rtinchidan, ayrim sonlarning mazmuni jurnal nomiga mos kelmaydi. Masalan, «Yevraziyskiy jurnal po SMI i kommunikatsii» («OAV va kommunikatsiyalar bo'yicha Yevroosiyo jurnali») jurnalining 2021 yil 1-sonida «O'zbekistonda gilamchilik sanoatini rivojlantirish maqsadlari va istiqbollari» va «O'zbekistonda o'smir yoshidagi qizlarda hayz oldi sindromining diagnostik mezonlari va davolashni optimallashtirish yo'llari» maqolalari chop etilgan. Bu mavzularning ommaviy axborot vositalariga qanday aloqasi bor? Ushbu jurnallar tahrir hay'atlari a'zolarining aksariyati o'zbekistonliklardir. Eurasian Journal of Media and Communications jurnalida esa tahrir hay'atining o'zi yo'q. Mualliflar ham asosan o'zimizning mamlakatimizdan. Eurasian Scientific Herald : 2021 yil 2-sonidagi 18 ta maqoladan -17 tasi O'zbekistondan va 1 tasi Nigeriyadan, 1-sonidagi 16 ta maqoladan 15 tasi O'zbekistondan va 1 tasi Iroqdan. Eurasian Research Bulletin : 2022 yil 4-sonidagi barcha 30 ta maqola O'zbekistondan. Mualliflarimizning sevimli yana bir jurnali, bu — European journal of modern of molecular & clinical medicine . E'lon qilingan profilga qaramay, jurnalda barcha mavzular — arxeologiya, filologiya, iqtisod, huquq va boshqalar bo'yicha maqolalar chop etiladi. Boshqacha qilib aytganda, yirtqich jurnal. Jurnal o'zini yevropalik deb da'vo qilmoqda. Tahrir hay'ati tarkibiga esa Bangladesh, Hindiston, Italiya, Pokiston, Portugaliya, Sudan, Tailand, Shri-Lanka (har bir davlatdan 1 kishi) va O'zbekistondan… 16 nafar vakil kiritilgan. Jurnal 2018−2020 yillarda Scopus ma'lumotlar bazalarida ro'yxatga olingan. 2 yil davomida jurnal aql bovar qilmaydigan miqdordagi maqolalarni nashr etdi. Faqatgina familiyasi «A» harfi bilan boshlangan mualliflar soni 1420 dan ortiq. Butun alifboni olsak-chi? Bu o'n minglab degani! Hech bir tahrir hay'ati bunchalik ko'p maqolalarni ko'rib chiqishga qodir emas. 47 foiz hind mualliflarining maqolalari edi. 2-o'rinda O'zbekiston mualliflari — 22 foiz (317 ta maqola), so'ngra Indoneziya, Iroq, Misr, Malayziya, Nigeriya, Bangladesh, Efiopiya, Liviya, Sudan, Shri-Lanka, Vetnam mualliflari. Nega jurnal o'zini yevropalik deb ataydi? 2021 yil mart oyidan boshlab Scopus jurnalni o'z ma'lumotlar bazasidan chiqarib yubordi. Keling, yana bir jurnalni olaylik — International Journal of Progressive Sciences and Technologies . Maqolalar 100 ga yaqin fanlar bo'yicha qabul qilinadi. Index Copernicus Value (Polsha) bo'yicha IF — 80,38 (!!!). Olimlarning ushbu indeksga nisbatan keskin tanqidiy munosabatini tushunish uchun bir necha daqiqa «gugling» qilish kifoya. Jurnal Ispaniyada nashr etiladi, ammo yetti muharrirdan olti nafari (!) O'zbekistondan. Qariyb har bir sonda O'zbekistondan mualliflar bor. Ammo AQShda bunday fokuslar o'tmaydiganga o'xshaydi. Las-Vegasda «nashr qilingan» American Journal of Social Science and Education Innovations jurnalini olaylik. Tahrir hay'atining 36 nafar a'zosidan 27 nafari O'zbekistondan. Redkollegiyaning bir a'zosi Efiopiya, bir nafari Tanzaniya, ikki nafari Nigeriya, bir nafari BAA va bir nafari Ruminiyadan. Oxirgi sonni olaylik. 17 ta maqoladan 15 tasi O'zbekiston, 1 tasi Nigeriya va 1 tasi Bangladeshdan. Oddiy Amerika jurnali! Varshavadagi Polish Science Journal jurnalini olaylik. Tahrir hay'atining 9 a'zosidan 8 nafari O'zbekistondan va 1 nafari Polshadan. Oxirgi sonida 91 ta maqola bor. Bir muallif Moldovadan, biri Qozog'istondan, qolgan 89 nafari esa faqat polshalik erkak va ayollar, faqat ism-shariflari va OTMlari o'zbeklarniki. Maqolalarning yarmi o'zbek tilida. O'zbekiston faylasuflarining yana bir sevimli «skopus» jurnali Philosophical Readings o'g'ri jurnallar toifasiga kiradi. Haqiqatdan ham 2015 yildan beri Scopus`da indekslangan Ispaniyaning hurmatga sazovor Philosophical Readings jurnali mavjud (IF 2020 yilda: CiteScore`dan — 0,1; SJR`dan — 0,100; SNIP`dan — 0,084; e'tibor qiling 6, 9 yoki 80 emas) va uning bizning faylasuflarimiz maqolalarini chop etadigan «qiyofadoshi» bor. Philosophical Readings jurnali tashkil etilganida philosophicalreadings.org domeni sotib olingan. Keyinroq https://virgo.unive.it/ojs2 saytida e'lon qilish boshlandi. Buni bilgan firibgarlar avvalgi domenni sotib olishdi va (skopusdagi) jurnal nomidan maqola e'lon qilish taklifini tarqatishga o'tishdi. Narx — 50 ta maqola uchun 50 dollar: ya'ni har bir maqola uchun bir dollardan. Yana bir jurnal — Theoretical and Applied Science . Jurnal saytida uning Fransiyada ro'yxatdan o'tgani va asoschisi Amerika tashkiloti ekani ko'rsatilgan. Aloqa qiluvchi shaxs — Viktoriya (?), telefon raqami Olmaota kodi bilan. Bosh muharrir Taraz shahridan. Pullar uning shaxsiy hisobiga yuboriladi. Jurnal o'z saytida 0,360 ( IF OAJI , AQSh ), 0,564 ( GIF , Avstraliya), 1,582 ( ISI , BAA) va… 9,035 ( IF ESJI , Qozog'iston) impakt faktorlarini sanab o'tadi. Bunga kim ham shubha qilardi. Tahrir hay'atining 37 nafar a'zosidan 16 nafari O'zbekistondan. 2021 yil 12-sonda — 157 ta maqoladan 138 tasi (!) O'zbekistondan. 11-sonida -147 ta maqolaning 127 tasi O'zbekistondan. 10-sonda — 111 tasi O'zbekistondan. Jurnal Fransiyada ro'yxatdan o'tgan, asoschisi AQShdan, aloqa vakili Olmaotadan, Tarazga pul jo'natish kerak, mualliflarning 90% dan ortig'i O'zbekistondan! Yana bir jurnal British View («Britancha nazar»). Tahrir hay'atining 26 a'zosidan 12 nafari O'zbekistondan. 2022 yildagi yangiroq sonini (vol. 7, N 1) olamiz. Ushbu sonda bor-yo'g'i 2 ta maqola chiqqan va ikkisi ham O'zbekistondan; 2021 yil N1, vol. 6, — 10 maqola, barchasi O'zbekistondan. Sof britancha nazar! Va bular mualliflarimiz maqolalarini e'lon qiladigan «reyting» jurnallarining bir qismi, xolos. Ko'rib chiqilgan barcha jurnallar yuqori impakt faktorlarni bermoqda, aslida esa ularning barcha yolg'on. Mana, Science Insight `ga ko'ra yolg'on IF beridagan tashkilotlar: Cite Factor, DOI Indexed Journals IF, Global IF, IndexCopernicus, Institute for Scientific Information (ISI), International Scientific Indexing (ISI), International Scientific Institute (ISI), Journal IF, Science IF, Universal IF. Va bunday tashkilotlar 30 taga yaqinroq. Attestatsiya vaqtida o'zining ilmiy ishi haqida ikki og'iz gapni ayta olmaydigan, lekin «yuqori» impakt faktorli jurnallarda maqolalari chiqqan odamlar mana shunday qilib attestatsiyadan o'tadilar, himoya qiladilar va ilmiy karera qiladilar. Bir necha yil oldin soxta jurnallarda maqolalar chiqarish bo'yicha yetakchilikni Qozog'iston egallab olgan edi. Hatto Qozog'iston — «yirtqich jurnallar»dagi maqolalar bo'yicha jahon yetakchisi degan maqola ham chop etilgan edi. 2013 yildan 2017 yilgacha Scopus `dan chiqarib yuborilgan jurnallarda chop etilgan 3295 ta maqola aniqlangan. Buning uchun 43 ta universitetdan 42 tasi fosh bo'lgan. Hatto Davlat boshqaruvi akademiyasida ham maqolalarning 65 foizi nohalol jurnallarda e'lon qilingan. Pavlodar pedagogika universitetida esa 89%. Bugun esa O'zbekiston birinchilikni o'z qo'liga oldi. Internetda O'zbekiston «axlat» jurnallarda e'lon qilingan maqolalar soni bo'yicha birinchi o'rinda turgani aks etgan jadval tarqalmoqda. 2021 yilda e'lon qilingan bir maqolada (B. Eshchanov va boshqalar) qayd etilishicha, O'zbekiston Scopus bazasidan chiqarib yuborilgan jurnallar mualliflari ro'yxatida yetakchilik qilmoqda. Mualliflar 2016 yildan 2019 yilgacha xorijda maqola e'lon qilgan o'zbek olimlari sonini hisoblab chiqdi. 2018 yilda o'zbekistonlik tadqiqotchilarning 90 foizi ishonchni qozonmagan xalqaro jurnallarda maqolalar chop etishgan: «100 ta maqoladan 98 tasi yirtqich jurnallarda chop etilgan». Firibgar jurnallarda maqolalar e'lon qilish mamlakat uchun nimani anglatadi? Bu O'zbekiston ilm-faniga bevosita zarar. Ilmiy ish bilan olimning e'tirofi o'rtasida hech qanday aloqa yo'q — na ma'naviy va na moddiy. Maqolalarni keraksiz jurnallarga topshirish kifoya (50 ta maqola uchun 50 dollar, eng yomoni, hammualliflikda birodariga o'nta) va hamma narsaga erishish mumkin — daraja, unvon, lavozim va nafaqalar. Qancha olimlarimiz firibgarlar tomonidan tashkil etilayotgan loxotrondan o'tishmoqda? Minglab. «Axlat» jurnallardagi maqolalarga turli ustamalar uchun qancha budjet mablag'lari sarflandi? Ushbu mablag'lar tadqiqotlar sifati va olimlarimizning obro'sini oshirishga emas, bunga zid narsalarga sarflandi. Davlat mablag'larining firibgar jurnallarda maqolalar chiqarilishini rag'batlantirishga sarflanayotgani nafaqat ilm-fanni yerga urish, balki ilmiy hamjamiyat vakillarining ma'naviy asoslariga bevosita putur yetkazish hamdir. Davlatimizning bundan xabari bormi? Ilm-fandagi bu kabi imitatsiyalar va ilmiy-pedagogik korpusning axloqiy eroziyasi oqibatlari haqida hisobot beradimi? Bugun butun dunyoda bunday jurnallarga qarshi kurash olib borilmoqda. 2016 yilda AQSh Federal Savdo Komissiyasi OMICS Publishing Group, iMedPub va Conference Series nashriyotlariga nisbatan «o'z nashrlarining mohiyatiga nisbatan … yolg'on ishlatganliklari va yuzlab dollardan minglab dollarlargacha bo'lgan nashr to'lovlarini yashirganliklari» uchun da'vo kiritdi. Scopus har yili o'z ma'lumotlar bazasidan faoliyatida firibgarlik belgilarini ko'rsatadigan jurnallarni chiqarib tashlaydi. Bugungi kunda ularning soni 300 dan oshdi. Nashr etikasi qo'mitasi talablariga javob bermaydigan sotilgan jurnallar ro'yxati chop etilmoqda. Rossiyada 2020 yilda Fanlar akademiyasi komissiyasi «Scopus va WoS`dagi xorijiy yirtqich jurnallar: tarjima plagiati va rossiyalik nohalol mualliflar» hisobotini nashr etdi. Unda ushbu mualliflar va ular ishlaydigan universitetlar ro'yxati keltirilgan. Xitoyda ham bunday jurnallarga qarshi kurash dasturi ishga tushirildi. Birinchi maqola aniqlanganidan so'ng muallif ogohlantirish oladi, ikkinchi maqoladan keyin esa tashkiliy xulosalar chiqariladi. Bunday nashrlarga ruxsat beruvchi universitetlarni moliyalashtirish qisqartiriladi. Qozog'istonda qozog'istonlik mualliflarning firibgar jurnallardagi ishtiroki haqida bir qancha oshkora maqolalar chop etilgan. Halol universitetlar ligasini yaratish g'oyasi ilgari surildi. O'zbekistonda ham bu kabi kurash olib borilyaptimi? Yo'q. Ilm-fan va oliy ta'lim sohasi mutasaddilarining javobgarlik choralari qanday? Muammo haqida bilib, unga ko'z yumgan holda firibgarlarning sheriklariga aylanmoqdalar-ku. O'zbek olimlarining soxta jurnallarda chop etilayotgan nashrlari oqimini to'xtatish uchun nima qilish kerak? Ilm-fanning qariyb qonuniy profanatsiyasidan qanday qutulish mumkin? Birinchidan, Bill ro'yxatini rasman tasdiqlash . Ikkinchidan, unga yangi jurnallarni qo'shish . Olimlarimizning oxirgi 5 yildagi maqolalari ko'rsatilgan hisobotlarini olib, ularni «axlat» jurnallarga aloqadorligini tekshirish va ular natijalari bo'yicha Bill ro'yxatini kengaytirish. Uchinchidan, O'zbekiston olimlarining firibgar jurnallardagi maqolalari munosabati bilan inventarizatsiyadan o'tkazish va ularning pozitsiyalarini qayta ko'rib chiqish. Bu kabi jurnallarning tahrir hay'atlariga a'zolikni ilmiy xizmat sifatida ko'rmaslik. Bu kabi jurnallar faoliyatidagi ishtirokni O'zbekiston olimlari obro'siga yetkaziladigan zarar sifatida ko'rish, bu kabi jurnallardagi faoliyat natijasida olinadigan daromadlarni esa firibgarlikning bir ko'rinishi sifatida baholash. Bu kabi jurnallardagi «maqolalar»ni ilmiy deb ko'rsatishni taqiqlash, OTMlar, ITIlar, FA, OO'MTV, OAK va Innovatsiyalar vazirligiga ushbu jurnallardagi maqolalarni hisobga olishni taqiqlash. To'rtinchidan, nashr etikasi qo'mitasi talablarini hisobga olgan holda ilmiy jurnallar kodeksini ishlab chiqish . Ilmiy jurnallar, jumladan, shtatlarni moliyalashtirishga majburiy ajratishni ko'zda tutish. Beshinchidan, dissertatsiyalar, attestatsiyalar, mukofotlar, ustamalar, imtiyozlar va boshqalarni taqdim etishda e'tiborga olinishi kerak bo'lgan xalqaro va milliy ma'lumotlar bazalarining kengaytirilgan ro'yxatini tuzish. Oltinchidan, monografiyalar (ayniqsa, fundamental, shuningdek, xorijda nashr etilgan), monografiyalardagi bo'limlar, broshyuralar va xalqaro konferensiyalardagi ma'ruzalarni yuqoridagi imtiyozlarni berishda hisobga olinadigan nashrlar ro'yxatiga kiritish. Yettinchidan, imtiyozlarni tayinlashda xalqaro grantlardagi ishtirok va g'alabalar, xorijiy (firibgarliksiz) jurnallar tahririyatlarida ishtirok etishni hisobga olish. Sakkizinchidan, mamlakat jurnallarini xalqaro va milliy ma'lumotlar bazalariga kirishga yo'naltirish. Ularning kiritilishlari uchun yo'l xaritasini ishlab chiqish va birgalikda monitoringini yuritish maqsadida ular bilan ishlash. To'qqizinchidan, MDH mamlakatlariga (SHHT) Yevroosiyo bibliografik va referativ ma'lumotlar bazasini yaratish bo'yicha tashabbus bilan chiqish. Uzbek Science Citation Index (UzSCI) yaratish va Web of Science ` ga Rossiya, Xitoy va Koreyada bo'lgani singari O'zbekistonning ham eng yaxshi jurnallarini joylashtiradigan platforma yaratish taklifini kiritish. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun Fanlar akademiyasi yoki Innovatsiya vazirligi huzurida ilmiy jurnallarni toifalar bo'yicha tegishli reytingi bilan sertifikatlash bo'yicha maxsus komissiya tuzish zarur. Aminmanki, bu tashabbuslarning barchasini amalga oshirish mumkin va ular ilm-fanimiz manfaatlariga xizmat qiladi, ilmiy izlanishlar sifati va mamlakatimiz olimlarining jahon ilmiy hamjamiyatidagi nufuzini oshiradi. Bu esa zaruriy shart bo'lib, usiz innovatsion jamiyat sari odimlab bo'lmaydi. Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. Valeriy Xan Hindiston, Qozog'iston, Rossiya, Turkiya, O'zbekiston va Janubiy Koreyada chop etilayotgan ilmiy jurnallar, jumladan BLA International Bibliography, EBSCO, Scopus va Web of Science platformasidagi RSCI bazalarida indekslanuvchi jurnallar tahrir hay'atlari a'zosi.
columnist
O'zbekiston prezidenti maslahatchisi o'rinbosari Galina Saidova iqtisodchilar Behzod Hoshimov, Botir Qobilov va Otabek Bakirovning Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi uning nutqi yuzasidan fikr-mulohazalari bildirilgan maqolaga munosabatini "Gazeta.uz"ga taqdim etdi. Behzod Hoshimov, xususan, Galina Saidova tomonidan savdoni liberallashtirish uchun tilga olingan risklar "sun'iy ravishda o'ylab topilgan qiyinchiliklar" ekanini yozgan . Maslahatchi o'rinbosari o'z materialini "Xalqaro investitsiya forumidagi nutq mazmuni haqidagi afsonalar va haqiqat" deb nomladi. "Gazeta.uz" kichik qisqartirishlar bilan maqolani e'lon qiladi. Eslatib o'tamiz, Galina Saidovaning nutqi ( video ) "Savdoni liberallashtirish va iqtisodiy integratsiya" deb nomlangan panel muhokamasida moderatorning savoliga javob bo'ldi. Savol shunday edi: "Biz [ushbu forumda] islohotlarning tez sur'atlari va savdoni tezroq erkinlashtirish zarurligi haqida eshitdik. Islohotlarning jadal sur'atlari qanday xavf-xatarlarga olib kelishi mumkin o'ylaysiz? Shu bilan birga so'ramoqchiman, agar islohotlar tezroq amalga oshirilmasa, u qanchaga tushadi?". Hurmatli tahririyat! Toshkent xalqaro investitsiya forumining panel sessiyalaridan biridagi nutqim nashringiz o'quvchilari va iqtisodchilari (tahririyat eslatmasi: ular nashrning iqtisodchisi emas, ularning fikrlari o'z bloglarida e'lon qilingan) orasida keng muhokamaga sabab bo'ldi, ehtimol bu moderator tomonidan berilgan savollarning dolzarbligi bilan bog'liqdir. Proteksionizmga qarshi kurash va tashqi savdoni liberallashtirish bozor iqtisodiyoti tamoyillaridan biridir. Uning ijobiy ta'siri makroiqtisodiyot bo'yicha har qanday darslikda batafsil yoritilgan va forumda ishtirok etgan professional auditoriya uchun takroriy tezislar sifatida qiziq bo'lishi qiyin. Biroq, hozirgi xalqaro tashqi savdo aloqalarini yuzaki tahlil qilish ham shuni ko'rsatadiki, darslikdagi normalar hech bir davlatda bevosita ishlamaydi: rivojlanganlarida ham, rivojlanayotganlarida ham. obyektiv va subyektiv sabablarga ko'ra yuzaga keladigan ko'plab qo'llaniladigan proteksionistik choralar va proteksionistik urushlar ularning manbalarini tushunish, ularni bartaraf etadigan yoki hech bo'lmaganda yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qo'llash uchun doimiy tahlilni, puxta o'ylangan va propagandaga asoslanmagan yondashuvni talab qiladi. Forumdagi taqdimotimning taqrizchilari, afsuski, muhokama davomida bevosita ishtirok etish va menga savol berish imkoniga ega bo'lmaganlar, nafaqat men bildirgan, balki ular tomonidan o'ylab topilgan g'oyalar bilan sirtdan "kurashish"ga qaror qilishdi. Bu yozishmalar muhokamasida ular yo aytganlarimni takrorlashdi yoki forumda og'zimdan chiqmagan narsani bevosita yoki bilvosita menga bog'lashgani juda g'alati. 1. "Behzod Hoshimov Galina Saidovaning so'zlaridan O'zbekiston tashqi savdosini liberallashtirish kelajakda rejalashtirilmagan degan xulosaga keldi". Bu xulosa mutlaqo haqiqatdan yiroq. Bu men aytgan bironta so'zdan kelib chiqmaydi. Aksincha, tashqi savdoni liberallashtirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlarning ijobiyligini, ijobiy deb ta'kidladim, uni liberallashtirish bo'yicha keyingi yillarda mamlakatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilgan eng muhim tizimli chora-tadbirlarni keltirdim, ularni olingan miqdor ko'rsatkichlari, mamlakat tashqi savdosi hajmining jadal o'sishi (1,7 barobar, jumladan, import — 2 barobar, eksport — 1,4), o'rtacha bojxona tariflari stavkasini 2 baravarga pasaytirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug'ullanuvchi xo'jalik yurituvchi subyektlarning ikki baravar ko'payishi bilan tasdiqladim. Forumdagi taqdimotimning keyingi tezislari hukumatga ushbu sohada boshlangan islohotlarni davom ettirish imkonini beruvchi chora-tadbirlarni belgilashga qaratilgan bo'lib, bu nutqni tinglagan yoki hech bo'lmaganda uning taqdimotini diqqat bilan o'qib chiqqanlarga to'liq tushunarli bo'ldi. 2. "Aytilgan "risklar" savdoni erkinlashtirmaslik uchun sun'iy o'ylab topilgan qiyinchiliklar. Ular mavjud emas", — deb yozdi Behzod Hoshimov. Birinchidan, moderator tomonidan liberalizatsiya risklari haqida savol berildi, menimcha, u "sun'iy" deb nazarda tutmadi. Va men javob berishim kerak edi. Ikkinchidan, balki bu savolni B.Hoshimovga berishsa, "ular yo'q", deb aytishi mumkin edi. Biroq, ko'pchilik dunyoning istalgan mamlakati uchun masala savdoni liberallashtirish riski yo'qligida emas, balki tovarlar va xizmatlarning davlatlar o'rtasida erkin harakatlanishiga to'sqinlik qilmaslik uchun ularni qanday qilib to'g'ri tushunish, baholash va neytrallashtirishda ekanligiga qo'shiladi. Liberallashtirish jarayonida hal etishimiz kerak bo'lgan muammo va vazifalar to'g'risida o'z fikr-mulohazalarimni panel ishtirokchilari bilan o'rtoqlashar ekanman, aynan shu pozitsiyaga amal qildim. Qolaversa, men bu muammolarni mamlakat qanday hal qilayotganini va hal etmoqchiligini aytdim. 3. "Ish o'rinlarini yaratishni risklardan biri deb aytish, albatta xato. Ish joylari yaratilishi, bu — erkin savdoga qarama-qarshi emas — aynan teskarisi" (B.Hoshimov). Mana bu yerga kelganda esa bahslashish mumkin. Va bu faqatgina mening hurmatli raqibim bilan shaxsiy tortishuvim emas. Bu muammo yangi emas va dunyoning deyarli barcha mamlakatlari uning yechimi ustida ishlamoqda: tashqi savdoni (birinchi navbatda import) erkinlashtirishni yangi mahalliy ishlab chiqarishni (birinchi bosqichda import bilan raqobat qilish qiyin bo'lgan) yaratish qiyinligi bilan qanday umumlashtirish kerak. Bahslashmayman, har xil yondashuvlar mavjud. Ushbu muammoning eng yomon yechimi importga qarshi qattiq proteksionistik choralar hisoblanadi. Darhaqiqat, bu yo'l boshi berk ko'chaga olib borishini nafaqat jahon, balki o'tgan yillardagi ichki amaliyot ham ko'rsatdi. Bu juda qisqa vaqt ichida ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Ammo ushbu hammaga ma'lum tezisni tushunish muammoni va uni to'g'ri hal qilish bo'yicha bizning vazifalarimizni olib tashlamaydi. Proteksionizm bu — yomon deb ko'p aytish mumkin (va men bu pozitsiyani baham ko'raman), lekin eng muhimi: "Buni hal qilish uchun ma'lum bir mamlakatda, rivojlanishning ma'lum bir bosqichida ushbu muammoni hal qilish uchun nima qilish kerak?". Agar biz yirik tadbirkorlar bilan emas, balki o'rta va kichik tadbirkorlar bilan gaplashadigan bo'lsak, ularning ko'pchiligi import tomonidan kuchli bosimni boshdan kechirmoqda, ayniqsa, ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarda bo'lmagan imtiyozlarga ega bo'lsalar. Bunday hollarda teng bo'lmagan raqobat sharoitlari yaratiladi. Va keyin mahalliy ishlab chiqaruvchilar hukumatdan import bo'yicha imtiyozlarni (yoki bojxona to'lovlarini kamaytirishni) bekor qilishni so'rashadi. Bu — kabinetdagi emas, balki haqiqiy, hayotiy muammo bo'lib, uni ma'lum bozor haqiqatlariga murojaat qilib, rad etib bo'lmaydi. Iste'molchilarning boshqa murojaatlari ham bor — ichki bozorda yetarli bo'lmagan hayotiy muhim tovarlar yoki monopolist ishlab chiqaruvchilarning tovarlari (masalan, avtomobillar) uchun bojxona to'lovlarini bekor qilish, chunki bu iste'molchilar manfaatlariga zarar yetkazadi. Bu fikrga qo'shilmaslik ham qiyin. Hukumat ushbu murojaatlarni sinchiklab ko'rib chiqadi va tegishli tizimli qarorlar qabul qiladi. Ammo bir-biriga qarama-qarshi bo'lgan murojaatlarning o'zi va ko'p sonli muammolar haqiqatdan ham muammolar mavjudligidan, jamiyatning turli guruhlari va butun mamlakatning obyektiv manfaatlarini e'tiborsiz qoldirib, buning iloji yo'qligidan dalolat beradi. Strategik nuqtai nazardan O'zbekistonning vazifasi ichki va tashqi bozorga chiqa oladigan, ichki va xorijiy iste'molchilarning ehtiyojlarini qondiradigan raqobatbardosh (narx va sifat jihatidan) ishlab chiqaruvchilarni yaratishdan iborat. Bunga esa savdoni liberallashtirishsiz erishib bo'lmaydi. Ammo to'g'ri strategiya ortida ushbu strategiyani amalga oshirishning samarali mexanizmlari va vositalari bo'lishi kerak. Xuddi shu vositalar haqida forumda muhokama qilingan. Bu, birinchi navbatda, eksport uchun arzon xomashyo sotish o'rniga mahalliy xomashyoni tayyor mahsulotgacha, shu jumladan eksportga qadar chuqur qayta ishlash strategiyasiga taalluqlidir. Bu bizning investorlarga, jumladan, xorijiy investorlarga signalimiz hisoblanadi: mamlakatimizga keling, bizda mineral va qishloq xo'jaligi xomashyosi bor, ularni chuqur qayta ishlashga sarmoyangizni foydali tarzda investitsiya qilishingiz mumkin. Masalan, paxtani eksport qilishdan bosh tortib, tayyor to'qimachilik mahsulotlari foydasiga eksport hajmini 3 barobarga oshirganimiz, o'n minglab ish o'rinlari yaratganimiz misol keltirildi. Mis, gaz, charm, ipak va boshqa turdagi xomashyoni qayta ishlashda ham shunday qilishimiz kerak. Bu bilan jiddiy iqtisodchi va amaliyotchilarning birortasi bahslashishi qiyin. 4. "Savdoni erkinlashtirmasligimiz O'zbekistonni xalqaro zanjirlarga kirishini va investitsiyalar jalb qilishini qiyinlashtiradi" (B.Xoshimov). Menimcha, bu to'g'ri tezis va shuning uchun men forumda aynan shu haqda gapirgan edim. Aniqrog'i, O'zbekiston tashqi savdoni erkinlashtirish va yangi ish o'rinlari yaratish muammosini hal qiluvchi vositalardan biri sifatida xalqaro zanjirlarga kirishi mumkin. Nahotki, hurmatli raqib nutqni shunchalik e'tiborsiz o'qiganki (tinglagan), buni sezmagan? 5. "Logistika qimmat bo'lgani uchun, savdoni buning ustiga yanada erksiz qilish — ikki karra mantiqsiz". To'g'ri! Ammo bu yerda raqibim yana o'zi o'ylab topgan, Saidova savdoni erkinlashtirmaslikni taklif qildi degan afsona bilan kurashmoqda. Mening biron gapimda ham, so'zimda ham bundan deyilmagan. Butun nutq savdoning yanada erkinligini ta'minlash mexanizmlarini topishga va uni liberallashtirish uchun obyektiv xatarlarni yengib o'tishga (qarshi emas) qaratilgan edi. Aytgancha, mahalliy va xorijiy investorlarni tashvishga solayotgan logistika muammolarini bartaraf etish uchun biz muqobil logistika koridorlarini doimiy ravishda izlash bo'yicha o'z oldimizga qo'ygan vazifalar, shuningdek, nisbatan qisqa logistika tarmog'i bilan mintaqaviy savdoni kengaytirish haqida gapirgan edik. 6. "Savdodagi negativ to'lov balansi — bu tabiiyki musbat investitsion balansning hosilasi". Bu iqtibosda keltirilgan iqtisodiy atamalarning noto'g'riligini aytolmayman — axir, bu ilmiy jurnal emas, publitsistik maqola. Aytmoqchimanki, bu yerda raqib yana tushunarsiz narsa bilan kurashmoqda, chunki men aynan shu haqda nutqimda gapirgan edim. Xususan, to'lov balansidagi salbiy tashqi savdo balansi O'zbekistonga jadal o'sib borayotgan xorijiy investitsiyalar oqimi va mehnat migrantlaridan pul tushumlari hisobidan qoplanadi. Shu bilan birga, men yechim vositalarini ham keltirdim, jumladan, arzon xomashyoni eksport qilish va qimmatroq tayyor mahsulotlarni import qilish strategiyasidan (kambag'al rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan qo'llaniladigan) nisbatan arzon import qilish (rivojlangan mamlakatlar tomonidan qo'llaniladigan) strategiyasiga bosqichma-bosqich o'tish — nisbatan arzon xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni import qilish va keyinchalik ularni mahalliy korxonalarda qayta ishlash va undan qimmatroq tayyor mahsulotlarni eksport qilish. Bu tashqi savdo balansining barqarorligiga xizmat qiladi. 7. "JSTga kirmasligimizga sabab qilib siyosatni ko'rsatish, haqiqatdan uzoqroq". Va yana yolg'on! Men JSTga kirishga qarshi bironta iqtibos aytmadim. Biz bu masalalar ustida jadal ishlayapmiz. Forumdagi muhokama biz bir vaqtning o'zida ham JST, ham YeOII bilan ishlashimiz kerakligi haqida bo'ldi. Bu esa obyektiv (hatto texnik jihatdan) ham global, ham mintaqaviy integratsiyani malakali amalga oshirishimiz uchun vakolatli organlarning nozik ishini talab qiladi. Bu masalalar bilan har kuni shug'ullanayotgan vazirlik va idoralarimiz mutaxassislari gap nima haqida ketayotganini yaxshi bilishadi. Va, albatta, mavjud muammolarni qanchalik tez hal qilsak, mamlakat tashqi savdosini liberallashtirish uchun shunchalik yaxshi bo'ladi. Men yana ikki raqibim Botir Qobilovning "kommunistik partiya kassetasi", shuningdek, Otabek Bakirovning "sobiq gosplanchilarning dunyoqarashi to'g'risidagi" gaplar bilan tashlanishlariga, masalani propagandistik tarzda emas, balki mazmunli muhokama qilishga urinish ham yo'qligi sababli javob berishni o'zim uchun jiddiy deb hisoblamayman. Men bu mutaxassislar bilan hech qachon uchrashmaganman, lekin ular bilan O'zbekiston iqtisodiyotini mohiyatan rivojlantirishning har qanday masalalarini shaxsan muhokama qilishga tayyorman.
columnist
2021 yilning oktabr oyida ayrim tovarlar importi hamda realizatsiyasi prezident qaroriga muvofiq QQSdan ozod qilindi . Qarorda dastlab soliq imtiyozining amal qilish muddati 10 oktabrdan 31 dekabrgacha deb belgilangan edi, fevral oyida esa Senat mazkur tartibni joriy yilning 30 apreligacha qadar uzaytirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi . Demak, qarorning kuchga kirganiga to'rt oy bo'ldi. Xo'sh, mazkur qaror ichki bozordagi vaziyatga qanday ta'sir ko'rsatdi? Go'sht mahsulotlari realizatsiyasi hamda importining 15% lik soliqdan ozod qilinishi oxirgi to'rt oyda bozorda go'sht narxining bir maromda pasayib borishiga olib keldi. Imtiyozli davr boshlangandan buyon go'sht narxi umumiy hisobda qariyb 1% ga (aniqroq aytganda — 0,8%) arzonlashganligini ko'rish mumkin. Bir qarashda bu juda ham kichik raqam. Ya'ni berilgan imtiyozlarning hajmi nuqtai nazaridan olib qaralganda, go'sht narxida unchalik katta o'zgarish kuzatilmagan. Umuman olganda, 15% lik imtiyozning berilishi ortidan bozordagi narxning xuddi shuncha miqdorga pasayishini kutish bir nechta sabablarga ko'ra xato. Birinchidan , go'sht mahsulotlarining taklifi qisqa muddatli davrda nisbatan o'zgarmas (noelastik), ya'ni go'sht yetishtirish jarayoni — tirik hayvonning tug'ilishidan to tayyor go'sht holida bozorga kirib borgunicha bo'lgan jarayon ma'lum vaqt talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, soliq imtiyozlari qisqa muddatda ishlab chiqarish hajmida deyarli aks etmaydi. Bu esa talab hajmi deyarli o'zgarmagan holatda narxning, albatta, oldingi narxga (eski muvozanat nuqtaga) intilishiga sabab bo'ladi. Ikkinchidan , berilgan soliq imtiyozlari iqtisodiy subyektlarning kutilmalariga katta ta'sir o'tkazmaydi, ya'ni qisqa muddatga berilgan soliq imtiyozi kelajakdagi kutilmalarni deyarli o'zgartirmagan va aynan shu jihat ham narxning pasayishiga to'sqinlik qilmoqda. Qolaversa, ishlab chiqaruvchilarga 15% lik imtiyoz taqdim etilishi ortidan ichki bozordagi narx, aytaylik, bor-yo'g'i 1% ga pasayar ekan, u holda bu imtiyozdan, katta ehtimol bilan, iste'molchilarga nisbatan ishlab chiqaruvchilar ko'proq manfaat ko'radilar. Umuman olganda, go'sht mahsulotlarini ishlab chiqarish va import qilishning vaqtincha soliqdan ozod qilinishi qisqa muddatda ichki bozorga asosan to'g'ridan-to'g'ri import qilinayotgan tayyor go'sht mahsulotlari narxining pasayishi orqali ta'sir qilishi mumkin. Ya'ni qisqa muddatli imtiyoz aynan shu davrda ichki bozorda sezilarli o'zgarishlarga sabab bo'lmaydi (tirik hayvonlarning QQSsiz olib kirilishi esa nisbatan kechroq ta'sir ko'rsatadi, hech bo'lmaganda narxning kutilganidan pastroq o'sishi shaklida). Import qilinayotgan tayyor go'sht mahsulotlari ichki bozorda narxning shakllanishiga o'z ta'sirini o'tkazishi mumkin, ammo shunisi e'tiborliki, 2021 yilning to'qqiz oyi mobaynida import qilingan go'sht mahsulotlari mamlakatimizdagi jami iste'molning atigi 1% ini tashkil etgan xolos. Ya'ni import qilinayotgan go'shtning ichki bozorga amalda 15% arzonroq kirib kelishi narxga deyarli ta'sir qilmaydi (taxminan 0,15% ga o'zgartirishi mumkin). Biroq berilgan imtiyozlar go'sht importi hajmining oshishiga olib kelishi ehtimoli mavjud. Masalan, 2022 yilning yanvar oyida umumiy qiymati 9,3 mln dollarga teng bo'lgan yirik shoxli qoramol go'shti import qilingan va o'tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 55% ga oshgan. Ya'ni import qilinayotgan go'sht mahsulotlarining narxida o'zgarish bo'lmagan deb faraz qilinsa, unda ko'rishimiz mumkinki, go'sht importi hajmida sezilarli o'sish bo'lgan. Tabiiyki, ichki iste'molda go'sht mahsulotlarining ulushi ham oshgan. Import qilinayotgan go'sht mahsulotlari hajmining keskin oshishi ichki ishlab chiqaruvchilarning go'sht ishlab chiqarish jarayoniga katta ta'sir o'tkazmaydi (chunki ulushi juda kichik). Albatta, tirik hayvonlarning olib kirilishi ortidan mahalliy go'sht yetishtiruvchilar zarar ko'rishi mumkin, lekin tirik hayvonlar importining tayyor go'sht importidan asosiy farqi shundaki, tirik hayvonlar import qilingan zahoti tayyor go'sht shaklida bozorga kirib bormaydi. Ya'ni tirik hayvonlarning bozorga kirib borishi nisbatan uzoqroq muddatni talab qiladi hamda uning ichki bozorga ta'siri imtiyozli davr tugagandan keyin ham bir necha oy davomida saqlanib qolishi mumkin. Demak, tirik hayvonlar importining ichki bozorga ta'siri keskin bo'lmasa-da, uzoq muddat davomida saqlanib qoladi. Go'sht mahsulotlari narxining oxirgi to'rt oydagi dinamikasi bilan bog'liq yana bir e'tiborga molik jihat shundan iboratki, imtiyozli davr amal qilishni boshlagandan to bugungi kungacha go'sht mahsulotlari narxining pasayishi tezlashib borgan. Masalan, noyabr oyida narxlar 0,3% ga o'sgan bo'lsa, dekabr oyida noyabrdagiga nisbatan 0,2% ga arzonlashgan , yanvar oyida esa narx pasayishi 0,4% ni tashkil etgan hamda fevral oyiga kelib narxning pasayish sur'ati 0,5% gacha yetgan . Bu tendensiyadan xulosa qilish mumkinki, imtiyozli davr o'z nihoyasiga yetgunicha go'sht mahsulotlari narxining pasayishi yanada tezlashishi mumkin. Manba: Davlat Statistika qo'mitasi. Yana bir muhim jihati shundaki, go'sht mahsulotlari importi va realizatsiyasi QQSdan ozod qilinguncha bo'lgan davrda narx o'sishi birmuncha yuqori darajada bo'lgan. Masalan, iyul-oktabr oylari davomida yuqori sur'atda narx o'sishi kuzatilib, narxlar har oyda 1% dan yuqoriroq darajada o'sib borgan va ba'zi oylarda oylik o'sish sur'ati hatto 2% dan ham oshgan. Birgina iyul-oktabr oylarining o'zida (to'rt oy mobaynida) go'sht mahsulotlarining narxi 7,7% ga oshgan. Keyingi to'rt oy, ya'ni imtiyozli davrda narxlarning hatto pasayganligiga guvoh bo'lishimiz mumkin. Shu nuqtai nazardan, go'sht mahsulotlari importi hamda realizatsiyasining QQSdan ozod qilinishi ichki bozorga ijobiy ta'sir ko'rsatgan, deb hisoblashimiz mumkin. Imtiyozlar ko'lami bilan taqqoslasa, narx pasayishi sur'ati u qadar yuqori bo'lmagan bo'lishi mumkin, lekin imtiyoz berilishidan oldingi narx o'sishini inobatga olsak, berilgan soliq imtiyozlari narx o'sishining sekinlashishida juda muhim rol o'ynagan va hatto narxning pasayishiga ham olib kelgan. E'tiborlisi shundaki, imtiyozli davrda go'sht narxining arzonlashishida ichki bozordagi o'zgarishlar emas, balki import hajmining ko'payishi eng asosiy rolni o'ynagan. Shu jihatdan bu davrni soliq imtiyozlarining narxga ijobiy ta'siri deb emas, balki savdo erkinlashtirilishining ichki bozorga ijobiy ta'siri, deb atash to'g'riroq bo'lsa kerak. Go'sht mahsulotlari bilan bir qatorda kartoshka importi va realizatsiyasi ham QQSdan ozod qilingan edi. Xo'sh, bu qaror kartoshka narxida qanday o'zgarishlarga olib keldi? Grafik: Davlat Statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan ishlangan. Yuqoridagi grafikda may-fevral oylarida kartoshka narxining o'zgarishi dinamikasi tasvirlangan. QQSdan ozod qilish bo'yicha qaror noyabr oyidan kuchga kirganligini hisobga olsak (qarorda mazkur tartib 10 oktabrdan amal qilishi belgilab qo'yilgan edi, lekin qarorning o'zi 26 oktabrda qabul qilingan, shu nuqtai nazardan, qarorning ta'siri noyabr oyidan boshlab sezilgan, deb qarash maqsadga muvofiq), grafikdan ko'rinib turibdiki, imtiyoz amal qilishni boshlagan davrida kartoshka narxining o'sishi sezilarli darajada sekinlashgan hamda fevral oyiga kelib hatto biroz arzonlashgan. 2021 yilda kartoshka narxi oldingi yillar bilan taqqoslaganda sezilarli darajada tez o'sayotgan edi. Masalan, sentabr oyida kartoshka narxi avgustdagiga nisbatan 7,8% ga qimmatlagan . 2020 yil sentabr oyida esa kartoshka narxi oldingi oyga nisbatan o'zgarmagan edi . Grafikdan ham ko'rish mumkinki, 2021 yilning avgust-noyabr oylaridagi narx o'sishi sur'ati 2020 yilning mos davri bilan taqqoslaganda sezilarli darajada yuqori bo'lgan. Lekin 2021 yil dekabr va 2022 yil yanvar-fevral oylarida narx o'zgarishi avvalgi yillarning mos davriga nisbatan pastroq bo'lgan. Bir so'z bilan aytganda, noyabr oyidan amal qilishni boshlagan imtiyozlar kartoshkaning bozordagi narxi o'zgarishiga sezilarli darajada ta'sir o'tkazgan. 2021 yilning yig'im-terim mavsumi tugashi va undan keyingi oylarda kartoshkaning narxi oldingi yil bilan taqqoslaganda yuqori sur'atda o'sayotgan edi. oktabr oyida joriy qilingan imtiyozli davrdan keyin esa narx o'sishi nisbatan sekinlashgan. Guvohi bo'lganimizdek, kartoshka narxida, go'sht mahsulotlaridan farqli o'laroq, pasayish kuzatilmagan bo'lsa-da (fevralni hisobga olmaganda), narx o'sishining keskin sekinlashuvi hamda hatto 2020 yilgi darajadan ham pastroq shakllanishini qarorning ijobiy natija berganligini ko'rsatadi. Ta'kidlash joizki, kartoshka narxi o'sishining sekinlashuviga eng asosiy ta'sir ko'rsatgan omil import hajmining ortishi hisoblanadi. Xuddi go'sht mahsulotlari bilan bo'lgani kabi, kartoshka importi ham soliqdan ozod qilinganligi import hajmining oshishiga olib kelgan. Masalan, 2022 yil yanvar oyining o'zida umumiy qiymati 7,8 mln dollarga teng kartoshka import qilingan , bu 2021 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,2 barobar ko'p. Noyabr-dekabr oylarida ham importning ortishi ichki bozordagi narxning o'zgarishida muhim ahamiyat kasb etgani shubhasiz. Chunki oktabr oyida qabul qilingan qaror ichki ishlab chiqarish darajasiga o'sha vaqtda ta'sir o'tkazmagan, ichki bozorga ta'sir qilishi mumkin bo'lgan asosiy omil esa aynan import hajmining o'zgarishidir. Ya'ni import qilishning arzonroq bo'lib qolishi importyorlar uchun ichki bozorga ko'proq kartoshka olib kirishga rag'bat yaratadi. Bu esa import hajmining oshishiga olib keladi. Import hajmining ortishi esa ichki bozordagi narx o'sishiga salbiy bosim berishi turgan gap. Yuqorida aytib o'tilganidek, ba'zi tovarlar importi va realizatsiyasining qisqa muddat QQSdan ozod qilinishi ichki bozordagi narxga asosan import hajminining sezilarli darajada ortishi hisobiga ta'sir qilgan. Ya'ni qisqa muddatga berilgan imtiyozlar ichki ishlab chiqarishga katta ta'sir o'tkazmagan. Import hajmi esa qaror kuchga kirgan kundan oshishni boshlagan va ichki bozordagi narxga o'z ta'sirini o'tkazgan. Qaysidir ma'noda, qaror qabul qilingan davrdan hozirgi kungacha bo'lgan davrni savdo erkinlashishining ichki bozordagi narxga ta'siri deb atash mumkin. Go'sht yoki kartoshka importining xarajatlarining nisbatan arzonlashishi ichki bozordagi narxga ta'sir ko'rsatganligi o'tgan yilda kuzatilgan yagona holat emas. Masalan, sitrus mevalar importiga bo'lgan to'siqlarning olib tashlanishi ichki bozorda ularning narxi sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Birgina banan misolida qaralsa, o'ylaymanki, bozorlarda banan narxining sezilarli darajada pasayganligini o'quvchilar ham sezgan. Go'sht, kartoshka, yoki sitrus mevalardan tashqari import to'siqlari yuqori darajada bo'lgan minglab tovarlar bor. Aynan yuqoridagi misollarda importning qisqa muddat bo'lsa-da erkinlashtirilishi ichki bozorda qanday ijobiy natijalarga olib kelganligidan xulosa chiqargan holda, qolgan minglab tovarlar uchun import bojlari yoki umuman boshqa import to'siqlarini yengillashtirish yoki umuman olib tashlash iste'molchilar uchun qanchalik darajada naf keltirishini tasavvur qilib ko'ring. Ya'ni importning erkinlashtirilishidan iste'molchilar faqat va faqat yutadi. Guvohi bo'lganimizdek, bu fikr yuqoridagi misollarda ham o'z tasdig'ini topdi. Agar kimningdir yodidan ko'tarilgan bo'lsa, yana bir bor eslatib o'taman: ichki bozorda kartoshka yoki go'sht mahsulotlari narxining arzonlashishiga yoki narx o'sishining sekinlashishiga asosiy sabab — bu import qilish xarajatlarining arzonlashganligi. Nima uchun boshqa tovarlar importini erkinlashtirib, iste'molchilarni boyroq qilish mumkin emas? Albatta mumkin. Buni amalga oshirish uchun kuchli iroda bo'lishining o'zi kifoya. Mirkomil Xolboyev — iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo'nalishi magistranti.
columnist